Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118507 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:13:25

Ular shoshilishdi. Alkimyogar sukut saqlardi. Toshlarga nazar tashlab, u vazmin qadam tashlardi. Keyin birdan to‘xtadi va ehtiyot bo‘lib egildi. Toshlar orasida yer yorig‘i qorayib ko‘rinardi. Yoriqqa u barmog‘ini tiqdi, keyin esa qo‘lini yelkasigacha yoriqqa joyladi. Ichkarida nimadir shitirladi, Santyago Alkimyogarning ko‘zlarida (uning faqat ko‘zlarini ko‘rib turardi) jiddiy e’tiborni uqdi: go‘yo u birov bilan olishayotganday serdiqqat edi. Keyin u qo‘lini yoriqdan ilkis tortib oldi, kutilmagan bu harakatdan Santyago bir seskandi va Alkimyogar irg‘ib o‘rnidan turdi. U ilonni dumidan ushlab ko‘tarib turardi.
Santyago ham chaqqon turib, ortga tislandi. Ilon tipirchilab sahroning o‘lik sukunatini buzib, Alkimyogarning barmoqlariga o‘zini urardi. Bu bir chaqishdayoq o‘ldiradigan kobra iloni edi.
"œQo‘rqmas ekan-a?" — bo‘zbolaning xayolidan shu fikr o‘tdi. Alkimyogar ilonning iniga qo‘lini tiqib, hayotini xavf ostiga qo‘ydi, biroq uning yuzi xotirjam edi. "œU ikki yuz yoshda", — Santyago angliyalikning gapini esladi. Demak, sahroda ilonlar bilan muomala qilishni bilar ekan.
Mana, u otining oldiga keldi va egarga tang‘igan qayirma qilichini qinidan chiqardi. Qumga doira shaklini chizib, o‘rtasiga tinchib qolgan kobrani qo‘ydi.
— Qo‘rqma, — dedi Santyagoga. — Bu yerdan chiqib ketolmaydi. Sen esa sahroda hayot mavjudligiga dalilni ko‘rding. Menga shu kerak edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:14:09

— Bu shunchalik muhimmidi?
— Juda muhim. Ehromlar sahrolar bilan o‘ralgan.
Santyago yana ehromlar haqida gaplashishni istamayotgan — kechadan beri ko‘ngliga qil sig‘mayotgan edi. Xazinalarga borish Fotimadan ajralish bilan teng edi.
— Men o‘zim senga yo‘l boshlovchi bo‘laman, — dedi Alkimyogar.
— Vohada qolganim ma’qul edi, — javob qildi Santyago. — Fotimani uchratgan bo‘lsam, axir, u menga dunyodagi barcha xazinalardan ko‘ra aziz.
— Fotima — sahro qizi. Unga erkaklarning bir kuni uylariga qaytib kelishi uchun safarga jo‘nab ketishlari oyday ravshan. U ham o‘zining xazinasini qo‘lga kiritdi — bu sen. Endi esa sening o‘zing qidirayotgan narsangni topishingga umid qilayotir.
— Vohada qolishga qaror qilsam-chi?
— Unda Oqsoqolga Maslahatchi bo‘lasan. Tillang ko‘p bo‘ladi, son-sanoqsiz qo‘y, tuya sotib olasan. Fotimaga uylanasan, bir yilcha u bilan baxtli yashaysan. Sahroga mehr qo‘yasan, besh ming to‘p xurmo daraxtining har birini taniydigan bo‘lasan, bo‘yini bo‘yingga o‘lchab, ularning qanday o‘sishini, dunyo muntazam o‘zgarib turishini tushunasan. Kun osha belgi-alomatlarni teranroq farqlay borasan, zotan, sahrodan-da yaxshi muallim yo‘q. Biroq oradan yil o‘tib, sen xazina haqida o‘ylaysan. Belgilar uni tez-tez yodingga solaveradi, biroq sen bunga e’tibor qilmaslikka urinasan. Bor bilimingni voha, uning ahli farovonligi uchun sarflaysan. Qabilalar boshliqlari sendan mamnun bo‘lishadi, tuyalar senga ko‘p boylik keltiradi va hokimiyatingni mustahkamlaydi.
Yana bir yil o‘tadi. Belgilar xazina va Yo‘lni muntazam uqtirib turadi. Uzoq tunlarda azongacha vohada sanqiysan,

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:14:20

Fotima esa iztirob chekadi, chunki o‘zi tufayli sening izlanishlaring barbod bo‘lganini tushunib yetadi. Biroq sen Fotimani hanuz sevasan, u ham seni yaxshi ko‘radi. Biror marta ham u seni qolishga undamaganini bot-bot eslaysan, chunki sahro ayollari erlari qaytib kelguncha kuta olishadi. Va sen Fotimadan biror-bir ayb topa olmaysan, biroq ko‘p oqshomlarni birvarakayiga sahro va xurmozorlarni kezib o‘tkazasan, Fotimaga bo‘lgan muhabbatimga chin dildan ishonmaganimda bu yerdan jo‘nab ketardim, deb o‘ylaysan. Aslida seni vohada qo‘rquv ushlab turibdi — bu makonga boshqa qaytib kelolmayman, deb qo‘rqasan. Ana shunda belgilar xazinadan umrbod mahrum bo‘lganingni senga aytadi.
To‘rtinchi yilga kelib belgilar yo‘qoladi, chunki sen ularni ilg‘ashni xohlamaysan. Buni payqagan oqsoqol sening xizmatingdan voz kechadi, biroq bungacha sen boy-badavlat savdogarga aylanasan, ko‘p do‘konlaring va suruv-suruv toylaring bo‘ladi. Va umringning oxirigacha, O‘z Yo‘lingdan yurmaganingni bila turib, xurmozorlaru sahroni kezasan, oxir-oqibat endi kech bo‘lganini tushunib yetasan.
Shunday qilib, sevgi insonning O‘z Taqdiri yo‘lidan borishga hech qachon xalal bermasligini sen hech qachon anglab yetmaysan. Agar shunday bo‘lsa, demak, bunday sevgi chin emas, haqiqiy emas, deyiladi Umum Tilida, — deya so‘zini yakunladi Alkimyogar.
U qumga chizgan doirani buzdi va kobra sudralib, toshlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Santyago bir umr Makkaga ziyoratni orzu qilgan billur sotuvchi savdogarni, Alkimyogarni qidirgan angliyalikni esladi. Bir kun kelib sahro o‘zi suyishni istagan yigitni yetkazishiga ishongan ayolni ham esladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:14:32

Ular otlarga minishdi. Bu safar Alkimyogar oldga tushdi. Shamol vohadagi odamlarning ovozini olib keldi va bo‘zbola bu tovushlar orasida Fotimaning ovozini tanishga urindi. Jang bois u keyingi kunlar quduq oldida qizni uchratmagan edi.
Biroq bugun oqshom u qumga chizilgan doiradan chiqib ketolmagan kobrani kuzatdi, kiftida qirg‘iy bilan yurgan sirli suvorining gaplarini tingladi, suvori unga sevgi va xazinalar haqida, sahro ayollari va O‘z Taqdiri haqida gapirdi.
— Men sen bilan birga ketaman, — dedi Santyago va shu lahzada ruhi xotirjam bo‘lganini his etdi.
— Biz ertaga yo‘lga chiqamiz, bundan-da qorong‘uroq pallada, — qisqa javob qildi Alkimyogar.
Tun bo‘yi u ko‘zlarini yummadi. Quyosh chiqishiga ikki soatlar qolganda o‘zi bilan bir chodirda yotgan bolalardan bittasini uyg‘otdi va Fotima qaerda yashayotganini so‘radi. Ular tashqariga birga chiqishdi va Santyago unga minnatdor bo‘lganidan qo‘y sotib olishi uchun pul berdi.
Keyin qizni uyg‘otishini so‘rab, qaerda kutishini aytdi. Arab bola uning bu iltimosini ham bajardi va yana bitta qo‘yga pul oldi.
— Endi bizni xoli qoldir, — dedi Santyago va bola kimsan Maslahatchiga yordam berganidan g‘ururlanib, boz ustiga, endi qo‘y sotib olish uchun puli borligidan quvonib, chodirga qaytdi va uxlagani yotdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:14:41

Fotima chiqdi. Ular xurmozor oralab ketishdi. Santyago urf-odatga zid ish tutayotganini bilardi, biroq hozir bu hech qanday ahamiyatga ega emas edi.
— Men jo‘nayapman, — dedi u. — Biroq sening ishonishingni xohlayman: men, albatta, qaytaman. Men seni sevaman, chunki...
— Gapirish shart emas, — uning so‘zini bo‘ldi qiz. — Odam yaxshi ko‘rgani uchun ham sevadi. Sevgi dalil-isbotlarga muhtoj emas.
Biroq Santyago gapini davom ettirdi:
— ... chunki men avval tush ko‘rdim, keyin podshoh Malkisidqni uchratdim, billur sotdim, sahroni kesib o‘tdim, vohaga kelib qoldim jang boshlanganda va quduqning oldida sendan Alkimyogarning qaerda yashashini so‘radim. Men seni yaxshi ko‘raman, chunki butun Olam bizning uchrashuvimizga xayrixoh.
Ular quchoqlashishdi va vujudlari ilk bor bir-biriga tegdi.
— Men qaytaman, — takrorladi Santyago.
— Avvallari men sahroga orzumand bo‘lib qarardim, endi esa umid bilan termulaman. Mening otam ham bir necha bor sahroga ketgan, biroq har safar onamning yonlariga qaytgan.
Boshqa biror-bir so‘z aytilmadi. Ular yana xurmozor tagida biroz yurishdi, so‘ng Santyago Fotimani chodirgacha kuzatib qo‘ydi.
— Men qaytaman, otang qaytib kelganiday.
U qizning ko‘zlarida yosh yiltiraganini ko‘rdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:14:50

— Yig‘layapsanmi?
— Men sahro ayoliman, — dedi Fotima, yuzini yashirib. — Biroq avvalambor men — oddiy ayolman.
Qiz chodir ichiga g‘oyib bo‘ldi. Tong oqarib kelardi. Odatdagi kun boshlangach, Fotima necha yillardan beri shug‘ullanib kelayotgan ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi, biroq endi hammasi boshqacha kechadi. Voha endi qizning nazdida burungi qimmatini bir qadar yo‘qotadi, chunki vohada Santyago yo‘q. Avval boshqacha edi — yaqinginada bu joy ellik ming tup xurmo daraxti gurkirab turgan, uch yuzta quduqli, sahro kezib chanqagan yo‘lovchilar oroyish topadigan maskan edi. Endi qizning nazarida voha bo‘shab, huvillab qoldi.
Bugundan boshlab sahroning qadri ortadi. Fotima endi sahroga umid ko‘zi bilan termiladi, xazinalarini qidirib ketgan Santyagoning qaysi yulduzni mo‘ljalga olib yo‘l bosayotganini topishga urinadi. Shamol orqali o‘zining qaynoq o‘pichlarini yo‘llab, ular Santyagoning yuziga tegishiga umidlanadi va pichirlab o‘zining sog‘-salomat ekanini, uni kutayotganini aytadi. Bugundan boshlab sahro Fotima uchun umid makoniga aylanadi: u yoqdan Santyago yoniga qaytadi.
— Ortda qolganlar haqida o‘ylama, — dedi Alkimyogar, ular qum tepalar oralab yo‘lga tushishganda. —Hammasi allaqachon Olam Qalbida qayd etildi va shu joyda mangu saqlanadi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:15:00

— Odamlar ketishdan ko‘ra qaytish haqida ko‘proq o‘ylashadi, — dedi Santyago, sahroning sukunatiga tag‘in ko‘nika boshlarkan.
— Agar sen topgan topildiq pishiq narsadan yasalgan bo‘lsa, unga hech qanday insu jins daxl qilolmaydi. Va sen bemalol qaytishing mumkin. Agar bu narsa, xuddi yulduz bir yilt etib uchgani kabi, nari-beri yasalgan bo‘lsa, qaytgan chog‘ingda ham hech nimaga ega chiqolmaysan. Biroq sen, harqalay, yilt etgan nurni ko‘rgan bo‘lasan. Demak, bu boshdan kechirishga arzirli hol.
U alkimyo haqida gapirayotganga o‘xshardi, Santyagoga esa u Fotimani nazarda tutib gapirayotganday tuyuldi.
Ortda qolganlar haqida o‘ylamaslik mushkul edi. Sahroning yakrang ko‘rinishi eslashga, orzu qilishga majbur etardi. Santyagoning ko‘z o‘ngidan xurmozor, quduqlar va suyganining chehrasi ketmasdi. U angliyalikni shisha idishlari, asbob-anjomlari bilan uchratdi, Tuyakashni — o‘zining aql-idrokini peshlamaydigan chinakam donishmandni uchratdi. "œBalki Alkimyogar hech qachon hech kimni sevmagandir", — o‘yladi u.
Alkimyogar sal oldda yo‘rtib borayotir, uning kiftida qirg‘iy o‘tiribdi — qush sahro tilidan to‘la voqif — ular to‘xtashgan chog‘da o‘lja izlab havoga ko‘tariladi. Birinchi kuni u changalida quyon bilan qaytdi. Ikkinchi kun — bir juft qush bilan.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:15:14

Tunda ular ko‘rpani yoyishdi. Sahro tuni etni junjiktiradigan salqinligiga va oy botishi bilan qorong‘ulik quyuqlashganiga qaramay gulxan yoqishmadi. Safarning birinchi haftasida yo‘ldoshlar, gurunglashgan bo‘lishsa-da, faqat jang qilayotgan qabilalarni chetlab o‘tish haqida gapirishdi. Urush davom etayotgandi — ba’zan shamol qonning achqimtil hidini olib kelardi. Uncha uzoq bo‘lmagan joyda jang borardi va shamol bo‘zbolaga Belgilar Tili mavjudligini, bu til ko‘z ko‘ra olmaydigan narsalardan xabar berishga tayyor ekanini eslatdi.
Safarning sakkizinchi kuni Alkimyogar, odatdagidan ko‘ra barvaqtroq, dam olish uchun qo‘nishga qaror qildi. Qirg‘iy osmonga uchdi. Alkimyogar suv solingan suvdonni Santyagoga uzatdi.
— Sening jahongashtaliging poyoniga yetmoqda, — dedi u. — Qutlayman. Sen O‘z Yo‘lingdan chetga chiqmading.
— Sen esa yo‘l bo‘yi churq etmading. Men bo‘lsam, bilganlaringni o‘rgatarsan, deb o‘ylabman. Men sahroni alkimyoga doir kitoblari bor bir odam bilan bosib o‘tgandim. Biroq ulardan hech nimani tushunmadim.
— Anglashning faqat bitta yo‘li bor, — javob qildi Alkimyogar. — Harakat qilmoq. Sayohat seni zarur bo‘lgan narsalarning barisiga o‘rgatdi. Faqat bir narsa qoldi bilishing kerak bo‘lgan.
Santyago uning nima ekanini so‘radi, biroq Alkimyogar osmon gumbazidan ko‘zini uzmasdi — u o‘zining qirg‘iyini kuzatardi.
— Nega seni Alkimyogar deyishadi?
— Chunki men Alkimyogarman-da.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:15:30

— Boshqa alkimyogarlarning — oltinni qidirib topisholmaganlarning xatosi nimada?
— Xatosi shundaki, ular faqat oltinni qidirishgan. Ular yo‘lda bekitilgan xazinalarni izlash bilan ovora bo‘lib, yo‘ldan chetga chiqib ketishgan.
— Xo‘sh, mening kamchiligim nimada? — savolini takrorladi bo‘zbola.
Alkimyogar hanuz osmonga qarab turardi. Tez orada qirg‘iy o‘lja bilan qaytdi. Ular qumloqda o‘choq qazib, chetdan qaraganda ko‘zga chalinmaydigan gulxan yoqishdi.
— Men Alkimyogarman, chunki alkimyogarlik qilaman, — dedi u. — Bu ilmning sirlari bobomdan o‘tgan, unga — uning bobosidan va olam paydo bo‘lgandan beri shunday. O‘sha qadim zamonlarda olam deganlari zumradning qirrasiga jo bo‘lgan. Biroq odamlar oddiy narsalarga e’tiborsiz, shu bois qadimda falsafiy asarlar yoza boshlashgan. Qayoqqa qarab yurish lozimligini o‘shalar bilishadi, boshqalar gapi asossiz, deb o‘ylashgan. Biroq Zumrad Lavha bugun ham bor.
— Unda nima yozilgan? — qiziqib so‘radi bo‘zbola.
Alkimyogar besh daqiqa qumga nimalarnidir chizdi, bu payt Santyago bozor maydonida keksa podshohni qanday uchratganini esladi, o‘shandan beri juda ko‘p yillar o‘tganday tuyuldi unga.
— Qara, qumga nima yozilganiga, — dedi Alkimyogar, shaklni chizib bo‘lib.
Santyago yaqin kelib, o‘qidi.
— Axir, bu shifr-ku! — norozi bo‘lib xitob qildi u. — Bu angliyalikning kitobidagiday.
— Yo‘q. Bu ayni qirg‘iylarning osmondagi parvoziday: buni aql bilan tushunib bo‘lmaydi. Zumrad Lavhasi — bu Olam Qalbining nomasi. Donishmandlar bizning yashayotgan dunyo jannatga qiyosan, unga o‘xshatib yaratilganini allaqachon tushunib yetishgan. Bu dunyoning mavjudligi o‘zi — boshqa, bundan-da mukammal dunyo borligining kafolatidir. Qodir egam uni odamlar qalb ko‘zi bilan ko‘rib ruhlari kamol topsin va o‘z aqllarining mo‘’jizalaridan hayratga tushsin, deb bino qilgan. Va ayni shuni men Harakat deb atayman.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:15:54

— Men ham Zumrad Lavhasini o‘qishim kerakmi?
— Agar sen hozir alkimyogarning laboratoriyasida bo‘lganingda, uni anglashning eng yaxshi usulini o‘rganarding. Biroq sen sahrodasan — demak, sahroga uyg‘unlash. Sahro jamiki tiriklik kabi senga olamni tushunishda ko‘maklashadi. Sahrodagi hamma narsani bilishning hojati yo‘q, Buyuk ijod mo‘’jizalarini ko‘rish uchun bir qum zarrasi kifoya.
— Men qanday qilib sahroga uyg‘unlashaman?
— Yuragingga quloq tut. Unga olamdagi hamma narsa ayon, zotan, yurak Olam Qalbi bilan tug‘ishgan va vaqti kelib unga qaytadi.
Ular churq etishmay yana ikki kun yo‘l yurishdi. Alkimyogar tashvishli ko‘rindi: ular shafqatsiz jang borayotgan joyga yaqin kelib qolishgan edi. Bo‘zbola esa hanuz yuragining ovozini eshitishga urinardi.
Uning yuragi esa o‘jar edi: avvallari mudom qayoqlargadir talpinardi, endi qanday bo‘lmasin ortga qaytishga undaydi. Gohida yuragi unga soatlab nurga yo‘g‘rilgan voqealarni hikoya qilsa, ba’zan ko‘tarilib kelayotgan quyoshdan chunonam hapqirib shod bo‘lib ketadiki, Santyago pana joyga o‘tib yig‘lab oladi. Xazinalardan gap ochilganda yuragi tez urib ketar, bo‘zbolaning ko‘zlari bepoyon sahro ufqlariga termilganda esa tinchib qolardi.
— Nega biz yurakka quloq tutishimiz kerak? — so‘radi u, dam olish uchun qo‘nishganda.
— Yurak qaerda bo‘lsa, xazina ham o‘sha joyda.
— Mening yuragim limmo-lim, — dedi Santyago. — U orzu qiladi, hayajonlanadi, sahroda ayollarga talpinadi. Doim nimagadir intiq, Fotima haqida o‘yladim deguncha tamom — tun bo‘yi uyqu bermaydi.
— Shunisi yaxshi-da. Demak, u tirik. Eshitaver.

Qayd etilgan