Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139209 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 B


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:31:05

— Chunki cherkov shafqatsiz, qari gunohkor xotinlarday marhamatsiz, — dedi Templ.
— Bu masalada sen eski aqidalarga yopishib olgansan chog‘i, Templ? — quvlik bilan so‘radi Dikson.
— Avliyo Avgustin cho‘qintirilmagan bolalar do‘zaxga tushadilar, deydi, — javob qildi Templ, — chunki uningg o‘zi ham rahmsiz qari gunohkor banda bo‘lgan.
— Sen, albatta, bilag‘onsan, — dedi Dikson, — biroq men, baribir, bunday holatlar uchun mahsharda javob beriladi-ku, deb hisoblardim doim.
— Nimasi bilan bahslashasan uning, Dikson, — jahl bilan gapga aralashdi Krenli. — Gaplashma u bilan, basharasigayam qarama, yaxshisi, bo‘yniga arqon sol-da, baqiroq echkiday yetaklab uyiga olib ket uni.
— Mahshar emish! — qichqirdi Templ. — Mana sizga g‘aroyib kashfiyot! Bu, axir,do‘zaxning o‘zi-ku!
— Biroq noxushliklardan xoli, — ta’kidladi Dikson.
U kulib turib bolalarga qaradi va dedi:
— Harqalay, men bu yerdagi ko‘pchilikning fikrini aytdim, deb o‘ylayman.
— Bo‘lmasa-chi, — dedi Glinn qat’iyat bilan. — Irlandiya bu masalada yakdil.
U shamsiyasining uchini ayvonning tosh yotqizilgan yeriga urib taqillatdi.
— do‘zax, — dedi Templ. — Iblisning urg‘ochi juftlari1 to‘qigan bu uydirmani men e’zozlashim mumkin. Do‘zax — rimliklar o‘ylab topgan, xuddi Rim devorlariday nurab qulagan bema’ni narsa. Biroq mashhur degani nima?
— Uni joyiga eltib uxlatgin! — qichqirdi O’Kiff.
Krenli Templga tashlandi, keyin to‘xtab, oyoqlarini tappillatib, tovuqni quvganday kishladi:
— Kish!..q

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:31:31

Templ chaqqon o‘zini chetga oldi.
— Bilasizlarmi, mahshar nima degani? — qichqirdi u.
— Bunday narsalar bizning Roskomonda qanday atalishini bilasizlarmi?
— Kish!.. Ket, yo‘qol! — qichqirdi Krenli kaftini kaftiga urib.
— Balo degani, battar degani, — nafratlanib qichqirdi Templ, — mana, sizlarning mahsharlaring nima.
— Qo‘lingdagi cho‘pni berib tur, — dedi Krenli.
U Stivenning qo‘lidagi tol xivichni tortib oldi va zinadan pastga qarab yugurdi, biroq Templ ortidan quvib kelayotgan oyoq tovushini eshitib, xuddi epchiloyoq hayvonday zum o‘tmay qorong‘uga kirib g‘oyib bo‘ldi. Krenlining og‘ir etiklari maydonchada gursillab tovush chiqardi, keyin vazmin tapillab, chag‘iltoshlarni sochib kelayotgan qadam tovushi eshitildi.
Qadamlar zardali edi, Krenli ilkis harakat bilan xivichni Stivenning qo‘liga tutqazdi. Stiven uning iddaosida ayricha sabab borligini his etdi, biroq o‘zini sezmaganga olib, bosiqlik bilan Krenlining qo‘liga qo‘lini tekizdi va xotirjam dedi:
— Krenli, men senga aytdim-ku, sen bilan maslahatlashadigan gap bor deb. Yur.
Ular hovlichani kesib o‘tishdi. Ayvon zinasiga yetganda "œZigfrid"3dagi sayroqi qushning tovushiday mayin hushtak tovushi eshitildi. Krenli o‘girilib qaradi va Dikson hushtak chalishdan to‘xtab, qichqirdi:
— Yo‘l bo‘lsin, jo‘ralar? O‘yinni oxiriga yetkazmaymizmi, Krenli?

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:31:55

Ular tinch, sokin havoda "œAdelfi" mehmonxonasidagi billiard o‘yinini davom ettirish haqida baqirib-chaqirib va’dalasha boshlashdi. Stiven bir o‘zi oldinga yurdi va Kilderstrit ro‘parasidagi "œZarang osti" mehmonxonasi oldidan chiqdi, to‘xtab, sabr qilib kutib turdi. Mehmonxonaning nomi, silliqlangan yog‘ochning tussizligi, binoning ko‘rimsiz old tomoni tasavvurida nafratomuz tikilib turgan kishining nazariday, ko‘ngliga og‘ir botdi. U asabi buzilib, mehmonxonaning xira yoritilgan ayvoniga qaradi va u yerda irland zodagonlarining xotirjam, silliq kechayotgan hayotini ko‘z oldiga keltirdi. Ular qanday qilib yuqori lavozimlarni qo‘lga kiritish, yer-mulk egalarini qo‘lga olish haqida o‘ylashadi; dehqonlar qishloq yo‘llarida to‘xtab, ularga egilib ta’zim qilishadi; zodagonlar turli-tuman frantsuzcha taomlarning nomini bilishadi va chiyillagan, chinqirgan ovoz bilan xizmatkorlarga buyruq berishadi, biroq ularning kalondimog‘ ohangdagi buyruqlaridan madaniyatsizligi, ahmoqligi bilinib turadi.
Ularni g‘aflatdan uyg‘otishning iloji bormikan, qanday qilsa ularning farzandlaridan o‘zlariga o‘xshagan ojiz, notavon bo‘lmagan avlod yetishadi. Tobora quyuqlashayotgan shom qorong‘usida Stiven o‘zi mansub bo‘lgan xalqning o‘y-xayollari, umid-orzulari qorong‘u qishloq ko‘chalarida, gavjum daraxtlar tagida, suv va botqoqliklar ustida ko‘rshapalakday charx urib yurganini his etdi. Deyvin kechasi qishloq yo‘lidan kelayotganda eshigi oldida uni qishloq ayoli kutib turgan. Ayol unga bir kosa sut tutib, uni ichkariga taklif qilgan, chunki Deyvinning ko‘zlari yuvosh, bundaylar sir saqlay oladi.
Kimdir uning qo‘lini mahkam siqdi va u Krenlining ovozini tanidi:
— Surdikmi?
Ular biroz jim ketishdi. Keyin Krenli gap ochdi:
— Bu la’nati telba Templ! Xudo haqqi, bir kun men uni urib o‘ldiraman.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:32:05

Biroq endi uning ovozida zarda sezilmasdi. Stiven o‘ziga-o‘zi savol berdi: qizning u bilan ayvon ostida tanishganini Krenli eslarmikan?
Ular o‘ngga burilib, yo‘lni davom ettirishdi. Biroz vaqt ikkalasi ham jim ketishdi, keyin Stiven gap boshladi:
— Krenli, bugun men juda qattiq janjallashib qoldim.
— Uydagilaring bilanmi? — so‘radi Krenli.
— Onam bilan.
— Din masalasidami?
— Ha, — javob qildi Stiven.
— Onang necha yoshda? — biroz sukut saqlab so‘radi Krenli.
— Hali uncha qarigani yo‘q, — javob qildi Stiven.
— Onam mening hayitda cho‘qinishimni xohlaydi.
— Sen-chi?
— Cho‘qinmayman.
— Xo‘sh, nima uchun?
— Bo‘ysunmayman, — javob qildi Stiven.
— Bu gapni oldin kimdir ham aytgan, — dedi xotirjam ohangda Krenli.
— Nima qipti, endi men aytayapman, — qizishdi Stiven.
— O‘zingni bos, azizim. Buncha qaynab-toshmasang, jin ursin, — dedi Krenli Stivenning qo‘lini tirsagi bilan siqib.
Bu gapni u asabiy kulimsirab aytdi va Stivenning yuziga samimiy qarab, takrorladi:
— O‘zing sezayapsanmi, sen juda asabiysan?
— To‘g‘ri, bilaman, — dedi Stiven ham kulimsirab.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:32:25

Oralariga tushgan sovuqchilik ko‘tarildi va yana ular o‘zlarini qadrdon do‘stlarday his etishdi.
— Sen vino va non Xristning tani va qoni ekaniga ishonasanmi? — so‘radi Krenli.
— Yo‘q, — dedi Stiven.
— Demak, ishonmaysan?
— Ishonaman ham, ishonmayman ham.
— Hatto juda ko‘pchilik dindor kishilarda ham shubha bo‘ladi, biroq ular shubhalarini yengishadi yoki shunchaki e’tibor qilmay qo‘yishadi, — dedi Krenli.
— Ehtimol, sening gumonlaring juda kuchlidir?
— Men ularni yengishni istamayman, — e’tiroz bildirdi Stiven.
Krenli bir daqiqa nima deyishni bilmay turdi, keyin cho‘ntagidan quritilgan anjir olib, og‘ziga solmoqchi bo‘ldi, biroq Stiven uni to‘xtatdi:
— Hoy, to‘xta, sen og‘zingni to‘ldirib turib men bilan bu masalada gaplasha olmaysan.
Ular ko‘chadagi fonus tagida to‘xtashganda, Krenli yorug‘da anjirni ko‘zdan kechirdi, burnining kataklariga bir-bir bosib hidladi-da, kichkina bo‘lakni tishlab uzib olib tupurib tashladi va qulochkashlab anjirni zovurga irg‘itdi.
— Ket mening qoshimdan, la’nati, do‘zax o‘tida yon, — xitob qildi u o‘zi uloqtirgan anjir ortidan.
U yana Stivenning qo‘ltig‘idan oldi.
— Qiyomat kuni bu so‘zlarni eshitishdan qo‘rqmaysanmi? — so‘radi u.
— Xo‘sh, evaziga menga nima lozim ko‘riladi? — so‘radi Stiven. — Dekanimiz bilan birga jannatda abadiy huzur-halovatda yurishmi?
— O‘zingni bos, unutma, u jannatga tushadi.
— Ha, albatta, — dedi qizishib Stiven, — shunday aqlli, g‘ayratli, bosiq, eng muhimi, zehni o‘tkir2 bo‘lsa.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:32:43

— Juda qiziq, — dedi xotirjam ohangda Krenli, — sen o‘zing dinni inkor qilayapsan-u, biroq uni vujudingga butunlay singdirib yuborgansan, bu meni ajablantirayapti. Kollejdaligingda ishonarmiding? Garov o‘ynayman, ishonarding.
— Ha, — javob qildi Stiven.
— O‘sha paytda baxtiyormiding? — yumshoq qilib so‘radi Krenli. — Hozirgidan ko‘ra baxtliroq eding-da, a?
— Ba’zida baxtir edim, ba’zida — yo‘q. Lekin o‘shanda men boshqacha edim.
— Qanaqa boshqacha? Nima deganing bu.
— Aytmoqchimanki, men u payt boshqa odam edim, hozirgiday emasdim, qanaqa bo‘lishim kerakligidan ko‘ra boshqacha edim.
— Boshqacha edim, hozirgiday emasdim? Qanday bo‘lishim kerakligidan ko‘ra boshqacha edim? — takrorladi Krenli. — Bitta savol bersam maylimi? Sen onangni yaxshi ko‘rasanmi?
Stiven sekin boshini sermadi.
— Nimani nazarda tutayotganingni tushunmayapman, — dedi u xotirjam.
— Sen qachondir, kimnidir yaxshi ko‘rganmisan? — so‘radi Krenli.
— Ayollarni demoqchimisan?
— Men u haqda gapirayotganim yo‘q, — sovuqroq ohangda e’tiroz bildirdi Krenli. — Men sendan so‘rayapman: qachondir birovga yoki biror narsaga ko‘nglingda muhabbat hissini tuyganmisan?
Stiven do‘stining yonida qovog‘ini solib, yerga qarab borardi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:32:54

— Men xudoni sevishga harakat qildim, — dedi u nihoyat yuragini ochib. — Nazarimda, men buni uddalay olmadim. Bu juda qiyin. Men doim butun borlig‘imni xudoning irodasiga bo‘ysundirishga urindim. Gohida bunga erishdim ham. Ehtimol, men hozir ham...
Tuyqusdan Krenli uning gapini bo‘ldi:
— Sening onang baxtli hayot kechirganmi?
— Qaerdan bilay? — dedi Stiven.
— Uning nechta bolasi bor?
— To‘qqiztamidi, o‘ntamidi, — javob qildi Stiven, — bir nechtasi o‘lgan.
— Otang-chi... — Krenli chaynaldi, keyin biroz sukut saqlab dedi. — Men sening oilaviy ishlaringga aralashmoqchi emasman. Biroq sening otang, harqalay, badavlat kishi edi, to‘g‘rimi? Men sening bolalik paytingni nazarda tutayapman.
— Ha, — dedi Stiven.
— U kim bo‘lib ishlardi? — so‘radi Krenli biroz sukut saqlab.
Stiven bidirlab otasining ishlari-yu, kechirgan kunlarini sanay boshladi.
— Talaba-shifokor, eshkakchi, xushovoz xonanda, ashaddiy siyosatchi, mayda mulkdor, mayda omonatchi, aroqxo‘r, yoqimtoy, sergap, kimningdir kotibi, yana vino zavodida kimdir, soliq yig‘uvchi, singan savdogar, endi esa o‘tmishini xirgoyi qilib yurgan bir darvesh.
Krenli kuldi va Stivenning qo‘lini qattiqroq siqib, dedi:
—Vino zavodida kimdir — zo‘r ekan jin ursin!
— Xo‘sh, yana nimalarni bilging kelayapti? — so‘radi Stiven.
— Hozir qanday, yaxshi yashayapsizlarmi? Hammasi joyidami?
— Ust-boshimdan sezilmayaptimi? — qo‘rslik bilan so‘radi Stiven.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:33:19

—Xo‘-o‘sh, — dedi Krenli xayolchan, — sen, demak, boy-badavlat oilada tug‘ilgansan.
Bu gapni u ovozini balandlatib, texnikaga doir muhim atamalarni aytayotganday, dona-dona qilib aytdi va bu bilan o‘zi aytgan gapga ishonqiramayotganini Stivenga bildirib qo‘ygisi kelayotganiga ishora qildi.
— Sening onangga, harqalay, ancha qiyin bo‘lgandir? — davom etdi Krenli. — Nega endi uni sen ortiqcha xafagarchilikdan xalos qilib qo‘ya qolmaysan, hatto agarс•
— Agar men buni istasam, — dedi Stiven, — bu menga hech gapmas, oson.
— Shunday qila qol-da, — dedi Krenli. — Onang aytganday qil. Shu qiyinmi senga? Agar ko‘nglingda ishonmasang, ishonmay qo‘ya qol, shunchaki rasmiyatchilik uchun cho‘qinsang bo‘ldi, xolos. Uning ko‘ngli tinchiydi.
Krenli to‘xtadi, Stivendan javob bo‘lavermagach, oradagi jimlikni buzmadi. Keyin, go‘yo xayolida kechayotgan o‘ylarni ovoz chiqarib aytayotganday, dedi:
— Biz dunyo deb ataydigan bu kir o‘rada ona mehridan boshqa hammasi omonat. Seni ona dunyoga keltiradi, vujudida avaylab ko‘tarib yuradi. Uning kechirgan azoblarini biz qaerdan bilaylik? Biroq u nimalarni boshidan kechirmasin, ko‘nglidan o‘tkazmasin — bari har holda, chin bo‘lishi kerak. Haqiqiy bo‘lishi kerak. Uning chekkan uqubatlari oldida bizning g‘oyalarimiz, orzularimiz hech gapmas. O‘yin! Quruq safsata! Anov baqiroq echki Templning kallasidayam g‘oya bor. Makkenning miyasidagiyam — g‘oya. Yo‘lda yurib borayotgan har qanday eshshak menda g‘oya bor, deb o‘ylashi mumkin.
Stiven, bu gaplar tagida nima yashiringanini bilishga urinib, atay tergab dedi:
— Paskal, agar xotiram aldamasa, o‘zini onasiga o‘ptirmas ekan, chunki u ayollarning teginishidan qo‘rqqan.
— Demak, Paskal — cho‘chqa, — dedi Krenli.
— Aloiziy Gonzaga ham, chamamda, shunday qilgan.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:33:31

— Unda Gonzaga ham cho‘chqa, — dedi Krenli.
— Cherkov uni avliyo deb hisoblaydi-ku, — e’tiroz bildirdi Stiven.
— Kim kimni nima deb hisoblasa hisoblayversin, men bariga tupurdim, — qat’iy va qo‘pol qilib, cho‘rt kesib gapirdi Krenli. — Men uni, baribir, cho‘chqa deb hisoblayman.
Stiven, har bir so‘zini o‘ylab salmoqlab dedi:
— Iisus ham onasi haqida odamlar oldida alohida ehtirom bilan gapirmagan biroq iezuit ilohiyotchisi, ispan boyoni Suares2 uni haqli deb hisoblaydi.
— Ayt-chi, biror marta sening kallangga, — so‘radi Krenli, — Iisus o‘zini xaloyiqqa aslidan boshqacha qilib ko‘rsatgan, odamlarni chalg‘itgan, degan fikr kelmaganmi?
— Menimcha, boshiga bunday fikr kelgan birinchi odam, —javob qildi Stiven, — bu Iisusning o‘zi.
— Yo‘q, men aytmoqchimanki, — ovozini keskin balandlatib davom etdi Krenli, — qachondir sening kallangga u ongli riyokor yoki oddiy qilib aytganda, ablah, degan fikr kelmaganmi?
— Tan olib aytaman, hech qachon mening miyamga bunday fikr kelgani yo‘q, — javob qildi Stiven, — biroq qiziq, sen meni dinga kirgizishga urinmoqchi bo‘lyapsanmi yoki o‘zingni yo‘ldan ozdirmoqchimisan?
Stiven uning yuziga qarab, bepisand kulimsirayotganini ko‘rdi, yuzidagi bu ifodaga Krenli sirli ma’no berishga urinardi.
Tuyqusdan Krenli dadillashib, dangal so‘radi:
— Vijdonan ayt-chi, mening gaplarim seni noqulay ahvolga solib qo‘ymadimi?
— Biroz, — dedi Stiven.
— Xo‘sh, nega endi? — davom etdi Krenli gapining ohangini buzmay. — Axir, sen o‘zing dinimiz aldov ekaniga, Iisus xudoning o‘g‘li emasligiga ishonasan-ku.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:33:47

— Bu gapingga men unchalik qo‘shilmayman, — dedi Stiven. — U, harqalay, xudoning o‘g‘li bo‘lsa kerak, Mariyamni emas.
— Shuning uchun ham sen cho‘qinishni xohlamaysan-da, a? — so‘radi Krenli. — Xo‘sh, demak, sen bunga unchalik qo‘shilmaysan? Bundan chiqdiki, vino bilan non chindan ham xudo o‘g‘lining vujudi va qoni bo‘lishi mumkin, bu shunchalik udum bo‘lmasa kerak, deb qo‘rqasan, shekilli?
— Ha, — xotirjam javob qildi Stiven. — Men buni his qilaman va shuning uchun bu menga g‘oyibdan qo‘rqinchli tuyuladi.
— Tushunarli, — dedi Krenli.
Stiven, uni hayron qoldirgan ohangda, gapida davom etdi.
— Men ko‘p narsadan qo‘rqaman, — dedi u, — itdan, otdan miltiqdan, dengizdan, momaqaldiroqdan, mashinadan, tungi qishloq yo‘llaridan.
— Biroq, nega sen bir burda nondan qo‘rqasan?
— Mening nazarimda, — dedi Stiven, — men qo‘rqqan narsalar barisining ortida qo‘rqinchli haqiqat bor.
— Demak, sen, — so‘radi Krenli, — agar ko‘nglingda ishonmay turib cho‘qinsang, rim—katolik cherkovi tangrisi la’natlashi va o‘limga mahkum etishidan qo‘rqasan, shundaymi?
— Rim—katolik cherkovi tangrisi buni hozir ham qilishi mumkin, — dedi Stiven. — Biroq men timsoliga yolg‘ondakam sig‘inganimdan keyin vujudimda boshlanadigan kimyoviy jarayondan ko‘proq qo‘rqaman, axir, bu timsol ortida yigirma asrlik kuch-qudrat va ixlosu izzat-ikrom yotibdi.

Qayd etilgan