Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96409 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:22:22

Nihoyat u Demenning qadam tovushlarini eshitdi.
- Qaerda eding? - so’radi Mark tashvish bilan. - Sendan juda xavotir oldim!
Demen bir og’iz ham gapirmadi. U jimgina qadam bosib kelib o’zini karavotga tashladi.
- Demen! - dedi Mark, lekin yana hech qanday javob bo’lmadi. U bu safar ovozini balandroq qilib gapirdi: - Demen, tuzukmisan?
Demen anchagacha indamadi. Nihoyat, javob qaytardi:
- Endi tuzukman. Chiroqni o’chir.
Mark chiroqni o’chirdi. U birpas jim yotdi, so’ng yana so’radi:
- Rostdan tuzukmisan?
- Uxla, - buyurdi Demen o’ziga xos bo’lmagan keskin ovozda.
Mark anchagacha o’ylanib yotdi, so’ng uxlab qoldi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:22:31

8

Soat mintaqalarining o’zgarishidan ezilib ketgan Pasarian semiz portfelini ko’targancha shoshib qadam tashlardi. U hozirgina kompaniyaga qarashli samolyotda Hindistondan qaytgandi.
Pasarian avtomat telefon bo’lmasiga kirdi. Yakshanba, buning ustiga qorong’i tushib qolgan bo’lsa-da, u qo’ng’iroq qilishni ertaga qoldirolmasdi. Nima voqea yuz berganini Tornga aytish zarur edi. Zudlik bilan.
Hindu Tornlarning ko’ldagi dala hovlisi bilan ulashlarini kutib turdi. Go’shakni ko’targan xizmatchi Tornning bugun juda kech qaytishini va hinduning aytganlarini xo’jayiniga yetkazib qo’yishini aytdi.
Pasarian asabiylashdi, u endi nima qilishni bilmasdi. U bir oz o’ylanib turdi, keyin esa yana go’shakni qo’liga oldi va Buxerga qo’ng’iroq qilishni ma’qul topdi.
Buxerning uyi ham ishdagi xonasi kabi sovuq va ko’rimsiz edi. Bu yerda eng diqqatga sazovor joy - derazadan ko’rinib turadigan Chikagoning go’zal manzarasi edi.
Telefon jiringlagan paytda Buxer kitob o’qiyotgandi. U go’shakni ko’tardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:22:38

- Buxer, - dedi Pol.
Bir oz jimlikdan so’ng Pasarianning ovozi yangradi.
- Pol, bu men Devidman. Bir narsani aytishim kerak.
- Qaerdasan? - Polning ovozi o’zgardi.
- Aeroportda. Shu yerda, Chikagoda. Noxushliklar yuz berdi.
- Tezda buyoqqa kel.
Bu paytda Anna va Richard o’zlari yolg’iz edilar. Bolalar Akademiyada, uyga kelgan mehmonlar allaqachon ketishgandi. Tornlar qorda sayr qilishni rejalashtirishgandi.
Ularning katta chanasi bo’lib, bu chanani Klaydsueyl laqabli ot torta olardi, xolos. Richard bu otni o’tgan yili sotib olgandi. Anna o’shanda chanani bo’yab, qo’ng’iroqchalar osib qo’ygandi. Endi qo’ng’iroqchalar chana kelayotganidan ogoh etib turardi.
Qo’ng’iroq tovushi jarangladi - Richard va Anna sayrdan qaytishgandi. Richard uyga kirishi bilan unga Pasarianning xabarini yetkazishdi. U darhol hinduga qo’ng’iroq qildi, lekin Pasarian uyida yo’q edi. Richard yelkasini qisdi va go’shakni qo’ydi.
- Uyida yo’q ekan, - dedi u Annaga. - Ertaga ko’rishaman-ku.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:22:44

Sovuqdan qizarib ketgan Anna latofatli edi. U eridan bo’sa oldi. Ular yotoqxonaga ko’tarilishdi.
Pasarian Buxerning mehmonxonasida qahva ho’plab o’tirardi. Uning xayoli parishon edi. U o’zini xuddi siqilgan limondek his qilardi. Buxer hinduga o’tkirroq ichimlik taklif etdi, lekin spirtli ichimlik ichsa hozirning o’zida uxlab qolishini bilgan Pasarian unamadi.
Buxer Pasarian hozirgina aytib bergan narsalarni tahlil qilishga urinayotgandi.
- Xo’sh, shunday qilib, - so’z boshladi Buxer, - o’sha kishi bizga yer sotishni istamaganligi uchun o’ldirilgan, deb o’ylaysanmi? Buning ustiga bizning odamlarimiz tomonidan.
Pasarian bosh silkidi.
- Bunga deyarli ishonchim komil.
- Lekin bunday bo’lishi mumkin emas! - e’tiroz bildirdi Buxer.
- Men sakkizta viloyatda bo’lib, yerlarni o’rgandim va baholadim. Ularning uchtasida...
- Uchtasida?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:22:51

- Uchta qotillik yuz berdi. - Pasarian qahvani ichib tugatdi.
- Lekin bu kimning ishi bo’lishi mumkin?
- Aqlim yetmayapti.
- Ha, - chuqur nafas chiqardi Buxer. - Bu ish bilan o’zim shug’ullanaman.
Hindu o’rnidan turdi.
- Richardga aytaymi? - U paltosini kiya boshladi.
- Aytish kerak, - to’ng’illadi Buxer. - Ertalab o’zim aytaman. Aytgancha, Torn seni ko’rmoqchi.
- Richard? Nega?
Buxer Pasarianni eshik oldigacha kuzatib keldi.
- P-84 uskunangga nimadir bo’libdi. Stoling ustida hujjatlar bor. Ertaga ertalab tezda tekshirib chiq. - U hinduga qo’lini cho’zdi.
Pasarian bosh irg’adi.
- Bo’pti, tekshiraman, - dedi u va eshikni ochdi.
Buxer Chikago manzarasiga tikildi. So’ng hinduga qaradi va jilmaydi:
- Kelganing uchun rahmat, Devid. Men seni qadrlayman.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:22:57

Pasarian Buxer bilan xayrlashib, uyiga jo’nadi.
Kutilmaganda qaytib kelgan Pasarianning xabari Buxerni talmovsiratib qo’ygandi. Tornga hammasi haqida aytish lozim edi. Bundan tashqari, P-84 uskunasi ham ortiqcha bosh og’riq bo’lgandi. Bu g’alvalardan Buxerning boshi aylanib ketdi. Shuning uchun ham u bugun qanday kun ekanligini unutib qo’yganligi ajablanarli emasdi. Aynan bugun yaqinda qurib bitkazilgan qishloq xo’jaligi zavodi bilan tanishish uchun Akademiyadan kursantlar kelishlari kerak edi.
Buxer derazadan tashqariga qaradi va pastda Devidson harbiy Akademiyasi avtobusini ko’rib hayron bo’lib qoldi. Nihoyat, bu avtobus nima uchun kelganligini unga yetkazishdi. Buxer zudlik bilan kotibasini chaqirdi va barcha telefon aloqalarini vaqtincha to’xtatishni buyurdi. Bolalar bilan shug’ullanish zarur edi.
O’smirlar esa ilk taassurotlari bilan o’rtoqlashishayotgandi. Ular Tornlarning naqadar boy ekanliklari haqida yuzaki tasavvurga ega edilar. Lekin bugun butun shahar maydonichalik joyni egallagan baland inshootlarni ko’rgach - ayrim kursantlar ana shunday kichik shaharchalarda yashardilar - bolalar hayratdan og’izlarini ochib qolishdi. Hattoki, kimdir hushtak ham chalib qo’ydi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:23:05

Teddi gap tashladi:
- Tushlik ovqat ham bo’ladimi? - U qornini shapatiladi va lablarini yalab qo’ydi.
- Albatta, - dedi Demen. - Biz senda yangi pestitsidning ta’sirini sinab ko’ramiz.
Hamma kulib yubordi. Kursantlar o’zlarini Buxer kutib turgan asosiy binoga kirishdi.
Demen birdan uning huzurida o’zini g’alati his qilishini sezdi. Bolada o’zi haqida bilganlarining yuzdan bir qismini ham o’zlashtirishga vaqt yo’q edi. Demen o’zini kuchli sezsa-da, hali bor kuchini ishlatishning payti kelmagandi. Bola ko’z qiri bilan oynavand devordagi yozuvga nazar tashladi: «Pestitsidlar bo’limi. Begonalar kirishi taqiqlanadi».
Demen basketbol maydonichalik keladigan xonada o’tirgan Pasarianni ko’rdi. Xona turli rangdagi quvur va shlanglarga to’lib ketgan, xuddi ulkan robotning ichiga o’xshardi.
Pasarian tayyorlagan bu laboratoriya uning farzandidek edi. Hinduning yana bir ixtirosi - P-84 uskunasini aynan shu yerda takomillashtirish mo’ljallanayotgandi.
Pasarian kompyuter pulti oldida monitorda namoyon bo’layotgan ma’lumotlarni kuzatib o’tirardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:23:14

Buxer bolalarni xodimlarning biri bilan tanishtirdi va unga kursantlarni zavod bo’ylab aylantirib yurishni buyurdi. O’zi esa xonasiga shoshildi. Bu yerda muhim anjuman bo’lib o’tishi kerak edi. Bu uchrashuvga bir necha hafta davomida tayyorgarlik ko’rilgandi.
Buxer jo’shqin, kuch-quvvatga to’la yoshlar bilan ishlashni xush ko’rardi. U yoshlarga o’z fikrlarini o’zi istaganidek singdira olardi. Aynan ular uning loyihalarini amalga oshirish uchun kurashda munosib ijrochiga aylanishlari mumkin edi.
- Agar biz Hindistonda yer sotib olishga qaratgan loyihamizni amalga oshira olsak, - dedi Buxer, - u yerlik aholining o’zini mustamlakaga aylangandek his qilishidan ehtiyot bo’lishimiz kerak. Yo’q, biz ularni qul qilmoqchi emasmiz! Biz, madaniyati va bilimi bo’lmagan, albatta bu ularning aybi emas, bu kishilarga yordam bermoqchimiz. Biz zimmamizdagi vazifani «Torn Indastriz» xodimlari va haqiqiy amerikaliklar sifatida chin dildan ado etamiz. Yana bir narsani yodda tuting: Hindiston va Yaqin Sharqni oziq-ovqat bilan ta’minlar ekanmiz, biz bu hududlarga ruslarning kirib kelishining oldini olgan bo’lamiz. Shu tarzda biz nafaqat minnatdorchilik, balki tabiiy boyliklarga ham ega bo’lamiz.
Xonaga kotiba kirdi.
- Janob Pasarian P-84ni sinashga kirishdi, - dedi u.
- Rahmat, - minnatdorchilik bildirdi Buxer. - Janoblar, yarim soat tanaffus.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:23:20

Bolalarni olib yurgan xodim jamoatchilik bilan aloqalar bo’limida ishlardi. U bolalarda yaxshi taassurot qoldirishni istardi. Tornlarning farzandlari vaqti kelib u haqda eslashlari mumkin.
Xodim o’smirlarni pestitsidlar bo’limiga boshlab bordi.
- Hosil ko’p bo’lishi va tezda pishib yetilishi uchun, - tushuntirdi u, - kuchli va yaxshi o’g’itlar, yangi yaratilgan pestitsidlar lozim.
Guruh yopiq eshik oldida to’xtadi. Bu Pasarian P-84 uskunasini sinovdan o’tkazayotgan pestitsidlar tayyorlash bo’limi edi. Yo’l boshlovchi soqchiga hujjatini ko’rsatdi va bolalarga bildirmasdan yigirma dollarlik pul uzatdi. Bu yerga hech kim kiritilmasdi, lekin u yosh Tornlar va ularning do’stlarini qoyil qoldirmoqchi edi.
Eshiklar ochildi va kursantlar ichkariga kirishdi. Mashinalar guvillab ishlar, xodim bolalar uning ovozini eshitishlari uchun baqirib gapirardi.
- Bu murakkab ishni, - u deyarli qichqirardi, - hov anovi yerda turgan bor-yo’g’i uch nafar xodim bajaradi. - U zal o’rtasidagi oynavand bo’lmaga ishora qildi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:23:27

Xodim ularni zina bo’ylab inshoot yuqorisiga olib chiqdi. Turli rangdagi quvurlar endi ulardan ancha pastda qolib ketgandi.
Pasarian yuqoriga qaradi va yosh do’stlarini ko’rib qoldi.
- Mark! Demen! - qichqirdi u. - Bu yerda nima qilyapsizlar? - Hindu ularning bu yerda ekanliklaridan xavotirga tushgandi. Uskunani sinash ishida qandaydir nosozliklar yuzaga kelgandi.
Bolalar unga qarab jilmayishdi.
- Biz sayohat qilyapmiz! - qichqirdi Demen.
Shu payt zalning uzoq burchagidagi quvur yorilib ketdi va quyuq yashil bug’ vishillab chiqa boshladi. Bug’ zalni to’ldira boshladi.
- Gaz chiqyapti! - qichqirdi kimdir.
Pasarian boshini ko’tardi va yordamchisining yuzi zaharli gazdan bujmayib ketganini ko’rdi. Yordamchi xodim talvasaga tushganicha nafas oldi, hushidan ketdi va gursillab pastga yiqildi.
Pasarian o’z ko’zlariga ishonmasdi. U kompyuter pultiga tashlandi va bo’kirdi:
- Hamma tashqariga! Bolalarni olib chiqing!

Qayd etilgan