Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96417 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:20:58

- Siz o’zgalarning e’tiborini jalb qilmasligingiz kerak.
- Men bunga harakat qilganim yo’q... - o’zini oqlashga urindi Demen. - Men...
Neff uning so’zini bo’ldi.
- Sizning kimligingizni hamma biladigan kun keladi, - dedi u dona-dona qilib. - Lekin bu kun hali kelgani yo’q.
Buxer ham Demenga shunday degandi.
Demen shoshib so’radi:
- Men kimman? - U tahlikaga tushdi. Bola yuz berayotgan narsalarni tushunmas, bu dunyodagi o’z o’rniga ahamiyat bermagan, lekin bu odamlar unga alohida e’tibor qaratishayotganini sezgandi. Demen o’zini aqldan ozayotgandek his qildi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:21:05

- Injilni o’qi, - maslahat berdi Neff. - U sen uchun, Demen... sen uchun... sen haqingda...
Demen Neffga tikildi.
- Uni o’qi, - dedi Neff. - o’qi va uq.
Demenning ko’zlariga yosh keldi. U qo’rquv va charchoqdan yig’lab yubordi.
- Nimani uqishim kerak? - U serjantga iltijo bilan qo’l cho’zdi. - Iltimos, ayting.
Neff javob berishdan oldin unga uzoq tikildi. Keyin esa dedi:
- Kim ekanligingni.
Demenga Neff ketish oldidan ta’zim qilgandek tuyuldi. Bola qorong’i yo’lakda yolg’iz o’zi qoldi. Ko’z yoshlari uning yuzini yuvardi. U bu odamlar unga nima deyishganini anglashga urinardi. Nihoyat Demen kitobni o’qishga qaror qildi.
Va unda o’zi haqida biror narsa bor-yo’qligini bilmoqchi bo’ldi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:21:15

7

Devidson Akademiyasining har bir bayramda ishtirok etadigan o’z orkestri bo’lib, Mark unda gornchi edi.
Bugun havoning avzoyi buzuq va orkestr parad uchun tayyorgarlik ko’rayotgandi. Yotoqxonaning ikkinchi qavati kichik-kichik xonalardan iborat edi. Birinchi qavatda, uxlash xonalari ostida sinfxonalar joylashgandi. O’rtada esa keng va bo’m-bo’sh zal bor edi. Orkestr aynan mana shu yerda tayyorgarlik ko’rayotgandi.
Endi tush payti bo’lgan esa-da, tashqari qorong’ulashib ketgandi. Kursantlarning ayrimlari o’z xonalarida, ayrimlari esa gimnastika zalida edi.
Demenga hech kim e’tibor bermadi. U hozirgina Budmenning Injilini olib chiqqandi. Kursantlarda Injil kitobi yo’q edi. Maktab o’quvchilarni sportga oid kitoblar bilan ta’minlar, lekin diniy kitoblar bermasdi. Dastlab Demen bu kitobni kutubxonadan qidirib ko’rdi, biroq topa olmadi. U ruhoniyni esladi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:21:23

Demen kunduzgi tanaffusni kutdi. Mana shu vaqtda aksariyat kursant va o’qituvchilar o’z yotoqxonalariga kirib uxlashardi. Demen ruhoniyning xonasiga kirdi. Xona har doimgidek ochiq edi: Devidson Akademiyasida hamma vijdon va halollik qoidasiga amal qilardi.
Yozuv stoli va tokchada bir nechta Injil turardi. Demen ulardan birini oldi. U shu bugunoq o’ziga kerakli matnni o’qib, kechqurun kitobni joyiga qo’yishni mo’ljalladi.
Demen balkon orqali o’z xonasiga kirganida birdan chakkasiga qon tepdi. U eshik vazifasini bajaruvchi pardani yopdi va o’tirdi. U bosh aylanishidan hushini yo’qotar darajada edi.
Hozir uning kim ekanligi ma’lum bo’ladi. Demen ko’ylagi ostiga yashirilgan kitobni oldi va chiroq nuri yaxshi tushadigan joyga qo’ydi. Yerga muk tushganicha Injilni varaqladi:
«...va butun yer yuzi yirtqich ortidan ergashdi va yirtqichga qudrat bergan ajdarga sajda qildi. Va yirtqichga ta’zim qilarkan, yirtqichga kim bas kela oladi, dedi».

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:21:34

Demen kitobdan boshini ko’tardi va bu nimani anglatishini tushunishga urindi. U Markni esladi. Demen Buxer va Neff haqida o’yladi - ular bolani aslida kim ekanligi haqida o’ylashga majbur qilishgandi. Demen birdan kursantlarning hech biri unga teng kelolmasligini, hech narsada undan o’zib keta olmasligini sezdi.
U hayajonlangancha o’qishni davom ettirdi: «Men ko’rgan yirtqich barsga o’xshardi: uning oyoqlari ayiq oyoqlariga o’xshar, og’zi esa sher og’zidek edi: va ajdar unga o’z kuchi va taxtini hamda buyuk hokimiyatni berdi».
Demen buning shunchaki mubolag’a ekanligini xayoliga keltirdi, Attilani ham xuddi shunday tasvirlashgan.
Uning qo’shinlari jangdan qaytganlarida ular Attilaning jang paytida qanday harakat qilganligini og’iz ko’pirtirib maqtashgan. Demen ularning hikoyalari keyinchalik qo’shib-chatilib afsonalarga aylanganini, Attila esa birorta ham inson zoti bas kela olmaydigan yirtqich sifatida tasvirlanganini o’yladi.
U vaqti kelib o’zi haqida ham shunday afsonalar to’qilishini xayol qildi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:21:41

Ammo Demen o’z kuchini anglashi bilanoq uning xayoliga bir fikr keldi: «Mening qo’limdan kelmaydi! Men axir yosh bolaman-ku!»
Yosh to’la ko’zlari bilan u yana harflari chaplashib ketayotgan kitobga tikildi:
«Va u yoshu kattaga, boyu kambag’alga, ozodu qulga, barchaga o’z belgisini qo’yadi. Unga imonlilarga qarshi kurashish va g’alaba qozonish uchun kuch berilgan: va unga barcha xalqlar, tillar va qabilalar ustidan hukmronlik berilgan».
Demenning yuragi qinidan chiqib ketguday urardi. U kitobni shartta irg’itib yuborgisi, toptab, yoqib yuborgisi keldi.
Bola Injilni uy burchagiga qarata otdi. Demen kitobga tikilganicha qotib qoldi. Kitob uni xuddi sham parvonani jalb qilganidek o’ziga tortardi. Injil uni kuydirib yuborgudek ta’sir qilayotgan bo’lsa-da, Demen endi o’zini to’xtata olmasdi. U o’zi haqidagi haqiqatni bilishiga ozgina qolgandi.
Demen kitobni qo’liga oldi. Bolaning a’zoi badaniga titroq turdi. Uning qo’llari qaltirardi. U kerakli sahifani ochdi va to’xtab qolgan joyidan o’qishni davom ettirdi:
«Bu yerda donolik bor. Kimning idroki bo’lsa, u yirtqichning raqamini biladi; zero bu insonlarning ham raqamidir. Uning raqami olti yuz oltmish olti».

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:21:49

Demen kitobni yopdi. Demak, mana isbot! Agar unda bu belgi bo’lmasa, u xatardan xoli! U ozod!
Demen kitobni bag’riga bosgancha xonasidan otilib chiqdi. U to’g’ri yuvinish xonasiga yo’l oldi. Bu yerda hech kim yo’q edi. U qaltiroq qo’llari bilan ko’zguni yaxshilab artdi va o’z aksiga tikildi. U qo’llarida hech qanday belgi yo’qligini bilardi. Shunday bo’lsa-da, Demen qo’llarini diqqat bilan ko’zdan kechirdi. Hech qanday belgi yo’q edi. Qo’lda-qa qo’l.
Shunda Demen ko’zguga yaqin kelib peshonasidagi sochini ko’tardi.
Hech qanday belgi yo’q.
U chakkasiga qaradi.
Yana hech qanday belgi ko’rinmadi. Demen o’zini aqldan ozayotgandek his qildi. Bu nimasi? U o’n uchga kirdi, erkak kishiga aylanyapti. Ehtimol, balog’at davri shunday o’tar? Agar Demenning o’rnida boshqa birov bo’lganida edi, shunday fikrlar bilan cheklanib qo’ya qolgan bo’lardi. Lekin faqat Demen emas. U o’zini Tornlar sulolasiga mansub deb bilardi, ular esa boshlagan ishini oxiriga yetkazib qo’yishardi.
Demen qulog’i orqasini qaradi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:21:54

U dahshatli narsani ko’rdi.
Albatta, bu belgini hech kim ko’rmagandi. Bu uchta olti raqami edi.
666.
Demenning nafasi tiqilib qoldi. U devorga suyanganicha oyog’ida zo’rg’a turardi. Bu yangilik unga katta zarba bo’lgandi. U o’ziga kelolmasdi. Demak, bularning hammasi haqiqat ekan-da. Hammasi, Neff unga aytgan, Buxer shama qilgan, Demen qo’rqqan narsa rost ekan-da. Hamma-hammasi haqiqat ekan.
Uning ko’zlaridan duvillab yosh to’kilardi. U yuvinish xonasidan yugurib chiqdi. Demen nima qilishini, qayoqqa borishini bilmasdi. U tanholikni istayotgandi.
U zina tomon yurdi. Pastda orkestr hali ham kuy chalayotgandi. Demen kursantlar orasidan o’ta boshladi. Shu payt uni Mark ko’rib qoldi va chaqirdi:
- Demen!
Lekin Demen unga o’girilib ham qo’ymadi. U yotoqxonadan tashqariga chiqdi, o’yingohni kesib o’tdi. Akademiya darvozasidan chiqdi va yo’l bo’ylab keta boshladi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:22:08

U hech narsani o’ylamas, boshi oqqan tomonga ketayotgandi. U o’pkasi tiqilib, oyoqlari o’ziga bo’ysunmay qo’yguncha yo’l bosdi. Demen yana bir qadam tashlasa xuddi o’lib qoladigandek tuyuldi. U daraxt yonida to’xtadi, cho’kkalab o’tirdi va ho’ngrab yig’lab yubordi.
U bir nuqtaga tikilganicha uzoq o’tirdi. So’ng boshini ko’tarib qorayib kelayotgan osmonga qaradi. Qora bulut bostirib kelayotgan, uzoqdan momaqaldiroq gumburlayotgandi. U osmonga qo’llarini cho’zdi. Bu nima edi - iltijomi? Yoki u taslim bo’ldimi?
Uning tepasida, daraxt uchida qora quzg’un o’tirardi. U qayg’u-alamga botgan bolaga tikilib turardi. Qushning ko’zlari tantanavor chaqnardi.
Agar Demen bugun sodir bo’lgan yana ikkita g’ayritabiiy voqeaning guvohi bo’lganida edi, yanada hayratda qolgan bo’lardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:22:15

Birinchi voqea Pol Buxerning yotoqxonasida yuz berdi. Buxer yotishga tayyorlanayotgandi. U o’ng qo’l nomsiz barmog’idagi uzukni chiqardi va barmog’ida belgi paydo bo’lib qolganini ko’rdi. Uzoq vaqtdan buyon sabrsizlik bilan kutilayotgan belgini. Belgi kichkina, zo’rg’a ko’rinardi. Buxerni quvonch hamrab oldi. 666. Nihoyat, uni qabul qilishdi.
Ikkinchi voqea Deniel Neffning yuvinish xonasida sodir bo’ldi. Tishini tozalayotgan Neff har doimgidek peshonasiga tushib turgan sochini ko’tardi va ko’zguga engashdi. U belgini ko’rdi. Va nihoyat. 666.
Endi ularning yo’liga qarshi chiqadigan kuch yo’q edi.
Mark karavotida yotganicha besaranjom to’lg’anardi.
Kontsertga tayyorgarlikdan so’ng u xonaga qaytgandi. Demenning joyini to’g’rilagach, u o’z karavotiga yotdi. Mark ukasini sabrsizlik bilan kutardi. U nima bo’lganini tushunolmasdi. Bugun darsda Mark Demenning g’alati holatga tushganini payqadi, keyin esa ukasi yotoqxonadan yugurib chiqib ketdi. Demen haligacha qaytgani yo’q. Mark xavotirga tushganidan uxlay olmasdi.

Qayd etilgan