Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96418 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:15:43

Keng va yop-yorug’ oshxona o’rtasida do’stlari va mehmonlar qurshovida Mark bilan Demen turishardi. Ular ko’zlarini kaftlari bilan to’sib olishgandi. Chiroqni o’chirishdi. Uzun stol tuzalgan bufet zalidan ishtahani qitiqlovchi hidlar kelardi. XVI asrda yasalgan bu stol bir paytlar flamand rohiblariga tegishli bo’lgandi. Avlig’ Simon ibodatxonasiga tashrif buyurgan Richard Torn bu qadimiy stolga e’tibor berdi va Xerstlar sulolasidan bo’lgan yaqin do’stiga stol unga juda yoqib qolganligini gap orasida qistirib o’tdi. Bir necha haftadan so’ng Chikagoga «Qachondir meni mana shu stolda mehmon qilasan» deb yozilgan xat bilan birga stol yetib keldi. Dastlab Richard do’stining saxiyligidan xijolat chekdi. Ammo sovg’ani qabul qildi va bir oz vaqt o’tgach uni Leyksaydga jo’natdi.
Endi esa zal o’rtasida turgan stol ustiga hazilakam og’irlik tushmagandi: uning ustida butunligicha dimlab pishirilgan kurka va tovuq, buzoq go’shti, turfa xil salatlar - bir so’z bilan aytganda ikki o’smirning baquvvat bo’lishlari uchun kerakli barcha narsa bor edi.
Faqatgina shirinlik yetishmas, uni ham hozir keltirishlari kerak edi.
- Qarasak maylimi? - dedi Mark hali ham ko’zlarini kafti bilan to’sib turarkan.
- Sal turib, - dedi Anna mayinlik bilan.
Qo’shni xonadan ovozlar eshitildi:
- Tug’ilgan kuningiz bilan! Tug’ilgan kuningiz bilan!

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:15:52

- Endi-chi? - sabri tugadi Markning.
- Tug’ilgan kuningiz bilan, Mark va Demen!
- Bo’ldi! - dedi hayajon bilan Anna va har ikki bola qo’llarini yuzlaridan olishdi.
Ular shunday katta tortni ko’rishdiki, bu tort butun Devidson Akademiyasidagilarga yetardi. Tort uch qavatli bo’lib, uning eng yuqorisi Jeneva ko’liga o’xshardi. Ko’l ustida shakardan yasalgan odamchalar uzun palto va sharflarga o’ralib konki uchishardi: ayollarning boshida chiroyli qalpoq, erkaklarda esa tsilindr shlyapa bor edi. Ular ko’l ustida qotib turishar, tort ustida yonayotgan o’n uch dona sham esa bu konkichilarni yoritardi. Bu tortni tayyorlagan kishi odatda Chikagoning eng qimmat do’konlariga bayramlar arafasida tort tayyorlardi. Ammo unga o’z san’atini yangi sohada sinab ko’rishni taklif etishdi. Va u shubhasiz, takrorlanmas va barcha tug’ilgan kunlarga tayyorlangan tortlar ichida eng qimmatini yaratdi.
Mark tantanali ravishda chapak chaldi, Demen jilmaydi. Qarsaklar yangradi.
- Dahshat! - dedi Mark.
- Tug’ilgan kuningiz bilan, aziz bolajonlarim! - Anna Mark bilan Demenni quchoqladi va o’pib qo’ydi..

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:16:00

Mark o’z qiziqishini ortiq tutib turolmadi, u Annaning quchog’idan chiqdi va stolga hozirgina qo’yilgan tort tomon tashlandi. Uning ortidan Demen ham otildi.
Zalga qutlash marosimini o’tkazib yuborgan Buxer kirib keldi. Uni sakta kasalligi qiynab kelar va u xonalardan birida bir oz dam olib yotgandi.
Buxerni birinchi bo’lib Anna ko’rdi va jilmaydi.
- Xo’sh, qalay, tuzukmisiz, Pol? - qiziqsindi u.
- Ha, harqalay, rahmat, - javob berdi Buxer. Lekin og’riqdan burishgan yuzi uning ahvoli qandayligini ko’rsatib turardi. - Keyingi kunlarda ishlarim dahshatli darajada ko’payib ketuvdi, - dedi u va bolalar bilan turgan Axerton tomonga ko’z tashladi. Mark tort ustidagi odamchalarni hayrat bilan tomosha qilar, Demen esa barmog’ini shakardan tayyorlangan yaxmalakka tiqib ulgurgandi.
- Oyi! Janob Buxer! Bu yoqqa kelinglar, qaranglar! - qichqirdi Mark bu san’at asaridan ko’zlarini zo’rg’a uzarkan.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:16:07

Anna jilmaydi va Mark tomon qadam tashladi, Buxer esa devorga suyanib turgan Demen tomon yurdi. Bolakay Buxerning yaqinlashayotganini payqadi va uning to’xtamay o’tib ketishini umid qilib, tabassum qilganicha hurmat bilan bosh silkidi. Oldida shunday dabdabali tort turganida, Demenning kattalar bilan suhbatlashish istagi yo’q edi.
- Akademiyada sizlarga qanday munosabatda bo’lishyapti, Demen? - so’radi Buxer.
Demen seskanib ketdi.
- Yaxshi, janob Buxer.
- Serjant Neff-chi? U qalay? - so’rashda davom etdi Buxer.
Demen qiziqib qoldi.
- Uni taniysizmi? - hayron bo’ldi yigitcha. Uning yuzida hayrat ifodasi bor edi.
Buxer kuldi va Demenning yelkasiga qo’lini qo’ydi.
- Men sizlarni kuzatib yurganim uchungina u haqda so’radim, - jilmaygancha izohladi Buxer. Demen nima deyishini ham bilmay qoldi. U yana tortga tikildi. Buxerdan qochib qutulish qiyin edi. - Marhamat qilib ayting-chi, Demen, - so’z boshladi u yana, - men «Torn Indastriz»da nima bilan shug’ullanishimni bilasizmi?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:16:14

Demen unga qaradi va inkor ma’nosida bosh chayqadi:
- Unchalikmas, janob. - Bolaga ko’zlari zerikkanini yaqqol namoyon etayotgandek tuyuldi, lekin suhbatni keskin to’xtatishga kattalarga bo’lgan hurmat yo’l qo’ymayotgandi. Ayni paytda Buxer so’zida davom etdi:
- Siz «Torn Indastriz» haqida barcha narsani bilishingiz shart. Bir kun kelib kompaniya sizniki bo’ladi.
- Markniki ham, - uning so’zini to’g’riladi Demen.
- «Sizniki» deganimda ikkalangizni nazarda tutgandim, - dedi Buxer. «Bu bolakay - balo,- o’yladi u. - o’zini tutish va diplomatiyani puxta egallagan ekan». - Nima uchun zavodga bormaysiz? Hammasini o’z ko’zingiz bilan ko’rardingiz.
Bu taklif Demenni qiziqtirib qo’ydi:
- O’rtoqlarim bilan borsam bo’ladimi? - so’radi u. Va shu zahoti sayohat bahonasida Akademiyadagi o’qishlardan ozod bo’lishini tasavvur qildi.
- Albatta, albatta, - darhol rozi bo’ldi Buxer xuddi o’ta muhim ishni hozirgina muvaffaqiyatli yakunlagan sig’satchidek qo’llarini yozarkan.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:16:21

Shu payt Richard Torn billur qadahni kumush qoshiqcha bilan taqillatdi, bu tovush hammani jim bo’lishga majbur qildi. Mehmonlar stol atrofiga yig’ilishdi va Richard qadahini ko’tardi:
- Mana shunday lahzalarda omadli ekanligimiz uchun qadah ko’targimiz va mana shunday darajaga erishganligimiz uchun taqdirdan minnatdor bo’lgimiz keladi. Chunki biz juda ko’p narsaga egamiz. Tornlar - o’ziga xos oila. Va shunisi muhimki, biz o’z mavqemizdan, menimcha, to’g’ri va oqilona foydalanyapmiz. Biz bir narsani unutmasligimiz lozim: doim shunday bo’lib kelgan, lekin agar biz ko’p va qattiq mehnat qilmasak, barcha narsadan mahrum bo’lishimiz mumkin. Men mana shularni aytmoqchi edim. Mark, men nutq so’zlamoqchi emasligimni eshitib, xursand bo’lishing aniq.
- Lekin siz hozirgina nutq so’zladingiz-ku, dada, - e’tiroz bildirdi Mark va barcha yig’ilganlar xoxolab yuborishdi . Richard mehmonlarni jim bo’lishga chaqirdi.
- Men yana bir narsani aytmoqchi edim... - yig’ilganlar soxta oh-voh chekishdi.- Yordam beringlar! - artistlarcha qichqirdi Richard. - Men o’zimni xuddi g’alaba qozongan admiral Nelsondek his qilyapman!

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:16:27

Bu safar hamma ko’zidan yosh chiqquncha kuldi. Axertonning ko’zlaridan duvillab yosh to’kildi, Charlz Uorren esa tirjaydi.
Richard hech narsa bo’lmagandek davom ettirdi:
- Meni to’xtatishga qanchalik urinmang, men baribir bir narsani aytmoqchiman. - U bir oz sukut saqladi. Keyin esa parket polda sirpanarkan, qichqirdi: - Hamma derazaga qarasin!
Gangib qolgan bir necha mehmon uning ortidan tashlanishdi. Ammo hammadan birinchi bo’lib otasiga Mark yetib oldi.
- Marhamat, chiroqni o’chiringlar, - dedi Richard, barcha mehmonlar deraza oldiga to’planishganda. Xona zulmatga chulg’andi. Pul mo’’jiza yaratadi! Tashqarida zim-zig’ osmonda mushaklar chaqnadi. Yig’ilganlarning hech qaysisi umrlarida bunday mushakbozlikni ko’rishmagandi. Yashil, moviy, sariq va qizil shu’lalar atrofga sachraganicha tunni kunga aylantirardi. Va birdan mushaklardan shunday yozuv paydo bo’ldi: TUFILGAN KUNINGLAR BILAN, MARK VA DEMYeN!

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:16:34

Barcha turgan joyida toshdek qotib qoldi va shu zahoti qarsak chalib, bir-birlarini quchoqlay ketishdi.
- Bunga ishonish qiyin, dada! - dedi Mark otasining quchog’iga o’zini otarkan.
Demen jilmaydi. U ham Markdek hayajonga tushgandi, lekin o’z hissiyotlarini bu tarzda namoyon etishning keragi yo’q, deb hisoblardi. Uning tuyg’ulari qalbining qa’riga yashiringan va doimo qat’iy nazorat ostida edi.
Mushakbozlik tomoshasiga mutlaqo befarq bo’lgan yagona kishi Buxer edi. U Demenning ortida turar va u bilan yana gaplashishga urinardi. U engashib bolaning qulog’iga shivirladi:
- Ko’pchilik o’smirlar o’n uch yoshga to’lishni jinsiy balog’atning boshlanishi, deb hisoblashadi. Erkaklikning boshlanishi. Masalan, yahudiylar buni «bar mittsvax» deb atashadi. Bu «Burch o’g’li» yoki «Burch kishisi» degan ma’noni bildiradi.
Demen Buxerning nimani nazarda tutayotganligini umuman tushunmayotgandi. Lekin uning bu o’yinni hurmat yuzasidan davom ettirishdan boshqa iloji yo’q edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:16:43

- Nahotki? - so’radi u ko’zini mushaklardan uzmay.
- Sen ham shunday bo’lasan, - dedi Buxer. Demen o’girilib unga qaradi. Ularning ko’zlari uchrashdi. Buxer past ohangda ovozi qaltirab gapirdi:- Kechirasan, Injildan bir parcha aytib beraman: «Go’daklik chog’imda go’daklarcha gapirardim, go’daklarcha o’ylardim, go’daklarcha muhokama qilardim; er kishiga aylanganimdan so’ng go’dakcha odatlarimni bas qildim». Vaqti kelib, sen «go’daklik»ni bas qilasan va «o’z asling» bilan to’qnash kelasan. - Men kimman?
Buxer bosh irg’adi. - Buyuk davr, Demen. Sen buni his qilayotgan bo’lishing kerak.
Demenni hayajon bosdi. Dastlab u, Buxer Richardni chalish uchun undan foydalanmoqchi, deb o’ylagandi. Lekin Demen bir necha oydan beri his qilayotgan tuyg’uni aynan Buxer so’z bilan ifodalab bergandi.
- Shunaqa bo’lsa kerak, - sekin gapirdi Demen, - men... unchalik ishonchim komil emas... lekin... menga nimadir bo’layotganini... bo’lmoqchiligini... his qilyapman.
- Taqdirni oldindan his qilish, shunday emasmi? - Buxer kuldi.
- Bu hammamizda bor. Otangda ham, Bill Axertonda... menda ham. - U sekinladi, so’ng gapirish ohangi o’zgardi: - Men ham yetim o’sganman, buni bilarmiding?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:16:51

Demen inkor ma’nosida bosh chayqadi.
- Shuning uchun ham oldindagi bo’lajak to’siqlardan o’tishingga yordam berishim mumkin. Darvoqe, sen o’z taqdiringni iyundan his qila boshlading, shundaymi? O’zingning haqiqiy tug’ilgan kuningdan beri...
Demen hayratda qolgandi, u oyozini ochishga ulgurmay ularni Axerton chaqirib qoldi:
- Ey ikkovingiz! Bu yoqqa kelinglar!
Tort kesish marosimi avjida edi.
- Demen, bu yoqqa kelmaysanmi! - dedi Mark. U shamlarni puflab o’chirishga tayyorlanayotgandi.
- Tilak tilashni ham unutmanglar! - eslatdi bolalarga Anna.
Demen nihoyat Buxerdan qutulganidan o’zini yengil his qilganicha Mark tomon yo’naldi. Bu kishi bilan gaplashish juda og’irga o’xshab tuyuldi.
Mark bilan Demen chuqur nafas olishdi va tort ustiga o’rnatilgan o’n uchta shamning barchasini puflab o’chirishdi.

Qayd etilgan