Shu bilan bir qatorda bir toifa muhaddislar ham borki,. ular yakka muallif yo ayrim boblargagina tayanib asarlar ta’lif etganlar. Masalan, Imom al-Buxoriy «Salotda ikki qo‘lni ko‘tarish» bobida shu zaylda ish tutgan bo‘lsa, ba’zi birovlar esa ayrim shayxlar aytgan hadislarnigina to‘plash bilan cheklangan. Masalan, al-Ismoiliy degan olim faqat al-A’mosh rivoyat qil-gan hadislarni, Imom Muslim esa Amru ibn Shuayb hadislarini yiqqanini ko‘ramiz. (Usha asar, 31-bet)
Shu asrdan boshlab hadislarni yig‘ish, ularning tadvini va o‘zlashtirishda (qabul qilishda) dunyoning turli burchaklarida yashovchi ko‘plab shuyux (ustoz)larga tayanib ish ko‘ra boshladilar. Shu boisdan ham oldingi asrlarda bo‘lmagan tadbirlar — hadis izlab turli o‘lkalarga sayohatu safarlarga chiqish hollari odat tusiga kira boshladi. Mamlakatlar va shaharlarning bir-biridan uzoqligi, ot-ulovning kamligi, moliyaviy yetishmovchiliklar natijasida, albatta, bu safarlarda muayyan qiyinchiliklarga duch kelingan. Safar mashaqqatlarini yengish o‘ta sabr-toqatli va hadis ilmi yo‘lida jonini ham ayamaydigan haqiqiy fidoyi olimlargagina nasib etgan. Manbalarda hatto bitta hadis izidan bir necha shaharlarga borishga to‘g‘ri kelganligi haqida aniq ma’lumotlar bor.
Misr, Shom, Hijoz, Iroq, Xuroson, Movarounnahr kabi o‘lkalar hadis ilmi keng tarqalgan mintaqalar hisoblanib, shu boisdan ham bu joylardan juda ko‘p muhaddislar yetishib chiqqanlar.
Hadis ilmi bilan shug‘ullanishga nafaqat Sharq mamlakatlarida, shuningdek Andalusiyada ham katta e’tibor berilib, mag‘riblik muhaddislar sharqiy o‘lkalarga borganlar. Hadislar bo‘yicha Andalusiyada shuhrat qozonganlardan biri Muhammad ibn Bazi’dir, (hijriy 287 yil vafot etgan). U Iroq, Hijoz, Shom va Misr kabi mamlakatlarda bo‘lib, 175 dan ortiq roviydan hadis eshitganlngi ma’lum. Shuningdek, Bakiy ibn Mahlad al-Qurtubiy, («Al-Musnad al-kabir» ning muallifi) o‘z asari uchun hadis yig‘ish maqsadida Makka, Madina, Misr, Damashq, Bag‘dod va boshqa ilm-fan markazlarida bo‘lib, o‘sha zamon ulamolaridan ko‘plab hadislar eshitdi. Ahmad ibn Hanbal uning ustozlaridan biri edi.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, hijriy uchinchi asrda Mashriqda ham, Mag‘ribda ham hadislar tadvini, ularni to‘plab tartibga solib, chuqur o‘rganish, roviylariyu isnodlarini aniqlab, keyingi avlodlarga qoldirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilgan.
Darhaqiqat butun musulmon olamiga mashhur bo‘lgan olti sahih kitobning mualliflari mana shu uchinchi, ya’ni hadis ilmi uchun oltin davr hisoblangan asrda ijod qilganlar. Bu kitoblar «Sahih al-Buxoriy», «Sahih Muslim», «Sunan Abu Dovud», «Jome’ at-Termiziy», «Sunan an-Nasoiy» nomlari bnlan mashhurdir.