Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118494 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:52:25

Biroq ortga chekingani imkon yo‘q. Belgilarga ergashish kerak edi. U butun umrini bani bashar gapiradigan o‘sha yagona tilni topishga bag‘ishladi, shu uchun o‘qidi-izlandi. Dastlab u xalqaro sun’iy til — esperanto bilan mashg‘ul bo‘ldi, keyin dunyodagi dinlar bilan qiziqdi va nihoyat alkimyoga berildi. Mana endi esperantoda bemalol gapiradi, turli diniy e’tiqodlar tarixini puxta biladi, faqat hali alkimyogar bo‘la olgani yo‘q. To‘g‘ri, qandaydir sir-sinoatlarni kashf etdi, lekin ayni paytda bir nuqtada turib qoldi va o‘z tadqiqotlarida bir qadam ham oldga siljiy olmayotir. Qaysidir bir alkimyogardan ko‘mak topishga behuda urindi — ularning bari ichimdagini top deydigan, g‘alati fe’l-atvorli odamlar chiqdi, ularning bari faqat o‘zini o‘ylar, biror-bir ko‘mak yo maslahat olish dargumon edi. Ehtimol, bunday dargumonlik ularning har narsani oltin qiladigan afsonaviy tosh — Iksirning siriga baribir yetisha olmaganliklari tufaylidir.
Angliyalik otasining merosidan bir qismini o‘zining samarasiz tajribalariga sovurib bo‘ldi. U dunyodagi eng boy kutubxonalarda izg‘idi, alkimyoga oid kamyob, o‘ta nodir kitoblarni xarid qildi. O‘sha kitoblardan bittasida u, ko‘p yillar burun Yevropada bo‘lgan bir mashhur arab alkimyogari haqida o‘qidi; uning ikki yuzdan oshgani-yu, Iksirni topgani va Obi-hayotni kashf etgani haqida keng dovruq taralgandi; bu ovozalar, albatta, angliyalikni ne qadar mutaassir etmasin, agar sahrodagi arxeologik ekspeditsiyadan qaytib kelgan oshnasi o‘zi ko‘rgan karomatsohib bir arab haqida unga gapirib bermaganida, oddiy afsonaday tuyulardi. U El-Fayum vohasida istiqomat qilarkan. Gap-so‘zlarga qaraganda, yoshi ikki yuzda va u har qanday metalni oltinga aylantira olarmish.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:52:36

Buni eshitgan zahoti angliyalik hamma ishini yig‘ishtirdi, uchrashuvlarni bekor qildi va shaxsiy kutubxonasidan eng kerakli kitoblarni oldi-yu, yo‘lga tushdi — va mana, u shu yerda, og‘ilga o‘xshagan badbo‘y omonat bostirmada, devor ortida esa Sahro orqali yo‘l solishga shaylanayotgan katta karvon turibdi va El-Fayum vohasi shu karvonning yo‘li ustida.
"œMen bu la’nati alkimyogarni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishim kerak", — o‘yladi angliyalik va ayni damda tuyalarning sassig‘i ham unga juda badbo‘y tuyulmadi.
Shu orada bir navqiron arab, kiftida yo‘l to‘rvasi bilan, uning oldiga keldi va salomlashdi.
— Yo‘l bo‘lsin? — so‘radi u.
— Sahroga, — javob qildi angliyalik va yana kitob o‘qishga tutindi.
Uning vaqti ziq edi: o‘n yil o‘rganganlarini xotirasida tiklashi kerak; aytib bo‘lmaydi, alkimyogar uning bilimini sinab ko‘rishni xohlab qoladimi.
Bo‘zbola bu orada o‘tirib, kiftiga osgan to‘rvasidan kitob olib ochdi. Angliyalik kitobning ispan tilida ekanini payqadi.
"œHarqalay, yomonmas", — o‘yladi u, chunki ispanchada arabchaga qaraganda yaxshiroq gapirardi.
Agar bu bola ham El-Fayumga yo‘l olsa, bekorchi vaqtda u bilan gurunglashsa bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:52:48

"œQiziq, — o‘ylardi Santyago, kitobning boshidagi dafn marosimi sahnasini yana qayta o‘qib chiqarkan. — Shu kitobni qo‘lga olganimga, mana, ikki yil bo‘ldi, hanuz birinchi betidan nariga o‘tganim yo‘g‘-a."
Bu safar yonida podshoh Malkisidq yo‘q xalal beradigan, biroq bo‘zbola baribir diqqatini jamlay olmadi. Boz ustiga, o‘zi shu qarorga to‘g‘ri keldimmi, degan fikr uni chalg‘itardi. Lekin Santyago eng muhim narsani tushunardi: har qanday ishda qarorga kelish— ishning boshlanishi, xolos. Qachonki odam biror narsaga, tanlab turib qaror qilsa, u go‘yo tezkor oqimga sho‘ng‘iganday bo‘ladiki, oqim uni xayoliga keltirmagan joyga oqizib ketadi.
"œXazinani qidirib yo‘lga chiqqanimda billur sotuvchining do‘konida ishlayman, deb o‘ylamagandim. Shundayin, bu karvon ham, ehtimol, mening tanlovimdir, mening azmu qarorimdir, biroq mening yo‘lim o‘z-o‘zicha sirliligicha qoladi".
Uning yonida yevropalik o‘tiribdi va u ham kitob o‘qiyotir. Santyagoga u yoqimsiz odamday ko‘rindi: bo‘zbola bostirmaga kirganda u yovqarash qildi. Bu, lekin, hech gapmas — ular baribir tanishib olishardi, agar u gapni uzib qo‘ymaganida.
Bo‘zbola kitobini yopdi — uning bu muhojirga o‘xshashga hecham xohishi yo‘q edi, keyin cho‘ntagidan toshchalarni oldi va ular bilan o‘ynay boshladi.
— Urim va Tummim! — hayratlandi yevropalik.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:52:57

Santyago shoshilib ularni yashirdi.
— Sotilmaydi, — dedi u.
— Bilaman, ular qimmat turmaydi, — javob qildi yevropalik, — oddiy shaffof toshlar, hech qanday xislati yo‘q. Dunyoda bunday toshlar millionlab topiladi, biroq sinchkov odamgina Urim va Tummimni darrov payqaydi. Ammo men ularning bu o‘lkalarda ham uchrashiga shubhalanmagandim.
— Menga ularni podshoh sovg‘a qildi, — javob berdi bo‘zbola.
Muhojir, go‘yo tildan qolganday, bo‘shashgan qo‘li bilan cho‘ntagidan, xuddi Santyagonikiday, ikkita tosh oldi.
— Sen podshoh bilan gaplashdingmi? — deb yubordi u.
— Ha-da, podshohlarning cho‘ponlar bilan gaplashishini sen tasavvur qilishing qiyin, — dedi Santyago. Endi uning gurungni davom ettirish xohishi yo‘qolgandi.
— Yo‘q, nega endi. Axir, birinchi bo‘lib Podshohni cho‘ponlar tan olishgan, bu payt Uni hali dunyoda hech kim bilmasdi. Ayni podshohlarning cho‘ponlar bilan muloqotining o‘zida hech bir ajablanarli hol yo‘q, — dedi angliyalik va bo‘zbola tushunmadi shekilli degan xavotirda qo‘shib qo‘ydi: — Bu haqda Injilda o‘qisa bo‘ladi, o‘sha, men Urim va Tummim haqida o‘qib bilgan kitobda. Tangri faqat mana shu toshlar bilan fol ochishga izn bergan. Kohinlar ularni oltin ko‘krak siparida olib yurishgan.
Endi Santyago omborga kelganiga afsuslanmayotgan edi.
— Ehtimol, bu belgidir, — angliyalik ovoz chiqarib fikrlayotganday gapirdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:53:09

— Kim senga belgilar haqida aytdi? — Santyagoning qiziqishi daqiqa sayin ortib borardi.
— Dunyodagi borki narsalar — belgilar, — dedi angliyalik, jurnalini chetga qo‘yib. — Qadim-qadimda odamlar bir tilda gaplashishgan, keyin esa bu tilni unutishgan. Mana shu Umum Tilini men izlayapman. Shu bois bu yerdaman. Men shu Umum Tilini biladigan odamni topishim kerak. Alkimyogarni.
To‘ladan kelgan arab — ombor egasining paydo bo‘lishi bilan ularning suhbati bo‘linib qoldi.
— Omadlaring bor ekan, — dedi arab. — Bugun tushdan so‘ng karvon El-Fayumga yo‘l oladi.
— Biroq men Misrga borishim kerak! — tashvishlanib xitob qildi Santyago.
— El-Fayum Misrda-da. Sen o‘zing qaerliksan?
Santyago Ispaniyadanman, deb javob qildi. Angliyalik xursand bo‘ldi: arabcha kiyingan bo‘lsa-da, o‘zi yevropalik ekan.
— U belgilarni omad, deb ataydi, — dedi u, xo‘jayin chiqib ketgach. — Agar men "œomad" va "œtasodif" so‘zlari haqida kitob yozishga kirishsam, qalingina qomus yuzaga kelardi. Umum Tili aynan shu so‘zlardan tashkil topgan.
Shunday deb, u o‘zining Santyago bilan uchrashgani, aytgancha, undayam Urim va Tummim bor ekan, bu shunchaki oddiy tasodif emasligini qo‘shib qo‘ydi. Keyin bo‘zboladan mabodo Alkimyogarni qidirayotganing yo‘qmi, deb surishtirdi.
— Men xazinani izlayapman, — javob qildi u va xato qilganini payqab, tilini tishladi.
Biroq angliyalik uning gapiga, aftidan, ahamiyat bermadi shekilli, faqat:
— Qaysidir ma’noda — men ham, — dedi.
— Men alkimyoning nimaligini, ochig‘i, yaxshi bilmayman, — dedi Santyago, biroq shu payt ombor egasining ularni chaqirgan ovozi eshitildi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:53:20

— Karvonga men sarbonlik qilaman, — dedi ularga hovlida soqoli ko‘ksiga tushgan, ko‘zlari qop-qora kishi. — Men bilan yo‘lga chiqadiganlarning hayot-mamoti mening qo‘limda bo‘ladi, chunki sahro — telbatabiat kimsaday gap, odamlarni tez-tez aqlidan ozdirib turadi.
Ikki yuz choqli odam yo‘l tadorikini ko‘rishgan, ulovdan — tuyalar, otlar, eshaklar bundan sal kam ikki baravar ko‘p. Angliyalikning kitob tiqib joylangan bir necha jomadoni bor ekan. Hovlida ayollar, bolalar va belidagi kamarlariga qilich osgan, kiftlarida uzun qurollari bor erkaklar to‘pirlashib turishardi. Shovqin-suronning kuchliligidan Sarbon gapini bir necha marta takrorlashiga to‘g‘ri keldi.
— Bu yerga turli xil odamlar yig‘ilishgan va ular har turli tangrilarga sig‘inishadi. O‘zim yolg‘iz Ollohga sajda qilaman va Uning nomi bilan qasam ichaman: sahroni boz zabt etish uchun ilkimdagi borki imkonimni ishga solaman. Endi har qaysingiz o‘z tangringizga sajda qilib, har qanday vaziyatda ham menga bo‘ysunishga so‘z beringiz. Sahroda sarkashlik qilish — halokatdir.
Past ohangdagi tovushlarning g‘ala-g‘ovuri ko‘tarildi — bu o‘z tangrilariga iltijo etayotganlarning tovushi edi. Santyago Iso Masih nomiga qasamyod qildi. Angliyalik sukut saqladi. Bu jarayon qasam ichishga ketadigan vaqtdan biroz cho‘zildi — odamlar samodan himoya va xayrixohlik tilashardi.
Shundan so‘ng burg‘uning cho‘ziq tovushi eshitildi va odamlar egarga minishdi. Santyago bilan angliyalik ham o‘zlari sotib olishgan tuyalarga bir amallab minib olishdi. Bo‘zbola yonidagi yo‘ldoshi tuyasiga kitob joylangan og‘ir jomadonlarni rosa yuklaganini ko‘rib, jonivorga ichi achidi.
— Ammo, aslida, hech qanaqa tasodifning o‘zi yo‘q, — go‘yo allaqachongi gurungni davom ettirgan bo‘lib dedi angliyalik. — Mening bu yerga kelishimning sababi, bir oshnam shunday arab haqida eshitgan ekan, u arab...

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:53:29

Biroq uning so‘zlarini harakatga kelgan karvon shovqini yutib yubordi. Shunday esa-da Santyago angliyalikning muddaosini juda yaxshi bilardi: voqealarni bir-biriga bog‘lab turadigan sirli zanjir bo‘ladi. Ayni shu vosita uni qo‘ychivonlikka boshladi, bir tushni ikki marta ko‘rgani, Afrika qirg‘oqlariga yaqin joyga borgani-yu bu shaharchada podshohni uchratgani, tovlamachiga duchor bo‘lgani, billur sotadigan do‘konga yollangani... hammasi shundan.
"œO‘z Yo‘lingdan qancha uzoq ketsang, u hayotingni shu qadar izchil belgilaydi", — o‘yladi bo‘zbola.
Karvon sharqqa yo‘l tortdi. Sahar palla yo‘lga chiqilar, quyosh chosh tepaga kelganda dam olish uchun to‘xtalar, jazirama issiq biroz tushgach, yana yo‘lda davom etilardi. Santyago angliyalik bilan kam gaplashdi — muhojir boshini kitobdan deyarli uzmasdi.
Bo‘zbola churq etmay ko‘p sonli yo‘ldoshlarini kuzatib borardi. Endi ular safar arafasidagi safardoshlariga o‘xshamasdi. O‘shanda yugur-yugur avjiga mingan: baqiriq-chaqiriq, bola yig‘isi va otlarning kishnashi, savdogaru tuyakashlarning hovliqqan, hayajonli ovozlariga qorishib ketgandi. Bu yerda, sahroda esa jimjitlikni doimiy shamolning hushtagi-yu ulovlar tuyog‘i ostidagi qumning g‘ijirlashigina buzardi. Hatto tuyakashlar ham sukut saqlashardi.
— Men bu qumliklardan ko‘p o‘tganman, — dedi bir oqshom tuyakashlardan kimdir boshqasiga. — Biroq sahro shunaqangi ulug‘ va shunaqangi tilsimki, bexosdan o‘zingni qum zarrasiday g‘arib his eta boshlaysan. Qumning zarrasi esa gungu kar.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:54:01

Santyago, sahroda birinchi marta bo‘layotgan esa-da, tuyakashning nima haqda gapirayotganini tushundi. Uning o‘zi ham, dengizga yoki olovga, soatlab bir so‘z aytmasdan, hech nimani o‘ylamasdan, xayolan bu unsurlarning mislsiz qudratiga tamom asir bo‘lganday, termilib o‘tira olardi.
"œMen qo‘ydan saboq oldim, billurdan saboq oldim, — o‘yladi u. — Endi meni sahro o‘qitadi. Sahro, meningcha, eng ko‘hnasi, sahro — men oldin ko‘rganlarim orasida eng donishmandi".
Shamol esa bu yerda bir nafas ham tin olmas va Santyago Tarifdagi minorada turib uning kuchini qanday his etganini esladi. Andalusiya yaylovlarida o‘t va suv izlab izg‘igan qo‘ylarining junini yengil hilpiratib to‘zdiradigan mana shu shamol bo‘lishi kerak.
"œEndi ular meniki emas, — o‘yladi u ortiq g‘am chekmay. — Meni unutishgan hamdir, ehtimol, yangi cho‘ponga o‘rganib qolishgandir. Bo‘lganicha bo‘lar. Qo‘ylar, xuddi u yerdan bu yerga ko‘chib-kezib yuradigan odamlarday, ayriliq ham bir zarurat ekanini bilishadi."

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:54:17

Shu payt uning yodiga movutchining qizi tushdi — harqalay, u er qilib ketgan bo‘lsa kerak. Kimga chiqqan ekan? Makkabodroq sotuvchiga tekkanmikan? Yoki kitob o‘qishni biladigan va g‘aroyib sarguzashtlar aytib beradigan cho‘ponga tegdimikan — Santyagodan boshqa ham bor bundaylar. Shunday bo‘lganiga negadir ishonchi komilligi bo‘zbolaga kuchli ta’sir o‘tkazdi: ehtimol, u Umum Tilini egallagan va endi dunyodagi barchaning buguni va o‘tmishini bilar? "œKo‘ngil sezishi" — bu qobiliyatni uning onasi shunday atagan edi. Endi u tushunardi, bu — jamiki odamlarning taqdirlari o‘zaro bog‘langan bani bashar tiriklik oqimiga shiddat bilan ruhan cho‘mish. Zero, bizga hammasini bilmoq imkoni inoyat etilgan, shu bois ham hammasi allaqachon yozib qo‘yilgan
— Maktub, — deb yubordi bo‘zbola, billur sotuvchini eslab.
Gohida sahro qumi kutilmaganda tosh-metinga aylanardi. Mabodo karvon xarsangtosh oldidan chiqib qolsa, uni aylanib o‘tar, agar toshloq joyga duch kelsa, chetlab yurardi. Qumi juda yumshoq va mayda bo‘lgan, tuyalarning tovoni botib qoladigan joyda boshqa yo‘l izlashga to‘g‘ri kelardi. Ba’zan sho‘rxok yerda oyoq bosish lozim bo‘lar — demak, bu joyda bir zamonlar ko‘l bo‘lgan — shunday paytda yuk ortilgan jonivorlar ozorlanib o‘kirar, kishnardi. Tuyakashlar yerga tushib, ularni silab-siypab tinchlantirar, keyin yukni o‘z yelkalariga tashlab olar va yo‘lning bu g‘irrom qismidan o‘tib olishgach, yuklarni tag‘in tuya va otlarga ortishardi. Mabodo tuyakashlardan kimdir og‘rib yoki o‘lib-netib qolsa, birodarlari qur’a tashlab uning tuyalarini kim tortishini aniqlashardi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:54:30

Bularning hammasiga bitta sabab bor edi: karvon qancha yo‘l bosmasin, yo‘lini necha martalab o‘zgartirmasin, baribir manzil sari intilar edi. To‘siqlarni yengib o‘tib, vohaning qaerdaligini ko‘rsatib turgan yo‘lchi yulduzga qarab yo‘l olardi. Azon mahali osmonda yarqiragan yulduzga qarab, odamlar o‘zlarini bu yulduz salqin joylarga, suvga, xurmozor va hordiq oladigan manzil sari eltayotganini bilishardi. Faqat yolg‘iz angliyalik kitobdan bosh ko‘tarmas, go‘yo hech nimani payqamayotganday edi.
Santyago ham safarning dastlabki kunlarida kitob o‘qishga urinib ko‘rdi. Biroq keyin tevarak-atrofga qarab, shamolning nag‘masiga quloq tutib ketish bu mashg‘ulotdan ko‘ra qiziqroq ekanini payqadi. U tuyasining fe’lini o‘rgandi. Unga bog‘lanib qoldi, keyin umuman kitobdan voz kechdi, ortiqcha yuk, deb hisobladi. Shunday esa-da, qachon kitob ochib ko‘z yugurtirsa unda, albatta, biror-bir qiziqarli gap topilishiga ishonardi.
U yonida kelayotgan tuyakash bilan ora-sira gaplashib, oshno bo‘lib oldi. Kechqurunlar, dam olish uchun qo‘nishib, gulxan tevaragida o‘tirishganda, Santyago o‘zining qo‘ychivonlik hayotidan turli voqealarni so‘zlab berardi.
Bir safar tuyakash o‘zi haqida gap boshladi:
— Men El-Qayrum yaqinidagi qishloqchada yashardim. Uyim, bog‘im, bolalarim bor edi va umrimning oxirigacha bekami-ko‘st yashasam bo‘lardi. Bir yili, o‘shanda hosil juda mo‘l bo‘ldi, yaxshi daromad qildik va butun oila a’zolarimiz bilan hatto Makkaga bordik— nasib etib musulmonlik farzini ado etdim va endi ko‘ngilni xotirjam qilib, qazoyimni kutsam bo‘lardi. Yaratganga shukronalar aytardim.

Qayd etilgan