Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118496 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:00:25

Karvon bilan kelganlarni darhol mahalliy qabila boshliqlariga olib kirishadi. Santyago o‘z ko‘zlariga ishonmadi: voha deganlari, tarix kitoblarida yozilganday, ikki-uchta xurmo daraxtiyu quduqdangina iborat emas, balki ayrim ispan qishloqlaridan ko‘ra xiyla katta joy ekan. Quduqlarning o‘zi bu yerda uch yuz chog‘li, xurmo daraxtlari — besh mingtacha, ularning orasida esa turli rangdagi son-sanoqsiz chodirlar bor.
— "œMing bir kecha", — dedi angliyalik, u Alkimyogar bilan uchrashishni toqatsizlanib kutayotgandi.
Shu zumdayoq ularni otlarga, tuyalar va odamlarga qiziqsinib qarayotgan bola-baqralar qo‘rg‘alashdi. Erkaklar yo‘lovchilardan sahroda janglarni ko‘rdinglarmi, deb so‘rashsa, ayollar savdogarlardan qanday matolar, taqinchoqlar olib kelishganini bilishga oshiqardi. Sahroning o‘lik sukunati endi tushdagiday tuyular — g‘ala-g‘ovur avj olgan, kulgi, qiyqiriqlar quloqqa chalinar, go‘yo yo‘lovchilar sahroda jonsiz-tansiz arvohlarday yurishgan bo‘lsa, endi tag‘in etli, suyakli odamlarga aylanishganday. Ular mamnun va xushbaxt edilar.
Sarbon Santyagoga vohaning hech qachon tayin bir egasi bo‘lmaganini, chunki bu yerda ayollar va bolalargina qo‘nim topishganini tushuntirdi. Ular biror-bir tarafning yonini olishmas, jangchilar esa sahro qumlarida jang qilishar, vohani chekinganda jon saqlaydigan pana joy, deb bilishardi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:00:38

Sarbon yo‘lovchilarni qiyinchiliksiz yig‘ib, qabilalar o‘rtasidagi janglar tugaguncha karvon vohada qolishini e’lon qildi. Yo‘lovchilar, urf-udumga ko‘ra, qo‘noq olishga hozir mahalliy kishilarning chodirlaridan joy topishadi, dedi u. Shundan so‘ng Sarbon quroli borlar qurollarini topshirishini so‘radi. Oqshomlari karvonni qo‘riqlaganlar ham bundan chetda qolmadi.
— Urushning qoidasi shunday, — tushuntirdi u. — Voha askar yoki jangchilarni qabul qila olmaydi.
Angliyalik cho‘ntagidan xromlangan to‘pponchani chiqarib, qurol yig‘uvchiga berganda Santyago juda hayron qoldi.
— To‘pponchaning senga nima keragi bor? — so‘radi bo‘zbola.
— Odamlarga ishonishga ko‘nikish uchun, — dedi angliyalik, uning kayfiyati chog‘ edi, chunki uzoq yo‘l bosib izlayotganini yaqin-orada topishiga ishonardi.
Santyago esa qidirayotgan xazinasini o‘ylardi. Orzusiga yetishishga yaqin qolgani sayin yo‘lida qiyinchiliklar tobora ortib borayotir. Podshoh Malkisidqning "œboshlovchilarga omad yor bo‘ladi", degan hikmati ham amal qilmay qo‘ydi, najot faqat, uning tushunishicha, o‘z yo‘lini qidirayotgan insonning qat’iyati va jasurligiga bog‘liq. Shu bois, u shoshilishi befoydaligini bilar, sabr-toqatidan voz kecholmas, aksincha bo‘lganda, Tangrining uning yo‘liga qo‘ygan belgi-alomatlarini payqamay o‘tib ketishi mumkin edi.
"œTangri hammasini joy-joyiga qo‘ygan", takrorladi u ichida, bu fikrdan ajablanib. Hanuzgacha unga bu belgilar, ocharchilik yoki tashnalik, sevgi azobi yoki mehnat kabi, olamning bir bo‘lagiday tuyulardi. Tangrining u bilan muloqotga kirishadigani, undan nimani istayotganini bildiradigani shu til ekani uning xayoliga kelmasdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:01:02

"œShoshilma, — dedi u o‘ziga. — Tuyakashning gapi gap: ovqat mahali ovqatingni yegin, vaqt-soati yetganda — yo‘lga chiq".
Vohaga yetib kelishgach, birinchi kun yo‘lovchilar, angliyalik ham, uyqudan to‘yib oldi. Santyagoni o‘zi tengi besh nafar bola bilan bir chodirga joylashtirishdi. Ularning bari mahalliy bolalar edi, shu bois ular katta shaharlardagi hayotni so‘rab bilishga qiziqishardi.
U o‘zining qo‘y boqqanini aytib, endi billur do‘konidagi ishlaridan gap ochmoqchi bo‘lganida chodirga angliyalik kirib keldi.
— Ertalab seni rosa qidirdim, — dedi u, Santyagoni tashqariga olib chiqib. — Sen menga keraksan. Alkimyogarni topishimga yordam ber.
Ikki kun ular Alkimyogarni alohida-alohida qidirishdi, o‘zlaricha uni boshqalardan farqli yashaydi, chodirida, albatta, tunu kun olov yonib turadi, deb o‘ylashgandi. Bu yerdagi chodirlar ular chamalagandan ko‘ra bir necha baravar ko‘p ekanini anglaguncha, ikkalasi vohani boshdan-oyoq izg‘ib chiqishdi — vohada yuzlab chodirlar tikilgan edi.
— Butun bir kun bekorga ketdi, — dedi angliyalik, quduqlardan birining oldida cho‘nqayib o‘tirarkan.
— Odamlardan so‘rab-surishtirish kerakmidi u haqda, — dedi Santyago.
Biroq angliyalik ikkilandi — u o‘zining shu yerdaligini oshkor etgisi kelmasdi. Oxir-oqibat u bunga rozi bo‘ldi va arabchada yaxshi
gapiradigan Santyagodan Alkimyogarni daraklab chiqishni so‘radi. Bo‘zbola meshini suvga to‘ldirib olish uchun quduqqa kelgan ayolga so‘z qotdi.
— Yaxshimisiz, xonim. Aytolmaysizmi, Alkimyogarni qaerdan topsak bo‘ladi? — so‘radi u.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:01:21

Ayol bu nomni hech qachon eshitmaganini aytib, ketishga shoshildi. Bungacha esa Santyagoni ogohlantirib, urf-odatlarni hurmat qilishini, qora libosdagi erli ayollarga gap qotmasligini uqtirdi.
Angliyalikning hafsalasi pir bo‘ldi. Shuncha yo‘l bosib kelsayu, hammasi yo‘qqa chiqsa! Bo‘zbolaning ham uni ko‘rib ko‘ngli sovidi — axir, yo‘ldoshi O‘z yo‘lini izlayotir. Bunday paytda, Malkisidq aytishicha, Olam odamga ko‘makka keladi, orzuyi ushalishi uchun lozim bo‘lgan yordamni beradi. Nahotki, keksa podshoh adashgan bo‘lsa?
— Men burun hech qachon alkimyogarlar haqida eshitmaganman, — dedi u. — Bilganimda senga yordam qilishga urinib ko‘rardim.
Angliyalikning ko‘zlari chaqnadi.
— Shunday demaysanmi! — qichqirdi u. — Bu yerda uning Alkimyogarligini hech kim bilmaydi! Har qanday kasallikni davolay oladigan odam bormi, deb so‘rash kerak!
Shu payt qora libosda bir necha ayol quduqqa keldi, biroq Santyago, angliyalikning iltimosiga qaramay, ularga so‘z qotmadi. Mana, nihoyat bir erkak kishi ko‘rindi.
— Siz bilmaysizmi, bu yerda har qanday kasallikni davolay oladigan kishi bormi? — so‘radi bo‘zbola.
— Har qanday kasallikni faqat Olloh davolay oladi, — dedi u, kelgindilarga cho‘chibroq alanglab qarab. — Jodugarlarni qidirayapsizlarmi?
U Qur’ondan bir necha oyatlarni pichirlab aytib, o‘z yo‘liga qaytib ketdi.
Biroz o‘tgach, boshqa bir odam keldi; uning yoshi ulug‘roq, qo‘lida chelak bor edi. Santyago unga ham o‘sha savol bilan murojaat qildi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:02:11

— Bunday odamlarning sizlarga nima keragi bor? — bilmoqchi bo‘lib so‘radi u.
— Mening oshnam uni ko‘rish niyatida juda uzoq yo‘l yurib keldi.
— Agar bizning vohada shunday odam bor bo‘lsa, u nihoyatda qudratli kishi bo‘lishi kerak, — dedi o‘ylab turib qariya. — Hatto qabila boshliqlari ham xohlashgan paytda uning huzuriga yo‘lay olmaydi. Ularni faqat o‘zi istagan paytda qabul qiladi u. Urush tugaguncha kutinglar, keyin ketinglar bu yerdan. Bizning voha turmushiga aralashmaganlaring ma’qul.
Shunday deb u ketdi. Biroq angliyalik, Alkimyogarning izini topganini payqab, juda quvondi.
Quduqqa, nihoyat, qora libosdagi erli ayol emas, balki yelkasida ko‘za bilan bir qiz bola keldi. Boshiga ro‘mol o‘ragan, yuzi ochiq edi. Santyago Alkimyogarni daraklamoqchi bo‘lib, unga yaqinlashdi.
Va shunda — go‘yo vaqt to‘xtab qolganday bo‘ldi, Olam Qalbi uning ko‘z o‘ngida o‘zining butun kuch-qudrati bilan namoyon bo‘ldi. Qizning qop-qora ko‘zlariga, go‘yo jilmayishni ham, jim turishni ham bilmayotganday himarilgan lablariga qarab, Santyago bir lahza ichida olam tillashadigan, jamiki odamlar so‘zsiz, faqat yurak orqali muloqot qiladigan tilning eng qadrli, eng aqlli bo‘lagini fahmlab yetdi. Uni Sevgi deb atashadi, u odam qavmidan-da qadimiy, sahrodan-da ko‘hna. Er yigit va bo‘y yetgan qiz ko‘zlari to‘qnashganda bu tuyg‘u beixtiyor paydo bo‘ladi — hozir, quduq oldida shu hodisa ro‘y berdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:03:04

Nihoyat, qizning lablari tabassumni ixtiyor etdi va bu belgi, ayni o‘sha — Santyago o‘zi bilmagan holda uzoq kutgan, qo‘ylaridan, kitoblardan, billur va sahro sukunatidan qidirgan belgi edi.
Bu sof va tushunarli til edi, abadiyat sari yo‘l solgan Koinot singari, tarjimaga, sharhu izohga ehtiyoj sezmaydigan so‘zsiz zabon edi. Shu bir lahza ichida Santyagoning anglab yetgani shu bo‘ldiki, u o‘zining qallig‘i qoshida turar va qiz ham buni so‘zsiz anglab yetmog‘i kerak edi. Bunga u zig‘ircha shubha qilmas, bu ishonchi ota-onasining ra’yiga qarashdan, odatdagiday, sevganingdan keyin so‘rab-surishtirib, sovchi qo‘yib, qolaversa, to‘yga oz-moz pul jamg‘arib, shundan so‘ng uylangan ma’qul, deydiganlarning nasihatidan ko‘ra kuchli edi.
Biroq bunday maslahat beradigan kishi Umum Tilini bilmaydi, aksincha, bu tilga uyg‘unlashganingda o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi: sahroning qoq o‘rtasidami yoki gavjum shahardami — doimo kimdir kimnidir kutadi, qidiradi. Ularning yo‘llari tutashganda, ko‘zlari ko‘zlariga tushganda o‘tmish ham, kelajak ham o‘z mohiyatini tamom yo‘qotadi, faqat mana shu bir lahza mavjud bo‘ladi va bu yorug‘ olamda kechadigan barcha kechmishlar faqat bitta qo‘l tomonidan yozilganiga cheksiz ishonch barqaror bo‘ladi. Bu qo‘l qalbda muhabbat alangasini yoqadi va har bir inson uchun, mehnat qilayotgani, dam olayotgan yoki xazina qidirayotganidan qat’i nazar, unga xuddi o‘zinikiday alangali qalbni muyassar etadi. Aksincha esa, odam qavmini iztiroblarga solguvchi orzu-niyatlarning zig‘ircha ma’nisi qolmasdi.
"œMaktub", — o‘yladi bo‘zbola.
Angliyalik o‘rnidan sakrab turdi va Santyagoni yelkasidan ushlab silkilay boshladi:
— So‘rasang-chi, axir!
Santyago qizga yaqinlashdi. Qiz tabassum bilan u tomonga o‘girildi va bo‘zbola ham bunga javoban jilmaydi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:03:32

— Isming nima? — so‘radi u.
— Fotima, — uyalinqirab javob qildi qiz.
— Men yashaydigan o‘lkalarda ko‘p ayollarning ismi shunday.
— Payg‘ambarimizning qizining ismlari shunday ekan, — dedi Fotima. — O‘sha uzoq o‘lkalarga bu ismni bizning jangchilarimiz eltishgan.
Bu ma’suma va ko‘rkam qizning so‘zlari g‘ururli jarangladi. Angliyalik betoqat bo‘lib Santyagoni turtdi va bo‘zbola qizdan har qanday kasallikni davolay oladigan odamni bilasanmi, deb so‘radi.
— Bu odam dunyoning hamma siridan boxabar, — dedi qiz. — U sahro jinlari bilan muloqot qiladi.
Jin — bu iblis. Qiz bola janubga ishora qildi — ular qidirayotgan odam o‘sha tarafda yashashini aytdi. Keyin ko‘zasini suvga to‘ldirib, ortiga qaytdi.
Angliyalik Alkimyogarni qidirib ketdi. Santyago esa quduq oldida uzoq xayol surib o‘tirdi. Bir vaqtlar, o‘zining yurtida yurgan paytlarda, sharqdan esgan shamol mana shu qizning muattar bo‘yini unga olib kelar va u qizning mavjudligiga hecham shubha qilmay uni sevgan edi, bu sevgini, harqalay, yer yuzidagi borki xazinalardan ustun ko‘rardi.
Ertasi kuni u tag‘in quduqning boshiga keldi va qizni kutdi. Biroq bu yerda angliyalikni uchratib ajablandi, u birinchi bor sahroga sinchiklab nazar tashlayotgan edi.
— Men qorong‘u tushguncha kutib o‘tirdim, — dedi angliyalik. — Yulduzlar miltillab chiqa boshlaganda u paydo bo‘ldi. Men unga nimani qidirayotganimni aytdim. U bo‘lsa qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirishni uddalay oldingmi, deb so‘radi. Niyatim ham shuni o‘rganish, deb javob qildim men. U tag‘in urinib ko‘rishimni maslahat berdi. Xuddi shunday dedi: "œBorgin va urinib ko‘rgin".

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:03:55

Santyago jimib qoldi. Angliyalik shu bir og‘iz, o‘zi ham biladigan gapni eshitish uchun dunyoni kezib shuncha yo‘l yurganmidi? Shunda o‘zining qo‘ylarini Malkisidqqa tekinga berganini esladi.
— Urinib ko‘r-da! — dedi u.
— Urinmoqchiman. Hoziroq boshlayman.
Angliyalik ketdi, oradan hayal o‘tmay ko‘za ko‘targan Fotima ko‘rindi.
— Men senga faqat bitta gapni aytgani keldim, — dedi bo‘zbola qizga murojaat qilib. — Mening qallig‘im bo‘lishingni xohlayman. Men seni sevaman.
Qiz qo‘lidagi ko‘zani tushirib yubordi, suv to‘kildi.
— Men seni shu yerda kutaman. Men xazinani qidirib sahroni kezdim, xazina ehromlar turgan joyda. Biroq urush boshlanib qoldi. Avval men urushni la’natlagandim. Endi alqayapman, chunki urush sabab bo‘lib men sening yoningga keldim.
— Urush ham bir kun tugar, — javob qildi qiz.
Santyago xurmo daraxtlariga nazar soldi. Bir paytlar u cho‘pon edi, bu vohada esa qo‘ylar serob. Fotima hamma xazinalardan-da aziz... Biroq qiz, go‘yo bo‘zbolaning fikr-o‘ylarini uqqanday, davom etdi:
— Jangchilar xazinani qidirishadi. Sahro ayollari ular bilan g‘ururlanishadi.
Keyin u ko‘zasini suvga liq to‘ldirib, ketdi.
Santyago har kuni quduq oldiga kelardi. U Fotimaga qo‘y boqqanlarini, Malkisidq bilan qanday uchrashganini, billur sotganlarini gapirib bergan edi. Shu zayl ular inoqlashib olishdi. Qiz bilan o‘n besh daqiqa suhbatlashgan vaqtni aytmaganda, har bir kun bo‘zbola uchun bir yilday cho‘zilardi.
Oradan bir oy o‘tgach, Sarbon yo‘lovchilarni jamladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:04:08

— Urush qachon tugashi noma’lum, — dedi u. — Yo‘lni davom ettirolmaymiz. Hali janglar to‘xtamaydigan ko‘rinadi, bir necha yilga cho‘zilsa ham kerak. Bir-biriga g‘anim bo‘lgan qabilalarning har qaysisida jasur, kuchli jangchilar bor, har biri o‘z nomusini boy bermaslik uchun maydonni tashlab ketmaydi. Bu yerda yaxshilar yomonlar bilan urushayotgani yo‘q, bu yerda hokimiyat uchun jang qilishmoqda, bunday urushlar esa bir boshlansa uzoq vaqt to‘xtamaydi, zero, Olloh ularga ham, bularga ham madadkor.
Odamlar tarqalishdi. Santyago Fotima bilan uchrashib, unga Sarbonning gaplarini yetkazdi.
— Uchrashganimizning ertasi kuniyoq, — dedi qiz, — sen menga sevgi izhor qilding. Keyin esa juda ajoyib narsalar — Umum Tili va Olam Qalbi haqida gapirding — men asta-sekin sening bir bo‘la-gingga aylanib borayapman.
Santyago uning ovozini eshitib turdi, qizning ovozi xurmo daraxtlari uchidagi barglarning mayin shitirlashidan-da go‘zal edi.
— Men seni bu quduq oldida qay mahaldan beri kutib turibman. Men o‘zimning o‘tkan kunlarimni unutdim, urf-odatlarimni ham unutdim, qabilamiz erkaklarining qizlar o‘zini qanday tutishlari kerakligi haqidagi ko‘rsatmalarini ham. Bolaligimda bir kun kelib sahro menga, hali hech kimga nasib etmagan ajoyib sovg‘a hadya etadi, deb orzu qilardim. Mana, men unga erishdim, bu sensan.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:05:18

Santyago qizning qo‘lidan tutmoqchi bo‘ldi, biroq Fotima ko‘zani qattiq quchoqlab oldi.
— Sen menga ko‘rgan tushlaringni gapirib berding, keksa podshoh Malkisidq haqida, xazinalar haqida aytding. Endi men hech narsadan qo‘rqmayman, chunki seni menga ular yetkazdi. Men esa sening orzu-o‘ylaringning, sening Taqdiringning bir bo‘lagiman. Shuning uchun ham men sening bir joyda to‘xtab qolmasligingni, balki qidirayotgan narsangni izlayverishingni xohlayman. Agar urush tugashini kutishingga to‘g‘ri kelsa, bu fojea emas. Biroq ertaroq jo‘nashga imkon tug‘ilsa, jo‘na, o‘z Taqdiringni izlab yo‘lga chiq. Shamol qum barxanlarining shaklini o‘zgartiradi, xolos, sahro esa aslicha qolaveradi. Bizning sevgimiz ham aslicha qoladi.
Maktub.
Chindan men agar sening Taqdiringning bir bo‘lagi esam, qachondir sen menga qaytasan.
Bu gaplar Santyagoning dilini ranjitdi. Bo‘zbola yo‘l-yo‘lakay yodiga oldi: tanish cho‘ponlarning dashtu dalalarni — uzoq-uzoqdagi yaylovlarni kezmay yashay olmasliklariga xotinlarini ishontirishning o‘zi bo‘lmasdi. Ha, sevgi doim suyganing yonida bo‘lishni talab qiladi.
Ertasi kuni u Fotimaga bu haqda gapirdi.

Qayd etilgan