Omen (ikkinchi kitob). Jozef Hovard  ( 96428 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 22 B


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:14:26

Joan burildi va oyog’ini zo’rg’a sudragancha o’yin maydonidan uzoqlasha boshladi. Ammo, o’n qadam ham yurmasdan, u shunday dahshatni his etdiki, tez-tez yugura boshladi. Nihoyat, u mashinasi oldiga yetib keldi.
U terga botgan, Demen Tornning sariq ko’zlari qadalgan kuraklari o’rtasi qizib ketgandi. Avtomobil o’rindig’iga o’zini tashlagan Joan Neffning qichqirig’ini eshitdi:
- Torn, namuncha yangi darvozaga qarab turgan qo’ydek turib qolding?
Kuraklari o’rtasi qizishdan to’xtadi. Joan qiynalib yurib sumkasidan kalitni oldi va kalit tirqishiga solib buradi. Motor o’t olmadi, yana buradi - yana hech narsa chiqmadi. Nihoyat dvigatel ishlay boshladi. Mashina g’ildiraklari chiyilladi va Devidson Akademiyasidan uzoqlashdi.
Joan shimol tomon ketardi. U Chikagoga borishi kerak edi, ammo u yerda unga hech kim ishonmasligini tushunardi.
Kimdan yordam so’rash kerak? Qudratli, ayyor va dahshatli Kuchga qarshi kurashda Joan kimning madadiga suyanishi mumkin?

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:14:32

U rulni hushsiz holda boshqarardi. Bu qo’rqinchli Akademiyadan tezroq, tezroq uzoqlashish kerak.
Bir ozdan so’ng Joan adashib qolganini tushundi. U shtatning ancha ichkarisiga kirib ketganini bildi. Atrofda sobiq fermerlik inshootlari joylashgandi.
Ufq cheksizlikka cho’zilib ketgandi. Joanning butun tevarak-atrofi tekislikdan iborat edi. Mashina ketayotgan yo’ldan boshqa yo’l ham yo’q edi.
To’satdan bo’ron turdi. Bir necha daraxt ag’anab tushdi. Ayolni yana qo’rquv iskanjaga ola boshladi. U Chikagoga qanday qaytish yoki hech bo’lmaganda qo’noq topishni o’ylay boshladi.
Shu daqiqada avtomobil bir silkindi va to’xtab qoldi.
Bo’ron ham shu zahoti tindi va sukunat cho’kdi. Atrofda birorta ham tirik jon yo’q edi.
Joan gazni bosdi, kalitni buradi.
Hech qanday o’zgarish bo’lmadi. U benzin ko’rsatkichiga qaradi. Bakda yarim benzin bor edi.
Demak, to’xtashining sababi bu emas.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:14:39

Birdan u Bugengagen va Maykl Morganning qanday halok bo’lishganini esladi va badanida titroq turganini his qildi. Ammo Joan tushkunlikka tushmadi. Uning yuragi tez-tez urar, miyasiga qon tepardi. Joan miyasida barcha imkoniyatlarni chamalar va o’lim bilan yuzma-yuz turganini tushungan holda qutulish yo’lini qidirardi.
U pichirlaganicha duo o’qidi. So’ng yo’lga qaradi. Hech qanday hayot alomati ko’rinmadi.
Kutilmaganda u bir necha lahza ilgari ko’rmagan yo’l belgisini ko’rib qoldi. Unga «Nensi tamaddixonasi. Shirin va arzon» deb yozib qo’yilgandi. Uning ostida esa «3 mil» degan yozuv turardi. Agar Joan bu yerlarni sal bo’lsa-da yaxshiroq bilganida edi, u tuprog’i unumsiz bu joyda hech qanday «Nensi tamaddixonasi» bo’lmasligiga aqli yetgan bo’lardi. Ammo u yaqin atrofda bemalol ovqatlanib, laqillab o’tirsa bo’ladigan shinamgina restorancha joylashganligiga ishonishni lozim ko’rdi.
Uning o’sha yerga borishga sabri chidamasdi.
Joan eshikni ochib, avtomobildan tushdi. Izg’irin zabtiga olardi. U paltosini olish uchun engashdi va kutilmaganda qulog’iga qandaydir tovush chalindi. So’ng avtomobil tomida g’ijirlagan tovush eshitildi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:14:45

Joan keskin o’zini rostladi va dahshatdan qotib qoldi. Tomda, uning shundoqqina ro’parasida ulkan qora quzg’un o’tirardi. U ayolga nafrat bilan tikilgandi.
Joan dod solib yubordi va qoqilib ketib, o’zini zo’rg’a ushlab qoldi. Quzg’un undan ko’zini uzmasdi - uning nigohi ham xuddi Demenning qarashidek odamni teshib yuboray derdi. Ayol quzg’unga paltosini silkitdi, lekin ulkan qush qimirlab ham qo’ymadi.
Joan eshikni yopdi va quzg’undan ko’zini uzmay paltosini kiya boshladi. Quzg’un xuddi ayolni qanotini bir silkitib yiqitishiga ishonganday qimirlamay o’tirardi. Joan «Nensi tamaddixonasi» tomon qadam tashladi. U to’xtamasdan duo o’qib borardi. Quzg’un bilan uning orasidagi masofa qirq yardga yetdi. Quzg’un uchib ketdi.
Joan quvonchdan qichqirib yubordi. Ammo kutilmaganda quzg’un Joanning ortidan xunuk qag’illab hujum qildi. U ayolning boshiga o’tkir tirnoqlarini botirdi.
Joan og’riqqa chidolmay baqirdi. U qushni mushtlay boshladi va uni boshidan olib tashlashga urindi, ammo quzg’un uning qo’llarini cho’qib, qonga bo’yab tashladi.
Ko’zlarida do’zax o’ti tobora yorqinroq chaqnay boshlagan quzg’un sap-sariq tumshug’i bilan uning yuzini to’xtovsiz cho’qiy boshladi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:14:50

Joan bor kuchini yig’ib boshini ko’tardi va osmonga qaradi, lekin u endi osmonni ko’ra olmasdi: uning ko’zlari o’rnida qonga to’lgan bo’m-bo’sh ko’z chanoqlari turardi. Ayol bu dahshatli azobdan qutqarishini so’rab Xudoga yolvordi.
Quzg’un kutilmaganda uchib ketdi. Uning tirnoqlarida Joanning bir tutam sochi va terisi osilib turardi.
Chalajon Joan qoqilib ketdi va yo’l chetidagi ko’lmakka yiqildi. Uning holi qurib qolgandi.
Shu payt uzoqdan motor shovqini eshitildi. Daryo bo’ylab yuk mashinasi kelardi.
Joan boshini ko’tardi. Nahotki? U zo’rg’a o’rnidan turdi va yo’lga chiqa boshladi. O’n sakkiz g’ildirakli katta yuk mashinasi unga yaqinlashib qolgandi. Joan bor kuchini yig’ib qichqirdi.
Yuk mashinasi keskin burilishdan burilarkan, haydovchi qonga va loyga belangan ayolni ko’rishga zo’rg’a ulgurdi. Ayol yuk mashinasiga orqasini o’girganicha yo’lning o’rtasida turardi.
Haydovchi tormozni bosishga ulgurmadi.
Yuk mashinasi Joan Xartni uchirib yubordi. Tanasi yerga qaytib tushguncha ayolning joni uzilib bo’ldi.
Mashina jasaddan yuz yardcha narida to’xtadi.
Sukunatni motorning bo’g’iq ovozi va quzg’unning o’tkir qag’illashi buzib turardi. Quzg’un qorayib kelayotgan osmonga singib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:15:00

4

Butun Qo’shma Shtatlar hududida ham Viskonsin shtatidagi ko’l bo’yidagidek burchakni topish qiyin. Ko’pchilik Jeneva ko’lini bu yerning marvaridi, deb ataydi. U Chikagoga juda yaqin va qulay joylashgan bo’lib, shaharning badavlat kishilari qishda mana shu yerda ko’ngil ochishadi.
Tornlarning qishki uyi, uni «ko’ldagi burchak» deb ham atashardi, yog’ochdan qurilgandi. Uy tashqi ko’rinishidan ovchilar kulbasiga o’xshardi. Ammo uning ichidagi qulayliklarga ega bo’lish uchun kishining cho’ntagi baquvvat bo’lishi kerak edi. Masalan, bu yerda ichki televizion kuzatuv tuzimi o’rnatilgandi. Boshqa badavlat kishilar kabi, Richard Tornning ham bolalarni o’g’irlab ketishdan xavfsirashiga asos bor edi. Uyning yonida hatto vertolyot maydonchasi ham joylashgandi.
«Ko’ldagi burchak» AQShdagi eng murakkab xususiy telefon tizimi bilan ham jihozlangandi. Albatta, Torn prezident yoki davlat kotibidan boshqa har qanday kishining qo’ng’irog’iga javob bermasligi mumkin edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:15:07

Jeneva ko’li bo’yidagi uyda har doimgi davra yig’ilgandi: Tornlar, ularning do’stlari va ishbilarmon tanishlari. Bolalarning o’n uch yoshga to’lishlari bayram qilinayotgandi. Tornlar turli zig’fat va kechalar uyushtirishni xush ko’rishar, ayniqsa, oilaviy bayramlar ularga alohida zavq bag’ishlardi.
Demenning tug’ilgan kuni aslida oltinchi iyunda bo’lsa-da, amakisining oilasida yashayotganidan buyon bolalarning tug’ilgan kuni bir kunda nishonlanardi. Tornlarning aksariyat tanishlari tug’ilgan kunlarning bir kunda nishonlanishi shunchaki qulaylik uchun qilingan, deb o’ylashardi. Va faqatgina Richard ukasi Jeremining telbalarcha harakati Demenning tug’ilgan kuniga qandaydir tarzda bog’liqligini yodida saqlab qolgandi.
Bayram arafasi oqshomda Mark va Demen mehmonxonada o’ynayotgandilar. Demen doim yutardi. Lekin bu safar Mark ukasidan ustun kelayotgandi. Agar kurashda Demen qatnashayotgan bo’lsa, Mark o’z mayolubiyatlariga xotirjam yondashardi. Ammo-lekin birorta tengdoshi undan yoki Demendan g’alabani tortib oladigan bo’lsa, Mark shu zahoti o’ch olardi. Ehtimol, bu Mark ukasining fojiali o’tmishini doimo yodida tutganidandir. Mark kichkinaligidan boshlab Demen haqida qayg’urib kelar, eng yaxshi narsalarni ukasiga ilinardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:15:19

Bolalar o’t yonayotgan ulkan g’isht kamin oldida o’tirishar va uning ichiga o’yinchoq kublarni irg’itishardi. Zaldagi jimjitlikni o’tinlarning chirsillab yonishi va o’yin stolidagi soqqalarning ovozi buzardi. Kaminning eng yuqorisida bug’uning bosh tulumi o’rnatilgandi. Richard bu bug’uni aynan mana shu uy qurilgan yili otgandi. O’sha paytda uning birinchi xotini Meri tirik edi va endilikda bu tulumga sal ko’zi tushib qolsa ham Richard qayg’uga botardi. Har qanday qotillikni yomon ko’radigan Merini o’sha tunda o’ldirilgan bug’uning tanasi tushida ta’qib qilgandi. Jonivorning o’ldirilishi va Richardning bug’u boshini kamin tepasiga ilish haqidagi qat’iy qarori ularning yagona jiddiy janjaliga olib kelgandi. Meri shunchalik g’azabga mingan ediki, yozilmagan qoida - bahs mavzusi bilan cheklanish qoidasini buzgandi. U erining butun ayblarini to’kib solgandi. Keyin Richard bir haftagacha Merining ketib qolishidan qo’rqib yurgan, ammo qaysarligidan voz kechmagandi: u baribir bug’u boshini kamin tepasiga o’rnatgandi.
Anna bug’u boshini birinchi marta ko’rganida u haqda eridan so’ragan, Richard bug’u otilgan ov haqida hikoya qilish bilan cheklangandi. Birinchi xotini bilan bo’lgan janjali haqida Richard Annaga aytishni lozim topmagandi. U bir narsadan ajablanardi: ikkinchi xotini sportning har qanday «qonli» turiga erkaklardek qiziqardi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:15:26

Bolalar o’yinga shunday berilib ketishgandiki, ular Annaning mehmonxonaga kirib kelganini sezishmadi. U bolalarni birpas kuzatib turdi. «Ular qanday ajoyib», o’yladi u. Nihoyat, u jimlikni buzdi:
- Ey, ikkalangiz, kech bo’ldi. Ertaga shunday kun...
Bu oqshom birinchi marta omad kulib boqayotgandek Mark boshini ko’tardi va iltimos qildi:
- Oyijon, ozgina qoldi. Yana ikki daqiqa, maylimi? Iltimos!
U ukasining qo’llab-quvvatlashini kutib unga qaradi. Demen ayyorona qimtinib, e’tiroz bildirdi:
- Ketdik, Mark. Oyim uxlashimiz lozimligini aytyaptimi, uning gapiga kirish kerak.
Anna kulimsiradi. Mark ham jilmaydi.
- Menda bir fikr bor, - dedi u. - Kel, o’yinchoqlarimizni yig’ishtirmay, shundayligicha qoldiramiz.
Ular kulishdi. Anna bolalarni o’pib, chiroqni o’chirdi va chiqib ketdi. Aka-ukalar esa yog’och zinalar bo’ylab yotoqxonaga ko’tarilishdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Oktyabr 2007, 12:15:34

- Demen, - dedi Mark, - sendan bir narsani so’ramoqchiydim.
- Shunchalik zarurmi? - dedi Demen ovozida horg’inlikni aks ettirib.
- Albatta yo’q.
- Bo’pti, so’rayqol, - dedi Demen.
- Neff bilan nima ish qilasizlar?
Demen hamma narsani kutsa ham, bu savolni kutmagandi. U akasiga diqqat bilan qaradi va sovuq ohangda so’radi:
- Nimani nazarda tutyapsan?
- Haligi, - cho’zdi Mark, - u doim seni kuzatayotganga o’xshaydi. Bu juda g’alati.
- Ha, shunaqa, - uning so’ziga qo’shildi Demen. U qorong’i yo’lakda xonasiga yetib keldi va eshikni ochdi. So’ng ortidan kelayotgan Markka o’girildi. - Neff - serjant. Serjantlarning esa hammasi g’alati bo’lishadi. Buni bilmasmiding? - U ta’zim qildi va hazillashayotganini bildirish maqsadida iljaydi. - Xayrli tun! - U xonasiga kirib ketdi.
Ertasiga oqshomda barcha mehmonlar yig’ilib bo’lishgandi. Buxer ham, Axerton bilan Pasarian ham, doktor Uorren ham shu yerda edilar. Hattoki Akademiyadan ham bir necha nafar bolalar tantanani nishonlash uchun yetib kelishgandi.

Qayd etilgan