— Bir safar men sening Alkimyogar bilan gaplashganingni eshitdim, — dedi shamol. — U har kimning o‘z Yo‘li bor, dedi. Odam shamolga aylanmasligi kerak.
— Bir necha lahzaga bo‘lsa-da senga aylanishni o‘rgat. O‘shanda odamning va shamolning cheksiz imkoniyatlarini muhokama qilamiz.
Shamol qiziquvchan edi — bunaqasini hali uchratmagandi. Uning ana shu masalada tortishgisi keldi, biroq u chindan ham odamni shamolga aylantirishni bilmasdi. Aslida esa juda ko‘p narsaga qodir! Sahroni paydo qila olardi, kemalarni cho‘ktirardi, asrlik daraxtlarni va hatto butun bir o‘rmonni qulatardi, musiqa yangrab turgan, tushunarsiz tovushlar taralib turgan shaharlar uzra yelib o‘tardi. Olamda hamma narsaga qurbim yetadi, deb hisoblagan shamolga endi bu bolakay o‘z xohishini ro‘kach qilib, buni ham amalga oshirishga qobilsan, deb qistayotir.
— Bu "œsevgi" deyiladi, — dedi Santyago, shamol o‘zining iltimosini bajarishiga ishonib. — Agar sevsang, xohlagan narsaga aylana olasan. Agar sevsang, nimalar bo‘layotganini tushunishga mutlaqo hojat yo‘q, zero, hamma narsa bizning botinimizda kechadi, demak, odam shamolga bemalol aylana oladi. Albatta, shamol unga yordam bersa.
Shamol mag‘rur edi, shu bois Santyagoning gaplari uni ranjitdi. U kuchli esa boshladi, sahro qumlarini to‘zitdi. Biroq oxir-oqibat, garchi butun dunyoni kezgan esa-da, odamni shamolga aylantira olmasligini tan olishga majbur bo‘ldi. Sevgini ham bilmasligiga iqror bo‘ldi.
— Men odamlarning sevgi haqida gapira turib, osmonga tikilishlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganman, — dedi shamol, o‘z ojizligini tan olganidan jazavasi qo‘zib. — Ehtimol, sen ham osmonga murojaat qilarsan, a?