- Juyorofiy tomondan qaraganda bu yer xristianlikning yuragi. Shuning uchun bu yerdaligimda menga hech kim va hech narsa zarar yetkaza olmaydi.
Qariya ularning holatini kuzatdi. Torn va Jenningsning yuzlarida taajjub alomatlari zohir bo’lgandi.
- Choparimga pul bera olasizmi? - so’radi qariya.
Torn cho’ntagiga qo’l suqib bir siqim pul oldi. Arab ularni xoli qoldirib ko’zdan g’oyib bo’ldi. Xona sovuq va zax edi. Torn va Jennings qaltirashardi.
- Bu maydondan, - dedi Bugengagen, - bir paytlar Rim lashkarlari o’tishgan, tosh o’rindiqlarda o’tirgan qariyalar esa Isoning tug’ilishini bashorat qilishgan. Ularning barcha so’zlari mana bu yerda yozilgan, - u qo’li bilan devorga ishora qildi, - shu binoda bizga Injil nomi bilan ma’lum bo’lgan kitob bitilgan.
Jennings qorong’i g’orga ko’z tikkandi va Bugengagen buni sezdi.
- Mana shu yerda butun bir shahar joylashgan. Shimoldan janubgacha 35 chaqirim keladi. Uning katta qismida hozircha yursa bo’ladi. Yuqorida qazish ishlari ketyapti. Shuning uchun yer o’pirilmoqda. Ular bu yerga yetib kelishganida vayronalar qoladi xolos.
Torn va Jennings bu yerda ko’rayotgan va eshitayotgan narsalarini tushunishga urinib, jimgina turishardi.
- Anavi pastak bo’yli ruhoniy-chi? - so’radi Bugengagen. - U allaqachon o’lgandir?
Torn Tassoneni dahshat bilan eslab unga o’girildi.
- Ha, - dedi u.
- Unday bo’lsa, o’tiring, janob Torn. Yaxshisi zudlik bilan ishga kirishaylik.
Torn joyidan qimirlamadi, qariya esa Jenningsga nigoh tashladi.
- Bizni kechirasiz. Buni faqat janob Torngina bilishi lozim.
- Biz BIRGAMIZ, - javob berdi Jennings.