Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139211 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 B


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:34:16

— Agar hayotining xavf ostida qolsa, — so‘radi Krenli, — sen bu kufrni ado etarmiding? Deylik, sen katolik e’tiqodi quvg‘in ostiga olingan davrda yashaganingda nima qilarding?
— Men o‘tmish uchun javob bermoqchi emasman, — dedi Stiven. — Ehtimol qo‘limdan kelmas.
— Demak, sen protestant bo‘lmoqchi emassan.
— Men e’tiqodimni yo‘qotdim, — javob qildi Stiven. — Biroq men o‘zimning qadrimni yo‘qotganim yo‘q. Kishi bir mantiqli va izchil ma’nosizlikdan voz kechib, boshqa bir mantiqsiz va izchil bo‘lmagan ma’nosizlikni qabul qilsa, buni chinakam hurlik, deb bo‘ladimi?
Ular Pemburk tumanigacha yurib kelishdi va endi, ko‘chada sekin-asta qadam tashlashib, chorabog‘lardagi uylarning u yer, bu yeridan taralib turgan yog‘dular ko‘ngillariga xotirjamlik bag‘ishlayotganini his etishdi. Bu yerdagi boy-badavlat va sokin turmush havosi ularning kambag‘alliklarini ham bir qadar xayollaridan ko‘targanday bo‘ldi. Dafna butalari ortidagi oshxona derazasida chiroq miltillab nur sochar, u yerdan pichoq qayrayotgan xizmatkor ayolning xirgoyisi eshitilardi. Ayol "œO Greydi atirgullari"ni ravon kuylardi.
Krenli eshitmoqchi bo‘lib to‘xtadi va shunday dedi:
— Multer cantar*20.
Lotincha so‘zlarning mayin ifodasi shom qorong‘usida dilbar musiqaday, erkalab silagan ayolning muloyim qo‘liday yoqib tushardi. Ularning boshlaridagi ola-g‘ovur o‘y-xayollar bir qadar bosildi. Qorong‘ulik ichida marosim chog‘i ko‘ringan, ayol qiyofasi paydo bo‘ldi: oppoq libosga burkangan, mo‘’jazgina va o‘g‘il bolanikiday tetik jussa, belbog‘ining uchlari yerga osilib turibdi. Uning bolalarnikiday jarangli va mo‘rt ovozi uzoqdan eshitilayotgan jo‘r ovozlar sadosi ichidan zulmatni yorib chiqayotgan ohu noladay eshitiladi:
— Et tu cum Jesu Galilaeo eras*21.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:34:35

Yurak hapqiradi, ilk so‘zida alanga olib, so‘nggisida so‘nib, xuddi yarqirab chiqqan navqiron yulduzday yangroq bu ovozga talpinadi. Xonish tindi. Ular yurib ketishdi. Krenli, xonish maqomiga moslab, naqoratning oxirgi satrlarini takrorladi:

Men erkamni toparman,
Illo, bo‘lurman baxtli.
Gulimni men sevarman,
Gulimning ahdi qat’i.

— Mana, haqiqiy poeziya, — dedi u. — Chin muhabbat shu.
U Stivenga ko‘z qirini tashladi va g‘alati kulimsiradi.
— Sening-cha, shu poeziyami? Bu so‘zlarda biror-bir ma’no bor deb o‘ylaysanmi?
— Ulardan ma’no topish qiyin emas, — dedi Krenli.
Uning shapkasi qoshiga tushib turardi. U shapkasini teparoqqa surdi va Stiven daraxtlar soyasida uning rangpar, nursiz yuzini, katta qora ko‘zlarini ko‘rdi. Ha, uning yuz-ko‘zi kelishgan, gavdasi ham qoruvli, kuchli. U ona mehri haqida gapirdi. Demak, u ayollarning mehrini tushunadi, ularning ko‘ngli bo‘shligini, ojizliklarini biladi.
Demak, ketish kerak! Bas, endi ketish kerak. Stiven yuragining tubida ketishga undayotgan qandaydir da’vatkor ovozni his etdi, bu ovoz uning Krenli bilan do‘stligi barham topganini zo‘r berib uqtirardi. Ha, u endi ketadi, endi u hech kim bilan kurasha olmaydi, peshonasida borini ko‘radi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:34:51

— Men ketsam kerak, — dedi u.
— Qayoqqa? — so‘radi Krenli.
— Boshim oqqan tarafga, — javob qildi Stiven.
— Shunaqa de, — dedi Krenli. — Harqalay, bu yerda senga qiyin bo‘ladi. Sen shuning uchun ketmoqchi bo‘layapsanmi?
— Men ketishim kerak, — dedi Stiven.
— Faqat o‘ylab yurmagin meni quvg‘inlikka majbur qilishdi deb, — davom etdi Krenli. — O‘zingni allaqanday shakkok yoki eldan ajralib qolgan kimsa deb o‘ylamagin. Ko‘pgina dindorlar shunday deb o‘ylashadi. Bu seni ajablantirsa kerak? Biroq cherkov — bu shunchaki toshdan qurilgan imorat va hatto allaqanday qotib qolgan aqidalarga berilgan ruhoniylar makoni emas, axir. Bu odamlar shu bilan tirik. Men sening nimani istayotganingni bilmayapman. O‘sha, biz birga Xarkort-stritdagi bekatda turganimizda menga aytgan gaplaringnimi?
— Ha, — dedi Stiven beixtiyor kulimsirab. Krenlining aytilgan gapni qaerda gapirilgani bilan qo‘shib eslash odati uning kulgisini qistadi. — O‘sha oqshom sen Dogerti bilan Selligepdan Lerresgacha qanday borsa yaqin bo‘lishini yarim soat bahs qilding.
— To‘nka! — dedi Krenli nafrati qo‘zib. — Selligepdan Lerresga boradigan yo‘lni u qayoqdan biladi? U qovoq kalla-ku, nimani bilardi u!
U xoxolab kuldi.
— Boshqa gaplarni-chi, — dedi Stiven, — boshqa gaplarni eslaysanmi?
— O‘shanda sen aytgan gaplarnimi? — so‘radi Krenli. — Ha, eslayman. Yashashning yoki san’atning shunday bir usulini topish kerakki, unda sen o‘zingni bemalol, erkin namoyon etishingga imkon bo‘lsin.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:35:03

Stiven bu gapni ma’qullaganday shapkasini ko‘taribroq qo‘ydi.
— Erkinlik! — takrorladi Krenli. — Qayoqda! Sen hatto jinday kufrlikka qo‘l urishga ham qo‘rqasan-ku. O‘g‘rilik qila olasanmi?
— Yo‘q, undan ko‘ra tilanchilik qilgan yaxshi, — dedi Stiven.
— Agar sadaqa berishmasa-chi, unda nima qilarding?
— Sen mening, — javob qildi Stiven, — mulk huquqi shartli, sharoit taqozo etganda o‘g‘irlik qilinsa, bu jinoyatga kirmaydi, deyishimni xohlayapsan. U holda hamma o‘g‘irlik qilardi. Shuning uchun men bunday fikrni aytishdan tiyilaman. Yaxshisi, sen iezuit ilohiyotshunosi Xuan Mariya de Telved2ga murojaat qil, u senga qanday sharoitda qirolni o‘ldirish gunoh sanalmasligini va buni qay tarzda — taomiga zahar solibmi yoki kiyim-boshini yo bo‘lmasa egarini og‘uga bulabmi — amalga oshirganing ma’qulligini tushuntiradi. Mendan esa: sen o‘zingni tunashga ruxsat berarmiding, deb so‘raganing ma’qul. O‘g‘rilarni men shappa ushlab, adolat posbonining qo‘liga topshirmasmidim?
— Xo‘sh, buni sen qanday qilarding?
— Menimcha, — dedi Stiven, — bu harqalay, men uchun bor-yo‘g‘imni o‘g‘irlab ketgandan ko‘ra og‘irroq musibat bo‘lardi.
— Tushunaman, — dedi Krenli.
U cho‘ntagidan gugurt cho‘pini olib, tishlarini kovlay boshladi. Keyin tomdan tarasha tushganday qo‘qqisdan so‘radi:
— Ayt-chi, sen, masalan, qiz bolani iffatidan mahrum qila olarmiding?
— Kechirasan-u, — dedi xushmuomalalik bilan Stiven, — buni, axir, ko‘pchlik yigitlar orzu qilsa kerak?
— Sen-chi, sen bunga qanday qaraysan? — so‘radi Krenli.
Uning oxirgi, xuddi kuyundining hididay achchiq tagdor gapi Stivenning xayolini alg‘ov-dalg‘ov qildi, ko‘ngliga og‘ir botdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:35:15

— Menga qara, Krenli, — dedi u. — Sen mendan nima qilishni xohlashimni va nima qilishni xohlamasligimni so‘rayapsan. Men senga nima qilishimni va nima qilmasligimni aytib qo‘yay. Men endi o‘zim ishonmaydigan narsaga sig‘inmayman, hatto agar bu mening oilam, vatanim yoki cherkov bo‘lsa ham. Biroq men o‘zimni hayotning yoki san’atning biror bir shaklida qo‘limdan kelguncha to‘la-to‘kis, erkin namoyon etishga harakat qilaman, bu yo‘lda o‘zim uchun ma’qul kelgan qurol — sukut saqlash, darbadarlik va ziyraklik bilan himoyalanaman.
Krenli Stivenning qo‘lidan tutdi va uni Lison-park tarafga boshladi. U ayyorona kulib, Stivenning qo‘lini ko‘kragiga do‘stlarcha bosib, go‘yo mehribonlik ko‘rsatmoqchi bo‘ldi.
— Ziyraklik bilan?! — dedi u. — Sen-a? Bechora shoir!
— Sen meni shunga, — dedi Stiven uning soxta mehribonligidan hayajonlanib, — xuddi boshqa ko‘p narsalarga iqror bo‘lganimday tan olishga majbur qilding.
— Ha shunday, bo‘tam — dedi Krenli hazilini davom ettirib.
— Sen meni nimalardan qo‘rqishimni tan olishga majbur qilding. Biroq men senga nimalardan qo‘rqmasligimni ham aytib qo‘yishim mumkin. Men yolg‘iz qolishdan yoki boshqa biror kimsani deb haydalishdan qo‘rqmayman, taqdirimga bog‘langan narsalarni tark etishdan qo‘rqmayman. Men yana xato qilishdan, katta gunohga, bir umrga yetguli, hatto gunohi azimga yo‘l qo‘yishdan ham qo‘rqmayman.
Krenli qadamini sekinlatdi va endi jiddiylashib dedi:
— Yolg‘iz, bir o‘zing. Sen bundan qo‘rqmaysanmi? Bu gapning ma’nosiga tushunasanmi o‘zi? Boshqalardan bir chetda qolish ham gapmi, hatto do‘sting ham bo‘lmasa.
— Men bunga ham tayyorman, — dedi Stiven.
— Hech kimsiz, hatto eng oliyjanob, sodiq do‘stdan ham muhimroq insondan ajralib, a?
Bu so‘zlari Krenlining o‘ziga ta’sr qilib ketdi. U o‘zini nazarda tutib gapirdimikan, o‘zining kimligini yoki kim bo‘lishini xohlaganini nazarda tutdimikan? Stiven bir necha lahza uning qayg‘uli yuziga jim qarab turdi. U doim qo‘rqib eslaydigan o‘zining yolg‘izligi haqida gapirdi.
— Kim haqida gapiryapsan, — so‘radi nihoyat Stiven.
Krenli javob qilmadi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:35:28

* * *
20 mart. Krenli bilan mening isyonim haqida uzundan-uzoq gaplashildi.
U bir nimalarni jiddiy uqtirishga urindi. Men o‘zimni eshitayotganga soldim, hurmatini o‘rniga qo‘yayotganday ko‘rsatdim o‘zimni. U onasini yaxshi ko‘rishini gapiraverib jonimga tegdi. Onasini mening ko‘z oldimda gavdalantirishga harakat qildi, biroq men tasavvur qilolmadim. Bir safar o‘zi tug‘ilganda otasi oltmish bir yoshda bo‘lgani bexos og‘zidan chiqib ketgan. Buni tasavvur qilish mumkin. Kelbati kelishgan fermer. Egnida keng-mo‘l kostyum. Moshguruch soqoli kuzalmagan. Aftidan tozi quvib ov qiladi. Aerresdagi hazrat Dvaerga cherkov badalini binoyiday to‘lab turadi, biroq juda qo‘li ochiq deb bo‘lmaydi. Kechqurunlari qizlar bilan valaqlashib o‘tirishdan zerikmaydi. Onasi-chi? Juda yoshmikan yoki munkillab qolganmi? Yosh emasdir-ov, unda Krenli boshqacha gapirgan bo‘lardi. Demak, qari. Ehtimol, qarovsizdir. Yuragidagi alam shundan: Krenli — qurib-chiriyotgan daraxt mevasi.
21 mart, eratalab. Bu haqda kecha oqshom to‘shakda yotib o‘yladim, biroq hozir hech narsa yoqmayapti, qo‘lim bormayapti, shuning uchun yozmadim. Ha, ozod qushdayman. Qurib-chiriyotgan daraxtlar — bu Yelizaveta va Zaxariya. Demak, u — Mubashshir. Dudlangan to‘sh va quritilgan anjir bilan oziqlanishi bejiz emas. Tushungin-da: yemishi chigirtkayu yovvoyi asal. Yana — qachon u haqda o‘ylasam, mudom beshafqat chopilgan bosh yoki kulrang parda orasidan mo‘ralagan jonsiz niqob, yo bo‘lmasa boqiy Xaloskor ko‘z oldimga keladi. Bosh olish — bu ularda shunday ataladi. Lotin darvozasida Ioann ko‘rsatgan mo‘’jizani tushunolmayman. Men o‘zi nimani ko‘rayapman? Qulfni buzishga zo‘r berayotgan boshsiz Mubashshirni.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:35:37

21 mart, oqshom. Ozodman. Ruhim yengil, o‘y-xayolim erkin. Qo‘y, mayli, o‘lik jonlar o‘zlarining murdalarini dafn etaversin. Ha. Mayli, tirik murdalar o‘lik jonlari bilan qovushaversin.
22 mart. Linch bilan birga kasalxonaning kasal boquvchi semiz ayoli ortidan sudralib yurdim. Linchning o‘ylab topgani. Ikki ozg‘in och tozi buzoq ketidan tushgan.
23 mart. Uni o‘sha oqshomdan beri uchratganim yo‘q. Tobi yo‘qmikan? Kamin oldida o‘tirgandir-da onasining shol ro‘moliga burkanib. Biroq parvo qilmaydi. Ovqatingni yeb olgin!
24 mart. Onam bilan tortishishdan boshlandi. Mavzu — Bibi Maryam. Yoshim va jinsimga ko‘ra noqulay holatda edim. Bahona topib, vaziyatdan chiqib ketmoqchi bo‘lib, Isoning otasi bilan va Maryamning o‘g‘li bilan munosabatlarini misol qilib keltirdim. Onamga din — tug‘ruqxona emas, dedim. Onam ko‘ngilchan. Sening xayoling buzuq, deb aytdi, men ko‘p kitob o‘qirkanman. Noto‘g‘ri. Kam o‘qiyman, kam tushunaman. Keyin u, hali sen dinga qaytasan, dedi, hozir aqlim uncha tiniqlashmagan ekan. Buni qanday tushunsa bo‘ladi: bu — cherkovni gunohning qora tuynugidan tark etish va unga ovoz chiqarib qilinadigan tavba-tazarru eshigidan qaytib kirishmi? Tavba qilolmayman. Unga xuddi shunday deb aytdim. Olti pens berib turing, dedim. Uch pens berdi.
Keyin universitetga bordim. Dumaloqbosh Getsts bilan ikkinchi bor to‘qnashdim, uning ko‘zlari tulkinikiday. Bu safar Bruno bahona bo‘ldi. Gapini italyancha boshlab, buzilgan inglizchada yakunladi. Bruno g‘irt shakkok bo‘lgan, dedi u. Men esa uni olovda g‘irtlar yoqishgan, dedim. U hech bir ginasiz mening gapimga qo‘shildi. Keyin u risotto aiia bargamasca deb nomlanadigan italyan milliy taomining retseptini berdi. U "œo"ni yumshatib aytganda qalin, go‘shtdor lablarini cho‘chchaytiradi. Tovushni muchchilayotganday tuyuladi. Ehtimol, muchchilar? Uning tavba qilishga qurbi yetramikan? Ha, bo‘lmasa-chi, ikkita quv ko‘zidan bir-bir tomchidan ikki tomchi obidiydasini oqizadi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:35:56

Stivens-Grin-parkni, mening parkimni oralab o‘tayotib esladim: axir, o‘sha oqshom Krenli bizning dinimiz deb atagan dinni mening emas, Getstsining vatandoshlari o‘ylab topishgan. To‘qson yettinchi polkning askarlari — to‘rtovlon xoch tagida o‘tirishibdi va qur’a tashlashib, xochga chormix qilinganning kiyimini bo‘lashib olishayotir.
Kutubxonaga bordim, uchta jurnalni o‘qimoqchi bo‘ldim. Foydasi yo‘q. U haliyam qorasini ko‘rsatgani yo‘q. Meni bu qiziqtiradimi? Nimasi qiziqtiradi? Endi uni hech qachon ko‘rmasligimmi? Bleyk yozgan:
Qo‘rqaman, chunki Uilyam Bond qazo qildi,
Chunki u uzoq va og‘ir yotdi.
Afsus, bechora Uilyam!
Qandaydir sabab bilan Rotondga borgan edim. Tomoshaning oxirida kiborlarning qiyofalarini ko‘rsatishdi.
Ularning orasida yaqinginada qazo qilgan Uilyam Yuart Gladston ham bor. Orkestr "œO, Villi, qaniydi oramizda bo‘lsang!"ni ijro etdi.
Chindan ham gumrohlar millati!
25 mart, ertalab. Tuni bilan alaq-chalaq tushlar ko‘rdim. Qaniydi, bir silkinib baridan xalos bo‘lsang.
Uzun aylana dahliz. Yerdan osmonga ustunday buralib qop-qora bug‘ ko‘tariladi. Allaqanday afsonaviy qirollarning son-sanoqsiz haykallari. Ularning horg‘in qo‘llari tizzalarida, ko‘zlarini yosh qoplagan, chunki ularning ko‘z o‘ngida bandalarning gunohlari qop-qora bug‘ bo‘lib o‘rlab turibdi.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:36:12

Yana g‘ordan g‘alati jondor chiqib keladi. Jussalari odamlarnikidan kichikroq. Go‘yo ular bir-biriga qo‘shilganday. Ularning qorong‘ida nurlanib ko‘ringan yuzlarida taram-taram qora chiziq. Ular menga tikilib qaraydi, ko‘zlarida esa savol alomati. Miq etmaydi.
30 mart. Bugun kechqurun kutubxona eshigi oldida Krenli Dikson bilan uning akasiga topishmoq aytdi. Ona bolasini Nil daryosiga tushirib yubordi. Hali ham ona mehri bilan band. Go‘dakni timsoh tutib oldi. Ona timsohdan bolasini qaytarib berishni so‘rayapti. Timsoh rozi: mayli, faqat bitta sharti bor, ayt-chi, bolani men nima qilmoqchiman — uni yamlab yutamanmi, yamlamay, deydi timsoh.
Bunday fikrlash tarzi, haqiqatdan ham, faqat sizning chirkin muhitda, sizning quyoshingiz ostida paydo bo‘lishi mumkin, degan bo‘lardi Lepid.
Meniki-chi? Menikining nimasi afzal? Nilga tashla uni, daryoga cho‘ktir!
1 aprel. Oxirgi gap yoqmayapti.
2 aprel. Uni ko‘rdim, Jonston kafesida Muni va O‘Brayen bilan pirojniy yeb, choy ichayotgandi. To‘g‘ri, o‘tib borayotganimizda birinchi bo‘lib Linch tulki uni ko‘rib qoldi. Linch menga: uning akasi Krenlini uylariga taklif qildi, deb aytdi. U o‘zi bilan birga timsohini ham olishni unutmadimikan? Demak, endi u olam chirog‘i bo‘ldimi? Uni men kashf etgandim-ku. Ishontirib aytaman, men! Yurardi uikloulik sho‘rtumshuqlar ichida biqinib.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:36:23

3 aprel. Finleyter cherkovi qarshisidagi tamaki do‘konida Deyvinni uchratdim. U qora sviterda, qo‘lida chavgon. Mendan chindan ham jo‘nab ketayapsanmi, nega, deb so‘radi. Men unga Taraga boriladigan qisqa yo‘l — via Xolixed, dedim. Shu payt otam kelib qoldi. Ularni tanishtirdim. Otam hurmatimizni qildi. Deyvinga tamaddi qilib olishni taklif etdi. Deyvin borolmadi — namoyishga shoshayotgan edi. Biz uzoqlashgach, otam bu bolaning chehrasi ochiq ekan, dedi. Mendan nega eshkakchilar klubiga yozilmading, deb so‘radi. O‘ylab ko‘rishga va’da berdim. Keyin u menga bir paytlar Pennifezerni qanday xafa qilganini gapirib berdi. Mening yurist bo‘lishimni xohlaydi. Bu sening burching, deydi. Yana Nil botqog‘i, timsohlari bilan.
5 aprel. Avji bahor. Pag‘a-pag‘a bulutlar suzadi. O, hayot! Qoramtir loyqa suv mavj urib oqadi, tepadan olma daraxtlari nozik barglarini to‘kib turadi. Barglar orasidan qizlarning ko‘zlari intizor boqadi. Qizlar — odobli va sho‘x. Bari oqsariq yoki mallasoch. Qorasochlisi kerakmas. Oqsariq sochli qizlarning yuzlari naqsholmaday. Bir sakrab tutsang!
6 aprel. U o‘zining o‘tmishini eslaydi, albatta. Hamma ayollar eslaydi, deydi Linch. Demak, u ham o‘zining va ham mening bolaligimni eslaydi, agar men qachondir bola bo‘lgan bo‘lsam. O‘tmishni bugun o‘z komiga tortadi, bugun esa faqat kelajakni paydo qilish ilinjida yashaydi. Agar Linchning gapi to‘g‘ri bo‘lsa, ayolning haykali doimo egnida kiyimi bilan yasalgan bo‘lishi va ayol bir qo‘l bilan ketini uyalinqirab bekitib turishi kerak.
6 aprel, shom. Maykl Robartes boy berilgan go‘zallikni xotirlayotir, qo‘llari bilan uni quchgan chog‘da, allaqachon bu dunyodan g‘oyib bo‘lgan go‘zalni bag‘riga bosayotganday tuyuladi. Boshqacha bo‘lishi kerak. Mutlaqo boshqacha. Men hali dunyoga kelmagan go‘zallikni bag‘rimga bosishni istayman.

Qayd etilgan