Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman). Jeyms Joys  ( 139069 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 B


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:36:33

10 aprel. Karaxt, qop-qorong‘i tun zulmati ostida, shahar sukunatiga qoyim, ko‘rgan tushlarini unutmoq ilinjida uyquni tark etgan, xuddi horg‘in oshiqday, silab-siypashlariga, yelayotgan ot tuyoqlarining dupuriga beparvo. Endi, harqalay uncha karxtmas. Mana endi ko‘prikka yaqin qoldi: bir nafas — sukunatni tilib, alam bilan, qorong‘u derazalarni yonlab, kamon o‘qiday uchib o‘tadi. Endi ular bir yoqlarda, uzoqlarda; tim qorong‘ulikda, olmosday yaraqlagan tuyoqlar mudroq uyqudagi dalalar uzra g‘izillab uchadi — qayoqqa? — kimga peshvoz? — qanday xushxabar bilan?
11 aprel. Kecha oqshom yozganlarimni o‘qib chiqdim. Allaqanday mavhum iztiroblar haqidagi mavhum so‘zlar. Bu unga yoqishi mumkinmidi? Yoqardi, menimcha. U holda, demak, menga ham yoqishi kerak.
13 aprel. Bu "suzgich"œ uzoq vaqt xayolimni tark etmadi. Lug‘atga qaradim. Topdim. Binoyiday qadimgi so‘z. Jin ursin dekanni voronkasi bilan qo‘shib! Nega u bu yerda paydo bo‘ldi — bizni o‘zining tiliga o‘rgatish uchunmi yoki bizdan o‘rganish uchunmi? Nima bo‘lgandayam, baribir, daf bo‘lsin!
14 aprel. Jon Alfons Malrennen hozirgina Irlandiyaning g‘arbidan qaytib keldi. Yevropa va Osiyoda chiqadigan gazetalar bu xabarni ko‘chirib bosishlarini iltimos qilaman. Aytishicha, u tog‘dagi kulbada qari cholni uchratgan. Cholning ko‘zlari baqraygan, og‘zida kalta trubka. Chol irlandcha gapiradi. Malrennen ham irlandcha gapiradi. Keyin chol bilan Malrennen inglizcha gaplashishadi. Malrennen unga olam haqida, yulduzlar haqida so‘zlaydi. Chol o‘tirgan ko‘yi, tamakini buruqsitib, tupurinib eshitadi. Keyin shunday deydi:
— Ha-ya, to‘g‘ri, dunyoning naryog‘ida ajoyib maxluqlar yashaydi-da.

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:36:43

Men undan qo‘rqaman. Uning baqraygan qizil ko‘zlaridan qo‘rqaman. Tonggacha u bilan olishish mening chekimga tushgan, hali yo mening yoki uning ajali yetmaguncha, uning sertomir yo‘g‘on bo‘yinini bo‘g‘ib, hali... Nima hali? Hali u menga yon bermagunchami? Yo‘q, men unga yomonlikni sog‘inmayman.
15 aprel. Bugun u bilan Graften-stritda yuzma-yuz uchrashdim. Bizni olomon bir-birimizga duch keltirdi. Ikkalamiz ham to‘xtadik. U mendan nega ko‘rinmaysan, deb so‘radi. Men haqimda har xil bo‘lmag‘ur gaplarni eshitganini aytdi. Bu gaplar, chamamda, atay vaqtni cho‘zish uchun aytildi. She’rlar yozib turibsanmi, deb so‘radi. Kim haqida? — so‘radim men. Shunda u battar ajablandi, unga achinib ketdim va o‘zimni ablahday his etdim. Darhol gapni o‘sha Dante Algeri kashf etgan, mualliflik huquqini rasmiylashtirib olgan qahramonlik ohangidagi ko‘tarinki mavzuga burdim: o‘zim haqimda, rejalarim to‘g‘risida hovliqib gapira ketdim. Baxtga qarshi, gap orasida beixtiyor isyonkor mayllarim ham oshkor bo‘ldi. Aftidan, men bir qop yong‘oqqa o‘xshab shaldiradim. Odamlar bizga qaray boshlashdi. Shu payt u qo‘limni siqdi va ketayotib, aytgan gaplarim, albatta, amalga oshishiga umid bildirdi.
Yoqimli-da, to‘g‘rimasmi?
Ha, bugun uni uchratib kayfim chog‘ bo‘ldi. Judayam xursand bo‘ldimi yo unchalikmasmi? Bilmadim. U bilan uchrashib ruhim ko‘tariladi, bu men uchun allaqanday boshqacha, yangi bir tuyg‘u. Demak, nimaiki o‘ylagan bo‘lsam, o‘ylayotgan bo‘lsam, nimaiki his etgan, his etayotgan bo‘lsam, xullas, bugungi uchrashuvda bo‘lgan hamma narsa tub mohiyati bilan... Qo‘ysang-chi, og‘ayni, yig‘ishtir! Kechasi yotib o‘yla, ertasi turib so‘yla.
16 aprel. Yo‘l tadorikin ko‘r! Safarga otlan!

Qayd etilgan


shoir  25 Oktyabr 2007, 17:37:47

Qo‘llar va ovozlar chorlayotir: oy yorug‘ida qotgan yo‘llarning oq qo‘llari va kemalarning uzun qora qo‘llari, ularning uzoq-uzoqlardagi mamlakatlarga eltishni va’da qilib chorlashlaridan yurak hapqiradi. Go‘yo ular imlab chorlayotganday, biz birga bo‘laylik — yonimizga kel, bizga qo‘shil, deb aytayotganday. Ovozlar esa bunga jo‘r bo‘lib: sen bizdansan, birodarimizsan, demoqda go‘yo. Osmon bu jo‘r ovozlarga to‘la, ular meni — safarga shay, o‘zining navqiron, yosh qanotlarini dadil qoqib uchishga tayyor birodarini chorlamoqda.
26 aprel. Onam mening eskifurushdan sotib olgan yangi narsalarimni joylayotir. Shoyad, tug‘ilgan uyingdan uzoqda do‘st kim, dushman kimligini bilsang, insofga kelsang, deydi onam. Illo! Shunday bo‘ladi, albatta. Shon-sharaflar bo‘lsin senga, hayot! Men safarga otlanayotirman, ijod haqiqatini qayta-qayta anglab yetmoq va qalbimning qo‘ri bilan xalqimning tengsiz, betakror aqlu irodasini namoyon etmoqqa jazm etib yo‘lga chiqayotirman.
27 aprel. Rahnamoyim, ey aziz ustoz minba’d menga tog‘day tayanch bo‘l, azalu abad o‘zing qo‘llagaysan.

Dublin, 1904.
Triest, 1914.
_________
*1 Fil suyagi (ingliz, frantsuz, italyan va lotin tillarida).
*2 Hindiston fil suyagi yetishtirib beradi (lotincha).
*3 "œNotiqning nutqi ixcham, qo‘shiqchining ashulasi rang-barang" (lotincha). Lotin grammatikasining va shu qo‘llanmadan joy olgan lotin she’r tuzilishi qoidasining muallifi Manuel Alvarishning (1526—1583) kitobidan.
*4 Ana shunday falokatlar (lotincha).
*5 Riyozat chekib zafar qozonmoq (lotincha).
*7 Qo‘l qo‘ydingmi? (lotincha).
*8 Nima? (lotincha).
*9 Umumjahon tinchligi uchun (lotincha).
*10 Nazarimda, siz o‘taketgan yolg‘onchisiz, avzoyingizdan ko‘rinib turibdi — kayfiyatingiz juda rasvo.
*11 Kimning kayfiyati yomon — meningmi yoki sizningmi (lotincha).
*12 Urushdan boshi chiqmaydigan dunyoga tinchlik (lotincha).
*13 Kelinglar, koptok o‘ynaymiz (lotincha).
*14 Pange, lingua, gloriosi Corporis mysterium... — Sharafla mening tilim, sharafli vujudim asrorini... (lotincha).
*15 Vexilla Regis prodenut — U shohona tug‘ni ko‘tarar(lotincha). Venantsiy Fortunat (530—603) — ilk o‘rta asr shoiri, umri oxirida Pufteda yepiskop bo‘lgan.
*16 Dovudning bashoratlari amalga oshdi,
Xalqlarga tantanali e’lon qilingan
Tangri daraxtda turib bizni boshqaradi degan
Haqqoniy munojotlarda (lotincha).
*17 Meningcha, Liverpuldagi kambag‘allar judayam qashshoq yashashadi (lotincha).
*18 Mo‘’tabar qadimgi sulola (lotincha). Solnomachi ingliz Fitts-Stivenlar sulolasini shunday ataydi. Bu sulolaning Stiven Dedalus oilasiga hech bir aloqasi yo‘q, boz ustiga, o‘sha sulola Irlandiyaning bosib olinishida kattagina xizmat ko‘rsatgan. Bu o‘rinda Templ Stivenning ingliz madaniyatiga qiziqishi va uning irland milliy harakatiga qo‘shilishni xohlamayotganiga kinoya qilayotir.
*19 Vaqtidan oldin, hovliqib (lotincha).
*20 Ayol kuylayapti (lotincha).
*21 Sen-da galileyalik Iisus bilan birga eding (lotincha). Injildan.



Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Yanvar 2009, 07:11:15

Musavvirning yoshlikdagi shamoili (roman)



Muallif: Jeyms Joys
Hajmi: 570 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan