Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139210 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 B


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:17:50

Kun allaqachon yorishib ketgan. Chetdan "œtiq" etgan tovush eshitilmaydi, biroq u tevaragidagi hayot hayal o‘tmay odatdagi shovqini: qo‘pol ovozlar, uyqu aralash o‘qilgan duolar tovushi bilan uyg‘onishini bilardi. Bu hayotdan bekinib, u yuzi bilan devorga o‘girildi, qalpog‘ini bostirib, ko‘rpaga boshini burkadi va yirtilgan devorqog‘ozdagi rangi o‘chgan qizil gullarni tomosha qilishga chog‘landi. U gullarning alvon rangidan so‘nib borayotgan sevinchiga madad olishga urindi, uni o‘zicha samoga eltadigan qizg‘ish, alvon gullar to‘shalgan yo‘l, deya tasavvur qildi. Qanchalik toliqdi! Judayam toliqdi! O‘zi ham ularning qaynoq nurlaridan charchadi!
Issiq, charchoq ko‘rpaga yaxshilab burkangan boshidan umurtqalari bo‘ylab butun taniga yoyildi. U charchoqning vujudiga yoyilib borayotganini his etdi va unga qarshilik qilmadi, kulimsiradi. Hozir uyqu eltadi.
Oradan o‘n yil o‘tib, u tag‘in qizga she’r bag‘ishlagan edi. O‘n yil burun uning boshini sholro‘mol burkab olgan, issiq nafasidan chiqqan bug‘ oqshom havosida o‘rlar, poshnalari muz qotgan yo‘lga urilib taqqillardi. O‘sha eng oxirgi chana jo‘nashga shay edi, to‘riq otlar buni sezishar va pishqirib qo‘ng‘iroqchalarini silkitishardi. Konduktor yetakchi bilan gaplashdi va ikkalasi ham fonusning yashil yog‘dusida boshlarini sermashdi. Gapira turib qiz bir necha bor uning oyog‘i turgan zinaga oyog‘ini qo‘ymoqchi bo‘ldi va yana o‘zining zinasiga tushirdi, birmi, ikki marta qizning oyoqlari unikiga tegdi, qiz oyoqlarini uzatishni unutdi, biroq keyin uzatdi. Mayli-da. Bo‘lsa bo‘lar.
Aqlli bolalik davridan hozirgi telbalikkacha oradan o‘n yil o‘tdi. Xo‘sh, unga she’rini jo‘natsa nima bo‘ladi? Ertalabki choy payti, choyqoshiq bilan tuxumning po‘chog‘ini tiqqillatib, shu tovushga monand ovoz chiqarib o‘qishadi. Mana, chinakam telbalik! Qizning aka-ukalari masxaralab kulib, biri-biridan qizg‘anib, qo‘pol, dag‘al barmoqlari bilan varaqlarni tortilab yirtadi. Shirinsuxan ruhoniy, qizning amakisi oromkursida oldga cho‘zilgan qo‘lida varaqni ushlab, kulimsirab o‘qiydi va she’rning badiiy shaklini ma’qullaydi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:18:08

Yo‘q, yo‘q, bu telbalik! Hatto jo‘natgan taqdirda ham qiz she’rni boshqalarga ko‘rsatmaydi. Yo‘q, yo‘q, u bunday qilishga qobil emas.
Nazarida, u qizga nisbatdan nohaqlik qilayotganday tuyuladi. Qizning bokiraligiga ishonchi o‘ziga ta’sir qildi, ko‘nglida achinishga yaqin tuyg‘u uyg‘otdi; bokiralik nimaligini u gunohga qo‘l urganidan keyingina angladi, bokiralik haqida qiz ham, hali gunohga yo‘l qo‘ymagan yoki ayol tabiatining g‘alati tahqirlovchi dardlari unga ilk bor ayon bo‘lgunicha, hech qanday tasavvurga ega emas. Faqat xuddi uning yuragi jo‘shib birinchi marta gunohga yo‘l qo‘yganiday, ilk bor qizning qalbi ham hayot shavqiga talpingandi, xolos. Qizning rangpar ozg‘in jussasini, ojizaligidan o‘kingan, xo‘rlangan ko‘zlarini eslaganda uning yuragi nozik dardkash tuyg‘ularga to‘lib ketdi.
Qiz qaerda edi uning ruhi jazavadan yonib, toliqqanida? Ehtimol, ayni o‘sha daqiqalarda sirli ruhiy rishtalar bilan qiz qalbi uning ehtiromini his etgandir. Ehtimol.
Xohish ishtiyoqi tag‘in alangalandi va butun vujudini qamrab oldi. Uning xohishini his etib, o‘sha — villanelladagi yo‘ldan ozdirguvchi afsungar tag‘in uyqudan bosh ko‘tardi, qop-qora, xumor ko‘zlari uning ko‘zlariga peshvoz ochildi. Unga o‘zini yalang‘och, porillab, muattar hid taratib, ochilib-sochilib baxshida etdi, xuddi yorqin parqu bulutday bag‘riga olib, zilol suvday cho‘mdirib huzur bag‘ishladi; va misoli yer bag‘irlab, oqqan tumanday nutqning ravon tovushlari — sirning ayni mohiyati bo‘lmish timsollar quyilib keldi:

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:18:25

Toliqdingmi qaynoq nurlarda
Mahzun ruhni sehriga olgan?
Uxla, yodim, kunlar sehrila.

Olovlanar yurak ko‘zingdan
Qismatiga egadirsan sen.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?

Fimiam tutuni ko‘kda suzar-da
Yer qa’ri-yu dengizga ko‘char.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?

Titroq nola, g‘amli zorlarda
Zamin uzra yaralmoq madhi.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?

Qurbonim-da ochiq qo‘llarda
Jom limmo-lim hayot mayiga.
Uxla, yodim, kunlar sehrila.

Sen qotgansan horg‘in ko‘zlarda
Xumor ko‘zlar sehri chorlaydi.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?
Uxla, yodim kunlar sehrila.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:18:38

* * *

Bular qanday qushlar bo‘ldi? U shumtol tayog‘iga horg‘in tayanib, qushlarning parvozini kuzatmoqchi bo‘lib, kutubxonaning zinasida to‘xtadi. Ular Mulsvort-stritdagi uyning turtib chiqqan burchagi ustida charx urib aylanardi. Mart oyining shom osmonida qushlarning parvozi aniq-tiniq ko‘rinardi, chaqqon, titroq qoralari shiddat bilan charx urayotgani kulrang samoda ravshan bilinardi.
U qushlarning uchishini kuzatib turdi: birining ortidan boshqasi titrab, qanot qoqib uchadi. Parvoz shiddatli tus olguncha ularni sanashga urindi: olti, o‘n, o‘n bir... Ko‘nglida tusmolladi — toqmi yoki juft. O‘n ikki, o‘n uch... mana, yana ikkitasi, aylanib, yer bag‘irlab tushib uchayotir. Qushlar goh tepalab, goh pastlab, biroq har gal doira hosil qilib uchardi.
U qushlarning chirqillashiga quloq tutdi: xuddi devorga qoplangan yog‘och ortidagi sichqonning chiyillashiga o‘xshaydi — o‘tkir, siniq tovush. Biroq sichqonning chiyillashiga qaraganda bu o‘tkirroq, cho‘ziqroq; qushlarning tovushi, tumshuqlari havoni tilib uchganda, goh bir necha parda tushar, goh ko‘tarilardi. O‘tkir, tiniq va nozik tovushlar guvillab aylanayotgan urchuqqa o‘ralayotgan ipak ipday eshilib taralardi.
Bu g‘ayriinsoniy g‘ovur-g‘uvur uning quloqlariga yoqimli eshitiladi, quloqlaridan esa onasining yozg‘irishlari va tanbehlari ketmaydi; qorayib ko‘ringan, nozik, titroq qushchalarning yer bag‘irlab parvoz qilishi uning ko‘zini quvontiradi, biroq ko‘z o‘ngidan onasining qahrli yuzi ketmaydi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:19:12

Nega u zinada turib tepaga qarayotir, qushlarning parvozini kuzatib, ularning achchiq, siniq chug‘ur-chug‘urini eshitayotir? Qanday alomatni ilg‘amoqchi: yaxshiliknimi yoki yomonliknimi? Xayolidan Korneliy Agrippa aytgan gapi o‘tdi; keyin Svedenborg2ning qushlar bilan ruhiy hayot alomatlari o‘zaro muvofiqligi haqidagi fikrlarini uzuq-yuluq esladi. Bu samo mavjudotlari, degan edi Svedenborg, o‘zlariga xos aql-idrokka ega va ular o‘zlariga belgilab berilgan muddatni, yil fasllarini bilishadi, chunki ular odamlardan farqli o‘laroq, o‘z hayotlari tartiblariga sobitdirlarki, o‘zlariga ato etilgan aql-idrokni bu tartibni buzishga yo‘llamaydilar.
Asrlar mobaynida odamlar, hozir u kuzatayotganday tepalarida uchib yurgan qushlarni kuzatishgan. Boshi uzra tizilgan qushlar qatori unga eskidan qolgan ibodatxonani eslatdi, horg‘in suyanib turgan shumtol tayog‘i esa avgurning mayishgan hassasini yodiga soldi.
Horg‘in vujudida ro‘yo qarshisidagi qo‘rquv hissi g‘imirladi — bu timsollar, alomatlar qarshisidagi, o‘zi ismini ko‘tarib yurgan qirg‘iysifat odam — tol shoxlaridan yasagan qanotlar yordamida tutqinlikdan ozod bo‘lgan inson ro‘parasidagi qo‘rquv edi; bu lavhalarga qamish cho‘p bilan bitiklar bitgan va o‘zining laylakmonand qush — ibisning ensiz boshida o‘roqnusxa ikki shoxni ko‘tarib yurgan mirzalar tangrisi — Tot qarshidagi qo‘rquv edi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:20:35

Bu tangrini ko‘z oldiga keltirib jilmaydi, chunki tangri unga boshiga yasama soch qo‘ndirib olgan sudyani eslatdi; sudya oldinga cho‘zilgan qo‘lidagi sud aktiga vergul qo‘yib chiqadi va agar tangrining ismi "œmot", ya’ni isrofgar so‘ziga o‘xshab jaranglamaganda men uning ismini eslamagan bo‘lardim, deb o‘yladi u. Mana bu borib turgan telbalik. Biroq ayni telbaligi tufayli u o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan duoxon va farosatli insonlar yashaydigan xonadon3ni butunlay tark etishga jazm etmadimikan?
Qushlar yana bo‘zargan osmon bo‘ylab, uyning chiqib turgan burchagi ustidan qattiq chirqillab uchib o‘tdi. Bular qanday qushlar bo‘ldi? Aftidan, janubdan qaldirg‘ochlar qaytganga o‘xshaydi. Demak, uning ham jo‘nash vaqti yetgan, axir, qushlar uchib keladi va uchib ketadi, xonadonlarning tomiga omonatgina uya quradi va yana yangi safarlarga shaylanib uyalarini tark etadi.

Yuzingizni yerga qadang, Una va Alil.
Ularga men qaldirg‘ochday mahzun qarayman
Bo‘g‘otdan, uyadan xayrlasha turib,
Mavj urgan to‘lqin uzra safar oldidan.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:21:45

Xotirjam sevinch tuyg‘ulari, misoli bostirib kelgan to‘lqinday, uning xotirasiga quyildi va yuragida so‘ngsiz suvli kengliklar ustidagi bepoyon osmon sokinligini, okean sukutini va shom qorong‘usida suv mavjlari ustida uchib yurgan qaldirg‘ochlarning xotirjamligini his etdi.
Xotirjam sevinch tuyg‘ulari uning yuragiga ana shu satrlardan quyildi, bu so‘zlar tarkibidagi mayin va cho‘ziq undoshlar sassiz to‘qnashar, ayri tushar, bir-biriga uyg‘unlashib, qo‘shilib-singishib mavjlanar, sassiz mavjlar bag‘rida to‘lqinlarning oq qo‘ng‘iroqchalarini tebratib tinch so‘nayotgan qushlar chug‘ur-chug‘uri zamirida tovushsiz sado taratardi; va u qushlarning aylanib uchishidan, tepasidagi osmonning bo‘zrang kengliklaridan o‘zi izlagan nishona yuragidan porillab, xuddi minorada uchgan qushday — shiddat bilan, vazmin otilib uchganini his etdi.
Bu nima — ayriliq belgisimi yoki yolg‘izlikdan nishonami? Uning xotirasiga kelgan — quloqlarida shivirlab sado bergan she’r satrlari ko‘z o‘ngida beixtiyor Milliy teatr1ning ochilishiga bag‘ishlangan oqshomdagi tomosha zalini jonlantirdi. U balkondagi oxirgi qatorda yolg‘iz o‘zi, toliqqan ko‘zlari bilan parterdagi Dublin jamoatchiligining kazo-kazolariga, didsizlik bilan ishlangan bezaklarga va yarqiragan chiroqlar yorug‘ida qo‘g‘irchoqlarday harakatlanayotgan aktyorlarga qarab o‘tirardi. Uning ortida esa xohlagan damda zalni tartibga solib qo‘yishga shay semiz politsiyachi terga botib tik turardi. U yer, bu yerda o‘tirgan talabalar orasidan onda-sonda darg‘azab hayqiriqlar, hushtaklar, masxaralovchi kinoyalar, tahqirlovchi so‘zlar eshitilib turardi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:22:12

— Bu Irlandiyaga tuhmat!
— Nemislarning ig‘vosi bu!
— Haqorat!
— Biz e’tiqodimizni sotganimiz yo‘q!
— Hech qaysi irland qizi bunday qilmagan!
— Yo‘qolsin xudosizlar!
— Yo‘qolsin buddizm malaylari!
Derazadan tepada tuyqusdan qisqa shitirlagan tovush eshitildi, demak, qiroatxonada chiroqni yoqishdi. U xira yoritilgan dahlizdan ustunlar oralab o‘tib, tepaga ko‘tarildi.
Krenli javon yonida lug‘atga qarab o‘tirardi. Uning oldida yog‘och kursida muqovasi ochilgan qalin kitob yotibdi. U o‘zini stulga tashlab, qulog‘ini xuddi gunohkorning tavbasini tinglayotgan ruhoniyday medik-talabaning og‘ziga tutgan, talaba unga gazetadagi shaxmat jumbog‘ini o‘qirdi. Stiven uning o‘ng tarafiga o‘tirdi, o‘tirgan ruhoniy o‘zining "œTeblet"ini asabiy yopib, o‘rnidan turdi.
Krenli ruhoniyning ortidan xayolchan qarab qo‘ydi. Medik-talaba ovozini pasaytirib o‘qishni davom ettirdi:
— Piyoda ye4 ga yuriladi.
— Kel, yaxshisi tashqariga chiqaylik, Dikson, — dedi Stiven ehtiyotkor ohangda. — U arz qilgani ketdi.
Dikson gazetani yig‘ishtirib, salobat bilan qaddini rostlab turib, dedi:
— Biznikilar yoppasiga chekinishmoqda.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:25:34

— Qurollari va hayvonlar bilan, — qo‘shimcha qildi Stiven Krenlining oldida yotgan, muqovasiga "œShoxdor hayvonlar kasalliklari" deb yozilgan kitobga ishora qilib.
Ular stollarni oralab o‘tishayotganda Stiven:
— Krenli, men sen bilan gaplashib olishim kerak, — dedi.
Krenli hech nima demadi, hatto qayrilib qaramadi ham. U kitobni topshirib tashqariga chiqiladigan eshikka yo‘l oldi; uning yaltiroq botinkasi yerga taqillab urilardi. Zinapoyaga yetganda u to‘xtadi va allaqanday parishon holda Diksonga qarab, takrorladi:
— Piyodani o‘sha bema’ni 4e ga yurdim.
— Nachora, ixtiyoring, buyam ma’qul, — javob qildi Dikson.
Uning ovozi xotirjam, muomalasida o‘zgarish sezilmasdi, semiz qo‘lining bir barmog‘ida uzuk yarqirab turardi.
Dahlizda ularga pak-pakana, kichkina bir odam yaqinlashdi. Jimitday shlyapasining tagidagi soqoli olinmagan yuziga kulgi yoyilgan bu odamcha shivirlab gap boshladi. Uning ko‘zlari maymunnikiday qayg‘uli edi.
— Xayrli kech, jentelmenlar, — dedi yuzini tuk bosgan maymunbashara pakana.
— Mart oyida shunday isib ketsa-ya, — dedi Krenli, — tepadagi derazalarni ochishdi.
Dikson kulimsiradi va uzugini aylantirib o‘ynadi. Qorachadan kelgan maymunbashara nusxa og‘zini kulgiga rostladi va ming‘irlagan ovoz chiqardi:
— Mart oyi uchun bu kutilmagan g‘aroyib havo. Juda ajoyib.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:26:04

— Tepada ikki nafar yoshgina jonon sizni kutib qolishdi, kapitan, — dedi Dikson.
Krenli kulimsiradi va xushmuomalalik bilan dedi:
— Kapitanning faqat bitta yaxshi ko‘rgani bor: bu ser Valter Skott. To‘g‘rimi, kapitan?
— Hozir siz nimani o‘qiyapsiz kapitan? — so‘radi Dikson. — "œLammermurlik nozanin"nimi?
— Qariya Skottni yaxshi ko‘raman, — dedi maymunbashara nusxa. — Uning yozganlarida uslub qanaqadir ajoyib. Biror-bir yozuvchi ser Valter Skott bilan tenglasholmaydi.
Uning gaplarini eshitish Stiven uchun zerikarli edi: gapidan latta hidi anqirdi. Uni eshita turib Stiven o‘zicha: u haqda aytilgan gaplar to‘g‘rimikan, deb o‘yladi.
Bog‘dagi daraxtlar yomg‘irdan nam tortib shishgan, yomg‘ir esa to‘nkarilgan qalqonday bo‘zarib yotgan ko‘l ustiga tinimsiz shig‘alab yog‘ib turibdi. Bu yerdan oqqushlar galasi uchib o‘tdi, suv yuzi va qirg‘oq oqish-yashil balchiqqa belanib yotibdi.
Ular bo‘zrang yomg‘irli havodan salovat to‘kib turgan ho‘l daraxtlar va qalqonga o‘xshab ko‘ringan ayg‘oqchi-ko‘ldan, oqqushlardan ta’sirlanib, bir-birining pinjiga kirishdi.
Ular hech bir sevinchsiz, ehtirossiz quchoqlashishdi. Uning qo‘li qizning bo‘ynidan quchdi, yelkasidan oshirib tashlagan bo‘zrang jo‘n ro‘mol qizni beligacha burkab olgan, qiz uyalinqirab boshini quyi solib olgan. Yigitning kumushrang-sariq sochlari hurpaygan, qo‘llari mayin, epchil, qoruvli, sepkil bosgan. Yuzi-chi? Yuzi ko‘rinmasdi. Yigitning yuzi ko‘zining yomg‘ir hidi ufurib turgan sochlariga egilgan, qo‘li — sepkil bosgan, qoruvli, epchil va mehribon, Deyvinning qo‘li.

Qayd etilgan