Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118535 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:43:57

— Tangri har bir odamning bu dunyodagi yo‘lini belgilab qo‘yadi, sen u yoqqa ana shu belgilar orqali yo‘l topasan. Faqat sen belgilarni — nimalar yozib qo‘yilganini o‘qiy bilsang bas.
Santyago javob qilib ulgurmadi, u bilan qariya o‘rtasida bir kapalak pirillab aylanaverdi. U bolaligida bobosidan go‘yo kapalak omad keltirishi haqida eshitganini esladi. Xuddi qora chigirtka, kaltakesak va yo‘ng‘ichqaning bargchalariday.
— Aynan shunday, — ming‘irladi qariya uning xayolidan o‘tgan fikrni uqib. — Hammasi xuddi bobong senga aytganiday. Bu o‘sha belgilar, ularga amal qilsang, yo‘lingni yo‘qotmaysan.
Shu so‘zlarni ayta turib, u to‘shini yalang ochdi va hayratga tushgan Santyago kecha ko‘zini qamashtirgan yarqiroq jilvani esladi. Qariya oltindan quyulgan, qimatbaho toshlar bilan bezalgan sipar taqib yurardi. Aslida ham u podshoh edi, yupinroq kiyinib yurishining sababi esa, aftidan, talonchilar tashlanib qolmasligi uchun bo‘lsa kerak.
— Mana, ol, — dedi qariya va sipardan ikkita, oq va qora toshni ko‘chirib, ularni Santyagoga uzatdi. — Bular Urim va Tummim deyiladi. Oqi "œha"ni, qorasi esa "œyo‘q"ni anglatadi. Belgilarning ma’nosini uqolmay qolganingda ular senga asqotadi. So‘rasang — javob beradi. Biroq yaxshisi, — davom etdi u, — har qanday holatda o‘zing bir qarorga kelganing ma’qul. O‘zing bilasan, xazina — ehrom yonida, oltita qo‘yni men senga bir qarorga kelishingga ko‘maklashganim uchun olaman.
Bo‘zbola toshlarni to‘rvasiga bekitdi. Endi, bundan keyin biror qaror qabul qilguday bo‘lsa faqat o‘ziga tayanadi, xolos.
— Unutma, dunyodagi hamma narsa bir butun, yaxlit. Alomatlar tilini yodingdan chiqarma. Va, eng muhimi, shuni yodingdan chiqarmaginki,sen oxirigacha o‘z Taqdiring yo‘lidan ketishing kerak. Endi men senga muxtasar bir rivoyatni aytib beraman.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:44:06

Bir savdogar o‘g‘lini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng mash-hur donishmand huzuriga yuboribdi. O‘g‘lon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat tog‘ tepasidagi ajoyib bir qal’ani ko‘ribdi. Bu qal’ada u izlab yurgan Donishmand yasharkan.
Kutilganidek, qal’a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham o‘xshamas, aksincha, odam bilan to‘la edi: savdogarlar lash-lushlarini ko‘rsatib u yoq bu yoqqa chopqilashar, ba’zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, mo‘’jazgina sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning o‘rtasida, bu o‘lkada topsa bo‘ladigan jamiki noz-ne’matlarga to‘la to‘kin dasturxon tortilgan.
Donishmand bamaylixotir mehmonlar bilan bir-bir ko‘rishib-so‘rashib chiqadi va yigitchaning navbati yetguncha rosa ikki soat kutishiga to‘g‘ri keladi.
Nihoyat Donishmand uning tashrifidan ko‘zlagan maqsadini eshitadi, biroq baxt nimaligiyu, uning qanday sir-asrorlari borligini hozir tushuntirib o‘tirishga vaqti yo‘qligini aytadi. Yigitchaga qal’ani tomosha qilib, aylanib chiqqin, ikki soatdan keyin shu joyga kelasan, deb tayinlaydi.
"œDarvoqe,sendan yana bir so‘rovim bor,— deydi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan choyqoshiqni uzatib.— Bu qoshiqchani olgin, qara, tag‘in moy to‘kilmasin".
Yigitcha, ko‘zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki soatdan so‘ng yana Donishmand qoshida hozir bo‘ladi.
"œXo‘sh,— deydi Donishmand,— oshxona zalidagi forsiy gilamlar senga yoqdimi? Bog‘dagi dov-daraxtlar, gulzorlar-chi? Ularni qo‘li gul bog‘bonlar o‘n yil deganda barpo etishgan. Mening kutubxonamdagi eski qalin kitoblar, teriga bitilgan qo‘lyozmalar-chi?"
O‘sal bo‘lgan yigitcha bularni ko‘rmaganini tan oladi, zotan, qal’ani aylanganda u butun diqqatini xo‘jayin qo‘liga ishonib topshirgan choyqoshiqdagi moydan uzmagan edi.
"œIzingga qayt va mening uyimdagi mo‘’jizalarni tomosha qil,— dedi shunda Donishmand.— Turish-turmushini ko‘rib bilmagan odamingga qanday ishonasan".
Yigitcha qo‘lida qoshiq bilan yana saroyni aylangani jiladi. Bu safar u oldingiday diqqat bo‘lmay, xonalarni bezab turgan kamyob jihozlarni, san’at asarlarini ko‘rib chiqadi. U bog‘larni va qal’ani o‘rab turgan qoyalarni kuzatadi, gullarning va suratu haykallarning go‘zalligini o‘zicha baholaydi. Donishmandning oldiga qaytgach, u ko‘rganlarining hammasini oqizmay-tomizmay aytib beradi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:44:16

"œIkki tomchi moy qani, men senga to‘kib qo‘yma deb taylagandim?"— so‘raydi Donishmand.
Shunda yigitcha qoshiqchadagi moyning to‘kilganini payqaydi.
"œMana shu men senga beradigan birdan-bir maslahat,— deydi unga donolar donosi.— Baxtning siru asrori dunyoning bor jozibasiyu tarovatini ko‘ra bilishda va ayni paytda choyqoshiqdagi ikki tomchi moyni ham hech qachon yoddan chiqarmaslikda".
Santyago rivoyatni eshitib uzoq jim qoldi. U qariyaning nima demoqchi bo‘lganini tushundi. Cho‘pon dashtu dala kezishni yaxshi ko‘radi, biroq qo‘y-qo‘zisini hech qachon unutmaydi.
Santyagoga qadalib qarab, podshoh Malkisidiq qo‘llarini tutashtirdi va g‘alati harakat bilan bo‘zbolaning boshi ustidan sermadi. Keyin esa, qo‘ylarni oldiga solib, o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi.
Mo‘’jazgina Tarif shaharchasi ustida, bir zamonlar mavrlar qurgan, eski qal’a qad rostlab turibdi. Agar minoraga chiqib qaralsa, makkabodroq sotuvchisining qutisi turgan maydon kaftdagiday ko‘rinadi. Bu joydan Afrika qirg‘oqlarining uzunchoq parchalari ham ko‘zga tashlanadi. O‘sha kuni qal’a devorida, yuzini mashriqdan esayotgan shamolga tutib, Malkisidq — Salim podshohi o‘tirgan edi. Taqdirlarida kechgan alg‘ov-dalg‘ov o‘zgarishlardan bezovtalanayotgan qo‘ylar yangi xo‘jayinidan nariroqda qo‘shoqlanganday g‘uj bo‘lib turardi. Ularni hali ham qiziqtirib turgan eng muhim narsa yemish edi.
Bandargohga kiriladigan joyda turgan chog‘roq kemaga qarab o‘tirgan Malkisidq, bir paytlar unga ushr berganidan so‘ng Ibrohimni qayta uchratmaganiday, endi bu bo‘zbolani ham boshqa ko‘rmasligi haqida o‘ylardi.
Umrboqiylarda orzu-istak bo‘lmasligi kerak, chunki bu yerda ularning o‘z yo‘llari yo‘q. Biroq baribir Malkisidq qalbining tubida Santyago degan mana shu bolaga omad yor bo‘lishini tilardi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:44:28

"œUning hoziroq hatto mening ismimni ham unutib yuborishi achinarli-da, — o‘yladi u. — Mening ismimni takrorlab turishi kerak edi. Alhol, meni eslab, "œMalkisidq, Salim podshohi" degan sirli qariyani tilga olsa."
U ko‘zini samoga tikdi va biroz iymanib, dedi:
—Tangrim, iqrorman, bular barchasi, Sening kalomingda zikr etilganiday, "œbehudadan behuda urinish." Lekin gohida qari podshoh ham o‘zi bilan g‘ururlanadi-da.
"œAfrika deganlari g‘alati joy ekan", — o‘yladi Santyago.
U shaharning tang ko‘chalarida tez-tez duch keladigan torgina yemakxonada o‘tirardi. Bir necha kishi kattakon chilimni qo‘lma-qo‘l almashib chekishardi. Shu orada u qo‘l ushlashib borishayotgan erkaklarni, yuzini bekitgan ayollarni, baland minoralarga chiqib olib, qiroat bilan bir nimalarni aytib qichqirayotgan ruhoniylarni ko‘rdi, ayni damda atrofdagilar tiz cho‘kishar va manglaylarini yerga tekizishardi.
"œKo‘chmanchi musulmonlarning makoni. Ularning urf-odatlari ham shu yerda ildiz otgan", — dedi ichida u.
U bolaligida qishloqlaridagi cherkovda avliyo Yoqubning suratini ko‘rgandi — mavrlarni mahv etgan g‘olib oq ot ustida, qo‘lida qilichni baland ko‘targan holda tasvirlangan, uning poyida hozir yemakxonada Santyago bilan yonma-yon o‘tirishgan kishilarga o‘xshash so‘xtasi sovuq odamlar mukka tushgan. Bo‘zbola sarosimalandi — u o‘zini juda yolg‘iz his etdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:44:38

shu narsa uning xazinaga boradigan yo‘lida uzoq vaqt to‘siq bo‘lishi mumkin edi. Zotan, bu mamlakatda hamma arabcha gaplashardi.
Yemakxona xo‘jayini uning oldiga keldi va Santyago imo-ishoralar bilan yonidagi stolda o‘tirganlar ichayotgan ichimlikdan unga ham olib kelishini so‘radi. Bu achchiq choy ekan. Bo‘zbola vinoni xush ko‘rardi.
Sirasini aytganda, buning ahamiyati yo‘q — faqat xazina va ungacha qanday yetib borish haqida bosh qotirishi kerak. Sotgan qo‘ylaridan tushgan pul anchagina, ular hamyonida, o‘zining kuchini ko‘rsatsa, harqalay, kishi yolg‘izlik azobidan unchalik ozor chekmaydi. Tez-orada, atigi bir necha kundan keyin, u ehromlarga yetib boradi. Sof oltindan yasalgan ko‘kraksiparli qariya besh-oltita qo‘yini olib, boyib qolish uchun uni anoyi qilmagandir.
Qariya unga belgilar haqida gapirdi va Santyago, bo‘g‘ozdan suzib o‘tgunicha, faqat shular haqida o‘yladi. Gap nimadaligini u tushundi: Andasuliyada sang‘ib yurib, yerdagi va osmondagi belgilarga qarab o‘zini oldinda nimalar kutayotganini bilib olishga urindi. Chumchuq ilonning bekinib turgan joyidan xabar yetkazishi mumkin; buta shu atrofda jilg‘a yoki daryo borligidan darak beradi. Bularning bariga uni qo‘ylar o‘rgatdi.
"œAgar ularni Tangri yo‘llab turgan bo‘lsa, U menga ham yo‘ldan chalg‘ishimga monelik qilmaydi", — o‘yladi Santyago va biroz xotirjam bo‘ldi. Shunda hatto choy ham unchalik taxir tuyulmadi.
— Sen kim bo‘lasan? — tuyqusdan ispancha so‘z eshitildi.
Santyago beixtiyor yengil tortdi: u belgilar haqida o‘ylayotgandi va mana, belgi berildi. Unga ovoz bergan taxminan uning tengquri, yevropacha kiyingan bo‘lib, faqat terisining rangi shu yerlik ekanini bildirardi.
— Sen ispanchani qayoqdan bilasan? — so‘radi Santyago.
— Bu yerda uni qariyb hamma biladi. Ispaniya ikki soatlik yo‘l.
— Kel, o‘tir, men seni biror narsa bilan mehmon qilay. O‘zingga ham, menga ham vino buyur. Choyga uncha tobim yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:45:04

— Bu mamlakatda vino ichishmaydi, — javob qildi u. — Vino ta’qiqlanadi.
Shunda Santyago ehromlargacha yetib borishi zarurligini aytdi. Xazina haqidagi gap og‘zidan chiqib ketishiga bir bahya qoldi, biroq vaqtida tilini tishladi: aytib bo‘ladimi, bu arab unga yordam berishi evaziga xazinaning bir qismini talab qilishi mumkin-ku. Bo‘zbola qariyaning gaplarini esladi: qo‘lingda, o‘zingniki bo‘lmagan narsani va’da qila ko‘rma.
— Meni ehromlargacha olib borolmaysanmi? Buning uchun men senga haqini to‘lardim.
— Sen tasavvur qila olasanmi o‘zi, uning qaerdaligini?
Santyago yemakxona xo‘jayini ularning yaqiniga kelib, gurungni jon qulog‘i bilan eshitayotganini payqadi. Garchi uning oldida gapirgisi kelmayotgan bo‘lsa-da, bo‘zbola omadi chopib uchratgan yo‘l boshlovchini qo‘ldan chiqargisi kelmasdi.
— Butun Sahroni kesib o‘tishingga to‘g‘ri keladi, — dedi u. — Buning uchun pul kerak. Puling bormi?
Bu savoldan Santyago hayron bo‘ldi. Biroq u qariyaning gapini esladi: agar sen biror narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo‘lishiga ko‘maklashadi. Va u cho‘ntagidan pulni olib, arabga ko‘rsatdi. Xo‘jayin ularga yanada yaqinroq kelib, tepalarida turib oldi, keyin esa haligi bola bilan arabchada qattiq-qattiq gaplashdi. Santyagoning nazarida xo‘jayin nimagadir achchiq qilayotganday edi.
— Ketdik bu yerdan, — dedi bola. — Bizning bu yerda o‘tirishimiz unga yoqmayapti.
Santyago xursand bo‘lib o‘rnidan turdi va hisob-kitob qilay degandi, xo‘jayin uning qo‘lidan tutib, nimalardir deb gapira boshladi. Qo‘lini bo‘shatib olishga Santyagoning qurbi yetardi, biroq u yot bir mamlakatda va boz ustiga, bunday vaziyatda o‘zini qanday tutish lozimligini bilmas edi. Baxtiga yangi tanishi xo‘jayinni ko‘kragidan itarib yubordi va Santyagoni yemakxonadan ko‘chaga olib chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:45:14

— U sening pullaringni olmoqchi bo‘ldi. Tanjer Afrikaning boshqa shaharlariga o‘xshamaydi. Bu bandargoh, bandargoh esa doim tovlamachilarga to‘lib yotadi.
Unga ishonsa bo‘ladi. U mushkul vaziyatga yordam berdi. Santyago yana cho‘ntagidan pullarni olib, sanadi.
— Ertagayoq ehromlarga jo‘nashimiz mumkin, — dedi arab. — Biroq avval ikkita tuya sotib olishimiz kerak.
Shunday deb u Santyagoning qo‘lidan hamyonni oldi.
Ular Tanjerning har qadamda chodirlaru savdo qutilari turgan tor ko‘chalaridan yurib ketishdi va minglab olomon bilan to‘la bozor maydonidan chiqishdi — odamlar savdolashar, baqirib-chaqirishardi. Ko‘katu mevalar pichoq, xanjarlar bilan bir joyga uyub tashlangan, gilamlar esa turli-tuman chilimlar yonida. Santyago hamrohidan ko‘zini uzmay borardi — bo‘zbola bor pulini sherigiga bergan edi. U pulni qaytarib olmoqchi ham bo‘ldi, biroq bu noqulay, degan o‘yga bordi. Bu mamlakatning urf-odatlari Santyagoga notanish edi. "œHechqisi yo‘q, — o‘yladi u, — men uni sergaklik bilan kuzatib borayapman, shuning o‘zi yetarli, axir, men undan qoruvliman."
U tasodifan turli-tuman buyumlar orasida qilichni ko‘rib qoldi, bunaqa chiroyli qilichni hech qachon ko‘rmagan edi: g‘ilofi misdan, dastasi qimmatbaho toshlar va sir bilan bezalgan. Santyago Misrdan qaytishda, albatta, o‘ziga shunday qilich sotib olishni ko‘ngliga tugdi.
— So‘ra-chi, narxi qancha ekan? — turgan joyidan burilmay so‘radi u yo‘ldoshidan.
Shu lahzada u qilichga mahliyo bo‘lib, ikki daqiqaga chalg‘iganini payqadi. Yuragi shuvillab ketdi. U o‘grilib qarashga cho‘chidi, chunki qarasa ko‘z oldida qanday manzara namoyon bo‘lishini bildi. Yana bir necha lahza u qilichdan ko‘zini uzmay turdi, keyin o‘zini qo‘lga olib, boshini burdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:45:23

Atrof g‘ala-g‘ovur, bozor qaynab-toshardi, odamlar zir yugurar, baqirib-chaqirardi, gilamlar va yong‘oqlar, mis laganlar va ko‘katlar uyulib qorishib yotar, erkaklar qo‘l ushlashib, ayollar paranjida yurishar, allaqanday taomlarning hidlari taralar va faqat uning boyagi yo‘ldoshi qay go‘rgadir g‘oyib bo‘lgandi.
Avvaliga Santyago ular bir-birini olomon orasida tasodifan yo‘qotib qo‘yishganiga o‘zini ishontirishga urindi va turgan joyidan jilmay kutishga qaror qildi — lop etib kelib qolar, deb o‘yladi. Biroz vaqt o‘tdi; baland minoraga ko‘tarilgan kishi qiroat bilan nimadir deb qichqirdi — shu lahza atrofdagilar muk tushib, manglaylarini yerga tegizishdi va xirgoyi qila boshlashdi. Keyin esa, xuddi tinib-tinchimas chumolilarday g‘imirlashib, narsalarini yig‘ishtirishdi, chodir va savdo qutilarini bekitishdi. Bozor bo‘shab qoldi.
Quyosh ham osmonni tark eta boshladi; Santyago uni uzoq kuzatdi — quyosh maydonni qo‘rg‘alagan oq uylarning tomlari ortiga bekinguncha termilib turdi. U esladi, bugun quyosh ko‘tarilgan paytda u narigi qit’ada edi, cho‘pon edi, oltmishta qo‘yi bor edi va movutchining qizi bilan uchrashuvni kutardi. Erta tongdayoq, otarini yaylovga haydagandan so‘ng, nimalar ro‘y berishi unga oldindan ayon bo‘lgandi.
Mana, shu kunning shom pallasida u boshqa bir mamlakatda yuribdi, yot o‘lkada u begona va hatto mahalliy xalq gaplashadigan tilni ham bilmaydi. Endi u cho‘pon emas, bor-yo‘g‘idan, avvalo, pulidan ajralib qoldi, demak, endi ortga qaytolmaydi va hammasini boshidan boshlay olmaydi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:45:34

"œBularning bari quyosh chiqib botguncha ro‘y berdi-ya", — o‘yladi bo‘zbola. U o‘z ahvoliga achindi va hayoti kutilmaganda butkul o‘zgarib ketganiga qattiq qayg‘urdi.
Yig‘lay desa uyat. U hatto qo‘ylarining oldida yig‘lashga ham uyalardi. Biroq bozor maydoni allaqachon bo‘shab qolgan, u esa yolg‘iz, vatanidan juda uzoqda.
Santyago yig‘lab yubordi. Nahotki, Tangrining qahri, bor yo‘g‘i ko‘rgan tushiga ishongan kishilar uchun, shu qadar qattiq bo‘lsa!
"œQo‘ylarimni boqib yurganimda mendan baxtiyor odam yo‘q edi, men hammaga xursandchilik ulashardim. Meni ko‘rganda odamlar shod bo‘lishardi va eng e’tiborli mehmonday e’zozlashardi.
Mana, endi men g‘amga botdim va baxtsizman. Nima qilarimni bilmayman. Endi badjahl va hech kimga ishonmaydigan bo‘laman, bir odam meni aldab ketgani uchun hammadan gumonsirab yashayman. Xazina topganlarni esa ko‘rolmayman, negaki bu omad mendan yuz o‘girdi. Xasga tirmashib yashayman endi, chunki qurbim shunga yetadi, xolos, olamni anglamoqqa ojiz va kuchsizman".
U to‘rvasini ochib, uning ichida biror-bir yegulik — hech bo‘lmasa yog‘ bilan bir burda non — qolmaganmikan, deb qaradi, biroq to‘rvadan qalin kitob, kamzul va qariya bergan ikki dona toshni topdi, xolos.
Ularga ko‘zi tushib, Santyagoning chiroyi ochildi. Axir, u qariya sovg‘a qilgan shu ikkita toshga oltita qo‘yni almashdi-da. Agar bu toshlarni sotolsa bo‘lgani — puliga patta olib vataniga qaytadi.
"œEndi aqlimni yig‘ib ish qilaman", — o‘yladi u to‘rvadan toshlarni olib, cho‘ntagiga bekitarkan. Bu yer bandargoh shahar, bandargoh esa, uni shilib ketgan haligi yulg‘ich to‘g‘ri aytganiday, tovlamachilarga to‘la.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:45:50

Faqat endigina yemakxona xo‘jayinining nima uchun qizishib gapirganiga Santyagoning aqli yetdi — u bo‘zbolaga qavatingdagi yo‘ldoshiga ishonma, deya jon kuydirib uqtirgan ekan.
"œMen xuddi boshqa oddiy odamlardayman: xayolimdagini borga yo‘yaman va dunyoni asli qanday bo‘lsa shundayligicha emas, balki o‘zim xohlaganday ko‘raman".
U yana toshlarni qo‘liga olib qaradi, mehr bilan siladi — toshlar iliq tuyuldi. Mana, hozircha uning qo‘lidagi haqiqiy xazina shu. Qo‘lingni tekizsang ko‘ngling ko‘tariladi. Ular Santyagoga qariyani eslatdi. Qariyaning gaplari uning qalbida qayta sado berganday bo‘ldi: "œAgar sen biror narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo‘lishiga ko‘maklashadi".
Uning bilgisi keldi — to‘g‘rimikan bu gap. U bo‘m-bo‘sh bozor maydonining qoq o‘rtasida turibdi, cho‘ntagida bir miri yo‘q va endi qo‘ylarni bu oqshom qaerga qamab qo‘ysam, deb bosh qotirishi ham shart emas. Biroq cho‘ntagidagi qimmatbaho toshlar uning yaqinda podshoh bilan uchrashganini shak-shubhasiz dalillab turar, podshoh uning butun hayotini: otasining miltig‘ini so‘ramay olganiyu, birinchi marta ayol bilan bo‘lganini — hammasini bilar edi.
"œToshlar senga jumboqni yechishga yordam beradi. Ular Urim va Tumim deyiladi", — esladi u.
Santyago ularni yana cho‘ntagidan chiqardi va to‘rvasiga soldi, keyin sinab ko‘rgisi keldi. Qariya toshlarga savollarni aniq qilib berish kerak, deb tayinlagan edi, chunki ular nimani xohlayotganini aniq biladigan kishiga yordam beradi, degandi. U toshlardan: qariyaning menga bildirgan tilaklari hali o‘z ta’sirini yo‘qotgani yo‘qmi, deb so‘radi va qo‘lini to‘rvadan chiqardi:
— Yo‘q, — javob qildi tosh.
— Men xazinani topa olamanmi? — so‘radi Santyago.

Qayd etilgan