Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat qissa). Richard Bax  ( 32802 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:37:16

Keyin ular kelishdi — shom mahali — va uni topishdi. Bu payt u yolg‘iz o‘zi jonajon osmonida xotirjam uchib yurardi. Bir juft oqcharloq yonginasida paydo bo‘ldi va qanotlarini uning qanotlari bilan bir zayilda qoqib, ikki yonida ucha boshlashdi. Bu oqcharloqlar qorong‘u tun osmonida tiniqligi yulduz nuriga monand yog‘du taratar va bu yog‘du ezgulik bilan yo‘g‘rilgan edi. Biroq hammasidan ham ularning parvoz mahorati hayratlanarli edi — bu oqcharloqlarning qanotlari uchlari bilan Jonatanning qanotlari uchlari orasidagi bir dyumli oraliq har qanday harakatdan keyin ham hech o‘zgarishsiz qolardi.
Jonatan bir so‘z demay, ularni sinovga oldi — bu sinovga biror-bir oqcharloqning bardosh berishi dargumon edi. U qanotlarini shunday bir holatga keltirgan edi, uchish tezligi keskin tushdi — yana bir milgina shunday uchsa, qulab tushishi tayin edi. Ikkala qush ham uning harakatini aynan takrorlashdi, biroq Jonatanning harakatiga nisbatan ularning holatida tirnoqcha o‘zgarish sezilmadi. Ular ohista uchish san’atini ipidan-ignasigacha egallashgan ko‘rinardi.
Jonatan qanotlarini yig‘ib, o‘zini bir o‘ngga, bir so‘lga tashlab oldi. Va soatiga bir yuz to‘qson mil tezlikda tuyqusdan quyiga sho‘ng‘idi. Ular ham, safdagi harakat va holatni to‘la saqlagan ko‘yi, Jonatan bilan bir zayl sho‘ng‘ishdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:37:32

Va nihoyat, Jonatan tezlikni tushirmay, tepadan tik tashlab «ko‘r tugun» usulini amalga oshirdi. Ikkala qush beg‘araz kulishib, u bilan birday ayni usulni bajarishdi.
— Juda zo‘r-ku! Xo‘sh, sizlar kim bo‘lasizlar?
— Biz — Sening To‘dangdanmiz, Jonatan. Biz — Sening birodarlaring. Seni izlab keldik. Yuksaklarga ko‘tarilish fursati keldi, endi uyga qaytish vaqti yetdi.
— Mening uyim yo‘q. To‘dam ham yo‘q. Axir, men — Quvg‘indiman. Boz ustiga, hozir biz Shamollarning Buyuk Cho‘qqisida — eng yuqori nuqtada uchayapmiz. Chamamda, qartayib qolgan tanamni yana iki-uch yuz futlar tepaga ko‘tarilishga majbur qilolmasam kerak.
— Uddalaysan. Chunki Sen parvoz ilmini egallading. Bir maktabning sabog‘ini olding, endi navbatdagisini boshlashing kerak.
Bu madadkor dalda umr bo‘yi uning yo‘lini yo‘lchi yulduzday yoritib keldi, ayni damda esa yana yaraqlab qalbiga shavq va ishtiyoq nurini soldi. Ular haq gapni aytishdi. U bundan-da yuksakroqqa ko‘tarila oladi, uyiga ham qaytadi, axir, uyga qaytish fursati ham haqiqatdan yetgan ko‘rinadi.
U oxirgi marta yer osmoniga va yerning o‘ziga bir qur nazar soldi — bepoyon bir diyor kumushday tovlanib yotardi. O‘zi juda ko‘p narsalarni o‘rgangan aziz makonga uzoq tikilib qaradi. Keyin dedi:
— Men tayyorman.
Va ular uchovlon — Oqcharloq Jonatan Livingston va yulduzsifat bir juft qush — shitob bilan yuqorilab, qorong‘u samo qa’riga singib ketishdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:37:54

IKKINCHI QISM

— Ajabo, Osmonu Falak deganlari shunaqa ekan-da, — o‘yladi u va o‘zining hayratlanganidan kulgisi qistaganini yashira olmadi. Ehtimol, bepoyon Falakka baho beradigan nazar bilan qarash endigina uchib kelgan qush uchun odobdan sanalmas.
Yerdan uzoqlashib, uchovlon bir ixcham bo‘g‘in bo‘lib bulutlarni quyida qoldirib tobora yuqorilab borarkan, Jonatan vujudi shaffoflanib o‘ziga hamroh qushlarning vujudiday nur tarata boshlaganini ko‘rdi. Shubhasiz, botinida u aslicha qolgan — o‘sha yovqur, ko‘zlarida olov chaqnab turgan Jonatan, biroq tanasining shaklu shamoyili o‘zgargan edi.
Garchi tani oqcharloqniki esa-da, Jonatanga hozirgiday parvoz hech qachon nasib etmagandi. «G‘alati-ya, — o‘yladi u, — ikki baravar kam kuch sarflayapmanu, biroq ikki karra tez uchayapman, Yerda o‘tgan eng omadli damlardan ko‘ra ikki hissa ko‘p ishlashga kuch topa olayapman!»
Uning patlaridan haroratli nur taralar, qanotlari esa ishlov berilgan kumushday silliq edi. Jonatan harakatlarining muntazamligini oshira borib, yangi mukammal qanotlar xosiyatini izchil o‘rganishga kirishdi.
Tezlikni soatiga ikki yuz ellik milgacha oshirib, Jonatan to‘g‘riga uchish tezligining so‘nggi nuqtasiga yeta boshlaganini his etdi. Ikki yuz yetmish uch mil tezlikni olganida esa, endi bundan ortiq tez ucholmasligini angladi. Bu uni biroz ranjitdi. Yangilangan vujudning imkoniyatlari, har jihatdan afzalligiga qaramay, cheklangan edi. To‘g‘riga uchishda Jonatan olgan bu eng yuqori tezlik oldin o‘zi erishgan yutuqlardan ancha yuqori edi, biroq baribir oldda to‘siq — devor ko‘ndalang turar, uni yorib o‘tish behad ko‘p kuch sarflashni talab etardi. «Ha-ya, — o‘yladi u, — go‘yo osmonda hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerakday.»

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:38:34

Biroq, mana, bulutlar joyidan jilib ora ochildi va uni kuzatib kelgan qushlar havoga singishib ketarkan, xayr-xo‘shlashib qichqirishdi:
— Jonatan, eson-omon qo‘nish nasib etsin!
U dengiz ustida uchardi, oldinda ko‘rfazlar bilan tilingan qoyali qirg‘oq tasmalari elas-elas ko‘zga tashlanardi. Oqcharloqlar — ular kamchil edi — qirg‘oqdagi qoyalarni bag‘irlab uchib yurardi. Uzoq shimol tarafda — naqd ufqda bir nechta qushning qorasi ko‘rinardi.
«Yangi ufqlar, yangi muammolar, — o‘yladi Jonatan. — Nega qushlar bu qadar oz? Axir, Osmonda gala-gala oqcharloqlar bo‘lishi kerak-ku! Nimadan toliqdim — men negadir juda qattiq charchabman... Axir, oqcharloqlar Falakka chiqqanda toliqmasligi kerak-ku. Uyqulari ham kelmaydi, deyishardi.»
Qiziq, bu haqda qaerda eshitgan edi? Yerdagi hayoti uning xotirasidan butkul faromush bo‘lgan, o‘chib ketgan. Shubhasiz, Yer uning ko‘p narsani o‘rganib bilgan makoni, bilib olganlari endi o‘ziniki. Biroq o‘tgan voqealarning tafsilotlari yodida qolmagan — ular biror-bir ahamiyatga ega ham emas. Yodida uzuq-yuluq qolgani oqcharloqlarning ozuqa talashib tortqilashganlari-yu, o‘zining Quvg‘indiga aylangani...
Qirg‘oqda mashq qilayotgan oqcharloqlar — ular o‘n choqli edi — unga yaqinlashishdi. Biror so‘z aytilmadi, shunga qaramay, Jonatan o‘z qalbida sohir tuyg‘ularni tuydi: ular uni xo‘shlashayotir, demak, u qabul qilindi, endi bu makon — uning uyi. Kun esa oyoqlayotir, bu kun Jonatan uchun juda barakali va uzundan-uzoq kun bo‘ldi — kunning avvali hatto xotirasidan ko‘tarilayozdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:38:56

Jonatan qirg‘oq tarafga burildi, yerdan bir dyum yuqorilagancha to‘xtamoqchi bo‘lib qanotlarini silkidi va qumga ohista qo‘ndi. Boshqa oqcharloqlar ham qo‘nishdi — biroq qanot qoqmay, hatto biror pat-parini silkimay turib yerlashishdi. Ular yoyilgan qanotlari bilan qarshidan esgan shamolni tutishar va quyiga sho‘ng‘ishning yakunida bir tekis ko‘tarilib olishar, keyin qandaydir sezilmas tarzda qanotlarining holatini o‘zgartirishib, yerga yetgan daqiqada — ayni nuqtaga aniq qo‘nishardi.
— Mana buni uchishni nazorat qilish desa bo‘ladi! — dedi Jonatan ichida tan berib. — Chiroyli qo‘nish!
O‘zi ham bunga bir urinib ko‘rardi-yu, biroq juda charchadi. Shuning uchun u qo‘ngan joyidayoq uyquga ketdi. Hech kim uning oromini buzmadi.
Keyingi kunlar mobaynida Jonatan bu yangi makonda parvoz san’ati borasida umri bo‘yi o‘rganganlaridan ko‘ra ko‘proq ilmni egallashi lozimligini angladi. Bu yerda xuddi o‘zi kabi fikrlaydigan oqcharloqlar bor edi. Ularning har birida dildan mehr qo‘ygan mashg‘ulotini mukammal egallashga ishtiyoq kuchli edi. Uchishni hamma narsadan ortiq ko‘rishar, barisi birday — chindan matonatli qushlar edi. Ular kunning har bir soatini osmonda o‘tkazishar, tinimsiz mashq qilishardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:39:13

Jonatan o‘zi voyaga yetgan muhitni hecham eslamasdi. O‘sha muhitda oqcharloqlar To‘dasi — jonzotlar jamoasi istiqomat qilardi. Ular ko‘zlari ochilishini va parvoz zavqini ko‘rishni mutlaqo istashmas, shu bois, o‘z qanotlarini qorin to‘yg‘izadigan va ozuqa uchun talashib-tortishadigan bir vositaga aylantirib olishgan edi... Biroq gohi-gohida ular bexosdan Jonatanning yodiga tushib qolardi.
Shu zayl, bir kuni tong pallasi Jonatan — yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi ustozi bilan qanotlarni yig‘ib aylanib uchish mashqini bir necha marta takrorlashgach, qirg‘oqda dam olib o‘tirishganida — ular yodiga tushdi.
— Menga qara, Salliven, qolganlar qaerda? — ovoz chiqarmay so‘radi Jonatan. U allaqachon bu joyda odat tusiga kirgan telepatik aloqa san’atini o‘zlashtirib ulgurgan, bu usul chirqillab yoki chug‘urlab dudmol va chalkash gapirishdan ming bor afzal edi.
— Nega biz bu yerda kamchilikmiz? Axir, u yoqda — men kelgan yoqda...
— ... behisob — ming-minglab oqcharloqlar bor edi, demoqchisan, tushundim. — Salliven boshini sermadi. — Mening javobim shunday: sen — kamyob qushlar sirasidansan, sendaylar, nari borganda, milliondan bitta. Biz qanday bo‘lsak shundayligimizcha, qaerdan kelganimizni unutib va qaerga ketayotganimizning hech bir tashvishini tortmay bir olamdan boshqasiga uchib o‘taveramiz. Biz shunchaki o‘tayotgan lahzalar bilan qanoat qilib yashaymiz. Sen tasavvur qilasanmi: yashashdan maqsad — qorin to‘yg‘azish, ozuqa talashib janjallashish yoki To‘daga hokim bo‘laman deb kuyib-pishishdan iborat emasligini anglab yetish uchun har qaysimiz nechta umrni yashab ko‘rishimiz lozim bo‘larkan?.. Minglab umrni, Jon, o‘n minglab umrni. Shundan keyin esa dunyoda komillik degan tushuncha ham borligini fahmlashimiz lozim bo‘ladi. Bunga yana necha yuzlab umrlar kerak. Yana yuzlab umrlar esa, hayot mazmuni — komillik yo‘lidagi izlanishlarga sarflanadi; bizning har birimizning vazifamiz — botinimizda komillikka xos fazilatlarni tarbiyalash va ayni paytda, turish-turmushimizni, xatti-harakatlarimizni ham shu maqsadga uyg‘unlashtirib bormoqdan iborat. Tiriklikning barcha bosqichlarida bitta qonun ustuvor: keyingi olamga biz shu yerda — bu olamda orttirgan ilmimiz vositasidagina kirib bora olamiz. Agar biz avomligimizcha qolsak va bilimimizning sayozligiga befarq bo‘lsak — keyingi olamimiz hozirgisidan hech qanday farq qilmaydi, jamiki to‘siqlar yo‘limiz ustida yana ko‘ndalang bo‘lib turaveradi va o‘zimiz tag‘in qo‘rg‘oshinday og‘ir qanotlarimizni sudrab o‘sha to‘siqlardan o‘tishga baribir majbur bo‘lamiz.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:39:33

Salliven qanotlarini yoydi va yuzini shamol esayotgan tomonga burdi.
— Biroq sen, Jon, bir umr mobaynidayoq juda ko‘p ilmni egallay bilding, shu boisdan ham, to‘g‘ri bu yoqqa kelib tushding, sen kamida mingta umr sarf bo‘ladigan mehnatni ado qilding.
Bir lahza o‘tib ular yana osmonda paydo bo‘lishdi. Mashg‘ulot davom etdi. Charxpalak yasab uchish — juda murakkab mashq. Jonatan, parli panjalari yordamida tepaga uchdi, ayni damda, qanotlarini qanday bukish lozimligini miyasida o‘ylab-chamalab olishiga to‘g‘ri keldi. Buni u ustozining harakatlariga mutlaqo uyg‘un tarzda amalga oshirishi shart edi.
— Qani, yana bir marta, — qayta-qayta takrorladi Salliven.
Yana bir marta... Yana... Va nihoyat:
— Ana endi — yaxshi!
Shundan so‘ng ular sirtmoq shaklida uchish mashqiga o‘tishdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:40:08

Shom pallasi edi. Tungi parvozga chiqmagan oqcharloqlar to‘dalashib qumda o‘tirishar va churq etmay o‘y surishardi. Jonatan o‘zini qo‘lga olib, qat’iyat bilan Ulug‘ Ustoz qoshiga yo‘l oldi. Yaqin-orada u bu olamni tark etib, Koinot sari yo‘l oladi, degan gaplar yurardi.
— Ustoz Chiang... — biroz hayajonli ohangda Jonatan Ulug‘ Ustozga murojaat qildi.
— Nima gap, o‘g‘lim? — Ulug‘ Ustozning qarog‘ida mehr nurlari balqidi.
Yoshi bir joyga borganiga qaramay, u kuchdan qolmagan, aksincha — o‘tgan yillar mobaynida kuch-g‘ayratda yanada yuksalgan edi. U tengsiz bir san’at bilan parvoz etardi va To‘dada u bilan bellasha oladigan jo‘mard topilmasdi. Chiang allaqachon zabt etgan mahorat cho‘qqisiga boshqalar yaqinlashishga endigina urinib ko‘rishayotgan edi.
— Ustoz Chiang, bu olam... har qalay, Osmonu Falak emas-ku, to‘g‘rimi?
Oy nur taratardi. Ulug‘ Ustozning tabassum qilayotgani ko‘rinib turardi.
— Oqcharloq Jonatan, sen tag‘in bilim olishga kirishayapsan, — javob qildi u.
— Bu yaxshi, biroq bizni oldinda nimalar kutayotir? Biz qayoqqa yo‘l olganmiz? Aftidan, Falak deganlari aslida yo‘q joymikan? .
— Sen haqsan, Jonatan, bunday joy chindan ham yo‘q. Zotan, Falak — na makon va na zamon — balki bizning o‘zimiz erishgan komilligimizdir.
Biroz jim qolib, Ulug‘ Ustoz beixtiyor so‘radi:
— Sen juda tez uchasan, to‘g‘rimi?

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:40:47

— Men... ha, men tezlikni yaxshi ko‘raman, — dedi Jonatan biroz iymanib, biroq Ulug‘ Ustoz o‘zining san’atiga e’tibor qaratganidan xiyla g‘ururlandi.
— Nima ham derdim, demak, sen Falakka chiqa olasan, Jonatan, sen mukammal tezlikni egallaganingda shunday bo‘ladi. Mukammal tezlik esa — bu soatiga minglab mil ucha olish emas. Million mil uchish ham emas. Bu yorug‘lik tezligi ham emas. Zotan, har qanday son mohiyatan chegarani, me’yorni anglatadi, chegara esa har doim cheklab qo‘yadi. Komillik chegara nimaligini bilmaydi. Demak, mukammal tezlik, o‘g‘lim, bu — borishga taraddudlangan joyingda hozir bo‘lishingdir.
Shunday deb Chiang g‘oyib bo‘ldi va shu lahzadayoq suv yoqasida — oldin turgan joyidan o‘n besh fut narida ko‘rindi. Keyin yana ko‘zdan yo‘qoldi va bir sekundning mingdan bir ulushicha fursatda Jonatanning yonida paydo bo‘ldi.
— Bu shunchaki hazil, — dedi u.
Jonatan hayratda qolgan edi. Osmonu Falakka taalluqli savollar bir zumda unut bo‘ldi.
— Bu qanday qilinadi? Bu tarzda qancha masofagacha ko‘chib o‘tish mumkin?
— Xohlagan makonga borish va istalgan zamonga ko‘chib o‘tish mumkin, — javob qildi Ulug‘ Ustoz. — Hammasi sening tanlovingga bog‘liq: qaerda hozir bo‘lishni niyat qilgan bo‘lsang, o‘sha joyda paydo bo‘lasan. Shu tariqa, makon va zamonda sayohat qilib, men o‘zim istagan barcha joylarda xohlagan vaqtimda hozir bo‘ldim.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:41:03

Chiang dengizga qaradi.
— Qiziq, — deya davom etdi u. — sayohatni afzal ko‘rib komillikka intilishni rad etgan oqcharloqlar hech bir manzilga borolmaydi, chunki harakatlari juda sust ularning. Aksincha, makonda u yoqdan bu yoqqa uchib-qo‘nib yurishdan voz kechish evaziga komillikka erishish yo‘lini tanlaganlar ko‘z ochib yumguncha fursatda o‘zlari xohlagan joyda bo‘la olishadi. Demak, Jonatan, yodingda tut: Falak makon va zamonda mavjud allaqanday joy emas, zero, bunda joy va vaqt hech qanday ahamiyatga ega emas. Falak — bu...
— Menga qara, sen meni shunday uchishga o‘rgata olasanmi? — Jonatan o‘ziga noayon olamning yana bir ko‘chasini zabt etish imkoniyati ochilayotganini his etib, sabrsizlikdan titrardi.
— Agar sen o‘rganishni xohlasang, albatta.
— Xohlayman. Qachon boshlaymiz?
— Hoziroq boshlashimiz mumkin, sen e’tiroz bildirmasang.
— Men shunaqa uchishni o‘rganishni xohlayman, — dedi Jonatan va uning ko‘zlarida o‘t chaqnadi. — Ayt, nima qilishim kerak.
Chiang vazmin ohangda, Jonatandan sinchkov nigohini uzmay gapira boshladi:
— Fikr tezligida o‘zing xohlagan joyda hozir bo‘lishing uchun sen dastlab o‘sha joyga allaqachon uchib borganingga o‘zingni ishontirishing zarur.
Bu ustomonlikning, Chiangning uqtirishicha, mohiyati shundan iborat ediki, Jonatan o‘zining jonzotligini, uzunligi qirq ikki dyumli qanotlari bor tanasiga o‘zi asir ekanini va rejalashtirilgan chegarali harakat ko‘lamidan chetga chiqolmasligini unutmog‘i lozim edi. Jonatandan, shuningdek, o‘zining tabiatan va mohiyatan kamolga yetganini, makon va zamonda — hamma vaqt va hamma joyda o‘zining mavjudligini anglamoq talab etilardi.

Qayd etilgan