Omen (birinchi kitob). Devid Zeltser  ( 92844 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 19 B


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:59:05

- Men yaxshi narsalardan qo’rqaman, chunki ketib qoladi. Men yomon narsalardan qo’rqaman, chunki juda ojizman. Men sening yutuqlaringdan va omadsizliklaringdan qo’rqaman. Men sening Qo’shma Shtatlar prezidenti bo’lishingdan qo’rqaman, Jeremi"¦ Bu menga yoqmayapti.
Ular jim bo’lib qolishdi.
- Uyga qaytgim kelyapti.
Torn o’tloqqa yonboshladi.
- U yerda biz bexavotir bo’lamiz. Tug’ilib-o’sgan joyimizda.
U ko’zlarini yumdi.
- Bu yer Nyu-Jersi, to’yorimi? — dedi Katerina. — Anavi tepalik ortida bizning fermamiz joylashgan.
- Bu juda katta tepalik, Keti.
- Bilaman. Biz bu tepalikdan hech qachon o’tolmaymiz.
Yengil shabada ularning oyoqlari ostidagi barglarni uchirdi.
- Balki Demenning qo’lidan kelar. U zo’r fermer bo’lar.
- Bilmadim. U xuddi sening o’zing.
Torn javob bermadi.
- Rost aytyapman. Uning menga hech qanday aloqasi yo’qqa o’xshaydi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:59:35

Torn o’rnidan turib uning g’amgin yuziga tikildi.
- Nega unday deyapsan?
Xotini yelkasini qisdi.
- U juda mustaqil. Unga hech kimning keragi yo’qdek.
- Senga shunday tuyuladi.
- U boshqa bolalar singari menga boyolanmagan. Sen onangni yaxshi ko’rarmiding?
- Ha.
- Xotiningni-chi?
Ularning ko’zlari uchrashdi. Katerina uning qo’lini o’pdi.
- Bilasanmi, Keti, - dedi Torn birpas jim turgach, - men seni birinchi marta uchratganimda seni dunyodagi eng go’zal ayol deb o’ylaganman.
Keti jilmaydi.
- Hozir ham shunday deb o’ylayman.
- Men seni sevaman, - dedi Katerina.
- Men ham seni sevaman, - javob berdi Jeremi.
Ular Pirfordga kech kirganda qaytishdi.
Ertalab to’qqizda Torn nikoh marosimiga borish uchun tayyor bo’lib kiyinib olgandi.
- Keti! — chaqirdi u.
- Hozir! — dedi Katerina yuvinish xonasida turib.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 15:59:48

- Kech qolyapmiz. Ular bizni kutib qolishadi.
Gorton limuzinni darvoza yoniga olib keldi. Torn ko’chaga chiqib, unga birpas kutib turishni aytdi va tezda oshxonaga qaytdi. Katerina kiyinib chiqib, Demenning xonasiga kirdi.
- Ketdik, Demen!
Bolaning xonasida hech kim yo’q edi. U suvning shildirashini eshitdi va yuvinish xonasiga kirdi. Demen vannada o’tirar, Beylok xonim uni yuvintirardi.
- Beylok xonim, - do’q urdi Katerina, - men sizga bolani kiyintirishni buyurgandim"¦
- Agar qarshi bo’lmasangiz, xonim, menimcha u boqqa borgani yaxshi.
- Uni cherkovga olib borishimizni aytdim-ku!
- Cherkov yosh bola uchun mos joy emas.
Ayol jilmaydi. U vaziyatning jiddiyligini tushunmayotganga o’xshardi.
- Kechirasiz, - o’zini bosishga urindi Katerina, - lekin biz cherkovga borishimiz shart.
- U cherkovga borishga yoshlik qiladi, - qaysarlik qildi Beylok xonim.
- Meni tushunmayapsiz shekilli? — qat’iy tarzda dedi Katerina. — U biz bilan cherkovga boradi.
Beylok xonim g’ijindi. Bola ham nimadir yuz berganini sezgandek enagasiga mahkam yopishdi.
- U oldin ham cherkovga borganmi? — so’radi Beylok xonim.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 16:00:18

- Buning nima ahamiyati bor"¦
- Keti! — chaqirdi Torn.
- Ketyapman! — dedi u va ayolga g’azab bilan tikildi. Ayol ham unga shunday tikilib turardi.
- Kechirasiz, lekin to’rt yoshli bola cherkovdagi nikoh marosimini tushunarmikin?
- Siz o’yolimni kiyintiring, - dedi Katerina xotirjamlik bilan, - va besh daqiqadan keyin mashina yoniga olib chiqing. Yo bo’lmasa, boshqa joydan ish izlang.
- Bo’pti, shunday qilaman.
Katerina burilib chiqib ketmoqchi bo’ldi.
- Aytgandek, cherkov masalasida"¦ - dedi Beylok xonim.
- Nima?
- Uni olib borganingizga pushaymon bo’lasiz.
Katerina chiqib ketdi. Besh daqiqadan keyin Demen kiyinib chiqdi.
Ular yangi shosse qurilayotgan Shepperton orqali ketayotib, mashinalar tiqiniga duch kelishdi. Mashinada shusiz ham betoqat vaziyat hukmron edi.
- Biror narsa bo’ldimi? — so’radi Torn.
- Arzimagan narsa.
- Juda achchig’ing kelyapti?
- Hechqisi yo’q.
- Nima bo’ldi?

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 16:01:13

- Beylok xonim, - uf tortdi Katerina.
- Nima bo’ldi?
- Gaplashib oldik.
- Nima haqda?
- U Demenni boqqa olib bormoqchi bo’ldi.
- Buning nimasi yomon?
- Cherkovning o’rniga.
- Bunga qarshilik qilmasdim.
- U nima qilib bo’lmasin bolani olib qolishga harakat qildi.
- Balki, usiz zerikar?
- Bilmadim.
Torn yelkasini qisib qo’yib yo’lga qaradi.
- Aylanib o’tsak bo’lmaydimi, Gorton? — so’radi u.
- Yo’q, janob, - javob berdi u, - agar qarshi bo’lmasangiz, Beylok xonim haqida bir narsa demoqchi edim.
Er-xotin ajablanib unga qarashdi.
- Gapiring, - dedi Torn.
- Bolaning oldida gapirgim kelmayapti.
Katerina Demenga qaradi. U yangi tuflisining bog’ichini o’ynab o’tirardi.
- Gapiravering, - dedi Katerina.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 16:01:54

- Menimcha, u ayol bolaga yomon ta’sir ko’rsatyapti. U uyda o’rnatilgan qoidalarga amal qilmayapti.
- Qanday qoidalarga? — so’radi Torn.
- Masalan, bizda xizmatkorlar birgalikda ovqatlanishadi, idishlarni esa navbat bilan yuvishadi.
Torn Katerinaga qaradi. Bunda hech tashvishlanarli narsa yo’q edi.
- U biz bilan umuman ovqatlanmaydi, - davom etdi Gorton. — Ovqat yegan idishini ham yuvmaydi.
- Unga boshqa bunday qilmasligini aytish mumkin.
- Bizda shuningdek, uyda chiroq o’chganidan so’ng ko’chaga chiqilmaydi, - davom etdi Gorton, - men uning tunda o’rmonga ketayotganini bir necha marta ko’rdim.
Tornlar o’ylanib qolishdi, ular eshitgan so’zlar g’alati edi.
- Yana bir narsa, janob.
- Yana nima, Gorton? — tashvish bilan so’radi Torn.
- U Rim bilan telefonda gaplashish uchun buyurtma beradi.
Gorton gapini tugatib mashinani yurgizdi. Katerina va Torn bir-biri bilan gaplashishardi.
- U bugun o’zini juda yomon tutdi, - dedi Katerina.
- Sen uni bo’shatib yuborasanmi?
- Bilmadim.
- Demen unga o’rganib qolganga o’xshaydi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 16:02:06

- Bilaman.
- Buni o’ylab ko’rish kerak.
- Ha, - xo’rsindi Katerina. — Albatta.
- Agar istasang uni ishdan bo’shatishing mumkin.
- Menimcha, u o’zi ketadi.
Demen ularning o’rtasida o’tirardi. Mashina shaharga kirib keldi. Barcha Avliyolar cherkovi juda katta qurilgandi. Bu yerda 17-asrdan shu kungacha qurilgan binolar saqlanib qolgandi. Ulkan kirish eshiklari katta qilib ochib qo’yilgan edi. Zinalar gul bilan to’lib ketgan, xizmatchilar tantanali ravishda turishardi. Marosimga juda ko’pchilik tashrif buyurgan, soqchilar olomonni zo’rg’a ushlab turardilar. Limuzin mashinalari qator turardi.
Tornlarning limuzini kechroq kelgani uchun oxirgi qatorga yaqinlashdi. Bu yerda soqchilar yo’qligi uchun ularni birpasda odamlar o’rab olishdi. Mudrayotgan Demen uyg’onib ketdi va oynadan qarayotgan odamlarni ko’rib qo’rqib ketdi. Katerina bolani mahkam quchoqladi. Kimdir oynani taqillatdi.
- E, Xudo, - dedi Katerina. — Bu yerda nima bo’lyapti?
Demenning yuzida tashvish alomatlari ko’rindi.
- Qo’rqma, - dedi Torn uning xavotirlanganini ko’rib. — Ular bizga hech narsa qilishmaydi.
Lekin bolaning ko’zlari dahshatdan olaya boshladi, u odamlarga emas, cherkov tomiga o’rnatilgan xochga qarab turardi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 16:02:15

- Qo’rqma, Demen, - dedi Torn. — Biz to’y tomosha qilamiz.
Bolaning qo’rquvi kuchaydi. Mashina tobora cherkovga yaqinlashayotgan edi.
Torn bolasidan ko’z uzmayotgan Katerinaga qaradi. Demenning yuzi oqarib ketgan, olomon yo’q bo’lsada, u g’ujanak bo’lib olgandi.
- Hammasi joyida, Demen, - shivirladi Katerina. — Odamlar ketishdi"¦
Ammo bolaning ko’zlari cherkovga tikilgan, o’zi esa dag’-dag’ titrardi.
- Unga nima bo’ldi? — so’radi Torn.
- Bilmadim.
- Senga nima bo’ldi, Demen?
U o’lgudek qo’rqib ketgandi.
Bola dam Tornga, dam Katerinaga qarardi.
- Bu bor-yo’g’i cherkov, - dedi Katerina.
Bola yuzini keskin burdi. Uning lablari qurib qolgan, nafas olishi sekinlashayotgandi.
- E Xudoyim! — qichqirdi Katerina.
- Unga nima bo’ldi?
- Uning tanasi sovub qoldi. Xuddi muzga o’xshaydi!
Limuzin cherkov oldida to’xtadi va xizmatchilardan biri eshikni ochib Demenga qo’l uzatdi. U dahshat bilan onasining ko’ylagidan mahkam ushladi.
- Demen! — qichqirdi Katerina. — Demen!
U bolaning qo’llarini bo’shatmoqchi bo’ldi, ammo u yanada mahkamroq ushladi.
- Jeremi! — Katerina o’zini yo’qotib qo’ydi.
- Demen! — baqirdi Torn.
- U ko’ylagimni yirtib yuboradi!

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 16:02:29

Torn bolaga engashdi, u esa onasining sochlariga yopishdi.
- Yordam beringlar! — chinqirdi Katerina.
Demen dahshatdan qichqirardi. Ularning olishuvini ko’rgani birpasda odamlar to’planishdi. Gorton ularga yordam berish uchun bolani tortib olmoqchi bo’ldi. Ammo bola haqiqiy yirtqichga aylangan, bo’kirar, o’tkir tirnoqlari esa onasining yuziga botirilgandi. U hatto Katerinaning bir tutam sochini ham yulib oldi.
- Uni olinglar! — baqirdi Katerina.
U Demenni ura boshladi. Torn bolani kuch bilan yulqib oldi.
- Ketdik!- dedi u Gortonga. — Bu yerdan ketamiz!
Limuzin oldinga siljidi. Ular cherkovdan uzoqlashganlari sari bolaning jazavasi pasaya boshladi va bir necha daqiqadan keyin u jim bo’lib qoldi. Demenning ko’zlari yonar, yuzidan ter oqardi. Torn uni mahkam ushlab olgandi. Uning yonida Katerina o’tirar, uning bir ko’zi yumilib qolgandi. Ular jim ketishdi.
Pirfordga kelgach, ular Demenni o’z xonasiga olib kirishdi va uning yonida o’tirishdi. Bolaning peshonasi muzdek edi.
- Unga o’zim qarayman, - dedi Beylok xonim xonaga kirarkan.
Uni ko’rib Demen ancha tinchlandi.
- U judayam qo’rqib ketdi, - dedi Katerina.
- Demen cherkovni ko’radi, - dedi enaga. — Men uni boqqa olib bormoqchi edim.
- U o’zini yirtqichlardek tutdi, - dedi Torn.
- Bolaning jahli chiqqan, - Beylok xonim oldinga yurdi va Demenning qo’lidan tutdi. Bola unga yopishdi, Tornlar esa ularni jimgina kuzatishardi.

Qayd etilgan


shoir  27 Oktyabr 2007, 16:02:42

- Bunda bir gap bor, - dedi Gorton kechqurun xotiniga.
Xotini uning kunduzi qanday voqea ro’y berganini haqidagi hikoyasini jimgina eshitardi.
- Bu Beylok xonimda bir gap bor, - davom etdi u, - bu bolada ham, umuman bu uyda bir sir bor.
- Sen o’ta oshirib yuboryapsan, - dedi xotini.
- Agar buni ko’rganingda edi, meni tushungan bo’larding.
- Yosh bolaning injiqligi, xolos.
- Yirtqichning injiqligi.
- U juda o’jar.
- Qachondan beri?
Xotini yelkasini qisdi.
- Biror marta uning ko’zlariga qaraganmisan? — so’radi Gorton. — Huddi yirtqich hayvonga qaragandek bo’lasan. Uning ko’zlari kuzatib turadi. U ichingdagini ko’zi bilan sezadi.
- Namuncha irimchi bo’lmasang?
- Hali ko’rasan, - ishontirdi uni Gorton. — Bu yerda bir ko’ngilsizlik yuz beradi.
- Ko’ngilsizlik hamma yerda ham yuz beradi.
- Menga bu narsalar yoqmayapti, - dedi u tundlik bilan. — Menimcha, biz bu yerdan ketishimiz kerak.

Qayd etilgan