Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139208 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 B


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:14:16

— Ularni ham o‘ta noziklashtirishga, sezilmaydigan darajaga keltirishga urinib, — qo‘shimcha qildi Linch.
Tepadan, bulutlar qoplab olgan osmondan mayda yomg‘ir tomchilari tusha boshladi va ular jala quyib bermasidan burun Milliy kutubxonaga yetib olishga ulgurish uchun maysazorga burilishdi.
— Buncha jag‘ing ochildi sening, — dedi tajanglik bilan Linch, — go‘zallik haqida og‘iz ko‘pirtirib, bu baxtiqaro, tangri marhamatidan benasib oroldagi xayolu farazlaringni javraganing-javragan. O‘sha yaratguvchi-ijodkor mana shunday bema’nilikni yaratib qo‘yib, o‘zi kelgan joyiga daf bo‘lgani nahot seni ajablantirmaydi.
Yomg‘ir kuchaydi. Ular irland Qirollik akademiyasining darvozasiga yetganda kutubxona ayvonida yomg‘irdan panalab turishgan talabalarni ko‘rishdi. Krenli ustunga suyanib, tishini gugurt cho‘pi bilan kovlagancha, o‘rtoqlarining gapini tinglardi. Tashqariga chiqiladigan eshik oldida bir nechta qiz turishibdi. Linch Stivenga shipshidi:
— Sening mahbubang shu yerda.
Stiven yomg‘irning tobora kuchayib borayotganiga e’tibor qilmay, talabalardan bir zina quyiroqdan joy egalladi va ora-sira qiz turgan tomonga qarab qo‘ydi. Qiz ham dugonalari davrasida miq etmay turardi. "œRuhoniy yo‘q — ermak qilgani yo‘q biror kimsa", deya u alam bilan qizni oxirgi marta qachon ko‘rganini esladi. Linch to‘g‘ri aytdi. Haqiqatan ham uning aqli nazariy muhokamalardan boshqasiga yaramay qolgan.
U talabalarning gapiga quloq soldi. Ular hozirgina bitiruv imtihonini topshirishgan tibbiyot fakultetidagi do‘stlari haqida, okeanda suzadigan kemaga qanday qilib ishga joylashish mumkinligi, daromadli va daromadsiz amaliy mashg‘ulotlar haqida gaplashishardi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:14:28

— Bular bari bir tiyin. Irland qishloqlaridagi amaliy mashg‘ulotlarning nafi katta bo‘ladi.
— Xaynz Liverpulda ikki yil bo‘ldi, uyam xuddi shunday fikrda. Akusherlikdan boshqa hech ish yo‘q deydi.
— Xo‘sh, seningcha, bunday boy shahardan ko‘ra, qishloqda ishlash yaxshi ekanmi? Mening bir tanishim bor.
— Xaynzgayam ishonadimi odam, miya yo‘g‘u unda. Qoriday yodlab baho olardi, faqat yodlab.
— Nimasini gapirasan o‘shani... Katta shaharda zo‘r pul topsa bo‘ladi.
— Hammasi tajribaga bog‘liq.
— Ego credo vita panperum est simpliciter atrox, simpliciter sanguinarius atrox, in Liverpoolio*17.
Ularning ovozlari Stivenning qulog‘iga juda uzoqdan sezilar-sezilmas eshitilayotgan edi. Qiz dugonalari bilan ketishga chog‘landi.
Qisqa, yengil jala quyib o‘tdi, qorayib ketgan yerdan bug‘ ko‘tarildi. Qizlar poshnalarini taqillatishdi; ular ustunlar yonida, zinapoyada turishar, ochilib-sochilib gaplashishar, osmondagi bulutlarga qarab qo‘yishar, yomg‘irning so‘nggi tomchilariga shamsiyalarini tutishar va yana yig‘ishtirib, nozu ishva bilan ko‘ylaklarining etagini ko‘tarib, silkib qo‘yishardi.
U qizni qoralaganda me’yoridan oshirib yubormadimikan? Nima bo‘pti, axir, u kunlarini bo‘m-bo‘sh o‘tkazayapti-ku, xuddi erkin qushchaday tongda chaq-chaq, kunduz pirillab uchib, shomda charchab — o‘tkinchi hoyu-havaslarga sovurmayaptimi? Yuragi ham qushchanikiday hurkak, o‘jar emasmi?

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:14:52

* * *

Tong yorishganda u uyg‘ondi. O‘, qanday yoqimli musiqa! Ruhi shudringga cho‘milgan bargday yengil va toza. Quyoshning oppoq, taftsiz nurlari uning hali uyqu tark etmagan badanida sirg‘aladi. U qimir etmay yotar, ruhi esa sokin yoqimli musiqa og‘ushida, salqin, orombaxsh nur quchog‘ida yayraydi. Idroki asta-sekin uyg‘onib, ertalabki bilim, ertalabki ilhomni o‘ziga singdirib olmoqqa chog‘lanadi. Borlig‘ini suvday toza, shudringday shaffof, musiqaday shiddatli bir ko‘tarinki kayfiyat egalladi. U shu qadar yengil va shu qadar huzurbaxsh, go‘yo unga oliy maqomdagi farishtalar dam solganday edi. Ruhi go‘yo lazzatli holatini yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chiganday, ohista uyg‘onardi. Bu shunday bir sohir tong pallasi ediki, ayni damda anvoyi gullar nurga yuzlanib qulf urib ochiladi, kapalaklar sassiz parvoz qiladi.
Yurak qaynab-toshadi! Oqshom afsungar misol sehrli edi. Tushidami yoki o‘ngidami, u o‘zini yo‘qotar darajada zavq-shavq tuydi. Bu jazavali lahzalar qancha davom etdi: faqat bir afsunli daqiqami yoki bir necha soat yoki yillar va asrlarga cho‘zildimikan?
Ilhom lahzalari endi bir yo‘la hamma yoqdan — ro‘y bergan yoki ro‘y berishi mumkin bo‘lgan son-sanoqsiz xayoliy tasodiflardan ko‘rinish berayotganday tuyuladi. Lahza xuddi yog‘duday yarq etdi va mana, tasodifiy, noayon shakl uning nurli izini chulg‘ab olayotir. O‘, tasodifning bokira quchog‘ida So‘z yetilayotir. Tangri elchisi farishtalar sarkori Gavriil Bibi Maryam dargohiga tushib keldi1. Porloq nur uning ruhini chulg‘adi, qip-qizil qaynoq yog‘duga aylanib toshdi va ruhi alanga otashiga burkandi. Qip-qizil qaynoq yog‘du — bu bokiraning o‘jar, sirli-sehrli yuragi: uni burun payqashmagan, keyin ham sezmadilar, abadiy sirli-sehrli va o‘jar yurakni. Va bu qip-qizil qaynoq nurdan sarxush bo‘lgan farishtalar qavmi ko‘k toqidan qulab tushadi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:15:23

Toliqdinmi qaynoq nurlarda
Mahzun jonni sehriga olgan?
Uxla, yodim, kunlar sehrila.


Idrokining tub-tublaridan satrlar lablariga quyulib keldi va ularni pichirlab aytib, u villanella ohangi qanday paydo bo‘lishini his etdi. Shaffof yog‘du qofiyalarni yoritadi: nurlarda, sehrila, ko‘zingda. Lov etib yongan alanga olamni nurafshon etgan, odamlar va malaklarning yuragini yoqqan; atirgul yolqini bokiraning o‘jar yuragi.

Olovlanar yurak ko‘zingda
Qismatiga egadirsan san.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?


Davomi-chi? Ohang yo‘qolib qoldi, o‘chdi, yana paydo bo‘ldi va jonlana boshladi. Davomi-chi? Tutun, olam mehrobidan taralayotgan xushbo‘y tutatqi.

Fimiam tutuni ko‘kda suzar-da
Hatto yer qa’ri-yu dengizga ko‘char.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:15:46

Yer yuzi bo‘ylab xushbo‘y tutatqi dudi o‘rlaydi, bug‘ga cho‘lg‘angan okeanlardan ko‘tariladi — barchasi Bokira sharafiga! Yer — sokin chayqalayotgan isriqdon, tutantiriq solingan shar. Ohang tuyqusdan yo‘qoldi. Yurak faryodi uzilib qoldi. Lablari ilk misralarni qayta-qayta pichirladi. Keyin, adashib, tag‘in bir necha satrlarni pichirladi va duduqlanib, jimib qoldi. Yurak faryodi uzilib qoldi.
Tumanli, shabadasiz sokin damlar o‘tdi, parda tutilmagan deraza ortida tong yorug‘i yoyildi. Allaqaerdan jomning hazin sadosi eshitildi. Qushcha chirqilladi, mana, yana chirqilladi, yana... Keyin jom chaldi — qushlar tinchidi; xira, oqish yog‘du olamni chulg‘ab sharqu g‘arbga quyiladi, uning yuragini qizil shafaqqa burkaydi.
Unutib qo‘yishdan cho‘chib, u chaqqon tirsagiga tayanib turdi, qog‘oz va qalam qidirdi. Stolda kecha kechqurun o‘zi guruchli ovqat yegan chuqur taqsimcha, shamning erib tushgan qoldiqlari va kuygan qog‘ozlar uyumidan boshqa hech vaqo yo‘q edi. U qo‘lini horg‘in cho‘zib karavotning suyanchig‘iga tashlab qo‘yilgan kamzulining cho‘ntagini kovlay boshladi. Barmoqlariga qalam va sigaret qutisi ilindi. U yana cho‘zildi, qutini yirtib, oxirgi papirosni olib deraza peshtaxtasiga qo‘ydi va dag‘al kartonga mayda aniq harflar bilan villanellaning bandlarini qoralay boshladi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:16:19

She’rni yozib bo‘lib, g‘ijimlangan yostiqqa boshini tashladi va tag‘in misralarni pichirlab takrorladi. Boshiga yostiq ichida to‘da bo‘lib qolgan patlarning botayotgani yotoqdagi divanga tushgan ot qilining uyumini yodiga soldi. Odatda u shu joyda — goh jilmayib, goh xayolga tolib o‘tiradi, shunday damlarda qizdan ham, o‘zidan ham norozi kayfiyatda, idish-tovoq joylangan shkaf ustidagi toshbosmada bosilgan Isoning muqaddas yuragi suratidan dili xijil bo‘lib, o‘zidan: nega bu yerga keldim, deb so‘raydi. Suhbat to‘xtaydi, qiz uning qoshiga keladi va yoqimli ashulalardan birortasini kuylab berishini so‘raydi. U eski pianino ro‘parasiga o‘tiradi, sarg‘aygan klavishlarni bir-bir bosib, yana boshlangan oldi-qochdi gaplar og‘ushida qizga — u kamin oldida turibdi — yelizaveta zamonining ayriliq azobidan beozor shikoyat qilgan oshiqning go‘zal ashulasini, Azenkur bo‘yidagi g‘alaba qo‘shig‘ini va suyumli "œYashil yenglar" qo‘shig‘ini kuylaydi. U kuylayotganda qiz eshitadi yoki o‘zini eshitayotganday qilib ko‘rsatadi, uning yuragi esa xotirjam, biroq qadimgi nafis ashulalar tugaganda va tag‘in qulog‘iga oldi-qochdi gap-so‘zlar chalinganda, beixtiyor bu uyda hademay yoshlarni sansirab, ismini aytib chaqira boshlashlari haqidagi istehzoli mulohazasi yodiga tushadi.
Ayrim lahzalarda qizning ko‘zlari unga ishonch bilan qarayotganday tuyuladi, biroq uning umidi oqlanmaydi. Endi uning xotirasida qiz yengil raqsga tushgan, xuddi o‘sha ko‘ngilochar oqshomdagiday, keng-mo‘l oppoq ko‘ylakda, sochlariga oq gullarni butog‘i bilan tang‘igan ko‘yi jonlanadi. Qiz nigohini xiyol chetga burgan, yonoqlari nim pushti tovlanadi. Jo‘r bo‘lganlarning qo‘l ushlashgan halqasi siqib kelganda qizning qo‘llari bir lahza mayin, nozik sovg‘aday uning qo‘llariga qo‘ndi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:16:35

— Siz anchadan beri ko‘rinmaysiz.
— Ha, men ruhoniytabiatroqman.
— Shakkokmisiz deb qo‘rqaman.
— Bu sizni qattiq cho‘chitadimi?
Javob berish o‘rniga qiz raqs tushib, tutashgan qo‘llar zanjiridan uzoqlashadi, hech kimga tutqich bermay yengil, ozod aylanib o‘ynaydi. Sochidagi oq gul butog‘i harakatiga mos tebranadi. Aylanib soya joyga kelganida yonog‘idagi qizillik yanada aniq-tiniq alangalanadi.
Ruhoniy! Uning shaxsiy obrazi ro‘parasida qad rostladi: ruhoniylik martabasini xor qilgan, shakkok-frantsiskanlik, birida xizmatga xohish bildirib, birida qasam ichadigan, Gerardino da Borgo San-Donninoga o‘xshab, yuzaki qaraganda haqiqatday tuyuladigan, aslida tagi puch safsatalar to‘rini to‘qiydigan va bu bema’ni gaplarni qizning qulog‘iga shivirlaydigan kimsa.
Yo‘q, bu uning obrazi emas. Bu — qiz bilan birga ko‘rgani va qiz o‘zining irlandcha so‘zlashuv kitobini titkillab, mehri balqib yuziga qaragan o‘sha yosh ruhoniyning obrazi.
— Xonimlar bizni tinglagani qatnaydilar. Ha, ha! Men bunga kunosha ishonch hosil etayapman. Xonimlar biz bilan birga. Ular irland tilining eng ishonchli ittifoqchilari.
— Cherkov-chi, taqsir Moren?
— Cherkov ham. Cherkov ham biz bilan. U yoqda hali ish ketayotir, cherkovning tashvishini qilib o‘tirmang.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:17:03

Tfu! O‘shanda u jirkanib xonani tark etib to‘g‘ri qildi. Qizga kutubxona zinasida ta’zim etmay to‘g‘ri qildi, unga ruhoniyga noz-ishva qilishga, cherkov bilan, nasroniylikning bu yuvindixonasida hazil-mazax o‘ynashga yo‘l qo‘yib berib to‘g‘ri qildi.
Qo‘pol, darg‘azab nafrat botinidagi so‘nggi, zo‘rg‘a tutib turgan jazavaning yuragidan otilib chiqishiga sabab bo‘ldi, tasavvuridagi qizning porloq obrazini chilparchin qilib, siniqlarni to‘rt tarafga itqitdi. Xayolida choratrofdan qalqib chiqayotgan qizning parchalangan akslari jonlanardi: ko‘ylagi yirtiq, dag‘al sochlari ter bilan manglayiga yopishgan, basharasidan suyuqoyoqligi ayon, o‘zini kambag‘al qizman, deb atagan va undan bir dasta gul sotib olishini o‘tingan gulfurush u; qo‘shni uydagi, idish-tovoqni sharaqlatib "œKillarni tog‘lari va ko‘llari bo‘ylab"ning birinchi bandlarini qishloqchasiga uv tortib aytadigan xizmatkor xotin u; Kork-xilldagi yo‘lakda yirtiq poyafzali temir panjaraga ilinib-surinib ketganida ustidan kulgan befarosat qiz u; u o‘sha — lo‘ppigina, og‘zi o‘ymoqday qiz — konditer fabrikasi darvozasi oldida og‘ziga qarab qolganda zavqi toshib unga yelkasi osha: "œHoy, paxmoq baroqqosh, men senga yoqamanmi?" deya qichqirgan behayo.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:17:20

Uning obrazini qanchalik kamsitmasin, xayolida uni qanchalik xo‘rlamasin, ko‘nglidaga g‘ashlik qizga nisbatan o‘ziga xos ehtirom ekanini u yuragida tuyardi. O‘shanda u jahl bilan sinfdan chiqib ketdi, biroq nafrati xolis emasdi, chunki qizning uzun qalin kipriklari soya solgan ko‘zlarida, ehtimol, o‘z xalqining siru asrorlari bekingandir. O‘shanda u ko‘chalarda sang‘ib yurib o‘ziga-o‘zi bu qiz — o‘z mamlakati ayollarining timsoli, deya takrorlardi; ha, u qorong‘uda, xilvatda va yolg‘izlikda shuuri uyg‘onadigan ko‘rshapalakka o‘xshaydi; qalbi hali ehtirosdan xoli, gunohdan forig‘; hozircha mo‘mingina sevgilisi bilan birga, biroq ruhoniyning qulog‘iga yuragidagi pinhon sodda gunohchalarini shivirlash uchun uni tark etishga tayyor. Uning yuragidagi nafrat qizning xushtorlariga nibatan qo‘pol masxaromuz tahqirlarga aylandi, chunki ularning ismi, ovozi va hatto yuz-ko‘zlariyoq xo‘rlangan g‘ururini toptardi: zotan, ruhoniy shunday erkaklar sirasidanki, uning bir akasi Dublinda politsiyachi, boshqasi Moykallendagi mayxonada oshxona malayi. Shunday odamga, endigina cherkov rasm-rusmlarini o‘rganayotgan kimsaning qulog‘iga qiz o‘zining sharmli sirlarini shivirlab aytadi, unga, o‘lmas tafakkur zahmatkashiga, tajribaning halol nonini abadiy tiriklikning porloq vujudiga aylantirayotgan kishiga esa sirlarini ravo ko‘rmaydi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:17:34

Qovushish marosimining yorqin manzarasi lahza ichida uning achchiq, noumid o‘y-fikrlarini qovushtirdi va ular tantanavor minnatdorlik madhiyasiga aylandi:


Titroq nola, g‘amli zorlarda
Yerda o‘rlar yaralmoq madhi.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?

Qurbonim-da ochiq qo‘llarda
Jom limmo-lim hayot shavqiga.
Uxla, yodim, hayot sehrila.


U misralarni musiqasi va ohangi ongiga singib, ko‘ngli taskin topguncha ovoz chiqarib takrorladi; keyin ularni chuqurroq his etish uchun sinchkovlik bilan qayta ko‘chirib chiqdi va ko‘zi bilan o‘qib, tag‘in yostiqqa boshini tashladi.

Qayd etilgan