Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139207 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 B


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:27:32

Stiven xayolidan kechgan o‘ylariga va xayolini bo‘lgan maymunbashara odamchaga achchiq qilib, qovog‘ini uydi. Uning xotirasidan Bantridan chiqqan to‘da haqida otasining aytgan achchiq-tiziq gaplari o‘tdi. U boshqalarga qo‘l siltadi va g‘amgin kayfiyatda o‘zinning o‘y-xayollariga berildi. Nega endi bu Krenlining qo‘llari emas? Yoki Deyvinning soddadilligi va beozorligi zimdan uning havasini keltirdimikan?
U pakana odamcha bilan xayr-ma’zur qilishni Krenliga qoldirib, Dikson bilan katta zalni oralab yurib ketdi.
Qator ustunlar oldida bir guruh talabalar orasida Templ turardi. Talabalardan biri qichqirdi:
— Hoy, Dikson, bu yoqqa kel, bir eshit. Templning ilhomi qaynayapti.
Templ unga o‘zining qop-qora lo‘li ko‘zlari bilan olayib qaradi.
— Sen, O’Kiff, munofiqsan, — dedi u. — Dikson esa — kuldirguvchi. Qiziq-a, jin ursin, yaxshi adabiy ibora — kuldirguvchi.
U, Stivenning yuziga qarab olib, mug‘ombirona kuldi va qo‘shib qo‘ydi:
— To‘g‘rimi, chindanam zo‘r laqab — kuldirguvchi.
Zinapoyaning quyirog‘ida turgan semiz talaba gap qotdi:
— Haligi ma’shuqa haqidagi gapingning oxirini ayt. Bizga shu qiziq.
— Uning ma’shuqasi bor edi chin so‘zim, — dedi Templ. — Buning ustiga u uylangan edi. Ruhoniylar ham o‘sha joyga ovqatlangani borishardi. Jin ursin, ularning hammasi, menimcha, o‘sha suyuqoyoq bilan don olishgan.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:28:17

— Bu xuddi yo‘rg‘a otni ayab qirchang‘i bilan poygaga tushganday gap, — dedi Dikson.
—Bugun qorningga necha krujka piva quyding, — dedi O’Kiff, — qani, bir tan olib ayt-chi?
— Sening patos boylagan ziyolinamo yuraging mana shu gapingda ko‘rinib turibdi, — dedi Templ nafratini yashirmay.
U oyoqlarini tapillatib, uymalashib turgan talabalarni aylanib o‘tdi va Stivenga murojaat qildi:
— Forsterlar Belgiya qirollari ekanini sen bilarmiding? — so‘radi u.
Shapkasini teskari kiyib olgan Krenli tishlarini kavlab kirib keldi.
— Mana, bizning donishi zamonamiz keldi, — dedi Templ. — Sening Forsterlar haqidagi gapdan xabaring bormi?
U javobni kutib, sukut saqladi. Krenli tishining orasidan cho‘pni oldi va unga tikilib qaradi.
— Forsterlar sulolasi, — davom etdi Templ, — Flandriya qiroli Bolduin Birinchidan boshlanadi. Uni Forester deyishgan. Forester bilan Forster — bitta. Bolduin Birinchining avlodi, kapitan Frensis Forster Irlandiyada yashab qolgan, Bressil urug‘-aymog‘ining oxirgi yo‘lboshchisi qiziga uylangan. Yana qora Forsterlar ham bor, biroq bu boshqa shajara.
— Bu sajara Dovdirdan, Flandriya qirolidan tarqalgan, — dedi Krenli, yana qorday oppoq tishlarini o‘ychan kavlab turib.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:28:34

— Qaerdan topa qolding bu gaplarni? — so‘radi O’Kiff.
— Men sizlarning shajaranglarni ham bilaman, — dedi Templ Stivenga qarab. — Bilasanmi, bu haqda Girald Kambriy nima degan?
— Nima uyam Bolduindan tarqaganmi? — deb so‘radi uzun bo‘yli, yuzi zahil, ko‘zlari qora talaba.
— Dovdirdan tarqagan, —dedi Krendi, tishlari orasidan nimanidir so‘rib.
— Pernobilis et pervetusta familia*18 — dedi Templ Stivenga.
Pastdagi zinada turgan semiz talaba qo‘nqilladi. Dikson burilib unga qaradi va sekin so‘radi:
— Ie, farishtayam og‘zini ochdimi deyman?
Krenli ham o‘girildi va ta’sirli qilib, biroq g‘azablanmay dedi:
— Bilasanmi Goggins, sen dunyodagi eng iflos, sassiq hayvonning o‘zisan.
— Men og‘zimga kelgan gapni aytdim-qo‘ydim, — dedi qat’i ohangda Goggins, — bundan birovning obro‘yi to‘kilib qolgani yo‘q.
— Umid qilamizki, — dedi Dikson, — bu aljirash ilmiy kashfiyotlar haqida paulo post futurum*19 aytiladigan yangilikka o‘xshagan gap-so‘zlar sirasidan emas.
— Men sizlarga hozirgina aytdim-ku, u kuldirguvchi, — dedi Templ bir o‘ngga, bir chapga alanglab, — bu laqabni unga men qo‘ymadimmi?
— Eshitdik, kar emasmiz, — dedi bo‘ychan zahil yuzli talaba.
Krenli qovog‘ini osib, pastdagi zinada turgan semiz talabaga g‘azab bilan qaradi. Keyin jirkanib pishqirdi va uning biqinidan turtdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:28:58

— Qani, jo‘na, — baqirdi u qo‘pollik bilan, — tuyog‘ingni shiqillat, sassiqpopishak.
Goggins yo‘lakka sakrab tushdi va shu zahotiyoq, kulib, oldin turgan joyiga qaytdi. Templ, Stivenga qarab dedi:
— Sen irsiyat qonuniga ishonasanmi?
— Nima balo, kayfing bormi? — so‘radi Krenli unga hayron bo‘lib tikilarkan.
— Juda zo‘r gap, — dedi qizishib Templ, — zoologiya darsligining oxirida shunday yozilgan: yaralish o‘limning boshlanishidir.
U ehtiyotkorlik bilan Stivenning tirsagidan ushladi va hayajonlanib dedi:
— Sen shoirsan, bu gapni juda teran his qilishing kerak!
Krenli ko‘rsatkich barmog‘i bilan unga ilkis ishora qildi.
— Ana, qaranglar, — dedi u qahri qo‘zib. — Havas qiling — Irlandiyaning umidi!
Uning gapi va qo‘l harakatidan hamma quldi. Biroq Templ bo‘sh kelmadi, Krenliga burilib qarab, dedi:
— Krenli, sen doim meni mayna qilasan. Men buni juda yaxshi bilaman. Biroq mening sendan kam joyim yo‘q. Bilasanmi, seni o‘zim bilan qiyoslaganda qanday fikrga kelaman?
— Azizim, — dedi Krenli muloyimlik bilan, — axir, sen fikrlashga mutlaqo yaroqsizsan, mutlaqo.
— Xo‘sh, seni o‘zim bilan qiyoslaganda nimani o‘ylaganimni bilishni xohlaysanmi? — davom etdi Templ.
— Ayt, ayt, Templ, — qichqirdi baqaloq zinada turib, — bo‘la qol, ayt!
Templ qo‘lini paxsa qilib, bir o‘ng, bir chap tomonga burilib qaradi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:29:16

— Men to‘nkaman, — dedi u boshini afsuslanib chayqab. — Buni bilaman. Tan olaman ham.
Dikson sekingina uning kiftiga qoqdi va erkalab dedi:
— Kamtarga kamol deganlar, balli Templ.
— Biroq u, — davom etdi Templ Krenliga ishora qilib, — u ham to‘nka, menga o‘xshagan. Farqimiz shundaki, u buni bilmaydi.
Birdan yangragan qahqaha uning gapini bo‘lib qo‘ydi, biroq u yana Stivenga o‘girilib, favqulodda qizishib dedi:
— Bu juda qiziq so‘z, bu so‘zning kelib chiqishi ham juda g‘aroyib.
— Yo‘g‘-e — dedi parishonlik bilan Stiven.
U zo‘rma-o‘zraki kulimsirab turgan Krenlining mardonavor, biroq iztirob chekayotgan yuziga qaradi. Qo‘pol so‘z, xuddi tahqiru haqoratlarga ko‘nikib qolgan qadimgi haykalga sepilgan iflos suvday, Krenlining yuzidan oqib tushardi. Ularga qarab turib Stiven Krenlining birov bilan ko‘rishayotib shapkasini ko‘tarib qo‘yganini ko‘rdi, Krenlining qop-qora g‘ayur sochlari temir gultojday manglayida dikkayib turardi.
Qiz kutubxonadan chiqib keldi va Stivenga qiyo boqmay, Krenlining egilib bergan salomiga javob qildi. Bu qanaqasi? Krenliga nima bo‘ldi? Krenlining yonoqlari qizarganday tuyuldi yoki unga shunday ko‘rindimi? Balki bu Templning gaplari ta’siridan qizargandir? Allaqachon qorong‘u tushib qolgan edi. U yaxshilab qaray olmadi.
Do‘stining beparvoligi, loqaydligi, Stivenning jo‘shqin, telba-teskari gaplarini shartta bo‘lib tashlaydigan qo‘pol tanbehlari, kutilmaganda tashlanib qolishlarining sababi balki bu yoqdadir? Shunday paytlarda Stiven undan gina qilmas, kechirib ketaverardi, axir, uning o‘zida ham shunday qo‘rslik bor edi. Bir kuni kechqurun o‘rmonda, Malaxayd yaqinida, ibodat qilish uchun, kimdir birovdan so‘rab minib kelgan shaloq velosipeddan tushganini esladi. U duoga qo‘llarini ko‘tardi va jazavaga tushib, nigohini o‘rmonning qalin qorong‘i joyiga qarab, o‘zining muqaddas dargohda va muborak bir damda turganini his etdi, ibodat qila boshladi. Qorong‘i yo‘lning muyulishida ikki politsiyachining qorasi ko‘ringanda esa, u ibodat qilishdan to‘xtadi va baland tovushda ko‘pchilikka yoqib qolgan bir tomoshadagi kuyga monand hushtak chaldi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:29:32

U qo‘lidagi tol xivichning po‘sti archilgan uchi bilan ustunga tiqillatib ura boshladi. Ehtimol, Krenli uni eshitmagandir? Mayli, u kutadi. Ularning gapi bir zum to‘xtab qoldi, keyin yana tepadagi derazadan sekin pichirlagan ovozlar eshitildi. Biroq atrof jim-jit edi, u mahliyo bo‘lib parvozini tomosha qilgan qaldirg‘ochlar ham allaqachon uyquga ketishgan.
Qiz qorong‘iga singib, g‘oyib bo‘ldi. Shundan so‘ng, tepadan eshitilayotgan uzuq-yuluq pichirlagan tovushni aytmaganda, atrofga jimlik cho‘kdi. Keyin bu safsata ham tindi. Yerga zim-ziyo qorong‘ulik tushdi.
"œZulmat tushar osmon qa’ridan"с•
Miltillagan, nimjon shu’laday ozurda sevinch tuyg‘usi misoli elfning sehrli galasiday pirpirab uni chulg‘ab oldi. Bu nimadan? Qizning oqshom havosida ko‘ngilga g‘am-alam solib ketganidanmi yoki qayg‘uli-qora undoshlarga uyg‘un, udning sharsharaday quyuluvchi ohangiga monand mayin jarangdar ohangli she’r satrining ta’siridanmikan?
U saf tortgan ustunlarni yoqalib, tobora quyuqlashib borayotgan tarafga sekin qadam tashlab, ortida qolgan talabalardan o‘zining xayolparastligini yashirish uchun xivich bilan tosh plitalarga tiqillatib urib borarkan, Daulend, Berd va Nesh yashab o‘tishgan asrni ko‘z oldiga keltirdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:29:56

Pinhona mayllar zulmatida ochiladigan ko‘zlar, tong yog‘dusini to‘sadigan ko‘zlar. Ularning xumorlanib qarashida suqlanib noz-karashma qilishdan ortiq yana qanday ma’no bor? Bu ko‘zlarning yaltirab turadigan shu’lasi-chi — bu landavur Styuartning qasridagi oqava zovurga yig‘ilib qolgan najas shu’lasi emasmi? U xayolan, xotira tili bilan xushbo‘y vinoni tatib ko‘rdi, mag‘rur tovusning nazokatli harakatlaridagi mayin, nafis musiqani ilg‘adi, xotira ko‘zi bilan esa Kovent-Garden2 peshayvonidagi ko‘ngilchan xonimlarni, ularning jozibali, makkorona himarilgan lablarini, mayxonalarda qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yuradigan, jazmanlari bag‘riga otilishga shay cho‘tir yuzli qizlarni, yosh juvonlarni ko‘rdi.
Tasavvurida paydo bo‘lgan bunday manzaralarda jonlangan qiyofalar unga huzur bag‘ishlamadi. Ularda qandaydir qonni jo‘shtiradigan sehr bor, biroq qizning qiyofasi boshqacha, ularga hech ham o‘xshamaydi, yaqiniga ham yo‘lamaydi. U haqda bunday xayollarga borish nojoiz. Hozir u bunday xayollarga borayotgani ham yo‘q. Demak, uning o‘ylari o‘ziga bo‘ysunmas ekan-da? Eski gap-so‘zlar, xayollar xuddi Krenli sutday oppoq tishlari orasidan kavlab oladigan anjir doniday biroz badbo‘y, biroz xushta’m.
Hozir qiz shahar bo‘ylab yurib, uyiga borayotir. U qizni quchgan paytdagi muattar hidni avvaliga sezilar-sezilmas, keyin kuchliroq his etdi. O‘ziga tanish bo‘lgan yoqimli hayajon vujudini chulg‘adi. Ha, bu qizning badanidan taralgan bo‘y: hayajonga soluvchi, zoriqtiruvchi muattar bo‘y; she’rlarida sirli ohanglarga ko‘mib tashlangan iliq badan, uning tanidan taralgan xushbo‘y hid va shabnamga to‘yingan ichdagi mayin ko‘ylak.
U ensasida g‘imirlayotgan bitni sezib qoldi; katta ko‘rsatkich barmog‘ini qaytarma yoqasining ichiga tiqib ushladi, bir daqiqa barmog‘ining uchi bilan uning muloyim, mo‘rtgina, guruch donachasiday tanachasini ezg‘aladi va o‘lgan yoki o‘lmaganini bilmay, otib yubordi. Xayoliga Korneliy a Lapidening g‘aroyib gapi keldi; unda bit odam badanidan chiqqan terdan paydo bo‘ladi, uni tangri boshqa barcha jonzotlar bilan birga oltinchi kunda yaratmagan, deyilgan edi. Ensasining terisi qichishi uning asabini qo‘zg‘adi. Yaxshi kiyinmagan, yaxshi yeb-ichmagan, bit bosgan tananing hayoti beixtiyor uning ruhini cho‘ktirdi va qorong‘uda ko‘ziga tepadan tushayotgan bitlarning mo‘rt, yaltiroq tanachalari ko‘rindi. Osmon qa’ridan tushayotgan, axir, tun zulmati emas-ku. Yorug‘lik-ku.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:30:08

 "œNur yog‘ilar osmon qa’ridan"...
U hatto Neshning satrini to‘g‘ri eslay olmadi. Qizni eslaganda ko‘z oldiga keltirgan barcha qiyofalar ro‘yo edi. Uning tasavvurini sirka bosib ketdi. Uning fikrlari — badbin o‘y-xayollardan paydo bo‘lgan bitlar.
U ortga burilib, qator tizilgan ustunlarni yoqalab talabalar tomon yurdi. Bilganini qilsin! Jin ursin! Yaxshi ko‘rmasa ko‘rmas! Biror-bir ko‘kragida yoli bor, toza-ozoda, har kuni ertalab yuvinib-taranadigan sportchini topar o‘ziga! Battar bo‘lsin!
Krenli cho‘ntagidan yana bitta quritilgan anjirni olib, shoshilmay chappillatib chaynay boshladi. Templ uyqusiragan ko‘zlariga shapkasini tushirib, ustunga suyanib mudrab o‘tirardi. Binodan qo‘ltig‘iga charm papka qistirib olgan bir kaltabaqay yigit chiqib keldi. U poshnalarini va qo‘lidagi shamsiyasining temir uchini tosh plitalarga taqillatib urib, to‘dalashib turgan talabalar tomon yurdi. Salom bergan bo‘lib, shamsiyani ko‘tardi va hammaga qarata dedi:
— Xayrli kech, jentelmenlar.
Keyin shamsiyaning uchi bilan tosh plitalarga to‘qillatib urib, hiringlab kuldi, uning boshi biroz asabiy qaltirardi. O‘zlaricha irland tilida berilib gaplashayotgan zahil yuzli bo‘ychan talaba, Dikson va O’Kiff unga e’tibor qilishmadi. Buni payqab, u Krenliga burilib, dedi:
— Xayrli kech, hoy janob!

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:30:28

Shunday deb u shamsiyasini ko‘tarib Krenliga ishora qildi va yana hiringladi. Hali ham anjir chaynab o‘tirgan Krenli, og‘zini chapillatib, baqirib dedi:
— Xayrli deysanmi? Ha, yomonmas.
Kaltabaqay talaba unga diqqat bilan qaradi va gina qilganday shamsiyasini sermadi.
— Menimcha, — dedi u, sen, harqalay, ayon narsani ilg‘ashni ixtiyor etding.
— Ha-da! — javob qildi Krenli va yarmi tishlangan anjirni kaltabaqay talabaning og‘ziga tutib, yeyishni taklif qilgan bo‘ldi.
Kaltabaqay rad etdi, biroq o‘zining gapga chechanligidan g‘ururlanib, hiringlab va shamsiyasini to‘qillatib, jiddiy ohangda so‘radi:
— Buni qanday tushunsa bo‘ladi?..
U to‘xtab, yarmi tishlangan anjirni ko‘rsatib, baland ovozda qo‘shib qo‘ydi:
— Men buni nazarda tutayapman.
— Ha-da! — yana ping‘illab qo‘ydi Krenli.
—Buni, — dedi kaltabaqay, — ipso factum yoki qandaydir qochiriq deb tushunish kerakmi?
Dikson, suhbatdoshlaridan chetlashib, undan so‘radi:
— Glinn, seni Goggins kutib o‘tirgandi. U sen bilan Moynixenni qidirib "œAdelfi"2ga ketdi. Buning ichida nima bor? — so‘radi u Glinn qo‘ltig‘iga qistirib olgan papkani shappatilab.
— Imtihonga kerak narsalar, — javob qildi Glinn. — Men ularni har oy imtihon qilaman, berayotgan darslarimning natijasini ko‘rib borishim kerak.
Shunday deb uning o‘zi ham papkani shappatilab qo‘ydi, sekin tomog‘ini qirib, kulimsiradi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:30:51

— Dars berarmish! — qo‘pollik bilan gapga aralashdi Krenli. — Sho‘rlik yalangoyoq bolalar, ular senday yaramas maymundan dars o‘qib kim bo‘lardi. Ularga o‘zing rahm qil, ilohim!
Krenli anjirdan yana bir bo‘lakni tishlab uzib oldi va chiqitini otib yubordi.
— Bolalarni mening qoshimga kelishlariga izn bering va ularning yo‘lini to‘smang, — dedi Glinn yoqimli ovoz bilan.
— Yaramas maymun! — dedi battar qahri qo‘zib Krenli. — Tangriga shak keltirgan yaramas maymun!
Templ o‘rnidan turib, Krenlini itarib yubordi va Glinnga yaqinlashdi.
— Hozir siz aytgan bu so‘zlar, — dedi u, — Injildan: bolalarni mening qoshimga kelishlariga izn bering va ularning yo‘lini to‘smang.
— Sen yana biroz uxlasang bo‘larmidi, Templ, — dedi O’Kiff.
— Gap shundaki, ya’ni men aytmoqchi bo‘lgan gap shuki, — davom etdi Templ Glinnga murojaat qilib. — Iisus bolalarning qoshiga kelishlariga to‘sqinlik qilmagan. Xo‘sh, unda nega cherkov ularni, cho‘qintirilmay turib vafot etsa, yoppasiga do‘zaxga jo‘natadi?
— Sen o‘zing cho‘qinganmisan, Templ, — so‘radi zahil yuzli talaba.
— Yo‘q, baribir, nega endi ularni do‘zaxga jo‘natishadi. Axir, Iisus ular qoshimga kelsin, deb turgan bo‘lsa? — takrorladi Templ ko‘zlari bilan Glinnga teshib yuborguday tikilib.
Glinn yo‘taldi va asabiy qiqillab kulib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tutib, shamsiyasini siltab, har bir so‘zni salmoqlab sekin ming‘irladi:
— Modomiki, bu agar sen aytganday bo‘ladigan bo‘lsa, men ham yuzingda ko‘zing bormi demay so‘rashga jur’at etaman: xo‘sh, "œbunday" degani qaerdan paydo bo‘la qoldi?

Qayd etilgan