- 29 -
Keling, do’stlar, pir xizmatin bayon aylay,
Eshitib, uqung, xizmat qiling, do’stlarimo.
Xorliq-zorliq, mashaqqatni ayon aylay,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Ursa-so’ksa pir etogin mahkam tutgil,
Ayo tolib xizmat ichra qonlar yutgil.
Jon ber desa ixlos birla jondin o’tgil,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Tolib bo’lsang, yo’l ostida bo’lg'il tufroq,
Vaqti kuzda daraxtlardin tushgon yafroq.
Oshiq bo’lsang, diydorig'a bo’lg'il mushtoq,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Chin tolibg'a pirdin tegar kunda sonchiq,
Zohir sonchiq botin ichra boldin totliq.
Jazbi holat in’om qilg'oy ishqi qottig',
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Ingronmag'il pirdin teksa har dam jafo,
Diydor talab ikki olam so’rmas vafo.
Ro’zi mahshar dillarini qilg'oy safo,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Piru komil mukammilni taniy desang,
Xuni jigar yegil, agar tolib bo’lsang.
G'oziy der(lar) bul maqomda o’lub borsang,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Piru komil mukammilni farqi bo’lg'oy,
Piru komil xulqlar birla qo’lung olg'oy.
Mukammal (pir) botin ichra yo’lg'a solg'oy,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Pir amrini tutmagonni valloh ko’rdim,
Do’zax ichra nechuksan deb holin so’rdim.
Maloiklar ura berdi, men ham urdim,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Bu olamda yaxshilardin qochib o’ttum,
Haqdin kechib shayton so’zin mahkam tuttum.
Ey noinsof, dunyo uchun qonlar yuttum...
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Pir xizmatin qilg'on kishi nuri ravshan,
Diydoriga Alloh o’zi va’da qilg'on.
Shak kelturub, yalg'on tolib yo’lda qolg'on,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Pir xizmatin qilg'onlarni bo’yni sinuq,
Xizmat qilg'on toliblardin qochg'oy tamug'.
Pir ta’rifin hech tuganmas, oytsam qamug',
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Pir xizmatin qilg'on kishi dasti daroz,
Ul sababdin dunyo birla doim aroz.
Ashki surxi, rangi, zardi Haqqa niyoz,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Xizmat qilg'on yetor oxir Xudoyiga,
Piri mug'on zomin bo’ldi gunohiga.
Pir yetkurgoy Haq taolo panohiga,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Pir xizmati, ey toliblar, oson emas,
Toliblari pir oldida misli magas.
Adab saqlab, pir oldida taom yemas,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Pirni lutfi Haqni lutfi tariqatda,
Haq in’omi pirga yetar haqiqatda.
Hodiy bo’lub yo’lg'a solg'on ma’rifatda,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Pir xizmati - Haq xizmati adab qilung,
Sahar vaqtda nazar qilur, ogoh bo’lung.
Ey toliblar, bedor bo’lub yo’lg'a kiring,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Xizmat qilg'on toliblari Haqqa yaqin,
Kimni ko’rsa tavoze’liq, so’zi hazin.
Inshaalloh, ondog' tolib Haqqa yaqin,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Piring - g'assol, murid - murda so’zlayolmas,
Ko’ngul bergon pirdin o’zga ko’zlayolmas.
Haqni tobgon Haqdin o’zga izlayolmas,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Pirsizlarning bayonini oytoy sizga,
Ro’zi mahshar rangi ro’yi bo’lg'oy o’zga.
Tolib bo’lsang, quloq soling yaxshi so’zga,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Zori qilib kimga borsa, qo’lin olmas,
Hidoyatda dod aylasa, yo’lg'a solmas.
Ondog' qulda iymon-islom dini bo’lmas,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Hodiyman deb shayton lain yo’lg'a boshlar,
It suratlik bo’lub ani qopib tishlar.
Haybat qilib, do’zax ichra eltib tashlar,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Do’zax ichra vo vaylato, nadomato,
Nola qilg'on, qachon bo’lg'oy qiyomato.
Haqqa qullug' qilmadim deb nadomato,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Xuni jigar yutub aydim sizga hikmat,
Duo qilay, sizlarni ham qilg'oy rahmat.
G'ayrat qilib, Haq soriga bog'lang himmat,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.
Qul Xoja Ahmad, sodiq bo’lub pirga borgil,
Etagiga yuzing surub, ulush olg'il.
Ilig-ayog' qoim qilib hozir turgil,
Eshitib, uqub, xizmat qiling, do’stlarimo.