Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118501 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:54:49

Biroq kunlarning birida yer qalqidi va Nil qirg‘oqlaridan toshdi. Beziyonday tuyulgan bu ofat menga ham ziyon yetkazdi. Qo‘shnilar zaytunzorlarini toshqin yuvib ketishidan tashvishga tushib qolishdi, xotinim bolalardan xavotirlandi. Boru budimizdan ayrilib qolayotganimizni ko‘rib turib dahshatga tushdim.
Shundan so‘ng yer hosil bermay qo‘ydi— tirikchilikning boshqa yo‘lini qidirishimga to‘g‘ri keldi. Shu bois men tuyakashlikni kasb qildim. O‘shanda menga Ollohning: noayonlikdan cho‘chimangiz, zotan, har kim o‘z xohish-istagiga yarashasini olgay, nimagaki muhtoj esa unga yetishgay, degan kalomining ma’nosi ayon bo‘ldi.
Hammamiz ham bor narsalarimizni— bu ekin-tikin bo‘ladimi yoki hayotimizmi— yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqamiz. Biroq bu qo‘rquv vaqtinchalik, ammo bir narsani tushunib yetish lozimki, bizning qismatimizni ham, olam taqdirini ham bitta qo‘l bitgan.
Ba’zan yo‘lda ikkita karvon duch kelib qolardi. Shunda bir karvondagi yo‘lovchilarda ikkinchisidagi odamlar muhtoj bo‘lgan narsalar topilmay qolmasdi. Chindan ham bu olamdagi kechmishlar bari bir qo‘l bilan bitilganday go‘yo. Tuyakashlar bir-biriga qum bo‘ronlari haqida gapirib berishar va gulxanni qo‘rg‘alab o‘tirishib, o‘zlari kuzatgan sahroning injiqliklaridan gurunglashardi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:55:21

Gohida gulxan atrofidagi gurungga chetdan g‘alati-g‘alati badaviylar ham kelib qo‘shilardi, ular karvon borayotgan yo‘lni ipidan ignasigacha bilishardi. Ular qaerda qaroqchilardan va johil qabilalardan ehtiyot bo‘lish kerakligini uqtirishar, keyin esa qanday paydo bo‘lishgan bo‘lsa, xuddi shunday zim-ziyo tunga singib jimgina g‘oyib bo‘lishardi.
Shunday oqshomlardan birida Santyago bilan angliyalik o‘tirgan gulxan oldiga tuyakash keldi.
— Qabilalar o‘rtasida urush bo‘layotganmish, xabar kelayapti, — darakladi u.
O‘rtaga cho‘kkan og‘ir jimlikdan Santyago chindan xavotir paydo bo‘lganini his etdi. U yana bir bor so‘zsiz Umum Tilini tushuna olishiga ishonch hosil qildi.
Jimlikni, bu xatar karvon uchun qanchalik xavotirli ekanini aytib, angliyalik buzdi.
— Sahro ichkarisiga kirganingdan so‘ng, tamom, orqaga yo‘l yo‘q, — javob qildi tuyakash. — Demak, faqat oldinga yurish kerak. Qolgani Ollohning qo‘lida, Uning o‘zi bizni balo-qazodan asraydi. Maktub, — deb gapiga sirli so‘zni qo‘shib qo‘ydi-da, nari ketdi.
— Karvonning ahvoliga e’tiborsiz qarab, sen noto‘g‘ri qilayapsan, — dedi Santyago angliyalikka. — Zehn solib qara: qancha aylanma yo‘llardan yurmasin, karvon baribir manzildan chalg‘imay ketayapti.
— Sen esa kitob o‘qimay bekor qilayapsan, dunyo nima,
dunyoda nimalar bo‘layapti — bexabar qolayapsan, — javob qildi angliyalik. —Bu ma’noda kitoblar karvonlarga o‘xshaydi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:57:06

Odamlar endi, xuddi ulovlarday, qichab yurishardi. Agar oldinlari ular kunni jim yurib o‘tkazishgan, faqat dam olishga qo‘nishganda gulxan atrofida gurunglashgan bo‘lsa, endi oqshomlari ham churq etishmasdi. Sarbon gulxan yoqishni man etdi: olov qaroqchilar e’tiborini tortishi mumkin.
Sovuqdan saqlanish uchun yo‘lovchilar tuyalar va otlarni qo‘rg‘alab terib qo‘yishar, o‘zlari esa shu doiraning ichida uymalashib cho‘zilishardi. Sarbon qo‘riqchilar tayinlardi, ular qo‘llarida qurol bilan qo‘nalg‘ani qo‘riqlashardi.
Bir oqshom angliyalikning uyqusi qochdi. U Santyagoni chaqirdi va ular qo‘nalg‘a atrofida aylanib yurishdi. To‘lishgan oy nur sochib turardi va Santyago unga o‘zining butun kechmishini aytib berishga qaror qildi.
Uning ko‘rgan-kechirganlaridan angliyalikka, ayniqsa, billur sotiladigan do‘konda savdo-sotiqning bo‘zbola ishlay boshlagach qizib ketgani juda ma’qul bo‘ldi.
— Mana, dunyoni harakatlantiradigan kuch, — dedi u. — Alkimyoda bu Olam Qalbi deb ataladi. Agar biror narsani butun borlig‘ing bilan xohlasang, shunda Olam Qalbiga uyg‘unlashasan. Unda esa juda katta qudrat mujassam.
Shunday deb u qo‘shib qo‘ydi: qalb faqat odamlarga xos xususiyat emas, olamdagi jamiki unsurlarda — u toshmi, giyohmi, hayvon yoki hatto fikrmi — barisida qalb bor.
— Barchasi, yerda neki mavjud, doimo o‘zgarib turadi, chunki yerning o‘zi — tirik va qalbga ega. Biz hammamiz shu ulkan Qalbning qismlarimiz, shuning uchun o‘zimizga, uning mudom ezgulik qilishi haqida, hisob bermaymiz. Ammo sen, o‘sha do‘konda ishlagan paytingda billur omadingga imkon tug‘dirganini tushunishing kerak edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:57:24

Santyago miq etmay goh oyga, goh oppoq qumga qarab qo‘yib, uning gaplarini eshitdi.
— Men karvonning sahroda qanday yurishini ko‘rdim, — dedi u nihoyat. — Karvon sahro bilan bir tilda muomala qiladi, shuning uchun ham sahro uning yo‘lini ochib qo‘yadi. Sahro uning har bir qadamini nazorat qiladi va sinovdan o‘tkazadi, agarda o‘zi bilan uyg‘unligiga ishonch hosil qilsa, uni vohaga o‘tkazadi. Bu tilni bilmagan kishi, qanchalik jasur bo‘lmasin, safarning boshidayoq halok bo‘ladi.
Endi ular ikkalasi ham oyga qarashardi.
— Bu o‘sha belgilar sehrining ayni o‘zi, — davom etdi Santyago. — Men tuyakashlarning sahro belgilarini qanday uqishlarini ko‘rdim — karvon qalbining sahro qalbi bilan sirlashishi bu.
Uzoq jim turganidan so‘ng, nihoyat angliyalik so‘z qotdi:
— Ha, aftidan, karvonga zehn solib qarashim kerakka o‘xshaydi.
— Men esa sening kitoblaringni o‘qishim kerak, — javob qildi bo‘zbola.
Bu kitoblarni tushunish qiyin edi. Ularda simob va tuz, podshohlar va ajdaholar haqida yozilgandi, biroq harchand urinmasin Santyago hech nimani tushunmadi. Shunday esa-da, baribir, hamma kitoblarda takrorlanadigan bir fikrni u anglab yetdi: olamdagi barcha mavjud unsurlar — ayni bir narsaning turli-tuman ko‘rinishlaridir.
Bitta kitobdan u alkimyo haqidagi eng muhim ma’lumotlar — zumrad sathiga chizilgan sanoqli satrlarda ekanini bilib oldi.
— Bu "œZumrad Lavhasi" deyiladi, — dedi angliyalik, yo‘ldoshiga bilmagan narsalarni o‘rgata olishidan mamnun bo‘lib.
— Unda buncha kitobning nima keragi bor?
— Mana shu sanoqli satrlarni tushunish uchun, — dedi angliyalik o‘ziga unchalik ishonqiramagan ohangda.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:57:42

Santyagoni, ayniqsa, mashhur alkimyogarlar haqida hikoya qilingan kitoblar qiziqtirdi. Ular laboratoriyalarda metallarni tozalashga umrlarini bag‘ishlagan kishilar edi: agar biror-bir metalga uzoq yillar mobaynida ishlov berilaversa, oxir-oqibat o‘z xususiyatini yo‘qotadi va bu unsur Olam Qalbiga molik bo‘ladi, deb ishonishardi ular. Va shunda donishmandlar yer yuzida mavjud har qanday unsurning mohiyatini anglab yetadilar, zotan, Olam Qalbi bu unsurlar o‘zaro muloqot qiladigan o‘sha tilning ayni o‘zi. Ular bu kashfiyotni Ulug‘ Ijod deb atashadi, u esa ikki: qattiq va suyuq unsurlardan tarkib topgan.
— Bu tilni egallash uchun odamlar va belgilarni o‘rganishning o‘zi yetarli emasmi? — bilgisi kelib so‘radi Santyago.
— Yuzaki qarashga bunchalik o‘ch bo‘lmasang! — toqatsizlanib javob qildi angliyalik. — Alkimyo — jiddiy fan. Bu fan har bir harakating donishmandlarning yo‘l-yo‘riqlariga to‘la-to‘kis muvofiq bo‘lishini talab qiladi.
Bo‘zbola Ulug‘ Ijodning suyuq unsuri Obi-hayot deb atalishini, u alkimyogar umriga umr qo‘shishidan tashqari, hamma kasalliklarga davo ekanini bildi. Qattiq unsur — bu Iksir.
— Uni topish oson emas, — dedi angliyalik. — Alkimyogarlar ko‘p yillar laboratoriyalarida metalga ishlov berish uchun ter to‘kishadi. Ular mudom olovga tikilishadi, o‘z mashg‘ulotlari bilan band bo‘lib, tiriklik tashvishlarini unitishadi va bir kun kelib metalni tozalab o‘zlari ham poklanishganini payqashadi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:57:59

Shunda Santyago billur sotuvchining: idishlarni yuvganingda o‘zingning ruhing ham ortiqcha illatlardan tozalanadi, degan gapini esladi. Bo‘zbola alkimyoga kundalik turmushda ham o‘rgansa bo‘lishiga tobora ishonch hosil qilardi.
— Bundan tashqari, — davom etdi angliyalik, — Iksir g‘aroyib xususiyatga ega: uning bir ushog‘i ham xohlagan hajmdagi metalni oltinga aylantira oladi.
Bu gapni eshitgandan so‘ng Santyagoning alkimyoga qiziqishi juda oshdi. Faqat ozgina sabr-toqat kerak, shunda xohlagan narsani oltinga aylantirsa bo‘ladi, deb o‘yladi u. Axir, u mana shu ishni uddalashgan donishmandlar: Gelvetsiy, Elias, Fulkanelli, Geber haqida o‘qigan, o‘qiganlari uni hayajonga solgan. Bu odamlar o‘z Yo‘llarini oxirigacha bosib o‘tishgan. Ular dunyo kezishgan, allomalar bilan uchrashishgan, olam sirini bilib bo‘lmaydi, degan skeptiklarni lol qoldirish uchun mo‘’jizalar yaratishgan, chunki — eng muhimi — ular oxir-oqibat Iksir va Obi-hayotni o‘z qo‘llariga olish imkoniga ega bo‘lishgan.
Biroq Santyago Ulug‘ Ijod nimaligini kitoblardan bilib olishga uringanida boshi berk ko‘chaga kirib qoldi: ular ko‘plab almoyi-aljoyi suratlardan tashqari, nuqul oldi-qochdi gaplar bilan ham to‘lib-toshgan edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:58:09

— Nega alkimyogarlarning ishlari bu qadar chalkash-chulkash? — so‘radi bo‘zbola bir kuni oqshom o‘zining kitoblarini o‘qiy olmay zerikib o‘tirgan angliyalikdan.
— Chunki ularni tushunish imkoni alkimyo bilan bog‘liq jarayonlarning butun mas’uliyatini anglaydigan kishilargagina berilgan. Tasavvur qilib ko‘r, agar xohlagan odam cho‘yanni oltinga aylantiraversa nima bo‘lishini. Tez orada oltinning qadri cho‘yan bilan tenglashadi. Qat’iyatli va bilimdonlargagina Ulug‘ Ijod sirlari nasib etdi. Shuning uchun men hozir bu yerda, sahroning o‘rtasidaman. Men sirli yozuvni o‘qiy oladigan chin alkimyogarni uchratishim kerak.
— Bu kitoblar qachon yozilgan?
— Ko‘p asrlar burun.
— Axir, o‘sha paytlar bosmaxonalar bo‘lmagan-ku. Qadimda ham, hozir ham — baribir alkimyoni duch kelgan odam egallay olmagan. Shunday ekan, nima uchun bu kitoblar bunaqa murakkab tilda yozilgan, suratlari nega g‘alati?
Angliyalik javob bermadi. Faqat keyincha, biroz jimlikdan so‘ng: necha kundan beri karvonni sinchiklab kuzatayapman, biroq hech qanday yanglikni payqamadim, dedi. Faqat qabilalar o‘rtasida janglar bo‘layotgani tez-tez quloqqa chalina boshladi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Santyago angliyalikka kitoblarini qaytardi.
— Xo‘sh, nimalarni tushunding endi ulardan? — yarim hazil, yarim umid ilinjida so‘radi angliyalik: tashvishli o‘y-xayollardan chalg‘ishi uchun uning kim bilandir gurunglashgisi keldi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:58:35

— Tushunganim shu bo‘ldiki, olamning qalbi bor ekan va kimda kim bu qalbga uyg‘unlasha bilsa, mavjudlikning tilini tushunarkan. Tag‘in shuni tushundimki, ko‘pgina alkimyogarlar o‘z Yo‘lini topishgan va Olam Qalbi, Iksir hamda Obi-hayotni kashf etishgan, — dedi Bo‘zbola va biroz jim turgach, qo‘shib qo‘ydi: — Eng muhimi, bular bari shu qadar oddiyki, hammasi jajji zumrad sathiga sig‘arkan.
Angliyalikning kayfiyati buzildi. Na o‘zining uzoq vaqt o‘qiganiyu na timsollar, na dono kalomlaru na turli-tuman kimyoviy tajribada ishlatiladigan idishlar — birortasi Santyagoda hech qanday taassurot uyg‘otmagan edi.
"œU juda sodda ekan, shu bois tushunmaydi", — o‘yladi angliyalik, keyin kitoblarini yig‘ib, tuyaga ortilgan jomadonlariga joyladi.
— Endi o‘zingning karvoning bilan shug‘ullanaver, — dedi u. — Menga ulardan, xuddi senga mening kitoblarimdan yuqmaganiday, zig‘ircha zang yuqqani yo‘q.
Santyago tag‘in sahro sukunatini tinglamoqqa va qumning tuyalar tuyoqlarida to‘zg‘iyotganini kuzatmoqqa kirishdi.
"œHar kimning o‘zining o‘qib-o‘rganish usuli bor, — o‘yladi u. — Unga meniki to‘g‘ri kelmaydi, meniki esa — unga. Biroq har ikkalamiz ham o‘z yo‘limizni qidirayapmiz va faqat shuning uchungina uni hurmat qilmaslik qo‘limdan kelmaydi".

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:59:15

Quyosh ufqdan bosh ko‘tara boshlaganda Santyago uyg‘ondi. Tunda yulduzlar jilvalangan tomonda endi son-sanoqsiz xurmo daraxtlari ko‘zga ilinar, go‘yo butun sahroni xurmozor bosib ketganday tuyulardi.
— Yetib keldik! — hayqirdi hozirgina uyqudan turgan angliyalik.
Santyago jim turdi. Buni u sahrodan o‘rgangandi, endi daraxtlarga jimgina qarashning o‘zi kifoya qilardi. Ehromlargacha hali uzoq. Vaqti kelib bu tong ham uning uchun bir xotiraga aylanadi. Biroq hozir, Sarbon o‘rgatganday, u ayni daqiqalar uchun yashayotir, shundan sevinayotir va bu xushbaxt onlarni u o‘tkan kunlar xotiralari, kelajak haqidagi orzu-umidlari bilan bog‘lashga urindi. Ha, hali bir kun kelib bu ming bir xurmo daraxti ham xotiraga aylanadi, biroq ayni lahzalarda xurmozor soya-salqinni, suv va xavfsizlikni va’da qilib turibdi. Xuddi tunda tuyaning o‘kirgani dushman yaqinlab qolganini daraklaganday, qator-qator xurmo daraxtlari azob-uqubatdan xalos etadigan mo‘’jizadan darak berardi.
"œDunyo ko‘p tillarda tillashadi", — o‘ylardi Santyago.
"œVaqt tez o‘tayotgan paytda karvonlar ham jadal odimlaydi", — o‘yladi Alkimyogar, vohaga kirib kelayotgan yuzlab odamlar va ulovlarga qarab.
Bu yerdagilarning va karvon bilan kelganlarning shovqini eshitildi, ko‘tarilgan chang-to‘zon quyoshning betini qopladi, bolalar begonalarni ko‘rib irg‘ishlar, vijillashardi. Alkimyogar qabila boshlig‘ining Sarbonga yaqinlashib kelganini va u bilan uzoq suhbatlashganini kuzatib turdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:00:01

Biroq bu olatasir uni qiziqtirmasdi. Qancha odamlar kelib ketmadi, voha ham, sahro ham o‘sha-o‘sha — mangu va bir zayl. Bu qumlarga shohlarning ham, gadolarning ham qadam bosganini u ko‘rgan, garchi shamolning kuchidan o‘z shaklini o‘zgartirib tursa-da, qumlar ham aslidagiday — Alkimyogar bolaligida qanday ko‘rgan bo‘lsa o‘shanday. Shunday esa-da, zangori osmon va sariq qumni ko‘raverib zerikkan har qanday sayyohning ko‘ziga xurmo daraxtining yashil shox-barglari ko‘ringanda ko‘ngilga inadigan sevinch hozir uning ham yuragiga ko‘chdi.
"œEhtimol, tangri sahroni yaratganda, odam daraxtlarga kulib, xursand bo‘lib qarasin degandir", — o‘yladi u.
Keyin u nigohini aniq narsalarga qaratishga chog‘landi. U bilardi — buni belgilar unga ayon etgandi — ayni shu karvon bilan o‘zining pinhona bilimlarining bir qismini ulashishi lozim bo‘lgan odam kelayotganini. Garchi Alkimyogar bu odam bilan tanish bo‘lmasa-da, sinchkov nazari bilan olomonning ichidan uni tanib olishiga ishonchi komil edi va u o‘zining o‘tmishdoshidan kam emasligiga umidlanardi.
"œTushunolmayman, nima uchun bilgan narsalarimning hammasini unga sirli tarzda ma’lum qilishim kerak, — o‘yladi u. — Buni aslida sir deyish ham qiyin, zotan, Tangri o‘zining sirlarini jamiki mavjudotga bemalol oshkor etadi".
Alkimyogar buning bitta izohini topdi: avloddan avlodga o‘tkazish lozim bo‘lgan narsa — bu Sof Hayot hosilasidirki, uni so‘zlarda yoki rasmlarda tasvirlab bo‘lmaydi. Odamlar esa, so‘zlar va rasmlarga berilib ketib, oxir-oqibat Umum Tilini unutishga moyil bo‘lishadi.

Qayd etilgan