Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96277 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:04:22

Mashina qo’rg’on oldiga kelib to’xtadi. Bugengagen va Morgan mashinadan tushishdi. Ertalabki salqin etni junjiktirar, ammo, chamasi, buni faqat Mayklgina his qilardi. Bugengagen mashina yukxonasidan shaxtyorlar kaskasini qidirardi. Ular boradigan joy juda qorong’i bo’lib, birgina chiroq nuri kamlik qilar, tuproq ko’chish xavfi juda katta edi. Bugengagen ham, Morgan ham bir narsani payqashmadi. Devor ustida ulkan quzg’un o’tirar va ularni kuzatardi. Uning ko’zlarida nafrat o’ti yonardi.
Ular balandligi ellik futli yog’och ustunlar o’rnatilgan zaldan o’tishdi. Shiftda ko’rshapalaklar oyog’ini osmondan qilib osilib turishardi. Qariya charm xaltani xuddi undan ajralib qoladigandek ko’ksiga mahkam bosdi. Ular kaskalariga o’rnatilgan fonarlarni yoqdilar va zinalardan ehtiyotkorlik bilan yer ostiga tusha boshladilar.
Bu yerda yaqindagina arxeologlar bo’lishgandi. Eng so’nggi qazuv ishlari olib borilgan joyda tuproq uyumlari yotar, har qadamda chuqurlar uchrardi.
Birdan Morganning ko’zi bir narsaga tushib, a’zoi badani muzlab ketdi. Uning yuragi qinidan chiqib ketguday ura boshladi. Morgan devordagi bir vaqtning o’zida ham dahshatli, ham chiroyli suratni ko’rib qotib qoldi. Suratda allaqanday Maxluq ustida o’tirgan ayol tasvirlangandi. Maxluqning o’ta xunuk yettita boshi va o’nta shoxi bor edi. Surat atrofi necha yuz yillardan buyon hech kim so’zlashmay qo’ygan qadimiy tildagi yozuvlarga to’lib ketgandi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:04:29

- «Bobillik adashgan ayol», - o’qidi Morgan.
Uning ovozi yer ostida aks-sado berdi. Maykl suratdan ko’zini oldi va Bugengagen ancha uzoqlashib ketganini ko’rdi. Morgan qaltirab ketdi va ustozi ortidan yurdi. «Bobillik adashgan ayol» bilan qorong’ulikda yolg’iz qolish Mayklni dahshatga soldi. U yer osti zaliga chiqdi.
Igael devori shu yerda edi. Bugengagenning kaskasidagi fonar keyinchalik aqldan ozib qolgan rassom chizgan suratlarni yoritib turardi. Ularda Shaytonning manfur, doim o’zgarib turadigan basharasi aks etgandi.
Suratdagi eng katta parcha kishida dahshat uyg’otardi: unda Shaytonning kuchga to’lgan davri tasvirlangandi. U deyarli Do’zax ichida edi. Shayton Do’zax chetida osilib turar, baquvvat qo’llari va oyoqlari zo’riqishdan tirishib ketgan, ulkan ko’rshapalak esa qanotlarini yozgancha uni qutqarishga urinardi.
Ikkinchi parchada esa bosh tasviri chizilgandi. Unda soch o’rniga uzun tillarini chiqargan ilonlar bor edi.
Eng kichkina parchada Shaytonning bolaligi aks etgandi. Uning ko’zi o’ta aniqlik bilan chizilgandi. Bu Demen Tornning qig’fasi edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:04:38

- Xo’sh, endi ishondingmi? - dedi Bugengagen.
Morganga endi hech qanday isbotning keragi yo’q edi. U hayrat bilan suratga yaqinlashdi va kutilmaganda yer ostida qandaydir shovqin eshitildi. Morgan Bugengagen tomonga qadam tashladi. Ikkalasi ham turgan joylarida qotib qolishdi.
Birdan yer osti yo’lining shifti atrofni changga to’ldirgancha ko’cha boshladi. Morganning nafasi tiqildi. Bugengagen o’zini xotirjam tutardi. Maykl yo’talganicha undan so’radi:
- Bu yerda yana boshqa chiqish yo’li bormi?
Bugengagen bosh chayqadi va shu onda o’zini qanday qo’rquv qamrab olganini his etdi. U sodir bo’layotgan voqeaning asl sababini anglab yetdi va endi ular hech nima qila olmasliklarini tushundi.
Ularning ortida shift gursillab tushdi. Yer osti ularning qabriga aylanayotgandi.
Morgan dahshat bilan Bugengagenga qaradi. Qariya taqdirga tan berib ko’zlarini yumdi.
Keyin yana qandaydir tovush eshitildi. Dastlab Morgan bu tovushning qaerdan kelayotganini bilolmadi, so’ng shiftdagi kichkina teshikdan tushayotgan qum oqimiga ko’zi tushdi. Shu payt ikkinchi teshik paydo bo’ldi. Bir lahzadan so’ng teshiklar soni to’rttaga yetdi. Keyin o’n ikkitaga. Endi haqiqiy qum yomg’iri yog’ardi. Qum ularning ko’zlariga tushar, arxeologlar oyog’i ostidagi qum tobora ko’tarilib borardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:04:46

Shu daqiqada Morgan o’limi yaqinlashganini angladi. U oyog’i ostidagi qumni depsib, har tomonga socha boshladi. Bir necha daqiqadan so’ng uning barmoqlari qonay boshladi va Morgan yig’lab yubordi.
- Iblis shu yerda! - qichqirdi Bugengagen. - Tangriga imon keltir!
Unga javoban kuchli shovqin eshitildi, devor va ustunlar qulay boshladi. Morgan oyoqlari ostidagi qumni sochishga urinardi. Ammo qum uning beligacha yetgan va borgan sari ko’tarilib borardi.
Bugengagen ko’zlarini yumib olgandi. U duo o’qirdi: «Ey, Xudo, bizga rahm qilgin, gunohlarimizni kechirgin».
Qum ularning iyagigacha yetdi. Morgan nimadir deb g’o’ldiradi. Bugengagen duo o’qishda davom etardi: «... yovuz kuchlar bizni yengadiganga o’xshaydi, ammo YaXShILIK g’alaba qozonadi».
Qum ularning labiga yetdi, so’ng burniga, ko’ziga, nihoyat kaskalardagi fonar nuri ham qum ostida g’oyib bo’ldi. Atrofni zulmat qopladi. Ular halok bo’lishgandi.
Yerning so’nggi marta qimirlashidan keyin chang-to’zon ko’tarildi va qo’rg’on butunlay vayronaga aylandi.
Faqatgina ikki narsa omon qoldi. Igael devori va uning yonida yotgan Bugengagenning charm xaltasi. Xuddi so’nggi daqiqalarda qandaydir ko’rinmas kuch bu dalillarni asrab qolgandek edi.
Kutilmaganda chang buluti orasidan qop-qora quzg’un osmonga ko’tarildi. U vayrona ustida bir necha marta aylandi va ertalabki tumanga singib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:04:57

1

Alanga shu’lasi o’n ikki yashar o’spirinning bolalarga xos bo’lmagan jiddiy yuzini yoritardi. U olovning o’rlayotgan tillariga tikilgancha qotib qolgandi. Yigitcha nimanidir eslashga urinardi. U miyasi qatida o’rnashgan hissiyotlardan junbushga kelardi.
- Demen?
Yigitcha qimirlamadi. Bog’bonlar uning atrofidagi xazonlarni yig’ishtirishda davom etishdi.
Bolakay qadimiy ulkan binoga olib boradigan yo’lka chetida yonayotgan olovdan ko’z uzmay toshdek qotib turardi. Chikagoning shimoliy qismida joylashgan qasrni eslatuvchi bu uy uni asrab olgan ota-onasiga tegishli edi.
O’smirning xayoli bu yerdan juda uzoqda, boshqa davr va muhitda sayr qilayotgandi. U atrofida yonayotgan sanoqsiz gulxanlarni ko’rar, oxiri yo’q azob va og’riqdan ingrayotganlarning to’xtovsiz ohlarini eshitardi.
- Demen!

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:05:05

Uning ko’z oldidagi manzara g’oyib bo’ldi. Demen boshini ko’tardi va ovoz kelgan tomonga qaradi. U sekin-asta uy ortiga botayotgan quyoshga qarab junjikdi. Uchinchi qavat balkonida uning amakivachchasi Mark turar va kuchining boricha qo’lini silkitardi.
Demen Markni yoqtirardi. Ko’ngilchan va saxiy Mark bundan yetti yil ilgari oilasiga kelgan o’gay ukasini chin dildan yaxshi ko’rardi. Ular bir tug’ishgan aka-ukalardan ham ko’ra qadrdon bo’lib ketgan edilar. Ikkalasi ham o’zlari o’qiyotgan harbiy Akademiya kiyimida yurishardi. Bolalar Shukrona kunini nishonlash uchun uyga kelishgandi. Endi esa maktabga qaytish payti keldi. Mana shu bayramdan keyin Tornlar yozgi uylarini berkitishar va qishlash uchun shaharga ketishardi. Demen unga javob tariqasida qo’lini silkitdi, - Ketyapman,- qichqirdi u va bog’bonga o’girildi: - Kelasi yozgacha, Jim. - Qariya javob o’rniga boshini silkidi.
Demen shaxdam qadamlar bilan uyga yo’l oldi. Mark o’zining sevimli burg’usida qandaydir mungli kuyni chalayotgandi.
Demen zinadan ko’tarildi.
U tez kunda o’n uch yoshga qadam qo’yardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:05:14

Demenning bobosi — Rejinald Torn bu yerni 20-yillarda sotib olgandi. Chikagoning shimoliy qismidagi Michigan ko’li sohilida joylashgan bu yer katta maydonni egallagandi. Birinchi jahon urushi davrida ishlab topgan daromadining bir qismiga u hashamatli uy qurdi. Odamlar uning bu ovloq yerga uy qurishini ko’rib kulishdi. Ammo bu yerdan avtomobil yo’li o’tgach, hamma jim bo’ldi. Endi kim pul topsa, ko’l sohilidan yer olishga harakat qilardi. Biroq bu yerga ko’chib kelganlarning hech birida unikiday hashamatli uy yo’q edi.
Torn bu uyni o’g’illari uchun qurganligini tez-tez takrorlab turardi. U bolalarini juda yaxshi ko’rar, ular uchun barcha sharoitlarni yaratib bergandi. Torn yangi gimnaziya qurilishi uchun katta pul ajratdi. Maktabga Tornning nomi berildi. Jeremi va Richard bu yerda o’qishni a’lo baholar bilan bitirishdi.
Jeremi diplomatiya bilan shug’ullandi. Richard esa oilaviy biznesga o’zini urdi. Ikkalasidan ham Tornning ko’ngli to’q edi. Hammasi reja bo’yicha borardi. O’limidan sal ilgari Rejinald Chikagoning qoq markazida muzey qurish uchun pul ajratdi. Bu muzeyda qadimiy xristianlikka oid buyumlar va san’at asarlari namoyish qilinishi kerak edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:05:27

U muzeyning ochilishini ko’ra olmadi. Xuddi «Torn Indastriz»ning gullab-yashnaganini ko’ra olmagani kabi. Va baxtiga, Angliyada elchi bo’lib ishlayotgan o’g’li Jeremi Torn sevimli xotini o’zini-o’zi o’ldirganidan so’ng o’z o’g’lini pichoqlashga urinayotganida otib tashlanganini ham ko’rmadi.
Bundan yetti yil ilgari otasi o’g’lining yuragiga pichoq sanchmoqchi bo’lgan paytda politsiyachilar tomonidan otib tashlanganidan buyon Demenning xotirasida nimalar qolganini hech kim bilmasdi.
Umuman olganda, Demen o’sha fojiali kun haqida hech narsani eslamasdi, chamasi, uning asabi jarohatlangandi va Richard Torn yetti yil ilgari yuz bergan voqealar haqida bolaning oldida so’z ochishni butunlay taqiqlagandi. Uning ikkinchi xotini Anna bolalar ruhshunosi bo’lib, bu fojia Demenning miyasidan chuqur joy olganiga, payti kelib u buni eslashiga ishonchi komil edi. Anna Richardga o’z xavotirini aytdi. Lekin eri unga quloq solmadi.
Mark o’sha fojia haqida hech narsa bilmasdi, unga Demenning ota-onasi fojiali tarzda halok bo’lishganini va ularning o’limini eslatish tutingan ukasi uchun juda og’ir bo’lishini aytishgandi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:05:33

Demen hamma narsani juda yaxshi eslashiga birgina Merion Tornning imoni komil edi.
Merion xola, uni shunday chaqirishardi, Rejinald Tornning singlisi edi. U injiq va qaysar edi. Merion xolani hech kim yoqtirmasdi, chunki u doim birovlarning ishiga burnini suqardi. U erga ham tegmagan bo’lib, butun hayotini jiyanlari va ularning oilalariga bag’ishlagandi. Ammo Merion Jeremini ko’proq yaxshi ko’rardi. Uning kutilmagan va fojiali o’limi xolaning qalbini shunchalik larzaga soldiki, o’shandan buyon uning Demenni ko’rgani ko’zi, otgani o’qi yo’q edi. Merion xola fojianing asl sababini bilmasa-da, jiyanining o’limiga bolaning qandaydir tarzda aloqadorligini his qilardi.
Merion xola o’zini yoqtirmasliklarini bilardi, biroq bu uni tashvishlantirmasdi. Ilgarilari ham u boshqalarning e’tiboridan chetda edi. Uni tushlikka kamdan-kam chaqirishar, hattoki oilaviy bayramlarga ham taklif etishmasdi.
Bu safar Merion xola g’ururini yengishiga to’g’ri keldi. U hech qanday taklifsiz Shukrona kunini nishonlash uchun Tornlarnikiga tashrif buyurdi. Zero, Merion xola ularga o’ta muhim gapni aytmoqchi edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:05:39

Ushbu shanba oqshomida u bolalarning hamma bilan xayrlashishlarini kuzatib turardi. Haydovchi Myurrey bolalarning yuklarini mashinaga olib chiqishi uchun eshik katta ochib qo’yilgandi. Har yili bir xil narsa takrorlanardi: ular bu yerga bir juft chamadon bilan kelishar, oltita chamadon bilan qaytishardi. Xonaga sovuq shamol urildi va yoshi oltmishlarga borib qolgan Richard Torn yelvizakdan junjikib o’zini chetga oldi. U Annaga bolalar bilan bemalol xayrlashib olishiga imkon bergandi.
Anna eshik oldida turar va yig’lab yubormaslik uchun lablarini tishlaganicha bolalar bilan quchoqlashib xayrlashardi. Bolalarni o’parkan, ularga xat yozishni unutib qo’ymasliklarini va o’zlarini yaxshi tutishlarini tayinladi. Ularni kuzatib turar ekan, Richardning ko’nglida bu ayolga nisbatan muhabbat tuyg’ulari yangitdan uyg’ondi.
Mark o’girildi va o’zini otasining quchog’iga otdi.
- Endi tug’ilgan kunimizda uchrashamiz-a, dada?
- Albatta! Demen! Buyoqqa kel! Quchoqlamaysanmi meni?
Demen ham Richardning oldiga keldi va uni quchoqladi, lekin Markchalik emas. Eshik oldida Myurrey paydo bo’ldi va ohista yo’talib qo’ydi. Anna jilmaydi.

Qayd etilgan