Abdurahmon Qoya. Islom axloqi  ( 109452 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 B


siddiqa  19 Aprel 2009, 07:55:32

Aytilganidek, payg‘ambarimiz Me’roj kechasida ummatlari, O’ziga ishongan barcha musulmonlar uchun Allohdan avf so‘radilar, "Ummatim, ummatim" deb yig‘ladilar va ummatlari uchun ham Allohdan Me’roj tiladilar. "Yo Rabbiy, Me’roj mo‘‘jizasi bilan meni ne’matlantirding. Ummatim uchun ham shunday bir ne’mat tilar edim", - deganlarida, Janobi Haq: "Namoz mo‘minning me’rojidur", - deb marhamat qildi. Buning ma’nosi shuki, odamlar namozlarini to‘la-to‘kis ado qilsalar, ular ham payg‘ambarimizning me’rojlari kabi yuksak darajalarga erishadilar va ko‘pgina savoblarga musharraf bo‘ladilar.
Me’roj kechasi payg‘ambarimizga uch narsa hadya qilindi:
- besh vaqt namoz farz qilindi;
- "Baqara" surasining oxirgi ikki oyati (285-286 oyatlar) "Amanar rasulu" nozil bo‘ldi;
— payg‘ambarimizga qiyomat kunida ummati uchun shafoat salohiyati berildi, ya’ni qiyomat kunida payg‘ambarimiz gunohkor musulmonlarga yordam berib, ularni azobdan qutqazadilar.

Baroat - burchdan va jazodan qutulish demakdir. Shunga ko‘ra Baroat kechasi gunohlardan qutilish demakdir. Baroat so‘zi bir burchni yoki qarzimizni to‘lagan vaqtda bizga qaytarilgan qog‘oz ma’nosida ham ishlatiladi. Shunga muvofiq — Baroat kechasi gunohlardan qutulish qog‘ozining yozilgan va bizga topshirilgan kecha demakdir.
Sha’bon oyining 14/15-kechasi Baroat kechasi bo‘ladi. Islom ulamolarining aytishlaricha, qadr kechasidan keyin eng yaxshi kecha Baroat kechasidir. Chunki Qur’oni karim birinchi martaba Baroat kechasida dunyo yuzasiga tushirilgan va qadr kechasida payg‘ambarimizga tushirila boshlagan. Qur’onda Alloh shunday marhamat qiladi: "Ho, mim. Ochiq-ravshan kitobga - Qur’onga qasamki, albatta Biz uni bir muborak - Barakotli kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz (insonlarni ushbu Qur’on bilan oxirat azobidan) ogohlantiruvchi bo‘ldik. U (kecha)da barcha puxta-aniq ish(lar) ayrilur (belgilanur)" ("Duxon" surasi, 1-4-oyatlar).

Qayd etilgan


siddiqa  19 Aprel 2009, 07:56:13

Payg‘ambarimiz bu kecha to‘g‘risida xotinlari hazrati Oysha bilan so‘zlashgan vaqtlarida shunday degan ekanlar: "Mana bu kecha Sha’bon oyining o‘rtasidagi Baroat kechasidir. Bu kechada Alloh Bani Kali qabilasi qo‘ylarining soni qadar kishilarni jahannamdan ozod aylaydi. Lekin bu kechada Allohga sherik qiluvchilarga, musulmon qardoshiga nisbatan gina-kudurat saqlagan va  dushmanlik qilganlarga, tug‘ishganlari, qardoshlari bilan yaxshi bo‘lmaganlarga va ular bilan aloqani uzganlarga, odam o‘ldirganlarga, ota-onasiga qarshi boruvchilarga, ichkilik ichuvchilarga iltifot qilmaydi".Boshqa bir hadisda payg‘ambarimiz: "Baroat siz uchun yaxshi fursatdir, g‘animatdir. Chunki aniqlangan bir kechadir. Sha’bon oyining 14/15-kechasidir. qadr kechasi Baroat kechasidan ulug‘roq bo‘lsa-da, qaysi kecha ekanligi belgili emas. Bu kechasi ko‘proq ibodat qiling, qilmasangiz, qiyomat kunida o‘kinasiz", - degan ekanlar.
Aytilganidek, odamlarning bir yillik baroatlari yozilib, farishtalarga topshiriladi. Ya’ni kechasi bir yil ichida barcha maxluqotning, barcha mavjudotlarning rizqlari, boylik va muhtojlik hollari, bu dunyoga aloqador darajalari, shu yil ichida tug‘iladigan hamda vafot bo‘ladigan odamlar — hammasi shu kechada belgilanadi.
Baroat kechasida namoz o‘qish, duo qilish, mayyitlar uchun xatmlar o‘qish tavsiya qilinadi. Bundan boshqa Baroat kunini ro‘za bilan o‘tkazish ham payg‘ambarimizning sunnatlaridir.

Qayd etilgan


siddiqa  19 Aprel 2009, 07:56:37

Payg‘ambarimiz Baroat kechasining ulug‘ligini ta’kidlaydigan boshqa bir hadislarida shunday deydilar: "Sha’bon oyining 14/15- kechasini, (Baroat kechasini) ibodat bilan o‘tkazing. Kunduzi ro‘za tuting. Chunki bu kecha Alloh taolo quyosh chiqishiga qadar olamga rahmat nazari, rahmat ko‘zi bilan qaraydi va: "Avf so‘rovchi yo‘qmi, uni avf etaman. Rizq so‘rovchi yo‘qmi, uni rizqlantiraman. Bemor va dardli odam yo‘qmi, shifosini beraman. Bundan boshqa qanday tilaklari bo‘lsa so‘rasinlar, beraman", -deydi. Bu hol quyosh chuqqunga qadar davom etadi".
Payg‘ambarimiz aytganlariga qaraganda, Baroat kechasi duolar va tilaklar qaytarilmaydigan bir kecha. Bu muborak kechada, mumkin qadar o‘zimiz, oilamiz, bolalarimiz, millatimiz uchun duo qilib, Allohdan bu dunyo va oxirat baxtini so‘rashimiz kerak.

       Qadr - juda qimmatli, juda hurmatli demakdir.
Bu kechada qadrli bir kitobni qadrli bir farishta orqali qadrli bir ummatga tushirilgan. Shuning uchun bu kechaga qadr kechasi deyilgan.
Islom olamida oylar orasida Ramazon oyi, kunlar orasida juma kuni, kechalar orasida qadr kechasi eng muborak va eng muqaddas vaqtlar deb qabul qilingan. "Qadr kechasi ming oydan ham xayrliroq" ("Qadr" surasi, 3-oyat) bo‘lgani uchun barcha kunlardan va kechalardan qimmatli va ahamiyatlidir.

Qayd etilgan


siddiqa  19 Aprel 2009, 07:57:05

Ming oyning ma’nosi musulmonlarning bu kechada ming oylik ibodat savobini olishlarini anglatadi. qadr kechasini kunlar va oylar bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Bu kechada kechadan ertaga qadar biz bilmagan qancha hikmat va savob bor.
"Qadr" surasidagi oyatlardan anglashiladiki, bu kechada farishtalar va Jabroil alayhissalom yer yuziga tushadilar. Yer yuzida millionlarcha musulmonning chin ko‘ngildan Allohga berilib ibodat va duo qilayotganini ko‘radilar. qiyomat kunida ibodat qilayotgan bu musulmonlarga guvoh bo‘ladilar. Bu kecha shunday muborak va ezgu kechadirki, osmonda yashovchilar yerda yashovchilarga suqlanib boqadilar.
qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi 10 kuni orasidadir. qadr kechasining qaysi kecha ekanligi aniq qilib belgilanmagan. Islom ulamolari payg‘ambarimizning ba’zi hadislariga asoslanib, Ramazonning 26/27-kechasi deb qabul qilishgan. Payg‘ambarimizning sahobalaridan Ubay ibni Ka’b: "Ont ichib aytamanki, qadr kechasi Ramazonning 26/27-kechasidir", - deydi.
Bu to‘g‘rida payg‘ambarimizning turli hadislari bor. Bir hadislarida Rasululloh (SAV) shunday deydilar: "Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kuni orasida, xususan toq kechalardan izlang".

Qayd etilgan


siddiqa  19 Aprel 2009, 07:57:24

Aslini olganda, payg‘ambarimiz qadr kechasi qachon ekanligini balki bilgandirlar. Lekin bu kecha yashirin bo‘lib qolishining o‘ziga xos turli hikmatlari bor. Bundan maqsad Ramazondagi har bir kechani qadr kechasi tarzida ibodat bilan o‘tkazishga undashdir. Payg‘ambarimiz Ramazon oyida ibodat va duolarini ko‘paytirar, xususan Ramazonning oxirgi o‘n kunida juda oz uxlab, tunu kun ibodat qilar edilar. Musulmonlar ham bu o‘n kunda mumkin qadar yaxshiliklarini va ibodatlarini ko‘paytirib ado etsinlar, deb qadr kechasi yashirin tutilgan.
Hazrati Oysha payg‘ambarimizdan so‘ragandilar: "Yo Rasululloh, qadr kechasiga erishsam, qanday duo qilaman?" Payg‘ambarimiz: "Ollohumma innaka afu fun tuqibbul avfi faufu anni", ("Allohim, sen buyuk avf etuvchisan. Avf etishni ham yaratgansan. Meni ham avf ayla, yo rabbiy") deb duo qilgil", - dedilar.
Qadr kechasini qadrli qilgan ikki muhim voqea bor:
- Hazrati Muhammad (SAV)ning payg‘ambarlik burchi shu kechadan boshlangan.
- qutlug‘ kitobimiz Qur’on birinchi bor shu kechasi nozil qilina boshlagan.
Ming oydan ham xayrliroq bo‘lgan bu kechani g‘aflat bilan o‘tkazish katta xatodir. Yilda bir marta keladigan bu kechani ibodatlar, duolar, zikrlar, tavbalar bilan o‘tkazish lozim.
Payg‘ambarimiz bir hadislarida shunday marhamat qilganlar: "Kim Allohga ishonib va savobini Allohdan kutib qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazsa, u kishining qilgan gunohlari kechiriladi".


Qayd etilgan


siddiqa  19 Aprel 2009, 07:57:43

Mavlud - tug‘ilish vaqti yoki tug‘ilgan kun demakdir.
Islom olamida bu kunga Mavludin Nabi, ya’ni payg‘ambarning tug‘ilgan kunlari deyiladi. Bu kun barcha musulmon mamlakatlarida katta shodlik bilan kutib olinadi.
Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad (SAV) arab oylariga ko‘ra Rabiul avval oyining 11-kechasidan 12-kuniga o‘tar kechasi, tun o‘rtasidan so‘ng Makka shahrida tug‘ildilar. To‘liq 63 yil yashadilar va yana shu oyning shu kunida vafot etdilar. Ya’ni, payg‘ambarimizning tug‘ilgan va vafot etgan kunlari bir kundadir.
Payg‘ambarimiz Hazrati Muhammad (SAV) 571 milodiy yili Amina ismli onadan va Abdulloh ismli otadan tug‘ildilar. Otalari payg‘ambarimiz tug‘ilmaslaridan ikki oy avval, onalari ham payg‘ambarimiz olti yoshlik chog‘larida vafot etdilar. Ya’ni, payg‘ambarimiz olti yoshlarida yetim bo‘lib qoldilar. Sakkiz yoshlarigacha bobolari Abdulmutallib., 25 yoshlariga qadar amakilari Abu Tolib payg‘ambarimizni asradilar. 25 yoshga yetganlarida Xadicha onamizga uylandilar. Bu nikoxdan ikki o‘g‘il va to‘rt qiz, jami 6 bola tug‘ildi. 40 yoshga yetganlarida hazrati Muhammad (SAV) payg‘ambar bo‘ldilar va bu sharafli vazifani 23 yil bajardilar. Payg‘ambarimiz 63 yoshlarida Madina shahrida vafot etdilar.
Dunyodagi eng og‘ir narsalardan biri odamlarni tarbiya qilishdir. Biron temirni, biron taxtani, biron qog‘ozni istaganingizcha qo‘llay olasiz. Chunki ular sizga qarshilik qilmaydilar. Lekin odamlarni o‘zgartirishga kirishsangiz, ularning dinga mos kelmaydigan urf-odatlarini, e’tiqodlarini, fikrlarini almashtirishga tutinsangiz, doimo qarshi bo‘lishadi, siz bilan urishishadi, tortishishadi. Hatto sizga dushman bo‘lib qolishadi. Odamlarga haq va haqiqatni anglashish, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish yengil ish emas.
Mana payg‘ambarimiz 23 yil davomida o‘jar va nodon bir xalq bilan olishdilar. Arablar butlarga, olovga, toshlarga va tog‘larga topinardilar, barchalari ham e’tiqod zaifligi ichida yashashardi. Bir-birlari bilan to‘xtovsiz urishishar, odam o‘ldirishni bahodirlik deb bilishardi. O’g‘rilar, talovchilar, hiylakorlar va qaroqchilar mamlakatning eng mashhur kishilari edi. Zaif va qashshoqlar, miskinlarning ahvoli g‘oyat zaif edi. Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad (SAV) shunday bir millat orasiga payg‘ambar qilib yuborildilar. Allohning amr va ta’qiqlarini odamlarga anglata boshlagach, barchalari payg‘ambarimizga dushman bo‘lib qoldilar. Yahudiylar, xristianlar, butga va olovga topinuvchilar, shoirlar, adabiyotchilar, sehrchilar, hatto payg‘ambarimizning yaqin qarindoshlari va ba’zi amakilari ham dushman bo‘ldilar. Bu odamlar payg‘ambarimizga va musulmonlarga qarshi qattiq zulmlar va yomonliklar qildilar. Ba’zi musulmonlarni o‘ldirib, shahid etdilar.

Qayd etilgan


siddiqa  19 Aprel 2009, 07:58:03

Bu og‘ir ahvolga chiday olmagan musulmonlar ikki martaba Habashistonga ko‘chishga majbur bo‘ldilar. Lekin payg‘ambarimiz va sahobalari umidsizlikka tushmadilar, musulmonlar soni borgan sari orta bordi.
Payg‘ambarimiz 13 yil Makkada Islomiyatni tushuntirish va tarqatishga harakat qildilar. Lekin, makkaliklar juda johil odamlar bo‘lganlari uchun dinlari, urf-odatlarini almashtirishga ko‘nmay, "Biz ota-bobolarimiz yo‘lidan yuramiz", - deyishardi.
Madina xalqi Makka xalqiga qaraganda shafqatliroq, yumshoq ko‘ngilli edi. Ulardan ba’zi kishilar guruh-guruh bo‘lib Makkaga kelib musulmon bo‘lishgandi. Bu madinalik musulmonlar payg‘ambarimizni va makkalik musulmonlarni chaqirib turishardi. Oxiri makkalik musulmonlar milodiy 622 yilda bor mollarini Makkada qoldirib Madinaga ko‘chdilar. Payg‘ambarimiz Madinada masjidlar, madrasalar soldirdilar, din va o‘qitish ishlariga katta ahamiyat berdilar.
Islom tarixchilarining yozishlaricha, u vaqtda Madinadagi musulmonlar soni (bolalar bilan) 1500 kishi edi. Ya’ni 13 yil ichida 1500 kishi islomiyatni qabul qilgan edi, Payg‘ambarimiz Madinada o‘n yil yashadilar. Bu o‘n yil ichida bir necha marta Makka kofirlari bilan jang qildilar. Har safar Allohning yordami bilan ularni yengdilar. 630 yili Makka ishg‘ol qilindi. Makka olingandan so‘ng islomiyat juda tez tarqalib ketdi. Eski dushmanliklar tugadi. Odamlar bir-birlari bilan do‘st va qardosh bo‘lib totuvlikda va tenglikda yashadilar. Bu nodon va o‘jar xalq 23 yilda dunyoning eng madaniy millati holiga keldi. Payg‘ambarimiz ularni shunday tarbiya qildilar, ular orasidagi ahillik, do‘stlik insoniyat tarixida hech qachon ko‘rilmagan edi.

Qayd etilgan


siddiqa  19 Aprel 2009, 07:58:53

Payg‘ambarimiz zamonida yashagan va Islom diniga katta xizmat ko‘rsatgan bu kishilarga sahobalar, ya’ni payg‘ambarimizning do‘stlari deyildi. Sahobalar Qur’onda va payg‘ambar hadislarida maqtalgan kishilardir.
Payg‘ambarimiz o‘lishlarini sezib  qayg‘urayotgan do‘stlari, sahobalariga shunday degandirlar: "Dunyoda ummati orasida mangu yashagan hech bir payg‘ambar yo‘qdir. Men ham sizning oralaringizdan ketaman. Siz bilan jannatda, Kavsar suvining bo‘yida ko‘rishamiz. Jannatda men bilan uchrashishni istagan odamlar qo‘llarini va tillarini gunohdan tortsinlar".Bir kishi payg‘ambarimizdan so‘ragan edi: "Yo Rasulullrh! qiyomat qachon bo‘ladi?" Payg‘ambarimiz dedilar: "Qiyomat uchun nima hozirlading?" U kishi: "Men farzlardan boshqa juda ham ko‘p namoz o‘qiganim, ro‘za tutib, sadaqalar ulashganim yo‘q. Lekin Allohni va sizni juda yaxshi ko‘raman", - dedi. U vaqt payg‘ambarimiz: "Odam sevgani bilan bo‘ladi", -deb javob qaytarganlar.
Payg‘ambarimizning sahobalari hazrati Anas shunday deydi: ik"Musulmonlarning bu hadisni eshitgan chog‘dagi shodlik hollari kabi holatni umrimda kinchi bor ko‘rmadim".

Qayd etilgan


siddiqa  19 Aprel 2009, 07:59:12

Payg‘ambarimiz vafotlaridan oldin aytgandilar: "Mendan bu dunyoni tilaysanmi yo oxiratnimi?", - deb so‘raldi. Men oxiratni tanladim". Hazrati Muhammad (SAV) barcha vazifalarini to‘la-to‘kis ado etganlaridan so‘ng 632 milodiy yilda hayot bilan vidolashib, mangulik mamlakatiga ko‘chdilar.
Biz ham payg‘ambarimiz hazrati Muhammad (SAV)ni sevganimiz uchun har yili ul zotning tug‘ilgan kunlarini, Mavlud bayramini shodlik bilan qarshi olamiz.



Qayd etilgan


siddiqa  19 Aprel 2009, 08:00:05

MUNDARIJA

Tarjimondan
I. Axloq nima?
Axloqiy burchlarimiz qaysilar?

II. Axloqiy burchlarimiz
1. Alloh va payg‘ambar oldidagi burchlarimiz
2. O’zimizning oldimizdagi burchlarimiz
3. Oilamiz oldidagi burchlarimiz
4. Vatan va millatimiz oldidagi burchlarimiz
5. Insoniyat oldidagi burchlarimiz

III. Chiroyli xulqlar
1. To‘g‘rilik
2. Mehnatsevarlik
3. Marhamat va yumshoq ko‘ngillilik
4. Hamdardlik va saxiylik
5. Odob va hayo
6. Do‘stlik va qadrdonlik
7. Sabr
8. Shukr qilish
9. Kattalarga hurmat
10. Kichiklarga mehribonlik
11. Adolat
12. Omonat
13. Ahdida turish
14. Tavba

IV. Yomon xulqlar
1. Yolg‘on va hiyla
2. G’iybat
3. O’g‘irlik
4. Odam o‘ldirish
5. Ichkilik ichish
6. Qimor
7. Zino qilish
8. Tuhmat
9. Takabburlik
10. Isrof
11. Hasad
12. Gunoh

V. Diniy odatlarimiz
1. Bolalarga ism qo‘yish
2. O’g‘il bolalarni sunnat qilish
3. Salomlashish
4. Bayramlar
5. Qurbonlik qilish
6. Kasallarni ziyorat qilish
7. Qabrlarni ziyorat qilish
8. Nikoh va uylanish

VI. Diniy bayramlarimiz
1. Juma
2. Bayram kunlari
3. Ashura kuni
4. Rajab, Sha’bon va Ramazon oylari
5. Rag‘oyib kechasi
6. Me’roj kechasi
7. Baroat kechasi
8. Qadr kechasi
9. Mavlud kechasi

Qayd etilgan