Forsa (hikoya). Omer Seyfettin  ( 7239 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


AbdulAziz  23 Fevral 2009, 19:32:13

- Turk hikoyalari durdonalaridan -

Omer Seyfettin

FORSA*

O’rta yer dengizining qahramonlarga makon bo’lgan so’ngsiz ufqlariga qaragan kichik bir tepa mittigina gul bog’chasi kabi edi. Nozik, uzun shoxli bodom daraxtlarining turfa soyalari sohil tomon tushar, erta bahorning mayin shamollariga sarxush bo’lgan baliqchi qushlarning savdoyi shovqin-suroni havoda jarang sochardi. Bodomzorning yoni keng bir bog’ edi. Oq toshlardan tiklangan qisqa devorning o’rtasidagi xaroba vodiyga qadar tushardi. Bog’ning o’rtasidagi buzilgan kulbaning eshiksiz kirish joyidan bir qariya chiqdi. Go’yo bukchaygan belini to’g’rilagan kabi kerishdi. Soch-soqoli oppoq mo`ysafidning qo’llari, oyoqlari titrar edi. Osmon qadar bo’sh, ko’k qadar sokin turgan dengizga uzoq boqdi.
- Xayrlidir, inshaalloh — dedi o`z-o`ziga.
Devor ostiga to`shalgan toshlarga cho’kdi. Qo’llarini boshining orqasiga oldi. Qariyaning egnida yirtiq bo’z kiyim bor edi. Yalang’och oyoqlari tuproqqa qorilgan, zaif qo’llari esa kirlangan bronza rangiga kirgan edi. U boshini ko’tardi. Ko’k bilan dengizni birlashtirgan tuman chegarasiga diqqat bilan boqdi - ammo ko’rinadigan hech narsa yo’q edi.
Mo`ysafid har kecha uyqusida bir qancha yelkanli kemaning uni qutqarish uchun kelayotganini ko’radigan eshkakchi edi. Bir zamonlar eski bir turk kemasida eshkakchilik qilgan qariyaning qirq yillik umri asirlikda o’tgandi. O’ttiz yoshida kuchli matros, chayir qahramon bo’lgan holida Malta qaroqchilarining qo’liga tushgan edi. Yigirma yil ularning kemalarida eshkak eshdi. Yigirma yil ikki oyog’i zanjirlar bilan bog’lanib, kema ostidagi rutubatli xonada yashadi. Yigirma yilning yozlari, qishlari, shamollari, bo’ronlari, quyoshlari uning po`latdek vujudini eritolmadi. Zanjirlari mog’orlashdi, chiridi, uzildi. Yigirma yil ichida bir necha marta xalqalari, mixlarini almashtirdilar. Ammo uning chinor-da mustahkam oyoqlariga hech nima kor qilmadi. U faqatgina tahorat ololmagani uchun xafa bo’lardi. Har namoz vaqtida ko’zlarini qibla tomonga burar, besh vaqt ibodatni ishorat bilan o’qir edi.

_______________
Forsa — kemada eshkakchilikka mahkum qilingan qul.

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Fevral 2009, 19:33:47

Ellik yoshga yetganida uni ortiq eshkak esholmaydi deb, bir orolda sotib yubordilar. Uning xojasi bir dehqon edi. Bir burda non uchun o’n yil uning qo`lida ishladi. Tangriga shukr etardi. Chunki endi uning oyoqlaridan mixu zanjirlar olib tashlangandi. Tahorat olishga imkoni bor, qiblaga qarab namoz o’qir, esida qolgan oyatlarini o’qib ibodat, duo qila olardi. Butun umidi tug’ilgan yeri Edremitga yetishish, qayta ko`rish edi. O’ttiz yil ichida bir lahza ham bu umid uni tark etmadi. “O’lganimdan so’ng tirilishimga qanchalik ishonsam, ellik yil asirlikda yashasam-da bir kun Vatanimga yetishishimga shunchalik umid qilaman” derdi u.
U eng dongdor, eng mashhur turk kemachilaridan edi. Yigirma yoshidayoq Jabal al-Tariq bo’g’ozidan o’tgan, katta dengiz flotlarini bir o’zi kichik kemasida yenga olgan edi. U zamonlar Turk elida uning nomi tillarda doston edi. Hatto podshoh uni saroyga chaqirtirib, boshdan kechirganlarini o’zidan eshitardi. Chunki u Hizr alayhissalom kezgan diyorlarda sayr etgan edi. Shunday dengizlarda bo’lgan ediki, unda tog’lardan baland muz parchalari suzar edi. U tomonlar umuman boshqa dunyo edi. Olti oy kunduz, olti oy kecha bo’lardi. Zavjasini ham o’sha sirli o`lkalardan topgan edi. Kemasi oltin, kumush, inju, olmos, asirlar bilan to’lib Vatanga qaytar ekan, dengiz o’rtasida uylangan, o’g’li Turg’ut ham yo`lda - Chanoqqal’aga yetgan paytda tug’ilgan edi. O`g`li hozir qirq besh yoshga kirgan bo’lsa kerak. Ajabo, tirikmikan? Xayolini band etgan, qorlardan oppoq zavjasi hozir hayotmikan? Qirq yilki, Istanbulning minoralari, dengiz ufqi xayolidan hech ketmaydi. “Bir kemam bo’lsa, ko’zimni shart yumardim-u, Vatan tomon yo’l olardim” deya orzu qilardi…
Oltmish yoshdan o’tganidan keyin xojasi uni ozod qildi. Bu ozod qilish emas, uni o’z holiga tashlab qo’yish, ko’chaga haydash edi. Qari tutqun ushbu qarovsiz bog’dagi xaroba kulbani topdi. Shu yerdan panoh topdi. Hech kim hech narsa demadi. Ora-sira qishloqqa tushar, qariligiga achinib berishgan sadaqalarni to’plab, yana kulbasiga qaytardi. Ortiq kuchi qolmagan edi. Uning ishlashini endi bog’ sohibi ham istamas edi. Qayoqqa ham borar edi?
U avval ko’rgan tushlarini endi qaytadan ko’rayotgan edi. Qirq yillik tush… Turklarning, turk kemalarining kelishi…
Ko’zlarini qaqshagan qo’llari bilan ishqaladi. Dengizning ko’k bilan birlashgan joyiga qaradi. Ha, ular kelishadi, albatta, kelishadi. U bunga shunchalar ishonardiki…

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Fevral 2009, 19:35:02

- Qirq yil ko’rilgan tush aslo yolg’on bo’lmas, - derdi u o`z-o`ziga. Kulba devorining ostiga oyoqlarini uzatdi. Sekin-asta ko’zlarini yumdi. Erta bahor umid uchquni kabi har yoqni nurga to’ldirardi. Baliqchi qushlarning “kelayaptilar, kelayaptilar, seni qutqarish uchun kelyaptilar” deganga o’xshagan ovozlarini tinglab uxlab qoldi. Devor toshlarining orasidan chiqqan hasharotlar ustida kezib yurar, bo’z kiyimining ichiga o`rmalar, yumshoq, oppoq soqollari orasida o’ynashardi. Qari asir tushida katta bir turk kemasining bandargohga kirganini ko’rardi. Qishloqqa ketadigan yo’lga bir qancha askar chiqargan edilar. Qizil bayroqni uzoqdan tanidi. Shamshirlar, qalqonlar quyosh aksida porlar edi. Biznikilar! Biznikilar! – deya baqirib uyg’ondi. O’ziga keldi. Ustidagi hasharotlar tumtaraqay qochdilar. Bandargohga boqdi. Haqiqatan, qo’rg’onning qarshisida bir kema ko’rinardi. Yelkanlar, eshkaklarning bichimiga diqqat etdi. Rangi oqarib ketdi. Ko’zlarini ochdi. Yuragi tez ura boshladi. Qo’llarini ko’ksiga qo’ydi. Bular turk kemalari edi. Qirg’oqqa yaqinlashayotgan edilar. Ko’zlariga ishonmadi. “Ajabo, tushimmi, o’ngimmi?” – deya taajjubga tushdi. Uyg’ongandan so’ng tush ko’rilarmidi? O’zini ishontirish maqsadida qo’llarini tishladi. Yerdan o’tkir tosh parchasini oldi. Qo’liga urdi. Ha, u og`riqni his qilayapti. Demakki, uyg’oq, ko’rayotgani tush emasdi. Sevinchdan, sarosimadan tizzasi jonsizlandi. O’tirib qoldi. Qirg’oqqa chiqqan harbiy qism qo’llarida qizil bayroqlari bilan to’gri qo’rg’onga kelardilar. Qirq yillik kutishdan so’ng… u yana o’zini qo’lga olishga urindi. Birdan suyaklari qisirladi. Bodom daraxtlarining gulli soyalari bo’ylab, qirg’oqqa qarab yugurdi, chopdi. Qirg’oqqa chiqqan askarlar oq soqolli qariyaning o’zlari tomon yugurib kelayotganini ko’rgach:
- To’xta, - deya baqirdilar. Qariya to’xtamadi, u ham baqirdi:
- Men turkman, o’gillarim, turkman.
- …

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Fevral 2009, 19:36:17

Askarlar uning yaqinlashishini kutdilar. Qariya turklarning yoniga yaqinlasharkan, ilk uchraganini quchoqlab, o’pa boshladi. Ko’zlaridan yoshlar oqar edi. Buni ko’rganlar mutaassir edilar. Biroz hayajoni bosilgandan so’ng so’radilar:
- Qanchadan beri asirlikdasiz?
- Qirq yildan beri.
- Qayerliksiz?
- Edremitlik.
- Ismingiz nima?
- Qora Memish.
- Kapitanmidingiz?
- Ha…
Qariyaning atrofidagi askarlar bir-birlariga yaqinlashdilar. Hayqiriq yangradi: “Xo’jayinga xabar bering! Xo’jayinga xabar bering!..”. Qariyaning qo’llaridan tutdilar. Qush kabi dengiz qirg’og’iga eltib, qayiqqa o’tqazdilar. Keyin katta kemaga olib bordilar. Askar ichida uning qahramonlik sarguzashtlarini bilmagan, u haqda eshitmagani yo’q edi.
Qariya kema sahnida biroz turdi. Sevinchdan sarosimada, o’zini yo’qotgan edi. Kiyish uchun bir ishton berdilar. Eginiga ko’ylak tashladilar. Boshiga dastor kiygizdilar.
- Ketdik, xo’jayinning yoniga, - dedilar.
Uni bu yerga keltirgan askarlar bilan ulkan kemaning ortiga yurdilar. Shopmo’ylov, zarlangan kiyimi ustiga temir, po’lat zirh kiygan bahaybat bir odamning qarshisida to’xtadilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Fevral 2009, 19:37:04

- Siz kapitan Qora Memishmisiz?
- Ha!
- Hizr alayhissalom kezgan joylardan o’tgan sizmisiz?
- Menman.
- Rost gapiryapsizmi?
- Nega yolg’on so’ylayin?
- Oching, o’ng qo’lingizni ko’rayin.
Qariya ko’ylagi ichidan qo’lini chiqardi. Shimardi. Xo’jayinga uzatdi. Mushagida xoch bichimidagi chuqur bir chandiq izi bor edi. Bu chandiqni kechalari olti oy bo’ladigan bir oroldan xotini bilan qaytayotganda olgan edi. Xo’jayin, uning qo’llarini o’radi. O’pa boshladi.
- Men sizning o’glingizman, - dedi.
- Turg’utmisan?
- Ha!
Tutqun qariya sevinchidan o’zidan ketdi. Hushiga kelgach, o’g’li unga:
- Men qirg’oqqa jang uchun chiqyapman. Siz kemada rohat oling, - dedi. Eski qahramon qabul qilmadi:
- Yo’q. Men ham sizlar bilan jangga chiqaman.
- Judayam qarigansiz, ota.
- Ammo yuragim kuchli!
- Dam oling, ota. Bizni kuzatib turing.
- Qirq yilki, muhorabani sog’indim…
Og’li otasiga tiz cho’kib, ”Vatanni, sevgan insonlarni ko’rmasdan sizni takror yo’qotmayin, otajon”, deya yolvorib qo’llarini o’pdi.
Qariya boshini ko’tarib, ko’ksini tik tutib, yana yoshligiga qaytgandek edi. Bayroqqa ishora etib:
- Shahid bo’lsam, buni ustimga yoping. Qizil bayrog’im hilpiragan joy Vatan emasmi? – dedi.

1910

Davronbek Tojialiyev tarjimasi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Fevral 2009, 01:46:37

OMER SEYFETTIN HAQIDA


Turk hikoyachiligining mumtoz vakili, jurnalist va zobit Omer Seyfettin 1884-yili Turkiyaning Belikesir shahrida dunyoga keldi. Avval Usmoniya maktabida, so’ngra harbiy bilim yurtlarida o’qigan Omerning ilk ijod mahsuli 1900-yili “Majmuai adabiyya”da chop etildi. 1906-yili Izmirdagi jandarm maktabiga o’qituvchi bo’lib ishga kirdi. Shu yillarda Izmirda chop etiladigan “Sebat”, “Xizmat”, “Sarbast” kabi gazetalarga maqolalar yozdi.

Omer Seyfettin harbiy harakatlarda ishtirok etarkan, ijodni ham tark etmadi. 1911-yili “Yosh qalamkashlar” jurnalida uning “Yangi lison” nomli katta maqolasi imzosiz chop etildi. Maqolada milliy tilni asrab qolish, boshqa tillardan so’z olgandan ko’ra, uning milliy muqobillarini topish, adabiyotni xalq tiliga yaqinlashtirish kabi jiddiy masalalar ko`tarilgan edi. Uning “Bahor va qaldirg’ochlar”, “Qo’zg’olish xabari”, “Primo Turk bolasi”, “Ont” va “Ishq to’lqini” kabi hikoyalari ham ayni shu jurnalda bosildi.

Leytenant Omer Seyfettin 1912-yilda Bolqon urushida qatnashdi va Yanya yaqinida yunon armiyasiga asirga tushdi. “Pastkash”, “Mahdiy”, “Hurriyat Bayroqları” nomlı hikoyalarida asirlikdagi hayotini qalamga oldi. Bu hikoyalar “Xalqqa to’g’ri”, “Turk yurti” va “Zako” kabi jurnallarda nashr etildi.

Bir yillik asirlikdan so’ng,  1913-yili Istanbulga qaytdi va harbiylikni tashlab,  “Turk So’zi” jurnaliga muharrirlik qila boshladi. 1914-yildan umrining oxirigacha Kabatash maktabida adabiyotdan dars berdi.

Omer Seyfettin 1920-yili 36 yoshida qand kasalidan vafot etdi.

Asarlari: “Tarix azaliy takrordir” (1910), “Haram” (1918), “Efruz Bey” (1919), “Qahramonlar”, “Bomba”, “Haram”, “Uzun poshnalar”, “Halollik”, “Yolg’iz bahodir”, “Iskanja”, “Ishq to’lqini”, “Oq Lola”, “Sirli amaliyot”, “Forsa”, “Badal”, “Pushti durli yoqa”.

Qayd etilgan