Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139043 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 36 B


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:19:18

Quyoshning taftsiz nuri xira tortib qoldi. Maykl og‘a uning karavoti boshida, qo‘lida sho‘rva solingan kosani ko‘tarib turibdi. U ichida sevindi, chunki tanglayi qurib, tomog‘i qizib ketgandi. Maydonda o‘ynayotgan bolalarning qiy-chuvlari qulog‘iga chalinib turibdi. Bu kun ham kollejda hammasi oldingiday, xuddi o‘zi bor paytdagiday o‘tayapti. Keyin Maykl og‘a ketishga chog‘landi, uchinchi sinf bolasi uning, alabatta, kelib turishini va gazetalardagi yangiliklarni gapirib berishini iltimos qildi. U Stivenga ismi Eddi ekanini aytdi, otasining bir qo‘ra poyga oti borligini, ularning hammasi sovrin olgan yo‘rg‘alar ekanini va yana otasi Maykl og‘aga qaysi otga uning uchun sovrin qo‘yishini aytishi mumkinligini, chunki Maykl og‘a yaxshi odam ekanini, unga har kuni jamoaga kelib turadigan gazetalardagi yangiliklarni kanda qilmay gapirib berib turishini aytdi. Gazetalar turli-tuman yangiliklar, voqealar, kemalar halokati, sport va siyosat haqidagi xabarlarga to‘la.
— Hozir gazetalarda nuqul siyosat haqida yozishadi, — dedi u. — Sening ota-onang ham shu haqda gapirishsa kerak.
— Ha, — dedi Stiven.
— Biznikilar ham, — dedi u.
Keyin u bir daqiqa o‘ylab turib dedi:
— Sening ism-sharifing g‘alati-a — Dedalus, meniki ham g‘alati — Eddi. Mening ism-sharifim shahar nomidan, seniki lotinchaga o‘xshaydi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:22:10

Keyin u so‘radi:
— Sen topishmoq topishga ustamisan?
Stiven javob qildi:
— Unchalikmas.
Shunda u dedi:
— Qani top-chi, Kilder grafligi nimasi bilan grammatikaga o‘xshaydi.
Stiven javobi qanaqa bo‘larkan, deb biroz o‘ylandi, keyin dedi:
— Yutqazdim.
— Chunki unda ham, bunda ham "œEdi" bor. Tushunarlimi? Eddi—Kilder grafligidan shahar nomi, edi — grammatikada fe’l.
— Tushunarli, — dedi Stiven.
— Bu eski topishmoq, — dedi u.
Keyin biroz sukut saqlab turib, dedi:
— Bilasanmi?
— Nima? - so‘radi Stiven.
— Bu topishmoqni boshqacha yo‘l bilan topsa ham bo‘ladi.
— Boshqacha yo‘l bilan? — so‘radi Stiven.
— Shu topishmoqni-da, — dedi u. — Bilasanmi, uni qanday qilib boshqacha yo‘l topish mumkin.
— Yo‘q, — dedi Stiven.
— Topolmaysanmi, a?

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:24:39

U o‘mganini ko‘tarib, Stivenga qaradi. So‘ng o‘zini yostiqqa tushlab, dedi:
— Boshqacha yo‘l bilan topsa bo‘ladi, qanday topishni aytmayman.
Nega u aytmadi? Uning otasining bir qo‘ra poyga oti bor, demak Sorinning, Sassiq Rouchning otasiday sudya bo‘lsa kerak otasi. Stiven o‘zining otasini esladi, onasi royal chalganda otasi qo‘shiq aytardi va har safar u tanga so‘raganda otasi so‘m berardi, otasining boshqa bolalarning otasiday sudya emasligi unga alam qildi. Unda nega bu bolalarga qo‘shib, uni ham bu yerga o‘qishga berishdi? Biroq otasi bir gap aytgan, senga bu joy begona emas, chunki bundan rosa ellik yil burin bobong bu yerda Xaloskor1 nomini olgan, degan. O‘sha zamonning odamlarini eski urfdagi kamzullaridan bilsa bo‘ladi. O‘sha paytlarda hammasi tantanavor ruhda kechgan — balki, deb o‘yladi u, o‘sha paytlar Klongousning tarbiyalanuvchilari mis tugma qadalgan havorang kalta kamzulda yurishgandir, sariq nimcha ham, quyon terisidan tikilgan qalpoq ham kiyishgandir, pivo ham ichishgandir kattalarga o‘xshab, quyon ovi uchun tozi ham asrashgandir.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:25:04

U derazaga qaradi, kunduzning yorug‘i yanada xira tortganini ko‘rdi. Endi maydoncha tepasini ham, ehtimol, bo‘zrang bulut qoplab olgandir. Maydonchada jim-jitlik. Bolalar sinfda masala yechayotgan bo‘lishsa kerak yoki hazrat Arnoll ularga ovoz chiqarib kitob o‘qib berayotgandir.
Unga biror-bir dori berishmayotgani g‘alati. Ehtimol, Maykl og‘a qaytib kelsa, o‘zi bilan olib kelar. Kasalxonaga tushsang allaqanday sassiq suyuqlik ichirishadi deyishgandi. U o‘zini oldingidan ko‘ra tuzukroq his qildi. Asta-sekin sog‘ayib ketgani tuzuk-da. Sog‘aysa kitob so‘rashi mumkin. Kutubxonada Gollandiya haqida kitob bor. Unda ajnabiycha g‘alati atamalar, g‘aroyib shaharlar va kemalarning suratlari bor. Ularni mazza qilib tomosha qilsa bo‘ladi!
Derazaning yorug‘i buncha so‘nik bo‘lmasa! Biroq shunisi ma’qul. Devorda olov bir ko‘tarilib, bir tushadi. Bu dengiz to‘lqinlariga o‘xshaydi. Kimdir o‘choqqa ko‘mir tashladi va u ovozlarni eshitdi. Ular gaplashayotgandi. Xuddi to‘lqinlarning shov-shuviday. Yoki bu to‘lqinlarmikan — ko‘tarilib, tushib gaplashayotgan.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:25:14

U bostirib kelayotgan to‘lqinlarni ko‘rdi — o‘rkach-o‘rkach uzun qora po‘rtanalar bulutday ko‘tariladi, tushadi, oysiz oqshomda battar qorayib ko‘rinadi. Kemalar kiradigan ko‘rfazdagi minoraga o‘rnatilgan mayoqda xira shu’la miltillaydi va u qirg‘oqqa yig‘ilgan odamlarni ko‘rdi. Ular ko‘pchilik edi, bandargohga kirib kelayotgan kemani ko‘rish uchun qirg‘oqqa yig‘ilishgandi. Bir novcha odam kema ortida zim-ziyo taqir qirg‘oqqa qarab turibdi. Mayoqning xira shu’lasida Stiven uning yuzini ko‘rdi. Bu Maykl og‘aning motamsora yuzi edi.
U Maykl og‘a olomon sari qo‘lini qanday cho‘zganini ko‘rdi va suv ustida taralgan achchiq qayg‘uli ovozni eshitdi.
— U o‘ldi. Biz uning jasadini ko‘rdik.
Olomon aytib yig‘lardi:
— Parnell! Parnell! U o‘ldi!
Og‘ir musibatga tushgan olomon ohu faryod qilib, tiz cho‘kdi.
U jigarrang baxmal ko‘ylakda, yelkasidan oshirib yashil baxmal rido tashlab olgan, qirg‘oq labida tiz cho‘kkan olomon oldidan viqor bilan bir so‘z demay, g‘oz yurib o‘tib borayotgan Dentini ko‘rdi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:25:58

* * *
Qip-qizil cho‘qqa aylangan toshko‘mir uyumi kaminda alangalanayotir, pechakgullar qoplagan qandil ostidagi mavlud dasturxoniga noz-ne’matlar tortilgan. Ular biroz kechikishdi, ovqat esa hali ham tayyor emas: biroq onasi birpasda tayyor bo‘ladi, dedi. Ular eshikning ochilishini va xizmatkorlarning og‘ir metall qopqoqlar yopilgan idishlarni ko‘tarib kirib kelishini kutib o‘tirishardi.
Hamma kutayotir. Charlz tog‘a uy to‘rida — deraza oldida o‘tiribdi. Denti va mister Keysi kaminning ikki tarafidagi oromkursilarda, Stiven esa ularning o‘rtasida stulda oyog‘ini kaminning panjarasiga qo‘yib o‘tiribdi. Mister Dedalus o‘zini kamin ustidagi oynaga solib qaradi, mo‘ylovining uchini burab qo‘ydi va frakining etaklarini qayirib, orqasini olovga o‘girib turdi, biroq u tez-tez qo‘lini ko‘tarib, mo‘ylovining goh u, goh bu uchini toblardi. Mister Keysi boshini bir yonboshga tashlab, kulimsirab, gardaniga shapatilab urib qo‘yardi. Stiven ham jilmaydi: u kumush tanga solingan hamyon mister Keysining kaftidadir deb o‘ylab, uning mahkam siqilgan mushtini ochmoqchi bo‘lib urindi, lekin mister Keysining barmoqlari toshday qotib qolgan edi. Shunda mister Keysi malika Viktoriyaga tug‘ilgan kuni munosabati bilan sovg‘a taqdim etganimdan beri shu uchta barmog‘im akashak bo‘lib qolgan, deb aytdi unga. Mister Keysi gardaniga shapatilab urib qo‘ydi va Stivenga qarab uyquli ko‘zlari bilan kulimsiradi, mister Dedalus esa shunday dedi:

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:26:33

— Xo‘-o‘sh. Yaxshi bo‘ldi-da. Ammo zo‘r bo‘ldi yurib kelganimiz! To‘g‘rimi, Jon! Xo‘-o‘sh... Bugun ovqatlanish nasib qilarmikan o‘zi, bilsak bo‘ladimi? Toza havodan to‘yib nafas oldik. Harqalay yomon bo‘lmadi, jin ursin.
U Dentiga o‘girilib dedi:
— Siz bugun umuman chiqmadingiz-a, missis Rayorden?
Denti qovog‘ini uydi va qisqa javob qildi:
— Yo‘q.
Mister Dedalus frakining etagini tushirdi va bufetning oldiga keldi. U tokchadan viski solingan kattakon sopol ko‘zani oldi va undan sekin grafinga quya boshladi, quya turib egildi, qancha quyganini ko‘rmoqchi bo‘ldi. Keyin ko‘zani yana bufetga qo‘ydi-da, ikkita qadahchaga oz-ozdan viski quydi, ustidan ozroq suv qo‘shdi va qadahlarni ko‘tarib kaminning oldiga keldi.
— Ovqat oldidan ishtahani ochadi-da, Jon, — dedi u.
Mister Keysi qadahni qo‘liga olib, bir ko‘tarishda bo‘shatdi va uni yoniga — kaminning ustiga qo‘ydi. Keyin dedi:
— Hozir men oshnamiz Kristoferni esladim, uning qo‘li qo‘liga tegmaydi...
U xoxolab kuldi, yo‘taldi, so‘ng qo‘shib qo‘ydi:
— Terga botib yigitlariga shashpan ulashadi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:28:09

Mister Dedalus qattiq kuldi.
— O‘sha Kristimi? — dedi u. — Ha, uning taqir boshiga bitgan har bitta so‘galda bir to‘da firibgarnikidan ortiqroq ayyorlik bor.
U boshini osiltirdi, ko‘zlarini yumdi va huzur qilib labini yaladi, so‘ng xonadonning xo‘jayiniga xos ovozda gap boshladi:
— O‘zini nechog‘i bo‘sh-bayov qilib ko‘rsatadi! Sayrab yuboradi-ya, dog‘uli! Qo‘y og‘zidan cho‘p olmaganday! Voy, anoyi!
Mister Keysini hamon yo‘tal zabtiga olar, u o‘zini kulgidan to‘xtata olmasdi. Stiven otasining soxti-sumbatida, tovushida xonadonning xo‘jayinini ko‘rganday, ovozini eshitganday bo‘ldi va kulgisi qistadi.
Mister Dedalus ko‘ziga oynakni qo‘ndirib, o‘g‘liga qarab, xotirjam va mehribon ohangda dedi:
— Xo‘sh, bolakay, sen nega kulayapsan, a?
Xizmatkorlar kirib kelishdi va idishlarni dasturxonga qo‘yishdi. Ularning ortidan missis Dedalus kirdi va hammani dasturxonga taklif qildi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:28:17

— Marhamat qilinglar, — dedi u.
Mister Dedalus o‘zining joyiga kelib o‘tirdi va dedi:
— O‘tiring, missis Rayorden.
— Keling, Jon, azizim.
U Charlz tog‘a o‘tirgan tomonga o‘girilib qo‘shib qo‘ydi:
— Marhamat qiling, ser, taom muntazir.
Hamma kelib joylashganidan so‘ng u ovqat solingan idishning qopqog‘iga qo‘lini qo‘ydi va birdan xato qilganini payqab qolib, qo‘lini tortdi:
— Qani, Stiven.
Stiven ovqat oldidan duo o‘qish uchun o‘rnidan turdi.
"œO‘z panohingda asra bizni, Tangrim, muruvvatingni darig‘ tutmagaysan. Xaloskorimiz — Iso haqqi bizni rahm-shafqatingga doxil etgaysan. Omin".
Hamma cho‘qinib oldi va mister Dedalus xursandligi-dan nafasini rostlab olib, idishning girdida yog‘ tomchilari yaltirab turgan zilday qopqog‘ini ko‘tardi.

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 20:28:32

Stiven idishdagi qovurilgan kurkaga qaradi, u kurkani ertalab oshxonadagi stolda, oyog‘i boylangan va kegay sanchilgan alpozda ko‘rgan edi. Otasi D‘Oler -Stritdagi Danda bu kurka uchun bir geniya sarflaganini va sotuvchi barmog‘i bilan kurkaning to‘shiga niqtab, bu bilan parranda juda xaridorgir ekanini uqtirmoqchi bo‘lganini Stiven bilardi va u beixtiyor sotuvchining ovozini esladi:
— Oling buni, ser. Keyin xursand bo‘lasiz. Zotdor parranda.
Nega mister Barret Klongousda bolalarning qo‘liga uradigan chizg‘ichni kurka deydi? Biroq Klongous uzoqda, dasturxondagi idishlardan esa kurka go‘shtining, seldirning qaynoq xushbuy hidi taraladi, kamindagi alanga gurillab tepaga o‘rlaydi, yam-yashil pechakgullar va qirmizi ignabarglar esa ko‘zni quvontirib, ko‘ngilga shodlik ulashadi! Keyin esa, ovqatlanib bo‘lishgach, bodom mag‘zi sepilgan, ko‘katlar bilan bezatilgan kattakon plampudingni tortishadi, uning tegrasida zangori olov jimirlaydi, ustida esa yam-yashil jajji bayroqcha hilpirab turadi.

Qayd etilgan