Ahmad Lutfiy Qozonchi. Abu Bakr siddiq (r.a.)  ( 94894 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 24 B


Abdullоh  08 Aprel 2009, 16:10:19

XALIFA OPICHLAGAN BOLA

Hazrat Abu Bakrning Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bajargan har bir amalini sunnat deya bilishi, va Uning ishini takrorlashni o‘ziga orzudek ko‘rishiga ko‘p jihatdan guvoh bo‘lish mumkin. Jumladan, quyidagi holat ham shundan dalolat beradi.

Peshin namozidan chiqqan hazrat Abu Bakr (r.a.) hazrat Ali (r.a.) bilan birgalikda yo‘lda ketishayotgan edi. Birga yurib gaplashib borishar ekan, ko‘chada o‘ynayotgan bolalarning chug‘ur-chug‘ur ovozlari ularni xayollarini oldi. Shundan keyin ularning yoniga yaqinlashdilar. Hazrat Abu Bakr (r.a.)ning zehnida shirin bir xotira uyg‘ondi. Go‘yo Rasululloh (s.a.v.)ni yelkalarida nabiralari Hasanni ko‘tarib olgan holatda qo‘rgandek bo‘ldi. Hozir shu xotirani yana bir takrorlashning ayni vaqti edi. Darhol bolalar tomon yurdi. Yetti yoshlardagi bir bolakayni yelkasiga oldi. O’ngga, chapga aylantirar va «Alidan ko‘ra ko‘proq Rasulullohga (s.a.v.) o‘xshaydigan bu bolakayga jonim qurbon bo‘lsin!» derdi.

Hazrat Ali (r.a.) bu so‘zlarni va manzarani kulib tomosha qilardi. Haqiqatan ham bu bola Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga juda o‘xshardi.
Hazrat Abu Bakr (r.a.) xuddi bugun bo‘lgandek xotirlagan ou voqeada Rasulullohning (s.a.v.) yelkalarida o‘tirgan bu bolakayga «juda ajoyib uloving bor-da» deyishdan o‘zini tiyolmagandi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) esa javob sifatida «Bu ulovning egasi ham qadrlidir» degandilar.

Birozdan so‘ng hazrat Abu Bakr (r.a.) hazrat Hasanni yelkasidan tushirdi. U o‘rtoqlarining yoniga chopib ketarkan, ikki birodar yo‘llarida davom etdilar... Ammo ko‘zlar yoshga to‘lgandi. Bu yoshlar hozir tuproq ostida yotgan, biri ummatlarini, biri esa bu bolani yetim qoldirgan ikki sevimli inson bilan bog‘liq edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  08 Aprel 2009, 16:16:15

EGAR SAVDOSI

Bir kuni Azib hazrat Abu Bakr (r.a.)ni mehmonga chorladi. Suhbat asnosida bir egar sotishini ham aytib o‘tdi. Hazrat Abu Bakr (r.a.) egarning narxini so‘radi. Uning qiziqqanligini bilgach, Azib unga dedi:
- Uni senga hadya qilishim mumkin, ey, xalifa.
- Yo‘q, sotib olishni istayman, — dedi Abu Bakr (r.a.).

Shu o‘rinda hazrat Abu Bakr xayolida boshqa bir voqeani, to‘g‘rirog‘i, Rasululloh (s.a.v.)ga bir tuya hadya qilmoqchi bo‘lgani, ammo Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qabul qilmaganlari va pulini berib sotib, olganliklarini eslaydi.

Gapini tugatgan paytda endi yigitlik yoshini yashayotgan Baro egarni olgan va tayyor turgandi.
- Yaxshi kunlarda foydalanasan, ey, Rasulullohning xalifasi, - deya uni shunday so‘zlar bilan kuzatib, egarni unga berdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  08 Aprel 2009, 16:19:20

* * *
Haj mavsumi yaqinlashayotgandi. Buning uchun alohida tayyorgarlik ko‘rilardi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) zamonlarida bo‘lgani kabi Madinadan to‘plam xolida harakat qilinishi ma’qul ko‘rildi. Hazrat Umar (r.a.) shu yili «Haj amiri» etib tayinlandi. Hajga oid vazifalarni u tushuntiradi va uning yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalari asosida bu muborak amal bajariladi.

Haj qiluvchi olomonga Zul xulayfa nomi berilgan va Madinadan olti chaqirim uzoqlikda joylashgan yerda ehromga kirgandan so‘ng, «Labbaykallohumma, labbayka» nidolari ostida yo‘lga chiqdi. Ka’bani ziyorat etish va kelolmaganlarning salomlarini yetkazib, ular uchun ham duo qilish ularning maqsadlari edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  08 Aprel 2009, 16:20:48

YANA BIR JUMA XUTBASI

... Ey, Allohning qullari, sizlar qachon poyoniga yetishi noma’lum bo‘lgan hayotni o‘tkazish uchun ertadan kechgacha harakat qilmoqdasiz. Agar Alloh rozi bo‘ladigan bir ish qilayotgan bo‘lsangiz, hayotingiz so‘ngiga yetayotgan bo‘lsa-da, bu ishni bajarishdan sira to‘xtamang. Bunga esa faqat Allohning marhamati bilan kuch topa olasiz. U holda hayot muddati bitmasdan xayrli amallar qilishga shoshiling. Aks holda, loqaydligingiz sizni yomon amallarga boshlaydi.

Vaqtni behuda o‘tkazmay aqlingizni yig‘ib oling. Chunki sizning ortingizda ishini bir zumda bajaradigan o‘lim bordir. Undan qutulish mumkin emas.
Bilasizmi, Aploh taologa nisbatan xolis niyatda bo‘lgan paytlaringizda Unga itoat etgan va haq yo‘ldan yurgan bo‘lasiz. Ushrlarni yig‘im-terim paytida bering va uni kelajak uchun tayyorgarlik sifatida asrab qo‘ying. Bunga ehtiyoj sezgan paytingizda asl mahsulotni aynan va benuqson olgan bo‘lasiz.

Ey, Allohning qullari, o‘zlaringizdan avval yashab ketganlar haqida o‘ylang. Ular kecha qaerda edilar, bugun qaerdalar? Dunyoni larzaga keltirgan va hashamatli saroylar qurdirgan shohlarning ahvoli nima bo‘ldi? Barchalari unutildilar. Hatto ismlari ham xotiralardan o‘chib ketdi. Ular hech dunyoga kelmagan kabidirlar. «Mana, zulm qilganlari sababli ularning uylari huvillab qoldi! Albatta, bunda biladigan qavm uchun ibrat bordir!» (Naml surasi, 52-oyat). Ular esa qorong‘u mozorda chirib ketdilar. «Biz ulardan (Makka mushriklaridan) oldin ham qanchalab (itoat etmagan) avlodlarni halok etgandirmiz. Siz ulardan birortasini sezyapsizmi yoki ovozlarini eshityapsizmi?!» (Maryam surasi, 98-oyat).

Tanishlaringiz, do‘stlaringiz qaerda? Ular ketdilar, avvaldan taqdim etgan amallari bilan topishdilar. Baxtiyor yoki baxtsiz bo‘ladilar.
Alloh taoloning hech kim bilan qarindoshligi yo‘qdirki, bu qarindoshlikka bog‘liq foyda yoki zarar yo‘q qilinsa. Uning amriga bo‘ysunish bilan foydaga erishiladi yoki zarar yo‘q qilinadi. Shuni ham bilasizki, oxiri jahannam bo‘lgan hech bir foydada xayr yo‘qdir. Oxiri jannat bo‘lgan hech bir zararda esa yomonlik yo‘qdir.

Qayd etilgan


Abdullоh  08 Aprel 2009, 16:21:55

NOBAKOR HAKIM BIN ABUL OS

Bir kuni Abu Bakr (r.a.)ning huzurlariga iltimos bilan kelishdi.
- Bizni tinglang, ey, xalifa.
- So‘zlang, qanday murojaatingiz bor?
- Biz Hakim bin Abul Osning Madinaga kelishini istaymiz.
- Yo‘q, u ketgan joyida qoladi, - keskin e’tiroz bildirdi xalifa (r.a.).
- Ammo u keragicha yashadi. Buning ustiga Rasululloh (s.a.v.) vafot etganlar. Endi uning kelishiga hech bir kishi g‘ov bo‘lmasa kerak.
- Men Rasululloh (s.a.v.) tukkan tugunni yechish uchun bu maqomga ega bo‘ldimmi? Ular bir odamni Madinadan xaydasalar, men bu ish xato bo‘ldi deb, quvilgan odamni chaqirtirib olaymi? Buni mendan kutmang.

Bu javob masalani hal qildi. Kelganlar Abu Bakr (r.a.) hayotlik paytida bu ish amalga oshmasligiga ishonch hosil qilishdi va u yerdan ketdilar. Yumshoq tabiatli, istaganlarini qildirishlari mumkin bo‘lgan bir xalifa (r.a.) rahbar bo‘lmaguncha Hakimning bu shaharga kira olmasligi aniq bo‘lib qoldi.
Rasululloh (s.a.v.) tarafidan haydalish... Har qanday musulmon uchun bu jiddiy masaladir.
Payg‘ambar bir insonni o‘z-o‘zidan surgunga jo‘natadilarmi? Ayb qilsa jazo berar, ammo u odam yana Madinada olib qolardi. Bunday holatga tushgan erkak va ayollarni taniymiz.

Bir inson Islomni qabul qilmasdan avvalgi hayoti uchun gunohkor bo‘lishi mumkin. Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning dushmani hisoblanadi. Ammo bular shahodat kalimalarini aytgunga qadar shunday hisoblanadi. Islomni qabul etgandan keyin «Ey, Allohning Payg‘ambari, bugunga qadar sendan juda nafratlanardim. Ammo, bugun eng yaxshi ko‘radigan insonimsan», deguvchilar ham bor edi. Islomga, musulmonlarga va ayniqsa Rasululloh (s.a.v.)ga nisbatan qilgan yomonliklarini eslab, endi kelajakda nimalarga erishishlari mumkinligini o‘ylab, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan bu haqida so‘raganlarida, ular shunday deya javob qilgandilar:
«Islom o‘zidan avval qilingan ishlarni o‘chirib tashlaydi».

Qayd etilgan


Abdullоh  08 Aprel 2009, 16:22:58

Haqiqiy ma’nosi bilan islomni qabul etishning natijasi shunday. Islomdan avvalgi hayotning mas’uliyati ko‘tarilgan, yangi bir hayot boshlangan. Aqlini to‘plashni istagan inson uchun bu mukammal bir fursatdir. Ayniqsa, o‘tmishda qilgan va pushaymon bo‘lgan ishlaridan xulosa chiqarib, yaxshi amallar qilish uchun imkoniyatlar bordir. Xolid bin Valid kabi, Abu Jaxdning o‘g‘li Ikrima kabi havas kilsa arzigulik insonlar umrlarining bir qismini Rasululloh (s.a.v.)ga, islomga dushmanlik qilib o‘tkazdilar. Ammo ular keyinchalik bu hayot tarzlaridan voz kechib, samimiylik bilan islomni qabul qilib, kelgusi avlodlarni hayratga soluvchi ishlar qilgan buyuk insonlardir.

Hakim bin Abul Os Makka fath etilgunga qadar kufrga botgan insonlardan edi. U o‘z jiyani Usmon bin Affonning islom dinini qabul qilganini eshitib, asabiylashgan, bu yigit shunchaki havas bilan otalarining dinini tark etgan deb o‘ylab, uni qaytadan aqlini kirgizib qo‘yish uchun harakat qilgan va hatto uch kun bog‘liq qoldirgan edi. Faqat bu tazyiqlarga qaramay, islom diniga sodiq qolganini ko‘rgach, uni bo‘shatgan edi.

Keyinchalik Hakim, Rasululloh (s.a.v.)ni rohatsiz etish uchun olib borilgan kurashlarda ishtirok etdi. Abu Lahab, Uqba bin Abu Muayt kabi bir necha tuban kishilar bilan birgalikda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning eshiklarining oldini ifloslantirish va to‘plagan chiqindilarini devorlaridan oshirib ketishni o‘zlarining vazifalari qilib olishgandi. Hakim Rasululloh (s.a.v.)ning hijratlarigacha o‘tgan vaqt ichida shu va shunga o‘xshash ishlar bilan shug‘ullanishdan zavqlanib yurdi.
Makka fath etilib, Rasululloh (s.a.v.) boshqaruvni qo‘lga olganlaridan so‘ng vaziyat o‘zgardi (o‘z hukmlarini o‘tkazganlaridan so‘ng).

Shunday kunlarning birida Rasululloh (s.a.v.):
- Meni qanday inson deb bilasizlar? Sizlarga qanday muomalada bo‘lishimni istaysizlar? — deb so‘radilar.
- Siz muruvvatli insonsiz. Saxiy bir kishining o‘g‘lisiz.
Sizdan ikrom kutamiz, - deganlar orasida Hakim ham bor edi.
Go‘yo Payg‘ambarimiz (s.a.v.) u kunga qadar saxiy ham, saxiy bir insonning o‘g‘li ham emasdilar. Go‘yo bu odamlar uzoq yillardan buyon Allohning rasuliga turli-tuman malomatlar yog‘dirmagandek. Shu onda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning so‘zlarini tinglayotganlar, go‘yo bir paytlar Rasululloh (s.a.v.)ga hech qanday yomonlik qilmagandek. Go‘yoki Payg‘ambar bo‘lmaslaridan avval ularga «al-Amin» ya’ni, ishonchli inson laqabini boshqalar bergandek...
- Bugun sizga hazrat Yusufning akalariga aytgan gapidan ortiq gap aytolmayman. Boringlar barchangiz ozodsiz.

Qayd etilgan


Abdullоh  08 Aprel 2009, 16:24:36

Bir insonning bundan buyuk bo‘lishini tasavvur qilish qiyin. Saxiy inson shunday harakat qilishi mumkin. Buyuklik shunday isbot qilinmay yana nima qilinishi kerak? U yerdan ketdilar. Endi o‘zlari uchun avfning, marhamatning, sabr-toqatning ochgan eshigidan islomga kirish va abadiy saodat yo‘lida ishonchli odamlar bilan birga bo‘lish qolgandi. Ko‘pchiliklari shunday qildilar.

Hakim shahodat kalimalarini aytdi va jonini qutqardi. Keyinroq esa Madinaga yo‘l oldi. Ammo u va u kabilarga endi «muhojir» bo‘lish sharafi yo‘q edi. Chunki endi bir musulmon shahridan boshqa bir musulmon shaharlariga ketuvchilar ham bo‘lishi mumkin edi. Rasululloh (s.a.v.) xususan shuni ta’kidlagan holda «fathdan keyin hijrat qilish yo‘qdir» deb buyurgandilar. Orqada faqat pok niyatlar, bu niyatlarga bog‘liq holda amallar qilish qolardi.

Hakimning Madinadagi hayoti yaxshi o‘tmadi. Yillar davomida Rasululloh (s.a.v.)ga nisbatan ko‘nglida saqlab kelgan g‘ayirligidan voz kecholmadi. Islomga kirmasdan avval, mushrikligida Rasululloh (s.a.v.)ni ranjitgandi, bu yerda mo‘min sifatida Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni xafa qilish yo‘llarini izladi. Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatlariga amal qilish uchun emas, ularni masxara qilish uchun yurishlariga taqlid qila boshladi. Qo‘l, yuz, ko‘z harakatlari bilan Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga taqlid qilish unga boshqacha bir zavq bag‘ishlardi. Rasululloh (s.a.v.)ning ayniqsa sir bo‘lib qolishi kerak bo‘lgan ba’zi masalalarini barchaga eshittirish kabi harakatlarni qildi. Islom dini keltirgan odob va tarbiya bor edi. Rasululloh (s.a.v.)ga nisbatan boshqacha hurmat va e’tiborda bo‘lish kerak edi. Afsuski, bu hududlar ishg‘ol qilingan, buning ustiga Hakim qilgan ishi uchun uzr so‘rashni ham istamagandi. Bu odobsizligiga nuqta qo‘yish uchun, Madinani tark etish va Toifda yashashi ma’qul ko‘rilgan edi.

Hakim o‘ziga berilgan bu baxtni oyoqosti qildi. Allohning behisob marhamatiga noil bo‘lish o‘rniga bu fursatning qadriga yetmadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga nisbatan ko‘rsatgan ahmoqona harakatlari uchun ulardan nafrat, g‘azab va la’nat oldi. Rasululloh (s.a.v.): «Madina o‘ziga loyiq bo‘lmaganlarni tashqariga uloqtiradi» deb aytgan haq so‘zlari Hakimga ham taalluqli edi. Ammo bu safar uni Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning shaxsan o‘zlari haydab yubordilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  08 Aprel 2009, 16:27:05

Hazrat Usmon o‘z amakisi Hakimning Makkadan quvilishi va Toifda yashashga majbur etilganligi haqidagi xabarni, tabiiyki, xursandlik bilan qarshi olmadi. Ammo unga ma’qul bo‘lmagan ish Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni shunday qarorga kelishiga majbur qilgan salbiy harakatlar edi. Shunga qaramay, u fursat topib Hakimni Madinaga qaytarmaguncha xotirjam yasholmasligini bilardi. Shuningdek, hazrat Abu Bakr (r.a.) bu taklifni rad qiladi. Hazrat Umar (r.a.) ham qabul qilmaydi. Nihoyat hazrat Usmon (r.a.)ning o‘zi xalifa bo‘lgach, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tomonlaridan haydalgan sevimli amakisini izzat-ikrom bilan Madinaga qaytardi. Ammo, bu safar xam Hakim va o‘g‘li Marvon yana xunrezliklarini boshlaydilar. Ayniqsa, hazrat Usmon (r.a.)ning shahid etilishi bilan bog‘liq fitna va fasodga Marvon boshchilik qilgandi. Xalifaning izzat-ikromi bilan Madinaga qaytgan Hakim qayta e’tibor topishi mumkin edi. Holbuki, Muhojir va Ansor guruhidan hech kim hazrat Usmon (r.a.)ning qilgan ishini ma’qul ko‘rmadi. Hatto, undan xafa ham bo‘lishdi. Hazrat Usmon (r.a.)ni o‘ldirish uchun kelgan isyonchilarga qarshi Madina xalqi sas chiqarmadi. Boshqacha aytganda, tomoshabin bo‘lib turdilar. Bunga bosh sabab esa Hakim va Marvonning qaytarilishidan norozilik edi.

Bunday bir odamning Madinaga oyoq bosishiga rozi bo‘lish fisqu-fasodga yo‘l ochib berishdek gap edi. Rasululloh (s.a.v.) tahlikaning oldini olgan edilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning bu qarorlarini bekor kilish ummat uchun tahlika tug‘dirardi. Bularni tushungan hazrat Abu Bakr (r.a.) bu shaxsning Madinaga kelishiga qarshilik qilgandi.

Qayd etilgan


Abdullоh  08 Aprel 2009, 16:29:11

UMMU AYMAN - JANNATI AYOL

Bir kuni hazrat Abu Bakr (r.a.) ko‘rinishi bir ahvolda bo‘lgan, g‘amdan qorayib ketgan bir yigitni uchratdi. Ko‘zlaridan oqayotgan yoshlar uning qayg‘uga botganligidan darak berardi.
- Ey, Rasulullohning seviklisi, men nechuk seni bunday dardli ko‘ryapman?
Eshitgan javobi Abu Bakr (r.a.)ni ham qayg‘uga soldi:
- Onam Ummu Ayman vafot etdi, ey, xalifa.
Bir insonning rahmatli bo‘lishi insonni xafa qilmas, ammo uning yaqinlaridan ayrilib ketishi qayg‘uli hol edi. Usomani g‘amga botirgan narsa ham sevimli onasining endi hech qachon qaytmaydigan bo‘lib bu dunyo bilan vidolashgani edi.

Shunday qilib, Rasululloh (s.a.v.) uchun sevimli bo‘lgan yana bir inson bu foniy dunyoni tark etdi. Holbuki, hazrat Abu Bakr (r.a.) vaqti-vaqti bilan yoniga hazrat Umar (r.a.)ni ham olib, bu ayolning ziyoratiga borib turishardi. Uning ataylab hozirlagan dasturxoni atrofida o‘tirish zavqini tuygandi. Bu dasturxon maxsus tayyorlanardi. Chunki Ummu Ayman xalifa juma namozidan chiqqach, o‘zini ziyorat qilish uchun kelishini yaxshi bilardi. Birga o‘tirishar, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni yaxshi taniydiganlardan biri bo‘lgan bu keksa ayolning so‘zlarini berilib tinglashardi. Bu ayol Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tug‘ilganlaridan buyon birga bo‘lgan, har bir paytda ularning yonlarida bo‘lgan yagona ayol edilar. Rasululloh (s.a.v.)ning bolalik davrlari, yoshlik paytlariga oid xotiralarni so‘zlab berardi. Endi esa bu ayol ham boqiy dunyoga safar qildi.

Ummu Ayman yuvib, kafanlandi. Unga Abu Bakr (r.a.)ning o‘zi janoza o‘qidi. Bir paytlar u Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni quchog‘ida ko‘targan va yelkasiga mindirib yurgan edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning onalari Omina Avbo qishlog‘ida vafot etganlarida, Makkadan yuz chaqirimlarcha uzoqlikda bo‘lgan bu qishloqdan olti yoshlardagi yetim bolani bag‘riga bosib, olib kelgan va bobosiga topshirgan inson mana shu ayol edi. Endi esa Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning tarbiyalarini olgan insonlar, uni yelkalarida olib ketmoqda edilar. Faqat haq so‘zni so‘zlaydigan kishi «jannati bir ayol bilan turmush qurishni istagan mard bo‘lsa, Ummu Aymanga uylansin», degandi. Bu so‘zlarni aytgan muborak dudoqlar «Ummu Ayman ikkinchi onamdir», degan edi.

Qisqasi, yelkalarda ko‘tarib ketilayotgan bu yuk sharafli edi. Chunki Alloh yaratgan eng sharafli, eng qadrli insonni u ko‘targan, ovutgan va bag‘riga bosgandi.
Bu yo‘l jannatga olib borardi. Uni yelkalarida ko‘targanlar jannatga olib boruvchi yo‘lga ketayotgandek baxtli edilar. Bu dunyoda hech bir narsaga ega bo‘lmagan, shunga qaramay, foniy dunyodan olib ketilishi mumkin bo‘lgan hamma narsani olib ketgan, ya’ni jannatga arziydigan darajagi iymon va ko‘ngil xazinasiga ega bo‘lgan bu ayol insonlar olib borishi mumkin bo‘lgan joygacha olib borildi.
Baqi’ qabristoni yana bir mo‘mina va munis ayol uchun abadiy dunyo darvozasi bo‘ldi.

IKKINCHI KITOB TUGADI

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 14:29:00

SURIYA - SHOM - IROQ - ERON FATHLARI

Islom dinini targ‘ib etish hazrat Abu Bakr (r.a.)ning asosiy vazifasi sanalib, zakot berishdan bosh tortgan va islomni tark etganlarga qarshi olib borilgan muvaffaqiyatli yurishlar so‘ngiga yetgach, navbatdagi qiladigan vazifasi islom dinining ovozasini boshqa o‘lkalarga ham yoyish ekanligini tushundi. Shu bilan birga islomning kun sayin ildiz otayotganini va bu xususda jiddiy tadbirlar ko‘rish vaqgi kelganligini o‘ylab yurgan va vaqti-vaqti bilan noroziliklarini bildirayotgan millatlarga qarshi jang qilish lozim edi. Shuning uchun Abu Bakr (r.a.) Xolid bin Validga Eron yerlariga yurish qilish haqida buyruq berdi.

Xolid bin Valid o‘ziga berilgan qo‘shin tarkibidagi Kaqo bin Amr, Iyoz bin G’anon va Abd bin G’avini ham yoniga olib, Eron tomon yo‘l oldi. Eron harbiy qo‘shinlari bilan birinchi bo‘lib to‘qnashadigan qo‘shin orasida boshqacha bir hayajon bor edi.
Uch guruhdan iborat qo‘shinning bir qismiga Musanna, ikkinchisiga Adiy bin Hotim qo‘mondonlik qilmoqda edi. Uchinchi guruhga esa Xolid bin Validning o‘zi boshchilik qilardi. Har uchchalasi ham Xofir degan joyda uchrashishardi.

Musulmonlar bilan to‘qnashadigan mazkur qo‘shinga arablar bilan ko‘p marta kurashgan va shuhrat qozongan qo‘mondon Xurmuz boshchilik qilardi. Bir kuni o‘sha Xurmuzning qarorgohiga musulmonlar tarafidan bir elchi keldi. Uni kutib olib, maqsadini so‘radilar.
Elchi shunday deb javob qiddi:
— Qo‘mondonga maktub keltirdim. Shundan keyin u maktubni Xurmuzga berdi.
Xurmuz maktubni o‘qib, nihoyatda g‘azablandi.
— Och arablar, - deya ming‘irladi u, - shu kunga qadar qorinlarini to‘ydirish dardida edilar, bugun esa buyuk ishlarga kirishmoqdalar.

Xolid bin Validning Xurmuzga jo‘natgan maktubda jumladan shunday mazmundagi so‘zlar bor edi:
«Islomni dinini qabul qil. Musulmon bo‘l. Agar islomni qabul qilsang salomat bo‘lasan. Yoki bizga juz’ya berib qavmingni va o‘zingni kafillikka ol. Bunga ham rozi bo‘lmasang, bizdan xafa bo‘lma. Eslatib qo‘yishim mumkin, men juda kuchli bir qo‘shin bilan kelganman».

Qayd etilgan