Ahmad Lutfiy Qozonchi. Abu Bakr siddiq (r.a.)  ( 94898 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 B


Abdullоh  11 Aprel 2009, 14:55:02

* * *
Yaxshi va yomon degan tushuncha doimo bir joyning o‘zida ham mavjud bo‘lib kelgan. Shuningdek, da’vogar va jangovor kishilar bilan birgalikda tarafdor kishilar ham har doim, har vaqt hamma joyda topiladi.

Bir necha yil avval Islomga da’vat qilgan payg‘ambarning vafot etganligini, ammo u keltirgan da’vo borgan sayin kuchayib borayotganini va Suriya tuproqlariga yetib kelganligi Xiraql ismli kishini o‘ylantirdi va u endi bu ish jiddiy tus olganligini angladi. Shu munosabat bilan odamlarini majlisga chaqirdi. Majlisda xalifalik markazidan kelgan maktubni o‘qitdi. Keyin esa o‘z fikrini ochiqchasiga bayon qildi:
— Ular islom diniga mansub kishilardir. Fikrimcha, biror millat bu dinga qarshi chiqolmaydi. So‘zimga quloq soling va ular bilan sulh tuzing. Kerak bo‘lsa Suriya vohasining yarim daromadini ularga bering. Buning evaziga Rum diyorining tog‘lari sizga qoladi. Agar gapimga amal qilmasangiz, Suriyani tortib olishadi va rum diyorining tog‘lari ham qo‘ldan ketadi.

U bu mavzudagi qarashlarini olti yil avval Rasululloh (s.a.v.)dan maktub olgan paytda ham ochiqchasiga aytgan va kerakli tavsiyalarni bergandi. Ammo atrofidagi mansabdor kishilarning qarshiligi va o‘zining ham toju taxtga mubtaloligi Islomni qabul qilishiga to‘sqinlik qilgandi.
Taxti atrofidagi odamlar bu safar ham asabiylashdilar. G’ala-g‘ovur kuchaydi. Xiraql bu vaziyatda yo toju taxtdan voz kechib, islom diniga kirishi yoki saltanatini davom ettirishi kerakligini angladi.

Shu kungacha shohlik qilganim mening uchun yetarli deyishi va shahodat kalimalarini aytib, Islom qo‘shiniga qo‘shilishi mumkin edi. Bu esa uning uchun chinakamiga aqlli bir harakat bo‘lardi. Chunki olti yil avval Rasululloh (s.a.v.) taraflaridan islomga da’vat qilingan paytda islom dini Madina tashqarisiga yoyilgan emasdi. Holbuki, oradan o‘tgan bu ozgina vaqtdan so‘ng Madinadan bir oylik uzoqlikda joylashgan yerlarda bayroqlar Rasululloh (s.a.v.) keltirgan din uchun hilpiramoqda edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 14:56:36

Lekin Xiraql bu safar ham nafsini tiyolmadi. Yillar davomida odatlangan hayotini bir tarafga uloqtirib, bir mo‘min sifatida yashash achinarli hol emasdi. Shu onda o‘zi amr qiladi. Bundan keyin esa boshqaning amriga bo‘ysunar, hatto amirlikning yuzini qaytib ko‘rmasligi ham mumkin edi.
— Sizni sinagandim, — deya so‘z boshladi, — Haqiqatan ham diniga va millatiga sodiq insonlar ekanligingizni isbotladingiz. Amr etamanki, u bilan jang qilamiz, — dedi.

Xiraql bu ishni bu safar ham bitirolmasa, boshqa imkoniyat yo‘qligini tushunardi. Aslida diniy asarlarda o‘qishimcha, bu din davom etar, boshqa payg‘ambar kelmasdi. Bu dinning davom etishi musulmonlar ham mag‘lub bo‘lmaydi, degan gap edi. U holda musulmonlar zafar qozonar, omad ularga kulib boqardi.

Qilayotgan bu so‘nggi sinovi bilan islomning ildizini qurita olmasligini yaxshi bilardi. Taassufki, bu dinning Suriyada tarqalishini biroz kechiktira olar, besh kunlik dunyoda bu tuproqlarda yana o‘zi hukmronlik qilardi.

Hayot-mamot jangiga kirishgandi. Davlatning barcha imkoniyatlari shu yo‘lda sarflanishi, bu kurash bir jihatdan nasroniylikning Islomiyat bilan hisob-kitobi bo‘lishi kerak edi. Darhol hozirlik ko‘rishni buyurdi. Ukasi Tazorik boshliq bir qo‘shinni yo‘lga chiqardi. Keyin esa to‘plagan qo‘shinini orqama orqa bitga qo‘mondon amri ostida bo‘lish sharti bilan jo‘natdi. Qo‘shinlar Suriya yerlarida ilgarilay boshladilar.

Har biri biroz avval kelib u yerlarni zabt etgan Islom qo‘shinlarini nishonga olib, ilgarilamoqda edi. Bu qo‘shinlarning har biri islom qo‘shinidan ko‘p edi.
Shunday holatda jangga kirish mag‘lubiyatni oldindan qabul qilish ekanligini tushungan qo‘mondonlar Amr bin Osga murojaat qildilar. Avvaddan o‘tkir aqli va murakkab vaziyatlardan chiqib keta olishi bilan dong taratgan Amr bin Os «qo‘shin bir joyga to‘planishi darkor, ozligimiz tufayli mag‘lub bo‘lishimiz kerak emas», degan fikrni ilgari surdi. Yig‘ilib muhokama qildilar va dushmanni Yarmuk vodiysida qarshilashga kelishib oldilar. Bu holatni va karorlarini hazrat Abu Bakr (r.a.)ga bildirdilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 14:58:37

* * *
Hazrat Abu Bakr (r.a.) Suriyadagi vaziyat juda jiddiy ekanligini bilgach, «Bu jang uchun Xolid kerak», - dedi. Darhol bir maktub yozdirdi. Qo‘l ostidagi kuchlarning bir qismini Musanna bilan o‘sha yerda qoldirishini va darhol Suriya tomon harakat qilib, Yarmukka borishini buyurdi. Yarmukka borgach esa Xolid qo‘mondon bo‘lishi kerak edi.

Hazrat Sayfulloh buyruqni bajarish uchun qo‘shinni ikkiga bo‘ldi. Ashobi kiromlarni yoniga oldi va kurashga hozirlandi. Faqat Musanna bu taqsimga rozi bo‘lmadi. Rasululloh (s.a.v.)ning sahobalaridan bo‘lgan bir guruh insonlar yonida qoldirilishini istadi. «Men ular shu yerda bo‘lsa fayzni his qilaman» derdi.

Hazrat Xolid bu istakni qabul qildilar va qo‘shinini olib Suriya tomonga ilgariladi. Yo‘lda bir necha marotaba jangga ro‘baro‘ bo‘ldi va ularni zafar bilan yakunladi.
Bir jangda o‘ldirilgan ikki kishining yonidan hazrat Abu Bakr (r.a.)dan olingan bittadan qiblanoma chiqdi. Musulmon bo‘lganlari va ularga zarar yetkazmaslik kerakligi yozilgandi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgandi.

Bu xabar Madinaga kelishi bilan hazrat Umar (r.a.) bu xatoning jazosi berilishini va hazrat Xolid qo‘mondonlikdan ozod etilishi lozimligini taklif qildi. Ammo hazrat Abu Bakr (r.a.) bunday o‘ylamasdi. Shu sababli o‘z fikrini quyidagicha bayon qildi:
— Mushriklar bilan birga harakat qilganlar bu kabi qazolarga uchrashlari mumkin.

Hazrat Abu Bakr (r.a.) haq edi. Jang paytida ularning kimligini bilish va tekshirish kimning aqliga kelardi? Bu odamlarning peshonasiga musulmon ekanligi yozilgan bo‘lmasa... Yoki o‘zlari kelib biror izoh berishmagandan keyin dushman qo‘shini boshiga tushgan kun ularning ham boshiga tushishi tabiiy hol edi. Hazrat Umar (r.a.) ham shunday vaziyatga tushsa ayni ishni qilgan bo‘lardi. Shu bois hazrat Sayfullohni dushman saflarida harakat qilgan ikki mo‘minni o‘ldirgani uchun ayblash to‘g‘ri bo‘lmasdi. Shu bilan birga hazrat Abu Bakr (r.a.) bu ikki kishining xunini to‘lagan holda masalani hal qildi.

Madinaga keltirilgan asirlar orasida bo‘lgan Sahbo ismli bir ayol hazrat Ali (r.a.) tarafidan sotib olindi. Bu ayolga uylanib, undan Umar ismli o‘g‘il va Ruqiya ismli qiz ko‘rdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:00:12

* * *
Suriyaning asosiy savdo markazi Basra shahri edi. Avvaldan Arabistonning turli yerlaridan yo‘lga chiqqan karvonlar safarlarini shu yerda to‘xtatar, har tomondan kelgan tijorat kishilari - savdogarlar bilan ko‘rishar, savdo qilishar va yana yurtlariga qaytishardi.
Rasululloh (s.a.v.) o‘n ikki yoshlik paytlarida amakilari Abu Tolib bilan Basraga kelgan, keyin esa ayollari hazrat Xadichaning tijoratlari bilan mashg‘ul bo‘lganlar, bu yerlarda savdo-sotiq bilan shug‘ullangan edilar. Hozir esa Payg‘ambarimiz (s.a.v.) keltirgan da’voning tarafdorlari Shurayh bin Hasanning qo‘mondonligi ostida bu savdo markazini qurshab olishgandi.

Shahar devor bilan o‘ralgan edi. Tongda ochilgan eshikdan jang maydoniga chiqqan askarlar mo‘minlarning qarshisida saf tortdilar, jang boshlanib ketdi. Birozdan so‘ng Basra qo‘shinining qo‘li baland kela boshladi. G’alaba qozonishlari aniqdek tuyulardi. Uzog‘i bilan bir-ikki soatdan so‘ng zafar hayqiriqlari bilan mo‘minlarni oldilariga solib quvishlarini o‘ylagan basraliklar shavq bilan, hayajon bilan hujum qilishar, hujum paytida yuzlaridagi istehzoli kulguni ko‘rish qiyin emas edi.

Xuddi shu paytda uzoqda chang-to‘zoni ko‘tarildi. Ko‘ngillarda qo‘rquv va hadik hissi uyg‘ondi. Ter va chang tufayli tanib bo‘lmaydigan holga kelgan, sachragan qonlar qo‘rqinchli tus bergan yuzlarda tushunish mushkul bo‘lgan bir his paydo bo‘ldi.
Ammo hayot-mamot jangi bo‘layotgan bu maydonda hech kim g‘animidan ko‘zini uzib kelganlarga qarashga holi yo‘q edi.

Chang-to‘zon borgan sari yaqinlashmoqda edi. Jang maydoni birdan larzaga kelgandek bo‘ldi. Chunki yo‘g‘on bir ovoz Allohning buyukligini e’lon qilgani holda «Allohu akbar», deya hayqirdi. Keyin esa orqasidagi minglarcha kishilik qo‘shin takroran «Allohu akbar», deya baralla qaytardi. Basra qal’asining devorlarida aks-sado bergan bu ovozlar mo‘minlarga kuch bag‘ishladi va mag‘lubiyat eshigidan qaytganliklari uchun sevinch va hayajon bilan yana olg‘a bosdilar.

Kelgan Xolid bin Validning qo‘shini edi. Necha kunlardan buyon yo‘l yurgan va kurashgan qo‘shin dam olish haqida o‘ylamasdi. Qo‘llar qilichlarga uzaldi. Kilichlar havoda o‘ynadi. Bu daf’a chekinish navbati basraliklarga kelgandi. Chorasiz chekindilar. Musulmonlar, ayniqsa Xolid bin Valid idora qilgan qo‘shin yordamga kelgani tufayli baxtiyor bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:01:32

* * *
Bo‘layotgan voqealar qal’a boshlig‘i Rumanusni tahlikaga qo‘ydi. U ko‘p o‘ylab o‘tirmasdan ko‘nglidagini aytish maqsadida shahar oqsoqollari bilan birga kengash qildi. G’alaba qozonadigan holatda turgan paytlarida birdan taqdir g‘ildiragi aylanib mag‘lubiyat eshigiga kelib qolganliklarini aytib, so‘zini quyidagicha yakunladi:
— Bu qo‘shinning qo‘mondoni Xolid bin Valid bo‘ladi. U baquvvat, yoniga yaqinlashib bo‘lmaydigan yigit. Uning jangda mag‘lub bo‘lishi mumkin bo‘lmaydigan xodisa hisoblanadi. Shu sababli zarar bilan bo‘lsa ham jangni to‘xtatishni foydali, deb o‘ylayman. Agar mening gapimga quloq solsangiz ular bilan sulh tuzaylik, solig‘imizni beraylik va behuda qon to‘kilishining oldini olaylik, — dedi.

Rumanusning bu gaplari unga qimmatga tushdi. Shahar oqsoqollari uning gaplarini jiddiy e’tiroz bilan qarshi olishdi va «So‘zlaringning nihoyasida qanday ma’no yotganligini bilmayapsan», dedilar va bundan keyin uning rahbar bo‘lishini istamasliklarini ham bildirdilar.
Rumanus tom ma’noda to‘g‘ri gapni aytgandi, ammo shu to‘g‘ri so‘zlar bilan u o‘z mavqeini yo‘qotdi. Uni qal’a boshlig‘i vazifasidan ozod etishdi.

Shu sababli ushbu qisqa vaqt ichida yangi qo‘mondon tayinlanishi lozim edi. Vaqt ziq. Haqiqatan ham bu ish uzoq cho‘zilmadi. Tong yorishar ekan, tayinlangan yangi qo‘mondon o‘z zimmasiga juda og‘ir mas’uliyat olganini o‘ylar, tunni bedor o‘tkazayotgan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:03:11

* * *
Basraliklarning yangi qo‘mondonidan tashqari yana bir kishi tunni o‘yqusiz o‘tkazayotgan edi. U devorlar atrofida aylanib yurar, otini bir o‘ngga, bir chapga yugurtirar, ora-sira lablari qimirlab, «Allohim, o‘zing madadkor bo‘l», deb takrorlab qo‘yardi. Kunlar davomida betinim yo‘l yurgan, yo‘lda necha marotabalab jangga kirgan, doimo qo‘shinning old safida turib, oddiy jangchi kabi qilich o‘ynatgan, shu bois ko‘zlari va vujudi uyqu neligini unutgan bu fidoyi inson - Xolid bin Valid edi. Ertaga yana qilich ko‘tarib, jang qiladigan insonlar uchun uyqu qanchalik zarur bo‘lsa, bu qahramonning shaxsan o‘zi soqchilik qilishi ham shunchalik muhim edi.

Agar istasa xohlagancha soqchi qo‘yishi, o‘zi esa haqli ravishda to‘yib uxlashi mumkin edi. Chunki vujudi haddan ziyod charchagan, hordiq olishni istardi. Ertangi jang uchun ham uning dam olishi ahamiyatli edi. Ammo mas’uliyat tuyg‘usi uni ogohlikka da’vat qilardi. «Hammangiz cho‘ponsiz, har biringiz suruvingiz uchun javobgardirsiz», degan buyruqqa asosan harakat qilardi.

Faqat boshliqlarni bedor qilgan tun ortga chekindi. Yangi tong otdi. Yana ikki tomon yana ro‘baro‘ kelishdi. Basra qo‘shinining yangi qo‘mondoni maydonga chiqdi, o‘zini tanishtirdi va jang qilish uchun qarshisiga biror askar chiqishini istadi.
Islom qo‘shinidan hazrat Abu Bakr (r.a.)ning o‘g‘li Abdurahmon uning qarshisiga chiqdi va an’anaga binoan o‘zini tanitdi.

Unga javoban yangi qo‘mondon savol berdi:
— Qo‘shin qo‘mondoni senmisan?
—    Yo‘q, men oddiy jangchiman, - deb javob berdi u, - qo‘mondonimiz Shurayh bin Hasandir. Kecha kelgan guruhning qo‘mondoni Xolid bin Valid esa bosh qo‘mondonimizdir.
—    Demak, sen ham xalifaning o‘g‘li, ham oddiy askarsan, shundaymi?
— Ha.
—Haqiqatan ham xalifaning o‘g‘limisan? Yolg‘on so‘zlayotgan bo‘lmagin tag‘in?
—   Bizning dinimizda yolgon so‘z xaromdir. Mard insonga yolg‘on so‘zlash yarashmaydi.
—   Juda soz, lekin bu qanaqasi? Xalifaning o‘g‘li boshqaning amriga bo‘ysunadi?
—Bizda xalifaning o‘g‘li maxsus maqomga ega emas.
Boshqa musulmonlarning haqlari va burchlari qanday bo‘lsa, xalifaning o‘g‘li uchun ham xuddi shunday.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:04:11

Yangi qo‘mondon xalifaning o‘g‘li bilan qarshida turgan odamning turishi orasida bir bog‘liqlik topolmayotgandi. Masalan, Xiraqlning ukasini, hatto bir hokimning o‘g‘lini shu qiyofada tasavvur qilish uchun o‘zini majbur qildi, ammo tasavvur qilolmadi. Ammo bu yerga bu masalalarni hal qilish uchun kelgandi. Bu jang maydoni edi. Bu yerda tillar emas, qilichlar suhbatlashishi kerak edi.
—   Unday bo‘lsa, o‘zingni himoya qil, ey xalifaning o‘g‘li!

Abdurahmon uning hujumiga chap berdi. Bu safar Abdurahmon hujum qildi, ammo biror natijaga erisholmadi. Qarama-qarshi tushirilgan zarbalar bir-birini ta’qib etdi. So‘ng esa Abdurahmonning:
—   Mana bunday urish kerak, ey, qo‘mondon, — deya ko‘targan qilichi qo‘mondonning qonini yerga to‘kdi. U bu jarohatdan so‘ng jangni davom ettirolmasdi. Agar jang qila olsa qal’aga qochib qutulish eng aqlli harakat bo‘lardi. Shunday qilishga qaror qildi va qocha boshladi. Bu holatni ko‘rgan Xolid bin Valid umumiy hujum amrini berdi. Ikki taraf bir-biriga aralashib ketdi. Endi Basra qo‘shini uchun g‘alaba qozonish u yoqda tursin, hatto mag‘lub bo‘lmaslik ham bir muvaffaqiyat hisoblanardi. Qadam-baqadam chekindilar va qal’alariga kirdilar. O’rtada yuzlarcha o‘lik qoldirgan edilar. Yarador holda jonini saqlaganlar ham bisyor edi.

Rumanus o‘zining haqli taklifining achchiq mevasini qo‘mondonlikdan ozod qilinishi orqali totgan va haqoratlangandi. Shundan keyin u uyiga kirib oldi va jangda qatnashmadi. O’sha kuni ularni kuzatgach, o‘zining mutlaqo haq jangchi ekanligiga ishondi. Ayniqsa, Xolid bin Validdek qo‘mondon boshqarayotgan qo‘shinni yengish uchun ko‘kdan bir qo‘shinning tushishidan o‘zga chora borligiga hech kim uni ishontira olmasdi. Unga nisbatan nohaqlik qilganlar o‘zlari ham bu jangdan keyin yaxshigina dars olgandilar.

Lekin Rumanus «Bo‘ldi, peshonaga yozilgani shu ekan», deb o‘tiradigan odamlar toifasidan emasdi. Shu bois o‘rnidan turdi va qal’aning devoriga tutash bo‘lgan uyining devoridan bir odam sig‘ishi mumkin bo‘lgan bir teshik ochdi. U yerdan chiqib, qarshi tarafga yura boshladi. Lekin notanish ovoz uni to‘xtashga majbur qildi. Ko‘lida qilich tutgan ikki kishi unga yaqinlashib keldi va so‘roqqa tutdi:
—   Ey, Allohning quli, kimsan va nima istaysan?
—   Xolid bin Valid bilan ko‘rishmoqchiman. Men qal’aning sobiq qo‘mondoniman va ko‘rib turibsizki, qurolim yo‘q, — dedi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:05:51

Birgalikda yo‘lga tushdilar. Bir necha daqiqadan so‘ng g‘aroyib bir chodirning yonida to‘xtadilar. Do‘stlari bilan suhbatlashib o‘tirgan bir odam u tomonga yo‘naldi. Oy shulasida yuzi biroz ko‘rinib turgan bu odamni ko‘rgan zahoti Rumanus ichining titraganini his qildi. Avvalo o‘zini tanishtirdi, keyin esa basraliklarga kiritgan taklifi va ulardan ko‘rgan muomalani aytib berdi. So‘zini yakunlar ekan, «Qal’a devoridan ochilgan teshik orqali ichkariga kirishingiz mumkin», — degan taklifni aytdi.

Jangdagi g‘alabadan keyin mag‘lub tomondan bir kishining huzuriga kelishi har qanday qo‘mondonni o‘ylantirishi tabiiy edi. Sababi, bu odam tuzoq qo‘ygan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emasdi. Biroq qal’ani qo‘lga kiritish ham mumkin edi. Abdurahmon yana o‘ziga vazifa berilishini istadi. Yoniga yuz kishini olib, Rumanusning ortidan sassiz ilgarilay boshladilar. Teshikdan avvalo Rumanus kirdi. Ortidan Abdurahmon va sheriklari kirdilar. Shundan keyin ularning tadbirlari boshlandi. Dastlab Abdurahmon sheriklarini 25 kishilik guruhlarga ajratdi. Keyin takbir ovozini kutishlarini aytdi. O’zi esa 25 kishi bilan qal’a eshigiga keldi. Soqchilarni do‘pposlab, eshikni katta ochgach, baland ovoz bilan «Allohu akbar» deya takbir aytdilar. Ko‘chalarda boshqa 25 kishilik guruhlar ham baland ovozda takbir aytib, ilgari qadam tashlashdi.

Qanday voqea sodir bo‘layotganini tushunmasdan qilich ko‘tarib chiqqanlar ham bo‘ldi. Bu orada Xolid bin Valid qo‘shinni qal’a tomonga jo‘natgan, ko‘chalar askarlar bilan to‘lgan edi. Quyosh nurlari qal’a devorlariga tushgan paytda taslim bo‘lish kerakmi yoki urushib o‘lgan afzalmi, bu borada bir qarorga kelmagan Basraliklar umidsizlik bilan qilich solar, ammo borgan sayin ortga chekinishardi.
Va nihoyat Xolid bin Valid juz’ya berib, sulh tuzishni taklif qilgan bir necha kishiga ro‘baro‘ keldi. Darhol jangni to‘xtatishni buyurdi.

Shunday qilib, Suriyaning muhim savdo markazi hisoblangan Basra musulmonlar ixtiyoriga o‘tdi. Bundan keyin Basra qal’asida Islom bayrog‘i hilpiraydi. Masjidlarda Allohning buyukligi azon va ibodat bilan e’lon qilinadi, shu bilan birgalikda Basra xalqi o‘z e’tiqodlarida qolishlari va istaganlaridek tijorat qilishlari mumkin edi. Balki shu kunga qadar ko‘rmaganlari adolatli boshqaruvni yoqlovchilar ham topilgandir...

Ikki kun avval Rumanus kiritgan taklifning rad etilishi katta zararga olib kelgandi. Qancha qon to‘kilgan, ayollar beva, bolalar yetim qolgandi. Bir kunga qo‘mondon etib tayinlangan valiy ham endi bir umr majruh bo‘lib qolgan, nogironligi tufayli siqilib vaqti-vaqti bilan bir kunlik saltanatning achchiq xotiralarini eslab turardi.

Rumanus bir davlat arbobi sifatida yengolmaydigan raqibini hech bo‘lmasa qo‘lini o‘pib, zararni ozroq bo‘lishini istagandi, ammo so‘zini o‘tkazolmagandi.
Basrada bajarish lozim bo‘lgan tadbirlarni qisqa vaqtda hal qilgan Xolid bin Valid qo‘shinga harakatlanish amrini berdi. Endi ketma-ket g‘alaba nashidasini surayotgan qo‘shin Yarmuk tomonga yo‘l olgan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:08:25

ABUL OSNING VAFOTI

Hijratning o‘n ikkinchi yili, so‘nggi oylar Rasululloh (s.a.v.)ning to‘ng‘ich kuyovlari Abul Os bin Rabi umrining ham so‘nggi kunlari bo‘ldi. Odamlar haj maqsadida Ka’bani ziyorat qilisharkan, u ham hayotining so‘nggi lahzalarini o‘tkazardi. Ayoli Zaynabni tuproqqa topshirganiga to‘rt yil bo‘libdiki, hali ham uning xayoli bilan ovunadi. Axiyri o‘rnidan turolmaydigan bo‘lib qolgach: «Menga Zubayr bin Avvomni chaqiringlar», - dedi.

Hazrat Zubayr keldi, ko‘rishdilar. Maqsad qilib qo‘yib, bajara olmagan ishlarini unga tushuntirdi va shu ishlarni bajarishni vasiyat qildi.

Ko‘p o‘tmay Baqi’ qabristoni boshqa insonlar qatori uni ham o‘z huzuriga oldi. Yuzini qiblaga qilib yotqizishdi va ustidan tuproq tortishdi. Birodarlari uni iymon va amallari ila qoldirib, ortlariga qaytishdi. Iymon keltirmasdan oldin ham, keyin ham vafoli inson bo‘lgan, go‘zal axloq sohibi, mardligi bilan tanilgan Abul Os, ko‘ngillarda shirin xotiralar qoldirib ketgandi. Rasululloh (s.a.v.) ham u haqda fikr bildirib, shunday degan edilar: «Abul Osning kuyovligidan oilamiz rohatsiz bo‘lmadi».

Qayd etilgan


Abdullоh  11 Aprel 2009, 15:09:51

* * *
Oradan bir-ikki hafta o‘tdi. Ali bin Abu Tolib huzuriga bir mehmon keldi va u mehmonni ochiq yuz bilan kutib oldi.
—   Assalomu alaykum, ey tog‘amning o‘g‘li!..
—   Assalomu alaykum.
Zubayr bin Avvom ichkariga kirdi va hol-ahvol so‘rashdilar.
—   Seni muhim bir ish bilan yo‘qlab keldim, ey Ali.
—Marhamat, eshitaman.
—   Sen Abul Osga murojaat qilib qizi Umomaga xaridor bo‘lgan eding-a?
―Ha.
—Hali ham shu fiqrdamisan?
—   Albatga. Fotimaning vafotidan ko‘p qayg‘urdim, biroq Rasululloh (s.a.v.)ning qizi qoldirgan bo‘shliqni to‘ldirsa faqat uning (s.a.v.) nabirasi to‘ldiradi, deb o‘yladim. Bu nikoh menga baxt keltiradi, deb bilaman.
—   Unday bo‘lsa eshitginki, Abul Os vafotidan oldin bu ishga meni vakil qilib ketdi. Men uning nomidan Umomani senga nikoxlab beraman.
—Rahmat senga.

Shunday qilib, Umoma ota uyidan ayrildi. Hazrat Ali (r.a.)ning uyiga keldi. O’z xolasi hazrat Fotima (r.a.)ning omonatlari Hasan, Husan, Ummu Gulsum va Zaynablarga ona bo‘ldi. Bir paytlar uni olamlarga rahmat bo‘lgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yelkalarida olib yurardilar. Hatto Abu Qamado bir safar Rasululloh (s.a.v.) sajda qilarkan, Umomani yerga qo‘yar, turganda yana olib yelkalariga o‘tirg‘izar edilar. Bolaligi Payg‘ambarlar sultoni Muhammad (s.a.v.) quchog‘i va yelkasida o‘tgan, sevilishi ibodat bo‘lgan sevimli ota mehri bilan ulg‘aygan Umoma endilikda uy bekasi edi. Buyog‘iga Rasululloh (s.a.v.) nabiralariga onalik qilib, hayotini davom ettiradi.

O’zi Nabiylar Sarvari (s.a.v.)ning mehribon qo‘llari ostida kamolga yetgan edi, endi esa uning mehribon qo‘llari hazrat Fotima (r.a.)ning ortida qolgan bolalar boshini silaydi.

Qayd etilgan