Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139192 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 B


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:10:10

— Hecham, — dedi Linch, — menga Veneraning gipotenuzasini ko‘rsat, yozaman.
— Demak, bundan chiqdiki, haqiqat muvozanatda, turg‘un. Nazarimda, Platon aytgan, go‘zallik — haqiqat yog‘dusi, deb. Fikrimcha, bu ta’rif haqiqat va go‘zallik bir-biriga aynan o‘xshash, degan ma’nodan boshqa ma’noni bermaydi. Haqiqat aql bilan anglanadi, go‘zallik tasavvur orqali qabul qilinadi. Haqiqatga tomon tashlangan birinchi qadam — aqlning chegaralarini va imkoniyatlarini anglashdan, tushunishga harakatning o‘zini tushunib olishdan iborat. Aristotelning butun falsafiy sistemasi uning psixologiyaga bag‘ishlangan asarlari zamirida yotadi, bu asarlar o‘z navbatida uning ayni bir atribut bir paytning o‘zida va bir xil munosabat bilan ayni bir sub’ektga tegishli bo‘lishi va tegishli bo‘lmasligi mumkin, degan fikriga tayanadi. Go‘zallikka tomon tashlangan birinchi qadam — tasavvurning chegaralarini va imkoniyatlarini anglab olmoq, estetik idroklashga harakatning o‘zini tushunishdan iborat. Tushunarlimi?
— Biroq go‘zallik o‘zi nima? — betoqat bo‘lib so‘radi Linch. — Biror boshqa aniqroq ta’rifini ayt-chi. Qaraganingda ko‘zing quvonadigan narsami u? Nahotki, Foma Akvinskiy bilan ikkalangning bor bilganlaring shular bo‘lsa?
— Masalan, ayolni olaylik, — dedi Stiven.
— Xo‘p, olaylik, — dedi qizishib Linch.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:10:35

— Yunonlar, turklar, xitoyliklar, koptlar, gottentotlar — ularning har qaysisida ayolning go‘zalligi haqida o‘zining ideali bor, — dedi Stiven. — Bu shunaqa chalkash masalaki, boshi-ketini topolmaysan. Biroq men unda ikki xil yechimni ko‘raman. Birinchi taxminga ko‘ra, ayollarning erkaklarda rag‘bat uyg‘otadigan har qanday jismoniy latofati erning naslini davom ettirishi bilan bog‘liq, deb qaraladi. Balki haqiqatan shundaydir. Hayot, sen tasavvur qilganingdan ko‘ra, zerikarliroq, Linch. Biroq bunday xulosa mening ko‘nglimga o‘tirmaydi. Chunki u estetikadan ko‘ra, ko‘proq yevgenikaga taalluqli. Bu xulosa seni chalkash yo‘llardan yangigina, didsizlik bilan bo‘yab-bejalgan auditoriyaga olib boradi va u yerda o‘zing bilgan Makkenn bir qo‘lida "œTurlarning kelib chiqishi"ni, boshqasida Yangi Ahdni ushlagancha, senga o‘zing bilgan — Veneraning bo‘liq sonlarini yoqtirishingni, u senga sog‘lom bolalar tug‘ib berishini, sening va o‘zining bolalarini to‘yimli sut bilan boqishini — o‘zing bilgan narsalarni tushuntiradi.
— Bu Makkenn uchiga chiqqan badbo‘y shumqiliq! — dedi azbaroyi ishonch bilan Linch.
— Yana boshqa bir yechim ham bor, — dedi kulib Stiven.
— Xo‘sh, qanaqa? — so‘radi Linch.
— Yana bir taxmin... — deb boshladi Stiven.
Ser Patrik Dan kasalxonasining muyulishidan temir-tersak ortilgan uzun arava chiqib keldi, uning shovqin-suroni Stivenning gapini oxirigacha eshittirmay qo‘ydi. Linch quloqlarini bekitdi va arava o‘tib ketguncha ijirg‘anib so‘kinib turdi. Keyin keskin ortga burildi. Stiven ham burildi va hamrohining jazavasi bosilishini kutib, bir necha soniya jim turgach, dedi:

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:11:03

— Bu taxmin oldingisining aksini taklif etadi. Garchi ayni bir ob’ekt hamma uchun birday go‘zal bo‘lib tuyulmasa-da, biroq unga oshufta bo‘lgan har qaysi odam bu ob’ektdan muayyan estetik tasavvurning u yoki bu darajasiga mos, o‘ziga ma’qul mutanosiblikni ko‘radi. Shunday qilib, tuyg‘u bilan anglanadigan, senga bir shaklda, menga boshqa bir shaklda ko‘rinadigan bu uyg‘unlik go‘zallikning muhim sifati sanaladi. Shu o‘rinda biz yana keksa birodarimiz Fomaga murojaat qilishimiz va undan to‘rt pullik hikmat qarz olib turishimiz mumkin.
Linch xoxolab kuldi.
— Juda qiziq, — dedi u, — har qadamda sen uni eslayverasan, xuddi xushchaqchaq meshqorin rohibday. Gaplaring jiddiymi o‘zi?
— Makalistr, — javob qildi Stiven, — mening estetik nazariyamni Foma Akvinskiy nazariyasiga amaliy qo‘llanma, deb atagan bo‘lardi. Filosofiyada estetikaga doir neki bo‘lsa, bu masalada men Akvinskiyga ergashaman. Biroq biz badiiy g‘oya fenomeniga yondashganimizda, badiiy g‘oya qanday olib kirilishi va singdirilishiga kelganimizda menga yangi terminologiya va yangi shaxsiy tajriba zarur bo‘ladi.
— Albatta, — dedi Linch, — axir, Akvinskiy o‘zining aqlliligiga qaramay, bir dilkash meshqorin rohib bo‘lgan, xolos. Biroq yangi shaxsiy tajriba va yangi texnologiya haqida sen menga boshqa safar aytarsan. Hozir birinchi qismini muxtasar qila qol.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:11:23

— Kim biladi, — dedi Stiven kulimsirab, — ehtimol, Akvinskiy meni sendan ko‘ra yaxshiroq tushunarmidi. U shoir edi. Otashin payshanbada aytiladigan madhiyani u yozgan. Madhiya: Pange, lingua, gloriosi*14 co‘zlari bilan boshlanadi va uni bejiz shirinsuxanlarning eng yaxshisi, deb hisoblashmagan. Bu murakkab, chuqur taskin beradigan madhiya. Men uni yaxshi ko‘raman. Biroq hech bir madhiya Venantsiy Fortunatning xochli namoyishda kuylanadigan tantanavor Vexilla Regis*15 qasidasiga tenglasholmaydi.
Linch sokin, tantanavor ohangda, do‘rillagan ovoz bilan xirgoyi qila boshladi:

Impleta sunt guae coneinit
David fideli carmine
Dicendo nationibus
Regnavit a ligno Deus*16.


— Zo‘r, — zavq bilan yakunladi u. — Mana bu muzika!
Ular Quyi Maunt-stritga burilishdi. Muyulishdan bir necha qadam o‘tishganda, ipak sharf boylagan semiz yosh yigit ular bilan salomlashdi.
— Imtihonlarning natijalari haqida eshit-dinglarmi? — deb so‘radi u. — Griffin yiqildi, Xelpin bilan O’Flinn ma’muriy fuqarolik ishlari bo‘limi bo‘yicha o‘tishdi. Munen hind ma’muriy ishlar bo‘yicha beshinchi bo‘lib o‘tdi. O’Shonnessi o‘nto‘rtinchi bo‘lib o‘tdi. Klarkning qo‘lida ishlaydigan irlandlar ularga ziyofat uyushtirishdi, hammasi kerri yeyishdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:11:37

Uning qonsiz, so‘ljaygan yuzidan muloyim ichiqoralik aks etib turar, yog‘ bosgan kichkina ko‘zlari xabarlarni yetkazishiga mos tarzda qisilib, butunlay ko‘rinmay qolar, chiyillagan tovushi zo‘rg‘a eshitilardi.
Stivenning savoliga javob qaytarayotib uning ko‘zchalari kosasidan chiqquday bo‘lar edi.
— Ha, Makkalli bilan men, — dedi u. —Makkalli nazariy matematikani tanladi, men — tabiiy tarixni. U yerda programmada yigirmata fan bor. Men yana botanikani tanladim. O‘zlaringga ma’lum-ku — men endi dala klubining a’zosiman.
U sollanib bir qadam ortga tisarildi, jun qo‘lqopdagi semiz qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi, bu joydan chiyillaganga o‘xshash hirqiroq kulgi tovushi chiqdi.
— Keyingi safar, dalaga chiqqaningda, bizlarga sholg‘om bilan piyoz olib kel, — dedi tundlik bilan Stiven, — dimlab go‘sht pishiramiz.
Baqaloq talaba takabburlik bilan kulib yubordi va dedi:
— Bizning dala klubimiz jamoasiga hurmatli insonlar yig‘ilgan. O‘tgan shanba kuni hammamiz birvarakayiga Glenmalyur ga bordik.
—Ayollar bilanmi, Donoven? — so‘radi Linch.
Donoven yana qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, dedi:
— Bizning maqsadimiz — bilim olish.
Shunday deb u darhol qo‘shib qo‘ydi:
—Mening eshitishimcha, sen estetika bo‘yicha ma’ruza yozayotganmishsan?
Stiven noaniq, yoqtirmagan ishora bilan javob qildi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:11:50

— Gyote va Lessing bu mavzuda ko‘p yozishgan, — dedi Donoven. — Klassik maktab, romantika maktabi va hokazolar. "œLaokoon" meni juda qiziqtirib qo‘ydi. Albatta, bu asar idealizm mafkurasi bilan sug‘orilgan, sof nemischa va judayam chuqurс•
Hech kim gap qo‘shmadi. Donoven ular bilan muloyim xayrlashdi.
—Xo‘p menga ruxsat, — dedi u mayin va dilkash ohangda. —Men judayam, hatto aytish mumkin bo‘lsa, ishonchga yaqin darajadagi xavotirdamanki, singilchalar bugun Donovenlarning tushligiga quymoq tayyorlashayotgan bo‘lishsa kerak.
—Xayr, — dedi Stiven uning ortidan, — sholg‘om bilan piyozni yodingdan chiqarma.
Linch uning ortidan qarab, nafrat bilan lablarini burishtirdi, basharasi iblis niqobiga o‘xshab ketdi.
— O‘ylaysanmi, bu shumqiliq, quymoqxo‘r muttaham yog‘li joyga joylashib olishi hech gap emas, — dedi u nihoyat, — men esa xashaki tamakini tutatib yuraverishim kerak.
Ular Merrion-skverga burilishdi va biroz jim ketishdi.
— Go‘zallik haqida aytganlarimni yakunlay, — davom etdi Stiven. — Tuyg‘u bilan erishiladigan nisbatan rohatbaxsh uyg‘unlik, shu tariqa badiiy idroklashning muhim bosqichlariga mos kelishi lozim. Ularni topa bilsang, mutlaq go‘zallik xossasini topasan. "œAd pulcritudinem tria reguiruntur integritas, consonantia claritas", deydi Foma Akvinskiy. Men buni shunday tarjima qilaman: "œGo‘zallikning uchta sharti bor: butunlik, garmoniya, nur". Xo‘sh, bu idroklashning bosqichlariga mos keladimi? Senga tushunarlimi?

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:12:25

— Albatta, — dedi Linch. — Agar sen mening yelkamdagi kallani qovoq deb o‘ylayotgan bo‘lsang, yugur, Donovenni to‘xtatib, gaplaringni tinglashini undan iltimos qil.
Stiven go‘sht do‘konining sotuvchisi boshiga kiyib olgan savatchaga ishora qildi:
— Mana bu savatchaga qara, — dedi u.
— Xo‘sh, ko‘ryapman, — javob qildi Linch.
— Bu savatchani ko‘rish uchun, — dedi Stiven, — sening onging, avvalo, uni tevarakdagi olamdan ajratib oladi, tevarak olam savatcha emas. Idroklashning birinchi bosqichi — bu idroklanayotgan ob’ekt bilan chegaralanadigan marra, chiziq. Estetik obraz bizga makon yoki vaqt doirasida namoyon bo‘ladi. Quloq orqali idroklanadigan narsa vaqt doirasida, ko‘z orqali idroklanadigani — makonda namoyon bo‘ladi. Biroq vaqtdami yoki makondami — estetik obraz, avvalo, makon va zamonning bepoyon fonida o‘zicha cheklangan yoki o‘zicha mustaqil ob’ekt sifatida idroklanadi. Sen uni alohida bir narsa sifatida qabul qilasan. Bir butun narsa sifatida ko‘rasan. Uni yaxlitlik tarzida idrok etasan. U ayni integritazning o‘zi.
— Nishonga aniq tegdi, — dedi Linch. — Qani, davom et.
— Keyin, — davom etdi Stiven, — sen bir nuqtadan boshqasiga o‘tib, shaklning sirtiga ko‘z yugurtirasan va narsani, uni ichidan tashkil etgan, qismlari muvozanatida anglaysan. Sen uning qurilishi ritmini his etasan. Boshqacha aytganda, bevosita idroklash sintezidan keyin fahmlash analizi keladi. Dastlab bu allaqanday butunlik ekanini idroklagan bo‘lsang, endi sen uni bir narsa deb his etasan. Sen uni muvofiq, uyg‘un yaxlitlik, murakkab, bo‘linuvchi, qismlardan tashkil topgan, shu qismlarning natijasi, ularning majmui deb qabul qilasan. Bu consonanta bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:13:04

— Nishonga aniq urding, — dedi kulib Linch. — Endi menga claritas haqida tushuncha ber, sigareta mendan.
— Bu so‘zning ma’nosi unchalik aniq emas, — dedi Stiven. — Foma Akvinskiy ishlatgan termin, meningcha, mavhumroq. Meni u ancha chalg‘itdi. Uning ta’rafidan gap idealizm va simvolizm haqida ketayotgani anglashiladi: uningcha, go‘zallikning oliy mohiyati — allaqanday boshqa olamdan taralayotgan nur, ayni paytda mavjudlik — atigi uning soyasi, materiya — uning timsoli, xolos. U claritas so‘zida hamma narsada zuhur bo‘luvchi ilohiy niyatning, rejaning badiiy inkishofini va mujassamlashuvini nazarda tutgan, demak, claritas — bu estetik obrazga umumiy mohiyat bag‘ishlaydigan va uni ichdan yoritib turadigan umulashtiruvchi kuch, deb o‘yladim. Endi esa buni men shunday tushunaman: sen dastlab savatchani allaqanday yaxlit narsa deb qabul qilding, keyin uni, shakl nuqtai nazaridan kuzatib, bir buyum ekanini anglading — mantiqiy va estetik nuqtai nazardan o‘rinli sintez shunday. Sen ko‘rib turibsan — ko‘z oldingda shu buyum turibdi, boshqa narsa emas. Akvinskiy aytgan nur suxolastikada — guidditas — g‘oyibdan berilgan xabar belgisi. Bu oliy sifat ijodkor tomonidan, dastlab uning idrokida estetik obraz tug‘ila boshlagan chog‘da, his etiladi. Shelli buni alanga olayotgan ko‘mirga juda chiroyli qiyoslagan: bu shunday lahzaki, unda go‘zallikning oliy sifati, estetik obrazning yorqin yog‘dusi ong orqali aniq-tiniq anglanadi; bu yog‘du sochuvchi estetik zavqdan so‘zsiz, tovushsiz stasisi, ruhiyatning uyg‘oq lahzasi yurakning ajab holatiga juda o‘xshaydiki, bu holatni italyan fiziologi Lundji Galvani hatto Shellinikidan kam bo‘lmagan go‘zal lutf bilan yurak afsuni, deb chiroyli ta’riflagan.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:13:35

Stiven jimib qoldi, garchi hamrohi gapirmayotgan bo‘lsa-da, o‘zining aytgan gaplari fikrlar afsunidan iborat g‘alati sukunat paydo qilganday tuyuldi.
— Mening aytganlarim, — davom etdi u, — keng ma’nodagi, adabiy an’analarga bog‘liq bo‘lgan go‘zallik ma’nosidagi so‘zga taalluqli. Biz go‘zallik haqida gapirib, bu so‘zning ikkinchi darajadagi ma’nosini nazarda tutganimizda, mulohazalarimiz, avvalo, san’atning o‘ziga va uning turlariga taalluqli bo‘ladi. Obraz, o‘z-o‘zidan ravshanki, ijodkorning ongi va tuyg‘ularini boshqa kishilarning ongi va tuyg‘ulari bilan bog‘laydi. Agar buni yodda tutsak, u holda, albatta, san’at uch xilga bo‘linadi, degan xulosaga kelamiz; ya’ni lirika, bunda ijodkor o‘z-o‘ziga bevosita munosabatidan kelib chiqib obraz yaratadi; epos, bunda ijodkor o‘ziga yoki boshqalarga bevosita munosabatidan kelib chiqib obraz yaratadi; va, drama, bunda obraz boshqalarga bevosita munosabatdan kelib chiqib yaratiladi.
— Sen buni menga bir necha kun oldin tushuntirganding, — dedi Linch, — o‘shanda rosa bahslashganmiz ham.
— Uyimda mening bir daftarim bor, — dedi Stiven, — unda o‘sha kuni sen menga bergan savollaringdan ko‘ra qiziqroq savollar yozilgan. Ana shu savollar ustida bosh qotirib, men g‘aroyib estetik nazariyani o‘ylab topdim, hozir senga uni tushuntirishga urinib ko‘raman. Mana, men o‘ylab topgan savollar: chiroyli qilib yasalgan stul fojiyaviymi yoki kulgilimi? Shunday deyish mumkinmi: Mona Liza portreti shuning uchun chiroyliki, men unga qaraganimda rohatlanaman? Filip Kremptonning byusti lirikmi, epikmi yoki dramatikmi? Yo‘q deydigan bo‘lsak, sababi nimada?
— Haqiqatan ham, sababi nimada? — dedi kulib turib Linch.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:13:55

— Agar odam, qahr bilan boltani g‘o‘laga urib, sigir shaklini bo‘laklab tashlasa, — davom etdi Stiven, — bu tasvir san’at asari bo‘la oladimi? Yo‘q deydigan bo‘lsak, sababi nimada?
— Bu zo‘r gap bo‘ldi, — dedi Linch, yana kulib. — Haqiqiy sxolastik safsata.
— Lessing, —dedi Stiven, — haykaltaroshlik to‘g‘risida yozmagani ma’qul edi. Haykaltaroshlik u qadar yuksak san’at emas va shu boisdan ham, o‘sha men aytgan, san’at turlarini o‘zida lozim darajada aks ettirmaydi. Hatto adabiyotday yuksak va o‘ta ruhiy-ma’naviy san’atda ham san’at turlari ko‘pincha qorishgan bo‘ladi. Lirik tur — bu, mohiyatan, ehtirosli lahzaning oddiy so‘zlarga o‘rab berilgan ko‘rinishi, ming yillar burun, qadim zamonda odam mashaqqat chekib eshkak eshib yoki tog‘da tosh tashib o‘ziga-o‘zi dalda berib bexosdan aytib yuborgan ritmik xirgoyisi. Bunday xirgoyi ehtirosli lahzanigina anglatadi, ehtirosni yuragidan kechirayotgan odamni emas. Oddiy epik shakl lirik adabiyotdan tug‘iladi, bunda ijodkor epik hodisaning markazi sifatida diqqat-e’tiborni o‘ziga qaratadi, ehtirosning og‘irlik markazi o‘zgarmaguncha va ijodkor o‘zidan hamda boshqalardan uzoqlashmaguncha bu shakl rivojlanadi, takomillashadi. Endi bu holda hikoya tarzi shaxsiy bo‘lishdan to‘xtaydi, ijodkor shaxsi hikoya tarziga ko‘chadi, rivojlanadi, harakatda bo‘ladi, xuddi tiriklik manbai bo‘lmish dengizday to‘lg‘anadi, kishilar atrofida aylanadi. Ayni shunday hodisa rivojini biz qadim ingliz balladasi "œTerpin — qahramon"da kuzatamiz; unda dastlab hikoya birinchi shaxs tilidan olib borilsa, oxirida uchinchi shaxs tiliga ko‘chadi. Dramatik shakl shu lojuvard dengiz to‘lqinlanganda, ya’ni sahnada harakat qilayotgan har bir odamni o‘ziga tortib, barchasini hayotiy kuch bilan quvvatlantirganda paydo bo‘ladi, bundan ularning har biri o‘z shaxsiy estetik mavjudliklarini kasb etadi. Ijodkor shaxsi — bu, avvalo, xirgoyi, ritmik nido yoki tovushlar uyg‘unligi, keyin u bir maromda oquvchi, o‘zgaruvchan ohanglardagi dostonga aylanadi; oxir-oqibat san’atkor asarda o‘zining ishtirokini nihoyatda nozik, sezilmaydigan darajagacha olib keladi, boshqacha aytganda, shaxsiy xususiyati, qiyofasini yo‘qotadi. Dramatik shakldagi estetik obraz — tasavvur orqali tozargan va amalga oshirilgan hayot. Moddiy yaratuvchilikka o‘xshatish mumkin bo‘lgan estetik ijodning siru asrorlari, imkoniyatlari yakun topdi. San’atkor yaratuvchi-tangri kabi, botinda, ortda, tepada yoki o‘z yaratganining tashida qoladi, o‘ta noziklashadi, sezilmaydigan darajaga keladi.

Qayd etilgan