Safar BARNOYEV
CHIROYLI SALOM
(Hikoya)
Nigina bugun negadir kechroq uyg`ondi.
— Iye,— dedi Xurshid buva dasturxon atrofidagilarga qarab, tinchlikmi?
Malika xola mehr bilan qizini erkaladi:
— Buvasi, Niginangiz allamahalgacha o`ynab o`tirdi. Charchagan-da.
— Erta turishning xosiyati katta— deya gap boshladi buva.
—Ko`p uxlagan bola lanj bo`lib uyg`onadi.
Barvaqt tursa, katta-kichikning qanday o`tirishini, dasturxonni qanday tuzashni, choy quyish, uzatishni o`rganadi. Qiz bola bularga kichikligidan e`tibor berib borgani ma`qul.
Xurshid buva piyoladagi choyni xo`plab, o`rnidan turmoqchi bo`lgan edi, qo`shni xonadan Nigina chiqdi. Sochlari hurpaygan, ko`zlarini uqalayotgan qizcha garangsirab buvasiga qaradi-yu, yuvingani kirib ketdi. Bu orada Xurshid buva dasturxonga duo o`qib o`rnidan turdi.Yo`lakka o`tdi. Kovushini to`g`rilab, endi o`ng poyini kiyayotgandi, yuz- qo`lini yuvayotgan Nigina buvasini to`xtatdi.
— Buvajon, ketmay turing.
Xurshid buva nevarasining yuvinib chiqishini kutdi.
— Sizga chiroyli salom bermasam ham ko`chaga chiqib ketaverasizmi?— dedi Nigina.
— Salomning ham chiroylisi bo`ladimi? Qani-qani...
— Hozir... — Nigina shoshib toshoyna oldiga borib betartib sochlarini taradi. Kiyimlarini tartibga keltirib, buvasi tomon qayrilib, nim ta`zim qildi.
— Assalomu alayko`m, buvajon.
— Vaalaykum assalom, asal qizim,— Xurshid buva nevarasining peshonasidan o`pib, kovushini kiydi. Chehrasi ochilib, yo`lga tushdi.