Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96423 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:19:42

- Bu boshqa takrorlanmaydi. - Aftidan Buxer chin dildan tavba qilayotgandi. U suhbat mavzuini o’zgartirishga urindi: - Siz Pasarianni so’rabsiz. Nega?
- Uning P-84 uskunasiga nimadir bo’lganga o’xshaydi, - dedi Torn. - Uolker shuning uchun asabiylashyapti. Uolker doim qo’rqadi: u biror halokat yoki noxushlik yuz berishidan tashvishlanib yuradi, lekin bu safar meni ham xavotirga soldi.
- Bu ish bilan shug’ullanaman, - ishontirdi Buxer o’rnidan turarkan. U suhbat tugaganligini anglagandi.
- Ishonaman. - Torn Buxerning xonadan chiqib ketishini kutdi, so’ng o’rnidan turib deraza yoniga keldi. Tashqaridagi manzarani ko’rib u doim tinchlanardi, lekin hozir emas. Torn qattiq g’azablangandi.
Axertonning fojiali o’limidan buyon uning yuragini nimadir kemirar, lekin Richard aynan nimadan tashvishlanayotganini bila olmasdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:19:53

6

Dars «Harbiy tarix: nazariyot va amaliyot» deb atalardi. Nomi jarangdor bo’lsa-da, aslida ma’ruzalarda bir necha mashhur janglarning kengaytirilgan sharhi o’tilardi. Bu dars majburiy bo’lib, har bir o’quvchi qatnashishi shart edi.
Maktab ruhoniysi bolalarga sarkarda Attila haqida hikoya qilayotgandi. Ruhoniy Budmen bo’yi baland, oriq kishi edi. Attilaning hayoti va qahramonliklari haqida hikoya qilar ekan, Budmen bu xunn sarkardasining qalbini ko’rayotgandek bo’lardi. U Attilani baxtsiz, jafokash, hech kimdan yaxshilik ko’rmagan shaxs, deb o’ylardi.
- U bechorani, - deyishni yoqtirardi ruhoniy, - tarix noto’g’ri talqin qiladi. Attila o’z zamondoshlari orasidagi odil hukmdor bo’lgan...
Uni diqqat bilan tinglayotgan o’quvchi Demen bo’lib, bunga uning o’zi ham hayron qolayotgandi, chunki u tarixni yomon ko’rardi. Lekin keyingi bir necha oylardan beri Demen uzoq yillar ilgari yashagan odamlar haqida o’ylaganda g’alati hissiyotni tuyadigan bo’lib qolgandi.
- Attila iloji boricha buzg’unchilik qilmaslikka harakat qilgan, - derdi ruhoniy, - harqalay boshqa istilochilarga qaraganda...
Mark va yaqindan buyon Tornlar bilan yuradigan bo’lib qolgan Teddi nimadir qilishayotgandi. Mark qog’ozga bir narsalarni qoralab Teddiga uzatdi va u hiringladi.
- Aslida, - derdi Budmen. - Attila har tomonlama bilim olishga uringan va o’z saroyiga ko’plab rimlik olimlarni taklif etgan...

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:19:59

Shu payt Mark qog’ozni Demenga uzatdi. U qog’ozga ko’z yugurtirdi va kulib yubordi.
Ruhoniy qotib qoldi.
- Kim kuldi? - so’radi u.
Demen o’rnidan sakrab turdi:
- Men, janob ruhoniy.
- Qo’lingdagi qog’ozni olib buyoqqa kel.
Demen buyruqni zudlik bilan bajardi.
Mark o’tirgan joyida tipirchilardi, Teddi uning biqiniga turtdi.
- Tamom, - shivirladi u.
Kursantlar endi nima bo’lishiga qiziqishayotgandi.
Budmen qog’ozga nazar tashladi. Unda ruhoniyning o’zi chizilgandi: u otga minib olgan, qo’lida dushmanlarning kesilgan boshlarini tutib olgandi.
Budmenning a’zoyi badani muzlab qoldi. Uning ustidan emas, u e’zozlaydigan Attilaning ustidan kulishgandi. Yana buni eng aqlli o’quvchilardan biri qilibdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:20:05

Budmen suratni g’ijimlab axlat chelakka uloqtirdi.
- Xo’sh, - dedi u uzoq jimlikdan so’ng, - sinfimizda rassom paydo bo’libdi. Torn, sizni zeriktirib qo’ydim, shekilli? Siz Attilaning qahramonliklari haqida hamma narsani bilasiz-da, a?
Demen chuqur nafas chiqarib, javob berdi:
- Ayrim narsalarni, janob. - Va bu javobidan o’zi ham hayratlandi.
- Ayrim narsalarni? - qaytardi ruhoniy kinoya bilan. - Agar Attila ham harbiy ishda «ayrim narsalar»nigina bilganida edi, biz hozir uning nomini ham eslab o’tirmasdik. - U ko’zlarini qisdi. - Torn, siz o’z ismingizdan tashqari yana biror narsani bilasizmi? Attila yoki rimliklar haqida bilasizmi?
Demen yana chuqur nafas chiqardi:
- Ha, janob. - Lekin u hech narsa bilmasdi! Nega bunday dedi?!
Sinfdagilar Demenning qanday o’yin boshlayotganiga tushunolmay qolishdi. Uning bunday odati yo’qligini hamma bilardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:20:10

- Demak, bilasiz, - dedi ruhoniy. - Nimayam derdik, hozir buni tekshirib ko’ramiz. Ayting-chi Torn, Attila Galliyani egallaganida uning qo’shinlari soni qancha edi?
- Yarim millionga yaqin, janob, - dedi Demen, hattoki bu javob qayoqdan paydo bo’lganiga hayron bo’lishga ham ulgurmasdan. Shu payt yana xuddi o’zini tashqaridan eshitayotgandek bo’ldi: - Lekin u 451 yilda Shalon yaqinidagi jangda Aetsiy tomonidan yakson qilib tashlangan. U ortiga qaytib Shimoliy Italiyani olgan, lekin Rimgacha bormagan.
Budmen gangib qoldi. U buni kutmagandi. Lekin sinfdagilar uning taslim bo’lmasligini bilishardi. Savol-javobni oxirigacha olib borishga to’g’ri keladi. Har qanday vaziyatda ham bolaning javobi kitobdan olingan ko’chirmani eslatardi. Ehtimol, Torn hamma narsani yoddan biladigan, Amerikani 1492 yilda Kolumb kashf etganligini aytadigan, lekin aslida u Hindistonni izlab safarga chiqqanini tasavvur ham qila olmaydigan o’quvchilar toifasidandir.
Budmen uning fikrlash qobiliyatini sinab ko’rmoqchi bo’ldi.
- U nima uchun Rimgacha bormagan?
Demen bu safar ham o’ylanib o’tirmadi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:20:16

- Buni papa Lev I ning xizmati, deb hisoblashadi. Lekin aslida oziq-ovqat taqchilligi bunga sabab bo’lgan... - Demen bir oz to’xtab qoldi. Budmenga u yodlaganlarini esidan chiqarib qo’ygandek tuyuldi. Demenning miyasida esa jinsiy kasallik haqidagi fikr aylanar va u kerakli so’zni izlardi. Nihoyat u so’zini yakunladi: - Bundan tashqari uning qo’shinlari vabo bilan kasallanishgandi.
Ba’zi kursantlar hiringlashdi. Demen qizardi.
Ruhoniy quturib ketdi.
- Jim! - qichqirdi u. So’ngra Demenga unchalik ma’lum bo’lmagan ma’lumotlar haqida savol bermoqchi va shu bilan uni sindirmoqchi bo’ldi.
- Attila qachon tug’ilgan?
- Bu noma’lum, janob.
- Hukmdorlik davri?
- Eramizning 434-453 yillarida. U oxirgi uylanish to’yi paytida burnidan qon ketib o’lgan.
Bu safar butun sinf xoxolab yubordi.
- Jim bo’linglar! - chiyilladi ruhoniy. U Demenning yoniga keldi va savolga tutdi:
- Uning akasining ismi nima edi?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:20:23

- Bleda. - Demen yana quruq javob bilan cheklanib qolmadi. U birdan qandaydir qudratli bilimga ega bo’lib qoldi. Demenning ko’zlari yonardi. U Attila haqida hamma narsani bilar, lekin bu bilim qaerdan kelganligini tushunolmasdi. U xuddi Attilaning miyasi ichida yurganga o’xshardi. Demen uning fikrlarini o’qirdi. U o’zini Attila bilan bir davrda yashagandek his qildi.
Balki, bir paytlar uning o’zi Attila bo’lgandir?
- Attila va uning akasi Bleda xunnlar saltanatini eramizning 434 yilida meros qilib olishgan, - davom etdi Demen. - Saltanat Alp va Boltiqbo’yidan to Kaspiy dengizigacha cho’zilgandi. - Demen qo’llarini keng yozdi. - Aka-ukaning orasidan qil o’tmasdi. - Shu payt Demen akasiga tikildi. Mark uning nigohini ko’rib seskanib ketdi. - 435-439 yillar orasida, bu haqda yozma manbalarda hech narsa yozilmagan bo’lsa-da, Attila saltanatning shimoliy va sharqiy chegaralaridagi varvarlarni bo’ysundirganligi aytiladi... - Birdan Demen to’xtab qoldi va Budmenga qaradi. - Davom etaveraymi?
Ruhoniy endi Demenni to’xtatishning iloji yo’qligini juda yaxshi tushunardi. Budmenni qandaydir tushunib bo’lmas dahshat qamrab olgandi, lekin u bu o’yinni oxirigacha olib borish kerakligini his qilardi. Ruhoniy javob o’rniga boshini qimirlatdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:20:31

Demen yana gapga tushib ketdi.
- 441 yilda Rim saltanati Attilaga boj to’lashdan bosh tortadi va u Dunay chegarasiga hujum qiladi. Attila mohir jangchi bo’lib, unga qarshi turishning iloji yo’q edi. Bir yildan so’ng rimliklar undan sulh tuzishni iltimos qilishadi.
Butun sinfdagilarning qulog’i Demenda edi.
- Attila dono sig’satchi ham bo’lgan, - davom etdi u. - U xalqining e’tiqodini ham o’z foydasiga yo’naltira olgan. Attila bolaligida onasi uni har kuni bir soat qo’lida baland ko’tarib turgan va shu yo’l bilan o’g’liga quyoshning kuchi o’tishiga ishongan. Shuning uchun ham uning terisi rangi qorayib ketgan. - Demen bir lahza tin oldi. Uning yuragi qinidan chiqib ketguday urardi. - Bu Attila uch yasharligida yuz bergan.
Ruhoniy og’zini ochganicha bolaga tikilib turardi.
Lekin Demen juda ko’p narsani bilardi. Qandaydir kuch undan ma’lumotlarni siqib chiqarardi.
- Attila tashqi ko’rinishidan akasiga o’xshamasdi, - so’zida davom etdi bola. - Uning onasi fohishaligi bilan nom chiqargandi. Attila birinchi jangida g’alaba qozongan paytda men bilan tengdosh edi... - Demen to’xtab qoldi va darhol so’zini to’g’riladi: - Biz bilan. hattoki, uning birdaniga uch kishiga qilich sanchayotgani tasvirlangan surati ham bor. Ehtimol, bu mubolag’adir. U o’smirlik paytida xushsurat bo’lgan va ko’plab ayollar u bilan bo’lishni istashardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:20:42

Budmen endi chidab turolmadi.
- Ishonmayman! - qichqirdi u. - Bu ma’lumotlarni qaerdan oldingiz? Manbangizni ayting! - Bu Budmenning sevimli iborasi edi.
Demen birinchi bor duduqlanib qoldi.
- Men... men bilmayman, janob. - U garangsib qoldi.
Ruhoniy bolaning o’zini yo’qotib qo’yganligidan darhol foydalandi.
- Uning akasi-chi, nima qilgan?
- Bu vaqtga kelib Attila akasini o’ldirgandi, - javob qaytardi Demen.
Markning nafasi tiqilib qoldi.
Demen esa nimalar deyayotganini o’zi tushunolmasdi. So’zlar uning og’zidan o’zi otilib chiqayotgandek edi.
- U yolg’iz o’zi hukmdorlik qilish uchun shunday qilgan. Keyin esa, - Demen xuddi o’ta muhim sirni aytayotgandek ovozini pasaytirdi, - o’zini Buyuk Nimrod va... Dajjol deb atay boshlagan!
Butun sinfga o’lik sukunat cho’kdi. Shu payt eshik taraqlab ochildi va xonaga Neff kirib keldi. U ruhoniyga yaqinlashdi. Budmenning a’zoi badani qaltirar, yuzidan ter oqardi. Neff unga nimadir deb shivirladi. Ruhoniy bosh irg’adi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:20:50

Serjant Demenga murojaat qildi:
- Men bilan yuring, Torn.
Demen indamay Neffning ortidan ergashdi.
- Doskadagini ko’chiringlar, - dedi Budmen va Demen bilan Neffning ortidan tashqariga otildi. Sinfda qizg’in bahs avjiga chiqdi.
Neff Demenni o’zlarini hech kim eshitmaydigan joyga sudradi. Ruhoniy hojatxonaga kirib ketdi. Uning og’zi qurib qolgandi. Budmen eshikni yopishi bilan Neff Demenga g’azab bilan o’dag’ayladi:
- Nima qilmoqchi bo’ldingiz, Demen? - serjant unga birinchi marta ismini aytib murojaat qildi.
Hali ham o’ziga kelmagan Demen past ovozda javob berdi:
- Men savollarga javob berdim, janob serjant.
Neff inkor ma’nosida bosh chayqadi.
- Siz mahmadonalik qildingiz, - dedi u.
Demen Neffga sinfdagi voqea qaerdan ma’lumligiga hayron ham bo’lmadi. U o’zidagi ichki quvvatdan hayratda edi.
- Lekin men barcha javoblarni bilardim! - e’tiroz bildirdi u. - Bilardim!

Qayd etilgan