Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139126 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 36 B


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:15:35

U yotoqxonada yechinayotganida barmoqlari titradi. Barmoqlarini bo‘ysundirishga urindi. Gazni o‘chirishguncha u yechinishi, tiz cho‘kishi, duo o‘qishi va to‘shakka yotishi kerak edi. U paypoqlarini sug‘urdi, shasha-pisha tungi uzun ko‘ylagini kiydi-da, qaltirab karavot yoniga tiz cho‘kdi va gaz o‘chib qolishidan xavotirda naridan-beri duo o‘qiy boshladi. U pichrlaganda yelkalari silkinib qo‘yardi.
Tangrim, otam bilan onamni o‘z panohingda
saqla va ularni men uchun asra!
Tangrim, ukalarim va singillarimni o‘z
panohingda saqla va ularni men uchun asra!
Tangrim, Denti bilan Charlz tog‘ani o‘z
panohingda saqla va ularni men uchun asra!
U cho‘qindi va sakrab to‘shakka sho‘ng‘idi, ko‘ylagining etagiga oyoqlarini chirmab, a’zoyi-badani titrab-qaqshab, muzday oq choyshabga kulcha bo‘lib o‘ranib oldi. Qazo qilganida do‘zaxga tushmaydi, qaltirog‘i esa hademay bosiladi. Yotoqxonada bolalarga xayrli tun tilagan ovoz eshitildi. U bir zum boshini chiqarib qaradi, karavotning oldi va yon tomonlariga tortilgan, uni to‘rt tomonidan bekitib turgan yashil pardalarga ko‘zi tushdi. Gazni sekin pasaytirib o‘chirishdi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:15:49

Nazoratchining qadam tovushi uzoqlashdi. Qayoqqa ketayapti? Zinadan yurib pastga tushib, keyin dahlizga o‘tarmikan yoki dahlizning to‘ridagi o‘zining xonasiga borarmikan? U zulmatni ko‘rdi. Qora it haqidagi gaplar rostmikan, tunlari bu yerda izg‘ib yurarmish, ko‘zlari to‘rt g‘ildirakli aravaning chiroqlariday katta-katta. Aytishlaricha, bu qotillarning arvohlari emish. Qo‘rquvdan uning badani qaltirab ketdi. Ko‘ziga qasrning zim-ziyo dahlizi ko‘rindi. Qartayib qolgan xizmatkorlar eski-tuski korjomalarida, zina tagidagi dazmolxonaga yig‘ilishdi. Bu ancha burun bo‘lgan. Qari xizmatkorlar churq etmay o‘tirishardi. O‘choqda olov lipillaydi, biroq past qop-qorong‘i. Birov dahlizga ko‘tariladigan zinadan chiqib kelayotir. Egnida oq marshallik plash, yuzi gazargan, befarq. Qo‘lini yuragi ustiga mahkam bosgan. Qari xizmatkorlarga befarq qaradi. Ular ham xo‘jayinlarining yuzini, kiyim-kechagini tanishdi va uning o‘qqa uchganini payqashdi. Biroq ular qaragan taraf qorong‘i edi, zim-ziyo, o‘lik sukunat. Ularning xo‘jayini Praga bo‘sag‘asida, juda uzoqda, dengizdan olis joyda ajal o‘qiga duchor bo‘lgan. U jang maydonida turardi, qo‘li ko‘ksiga mahkam bosilgan.
O‘, juda sovuq va bu haqda o‘ylash juda qo‘rqinchli! Qorong‘ida battar sovuq va battar qo‘rqinchli. To‘rt tomonda yuzidan qoni qochgan, g‘alati basharalar, fonarga o‘xshagan katta chaqchaygan ko‘zlar. Bu qotillarning arvohlari, uzoqlarda, dengizdan naridagi qonli jang maydonlarida o‘qqa uchgan marshallarning sharpalari. Ular nima demoqchi bo‘lishayotir, nega yuzlari g‘alati?
"œTangrim, tashrifingni bu dargohdan darig‘ tutma, bizni yo‘ldan ozdirguvchi shayton vasvasasidan o‘zing omon saqla..."

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:16:01

Uyga — ta’tilga! Qanday soz bo‘lardi! Bolalar unga aytishgan. Qish boshida erta tongda qasr darvozasi oldida hamma izvoshlarga o‘tirib oladi. G‘ildiraklar qayroqtosh yo‘lda g‘ichirlaydi. Rektorga xayr-xo‘sh aytgan so‘zlar jaranglaydi.
Ura! Ura! Ura!
Izvoshlar kichik butxona yonidan o‘tadi, hamma bosh kiyimini yechadi. O‘ynab-kulib qishloq yo‘liga chiqib olishadi. Aravakashlar qamchi bilan Bundenstaun2 tarafga ishora qiladi. Bolalar qichqiradi: "œUra!" Ijarachi Jollining uyi yonidan o‘tishadi. Ura, ura va yana bir bora ura! Shodon qiyqiriqlar bilan Kleyndan o‘tishadi, yo‘l chetida turgan odamlarga qichqirishib salom berishadi, ular ham kulib-qiyqirib alik oladi. Qiya ochiq eshiklar oldida qishloq ayollari qarab turishibdi, u yer-bu yerda erkaklarning qorasi ko‘rinadi. Qish havosining ajoyib hidi — bu Kleynning havosi: yomg‘ir hidi, eriyotgan torf va dehqonlarning dag‘al ust-boshlaridan anqiyotgan hid.
Poezd bolalar bilan tirband: uzun shokoladnusxa poezd. Konduktorlar nari borib, beri kelib, eshiklarni yopib-ochib yurishibdi. Ular to‘q havorang zarhalli mundir kiyib olishgan, qo‘llarida kumush hushtaklar, kalitlari quvnoq jiringlaydi: klik-klik, klik-klik.
Poezd Ellin qirlarini ortda qoldirib, tap-taqir tekislikda shitob bilan ketayotir. Telegraf og‘ochlari lipillab ortda qolayotir...

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:16:19

Poezd yeldek uchadi... U yo‘lni biladi. Uylari ayvonida fonarlar, yashil novdalardan yasalgan gulchambarlar bor. Pechakgul va ignabarglar katta toshoynani chirmab olgan, biri yashil, biri qirmizi pechakgul bilan ignabarg chilchiroqning girdiga chirmashib ketgan. Yashil pechakgul va qirmizi ignabarg devor bo‘ylab eski suratlarning tevaragiga o‘ralgan. Pechakgul ham, ignabarg ham uning shodligi uchun, mavlud ayyomi uchun.
Qanday soz!
O‘z uying — o‘lan to‘shaging. Salom Stiven! Shodon qiyqiriqlar. Onasi uni o‘padi. O‘pish shartmikan? Uning otasi endi marshal, sudya ham gapmi. Mana uyingdasan. Salom, Stiven.
Shovqin...
Bu sharaqlab ochilayotgan pardaning shovqini edi, chanoqlardan oqib tushayotgan suvning shuvillashi edi. Yotoqxonada uyg‘onib o‘rnidan turayotgan, kiyinayotgan va yuvinayotgan bolalarning shovqini: nazoratchi kaftini kaftiga urib, nari-beri borib kelar, bolalarga baqirib, ularni qistardi... Quyoshning zaif nurlari surib qo‘yilgan sariq pardalarga, g‘ijimlanib yotgan choyshablarga tushib turibdi. Uning to‘shagi tanchaday qizib ketgan, yuzi ham, a’zoyi-badani ham juda issiq.
U o‘rnidan turib, karovatning chetiga o‘tirdi. O‘zini darmonsiz sezdi. Uzun paypog‘ini kiymoqchi bo‘ldi. Paypog‘i juda qattiq, dag‘al tuyuldi, o‘zini behol sezdi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:16:42

Fleming so‘radi:
— Senga nima bo‘ldi, tobing qochdimi?
O‘zi bilmasdi nima bo‘lganini. Fleming tag‘in so‘radi:
— To‘shaginga kira qol. Men Makgleydga aytaman, tobi qochib qoldi, deyman.
— U kasal.
— Kim?
— Makgleydga aytinglar.
— Kir, kirib yotaver.
— U kasalmi?
Bolalardan biri qo‘ltig‘idan ushlab suyab turdi. U oyog‘iga yopishib qolgan paypog‘ini sug‘urib oldi va issiq to‘shakka kirib yotdi.
U to‘shagi sovib qolmaganiga quvonib, o‘zini choyshabning ichiga oldi. Qulog‘iga ertalabki ibodatga chog‘lanayotgan bolalarning o‘zi haqidagi gap-so‘zlari chalindi. Ablahlik qildi-da. Uni hojatxona teshigiga itarish — ablahlik bo‘ldi, deyishardi ular. Keyin bolalarning ovozi tindi, ular chiqib ketishdi. Karavoti yonidan kimningdir ovozi keldi:
— Dedalus, sen bizlarni chaqib bermaysan-a, to‘g‘rimi?
Qarshisida Uellsning basharasi ko‘rindi. Unga qaradi va Uellsning qo‘rqatyotganini sezdi.
— Men atay qilganim yo‘q. Aytmaysan-a, Stiven?

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:17:26

Otasi zinhor o‘rtoqlaring ustidan chaqimchilik qilib yurmagin, deb tayinlagan. U boshini chayqadi. "œYo‘q" dedi va o‘zini yengil his etdi.
Uells dedi:
— Chin so‘zim, ishon, men atay qilganim yo‘q. Men hazillashdim. Xafa bo‘lma.
Uellsning basharasi g‘oyib bo‘ldi, tovushi uchdi. Uzr so‘rayapti, chunki qo‘rqadi. Qo‘rqadi, go‘yo u bedavo dardga yo‘liqqanu... Giyohlarni qurt-qumursqa yeb bitiradi, jonzotlarni qisqichbaqa kemiradi yoki aksincha. Bu ancha oldin bo‘lgan edi, o‘shanda maydonda, kech kirib qosh qoraya boshlagan pallada, u komandasining dumida yer tepinib yurar va zim-zambil qush bo‘zrang havoda yer bag‘irlab uchardi. Lester abbatligida chiroqlarni yoqishdi, u yerda Uolsi qazo qildi. Uni abbatlar o‘zlari dafn etishdi.
Bu endi Uellsning emas, unga tikilib turgan nazoratchining basharasi edi. U tilyog‘malik qilayotgani yo‘q. Yo‘q, hecham, u chindan betob. Aldayotgani yo‘q. U manglayida nazoratchining qo‘lini sezdi, nazoratchining qo‘li ostida manglayi juda issiq va ho‘l ekanini his qildi. Go‘yo kalamushni ushlaganday seskandi — shilimshiq, jiqqa ho‘l va sovuq. Har qanday kalamushda ko‘zi ikkita, ular ko‘rish uchun. Terisi tuksiz, taqir, silliq va sirpanchiq: oyoqlari kichkina, yig‘ilgan, sakrashga qulay, qop-qora yiltillab turadigan ko‘zchalari bor, ko‘rish uchun. Ular biladi qanday sakrashni. Biroq trigonometriyani ular ikki dunyodayam tushunmaydi. O‘lganlari yonboshi bilan yotadi, ularning terisi qovjirab, qurib qoladi. Endi bu o‘limtik, xolos.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:17:51

Nazoratchi qaytib keldi, gapirayotgan uning ovozi, turish kerakligini aytayapti, unga ibodatxona bosh ruhoniysi tursin, kiyinib kasalxonaga borsin debdi. U o‘rnidan turib, kuchining boricha ildamroq kiyinishga urinayotganda nazoratchi dedi:
— Mana endi biz birga-birga Maykl og‘aning qabuliga boramiz va qorinchamizda taloto‘p bo‘layapti, deb aytamiz unga.
Nazoratchi shunday dedi, chunki u yaxshi odam. Uni kulsin deb atay shunday gapirdi. Biroq u kula olmadi, chunki iyagi, lablari qalt-qalt titrayapti, buni ko‘rgan nazoratchi o‘zi kulib qo‘ydi. Keyin qichqirdi:
— Qani bo‘l! Dadil-dadil qadam tashla!
Ular birga-birga zinadan pastga tushishdi va dahlizdan yurib, hammomning yonidan o‘tishdi. Hammomning eshigiga ro‘para kelganda u bezovta xavotir ichida ilmiliq, torf tusidagi bo‘tana suvni, iliq namxush havoni, suvga sho‘ng‘iyotgan gavdalarning shov-shuvi va sochiqlarning dorilar hidiga o‘xshash hidini esladi.
Maykl og‘a kasalxona eshigi oldida turardi, uning o‘ng tomonidagi qorong‘i xona eshigidan dorilarning hidiga o‘xshash hid kelardi. Bu javonlarga terilgan shishalardan chiqayotgan hid. Maykl og‘a bilan gapga kirishib ketdi. Maykl og‘a nazoratchining savollariga javob qildi va uni "œser", dedi. Uning sariq sochlariga oq oralagan, qiyofasi g‘alatiroq edi. Uning bir umr og‘aligicha qolishi qiziq. Uni "œser" deb chaqirish mumkin emasligiyam g‘alati, chunki u og‘a — tamom-vassalom, boshqalarga o‘xshamaydi. U boshqalarday taqvodor emasmikan? Boshqalardan nimasi kam uning?

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:18:11

Xonada ikkita karavot qo‘yilgan, bittasida bir bola yotgan edi, ular ichkariga kirishganda o‘sha bola qichqirdi.
— Salom boshlovchi Dedalus! Tepada nima gap?
— Tepada osmon bor, — dedi Maykl og‘a.
Bu uchinchi sinfda o‘qiydigan bola edi. Stiven yechinayotganda u Maykl og‘adan bir bo‘lak qizartirib pishirilgan non bilan yog‘ uzatishini so‘radi.
— Uzataqoling, iltimos, — dedi u.
— Yog‘ yegilari kelibdi-da, — dedi Maykl og‘a. — Hali doktor kelsin, sening javobingni beramiz.
— Javobimni berasizmi? — takrorlab so‘radi bola. — Men hali butkul sog‘ayganim yo‘q-ku.
Maykl og‘a gapini takrorladi:
— Beramiz, beramiz, ko‘ngling to‘q bo‘lsin. Buni senga men aytayapman.
U o‘choqdagi olovni qo‘zg‘amoqchi bo‘lib enkaydi. Uning beli chana tortadigan otlarnikiday uzun edi. U kosovni hafsala bilan silkiladi va uchinchi sinf bolasiga ma’nilatib bosh irg‘ab qo‘ydi.
Keyin Maykl og‘a chiqib ketdi, biroz o‘tib uchinchi sinf bolasi devor tomonga o‘girilib oldi va uxlab qoldi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:18:44

Mana, u kasalxonada. Demak, u kasal. Ular ota-onasiga xat yozib, xabar berishganmikan. Yaxshi bo‘lardi agar ruhoniylardan birortasi borib aytsa. Yoki o‘zi xat yozib berardi, eltib bersa.
Mehribon onajonim!
Men kasal bo‘lib qoldim. Uyga ketgim kelayapti. Tezroq keling, meni uyga olib keting. Men kasalxonadaman.
Suyukli o‘g‘lingiz Stiven.
Ular judam uzoqda! Deraza ortidan quyoshning taftsiz nuri yiltiraydi. Birdan o‘lib qolsa-ya? Axir, quyosh chiqib turgan kunda ham o‘lib qolishi mumkin-ku. Ehtimol, u onasi yetib kelguncha o‘lib qolar. Unday bo‘lsa dafn marosimini cherkovda o‘tkazishadi. Littl o‘lganda shunday qilishgan — unga bu haqda aytib berishgandi. Hamma bolalar qora kiyimda cherkovda yig‘ilishadi, hammasi motamsaro qiyofada. Uells ham keladi, biroq birorta bola unga qayrilib qarashni istamaydi. Keyin tobutni ohista ko‘tarishib, cherkovdan olib chiqishadi va katta xiyobon ortidagi jamoaning mo‘’jaz qabristoniga dafn etishadi. O‘shanda Uells qilgan ishiga afsuslanadi va jomning ma’yus sadosi taraldi.
Qulog‘iga hatto jom sadosi chalindi. Beixtiyor Brijet o‘rgatgan qo‘shiqni ichida takrorladi:

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:19:00

Qo‘ng‘iroq ding, donglab sado ber.
Alvidolar aytgin onajon!
Asra meni eski mozorda.
Akajonim qabri yonida.
Tobut chetidagi jiyak qarodir.
Olti nafar malak hamrohdir:
Duo o‘qir ikkovi, ikkovi kuylar.
Ikkisi jonimni falakka eltar.

Qanday go‘zal va mungli! Qanday chiroyli so‘zlar, ayniqsa, "œAsra meni eski mozorda", degan joyi. Badanida titroq turdi. Qanday mungli va qanday go‘zal! Uning yig‘lagisi keldi, xo‘rligi kelganidan emas, ana shu, xuddi musiqaday go‘zal va mungli so‘zlar uchun. Jom jaranglayapti. Alvidolar aytgin! Alvido!

Qayd etilgan