Turkiston xalqlari qo'llagan taqvimlar. M Hakimov  ( 20982 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


Abdullоh  02 May 2009, 16:57:46

O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti

M. HAKIMOV

TURKISTON XALQLARI
QO’LLAGAN TAQVIMLAR


Muharrir:
san’atshunoslik fanlari nomzodi Hoji Sotimxon Munavvar

Toshkent - 1999

O’zbek xalqi boy tarixiy-ilmiy an’analarga ega. Shu an’analarning biri ajdodlarimiz qariyb uch ming yildan buyon qo‘llab, foydalanib kelgan turli taqvimlardir. Ular xaqida o‘rta asrning buyuk allomalari Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy, Umar Xayyom, Mirzo Ulug‘beklar o‘z asarlarida qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirganlar. Ushbu risolada mazkur allomalarning asarlariga suyanib va boshqa turli tarixiy, ilmiy-adabiy manbalardan foydalangan holda Turonzamin - Turkiston xalqlarining yil hisoblari-taqvimlari haqida ma’lumot beriladi.


Turkiston xalqlari qo'llagan taqvimlar



Muallif: M. Hakimov
Hajmi: Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:00:11

Taqvim - vaqt o‘lchovlari-kun, hafta, oy, yilni xisoblash tizimi. Vaqt o‘lchovlarini belgilash tabiat xodisalarining samoviy yoritkichlar harakati bilan bog‘liq davriyligiga asoslanadi. Taqvim hisobining asosi yil bo‘lib, yilning fasl va oylarga bo‘linishiga va davomiyligiga qarab tuzilgan oy taqvimi, oy-quyosh   taqvimi va quyosh taqvimi mavjud.

Oy taqvimi. Yerning tabiiy yo‘ldoshi Oyning bir oylik aniq harakati - 29 kun 12 soat 44 daqiqa 2 soniya muddatga asoslanadi. Oyning g‘arbda o‘roq shaklida ko‘rinishi oy boshi hisoblanadi. Oyning yana shu xolatga qaytib kelishigacha o‘tgan muddat bir oyni tashkil qiladi. 29,5 kunning 12 soati xar ikki oyda bir kun qilib qo‘shib boriladi. Shuning uchun oy taqvimida toq oylar 30 kun, juft oylar 29 kundan qilib belgilangan. 12 soatning qo‘shimchalari (44 daqiqa 2 soniya) to‘rt yilda yig‘ilib bir kun bo‘ladi va u kabisa yilining o‘n ikkinchi oyi oxiriga 29 kunni 30 kun qilib qo‘shib qo‘yiladi. Oy taqvimida oddiy yil 354 kun, kabisa yili 355 kun bo‘ladi. Oy taqvimi musulmon olamining xijriy yil hisobiga asos qilib olingan.

Oy-quyosh taqvimi. Oy va quyoshning xarakatiga asoslangan murakkab taqvim. Bu taqvimda yil 12 oy (bir yili 353-355 kun)dan, ba’zan esa 13 oy (bir yili 383-385 kun)dan iborat bo‘ladi. Oy-quyosh taqvimining xar 19 yilidan 12 yili 12 oydan, 7 yili 13 oydan qilib hisoblanadi. Arablar johiliyat davrida-islomdan avval oy-quyosh taqvimiga amal qilganlar. Bu taqvimdan yahudiylar miloddan avvalgi IV asrdan boshlab xozirgacha foydalanib keladilar. O’rta asrlarda xitoylar ham oy-quyosh taqvimini qo‘llaganlar.


Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:01:32

Quyosh taqvimi. Bu taqvim Yer quyosh atrofini bir marta aylanib chiqish muddati - 365 kun 5 soat 48 daqiqa 46 soniyaga asoslanadi. Bir yilni ana shu muddat bilan hisoblash qadimgi misrliklar, eroniylar, xorazmiylar va boshqa xalqlar taqvimlariga asos qilib olingan. Quyosh taqvimida yil 12 oydan iborat. Bir yil 365 kun 6 soatni tashkil qiladi (5 soat 48 daqiqa 46 soniya yaxlitlanib 6 soat qilib olinadi). Uch yil 365 kundan, oddiy yil, to‘rtinchi yil esa oddiy yillardan ortib qolgan soatlar 1 kun qo‘shilib 366 kun - kabisa yilidan iborat bo‘ladi. Hozirgi vaqtda dunyo xalqlari quyosh taqvimiga asoslangan yil hisobini qabul qilganlar. Yer kurrasidagi xalqlarning barcha aloqa va munosabatlari quyosh taqvimi bo‘yicha olib boriladi.

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, taqvimlar har xil bo‘lgan. Jahondagi turli xalqlar mazkur taqvimlarning biridan foydalanganlar. Ular taqvimni o‘z hayotlariga, turmushlariga tatbiq etishni o‘z tarixlarida chuqur iz qoldirgan voqealar davridan boshlaganlar. Ana shu voqea, ya’ni taqvim boshlangan davrni har bir xalq o‘z xayotida tarix boshi-boshlang‘ich tarix deb qabul qilgan.

Boshlang‘ich tarix-taqvim boshlanishi (ruscha "era")ga turli xalqlar turli voqealarni asos qilib olganlar. Masalan: yahudiylar xilqat (dunyoning yaratilishi)ni, misrliklar Nil daryosining toshishini, yunonliklar ilk olimpiada o‘yinlarini, rimliklar Rim shahrining qurilishini, nasroniylar Iso alayxissalomning "tug‘ilishi" (milod)ni, musulmonlar Muhammad alayhissalomning Makkadan Madinaga xijratlarini asos qilib olganlar va hokazo.

Tarix boshi - taqvim boshi bo‘lgan yuqoridagi voqealarning ko‘pi unutilib ketgan. Ulardan bugungi kunda madaniyat dunyosida faqat milod va hijrat boshlang‘ichlari qolgan xolos.

Demak, tarixda turli xalqlar xar xil taqvimlardan foydalanganlar. Har bir taqvimni yuritishning o‘ziga xos qoidalari, taqvim boshining sababi va boshlanish vaqti, oylar soni va har bir oyning necha kundan iboratligi boshqa taqvimlarga solishtirilganda tafovutlar borligi ma’lum bo‘lgan. Bu tafovutlarni bartaraf etish, mumkin qadar aniqlikka erishish maqsadida vaqti-vaqti bilan taqvim sohasida islohotlar o‘tkazib turishgan. Taqvimni tuzatib, to‘g‘rilab turish yo‘lidagi bu ishlar xukmdorlar, falakiyot va riyoziyot olimlari, hisobdonlarning birgalikdagi maslahat va takliflari asosida amalga oshirilgan. Markaziy Osiyoda qo‘llangan taqvimlar va Ovrupoda ilk o‘rta asrlardan boshlab qo‘llanib kelayotgan milodiy taqvim tarixida bir necha islohotlar bo‘lib o‘tgani ma’lum.

Turkiston zaminida yashab kelayotgan xalqlar taqvim-yil hisobidan foydalanishda dunyoning eng madaniy xalqlaridan biri hisoblanadilar. Bu o‘lkada taqvimlarga amal kilish qariyb uch ming yildan buyon davom etib keladi. Shu davr mobaynida Turkiston xalqlari qadimgi turkiy, xorazmiy, sug‘d, avesto (qadimgi eron), yazdigir, Hijriy-shamsiy, Hijriy-qamariy, melodiy yil hisoblaridan foydalandilar. Biz quyida Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy, Umar Xayyom, Mirzo Ulug‘bek va boshqa olimlarning asarlaridan hamda turli tarixiy ilmiy va adabiy manbalardan foydalangan holda yuqorida sanab o‘tilgan yil hisoblarining boshlanishi tuzilishi va amalda qo‘llanishi xaqida baxoli qudrat mulohaza yuritamiz.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:02:55

Qadimgi turkiy yil hisobi - Turkiy xalqlarning eng qadimgi va ilk o‘rta asrlarda ko‘llagan taqvimlari, yil hisoblari haqida juda oz ma’lumotlar saqlanib qolgan. Bu xaqda ma’lumot beruvchi manbalar Abu Rayxon Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" va Mahmud Qoshg‘ariyning "Devonu lutotut turk" asarlaridir.

Abu Rayxon Beruniy o‘z asarining uch joyida turkiy xalqlar taqvimini eslatib o‘tadi. Asarning 103-saxifasida qator sharq xalqlari taqvimlari haqida gapirib turk va hazarlarni xam tilga oladi: "Hind, xitoy, tibet, turk, hazar, xabash va zangi kabi boshqa millatlarning oylariga kelsak, garchi ulardan ba’zisining nomlari bizga aniq ma’lum bo‘lsa xam, to ularning barchasini bilish vaqti kelguncha bayon etishdan to‘xtadik".

Beruniy ikkinchi marta o‘z asarining 104-saxifasida quyidagilarni yozadi: "Bular (ya’ni turkiy xalqlar taqvimi)ning miqdorlari, ma’nolari va kayfiyatlaridan voqif bo‘lmadim". Shundan keyin olim turkiy xalqlar taqvimidagi o‘n ikki oy nomini beradi: 1. Ulug‘ oy. 2. Kichik oy. 3. Birinchi oy. 4. Ikkinchi oy. 5. Uchinchi oy. 6. To‘rtinchi oy. 7. Beshinchi oy. 8. Oltinchi oy. 9. Yettinchi oy. 10. Sakkizinchi oy. 11. To‘qqizinchi oy. 12. O’ninchi oy.

Beruniy mazkur sahifada yana turk taqvimi haqida gapirib "Turk jadvali" degan sarlavha ostida o‘n ikki hayvon nomi bilan ataladigan o‘n ikki yillik muchal hisobining nomlarini ham keltiradi: 1. Sichqon. 2. Ud (sigir). 3. Bars. 4. Tovushqon (quyon). 5. Luy (baliq) 6. Yilon (ilon). 7. Yunt (ot). 8. Qo‘y. 9. Pichin (maymun). 10. Tovuq. 11. It. 12. To‘ng‘iz.

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, turkiy xalqlarning asosiy taqvimi muchal hisobidan iborat bo‘lgan yilning o‘n ikki oyi Beruniy keltirgan nomlar bilan atalgan. Biroq Beruniy turkiy xalqlarda qadim zamonlardan buyon biror voqea asos qilib olingan "Tarix boshi" deb atalgan, raqam bilan hisoblab kelinadigan yil hisobi to‘g‘risida ma’lumot bermaydi. Shu bilan birga yuqorida aytilgan o‘n ikki oyning kunlar miqdori, oddiy va kabisa yili, yilning boshlanishi yangi kunning qachondan hisoblanishi qam aytilmaydi. Har holda qadimgi turkiy xalqlarda ham Yaqin va o‘rta Sharqdagi boshqa taqvimlarda bo‘lgani kabi yil boshi bahorgi tengkunlikdan boshlangan. Chunki qadimgi turkiy xalqlar qo‘llagan muchal yilining birinchi kuni bahorgi tengkunlikdan hisoblanadi.

XI-asrning buyuk tilshunos olimi Mahmud Qoshg‘ariy "Devonu lug‘otut turk" asarining birinchi jildida turkiy xalqlarning taqvimi haqida qisqacha to‘xtab o‘tadi. Mahmud Qoshg‘ariy ham Abu Rayhon Beruniy kabi qadim zamonlardan beri davom etib kelayotgan tarix boshi (era) haqida qech narsa demaydi. Olim faqat Beruniy keltirgani kabi yilning o‘n ikki oyini beradi. Mahmud Qoshg‘ariy turkiy xalqlarda kunlarning nomi yo‘qligini, arablar kelgandan keyingina kunlar hafta ichidagi kun nomlari bilan aytilishi odat tusiga kirganligini qayd etadi. Shundan so‘ng tilshunos olim turkiy xalqlar azaldan muchal hisobidan foydalanib kelayotganliklarini yozadi. U muchal tarkibiga kirgan o‘n ikki hayvon nomini sichqondan boshlab to‘ng‘izgacha sanab o‘tadi. Ayrim olimlarning fikricha turkiy xalqlarda tarix boshi (era) bo‘lgan va u turk xoqonligining 571-yilda o‘rnatilishidan boshlanadi, deydilar. Bu fikrni isbotlash uchun Urxun-Enasoy yozuvlarida bitilgan qabr toshlaridagi bitiklarga murojaat qilaylik. Jumladan Kultegin yodnomasi shunday tugallanadi. "Kultegin qo‘y yilida o‘n yettinchi kunida o‘ldi. To‘qqizinchi oyning yigirma yettisida azasini o‘tkazdik. Binosini, naqshini, bitiktoshini Maymun yilida, yettinchi oyning yigirma yettisida butunlay tugatdik. Kul tegin qirq yetti yoshida vafot etdi". Yuqoridagi sanani Xitoy yilnomalari bilan qiyoslab hisoblanganda melodiy 731-yilning 27-fevrali kelib chiqadi.

Bilga xoqon yodnomasining xotimasi shunday:
"Otam xoqon it yili o‘ninchi oyning yigirma oltisida vafot etdi. To‘ng‘iz yili beshinchi oyning yigirma yettisida dafn marosimini qildirdim". Ushbu sana 734-yilning 26-noyabrga muvofiq tushadi.

Urxun-Enasoy yozuvidagi boshqa yirik yodnomalarda ham xotimada kitobat tarixi yuqoridagi tartibda beriladi. Ya’ni oyning soni, uning kuni va muchaldagi hayvon nomi qayd etiladi. Azaldan davom etib kelayotgan tadrijiy yil hisobi-tarix boshi (era) bo‘lganda, Abu Rayhon Beruniydek sinchkov olim albatta ko‘rsatib o‘tgan bo‘lar edi.

Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy asarlarida va boshqa manbalarda turkiy xalqlarning asl yil hisobi 12 hayvon nomi bilan ataluvchi muchal hisobi bilan yuritilgan. Bu hisob turkiy xalqlardan tashqari mo‘g‘ul va xitoy xalqlarida ham mavjud. Bu hisob keyinchalik Osiyoning boshqa xalqlariga ham tarqalgan.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:03:52

Xorazmiy yil hisobi - qadimgi xorazmda yashagan xorazmiylarning quyosh taqvimiga asoslangan yil hisobidir. Abu Rayhon Beruniyning xabar berishicha xorazmiy yil hisobi O’rta Osiyodagi eng qadimgi yil hisobi hisoblanadi. Bu taqvim Beruniyning ko‘rsatishicha Iskandar Zulqarnayndan 980 yil avval boshlangan ya’ni, meloddan avvalgi ming yillikning boshlariga to‘g‘ri keladi. Abu Rayhon Beruniy yashagan davrda xorazmiy yil hisobi ikki ming yildan oshib ketgan bo‘ladi. Xorazmiy taqvimida bir yil 12 oyga bo‘lingan va har bir oy 30 kundan iborat bo‘lgan. Qo‘shimcha 5 kun yil oxirida 12-oyga qo‘shilgan va bir yil 365 kunni tashkil etgan. Har yili qoldiq sifatida   ortib   qoladigan   chorak kunga xorazmiy taqvimida e’tibor berilmagan. Yangi yil bahorgi tengkunlikdan boshlangan. Oy nomlari Abu Rayhon Beruniy asarida ikki xil to‘liq va qisqartirilgan shakllarda keltiriladi. Oylarning to‘liq nomi juda uzun bo‘lib, ko‘pchilik tovushlarni undosh harflar tashkil qiladi. Beruniy xorazmiycha oy nomlarining qisqartirilgan shaklini quyidagicha keltiradi: 1. Novsorjiy. 2. Ardvst. 3. Xrvdod. 4. Jiriy. 5. Xmdod. b.Axshrivriy. 7. Avmriy. 8. Yenoxi. 9. Arv. 10. Rimjd. 11. Arshmn. 12. Isfandorajiy. Beruniy oylarning to‘liq nomini bergan bo‘lsa-da, ammo kundalik ish yuritishda va ma’muriy hujjatlarda oylarning yuqorida keltirilgan qisqa shaklidan foydalanilgan. IV-VIII asr qadimgi xorazmiy yozuvi hujjatlarida va XII-XIV asr arab-xorazm yozuvi manbalarida oy nomlari yuqoridagi shakllarda qo‘llanadi. 12-oyga qo‘shiladigan 5 kunning maxsus nomi yo‘q. Qadimgi eron (avesto) va sug‘d taqvimida bo‘lgani kabi xorazmiy taqvimida ham oyning har bir kuni (30 kuni) alohida-alohida nom bilan yuritilgan. Beruniy 30 kunga qo‘yilgan 30 xil nomni ham beradi.

Xorazmiy taqvimi atamalari xorazmiy yozuvi va xorazmiy tili iste’moldan chiqishi bilan butunlay unutilib ketdi. Ayrim atamalar XIV asr xorazmiy tili yodnomasi "Kunyat ul-munyo"da uchraydi xolos.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:05:36

Sug‘d taqvimi. Xorazmiy taqvimiga juda yaqin bo‘lgan sug‘d taqvimining vujudga kelishida xorazmiy taqvimi asos bo‘lgan bo‘lsa ajab emas, chunki xorazmiy tili bilan sug‘d tili ko‘p jihatdan bir-biriga yakin turadi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki xorazmiy oylarining nomlari ham, sug‘d oylarining nomlari ham lug‘aviy jihatdan qanday ma’no berishi noma’lum. Bu haqda Abu Rayxon Beruniy ham to‘xtalmaydi. Xorazmiy tilidagi va sug‘d tilidagi hujjatlarda ham oylarning qanday ma’no anglatishi xususida ma’lumotlar yo‘q.

Sug‘d yil hisobi - Markaziy Osiyoda yashagan sug‘diylarning quyosh taqvimiga asoslangan yil hisobi. So‘g‘d taqvimi qadimgi eron (avesto) va xorazmiy taqvimlariga juda yaqin bo‘lgan. Bir yil 12 oy va xar bir oy 30 kundan tashkil topgan. Ortiqcha besh kun yilning 12-oyi oxiriga qo‘shilgan. Bu besh   kun  alohida  nom  bilan   aytilgan.   Har  yili  qoldiq sifatida yig‘ilib boradigan chorak kunning to‘rt yilda to‘la bir kun bo‘lishiga e’tibor qilinmagan. Yangi yil bahorgi tengkunlikdan boshlagan. Sug‘d oylarining tartibi va nomlari quyidagicha: 1.Navsard. 2.Jarjin. Z.Naysanj. 4.Basokanj. 5.Ashnxanda. b.Majnda. 7.Farkon.        8.Obonj. 9.Fug‘. 10.Masfug‘. 11.Jamdanj. 12. Xashvim. Oylar nomlarining o‘qilishi va aytilishida ayrim tafovutlar bor. Chunki qo‘lyozma manbalarda (Abu Rayhon Beruniy asarlarida ham) sug‘d oylarining nomi faqat undosh tovushlar bilan yozilgan. Undoshlar orasidagi unlilar yozilmagan. Sug‘diylar ham qadimgi eronliklar kabi oyning har bir kuniga (30 kunga) alohida-alohida nom berganlar.

Sug‘d yil hisobi qachondan boshlanganligi va qaysi voqea asos qilib olinganligi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Abu Rayhon Beruniyning xabar berishicha sug‘d taqvimi ancha qadimdan mavjud bo‘lsa-da rasmiy yil hisobi milodiy 413 yildan boshlangan. Sug‘d taqvimiga oid atamalar va yil hisobi sanalari IV-X asrlarga oid tangalar, bitiklar, maktublar va rasmiy davlat hujjatlarida tez-tez uchrab turadi. Sug‘d tili va yozuvining muomaladan qolishi bilan sug‘d taqvimi ham asta-sekin unutila boshladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:07:45

Avesto yil hisobi - Eron va Markaziy Osiyo xalqlari qo‘llagan eng qadimgi yil hisobi, taqvim. Bu taqvim zardusht ta’limoti bilan birga vujudga kelganligi uchun zardusht taqvimi, oy nomlari va boshqa hamma atamalari "Avesto" kitobidan olinganligi uchun avesto taqvimi ham deyiladi. Eronda qo‘llangan eng qadimgi taqvim bo‘lganligi uchun hozirgi ilmiy adabiyotlarda qadimgi eron taqvimi nomi ham ishlatiladi.

Zardusht yil hisobi quyosh yiliga asoslangan bo‘lib, 12 oydan iborat. Har bir oy 30 kun, yana qo‘shimcha 5 kun bor. Bu 5 kun alohida oy hisoblanadi. Taqvimdagi 12 oyning nomi "Avesto"dagi ma’budalarning nomiga borib taqaladi. Oy nomlaridan tashqari oy tarkibiga kirgan kunlar (30 kun) ning ham alohida-alohida nomlari bor. "Avesto"ning milodiy VI asrda sosoniylar davrida tuzilgan matnida oylar va kunlarning to‘liq nomi ro‘yxati keltirilgan. Biroq ba’zi taqvim atamalari   "Avesto"ning   eng   azaliy   qismlari   deb hisoblanuvchi miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda tarkib topgan. "Gotlar"da ham uchraydi. Zardusht taqvimi qachon va qaerda tuzilganligi to‘g‘risida fanda hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Olimlarning taxmin qilishicha bu taqvim Sharqiy Eron yoki Markaziy Osieda miloddan avvalgi birinchi ming yillikning boshlarida tuzilgan. Dastlab, g‘arbiy Eronda Ahmoniylar davrida rasmiy davlat taqvimi sifatida qabul qilingan (ilmiy adabiyotlarda qadimgi eron yil hisobi deb atalishining sababi ham shu). Bu holat Ahmoniylar davrida zardusht dinining keng yoyilishi bilan izohlanadi Zardusht taqvimi Hindistonda hozirgi vaqtda istiqomat qilayotgan zardusht jamoalarining taqvimi bilan qiyoslab ko‘rilganda mazkur taqvim g‘arbiy Eronda Ahmoniylar davrida miloddan avvalgi 505,490,484,481, va 441 sanalarning biridan boshlangan deb hisoblash mumkin. Abu Rayhon Beruniy o‘zining "Xronologiya" asarida yuqoridagi yillarning eng oxirgisi-miloddan avvalgi 441 yilni eng to‘g‘ri sana deb oladi va zardusht taqvimi shu yildan boshlangan deb ko‘rsatadi. Zardusht taqvimi 365 kun, har biri 30 kundan tuzilgan 12 oy va yana 5 kundan iborat, to‘rt yilda yana 1 kun orttirilgan. Demak, har to‘rt yilda (kabisa yilida) 12-oyning oxiriga 5 kun emas, 6 kun qo‘shilgan. Zardusht yil hisobi qadimgi eron manbalarida - Behstun va Naqshi Rustam kitobalarida hamda boshqa yozma yodgorliklar va hujjatlarda tez-tez tilga olinadi. Shunday qilib zardusht taqvimi Ahmoniylar davridan boshlab davlatning ish yuritish bo‘yicha rasmiy taqvimi bo‘lib qoladi. Shu bilan birga bu taqvim zardusht dini bayramlari, rasm-rusumlarini olib borishda diniy taqvim ham bo‘lib qolaveradi.

Zardusht oylarining nomlari: 1. Farvardinmoh, 2. Ordi - behishtmoh, 3. Xurdodmoh, 4. Tirmoh, 5. Murdodmoh, 6. Shahrivarmoh, 7. Mehrmoh, 8. Obonmoh, 9. Ozarmoh, 10. Daymoh, 11. Bahmanmoh, 12. Isfandarmazmoh. Har bir oyda 30 kunning maxsus nomi ham bo‘lgan ular quyidagilar: 1. Xurmuz, 2. Bahman, 3. Urdubehisht. 4. Shahrivar, 5. Isfandarmaz, 6. Xurdod, 7. Murdod, 8. Dayba ozar, 9. Ozar, 10. Obon, 11. Xur, 12. Moh, 13. Tir, 14. Jo‘sh, 15. Dayba mehr, 16. Mehr, 17. Sarush, 18. Rashn,   19. Farvardin,  20, Bahrom, 21.Rom, 22. Bod, 23. Daybadin, 24. Din, 25. Ard, 26. Ashtoz, 27. Asmon, 28. Zomyoz, 29. Morasfand, 30. Aniron. O’ttiz kunga atab qo‘yilgan mazkur nomlar yilning o‘n ikki oyidagi hamma kunlarga taalluqli bo‘lgan.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:09:51

Qadimgi Eron yil hisobi, ya’ni zardusht yil hisobi milodiy 632 yilgacha qo‘llanib keldi. 632 yilda sosoniy podshohlardan Yazdgird III zardusht taqvimini isloh qildi. Yangi taqvim shu podshohning nomi bilan Yazdgird taqvimi nomini oldi. Boshlanish vaqti ham Yazdgird III ning taxtga o‘tirgan kuni - milodiy 632 yil 16 iyundan hisoblandi. Qadimgi eron, ya’ni zardusht taqvimining atamalari, xususan oynomlari fors-tojik va turkiy manbalarda o‘rni-o‘rni bilan uchrab turadi. Mazkur atamalar ko‘proq eroniy va turkiy xalqlarning eng qadimgi zardusht ta’limoti bilan bog‘liq rasm-rusumlari, urf-odatlari bilan bog‘liq holda tilga olinadi.

Umar Xayyom "Navro‘znoma" asarida yuqoridagi oylarning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha talqin qiladi. (Izoh: Umar Xayyom oylarning nomini asli Avestocha demasdan Pahlaviy tilida deb aytadi. Chunki Umar Xayyom davrigacha Avesto tilidagi so‘zlar Pahlaviy tiliga, pahlaviy tilidagi so‘zlar yangi fors tiliga o‘tib kelardi. Shuning uchun Umar Xayyom oy nomlarini Pahlaviycha deb tushuntiradi).
Biz Umar Xayyom so‘zlarini aynan keltiramiz.

1. Farvardin - pahlaviycha so‘z va uning ma’nosi aynan jannatlar bo‘lib, bu oy o‘simliklar o‘sishining boshlanishidir. Bu oy Hamal burjiga oid. Binobarin, oyning boshidan to oxirgacha oftob shu burjda bo‘ladi.
2. Ordbihisht - bu oyda dunyo o‘zining ko‘karishi ila jannatmonanddir. Urd pahlaviy tilida "monand" degani. Oftob bu oyda haqiqiy aylanishi bo‘yicha Savr burjida bo‘ladi. Bu oy bahorning o‘rtasidir.
3. Xurdod - odamlarni bug‘doy, arpa va mevalar bilan boqadi. Oftob bu oyda Javzo burjida bo‘ladi.
4. Tir - bu oyni "tir" atadilar, chunki bu oyda bug‘doy, arpa va boshqa narsalarni taqsim qiladilar. Oftobning avji pasaya boshlaydi. Saraton burjida bo‘ladi. Bu oy yoz oyining birinchisidir.
5. Murdod - tuproq berdi, ya’ni unda yetilgan meva va sabzavotlarni berdi. Yana bu oyda xavo tuproq to‘zoniga o‘xshaydi. Bu oy yoz o‘rtasidir. Oftob Asad burjida bo‘ladi.
6. Shahrivor - bu oyni shahrivor deydilar, chunki bu daromad oyidir, ya’ni, podshoxlarning daromadlari shu oyga to‘g‘ri keladi. Bu oyda dehqonga o‘lpon to‘lash oson. Oftob Azro (Sunbula)da bo‘ladi. Bu yozning oxirgi oyi.
7. Mexr - bu oyni mehr deyishadi, chunki u insonlar o‘rtasidagi do‘stlik oyidir va pishgan barcha meva va boshqa narsalar hamda o‘zlarining ulushlariga tekkanini birga baxam ko‘radilar. Oftob bu oyda mezonda bo‘ladi, ya’ni kuzning boshlanishidir.
8. Obon - ya’ni bu oyda boshlangan yog‘inlardan suv ko‘payadi va odamlar ekinlarini sug‘oradilar. Oftob bu oyda Aqrabda bo‘ladi.
9. Ozar - paxlaviy tilida ozar "olov" deganidir. Bu oyda ob-havo soviy boshlaydi va olovga muxtojlik paydo bo‘ladi, ya’ni bu olov oyidir. Oftob bu oyda qavs burjida bo‘ladi.
10. Day - paxlaviy tilida "day" devni anglatadi. Bu oyni "day" deyishlariga sabab, u qahrli va bu oyda yer ko‘karishdan yiroqdir. Oftob Jadida bo‘ladi. Bu qishning birinchi oyi.
11. Baxman - buning ma’nosi "o‘shanga o‘xshagan" demakdir. Chunki bu oy o‘sha day oyiga o‘xshab sovuq va quruqdir. Oftob bu oyda Zuhal xonasida, dalvning jadi bilan tutash yerida bo‘ladi.
12. Isfand - bu oyni isfand deydilar, chunki isfand paxlaviy tilida mevani anglatadi, ya’ni bu oyda mevali daraxt va o‘simliklar ko‘kara boshlaydi. Oftob bu oyda oxirgi Hut burjiga yetib keladi.

Qadimgi Eron oylari yuqorida aytilganidek 30 kundan bo‘lib, har bir kunning avesto tilida maxsus nomi bor. Alisher Navoiy asarlarida ham qadimgi eron oylarining hammasi tilga olinadi. Ayrim xollarda Navoiy qadimgi eron oylarining nomlarini burj oylarining nomlari bilan almashtirib qo‘llaydi. Chunonchi: hamal o‘rnida farvardin, savr o‘rnida ordbehisht, javzo o‘rnida xurdod, saraton o‘rnida tir va shuning kabilar. Kadimgi Eron yil hisobi, ya’ni zardusht taqvimi zardusht dini nufuzining tobora pasayishi bilan melodiy birinchi ming yillikning oxirlarida unitila boshlagan. Biroq hozirgi davrda Hindistonning Bombay shahri va uning atroflarida istiqomat qilayotgan zardusht jamoalari o‘z taqvimlarini hamon saqlab kelmoqdalar. Ular zardusht bayramlari, marosimlari va urf odatlarini o‘tkazishda mazkur taqvimga amal qiladilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:11:01

Yazdigird yil hisobi - quyosh taqvimiga asoslangan. Bu yil hisobi o‘rta Osiyo va Eronda to‘rt yarim asr qo‘llandi. Yazdigird yil hisobi milodiy 632 yil 16 iyun - hijriy II yil 21 rabe’ulavvaldan boshlanadi. Bu sana sosoniylarning so‘nggi shohi Yazdigird III ning taxtga chiqishi bilan bog‘liq (hukmronlik yillari 632-651). Yazdigird III taqvimi 365 kun bo‘lib, 12 oyga bo‘linadi. Oylar nomi qadimgi eron (zardusht) taqvimidagi oylar nomi bir oz o‘zgartirib, soddalashtirib olingan. Ular quyidagicha: farvardin, ordbehisht, xurdod, tir, murdod, shahrivar, mehr, obon, ozar, day, bahman, isfand. Har bir oy 30 kundan hisoblanadi. qo‘shimcha 5 kun 12-oy isfand oxiriga qo‘shiladi. Abu Rayhon Beruniyning ko‘rsatishicha bu 5 kun qadimgi eron tilida "panji" yoki "andargoh" deb atalgan. Keyinchalik arab tili Eronga kirib kelgandan so‘ng mazkur so‘z arabchalashtirilib "andarjoh" deyilgan. Beruniyning yozishicha "andarjoh" kunlar doimo 12-oy oxiriga yoki boshqa oylar oxiriga qo‘shilmay, ba’zan sakkizinchi (obonmoh) va to‘qqizinchi (ozarmoh) oylar o‘rtasiga ham qo‘yilgan. Yangi yil - farvardin oyining 1- kuni bahorgi teng kunlik kirgan (21 mart)da boshlanadi. Yazdigird taqvimida har to‘rt yilda yig‘ilib qolgan bir kun 120 yilda bir oyni tashkil qilgan. Shu bir oy 120 yilda 13-oy hisoblanib 120-yilning birinchi oyidan keyin qo‘shilgan va farvardin ikki deb atalgan. 240-yilda esa bu 13-oy ikkinchi oy ordbehishtdan keyin ordbehisht ikki deb atalgan va, nihoyat, 360-yilda uchinchi oyga xurdod ikki deb qo‘shilgan.

Yazdigird yil hioobini qo‘llashda ma’lum qiyinchiliklar tug‘ildi. Shuning uchun milodning 1079 yili (Yazdigird III taqvimi bo‘yicha 447 yil) Eronda hukmronlik hilgan sulton Jaloliddin Malikshoh ibn Alp Arslon Saljuq (hukmronlik yillari 1072-1092) buyrug‘i bilan isloh etildi. Yazdigird yil hisobi o‘rniga hijriy shamsiy yil hisobi joriy etildi.

Arab istilosidan keyin qariyb to‘rt yarim asr Eronning davlat taqvimi bo‘lib xizmat qilgan Yazdigird yil hisobidan Erondan tashqarida bo‘lgan boshqa o‘lkalar, xususan o‘rta Osiyo xalqlari ham foydalandilar. VII-XII-asrlarda Eron va o‘rta Osiyoda yaratilgan yozma manbalarda - hujjatlar va kitoblarda sana yazdigird taqvimi bilan qayd etiladi. Ayrim mualliflar va kotiblar o‘zlari yaratgan asarning ijodiy tarixini yoki ko‘chirgan qo‘lyozmalarining kitobat tarixini yazdigird yil hisobi bilan beradilar. Shuni ham aytish kerakki yazdigird yil hisobi XI asrda bekor qilingan bo‘lsa-da, ayrim olimlar, kotiblar amalda uni XIII asrlarga qadar qo‘llaydilar. Chunonchi: Abu Rayhon Beruniyning O’zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan "At-tafhim" asarining 3423 rahamli nusxasining kitobat tarixi yazdigird yil hisobi bilai ko‘rsatilgan. "At-tafhim"ning mazkur nusxasi Yazdigird hisobi bilan 628 yil mehr oyida ko‘chirib tugallangan. Ushbu sana hijriy bilan 661 yilga, milodiy bilan 1261-1262 yilga to‘g‘ri keladi. XIII asr oxirlaridan kotiblar yazdigird yil hisobini butunlay unutdilar va foydalanmay qo‘ydilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:12:01

Hijriy-shamsiy yil hisobi - tarix boshi (era)ni payg‘ambar Muhammad alayhissalom hijratlaridan olgan va quyosh (Shams)ning bir yillik harakat muddatiga asoslangan yil hisobi. Milodiy 1079 (Yazdigird hisobi bilan 447) yilda Eronda o‘rnatilgan Buyuk Saljuq davlatining uchinchi sultoni Jaloliddin Malikshoh ibn Alp Arslon (hukmronlik yillari 1072-1092) Yazdgird yil hisobini isloh etish to‘g‘risida buyruq beradi. Taqvim islohi maxsus tuzilgan hay’at tomonidan o‘rganib chiqiladi. Hay’atga falakiyot va riyoziyot olimi faylasuf va shoir Umar Xayyom (1040-1123) rahbarlik qiladi. Yangi taqvimni tuzishdan maqsad yilning boshlanishini bahorgi teng kunlikka to‘g‘rilash edi. Vaholanki, Umar Xayyom davrida yangi yilning boshlanishi bahorgi tengkunlikdan deyarli bir hafta uzoqlashib 14-16 martga to‘g‘ri kelib qolgan edi.  Agar yangi yil 20, 21 yoki 22 martdan boshlansa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Umar Xayyom boshchiligidagi hay’at yangi yilni baxorgi tengkunlikdan boshlaydi va buning uchun kabisa yili tanlab olinadi. Bu taqvimda ham yazdigird yil hisobidagi kabi bir yil 12 oyga bo‘linadi va har bir oy 30 kundan iborat bo‘ladi. Bu taqvimda yazdigirddan farqli o‘laroq kabisa yilida 6-kun ham qo‘shilgan. Kabisa yilning tartibi quyidagicha bo‘lgan: xar 33 yil bir davr (tsikl) hisoblangan. Unda sakkiz marta kabisa yili kelgan. Bunda kabisa kuni yetti marta 4-yil oxiriga, sakkizinchi kabisa kuni esa 5-kabisa yili oxiriga qo‘shilgan. Bu taqvim hijratning 1-yili (milodiy 622 yil) dan boshlab hisoblandi. Ammo uning amaliyotga kirgan va tatbiq etilgan kuni hijriy 471 yil 10 ramazon, yazdgird 448 yil 19 farvardin, milodiy 1079 yil 16 martta to‘g‘ri keldi. Ushbu sana xijriy-shamsiy hisobi bo‘yicha 458 yilning birinchi boshlanish kuni - baxorgi teng kelish kuni (navro‘z) bo‘ldi. Boshqacha aytganda xijriy-shamsiy yil hisobi boshlanish vaqtini hijratning 1-yilidan olgan bo‘lsa ham o‘z tarixining 458 yilidan amaliyotga kiritildi. Bu taqvim saljuqiy sulton Jaloliddin Malikshoh ibn Alp Arslon nomi bilan jaloliy taqvimi deb nom oldi. Ayrim ilmiy adabiyotlarda mazkur taqvimni tuzishda faol qatnashgani uchun olim va shoir Umar Xayyom nomi bilan Umar Xayyom taqvimi deb ham yoziladi. Yana ayrim manbalarda bu taqvim turkiy xalqlar tomonidan barpo etilgan saljuqiylar davlatida tatbiq etilgani uchun turk taqvimi deb xam aytiladi. Turk taqvimi milodiy (grigoriy) taqvimiga nisbatan xatosi oz edi. Agar turk taqvimi o‘n ming yilda bor-yo‘g‘i ikki kunlik farqqa uchrasa, grigoriy taqvimida bu farq juda katta edi. Hijriy-shamsiy yil hisobida avvalgi taqvimdagi an’anaviy oy (farvardin, ordbexisht, xurdod, tir, murdod, shaxrivar, mehr, obon, ozar, day, baxman, isfand) nomlari saqlanib qoldi. Jaloliy taqvimi XIX asr o‘rtalarigacha Eronda qo‘llandi. Keyinroq xijriy-shamsiy taqvimi isloh etilib oylarning kun miqdori burj oylarining kun mikdoriga to‘g‘rilanadi. Shu vaqtdan boshlab hijriy-shamsiy taqvimida qadimgi eron oylarining nomi bilan burj oylarining nomi xam barobar qo‘llana boshladi. Ularning tartibi shunday: farvardin - hamal (qo‘y), ordibehisht - savr (xo‘kiz), xurdod - javzo (egizak), tir-saraton (qisqichbaqa), murdod- asad (arslon), shahrivar - sunbula (boshoq), mehr - mezon (tarozu), obonaqrab (chayon), ozar - qavs (yoy), day - jadi (echki), bahman - dalv (qovg‘a), isfand — xut (baliq).               Hozirgi    vaqtda    Eronda    rasmiy    davlat    taqvimi sifatida amal qilayotgan hijriy-shamsiy yil hisobida dastlabki olti oy 31 kundan, keyingi besh oy 30 kundan va oxirgi bir oy 29 yoki 30 kundan bo‘ladi. Eronda burj oylarining nomlari ishlatilsa ham rasmiy hujjatlarda qadimgi eron oylarining nomi yoziladi. O’zbekistonda va Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarda xijriy-shamsiy taqvimdan foydalanilganda burj oylarining nomi aytiladi. Chunonchi xijriy-shamsiy hisob bilan 1378 yil mezon oyining 5-kuni (milodiy hisob bilan 1999 yil sentyabr oyining 26-kuni), kabi. Hijriy - shamsiy taqvimi yilning muayyan vaqtida - bahorning birinchi kuni (navro‘z)da boshlangani uchun fasllar, iqlim, obi-havo va tabiatda yuz beradigan boshqa takroriy, davriy hodisalarni kuzatib borishda juda qulay. Shuning uchun Eron, Afg‘oniston, Turkiya, Markaziy Osiyo mamlakatlarida, shu   jumladan   O’zbekistonda   ham   qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq barcha ishlarni olib borishda mazkur taqvimdan foydalaniladi.

Qayd etilgan