Ahmad Lutfiy Qozonchi. Abu Bakr siddiq (r.a.)  ( 94903 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 24 B


Abdullоh  04 Aprel 2009, 14:58:09

Bu paytda Yamomalik musulmonlarning boshchilaridan bo‘lgan Sumoma bin Usol Musaylamaning hech qachon payg‘ambar bo‘lolmasligini, Muhammad (s.a.v.) oxirgi payg‘ambar ekanliklarini, Musaylama esa soxta va yolg‘onchi ekanligini odamlarga tushuntirishga harakat qilar va atrofiga to‘plagan musulmonlar bilan birga kufrga qarshi kurashardi.

Bir kun Musaylamani sarosimaga soluvchi bir xabar tarqaldi. Xolid bin Valid qo‘shinlari Yamomaga kelibdi. Shurayh bin Kasona boshliq ilg‘or qo‘shin bilan «Akruba» degan joyda jang boshlandi. Muhojirlarning bayrog‘i Abu Hurayraning ozod etilgan quli Salimda edi. Jangning qiyin bo‘lishini sezgan, oqibatni avvaldan taxmin qilgan bir necha kishi keldi va unga: "Ey, Salim, boshingga bir balo yog‘ilmasa edi deb qo‘rqamiz", — deyishdi.

U hali yosh edi. Shu yoshida uning islom olamini tark etishini istamasdilar. Ular jangda bayroq ko‘targan kishi birinchi bo‘lib nishonga olinishini tajribalaridan yaxshi bilishardi. Hazrat Umar (r.a.)ning «Salim hayot bo‘lganda edi, xalifalikni unga qoldirardim» deb qayg‘urishiga sabab bo‘ladigan darajadagi muhim shaxs edi. Salim bu urushda halok bo‘lsa, juda achinarli hol bo‘lardi. Lekin Salim ular kutmagan javobni berdi:
- U holda, men yomon bir musulmon bo‘lmaymanmi? Jihodning, shahidlikning qadrini bilib turib jangda so‘nggi saflarda ishtirok etishni va o‘limdan qo‘rqib bayroq qo‘tarishdan bosh tortishni hech ham istamayman.

Ansorning bayrog‘ini Rasululloh (s.a.v.)ning voizi deya tanilgan Sobit bin Qays qo‘tarib yurardi.
Jang ikki tomonning bir-biriga hujumi bilan boshlandi. Shiddatli jang bormoqda edi. Bir taraf islom dinini mudofaa etish uchun, ikkinchi taraf esa yangi payg‘ambarni qo‘llab quvvatlashga urinib jang qilardi. Eng achinarli tomoni shundaki, avval iymon keltirib keyin yana kufrga qaytgan va Rasululloh (s.a.v.)ga qarshi qilich ko‘tarayotganlar ham bor edi.



Qayd etilgan


Abdullоh  04 Aprel 2009, 14:58:58

Hazrat Umar (r.a.)ning ukasi Zayd bin Xattob qo‘lida qilich bilan kurasharkan, birdan ichida sevinch hissini tuydi. Yuzida istehzoli kulgu zohir bo‘ldi. Ichidan «bu fursatni qo‘ldan bermaslik kerak» degan ovozni eshitgandek bo‘ldi. Bu hislar qarshisida turgan odam bilan bog‘liq edi. U Rajol bin Unfiya bilan yuzma-yuz turardi. Qaniydi, uni o‘ldira olsa, bu bilan uni Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga qilgan tuhmati uchun jazolagan bo‘lardi. Shu xayolda u oldinga intildi va baland ovozda gap boshladi:
- Beri kel, ey, mal’un. Sen bilan hisoblashib olishimiz lozim.

Ikkovi orasida jang boshlandi. Rajol qarshisidagi bu inson osonlikcha taslim bo‘lmasligini yaxshi bilardi. Ammo, «jazoimni tortayin, ey, Zayd, boshim sening ixtiyoringda» deb, bo‘ynini egib ham turolmasdi. Oxirigacha kurashishdan boshqa najot yo‘li yo‘qligini tushungan holda urishmoqda edi. Zarba berishlar, qurashlar ancha vaqt davom etdi. Natijada, «Xattobning o‘g‘li mana bunday zarba beradi», deb tushirilgan qilich Rajolni qonga beladi. Ikkinchi, uchinchi zarbadan so‘ng u o‘liklar safiga qo‘shildi.

Qo‘llari tolgan, yuzi chang va terga botgan bir insonning ko‘zlarida yosh bilan «Allohim, o‘zingga shukr, buni menga nasib etding» degani eshitildi. U haqiqatan ham maqtanishga haqli edi. Ammo u maqtanishdan qo‘ra, Allohga hamd aytishni, shukr qilishni afzal qo‘rdi. Mukofotga arziydigan ish qilgandi, lekin bu mukofot hozir emas, ertaga Sayyidul Anbiyo (s.a.v.) huzurlarida beriladi. Allohning rasuliga tuhmat qilgan kishini o‘ldirganligi uchun hadyasini Rasululloh (s.a.v.)ning o‘zlaridan oladi.

Shu payt jang maydoni larzaga kelgandek bo‘ldi. Musaylama tarafdorlarining yuzlarida nafrat va qo‘rquv paydo bo‘ldi. Mo‘minlar esa chuqur nafas oldilar. Chunki Xolid bin Valid qo‘shinlari bilan yetib kelgan va jangga kirishgan edi. Yangi kelganlarning yordami bilan mo‘minlar shiddatli hujum qilishar, ammo kuchli qarshilikka uchrashardi. Shu kunga qadar ko‘rilmagan bir jang bo‘layotganini his etib turishardi. Bu shiddatli jangda, muhojirlarning bayroqdori bo‘lgan Salimni bolaligidan beri katta kilgan Abu Hurayra va hazrat Umar (r.a.)ning ukasi Zayd shahidlar safiga qo‘shilishdi.

Quyosh ufqqa bosh qo‘yarkan, Musaylama qo‘shini g‘alaba quvonchi bilan ortga qaytishardi. Shunday davom etsa, Madinalik qo‘shinni bir-ikki kunda yengishlariga ishonishayotgandi. Ertasi kuni ertalab Xolid bin Validning o‘zi jang maydoniga keldi. Butun ovozi bilan «Yo, Muhammad!» deb qichqirdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  04 Aprel 2009, 14:59:46

Bu ovoz «Men Muhammadning qasosini olish uchun keldim. Qani men bilan kurashadiganlar bormi?», degan ma’noda edi. Shundan so‘ng shu kuni ajali yetganlar birma bir g‘alaba umidi bilan Sayfullohning qarshisiga chiqa boshladi. Biroq hammasi qonga belandi, hayot bilan vidolashdi. Biri o‘ldirilgach, boshqasi sherigining qasosini olish uchun shiddat bilan hujum qilar, ammo qasos olishni boshqa sherigiga qoldirib, u dunyoga ravona bo‘lardi.

Nihoyat hazrat Sayfulloh Musaylamaning shaxsan o‘ziga murojaat etdi:
- Ey, Musaylama, yigit bo‘lsang qarshimga chiq. Ikkimiz ham bir kuchimizni sinab ko‘raylik...
Soatlab kurashgan va juda charchagan Xolidning bu taklifi Musaylamaga g‘ayrat berdi. U bu fursatning qadrini bilar va uni o‘ldirish - zafar qozonish, degan gap edi. To‘g‘ri qaror qabul qilganiga ishonch hosil qilgan holda, u Xolidning qarshisiga chiqdi.

Xolid bin Validning shahdi ancha baland edi va unga:
- Ey, Musaylama, endi qilgan ishlaring uchun tavba qil. Islom diniga kir. Ikki taraf bir-birini qirib tashlashiga sababchi bo‘lma! Aks holda dunyo va oxiratda parishon bo‘lasan. Bu ham sen uchun qadrli bo‘lgan so‘nggi fursatdir, — dedi.
Ammo Musaylama bu taklifni rad etdi. Shunda Xolid bin Valid:
- Demak, yigitchasiga kurashamiz, — dedi va jang boshladi.

Hujumlar boshlangan, avjiga chiqqan bir paytda soxta payg‘ambar orqasiga qarab qocha boshladi. Arablar urushdan qochganni aslo xushlamas, yoqtirmas edilar. Ammo, Musaylama hozir qochish payg‘ambarning obro‘siga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan ish ekanligini tushunadigan holatda emasdi. Amriga itoat etgan va uning payg‘ambar ekanligiga ishongan qirq ming kishi qanday ahvolda qolishi uni qiziqtirmasdi. Birgina niyati jonini qutqarish va o‘zini saqlab qolishga intilish edi.

Musaylamaning qochayotganini ko‘rgan hazrat Sayfulloh o‘z qo‘shiniga umumiy hujum amrini berdi va ostida shamoldek uchayotgan ot bilan qirq ming kishilik qo‘shinga tashlandi. Juda shiddatli bir jang boshlandi. Bu safar Musaylama qo‘shinlari chekina boshladi. Nihoyat, baland devorlar bilan o‘ralgan bir boqqa kirdilar va eshik yopildi.

Qayd etilgan


Abdullоh  04 Aprel 2009, 15:00:41

Baro bin Molik oldinga chiqdi. Do‘stlaridan iltimos qildi, uni devordan oshirdilar. Yugurib borib eshikni ochdi. Mo‘minlar kirdilar. Yana shiddatli jang boshlandi. Qora tanli bir qul maydonda olisharkan ko‘zlari sevinch bilan porladi. Ovini qo‘lga tushirgan ovchining ko‘zlari ham xuddi shunday porlaydi. Hech ikkilanmay qo‘lidagi nayzani Musaylamaga uloqtirdi. Ikki soniyadan so‘ng nayza nishonga sanchildi va ayni shu damda Abu Dujona ham unga qilich soldi va Musaylama gurs etib yerga quladi. Bir necha marta tipirchiladi. Ammo, bu tipirchilashlar uni o‘limning qo‘llariga topshirishdan boshqa narsaga yaramadi.

Shunday qilib, u hayotining so‘nggi yilida ro‘y bergan mojaroni o‘zi istamagan bir tarzda tamomladi. Abadiy azob davom etadigan olamga ilk qadamini qo‘yarkan, yoqasidan tutgan farishtalar uni payg‘ambar sifatida emas, mal’un sifatida olib ketishardi. Hatto, o‘zi ham ishonmagan payg‘ambarlik da’vosi bilan qancha insonlarning zalolat yo‘lida halok bo‘lishlariga sabab bo‘ldi. Bunga qo‘shimcha ravishda Alloh nomidan yolg‘on gapirgani uchun uni jazo kutardi.

O’liklar orasidan joy olganlardan yana biri Musaylamaga «Ishonamanki, sen yolg‘onchisan. Muhammad esa haqiqiy payg‘ambardir. Ammo Robiyaning yolg‘onchisi Mudorning to‘g‘risidan ko‘ra yaxshiroqdir», degan Talha an-Namri edi. Bularni so‘zlayotganda, kim biladi, qanday hislar bilan ochilib yopilgan lablar endi harakatsiz edi. Bu lablar yana bir ochilsa, ming marta pushaymon bo‘lganligini ont icha-icha anglatar, abadiy falokat jarliklariga qulashning azobini aytib qichqirardi. Biroq endi vaqt o‘tgan, g‘isht qolipdan qo‘chgan edi.

Nayza otgan Vahshiy maqsadiga yetgandi. Hazrat Hamzani o‘ldirganidan buyon ichini tutayotgan aybdorlik tuyg‘usi ko‘tarilgandek bo‘ldi. Uhudda hazrat Hamzani shahid qilib, katta jinoyat sodir qilgan va Rasululloh (s.a.v.)ni qattiq qayg‘uga solgan Vahshiy bu daf’a Musaylamani nayza sanchib o‘ldirdi va urush tugaganini e’lon qildi.

Qayd etilgan


Abdullоh  04 Aprel 2009, 15:01:46

Demak, qo‘rquvning ajalga foydasi yo‘q. Xolid bin Validning keskir qilichidan qochish Musaylama uchun najot bermadi. U Vahshiyning nayzasi va Abu Dujamaning zarbasidan halok bo‘ldi. Uning vujudiga nayzaning sanchilganini derazasidan ko‘rgan bir xotin «Voh, nur yuzli inson! Uni bir zanji (habash) o‘ldirdi» deb hayqirib yubordi.

Musaylamaning o‘ldirilganligi baland ovozda har tarafda e’lon qilinarkan, endi urushdan foyda yo‘qligini tushunganlar qochib qutulishga harakat qilishardi. Musaylama ortidan insoniyatga foyda keltiradigan muqaddas birorta g‘oya qoldirmagan edi.

Haqiqiy g‘alaba qozonilgandi. Qarshi tarafning qurbon berib chekinganligi, maydonda olti yuztacha mo‘minning jon bergani rivoyat qilinadi. Bularning orasida Rasululloh (s.a.v.) bilan kecha-kunduz birga bo‘lgan, necha martalab ularning amrlari bilan janglarda qatnashgan sahoba bor edi. Bulardan tashqari, Qur’onni boshdan oyoq yod olgan yetmishta hofiz ham shahidlik sharobini ichishgan edi. Ansorning bayroqdori bo‘lgan Sobit bin Qays bir qilich zarbi bilan oyoqlaridan ajraldi. Jon achchig‘ida oyoqlarisiz yana bir bor hujum qilgan va yerga yiqilib jon taslim qilgandi. O’lganlarning uch yuz oltmishtasi Ansor va Muhojirlardan bo‘lgani uchun Sayyidul Anbiyo (s.a.v.)ning sharafli sahobaloridan edi.

Madinaliklar g‘alaba mujdasini yuzlarcha odamning shahid bo‘lganligi haqidagi xabar bilan birgalikda qarshi olishdi. Haqiqatan ham buyuk bir zafar qozonilgandi. Ammo yana bir haqiqat ham bor edi. Yuzlarcha uy motamga chulg‘angan, qancha xotinlar tul qolgan, bolalarning ismlariga «etim» sifati ham qo‘shilgan edi.

Hazrat Umar (r.a.) ukasi Zaydning shahid bo‘lganini eshitgach, yum-yum yig‘ladi va o‘g‘li Abdullohni qarshisiga chorlab, shunday dedi:
- Zayd o‘ldi, ammo sen sog‘san. Qanday qilib yuzimga qarashingni va qaysi yuz bilan qarshimga chiqishingni o‘ylab ko‘rmadingmi? — deya baqirishdan o‘zini tiyolmadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  04 Aprel 2009, 15:03:52

Abdulloh o‘zini oqlash uchun: «U Allohdan shahidlik istadi va unga shahidlik berildi. Men ham shahid bo‘lish uchun g‘ayrat qildim, ammo nasib etmadi» deyishdan boshqa chora topolmadi.
Musaylama avvaldan Rasululloh (s.a.v.)ning ahvollarini quzatgandi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga tushirilgan Qur’onga o‘xshash ifodalar topish uchun juda charchagan, muvaffaqiyat qozonolmagan, safsataga aylangan tizimlar holida «Bu mening Qur’onim» deb xalqiga taqdim etgandi.

Musaylama Faxri Koinot (s.a.v.)ning bir necha mo‘‘jizalaridan xabardor bo‘lgandi. Masalan, barmoqlarining orasidan suvlar otilib chiqqanini, bir quduqqa muborak tupuklari bilan xo‘llab bergan o‘qning sanchilishi bilan suvning qaynab chiqqanligini eshitgandi. O’zi ham shu usulni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi.

- Qaranglar shu quduqqa tuflayman, suvlari ko‘piradi, — dedi.
Musaylama haqiqatan ham suvga tupurdi, ammo quduqdagi bor suv ham chekindi. Boshqa bir quduqqa tupurishi quduq suvining achchiqlashuviga sabab bo‘ldi. Qo‘lini yuvgan suvni bir xurmo daraxtining ostiga quygan edi, daraxt qurib qoldi. Ikki bolaning boshini silagan edi, biri duduq bo‘lib qoldi. Ko‘z og‘rig‘idan shikoyat qilib kelgan odamning ko‘zini qo‘li bilan siladi, biroq u odam ko‘r bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan


Abdullоh  04 Aprel 2009, 15:06:41

BAHRAYN

Rasululloh (s.a.v.)ning o‘limi xabarini yaxshi qarshilamagan qabilalar ham bor ediki, unga misol qilib Bahrayn xalqini keltirish mumkin. Ular e’tiroz bildirishib, haqiqiy payg‘ambar bo‘lsa, o‘lmas edi, dedilar. Ammo bunga javoban Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni ko‘rgan va chin dildan ishongan Jorud bin Muallo:
- Sizlar avval yashagan payg‘ambarlarni bilasizmi! — dedi.
- Bilamiz, javob berishdi Bahrayn xalqi.
- Juda soz, ular nima bo‘ldilar?
- O’ldilar.
- Muhammad (s.a.v.) ham ularning biridir. Uning ham hayot muddati bitgach, Allohga yetishgan. Men uning haqiqiy payg‘ambar ekanligiga ishonaman. Sizlarni shayton chalg‘itmoqda. Dunyo hayoti aldamoqda. Alloh taolo: «Ey, insonlar, albatta, Allohning va’dasi haqdir. Bas, sizlarni dunyo hayoti sira aldab qo‘ymasin! Yana sizlarni aldamchi (shayton) aldab qo‘ymasin!» (Fotir surasi, 5-oyat) deya marhamat qilgan.

Jorudning jiddiy va ma’noli gaplari natijasida, zalolat botqog‘iga botmoqchi bo‘lib turgan Bahraynliklar yana hidoyat yo‘liga qaytdilar. Shu bilan birga Bahraynda kufr hayotini afzal ko‘ruvchi bir necha qabilalar ham bor edi. Ularga qarshi hazrat Abu Bakr (r.a.) tomonidan jo‘natilgan A’lo bin al-Xadrami kurashdi va zafar qozondi.

Qayd etilgan


Abdullоh  04 Aprel 2009, 15:08:45

* * *
Islom dinidan qaytganlarga va zakot berishni xohlamaganlarga karshi olib borilgan kurash har tarafda muvaffaqiyat bilan yakunlandi. Bundan keyin qo‘zg‘olonlar bo‘lmas, islomning birligi buzilmas edi. Zakot berishni istamaydiganlar ham bo‘lmasdi. Shu bilan birga bu muvaffaqiyat yuzlarcha sahobaning hayoti evaziga qo‘lga kiritilgandi. Ular shubhasiz Allohdan bebaho mukofotlar oladilar, tom ma’noda mamnun etiladilar. Ammo ortlarida bitmas yaralar, yuzlari qayg‘uli tul va yetimlar qolgandi.

Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning bukilmas irodasi va uning ortida bir-biriga tirgak bo‘lgan va din uchun hayotlarini tikib kurashgan insonlar bo‘lmaganida islom dini Rasululloh (s.a.v.)ning vafotlari bilan birga tarihda qolib ketardi. Yoki har kimning istagancha o‘zgartirishi bilan tanib bo‘lmas holga kelardi.

Alloh bu janglarda qatnashib jonlarini fido qilganlarni ham, ortda qolib Islom dinini kelajak avlodlarga yetkazganlarni ham marhamatiga sazovor kilsin.

Qayd etilgan


Abdullоh  04 Aprel 2009, 15:09:59

IKKINCHI AYRILIQ

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning vafotlaridan besh oy muddat o‘ggach, hazrat Fotima (r.a.) bir o‘g‘il ko‘rdilar. Unga Muhsin ismi berildi, ammo bu bola uzoq yashamadi. Bu voqea hazrat Fotima (r.a.)ni qayg‘uga soldi. Ushbu voqeadan larzaga tushgan ona kunlab dam olishiga qaramay, yotoqdan turolmadi. Sha’bon oyi so‘ngida umri poyoniga yetib borayotganini his qildi. Zotan, bu oiladan otasiga birinchi bo‘lib o‘zining yetishishini bilayotgan edi. Buni shaxsan o‘zi Rasululloh (s.a.v.)dan eshitgandi. Ammo qay vaqt, qaysi kuni, qaysi soatda vafot etishini bilmasdi. Hazrat Fotima (r.a) o‘limdan qo‘rqmasdi.

O’limdan keyingi oxirat olamida jannat ayollarining eng yuqorisidan joy olar, ularning ko‘ngil sultoni bo‘lib, bitmas tuganmas ne’matlar va hurmat bilan qarshi olinardi. Otasiga vafo qilmagan va rohat nimaligini bilmay yashagani bu dunyo o‘ziga ham vafo qilmasligini yaxshi bilardi. Sevikli onasi kabi o‘zi ham yoshlikka to‘ymasdan, ortda qoldirayotgan bolalarini to‘yib-to‘yib erkalamasdan, ularni onasiz qoldirib ketmoqda edi. Aynan shu narsa, ya’ni yetim qoladigan bolalarining ahvoli uni o‘ksitardi.

Umri otasi keltirgan dinning amal va axloqi bilan bezangan edi. Ko‘nglini Qur’on ko‘rsatgan maqsadlarga yo‘naltirgan edi. Ramazon oyining uchinchi kuni oqshom payti shahodat kalimasini yana bir daf’a takrorlagan lablar qayta ochilmaslik uchun harakatsiz qoldi. Muborak ruhi malaklar hamrohligida Alloh huzuriga yetkazildi.

Jannat yigitlarining eng yaxshisi bo‘lishlari Rasululloh (s.a.v.) tomonlaridan bashorat qilingan hazrat Hasan va Husan qadrli onajonlarining ortidan ko‘z yoshi to‘karkan, hazrat Ali (r.a.) Asmo binti Umaysga xabar jo‘natdilar. Birgalikda hazrat Fotima (r.a.)ni yuvdilar va kafanladilar. Birozdan so‘ng, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning sevikli qizlari Baqi’ qabristoni tomon olib ketildi.

Bugungi holatiga ko‘ra, qabriston eshigining qarshisida joylashgan onalarining qabrining chap tarafiga, ammo ulardan yigirma besh metr uzoqliqda kazilgan kabrga dafn etilgan.
Qabristonning eshigi ochiq bo‘lgan paytlarda hazrat Fotima (r.a.)ning qabri boshida bir guruh ziyoratchilarni ko‘rish mumkin. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning ayollari va ularning yonidan joy olgan qizlari Zaynab, Ruqayya va Ummu Gulsum esa juda oz kishilar tomonidan ziyorat qilinadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  04 Aprel 2009, 15:10:50

Hazrat Fotima (r.a.)ning qadri, fazilatlari inkor etilmaydi. Fakat Rasululloh (s.a.v.)ning boshqa qizlariga nechun bu darajada parvosizlik bilan qaraladi va hatto unutilgan? Oralarida haqiqatan ham shu darajada fazilat farqlari mavjudmi? Bu savolga javob faqat oxiratda olinadi.
Hazrat Ali (r.a.) Rasulullohning (s.a.v.) omonatlarini qabrga qo‘ygach, ko‘z yoshlar ichida u yerdan chiqdilar. Atrof qorong‘u edi. Tong otishini soatlab kutish kerak edi.
Xalifalar hazrat Abu Bakr (r.a.) va hazrat Umar (r.a.)ning bu yo‘qotishdan hamon xabarlari yo‘q edi.

Ammo bexabar bo‘lishlari kerakmidi? Islomni birinchilardan bo‘lib kabul kilgan sharafli naslning eng buyuk siymolaridan bo‘lgan hazrat Abu Bakr (r.a.) va Fotima (r.a.) orasida olti oy davom etgan xafagarchilik mo‘minlarni quvontiradigan holat emas edi.
Bu mash’um xabar madinaliklarni yana bir marta qayg‘uga soldi. Ko‘zlar «Eh, Fotima» deb qovrilgan ko‘ngillarga qo‘shilib, yum-yum yosh to‘kdi. Bu ko‘z yoshlar samimiy edi. Biroq ketganni qaytarish imkoni yo‘q, albatta.

Sayyidul Anbiyo (s.a.v.)ning jigarporalari tuproqqa qo‘yilgan paytda payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning vafotlariga olti oy bo‘lgan edi. Ortda qolgan to‘rt farzanddan eng kattasi bo‘lgan Hasan endigina yetti yoshda edi. Sevikli ona esa yigirma yetti yosh edi.

Qayd etilgan