Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96411 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:23:34

Uning buyrug’ini bolalar ham eshitishdi. Yo’lboshlovchi vahimaga tushganicha atrofga alangladi. Gaz ular turgan joyga yetib kelayotgandi.
Boshqaruv pultida halokat tugmasi bor edi. Pasarian bor kuchi bilan tugmani bosdi. Tugma ishlamadi. Bu tugmani bugun ertalab uning boshlig’i Buxer o’rnatganini bechora hindu qaerdan ham bilsin?
Shu onda u kursantlarning baqir-chaqirini eshitdi. Bolalar nafas olisholmas va yo’talishar, bir-birlariga urilganlaricha chiqish yo’lini qidirishardi. Ularning ko’zlaridan duvillab yosh oqardi. Ba’zi bolalarning yuz va qo’llarida pufakchalar paydo bo’ldi.
Bolalarni aylantirib yurgan xodim yuk liftiga yugurdi va jazavaga tushganicha barcha tugmalarni bosib chiqdi.
Lekin bu befoyda edi. Lift ishlamayotgandi.
Faqatgina Demen vahimaga tushmagandi. Gaz unga ta’sir qilmayotgandi. U hushidan ayrilayotgan do’stlariga tikildi. Va shu lahzada u o’zining qanday kuchga ega ekanligini his qildi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:23:39

Bola yana bir narsani tushundi. Unda tanlash imkoniyati paydo bo’lgandi. U hozir bu yerdan chiqib ketishi mumkin. U ushbu halokatda tirik qolgan yagona odamga aylanadi. Lekin yana bir narsa bor. Demen bu yerdagilarni qutqarishi va qahramonga aylanishi mumkin.
Demen bolalarga yordam berishga qaror qildi. U qahramon bo’lmoqchi edi. Bola darhol yuqoriga qaradi va tomga chiqadigan tuynukka olib boradigan narvonni ko’rdi.
- Bu yoqqa! - qichqirdi Demen va narvon tomonga yugurdi. U epchillik bilan yuqoriga ko’tarildi va tuynuk qopqog’ini ochdi. Ichkariga quyosh nuri va toza havo kirdi.
Qolganlar oyoqlarini zo’rg’a bosib yo’lak bo’ylab kela boshlashdi. Ular bir-birlariga suyanib olishgandi. Bolalar narvonni paypaslab topishdi, tomga chiqishgach esa yutoqqancha nafas ola boshlashdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:23:46

Kutilmaganda Demen Pasarianni eslab qoldi. U ichkariga tushdi. So’ng zina bo’ylab yugurib ketdi.
Zal yashil tusli zaharli gaz bilan to’lgandi. Demen yanada pastki qavatga tushdi.
Shu yerda u Pasarianni ko’rdi. Hindu qimirlamay yotardi. Uning qo’li yorilgan quvur tomon cho’zilgandi. Chamasi, u oqib chiqayotgan zaharni qo’li bilan to’xtatishga uringandi. Yuzi va qo’llaridagi pufaklar uni tanib bo’lmas darajaga keltirgandi.
Demen ortiga qaytdi va tomga chiqdi.
Bolalar hali ham og’zilarini katta-katta ochgancha nafas olishar, o’pkalaridan hushtak chalgandek ovoz chiqardi.
Demen Markni izlay boshladi. U akasi qanday holatda ekanligini bilmoqchi edi.
Markni qidirar ekan, Demen o’zining qanday kuchga ega ekanligini anglab yetdi - bu unga yoqa boshladi. Va u, o’zining aslida kim ekanligiga ham tupurdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:23:56

9

Sodir bo’lgan voqeani eshitgan Richard Torn va Anna ko’ldagi burchakni tark etishdi. Ular halokatdan so’ng kursantlar keltirilgan bolalar kasalxonasiga yetib kelishdi. Tornning rangi oqarib ketgan, soqoli olinmagandi. U g’azabdan qaltirardi. U kasalxona telefoni orqali Buxer bilan gaplashdi.
- Ularning ahvoli tuzuk, shekilli, - dedi Richard, - lekin hali shifokorlar bilan gaplashganim yo’q. Bo’lib o’tgan hodisa haqidagi to’liq hisobot ertalab stolim ustida bo’lsin!
Richard go’shakni qo’ydi va devorga suyanib qoldi.
U ko’z qiri bilan bolalar xonasiga kirib ketayotgan bo’yi baland, qora tanli shifokorni ko’rdi. Torn uning ortidan yurdi. U dastlabki tekshiruv natijalarini sabrsizlik bilan kutayotgandi.
Anna ikkita karavot o’rtasidagi stulda o’tirardi. Markning rangi oppoq va holi yo’q edi. Lekin Demen o’zini juda yaxshi his qilayotgandi.
Shifokor Annaning yoniga keldi. Uning ismi Keyn edi. Torn uning orqasida turardi.
- Bolalarning ahvoli yaxshi, - dedi Keyn. - Biz ularning o’pkasi zararlanmadimikin, deb tekshirib ko’rdik. Hech qanday zarar yetmabdi. Ular yana bir oz vaqt qayt qilishlari mumkin...

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:24:02

- Ularga yaxshi qaranglar, - uning so’zini bo’ldi Torn.
Shifokor tasdiq ma’nosida bosh silkidi.
- Albatta, - dedi u Tornni bir chetga tortarkan. - Siz bilan gaplashib olsam bo’ladimi? Atigi bir daqiqa? - shivirladi Keyn.
- Ha, albatta, - Torn uning ortidan tashqariga chiqdi.
Demen karavotda ularning xonadan chiqib ketishlarini kuzatib yotardi.
Tashqariga chiqishgach, Keyn hamshiraning o’tib ketishini kutib turdi va atrofda hech kim qolmagach, sekin gap boshladi.
- Biz qon va to’qimalarni tekshiruvdan o’tkazdik. Har bir bola u yoki bu darajada gazdan zaharlangan. O’g’lingiz Demendan tashqari.
Tornning yuzidagi muskullari ucha boshladi.
- Nimani nazarda tutyapsiz? - so’radi Richard. - U...
Keyn uning so’zini bo’ldi.
- Yo’q, yo’q, janob Torn. Meni noto’g’ri tushunmang. - U vaziyatni iloji boricha yumshoqlik bilan tushuntirishga urindi. - Demenga gaz mutlaqo ta’sir qilmagan... mutlaqo.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:24:07

Demen Annaga yuzlandi.
- Nima bo’lyapti o’zi? - uning ko’zini sovuq nafrat pardasi qoplay boshladi.
- Hech narsa, - parishonlik bilan javob qaytardi Anna. - Shifokorlar shunaqa sirli gaplarni xush ko’rishadi.
Richard xonaga qaytib kirganida uning jahli chiqqandek ko’rindi.
- Demen yana bir-ikki kun shu yerda qolarkan, - dedi u. - Uni yana tekshirib ko’rishmoqchi.
Demen karavotiga o’tirib oldi.
- Men kasalmasman, - e’tiroz bildirdi u. - Nima uchun qolishim kerak...
- Siz uni yana tekshirmoqchimisiz? - bolaning so’zini bo’ldi Anna Keynga qarab.
Demen yana e’tiroz bildirdi:
- Bu yerda qolishni istamayman!
Anna uning qo’llaridan tutdi.
Mark ham uning yoniga keldi.
- Agar u qolsa, men ham u bilan qolaman.
Anna shifokorga termuldi.
- Ularni uyga olib ketsak bo’lmaydimi? Demenni kelasi hafta yana olib kelamiz.
- Balki shunday qilarmiz? - so’radi Richard.
Shifokorga bu yo’l yoqmagandi, lekin boshqa iloji yo’qligini tushundi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:24:13

- Yaxshi, - rozi bo’ldi u.
Anna Demenni quchoqladi.
- Sizlarni ko’lga olib boramiz. Toza havo sizlarga foydali.
Bolalar quvonch bilan bosh silkishdi.
O’sha kuni kechqurun shifokor Keyn mikroskopga engashganicha laboratoriyada o’tirardi. U hozirgina ko’rgan narsasini tushunishga urinardi va qon tomchisi surtilgan shisha plastinkaga yuzinchi bor tikildi. Keyin esa yonida turgan kitobga qaradi: qalin kitob turli fotosuratlarga to’la edi. Hech qanday xato bo’lishi mumkin emasdi.
Demen Tornning qonida shoqolning xromosomalar to’plami mavjud edi.
Bu qandaydir be’manilikka o’xshardi, lekin dalildan yuz o’girib bo’lmasdi. Keynning kallasi shishib ketdi.
U negadir bu ish bilan yolg’iz o’zi shug’ullangisi kelmadi. Shifokor go’shakni ko’tardi va ichki xizmat raqamini terdi. Tasodifan uning hamkasbi ham o’z xonasida edi.
- Ha, - tanish ovoz yangradi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:24:21

- Ben! - qichqirdi Keyn. - Xudoga shukr, joyingda ekansan! Bir daqiqaga oldingga tushmoqchiman.
- Umuman olganda, - xirildoq ovoz eshitildi, - men ketyapman.
- Iltimos, bu juda muhim, - so’radi Keyn.
- Bo’pti, tushaqol, - rozi bo’ldi hamkasbi.
- Rahmat, Ben. hozir tushaman. - Keyn go’shakni qo’ydi, qon tahlili olingan suratni avaylab kitob orasiga joyladi va liftga yo’naldi.
Ko’ldagi burchakda hamma qotib uxlardi. Faqatgina Demen uyg’oq edi. U joyida qimirlamay yotardi. Ko’zlari esa bir nuqtaga tikilgandi. Bolaning ko’zlari o’ziga kerakli narsani izlab topdi. U bor kuchini jamladi. Bolaning peshonasidan ter oqib butun tanasi titray boshladi.
Keyn liftga kirdi va tugmani bosdi. U o’n oltinchi qavatga tushishi kerak edi. Eshiklar zich yopildi va lift harakatga tushdi.
Lekin negadir pastga tushish o’rniga yuqoriga chiqa boshladi.
Shifokor lift ichidagi yonib-o’chayotgan yozuvlarga qaradi. 21... 22... 23... U yana «16» yozuvi bor tugmani bosdi. Lift to’xtadi va eshiklar ochilib-yopildi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:24:27

Keyn yana bir marta kerakli tugmani bosdi.
Lift pastga tusha boshladi: 19...18...17...
Lift o’n oltinchi qavatga yetib keldi va tezlik bilan pastga tushishda davom etdi.
Keyn qo’rqib ketdi. U qo’lidagi kitobni tushirib yubordi. Shifokor jazavada barcha tugmalarni birin-ketin bosib chiqdi. Birdan hamma tugmalar o’chib-yona boshladi. Liftning tezligi kuchaydi.
10...9...8...
- E, Xudo! - qichqirdi Keyn.
5...4...3...
Kutilmaganda lift to’xtab qoldi. Keyn gursillab yiqildi. Shifokor dahshatli sukunatda qimirlashga ham qo’rqib yotardi.
Keyin u sekin o’rnidan turib o’tirdi. U yoq-bu yog’ini ushlab ko’rgach, hech qaeri sinmaganligiga ishonch hosil qildi. U suratlar majaqlanib ketganini ko’rdi, lekin unga baribir edi. Keyn tirik qolganiga suyunayotgandi.
Yuqorida esa liftning keskin to’xtashidan bitta po’lat arqon uzilib ketgandi. Shu lahzada u yashin tezligida pastga tushayotgandi.
Keyn qandaydir o’tkir, jarangli tovushni eshitdi. U atrofga alangladi, lekin tovushning qaerdan kelayotganini anglay olmadi. U yuqoriga qaradi va po’lat arqon lift tomini ikkiga bo’lib tashlaganini ko’rishga ulgurdi. Po’lat arqon Keynni ham qoq ikkiga bo’lib tashladi.
Demen nihoyat o’zini yengil his qildi: uning ko’zlari yumildi va uyquga ketdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:24:36

10

Richard va Anna nonushta bilan birga keltirilgan ertalabki gazetalarni ko’rishardi. Richard o’zining «Uoll Strit Jornal»ini varaqlar, Anna esa «Chikago tribyun»ni qo’liga olgandi.
Gazetani ochgan Annaning nafasi tiqilib qoldi.
- Richard! Buni qara! - qichqirib yubordi u gazetani eriga uzatarkan. Unda shifokor Keynning jasadi surati bosilgandi. Surat ostida esa kecha kechqurun liftda sodir bo’lgan fojia bayon etilgandi. «Torn Indastriz»dagi halokat haqidagi xabar ham shu sahifadan joy olgandi.
Richardni Keynning halok bo’lgani unchalik hayajonga solmadi. U kompaniyasidagi halokatni jurnalistlar qanday yoritishganiga qiziqib xabarni o’qishga kirishdi.
- Kechagina u bilan gaplashgandik, - dedi Anna parishonlik bilan barmog’ini sochiga o’rab aylantirarkan. - Bunda qandaydir g’ayritabiiylik bordek tuyulmayaptimi senga?
- Hm-m-m...
Anna qahva ho’pladi va eriga tikildi.
- Keyn qanday tekshiruv o’tkazmoqchi edi o’zi?
- Ishonchim komil emas, - ming’irladi Richard, - men... - Torn birdan jim bo’lib qoldi. - Bolalar qani? - so’radi u kutilmaganda.

Qayd etilgan