Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96427 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:17:01

- Barakalla, bolalar! - xitob qildi Anna. - Endi tortni kesinglar. Qornimiz juda ochiqdi.
- Tortni yeyishdan oldin, - dedi Demen, - Markka bir narsa bermoqchiman. - U qo’lini cho’ntagiga suqdi.
Bolalarning sovg’alari kattaligi jihatidan ikki tomchi suvdek o’xshash edi. Sovg’alar o’ralgan qog’ozlar ham bir xil edi. Mark kulib yubordi:
- Agar sen menga...
- Men ham senga xuddi o’shandoq sovg’a tayyorladim, - uning so’zini bo’ldi Demen. Ular Annaga xitob qilishdi:
- Oyi!
Anna jilmayganicha bolalar sovg’alarini ochishayotganini kuzatib turardi. Nihoyat ular qutichalardan ko’rkam armiya pichoqlari to’plamini olishdi. Yarqiroq tig’lar naqsh bilan bezatilgandi.
- Men xuddi shunaqasini xohlagandim! - xitob qildi Mark va tirsagi bilan ukasini turtdi.
- Men ham! - dedi Demen.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:17:09

Bolalar bayram tortini ana shu pichoqlarida kesmoqchi bo’lishdi. Demen tortning ustidagi konkichi bolani shartta kesib oldi. Keyin esa Mark ikkalasi yig’ilganlarning qarsaklari ostida tortni bo’laklarga bo’lishdi.
Ertasiga ertalab quyoshning zarrin nurlari Jeneva ko’lining muzlagan maydoniga tushib, kamalakdek jilvalanardi.
Tabiat kechagi mushakbozlikdan ilhomlanib, kunduzgi tomoshasini ko’rsatayotgandi.
Ko’ldan chiqqan irmoq o’rmon ichkarisiga cho’zilib ketgandi. Bugun bu yerda xokkey jangi bo’layotgandi.
Tushga yaqin o’yin avjiga chiqdi. Xokkey jamoalari, asosan «Torn Indastriz» xodimlaridan tashkil topgandi.
Bir qarashda, ochiq havoda xokkey o’ynash bor-yo’g’i ko’ngil yozishga o’xshab ko’rinardi. Lekin Axerton ham, ichki sezish qobiliyatiga ega Buxer ham aslida qanday muhim narsa yuz berayotganini tushunib turishardi. Bir qator sabablarga ko’ra, xokkey «Torn Indastriz» kompaniyasida mansab pillapoyasidan ko’tarilish vositasi deb qabul qilingandi. Richard Torn agar kompaniyasidagi zo’r xokkeychi eng muhim shaxs hisoblanishini, yosh xodimlari vaqt-vaqti bilan dyu Lak ko’lida xokkey mashg’ulotlari o’tkazishlarini bilganida hayratda qolgan bo’lardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:17:16

Demen va Mark bugungi o’yinda sardor edilar. Ular jamoani birinchi bo’lib kim tanlashi borasida qur’a tashlashdi. Qur’a Demenga tushdi. U imkoniyatdan foydalanib, darhol o’gay otasini tanladi. Richard atrofdagilarga ta’zim qildi, birinchi bo’lib o’zini tanlashganidan faxrlanganicha Demen tomonga o’tdi.
Mark Axertondan boshladi. Aslida, u zo’r o’yinchi emasdi, lekin u boshqa o’yinchilarni ruhlantira olardi. Axerton minnatdorona jilmaydi va Mark tomon sirg’andi. Demen Buxerni tanladi. Ehtimol, bu kechagi g’ayrioddiy suhbatga berilgan o’ziga xos javob edi. Balki, Demen Buxerning nimalarga qodirligini tushunib yetgandir. Buxer Demen va Richard tomon intildi.
Mark navbatdagi o’yinchi sifatida Pasarianni tanladi. Pasariandan hech qanday naf bo’lmasa-da, Mark bu hinduni yoqtirardi.
Nihoyat, jamoalar tuzib bo’lindi, maydon belgilandi va o’yin boshlandi.
Buxer chaqqon, o’ziga ishongan o’yinchi edi. Richard hammaning e’tiborini tortmaslik uchun o’yinda o’zini unchalik ko’rsatmayotgandi. U Buxerni kuzata boshladi va hayron qoldi: Buxer buning shunchaki bir o’yin ekanligini tushunmasdi. Uning jon-jahdi bilan o’ynashi Richardni xavotirga soldi. U o’gay o’g’lini zimdan kuzata boshladi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:17:27

Demen ham yoshiga xos bo’lmagan chaqqonlik bilan o’ynardi. U bu kurashdan zavq olayotgandi. Hammaning ko’zi unda edi: Demen shaybani hech kimga bermas, o’yinning borishini aynan u boshqarayotgandi.
Charlz Uorren bugun xokkey o’ynamaslikni ma’qul ko’rgandi. U konkida daryo bo’ylab sirpanib yurardi. Uorren Anna tushlik tayyorlayotgan tomon yurdi. Barcha xizmatchilarga javob berib yuborilgan, shuning uchun oshpazlikni Anna o’z zimmasiga olgandi.
Uorrenni ko’rib u qichqirdi:
- Nima yeysiz?
- Sosiskali bulochka, - dedi Uorren. Anna unga bulochka uzatdi.
- Bo’ladimi?
- Hozircha bo’ladi, - dedi Charlz. - Qornim juda ochqab ketdi. Hammasini yeb qo’ysam kerak.
U bir tishlashda bulochkaning yarmini uzib oldi.
- Haligi tanishingiz haqida gazetada o’qidim, - dedi Anna. - To’g’ri, endi bu haqda gapirishning foydasi yo’q, lekin chuqur qayg’udaman.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:17:37

Uorren bosh silkidi:
- Qanday voqea yuz berganiga umuman tushunmayapman...
Lekin Anna unga orqa o’girganicha o’yinni tomosha qilardi.
Uorren qo’lidagi bulochkani og’ziga soldi-da, ikkinchisiga qo’l uzatdi.
Yig’ilganlarning hech biri ulkan qora quzg’unni sezmasdi. U baland daraxt shoxida o’tirganicha sovuq, o’tkir ko’zlari bilan odamlarni kuzatardi.
Richard shaybani Demenga uzatdi, u ustalik bilan ilib oldi. Axerton himoyachi edi. U bolani to’xtatish uchun oldinga intildi.
O’yindan lazzat olayotgan Demen oldinga tashlandi. U qariyani bemalol dog’da qoldirishiga ishongan holda Axertonning ro’parasida paydo bo’ldi. Qariya muvozanatini zo’rg’a saqlab turarkan, bola bilan to’qnashib ketishini kutib ko’zlarini yumdi.
Ammo Demen so’nggi lahzada Axertonni chetlab o’tdi va tezlik bilan darvoza tomonga tashlandi. Shu onda muz sal yorildi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:18:59

Axerton ko’zini ochdi va nima bo’lganini bilishga urindi. Demen yo’q edi. Axerton ortiga o’girildi va darvoza tomon sirpanib borayotgan bolani ko’rdi. U Demenning ortidan tashlandi. Dastlab unchalik katta bo’lmagan yoriq tezlik bilan kengaya boshladi.
Muz yorig’i Axertondan ham o’tib Demenga yetdi. Ularning ostidagi muz qarsilladi.
Birinchi bo’lib buni Buxer sezib qoldi va ular tomon otildi.
Kutilmaganda dahshatli qarsillagan tovush eshitildi va Axertonning atrofidagi yoriq keng doiraga aylandi. Hamma turgan joyida qotib qoldi. Qirg’oqda turgan tomoshabinlar qichqirib yuborishdi.
Nihoyat Buxer Demenning yoniga yetib keldi, uning kamaridan mahkam ushladi va xavfsiz joyga tortib oldi.
Axerton qo’rqib ketdi. U qandaydir dahshatli narsa yuz berayotganini tushunib turar, lekin qo’lidan hech narsa kelmasdi. Qariya muz bo’lagida qolib ketgandi.
- Bill! - qichqirdi Torn va Axerton tomonga otildi.
Yana muzning qarsillagan tovushi eshitildi. Axerton sovuq daryoning o’rtasidagi kichkina muz orolchada qolib ketgandi. O’yinchilar unga xokkey chavgonlarini uzatishardi. Lekin hammasi behuda edi. Qariyaning og’irligi bilan muz bir tomonga qiyshaydi va Axerton to’g’ri girdobga quladi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:19:07

Anna qichqirib yubormaslik uchun labini mahkam tishladi. Demen Buxerning quchog’idan chiqib qariyaga yordam berishga harakat qildi, lekin Buxer bolani o’ziga mahkam tortib qo’yib yubormadi.
Axerton bir necha soniyadan so’ng suv yuzasida paydo bo’ldi. Torn unga qo’lini uzatdi. Qariyaning ko’zlari dahshatdan olayib ketgandi. Axerton qo’lini ko’tardi va shu onda girdob uni suv ostiga tortib ketdi.
To’planganlar toshdek qotib qolishdi. Ular ko’zlariga ishonishmasdi.
Birdan Tornning oyog’i ostidagi muzlik ichida muzga qapishib qolgan qig’fa paydo bo’ldi. Bu Axerton edi. Uning ochiqligicha qotib qolgan ko’zlarida o’tinch bor edi. Odamlar chavgonlari bilan muzni yorishga urinishdi.
Nihoyat, Demen Buxerning quchog’idan chiqdi va yordamga oshiqdi. Torn konkisi qirrasi bilan muzni yorishga harakat qilardi. Qandaydir ko’rinmas qo’l Axertonni suv ostiga tortib ketdi. Ulkan qora quzg’un daraxtni tark etdi va bulutli osmon qa’riga singib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:19:18

5

Axertonning o’limidan so’ng oradan bir oy o’tgan bo’lsa-da, Buxer hali ham yangi xonasini jihozlash ishlarini tugatmagandi. Ilgari gulqog’oz yopishtirilgan devorlar yog’och koshin bilan bezatildi, Axertonning eski kreslolari o’rnida yaltiroq qora charm qoplangan zamonaviy mebellar paydo bo’ldi. Kotib va mudir o’tiradigan xona devoridagi Axertonning surati olib tashlanib, uning o’rniga Buxerning surati ilindi.
Limuzin «Torn Indastriz» binosi oldiga kelib to’xtashi bilan unga Buxerning yordamchisi Bayron peshvoz chiqdi. Buxer qo’lida jurnal bilan mashinadan tushdi.
«Forchun» jurnali muqovasida Buxerning surati bor edi. Pol mana shu suratni oldirish uchun ataylabdan Nyu-Yorkka borib kelgandi. Jurnal muqovasida shunday yozuv ko’zga tashlanib turardi: «Pol Buxer, «Torn Indastriz»ning yangi prezidenti».
Buxer yo’l-yo’lakay yordamchisiga bosh irg’ab salomlashgandek bo’ldi.
- Surat chiroyli chiqibdi, - dedi Bayron.
Buxer indamadi.
Ular liftni kutib turishardi.
- Pasariandan biror xabar bormi? - so’radi Buxer.
- Yo’q, janob, - dedi Bayron. - Butunlay yo’qolib ketdi.
Liftning eshiklari ochilgach, ular ichkari kirishdi. Buxer tugmani bosdi. Lift uchinchi qavatga yetganda Bayron Buxerga kutilmagan xabarni yetkazdi: «Richard sizni hozirning o’zida ko’rmoqchi».

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:19:26

- O! - dedi Buxer cho’zib. - U shu yerdami?
- Ha, - javob berdi yordamchisi.
BMTning butun bir delegatsiyasi bemalol joylashadigan stol ortida Torn qahva ichib o’tirardi.
Buxer salomlashish uchun og’zini ochishga ulgurmay Richard unga o’shqirdi:
- Pasarianga Hindistonda pishirib qo’yibdimi?
Buxer diplomatini stol ustiga qo’yib o’tirdi. «Unga ichidagini to’kib solishga imkon berishim kerak. Bu hammasi nimani anglatishini aniqlashga urinib ko’raman. Tornning ko’rinishi juda g’alati-ya, - o’ylardi Buxer. - Yoqasi ochiq, galstugi yo’q. Soqolini ham olmabdi. To’g’ri, Richardning shunday qilishga haqqi bor, lekin u agar jiddiy sabab bo’lmasa ishga bu ahvolda kelmasdi».
U jahlga mingandi.
- Men u yerdan yer sotib olish masalasida bir narsani aniqlashim kerak edi, - so’z boshladi Buxer. - Kim...
- Yer sotib olyapmizmi? - xavotirlanib so’radi Torn.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:19:34

- Siz mening ma’ruzamda aytgan barcha fikrlarimni amalga oshirishimga rozi bo’lgandingiz, - davom etdi Buxer o’zini oqlar ekan. - Bu kompaniya prezidenti bo’lishimning asosiy sharti edi.
Torn yuzini changalladi va uf tortdi.
- Lekin bu sizning meni o’z kompaniyamni boshqarishdan chetlatishingizni anglatmaydi.
- Siz ta’tilda edingiz, - e’tiroz bildirdi Buxer. - Sizni bezovta qilgim kelmadi. Bu so’zlarni aytarkan, Pol aytayotgan gaplarining naqadar soxta chiqayotganligini tushunib turardi.
- Meni har qanday paytda telefon orqali topish mumkin edi, - dedi Torn. So’ng boshini egdi va g’amgin holda qo’shib qo’ydi. - Bill hech qachon men bilan maslahatlashmasdan turib bir ishga qo’l urmasdi.
- Men Bill emasman, - dedi Buxer.
- Bill bo’lishingizni kutmayman ham, - o’shqirdi Richard. - Lekin kompaniyam tartib-qoidalariga amal qilishingizni talab qilaman!
O’rtaga sukunat cho’kdi. Torn sal yumshadi.
- Pol, - dedi u, - siz zo’r mutaxasssissiz. Yuqori lavozimda o’tirishga arziysiz. Lekin iltimos, bu mening kompaniyam ekanligini hech qachon unutmang.

Qayd etilgan