Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat qissa). Richard Bax  ( 32732 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:43:16

Jonatan tong otgandan kun botguncha tinimsiz mashq qilar, bir zum qarab turmasdi. Biroq qanchalik ter to‘kib mashq qilmasin, turgan joyidan bir qarich ham jila olmadi.
— E’tiqodning bunga aloqasi yo‘q, — deya takrorlashdan charchamasdi Chiang, — uni yodingdan chiqar. Shunchaki parvoz qilganingda ham birgina e’tiqodning o‘zi bilan uzoqqa borolmaysan... Bu amalda qanday qilinishini bilishing shart. Shuning uchun, kel, yana bir marta urinib ko‘ramiz...
Bir kuni Jonatan qirg‘oqda ko‘zlarini yumib, diqqatini bir nuqtaga jamlashni mashq qilardi. Shunda favqulodda hammasini lahzada anglab yetdi — bu yarq etib chaqnagan chaqmoqday ro‘y berdi — Chiangning bergan saboqlarini tushundi.
— Ha-ya, men allaqachon kamolga erishganman, men aslida komil edim! Hech qanday kuch meni cheklangan doirada majbur qilib ushlab turolmaydi, chunki tabiatimga ko‘ra mening imkoniyatlarim cheku chegarasiz.
U vujudida ishonchdan tug‘ilgan quvonchning qudratini his qildi.
— Yasha! — dedi Chiang va uning ovozida g‘alabadan masrurlik ohangi ustuvor edi.
Jonatan ko‘zlarini ochdi. Ular ikkovlon — Ulug‘ Ustoz va Jonatan mutlaqo notanish qirg‘oqda turishardi. Yonlarida biror-bir jonzot yo‘q edi. Suvning kanorigacha tushib kelgan daraxtlarning uchida bir juft oltin tusli quyosh porlardi.
— Xayriyat, nihoyat maqsadni anglab yetding, — dedi Chiang, — biroq ongingni boshqarish ustida yana biroz shug‘ullansang yomon bo‘lmasdi...

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:43:38

Jonatan hayratga tushgandi:
— Biz qaerdamiz?
Ulug‘ Ustoz esa boshqa joyda hozir bo‘lganidan, o‘zga shart-sharoitdan hecham ajablanmasdi. Shu bois, u odatdagiday bemalol javob qildi:
— Aftidan, boshqa bir sayyoradamiz, Quyoshning o‘rnida — bir juft yulduz.
Jonatan quvonchini ichiga sig‘dirolmay qichqirdi — bu uning Yerni tark etganidan beri birinchi xitobi edi:
— AMALGA OShDI!!!
— Albatta, Jon, amalga oshishi tabiiy, — dedi Chiang. — Nima qilayotganingni bilib, tushunib qilsang, doimo amalga oshadi. Endi ongni boshqarish va nazoratni mashq qilamiz...
Ular qaytib kelishganida qosh qoraygan edi. Oqcharloqlar qirg‘oqda tizilishib turishar va Jonatandan ko‘zlarini uzolmasdi. Ularning havasdan chaqnab turgan ko‘zlarida hayrat qotib qolgandi: oqcharloqlar uni uzoq vaqt toshday qotib turgan joyidan bir zumda g‘oyib bo‘lganini ko‘rishgan edi.
Ular Jonatanni qutlay boshlashgandi, biroq u tabriklarni qabul qilishga iymandi.
— Men bu joyda hali yangiman, men endi boshlayapman... Hali men sizlardan ko‘p narsani o‘rganishim kerak.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:44:26

— Taqdirning hazilini qara, Jon, — dedi yonida turgan Chiang, — aftidan, sen yangilikdan umuman cho‘chimaydigan ko‘rinasan, biroz cho‘chisang ham sezdirmaysan, men o‘n ming yil mobaynida senga o‘xshagan qushni juda kam uchratdim.
Oqcharloqlar sukut saqlab turishardi, Jonatan esa o‘zini noqulay sezib chayqalib qo‘ydi.
— Ana endi, agar xohlasang, vaqt bilan ishlashga kirishishimiz mumkin, — dedi Chiang, — chunki sen o‘tmish va kelajakka erkin o‘ta olishni o‘rganishing zarur. Shunda sen eng mashaqqatli, eng shijoatli va eng qiziqarli ishga kirishishga tayyor bo‘lasan. Ya’ni sen yuksakka parvoz etishga chog‘lanasan hamda ezgulik va muhabbatning mohiyatini tushunib olasan.
Oradan bir oy, aniqrog‘i, vaqtning bir oy sifatida qabul qilingan muddati o‘tdi. Jonatan favqulodda zo‘r g‘ayrat bilan ilmini oshirdi. U oldinlari ham bir ko‘rganini darhol ilg‘ab olar, oddiy tajribaga tayanib, ustozsiz ham murakkab mashqlarni uddalardi. Endi esa Chiangday Ulug‘ Ustozning tanlagan shogirdi bo‘lib, u yangidan-yangi tushunchalarni tez qabul qilar, go‘yo qush emas, balki bir siqim parga o‘ralgan mukammal rejalashtirilgan mo‘’jaz qurilma edi.
Biroq bir kun kelib Chiang g‘oyib bo‘ldi. Bungacha u oqcharloqlar bilan osoyishta suhbat qurdi, ularni ilm olishni har qanday holatda ham to‘xtatmaslikka da’vat etdi, umrning mazmunini ta’min etuvchi, ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydigan ulug‘ maqsad — komillik sari izchil intilish zarurligini tayinladi. U gapirar, parlari esa tobora yorqin yog‘du taratardi; nihoyat Chiangdan taralayotgan nur ko‘zlarni qamashtiradigan darajada yaraqlay boshladiki, oqcharloqlar endi unga ortiq qarab turolmadilar.
— Jonatan, — dedi Chiang, va bu uning so‘nggi kalomi edi, — Muhabbat nimaligini anglashga harakat qil.
Oqcharloqlarning qamashib qolgan ko‘zlari yana ko‘ra boshlaganda Chiang g‘oyib bo‘lgan edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:44:40

Kunlarni quvib kunlar o‘tardi. Jonatan keyingi paytda Yer haqida, o‘zi uchirma bo‘lgan o‘sha makon — Zaminni tez-tez o‘ylayotganini payqadi. Bu joyda bilganlarining o‘ndan bir, hatto yuzdan bir qismigina o‘sha paytda — Yerdaligida unga ma’lum bo‘lganida edi — umrining yerda kechgan pallasi naqadar mazmunli va samarali o‘tgan bo‘lardi! U qumloqda o‘tirib o‘y surardi: qiziq, hozir u yoqda, Yerda o‘zining cheklangan tug‘ma imkoniyatlari doirasini yorib chiqishga, parvoz mohiyatini anglashga, o‘ziga ato etilgan qanotlar dengizdagi kemaga uchib borish va undagi baliqning ichak-chavoqlariyu yug‘indiga qorishib yotgan non bo‘laklariga chang solishdan boshqa ishga ham yarashini tushunishga intilgan Oqcharloq bormikan. Ehtimol, u yoqda hatto To‘daga o‘zining haqiqat deb bilgan to‘g‘ri so‘zini oshkora aytib, quvg‘inga uchragan birorta qush bordir. Jonatan ezgulik ilmini chuqur egallagani, mehr-muhabbat mohiyatini aniq-tiniq idrok eta boshlagani sayin Yerga qaytishga xohishi ortib borardi. Zero, umr yo‘li yolg‘izlikda o‘tganiga qaramay, Oqcharloq Jonatan murabbiy bo‘lish uchun yaralgan edi. U qalbini to‘ldirgan mehr-muhabbatni, o‘zi ming mashaqqatlar bilan anglab yetgan haqiqatlarni bilimga chanqoq va ularni egallashning imkonini qidirayotgan oqcharloqlarga berishni ko‘zlardi.
Bu paytga kelib fikr tezligida uchish san’atini to‘la-to‘kis egallagan va boshqalarga ham allaqachon ko‘maklashayotgan Salliven Jonatanning niyatlarini ma’qullamadi. U Jonatanga shunday dedi:

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:45:36

— Jon, seni bir paytlar Quvg‘inga hukm qilgandilar. Endi sen nimaga ishonib o‘sha oqcharloqlar hozir gapimga quloq tutishadi, deb o‘ylaysan? Sen shunday hikmat borligini bilasan va uning haqqoniyligiga ishonasan: oqcharloq qancha baland uchsa, shuncha uzoqni ko‘radi. Sen tark etgan o‘sha oqcharloqlar yer bag‘irlab ivirsib, bir-biriga baqirib-chaqirib, tortishib-yulishib yurishibdi. Ular Falakdan minglab mil quyida yashashadi, sen esa ularga Falakni — o‘sha yoqdan, yerdan turib ko‘rsataman, deb o‘ylaysan! Axir ular qanotlarining uchidan narini ko‘rolmaydilar-ku! Shu yerda qol, sen shu yerda keraksan. Bu yerga Yoshlar kelishadi — ular ancha yuqorilab ucha olishadi, shu bois, sening aytganlaringni tushunishga, ko‘rsatganlaringni uqishga qobil.
Salliven biroz jim qoldi, keyin qo‘shimcha qildi:
— Tasavvur qilib ko‘r, agar Chiang o‘z vaqtida bu yerdan ketib, o‘zining eski dunyosiga qaytganida nima bo‘lardi? Unda sening o‘zing bugun qaerda bo‘larding?
Sallivenning gapida jon bor, shubhasiz, u haq edi. Oqcharloq qancha baland uchsa, shuncha uzoqni ko‘radi — buni tan olmay iloj yo‘q.
Va Jonatan shu yerda qolib, Yoshlar bilan shug‘ullandi. Ularning barisi g‘oyatda iqtidorli bo‘lib, bir ko‘rganini ilib-o‘zlashtirib olardi. Biroq unutilayozgan tuyg‘u yana paydo bo‘ldi va hammasi qaytadan boshlandi: Jonatanni o‘sha yoqda, Yerda ham bilim olishga mushtoq ikkita yoki hech bo‘lmaganda bitta oqcharloq bor, degan o‘y bezovta qilardi. Axir, agar o‘zi o‘sha quvg‘inga uchragan kunlarda Chiangga duch kelganida juda ko‘p narsani bilib olgan bo‘lardi!

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:48:06

Oxir-oqibat Jonatan chiday olmadi:
— Salli, men qaytishim zarurligini sezayapman. Yoshlarni boshqarishda senga shogirdlaring ko‘maklashar — endi ularning qo‘lidan keladi bu ish.
Salliven xo‘rsindi, biroq e’tiroz bildirmadi. Faqat shunday dedi:
— Menga sening qadring o‘tadi baribir, Jon.
— Salli, uyalmaysanmi! — dedi yozg‘irib Jonatan. — Bo‘lmag‘ur gapni gapirma! Ayt-chi, marhamat qilib, bu yerda biz kun bo‘yi nima bilan mashg‘ulmiz o‘zi? Agar bizning birodarligimiz va o‘rtamizdagi ahil aloqa makon va zamon kabi shartlilikka bog‘liq bo‘lsa, demak, biz o‘zimiz, makon va zamonni yenga olgan paytda — o‘sha daqiqadayoq do‘stligimiz ham barham toparkan-da! Biroq makondan ustun kelgach, bizning tark etadiganimiz yolg‘iz Shu yer. Zamondan ustun kelganimizda esa qoladigani — faqat Hozir. Nahotki bizga endi Shu yer va Hozirning orasidagi biror-bir joyda bir-ikki marta uchrashish boshqa nasib etmaydi, deb o‘ylasang.
Oqcharloq Sallivenga bu gaplar qattiq botdi, biroq u kulib turib javob qilishga o‘zida kuch topdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:49:04

— Sen g‘alatisan, — dedi u mehrli ohangda. — Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi: agar kimdir Yerda birovni minglab mil masofadagi narsani ko‘rishga o‘rgata olsa, o‘sha kimdir, shubhasiz — Oqcharloq Jonatan Livingston bo‘ladi.
Shunday deb, Salliven qumga termuldi.
— Xayr, omon bo‘l Jon.
— Xayr, Salli. Biz hali uchrashamiz.
Shu so‘zlarni ayta turib Jonatan qalb ko‘zi bilan o‘zga vaqt o‘lchamida okean qirg‘og‘ida oqcharloqlarning juda katta to‘dasini ko‘rdi. Va tajribalari bois, hech qanday zo‘riqishlarsiz shubhalarga o‘rin qoldirmaydigan bir haqiqatni teran his etdi: yo‘q, u — bir siqim par, suyak va badandan iborat emas, u — ozodlik va parvoz g‘oyasining mukammal mujassami, uning imkoniyatlari cheku chegarasiz.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:49:36

***

Oqcharloq Fletcher Lind hali juda yosh edi, biroq shunga qaramay o‘zining To‘dasi boshqa biror-bir To‘da hech qachon qilmaydigan o‘ta qo‘pol va adolatsiz qarorga qo‘l urganini bilardi.
«Menga baribir, xohlagancha javrayverishsin, — deb o‘ylardi u Uzoq Qoyalar tomon yo‘l olarkan; ichidan toshib kelgan g‘azabdan ko‘zlari xira tortardi. — Parvoz — bu shunchaki qanotlarni qoqish degani emas-ku, u yoqdan-bu yoqqa uchib-qo‘nishmas axir, xuddi... xuddi... allaqanday pashshaga o‘xshab! Shu ham bahona bo‘ldiyu — Oqsoqolning tevaragidan charx urib aylanib uchganmishman! Men, axir, shunchaki bir hazil uchun... Mana, evaziga berishgan tuhfalari — Quvg‘in! Ko‘zlari ochiq basirlar! Miyalarini mog‘or bosgan — hech nimaning fahmiga borishmaydi! Nahotki chinakam parvozni o‘rgansalar oldilarida naqadar keng imkoniyatlar ochilishini bir daqiqa o‘ylab ko‘rmaydilar.
Ne bo‘lsa bo‘lar — menga endi baribir. Nima xayolga borishsa borishaversin. Men hali ularga ko‘rsatib qo‘yaman! Hali ular ko‘zlari moshday ochilib uchishimni, chinakam parvoz nimaligini ko‘rishadi. Qonundan tashqari, deyishdimi?.. Yaxshi, tashqarida bo‘lsak bo‘la qolaylik, agar shu bilan ko‘ngillari joyiga tushsa... Biroq ular buning uchun afsuslanishadi, o‘-ho‘, hali juda qattiq afsuslanishadi!..»
Shunda u qandaydir ovozni eshitdi, bu ovoz uning botinidan kelayotgan edi. G‘oyatda sokin muloyim ovoz edi... Biroq baribir kutilmagan bu ovozdan Fletcher sarosimalanib havoda go‘yo ko‘z ilg‘amaydigan to‘siqqa urilganday titrab ketdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:50:07

«Ularni qoralama, Fletcher. Seni quvg‘inga duchor etib, ular faqat o‘zlariga ziyon yetkazdilar. Va vaqt-soati kelib buni ular anglab yetadilar. Faqat bugina emas — ular, bugun senga ayon bo‘lgan narsalarni ham tushunadilar. Sen esa, ularni kechirmog‘ing va ulardan o‘z yordamingni ayamasliging kerak.»
Oqcharloq Fletcherning o‘ng qanoti bilan yonma-yon bir qush uchib kelardi. O‘zidan ko‘zni qamashtiradigan oppoq nur taratayotgan bu oqcharloq dunyodagi eng shaffof qush edi. U Fletcherning qavatida kuch ishlatmay bir maromda suzar, birorta patini ham sermamas, uning uchish tezligi Fletcher o‘zi uchun eng yuksak tezlik hisoblagan darajada edi.
— Nimalar bo‘layapti?! Men aqldan ozdimmi?! O‘ldimmikan, yo?! Bu kim?!
Ayni damda o‘sha — muloyim va sokin ovoz yana uning behalovat botinidan taraldi. Bu gal savol talabchan ohangda eshitildi:
— Oqcharloq Fletchir Lind, parvoz qilishni istaysanmi?
— ALBATTA! MYeN PARVOZ QILIShNI ISTAYMAN!
— Oqcharloq Fletcher Lind, sening parvozga ishtiyoqing To‘dani kechirish va so‘ngra bir kun kelib ular oldiga qaytish hamda ular bilan birga bo‘lib, parvoz ilmini egallashlar uchun ularga yordam berishing uchun yetarli darajada kuchlimi?
Bu ustozning ovozi edi. Fletcher qanchalik mag‘rur bo‘lmasin va dili qanchalik og‘rigan bo‘lmasin, bu nurli mavjudotni aldashning hech qanday iloji yo‘qligini bildi. Va u itoatkorona javob qildi:
— Ha.
— Kelishdik, Fletch, — nurli mavjudotning ovozidan mehr-muhabbat yog‘ilardi, — demak, mashg‘ulotni to‘g‘riga parvoz qilish san’atini mashq qilishdan boshlaymiz...

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:51:52

UCHINCHI QISM

Uzoq Qoyalar ustida aylanib parvoz etarkan, Jonatan yosh shogirdining uchishini zimdan kuzatardi. Bu yigit — Oqcharloq Fletcher Lind — favqulodda iqtidorli shogird chiqib qoldi. U tirishqoq, yengil va harakatchan, shu bilan birga, juda muhim xususiyatga ega — parvoz san’atini egallashga ishtiyoqi nihoyatda baland.
Ayni damda Fletcher kulrang chaqmoqday shiddat bilan ustozining yonginasidan uchib o‘tdi. Bu lahzada u soatiga bir yuz ellik mil tezlikda amalga oshirgan tik sho‘ng‘ishdan chiqayotgan edi. Mana, u o‘n olti marta sekin charxpalak otib uchishni davom ettirdi, har aylanganida o‘zini o‘nglab, ovozi boricha qichqirib sanashga urinadi:
— ... sakkiz... to‘qqiz... o‘n... Jonatan, qara, tezlikni yo‘qotayapman... o‘n bir... men xuddi senday... aniq aylanishga erish... o‘n ikki... afsus, qurbim faqat... o‘n uch... bu — so‘nggi uch aylanish... siz... o‘n to‘rt... a-a-a!!!
Har gal muvaffaqiyatsizlikka uchraganda Fletcherning fig‘oni falakka chiqardi. Uning nazarida yuqori nuqtadan qulab tushish, quyiga chirpirak bo‘lib ketishdan ortiq fojea yo‘q edi. Bu safar, ustozidan yuz futlar quyida u sharmandali ag‘nab ketishdan o‘zini zo‘rg‘a o‘nglab oldi. Havodan to‘yib simirdi va ko‘tarilib ustoziga tenglashdi.
— Jonatan sen men uchun vaqtingni behuda sarflayapsan! Men iste’dodsiz, kallavaramman! Urinaveraman, urinaveraman, biroq biror-bir natijaga erisholmayman!
Oqcharloq Jonatan unga boshdan-oyoq razm soldi va bosh silkib dedi:
— Sen haqsan. Agar shiddatli sho‘ng‘ishdan shunday keskin harakat bilan chiqadigan bo‘lsang hech narsaga erisholmaysan. Fletcher, sen boshidayoq qirq mil tezlikni yo‘qotib qo‘yding! Sho‘ng‘ishdan bir tekis parvoz qilib chiqiladi. Sen uchmasliging, balki suvday oqishing kerak! Keskinlik bilan oquvchanlikni uyg‘unlashtirishing zarur. Tushundingmi?
U pastga, shogirdi yoniga sho‘ng‘idi.
— Kel-chi, birgalikda — bir bo‘g‘in bo‘lib mashq qilaylik. Sho‘ng‘ishdan chiqishga — bir tekis va yengil chiqishga diqqatingni qarat...

Qayd etilgan