Abdul Azim Ziyovuddin. Siz payg'ambarni ko'rganmisiz?  ( 93593 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 B


Hadija  04 Iyun 2009, 15:44:32

106. Abdulloh ibn Zaba’riy Sahmiy.
Alloh mushriklarning asl niyatlarini fosh qilib shunday deydi:
"...Ular u (misol)ni Sizga faqat talashib-tortishish uchungina keltirdilar. Axir, ular xusumatchi (urushqoq, janjalkash) qavmdirlar!" (Zuxruf surasi, 58-oyat.)
Qolaversa, mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tilovat qilgan oyatning mazmunini yaxshi bilardilar, chunki ular arab edilar. Arab tilida harfi jonsiz predmetlarga ishlatilib, (narsa) ma’nosini anglatadi. Oyatdagi "Allohdan o‘zga ibodat qilayotgan narsalaringiz"dan murod but-sanamlardir!

107. Utba ibn Rabiy’a. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

108. Abu Lahab (ma’nosi: do‘zax olovining otasi). Ismi Abdul Uzzo ibn Abdulmuttalibdir. Bu badbaxt ko‘zi g‘ilay bo‘lib, sochini ikki o‘rim kilib yurardi. O’zi Payg‘ambarimizning (ota bir ona boshqa) amakisi bo‘lsa ham, u zotga juda ko‘p ozorlar yetkazgan edi. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

109. Yettinchi yili. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

110. Sakson uchta ta erkak va o‘n sakkizta ta ayol, jami 101 ta sahoba. ("Ar-rahiyqul maxtum"; "Nurul yaqin"; "Nurul basar"; "Rahmatun lil olamiyn", 1-kitob.)
Ular Ja’far ibn Abu Tolib boshchiligida Makka davrining 7-yili boshlarida hijrat qilganlar. Ikkinchi hijrat avvalgisiga qaraganda ancha mashaqqatli kechgan. Alloh taolo aytadi:
"Zulm (qiynoq)larga duchor bo‘lganlaridan so‘ng, Alloh yo‘lida hijrat qilgan zotlarni, albatta, bu dunyoda ham go‘zal (maqomlarga) joylashtirurmiz. Endi Oxirat ajri (mukofoti) yanada kattaroq ekanini (odamlar) bilsalar edi! Ular (mushriklar yetkazgan ozor-aziyatlarga) sabr-toqat qilgan va Parvardigorlarigagina tavakkal etadigan zotlardir". (Nahl surasi, 41 — 42-oyatlar.)

Qayd etilgan


Hadija  06 Iyun 2009, 17:18:57

111. Amr ibn Os bilan Abdulloh ibn Abu Rabiy’a.
Habashiston arboblari elchilarning sovg‘a-salomlariga uchib, quruq gaplariga aldanib, musulmonlarni tutib berishni Najoshiyga maslahat solishga kelishib olishadi.
Saroyda Najoshiy bilan muhojirlar boshlig‘i Ja’far roziyallohu anhu o‘rtalarida diqqatga sazovor so‘zlashuv bo‘lib o‘tadi. Natijada, adolatli hukmdor elchilarning talabi noo‘rin ekanidan hamda musulmonlar mazlum holda himoya istab aynan uning yurtiga kelishganini tushunib, elchilarni ham, sovg‘alarini ham orqaga qaytarib yuboradi. Shu voqeadan keyin Najoshiyning yurtida biror kishi musulmonlarga aziyat beradigan bo‘lsa, unga jarima solinar edi.
Payg‘ambarimiz Madinaga hijrat kilganlaridan keyin: Habashiston muhojirlarining bir qismi Madinaga ko‘chib o‘tishadi. Ja’far roziyallohu anhu boshchiligidagi bosh jamoa esa, kema yo‘li bilan hijratning 7-yil Xaybar fathi asnosida Madinaga yetib kelishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hatto: "Qay biriga quvonay: Xaybarning fathigami yo Ja’farning qaytib kelganigami?" deya nihoyatda xursand bo‘lgan edilar.

112. Bag‘iz ibn Omir.
Ibn Qayyim Javziyya aytadi: "Ba’zilar: "Ahdnomani Mansur ibn Ikrima yozgan", desa, boshqalar: "Nazr ibn Horis yozgan", deydi. To‘g‘risi esa, Bag‘iz ibn Omirdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni duoibad qilganlar va uning qo‘li shol bo‘lib qolgan". ("Zodul ma’od", 3-kitob.)

113. Uch yil (nubuvvatning 7-yili muharram oyidan 10-yili muharram oyigacha). ("Ar-rahiyqul maxtum".)
Abu Jahl boshchiligida Quraysh peshvolaridan qirq kishi qaror qabul qilishadi. Abu Jahl imzolangan qarornomani amalga tatbiq etish uchun kecha-yu kunduz tinmay harakat qiladi.
Har yoqda parokanda yashayotgan butun musulmonlar Abu Tolib dahasidagi hali musulmon bo‘lmagan hoshimiylarga kelib qo‘shilishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Arqamning uyidan chiqib, o‘sha yerga ko‘chib o‘tadilar. Bu yer o‘zlari tug‘ilgan mahalla bo‘lib, ilgari "Bani Hoshim dahasi" deyilar edi.

114. Sakkizinchi yili.

Oyning ikkiga bo‘linishi mo‘‘jizasi mashhur voqea bo‘lib, musulmonlar Abu Tolib mahallasida qamalda yashayotganlarida, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Minoda turgan paytlarida, oydin bir kechada, Allohning irodasi ila sodir bo‘lgan. Alloh taolo aytadi:
"(Qiyomat) Soati yaqinlashdi va oy ham (ilohiy mo‘‘jiza sifatida ikkiga) bo‘lindi". ("œQamar" surasi, 1-oyat.)
Bu juda ham mashhur hodisa bo‘lib, o‘sha kechada kim unga nazar solgan bo‘lsa, oyning yorilganini ko‘rgan, mulohaza qilgan.
Yaqinda Hindistonda tarixiy yodgorliklarni o‘rganish jarayonida bir ibodatxonaning qurilish tarixiga oid hujjatlar ko‘rib chiqildi. Buni qarangki, mazkur hujjatda "bu ibodatxona oy yorilgan kechaning ertasi kuni qurila boshlangan", deb yozilgan ekan". ("Tafsiri Hilol", Qamar surasi, 1-oyattafsiridan.)
1992 yili Nobel mukofotini berish payti edi. Amerikalik bir guruh olimlar yetti yil davomida olib borgan izlanishlari natijasida Oyning xaritasini tuzib chiqishdi. Kashfiyotchilar tomonidan aniqlanishicha, Oy qachonlardir o‘rtadan bo‘lingan ekan. Xaritada Oyning o‘rtasidan bo‘linish asorati sifatida dioganal chiziq o‘tgan edi. Anjumanga yig‘ilganlar bu faktni eshitgan zahoti "qachon-qachon" degan savollar yangray boshladi. Xakkerbi: "Milodiy sana bo‘yicha taxminan olti-ettinchi asrlarda", degan javobni berdi...". ("Musulmonlar taqvim kitobi", 2006 yil, 1-chorak.)

115. Besh kishi.

Hishom ibn Amr; Zuhayr ibn Abu Umayya; Mutim ibn Adiy; Abul Baxtariy ibn Hishom; Zam’a ibn Asvad. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

Qayd etilgan


Hadija  06 Iyun 2009, 17:22:11

116. Islomni qabul qilish uchun.
Habashiston rohiblari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Masjidul Haromdan topishdi. U kishi bilan o‘tirib gaplashishdi, savollar berishdi. Payg‘ambarimiz ularni Islomga da’vat etdilar, Qur’on tilovat kilib berdilar.
Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda o‘z kitoblarida vasf qilingan sifatlarni ko‘rib, iymoi keltirishadi. (Bu hakda Qasas surasining 52 — 55-oyatlari nozil bo‘lgan. Mazkur! "Tafsiri Hilol"ning Qasas surasi, 52 — 55-oyatlari tafsirida bayon)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zot (Alloh) bilan qasam ushbu ummatdan birortasi: yahudiyimi, nasroniyim mening haqimda eshitsa-yu, so‘ngra menga yuborilgan narsaga iymon keltirmay o‘lib ketsa, albatta, do‘zax egalaridan bo‘ladi", dedilar". (Muslim, Ahmad, Abu Uvona va Sulamiylar rivoyat qilishgan.)
Ushbu hadisi sharifda gap butun yer yuzi aholisi haqida bormoqda. Demak, yer yuzida kim Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqida, u kishining dinlari haqida eshitsa, u zotga iymon keltirib, Islom diniga kirishi lozim bo‘ladi. Agar kirmasa, kofir bo‘ladi, do‘zaxga tushadi. ("Sunniy aqiydalar", 338-339-betlar.)

117. Olti oy (rajab oyida, 87 yoshida). ("Ar-rahiyqul maxtum"; Shoh Akbarxon Najib Obodiy, "Tarixi Islom", 1-kitob, 120-bet.)
Abu Tolibning ramazon oyida Xadicha roziyallohu anhodan uch kun oldin vafot etgani haqida rivoyat ham bor. Lekin uning rajab oyida vafot etgani haqidagi rivoyat kuchliroq. ("Ar-rahiyqul maxtum"; Shoh Akbarxon Najib Obodiy, "Tarixi Islom", 1-kitob, 120-bet.)
Abu Tolibning vafoti yaqinlashganda, uning oldiga Payg‘ambarimiz kirdilar. Abu Jahl va unga o‘xshaganlar ham shu yerda edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ey amaki, "La ilaha illalloh" kalimasini ayting! Shunda men Allohning huzurida bu kalimani sizning foydangizga hujjat qilaman", dedilar.
Abu Jahl: "Ey Abu Tolib, (otang) Abdulmuttalibning dinidan yuz o‘girasanmi?" deya takrorlayverdi.
So‘ng Abu Tolib: "Men Abdulmuttalibning dinidaman", dedi, "La ilaha illalloh" deyishni xohlamadi. Bas, Payg‘ambarimiz: "Allohga qasam, agar man’ qilinmasam, siz uchun istig‘for aytaman", dedilar. Shunda, Alloh taolo quyidagi oyatlarni nozil qildi: (Buxoriy va Muslimlar rivoyati; Mulla Aliyyul Qori Hanafiy, "Al-fiqhul akbar" sharhi.)
"Na Payg‘ambar va na mo‘minlar - agar mushriklar qarindoshlari bo‘lsa ham - ularning do‘zax egalari ekanliklari aniq ma’lum bo‘lganidan keyin, u mushriklar uchun mag‘firat so‘rashlari joiz emasdir". (Tavba surasi, 113-oyat.)
"(Ey Muhammad alayhissalom), aniqki, siz o‘zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmassiz, lekin Alloh O’zi xoxlagan kishilarni hidoyat qilur. U hidoyat topuvchi zotlarni yaxshiroq bilguvchidir". (Qasas surasi, 56-oyat.)
Odamlarni hidoyat qilish faqat Alloh taoloning izmidadir. Allohdan boshqa hech kim, hatto oxir zamon Payg‘ambarining ham bu ishga qurblari yetmaydi. Agar u zot biror kishini hidoyat qilish imkoniga ega bo‘lganlarida, amakilari Abu Tolibni hidoyat qilgan bo‘lar edilar. Ammo buning imkoni bo‘lmadi. Abu Tolib hidoyatga muyassar bo‘lmay, dunyodan o‘tdi. Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq afsus chekdilar. ("Tafsiri Hilol", Qasas surasi, 56-oyat tafsiridan.)
Butun koinotning Yaratuvchisini e’tirof etmagan, unga iymon keltirmagan insonning qilgan yaxshilik va xizmatlari qanchalik buyuk bo‘lmasin, qiyomat kunida aslo foyda bermaydi. Bunga Abu Tolibning hayoti yorqin misoldir. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni go‘daklik chog‘laridan boshlab, 42 yil himoya qildi. Biror kishining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ziyon yetkazishiga yo‘l qo‘ymadi. Shunga qaramasdan, iymon keltirmagani uchun ilohiy rahmatga erisha olmadi". (Muhammad Ayyub Homidov, "Hidoyat", 2001 yil, 6-son, 21-bet.)
Abbos ibn Abdulmuttalib: "Ey Rasululloh! (Amakingiz) Abu Tolibga biror narsa bilan (oxiratiga) foydangiz tegdimi? Axir u kishi sizni himoya qilar, siz uchun (dushmanlaringizdan) g‘azablanar edi", deb so‘ra-di. U zot: "Ha! U (amakim) hozir do‘zaxning eng sayoz qismidadir. Agar men(ing shafoatim) bo‘lmaganida, u kishi do‘zaxning tuban joyida bo‘lar edi", deb, javob berdilar. (Muslim, Ahmad, Abu Ya’lo va Ibn Asokirlar rivoyat qilishgan.)

118. O’z uylarida.

Abu Tolibning vafoti haqida Payg‘ambarimizga Hazrati Ali xabar olib kelganlar.
Ali roziyallohu anhu aytadilar: "(Otam) Abu Tolib vafot qilgach, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib: "Zalolatdagi (ya’ni, Islom diniga kirmagan) qariya amakingiz olamdan o‘tdi. Uni kim ko‘madi?" dedim. U zot: "Borib dafn qil, keyin oldimga kel. Kelguningcha, boshqa biron ish qilma", dedilar. Men: "Axir (otam) mushrik holida vafot etdi-ku?" dedim. U zot: "Bor, dafn qil", dedilar. Men borib (otamni) dafn qildim, so‘ngra u zotning huzurlariga keldim. U zot: "Endi borib g‘usl qilib, keyin oldimga kel. Kelguningcha, boshqa biron ish qilma", dedilar. Men borib g‘usl qilib keldim. U zot sollallohu alayhi vasallam mening haqimga shunday duoi xayrlar qildi-larki, agar o‘sha (duolar)ning o‘rniga qizil va qora tuyalar (berilganida), bunchalik xursand bo‘lmas edim". (Ahmad ibn Hanbal, Abu Dovud, Nasoiy va Bayhaqiylar rivoyati, isnodi sahih.)

119. Sakkiz oy
(ramazon oyida, 65 yoshlarida).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning homiy amakilari Abu Tolib va vafodor-sirdosh ayollari Xadicha roziyallohu anhoning vafotlari hamda Toifdagi g‘am-anduhlar tufayli bu yilni Payg‘ambarimiz "G’am yili" deb nomlaganlar.
Xadicha onamizni qabrga Payg‘ambarimizning o‘zlari qo‘yadilar.
Xadichai Kubro besh vaqt namoz farz qilinadigan vaqtga yetisholmadilar, chunki onamiz "me’roj" voqeasidan oldin vafot etganlar. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

120. Savda Zam’a qiziga.
Savda onamiz avval Sakron ibn Amr ismli kishiga tekkan edilar. Yoshlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlaridan katta bo‘lgan. Savda onamiz erlari bilan Habashiston hijratiga borgan Islom fidoyilaridan edilar. U yerdan qaytib kelishganida, erlari vafot etadi. Katta yoshli ayol, Islom uchun fidokorlik qilgan inson yolg‘iz va qarovsiz qoladi. Rasuli Akram uning ko‘nglini ko‘tarish hamda onadan yetim qolgan qizlari kichkina Fotimaga qarab turishi uchun keksa ayolni nikohlariga oladilar.
Agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylanishlari shahvat uchun bo‘lganida, dunyodagi eng go‘zal qizlarning ota-onalari u kishini kuyov qilishni orzulab turgan bir paytda oltmishning atrofidagi beva ayolga uylanar edilarmi? (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Hadis va Hayot", 13-juz’, 36-bet.)

Qayd etilgan


Hadija  06 Iyun 2009, 17:36:28

121. Uch mil.
Tentaklar Payg‘ambarimizni Rabiy’aning ikki o‘g‘li Utba va Shaybalarga tegishli bog‘gacha toshbo‘ron qilib borishgan. Bu bog‘ Toifdan uch mil uzoqda joylashgan. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

122. Addos.
Addos roziyallohu anhu Yunus payg‘ambar yashab o‘tgan yurt (Assiriya poytaxtlaridan biri) Niynavodan bo‘lgan. Yunus payg‘ambar Qur’onda zikri kelgan yigirma beshta payg‘ambarning tartib bo‘yicha yigirma birinchisidirlar.

123. Naxla vodiyida.
Naxla Makkadan bir kechalik yo‘l bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Toifdan qaytayotganlarida Zayd ibn Horisa bilan bu yerda bir necha kun turganlar. ("Ar-rahiyqul maxtum".)
Jinlar Qur’onni eshitishga hozir bo‘lganlarida, insonlarga o‘xshab, bu o‘tganlarning afsonalari, sehr, she’r yoki uydirma, demadilar, balki, "jim, quloq osinglar!" deb aytdilar. Ushbu omil ularning baxtiga sabab bo‘ldi. Avval yaxshilab quloq osdilar, haqni botildan ajratishga urindilar. Haqiqatni tushunib yetganlaridan so‘ng esa, zudlik bilan iymon keltirdilar. ("Tafsiri Hilol", Ahqof surasi, 29-oyat tafsiridan.)
Ha, Qur’onga oshno bo‘lish, uni tinglash, o‘qish, ma’nosini tushunish iymonga sabab bo‘ladigan amallardandir. Albatta, e’tibor qulog‘i bilan Qur’on tilovatini tinglash juda ham foydali.
Jazoirda bo‘lib o‘tgan ilmiy anjumanda olimlardan biri Amerikada o‘tkazilgan tajriba haqida ma’ruza qildi. Tajribachilar to‘rt kishini tanlashgan — biri arab-musulmon. Ikkinchisi ham arab, lekin musulmonmas, Qur’on tilini yaxshi biladi, lekin unga e’tiqo-di yo‘q. Uchinchisi arabmas-musulmon, ya’ni, tilini tushunmaydi, lekin Qur’oni karimni ilohiy kitob deb e’tiqod qiladi. To‘rtinchisi arab ham emas, musulmon ham emas, ya’ni Qur’onga na til jihatidan va na e’tiqod jihatidan aloqasi bor shaxs. Eng yangi zamonaviy asboblarda to‘rtovlarining ruhiy o‘zgarishlari tekshirilgan. Shunda Qur’oni karim tilovatini eshitgan bu to‘rttala shaxs ruhida bir xil o‘zgarish ro‘y berganini asboblar qayd etadi. Qur’on haqiqiy ilohiy kitobligi yana bir bor ta’kidlandi. ("Tafsiri Hilol", Jin surasi, 13-oyat tafsiridan.)
Jinlarning Qur’on tinglaganlari haqidagi rivoyatlarni sinchiklab o‘rganib chiqqandan so‘ng ma’lum bo‘ladiki, aynan shu safar Muhammad alayhissalomning o‘zlari jinlar u zotning tilovatlariga quloq osganidan va undan keyingi gaplardan bexabar bo‘lganlar. Faqat Alloh taolo oyat tushirib xabar berganidan so‘ng bilganlar. Ammo ushbu voqeadan so‘ng jinlar yana kelib tinglashganda, Payg‘ambar alayhissalom bilib turganlar. ("Tafsiri Hilol", Ahqof surasi, 31-oyat tafsiridan.)

124. Mutim ibn Adiy.

Mazkur voqea milodiy 619 yil, iyun oxirlari yo iyulning boshlariga to‘g‘ri keladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mut’imning bu jasoratini unutmaganlar. Hatto, Badr jangidan so‘ng: "Agar Mut’im ibn Adiy tirik bo‘lganida va asirlar haqida mendan (shafoat) so‘raganida, albatta, ularni qo‘yib yuborgan bo‘lur edim", deganlar. (Buxoriy rivoyati.)

125. Birortasi ham qabul qilmagan. (Imom Termiziy rivoyati; "Ar-rahiyqul maxtum"; Shayx Abdulloh Najdiy, "Muxtasaru siyratir Rasul", 149-bet.)

Qayd etilgan


Hadija  06 Iyun 2009, 17:40:14

126. Bani Hanifa.
Payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan kazzob Musaylama mana shu Bani Hanifa qabilasidan edi.
Musaylama kazzobning buzg‘unchiligi kundan-kunga oshavergach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni zalolatdan qaytarish uchun bir maktub hozirladilar. Bu paytda musulmonlar Madinada kuchli davlat barpo etgan edilar. Choparlik vazifasi Habib ibn Zaydga topshirildi. U Payg‘ambar alayhissalomning buyrug‘ini bajarish uchun qiru adirlar osha Bani Hanifa qabilasi yashaydigan Najd tepaliklariga yetib bordi va maktubni Musaylamaga topshirdi. Noma bilan tanishgach, Musaylamaning dilidagi marazi yanada kuchaydi. Shotirlariga aytib, Habibni kishanlatib qo‘ydi va ertasiga choshgoh vaqtida olib kelishni buyurdi. Tayinlangan vaqtda Musaylama tobe’larini to‘pladi. Jamoat jam bo‘lgach, zo‘rg‘a qadam bosayotgan Habibni olib kirishdi. Musaylama unga savol tashladi:
— Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik berasanmi?
— Albatta, - dedi Habib. - Guvohlik beramanki, Muhammad rasulullohdir.
— Mening ham Allohning elchisi ekanimga-chi?
— Bilasanmi, mening qulog‘im og‘irroq. Nima deyayotganingni eshitmayapman.
Masxara ohangida berilgan javobdan Musaylamaning g‘azabi qo‘zib, asablari titrab dedi:
— Jallod, uning tanasidan bir bo‘lagini kesib ol. Jallod Habibning badanidan katta bo‘lakni kesib, yerga tashladi.
Kazzob savolni takrorladi:
— Men Allohning elchisiman-mi?
— Aytdim-ku, men garangroqman. Gaplaring hech qulog‘imga kirmayapti.
Musaylama yana jallodni ishga soldi. Yerda yotgan Habibning go‘sht parchasiga yana bir bo‘lak qo‘shildi. Odamlar elchining tog‘lar havas qilsa arzigulik sabotidan dahshatga tushib, baqrayib qolishdi. Kazzob takror-takror savol so‘rar, jallod Habibni qayta-qayta qiymalar, u esa har safar "Ashhadu anna Muhammadar rosululloh", der edi. Bir necha daqiqadan so‘ng Habib ikkiga bo‘linib qoldi. ("Musulmonlar taqvim kitobi", 2006 yil, 1-chorak.)

127. Jabroil alayhissalom kelib, har bittasining mazkur a’zolariga ishora qilgan. ("Tafsiri Ibni Kasiyr", Hijr surasi, 95-oyat tafsiri; Ibn Kasiyr, "Sahihus siyratin nabaviyya"; Ibn Hishom, "As-siyratun nabaviyya".)

128. Tufayl ibn Amr Davsiy.
Tufayl aqlli-dono, mashhur shoir va Davs qabilasining aslzoda amiri bo‘lgan. (Ibn Hishom, "As-siyratun nabaviyya"; Shayx Muhammad Yusuf Kon-dehlaviy, "Hayotus sahoba".)

129. Oisha Abu Bakr qizi roziyallohu anhumoga.
Bir yostiqqa bosh qo‘yishlari esa, Madinaga hijrat qilganlaridan keyin hijriy birinchi yil shavvol oyidan boshlangan. (Buxoriy rivoyati.)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Oisha onamizga uylanishlarida ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash hikmati bor. Abu Bakr roziyallohu anhuning Islom uchun, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uchun bo‘lgan fidokorliklarini taqdirlash hamda u zot bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida qizlariga uylanganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qiz uylangan birdan-bir ayollari Oisha onamizdir. U kishi onalarimiz ichida eng zakovatli, yodlash qobiliyati kuchli, eng ilmlilari edilar. Ulug‘ olim sahobalar ham o‘zlari yecha olmagan masalalarda Oisha onamizdan yordam so‘rardilar. Oisha onamiz Abu Hurayra roziyallohu anhudan keyin eng ko‘p hadis rivoyat kilgan zotdirlar. ("Hadis va Hayot", 13-juz’, 34- va 36-betlar.)
Oishai Siddiqa Islom ummati ayollarining eng faqihasi va olimasidirlar. Imom A’zam rahimahulloh "Al-vasiyyat" nomli kitobida: "Oisha roziyallohu anho Xadichai kubro roziyallohu anhodan keyin butun olam ayollarining afzali va mo‘minlarning onasidirlar. Zinodan pokdirlar. Bas, kim Oishani zinoda ayblasa, o‘zi valadi zinodir", deganlar. (Mulla Aliyyul Qori Hanafiy, "Al-fiqhul akbar" sharhi.)

130. Oltita.

As’ad ibn Zurora; Avf ibn Horis; Rofi’ ibn Molik; Qutba ibn Omir; Uqba ibn Omir; Jobir ibn Abdulloh.
Hammasi Yasribning Xazraj qabilasidan.
Yigitlar yurtlariga qaytib borishib, Islom dini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida shu qadar targ‘ibot ishlarini yurgizib yuboradilarki, hatto, Yasribda Payg‘ambarimizning nomlari kirmagan xonadon qolmaydi. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

Qayd etilgan


Hadija  06 Iyun 2009, 17:45:07

131. Yasribdagi yahudiylardan eshitishgan.
Yigitlarning: "Bu o‘sha payg‘ambar-ku?"deyishlariga sabab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar bo‘lishlaridan oldin, yahudiylar Yasribdagi arab mushriklari (Avs va Xazraj qabilalari)ga: "Yaqinda oxir zamon payg‘ambari chiqadi, biz unga iymon keltirib, sizlarning ustingizdan g‘alaba qozonamiz", deb ko‘p gapirishardi. ("Ar-rahiyqul maxtum".)
Ma’lumki, Injilda oxir zamon payg‘ambarining kelishi ochiq-oydin aytilgan:
"Quddusdagi yahudiylar yuborgan ruhoniylar va levitlar (yahudiy din arboblari) Yahyo payg‘ambarning oldiga borib undan:
— Sen kimsan? — deb so‘radilar. Yahyo shahodat (guvohlik) berdi:
— Men (Iyso) Masih emasman, — deb ochiq tan oldi u, inkor etmadi.
Yana undan:
— Bo‘lmasa Ilyos payg‘ambarmisan? — deb so‘radilar.
— Yo‘q! - dedi u.
— Oxirzamon nabiysi (payg‘ambari)misan? - deb savol berdilar. U yana:
— Yo‘q! — deb javob berdi..." ("Yuhanno Injili", Stokgolm, Shvetsiya. 1992. 1-bob.)
Bundan ma’lum bo‘ladiki, yahudiy ulamolari o‘sha asrda uchta payg‘ambar kelishini kutardilar: Ilyos, Iyso va oxir zamon Payg‘ambari. Ilyos va Iyso alayxissalomlarning kelib ketgani Injilda ham sobit bo‘lgan. Ulardan keyin tabiiyki "oxir zamon payg‘ambari"ning kelishi kutilgan. Bu payg‘ambarni biz musulmonlar, shak-shubhasiz, Muhammad alayhissalomdirlar, deymiz". (Ahmad Diydot, "Chto Bibliya govorit o Muxammade".)

132. O’n ikkinchi yil oxirlari (birinchi Aqaba bay’atidan salgina oldin) yoki o‘n uchinchi yili (ikki Aqaba bay’ati orasida, Payg‘ambarimiz 52 — 53-yoshda ekanlarida). ("Ar-rahiyqul maxtum".)
"(Alloh) O’z bandasi (Muhammad alayhissalom)ni, unga oyat-mo‘‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidul Haromdan (Quddusdagi) Biz atrofini barakotli qilib qo‘ygan Masjidul Aqsoga tun (ning bir qismi)da sayr qildirgan Zot (barcha aybu nuqsonlardan) pokdir. Darhaqiqat, U eshitguvchi, ko‘rguvchi zotdir". (Isro surasi, 1-oyat.)
Bu voqeaning qachon ro‘y bergani to‘g‘risida turli ma’lumotlar mavjud bo‘lib, haqiqatga yaqinrog‘i mana shudir! Chunki, Xadicha onamiz Makka davrining 10-yili ramazon oyida besh vaqt namoz farz bo‘lishidan oldin vafot etganlar. Besh vaqt namozning esa, Me’roj kechasi farz bo‘lgani xususida ixtilof yo‘q. Isro surasining ifodasiga ko‘ra, Me’roj bilan hijrat orasidagi vaqt uzoq emas, Me’rojdan so‘ng hijrat ham yaqinlashib qolgan edi. ("Ar-rahiyqul maxtum".)
Isro va Me’roj voqeasi mutavotir bo‘lib, 45 ta sahobadan rivoyat qilingan. (Ali ibn Muhammad Shokir, "Al-Isro va Me’roj", 8-9-betlar; Shayx Muhaddis Qattoniy, "Nazmul mutanosir minal hadisil mutavotir", 207 — 208-betlar.)
Makka bilan Quddus orasi to‘g‘ri 1100 km, aylana 1500 km, tuya yurishida 30-40 kunlik yo‘ldir. (Shayx Muhammad Sha’roviy, "As-siyratun nabaviyya", 220-bet; Ali ibn Muhammad Shokir, "Al-Isro val-Me’roj", 12-bet.)

133. Rajab oyi.

Rajab oyining 27-kechasida insoniyat tarixidagi eng muhim hodisalardan biri sodir bo‘lgan. O’sha kechada Payg‘ambarimiz alayhissalomning Isro va Me’rojlari bo‘lgan.
Isro kechasida to‘planib, ilmiy suhbatlar o‘tkazish keyingi davrlarda yuzaga chiqqan. Ba’zi ahli ilmlar mazkur ulug‘ hodisani yodga olish bilan birga ko‘pchi-likka uning ahamiyatini eslatish va dinu diyonat yo‘lida va’zlar qilishni musulmonlar uchun foydali deb, bu ishni o‘tkazishgan. Ammo Isro kechasidagi alohida namozlar va boshqa narsalar hujjatsiz ishlardir. ("Zikr ahlidan so‘rang", 7-son.)

134. Uyg‘oq hollarida, ruh va jasadlari bilan.

Isro va Me’roj hodisasi tush emas, ruhiy safar ham emas, balki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ham jasadlari, ham ruhlari ila qilgan safarlaridir. Agar tush yoki ruhiy safar bo‘ladigan bo‘lsa, bu voqeaning mo‘‘jizaligi qolmas edi.
Oyati karimada "O’z bandasini" deb ta’kidlanishi ham Isro hodisasi jasad va ruh bilan bo‘lganini ko‘rsatadi. Agar faqat ruh bilan bo‘lganida, bandasining ruhini, deyilgan bo‘lar edi. ("Tafsiri Hilol", Isro surasi, 1-oyat tafsiridan.)
Ahli sunna va jamoa ulamolarining ko‘pchiligi mana shu fikrga ittifoq qilishgan. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam arablarga: "Bu kecha mening ruhim Quddusga borib-keldi" yoki "Men bu kecha uyqumda-tushimda Quddusga borib-kelibman", desalar, kim ham bu gapni yolg‘on derdi?! Ular Isro va Me’roj voqeasining aynan uyg‘oqlikda (ya’ni, ruh va jasad bilan) bo‘lgan, deb tushunganlari uchun ham to‘polon qilishgan va Islomni yangi qabul etganlarning ba’zilari dindan qaytib, murtad ham bo‘lishgan. Agar faqat Payg‘ambarimizning ruhlari sayr qilganida edi, ruhning Buroq nomli ulovga hojati tushmas edi!
"Buroq" porlamoq, chaqmoq chaqish va yashin, ma’nosidagi "barq" so‘zidan olingan ismdir. Payg‘ambarimizni manzilga eltgan ulov esa rangining sof va porloq-ligi yoki juda tez harakatlanishi sababli shunday nomlangan. U nigohi yetadigan joygacha qadam bosadigan, o‘tgan bir necha Payg‘ambarlarga ham xizmat qilgan, tiniq oq rangli, no‘xtalangan, egarlangan, eshakdan katta va xachirdan kichik mo‘‘jizaviy hayvondir.
Isro va Me’roj voqeasini haqiqatan ham bo‘lib o‘tganini aqllariga sig‘dirolmaydigan kimsalarga aqliy gap aytamiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Me’rojga o‘zlari chiqmaganlar, balki, Alloh taolo u zotni Jabroil farishta va Buroq ismli ulov hamrohligida sayr qildirgan. Shuning uchun ham oyatda "(Alloh) O’z bandasi (Muhammad alayhissalom)ni sayr qildirdi", deyilyapti. Misol: "Men chaqalog‘imni baland tog‘ning cho‘qqisiga olib chiqdim", desam, biror kishi menga: "Chaqaloq qanday qilib toqqa chiqa oladi", deydimi? Yo‘q, albatta! (Shayx Muhammad Sha’roviy, "As-siyratun nabaviyya", 223 — 224-betlar.)
Usmonli Turk davlati tarixida hozirjavobligi bilan nom qozongan mashhur Fuod Poshodan Ovro‘pa sayohati chog‘ida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasal-lamning Me’rojlari haqidagi bir suhbatda masihiylar: "Muhammad osmonga qaysi zinapoyadan chiqqan ekan", degan masxaraomuz savol tashlaydi. Olim hech o‘ylab o‘tirmay: "Iyso Masih chiqqan zinapoyadan!" deb javob beradi! (Zakoi Ko‘nrapa, "Paygambarimiz va asharai mubashshara" 1-kitob, 170-bet.)
"Me’roj"ning lug‘aviy ma’nosi narvon, zinapoyadir. Lekin kayfiyatini (qandayligini) bilmaymiz. Uning hukmi ham boshqa g‘ayb narsalarning hukmi kabidir. Unga iymon keltiramiz, kayfiyati bilan shug‘ullanmaymiz. ("Sharhi aqiydai Tahoviyya", arabchasi, 245-bet.)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa bironta payg‘ambarning Me’rojga chiqqanini bilmaymiz, ya’ni, Payg‘ambarimizdan boshqa bironta payg‘am-bar Allohning huzuriga ko‘tarilib, yana qaytib yerga tushmagan. (Doktor Xalil Ibrohim, "Ar rahmatul muhdot".)

135. Bir marta. ("Sharhi aqiydai Tahoviyya", 246-247-betlar; "Tafsyri Ibni Kasyyr", Isro surasi, 1-oyattafsiri; "Zodul ma’od", 3-kitob, 42-bet; "RahShgun lil olamiyn", 3-kitob; "Al-isro val-me’roj fiy Fathil Boriy".)

Qayd etilgan


Hadija  06 Iyun 2009, 17:49:58

136. Mavzu’ (to‘qima).
Mazkur rivoyat kitoblarning birortasida dalil bilan zikr etilmagan!
"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Me’rojga chiqqan vaqtlarida Quddus shahrida hozirgidek masjid yo‘q edi. Hazrati Sulaymon alayhissalom davrlarida qurilgan masjid milodiy 70 yilda ro‘y bergan vayronagarchilikda yiqitilgan edi. Hozirgi kunda yahudiylar "Yig‘i devori", musulmonlar "Buroq devori" deb ataydigan devor Sulaymon alayhissalom qurdirgan ibodatxonaning qoldig‘idir". ("Hidoyat", 2002 yil, 9-son.)

137. Ha.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Me’rojga chiqqanlarida Alloh taolo bilan gaplashganlari ko‘plab sahih hadislarda kelgan. Allohning kalomi (gapiri-shi) masalasida Ahli sunna va jamoaning aqiydasi bunday: "Allohning kalom sifati Alloh taoloning zotida azaldan qoim bir sifat bo‘lib, u bilan U zot amr etuvchi, nahiy qiluvchi va xabar beruvchidir. Kalomning Alloh taolodan sodir bo‘lgani ma’lum, ammo qaysi kayfiyatda sodir bo‘lgani ma’lum emas. Uning kalomi odamlarning kalomiga o‘xshab maxluq emas. Allohning kalomi basharning kalomiga o‘xshashdan oliy, sharafli va fasohatlidir. Alloh taolo qachon xoxlasa, qandoq xohlasa, shunday gapiruvchidir. U zot eshitiladigan ovoz bilan gapiradi". (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Sunniy aqiydalar", 138- 142-betlar.)
Eng sahih qavlga binoan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Isro va Me’roj kechasi Alloh taolo bilan gaplashganlar. Bu Alloh taoloning:
"Biror odam uchun Alloh unga so‘zlashi joiz emas, magar vahiy-ilhom orqali yo biror parda-to‘siq ortidan yoki biror elchi-farishta yuborib, o‘sha (farishta Allohning) izni-ixtiyori bilan U xohlagan narsani vahiy qilishi orqali (so‘zlar)..." oyatida (Sho‘ro surasi, 51-oyat.) zikr qilingan "yo biror parda-to‘siqortidan" bo‘lgan ikkinchi qismdan hisoblanadi. (Manno’ Qatton, "Mabohisu fiy ulumil Qur’on", 38-bet.)

138. Ha.
Sobit bo‘lgan ma’lumotlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Alloh taoloni uyqularida - qalb qo‘zi bilan ko‘rganliklariga dalolat qiladi, ya’ni, Payg‘ambarimiz Alloh taoloning jamolini uyqularida ko‘rganlari haq.
Mulla Aliyyul Qori Hanafiy "Al-fiqhul akbar"ga bitgan sharhida: "Sahih qavl shuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rabbilarini qalblari bilan (uyqularida) ko‘rganlar", deb yozadi. (213-bet.)

139. Yo‘q.
Bu borada Ahli sunna va jamoa ikki xil fikrni aytgan.
Birinchisi: Oisha onamiz va Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu boshliq bir guruh sahobalarning mazhabidir:
Imom Buxoriy va boshqa muhaddislar keltirgan rivoyatda Masruq quyidagilarni aytadi: "Men Oisha onamizga: "Ey onajon! Muhammad sollallohu alayhi vasallam Rabbilarini ko‘rganmilar?" dedim. Oisha roziyallohu anho: "Sen aytgan gapdan sochim tikka bo‘ldi! Uch narsani senga kim aytsa, batahkiq, yolg‘on aytibdi. Kim senga Muhammad sollallohu alayhi vasallam Rabbilarini ko‘rganlar, desa, batahqiq, yolg‘on aytibdi...", dedilar".
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu boshliq bir guruh sahobalar oldingi gapga zid fikrni aytganlar. Ularning ijtihodlari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Me’rojga chiqqanlarida Alloh taoloni qo‘rganlar, degan fikrga asoslangan. Ular o‘zlarining bu fikrlariga Alloh taoloning:
"...Eslang, (ey Muhammad alayhissalom), Biz sizga ko‘rsatgan "tush"ni faqat odamlar uchun bir fitna-imtihon qildik, xolos..." degan oyatini (Isro surasi, 60-oyat.) dalil qiladilar.
Ammo, to‘g‘risini aytganda, bu oyati karima haqida mufassirlar qo‘plab ta’villarni keltirgan bo‘lsalar ham, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Alloh taoloni ko‘rganlari haqidagi gapga uncha rozi bo‘lishmagan.
"Al-fiqhul akbar" kitobining sharhida Mulla Aliyyul Qori Hanafiy: "To‘g‘ri so‘z u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘z Rabbilarini qalblari bilan ko‘rganlaridir, ko‘zlari bilan emas. Bu "Sharhi aqoid" va boshqa kitoblarda ham zikr qilingan", degan. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Sunniy aqiydalar", 273-275-betlar.)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning jamolini zohiriy ko‘zlari bilan ko‘rganlari xususida birorta ham sahih, sarih (ochiq-oydin) hadis yo sahobalardan sahih asar yoki birorta ham qat’iy dalil yo‘q. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumoning "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam me’rojga chiqqanlarida Alloh taoloni zohiriy ko‘zlari bilan ko‘rganlar", degan gaplarini Ibn Xuzayma "zaif" sanad ila rivoyat kilgan. ("Sharhi aqiydai Tahoviyya", arabchasi, 213- va 248-betlar.)
Darvoqe’, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zohiriy ko‘zlari bilan Alloh taoloning jamolini ko‘ra olmaganlarini o‘zlari ham ochiq bayon qilganlar. Masalan, Abu Zarr G’iforiy: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: "Parvardigoringizni (zohiriy ko‘zingiz bilan) ko‘rganmisiz?" deb so‘raganimda, u zot javob berdilar: "Nur (ya’ni, Alloh taoloning hijobi nurdir). Bas, qanday qilib U zotni ko‘ra olaman. (Me’rojga chiqqanimda nur Parvardigorimni ko‘rishimdan to‘sdi). Nurni ko‘rdim (xolos, boshqa narsani ko‘rolmadim)". (Muslim rivoyati, Navaviy sharhi bilan, Iymon bobi; "Sharhi aqiydai Tahoviyya", 213-214-betlar.)
Yana: "...Allohning hijobi nurdir (ya’ni, U zotning jamolini ko‘rishdan nur to‘sib turadi). Agar uni ochsa (ya’ni, jamolini namoyon qilsa), Yuzining nurlari butun maxluqotni (borliqni) yondirib-kuydirib yuborar edi", deganlar. (Muslim rivoyati, Navaviy sharhi bilan, Iymon bobi; "Sharhi aqiydai Tahoviyya", 213-214-betlar. Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun qarang: Mulla Aliyyul Qori Hanafiy, "Al-fiqhul akbar" sharhi, 213-bet; "Tafsiri ; Ibni Kasiyr", Najm surasi, 13-oyat tafsiri; "Ar-rahiyqul maxtum"; "Nurul yaqin"; "Zodul ma’od", 3-kitob, 36-38-betlar; "Fathul Boriy", 8-juz’, Tafsir kitobi, Najm surasi; Shayx Muhammad Sha’roviy, "As-siyratun nabaviyya", 133-bet).

140. Amanar rosul (285 - 286-oyatlar). (Imom Muslim rivoyati; "Tafsiri Ibni Kasiyr".)

Qayd etilgan


Hadija  06 Iyun 2009, 17:54:48

141. O’n ikkita.
Ularning beshtasi bir yil oldin Makkaga kelib musulmon bo‘lgan edi. Ular o‘shanda olti kishi bo‘lib, bu safar Jobir ibn Abdulloh kelmagan.
Boshqa yetti nafar yangi musulmon quyidagilar:
1) Mu’oz ibn Horis (Xazraj qabilasidan);
2) Zakvon ibn Abdul Qays (xazrajiy);
3) Uboda ibn Somit (xazrajiy);
4) Yazid ibn Sa’laba (xazrajiy);
5) Abbos ibn Uboda (xazrajiy);
6) Abul Haysam ibn Tayyihon (Avs qabilasidan);
7) Uvaym ibn So’ida (avsiy).
Bu birinchi bay’at - yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilish, U zotga biron narsani shirk keltirmaslik, o‘g‘rilik qilmaslik, zino qilmaslik, farzandlarini o‘ldirmaslik, hech kimga bo‘hton-tuhmat qilmaslik va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hamisha itoat qilish xususida qasamyod qabul qilish edi. Mukofoti esa jannat bashorati bo‘ldi. ("Ar-rahiyqul maxtum")

142. Mus’ab ibn Umayrni.

Mus’ab roziyallohu anhu johiliyat davrida boy oilada o‘sgan, birinchilar qatorida Islomni qabul qilgan sahobalardan bo‘lib, "Muqri’ul Madina" (Madina musulmonlariga Qur’oni karim tilovatini o‘rgatuvchi ustoz) unvoniga sazovor bo‘lgan.

143. Yetmish beshta sahoba
(73 ta erkak va 2 ta ayol). Ayollar: Nasiba (Ummu Ammora) Ka’b qizi va Asmo Amr qizi.
"Ikkinchi Aqaba bay’ati"ning bandlari quyidagicha bo‘lgan:
1) har qanday holatda ham Payg‘ambarga quloq solish va itoat etish;
2) Alloh yo‘lida moliyaviy sarf-xarajat qilish;
3) amru ma’ruf va nahiy munkar qilish;
4) malomatgo‘yning malomatidan qo‘rqmay, Alloh yo‘lida qoim bo‘lish;
5) Payg‘ambarimiz Yasribga kelganlarida, u zotga yordam berish hamda o‘zlarini, xotinlarini va bolachaqalarini himoya qilganlaridek, u zotni ham himoya qilish;
6) rahbarlikka kim loyiq topilsa, keyin bu masalasida talashib-tortishmaslik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bay’atning bu bandlariga to‘la amal qilgan musulmonlarga jannatni va’da qildilar! (Ahmad, Bazzor, Ibn Hibbon va Bayhaqiylar rivoyat qilishgan. Isnodi Muslim shartiga ko‘ra sahih; "Ar-rahiyqul maxtum".)
"Ikkinchi Aqaba bay’ati" Islom tarixida "Katta Aqaba bay’ati" yoki "Bay’atul Harb" deb ham nomlanadi.

144. As’ad ibn Zurora
(Yasribdagi Bani Najjor urug‘ining raisi). ("Ar-rahiyqul maxtum"; Shayx Muhammad Yusuf Kondehlaviy. "Hayotus sahoba".)
Imom Bayhaqiy As’ad ibn Zuroraning "Ikkinchi Aqaba bay’ati"da qatnashgan yasriblik musulmonlar ichida yoshi eng kichigi bo‘lganini aytadi. Yoshi eng kattasi esa, Baro ibn Ma’rur edi. (Doktor Mahmud Abdul Fattoh Sharafuddin, "Ishroqotu shamsil hijratil Muhammadiyya ‘alal Islam".)

145. O’n ikkita
(Avs va Xazraj qabilalaridan). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yasrib musulmonlariga kafil bo‘lsinlar deb, ansorlardan 12 ta naqibni saylab berishlarini iltimos qiladilar. Quyidagi zabardast ansoriylarni yasriblik musulmonlarning o‘zlari saylaydilar.
To‘qqiztasi Xazraj qabilasidan: As’ad ibn Zurora; Sa’d ibn Rabiy’; Abdulloh ibn Ravoha; Rofi’ ibn Molik; Baro ibn Ma’rur; Abdulloh ibn Amr; Uboda ibn Somit; Sa’d ibn Uboda; Munzir ibn Amr.
Uchtasi Avs qabilasidan: Usayd ibn Huzayr; Sa’d ibn Xaysama; Rifo’a ibn Abdul Munzir yoki Abul Hay-sam ibn Tayyihon. ("Ar-rahiyqul maxtum"; Shayx Muhammad Yusuf Kondehlaviy. "Hayotus sahoba".)

Qayd etilgan


Hadija  06 Iyun 2009, 17:57:39

146. Abu Bakr va Ali roziyallohu anhumo.
Abu Bakr bilan Ali roziyallohu anhumo Payg‘ambarimizning buyruqlari bilan qolgan edilar. Mushriklarning qamoqxonalaridagi mahbus musulmonlar ham hijrat qila olishmagan.
Rasulullohsollallohu alayhi vasallam: "Men tushimda Makkadan bir xurmozor yerga hijrat qilayotganimni ko‘rdim. Shunda men u yerni Yamoma yoki Hajar bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Keyin bilsam, u yer Yasrib madinasi (ya’ni, shahri) ekan", deganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyatlari.)
Hijrat Alloh taoloning barcha payg‘ambarlaridagi sunnati-qonunidir. Nuh alayhissalom va u kishiga ergashgan zotlar, Hud, Solih, Lut va Shu’ayb alayhissalomlar, Muso alayhissalom va Bani Isroil, Yunus alayhissalom, shuningdek, Maryam roziyallohu anho va Iyso alayhissalom, shuningdek "Ashobul Kahf" qissasidagi yigitlarning hijrat qilganlari ma’lum va mashhurdir. (Doktor Mahmud Abdul Fattoh Sharafuddin, "Ishroqotu shamsil hijratil Muhammadiyya ‘alal Islam".)

147. Abu Salama ibn Abdul Asad Maxzumiy.

Abu Salamaning ismi Abdullohbo‘lib, Habashistondan Makkaga qaytib kelganida, mushriklar yana aziyat berishni boshlaganlar. Yasribliklarning musulmon bo‘layotganlarini eshitgach, "Ikkinchi Aqaba bay’ati"dan bir yil oldin hijrat qilib ketgan edi. (Ibn Ishoq rivoyati; "Ar-rahiyqul maxtum".)

148. Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

149. Yigirmata sahoba bilan. (Buxoriy rivoyati.)
Madinaga ko‘chishda musulmonlar Makkadan yashirincha chiqar edilar. Hazrati Umar bo‘lsalar, avval Ka’bani ziyorat qildilar, so‘ngra mushriklarga qarata: "Meni bilmaganlar bilsin, tanimaganlar tanib olsin! Men Xattob o‘g‘li Umarman! Hozir Yasribga ketyapman. Onalarini yig‘latishni, xotinlarini tul, bolalarini yetim qoldirishni istaydiganlar bo‘lsa, yo‘limni to‘ssin", deya ochiqchasiga hijratga otlanadilar.
Umardan boshqa deyarli hamma musulmonlar oilasi bilan birgalikda yilning boshida muharram va safar oylarida hijrat qilgan. Umar roziyallohu anhuning hijrati Payg‘ambarimiz hijratlaridan 15 kun oldin bo‘lgan.

150. Abu Jahl.
Majlisda qatnashgan odam suratidagi shayton Abu Jahlning fikrini ma’qullagan! Mazkur majlis Makka davrining 14 yili 26 safar, milodiy 622 yil 12 sentyabr payshanba kuni ertalab bo‘lib o‘tadi. ("Ar-rahiyqul maxtum".)
Mushriklarning bunday makr-hiylalari va buning oqibati haqida Alloh taolo aytadi:
"(Ey Muhammad alayhissalom), kofir bo‘lgan kimsalar sizni hibs qilish yo o‘ldirish yoki (Makkadan) chiqarib yuborish uchun sizga makr qilgan paytlarini eslang! (Ular) makr qilurlar, Alloh ham "makr" qilur. Alloh makr qilguvchilarning "eng yaxshisi"dir" («Anfol» surasi, 30-oyat).
Qur’on yoki hadisda Alloh taologa nisbatan "makr" lafzi ishlatilsa, uni bandalarga nisbatan qo‘llanilgani kabi tushunmaslik kerak. Kofirlar o‘zlaricha makr qilishga urinadilar, ammo Alloh taolo ularning makrini yo‘qqa chiqaradi, makrlarining jazosini beradi. ("Tafsiri Hilol", Anfol surasi, 30-oyat tafsiridan.)

Qayd etilgan


Hadija  06 Iyun 2009, 18:05:07

151. O’n bir kishini. Ular quyidagilar:
Abu Jahl; Hakam ibn Abul Os; Uqba ibn Abu Mu’ayt; Nazr ibn Horis; Umayya ibn Xalaf; Zam’a ibn Asvad; Tu’ayma ibn Adiy; Abu Lahab; Ubay ibn Xalaf; Nabih ibn Hajjoj; Munabbih ibn Hajjoj.
Dushmanlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylariga bostirib kirishga jur’at etishmaydi. Chunki u paytlar bir insonni o‘z uyida o‘ldirish o‘ta chirkin, razil ish deb hisoblangan. Shu sababli ham ular Payg‘ambarimizning ko‘chaga chiqishlarini kutishadi. Buni bilgan Payg‘ambar alayhissalom dushmanlarni ertalabgacha chalg‘itish uchun to‘shaklariga Ali roziyallohu anhuni yotqizib qoldiradilar.
Makka mushriklari payg‘ambar Muhammad Amin sollallohu alayhi vasallamga mollarini omonat qo‘yar edilar. Payg‘ambarimiz mana shu omonatlarini egalariga tarqatish vazifasini ham Ali roziyallohu anhuga topshirdilar. O’shanda Ali 21-23 yoshlarda edi.
Shunday og‘ir vaziyatda ham Payg‘ambarimizning omonatdorligiga qarang!

152. Janub (Yaman) tarafida.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam izquvarlarni chalg‘itish uchun ham, aynan Yasribdan teskari tomonga borib yashiringanlar.
Savr tog‘i qariyb besh mil (9 km) uzoklikda edi. Makka tog‘lari ichida eng balandlaridan biri bo‘lib, uning ustiga o‘nqir-cho‘nqir, toshlari ham katta-katta, g‘or esa, uning tepasida edi. Shuning uchun g‘orgacha chiqib borish juda qiyin kechgan.

153. G’orga e’tibor berishmagan.

Bu masalada uch xil ma’lumot bo‘lib, har birini alohida-alohida o‘rganamiz.
1) Buxoriy va Muslimlar rivoyatiga ko‘ra, dushmanlar g‘orga e’tibor berishmagan.
Abu Bakr Siddiq rivoyat qiladilar: "Men (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga) g‘ordaligimda, u zotga: "Agar u (izquvar)lardan birortasi oyog‘i ostiga qaraganida (ya’ni, nigohini pastga qaratganida), bizni ko‘rgan bo‘lardi", dedim. U eot: "Ey Abu Bakr, gapirmay turing tinchlaning. Alloh uchinchisi bo‘lgan ikki kishi haqida nima deb o‘ylaysiz (ya’ni, Alloh biz bilan ekan, kim ham bizga zarar yetkaza oladi)", dedilar". (Buxoriy va Muslim rivoyatlari.)
Savr — katta tog‘. Ammo uning tepasida Hiro g‘origa o‘xshash g‘or yo‘q. Balki, Savr g‘ori deb nom olgan o‘sha g‘or, ikki kishi sig‘adigan teshik-kovakdir. Kovak og‘zi ham tor bo‘lib, pastda joylashgan edi. ("Fathul Boriy", 7-juz’, 3653-hadis sharhi; "Tafsirul Jalolayn", Tavba surasi, 40-oyat tafsiri; "Tafsirun Nasafiy", Tavba surasi, 40-oyat tafsiri; Muhammad Ali Sobuniy, "Sofvatut tafosiyr", Tavba surasi, 40-oyat tafsiri.)
Demak, Savr g‘ori deb atalmish kovak izquvarlar e’tibor beradigan darajada ko‘zga ko‘rinarli katta bo‘lmagan.
"Payg‘ambarimiz g‘or ichida tik turib namoz o‘qiganlar", degan rivoyat asossizdir.
Payg‘ambarimiz hijrat kechasi uylaridan chiqqanlarida, dushmanlar u zotni ko‘rmaganlaridek, "g‘or"ga ham e’tibor berishmagan - qarashmagan, balki chor-atrofga alanglab ketaverishgan. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa bo‘lgan chuqur e’tiqodi va tavakkulining mukofoti o‘laroq, Alloh taoloning O’z payg‘ambarini ikrom qilgan navbatdagi mo‘‘jizasidir. Shuning uchun ham Imom Navaviy mazkur rivoyatni "Riyozus solihiyn" kitobining, "Komil ishonch va tavakkul bayoni" bobida zikr qilganlar.
Quyidagi kitob mualliflari mazkur voqeani bayon etarkanlar, mana shu ma’lumot bilan kifoyalanishgan va o‘rgimchak rivoyatini zikr qilishmagan. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Tafsiri Hilol", Tavba surasi, 40-oyat tafsiri; Oltinxon tura, "Qur’oni karim turkiy tidda izohli tarjimasi", Tavba surasi, 40-oyat izohi; "Tafsiri Ibni Kasiyr", Tavba surasi, 40-oyat tafsiri; "Tafsirul Jalolayn", Tavba surasi, 40-oyat tafsiri; Muhammad Ali Sobuniy, "Sofvatut tafosiyr", Tavba sura-si, 40-oyat tafsiri; Shayx Safiyyur Rahmon Muborakfuriy, "Ar-rahiy-qul maxtum"; Doktor Muhammad Sa’iyd Ramazon Butiy, "Fiqhus siyra-tin nabaviyya", 134-bet; Shayx Muhammad Xuzariy, "Nurul yaqiyn"; Shayx Muhammad Sha’roviy, "As-siyratun nabaviyya", 320 - 323-betlar; Imom Buxoriy, "Hadis", 2-kitob, 502-bet, o‘zbek tilida; Imom Navaviy, "Riyozus solihiyn", 7-bob.)
Alloh taolo aytadi:
"...Alloh (O’z) ishida g‘olibdir, lekin ko‘p odamlar (buni) bilmaydilar". (Yusuf surasi, 21-oyat.)
"Albatta, Biz payg‘ambarlarimizga va iymon keltirgan zotlarga hayoti dunyoda ham, guvohlar (hozir bo‘lib) turadigan Kun (Qiyomat)da ham yordam berurmiz"; (G’ofir surasi, 51-oyat.)
2) g‘orning og‘zida o‘rgimchak uyasini ko‘rib: "Agar Muhammad bu yerga kirganida, o‘rgimchak uyasi bo‘lmas edi", deb o‘tib ketganlar", degan rivoyat.
Imom Zahabiy mazkur o‘rgimchak rivoyati roviylaridan Bashshor ibn Muso Xaffofni "Zu’afo" (zaif roviylar) kitobi ro‘yxatiga kirgizib: "Abu Zar’a uni zaif, degan", imom Buxoriy: "Munkarul hadis (ya’ni, zaif roviy ishonchli roviyga qarshi tarzda rivoyat qilgan hadis), degan", deydi.
Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy ham "Taqrib" kitobida Bashshor ibn Musoni: "Zaif, ko‘p hadis rivoyat qilgan, lekin ko‘p xato qiladi", deydi.
O’rgimchak rivoyatining yana bir roviyi Usmon ibn Amr ibn Soj Jazariyni imom Zahabiy "Zu’afo" (zaif roviylar) kitobi ro‘yxatiga kirgizgan.
Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy "Taqrib" kitobida Usmon Jazariy haqida: "Unda zaiflik bor", deydi.
Ibn Abu Hotim "Aljarhu vatta’diyl" kitobida Usmon Jazariyni: "Hujjatga yaramaydi", degan.
Ammo Ibn Kasiyr "Al-bidoya" nomli tarix kitobining 3-juz’ 181-betida: "O’rgimchak rivoyati Hasan Basriydan "mursal" rivoyatdir (ya’ni, sanadidan sahoba tushirib qoldirilgan). Ammo "shohidi" ila quvvatlanib, "hasan" darajasiga chiqadi", degan.
Muhaqqiq muhaddis Ahmad Shokir rahmatullohi alayh Ahmad ibn Hanbalning "Musnad" kitobi 3251-hadis ta’liqida: "O’rgimchak rivoyatining isnodini muhokama qilish kerak, bu ish janjalli, hal etilmagan", deydi.
Alloh taolo Qur’oni karimda:
"Agar sizlar unga (ya’ni, Payg‘ambarga) yordam qilmasangiz (Allohning O’zi unga yordam qilur). Uni kofirlar ikki kishining biri bo‘lgan holida (ya’ni, bir hamrohi bilan Makkadan) haydab chiqarganlarida, unga Alloh yordam berdi-ku. O’shanda ikkovlon g‘orda bo‘lgan paytlarida hamrohiga: "G’amgin bo‘lma, albatta, Alloh biz bilan birgadir", deyishi bilan Alloh O’z tomonidan uning ustiga - qalbiga bir xotirjamlik tushirdi va uni sizlar ko‘rmagan lashkarlar (ya’ni, farishtalar) bilan Qo‘llab-quvvatladi hamda kofir bo‘lgan kimsalarning so‘zlarini tuban qilib qo‘ydi. Allohning So‘zigina eng yuksak So‘z va Alloh qudratli, hikmatlidir". (Tavba surasi, 40-oyat.)
Bu oyati karimadagi: "Va uni sizlar ko‘rmagan lashkarlar bilan qo‘llab-quvvatladi" jumlasi "o‘rgimchak" haqidagi rivoyatning zaifligini ko‘rsatadi. Chunki oyati karimada Payg‘ambar ko‘zga ko‘rinmaydigan lashkarlar, ya’ni, farishtalar bilan qo‘llab quvvatlangani ochiq-ravshan aytilgan. Rivoyatda esa, o‘rgimchak to‘rlari bilan deyilgan, holbuki, o‘rgimchak va uning to‘rlarga ko‘zga ko‘rinadigan narsalardir. Shuning uchun ham imom Bag‘aviy mazkur oyat tafsirida: "U (ko‘zga ko‘rinmaydigan lashkar)lar farishtalar bo‘lib, kofirlarning yuzlarini va ko‘zlarini Payg‘ambarni ko‘rishdan qaytarish uchun nozil bo‘lishgan", degan. ("Tafsiri Bag‘aviy", 4-juz’, 174-bet; "Tafsirul Jalolayn", Tavba su-rasi, 40-oyat tafsiri; "Muxtasarun min tafsiritTabariy", Tavba surasi, 40-oyat tafsiri; Muhammad Ali Sobuniy, "Sofvatut tafosiyr", Tavba surasi, 40-oyat tafsiri.)
Xulosa: Mazkur o‘rgimchak rivoyati "zaifdir. (Zaif — tarkibida "sahih" va "hasan" hadislarning sifati bo‘lmagan rivoyat.)
3) mushriklar g‘or og‘zida daraxt o‘sib chiqqanini, unda bir juft yovvoyi kaptar in qurib yotganini va daraxt shoxlari g‘or og‘zini to‘sib turganini ko‘rishib, izlayotgan kishilari bu yerda emas, deb fikr qilishgan.
Yahyo ibn Mu’iyn bu rivoyatni: "Bo‘lmagan gap", deydi.
Haysamiy "Al-mujamma’" nomli kitobida (6-juz’, 53-bet): "Bu rivoyatni Bazzor va Tabaroniylar zikr qilgan bo‘lib, sanadida (Uvayn laqabli Avn ibn Amr Qaysiy va Abu Mus’ab Makkiy kabi) men tanimaydigan kishilar bor", deydi.
Ibn Kasiyr "Al-bidoya" kitobida (3-juz’, 182-bet): "Bu rivoyat juda g‘aribdir". degan.
Imom Zahabiy "Al-mezon" kitobida: "Imom Buxoriy bu rivoyatni munkar va majhul, degan", deydi. (Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Zakoi Ko‘nrapa, "Payg‘ambarimiz va asharai mubashshara", 1-kitob, 171-bet, 88-izoh.)
Xulosa: Ushbu kaptarlar haqidagi rivoyat "munkar"dir. (Munkar — zaif roviy ishonchli roviyga qarshi tarzda qilgan rivoyat.)

154. Uch kecha.
Mazkur uch kecha juma (payshanbadan jumaga o‘tar kechasi), shanba va yakshanba kechalaridir.
Makkada Islom sho‘‘lasi Nur tog‘idagi Hiro g‘ori-dan tarqalgan bo‘lsa, Madinada Savr tog‘idan porlay boshlagan edi.

155. Abu Bakrning o‘g‘li Abdulloh roziyallohu anhumo.

Abdulloh aqlli, ziyrak va zehni o‘tkir bola edi. U otasining buyrug‘i bilan g‘orga tunda kelib, azonlab kun yorishmasdan yana qaytib ketardi.
Abu Bakrning topshirig‘i bilan uning ozod qilgan quli Omir ibn Fuhayra esa, o‘sha tog‘ atrofida sog‘in qo‘ylarni o‘tlatar, kechqurun g‘orga sut olib chiqar va tong saharda Abdulloh ketishi bilan uning izlarini yo‘qotish maqsadida orqasidan qo‘ylarini haydab solar edi.
Payg‘ambarimiz hamrohlari bilan Madinaga ketishlari arafasida esa, Abu Bakrning qizi Asmo ularga yo‘lda yeyish uchun oziq-ovqat olib kelib beradi.
Abu Bakr Siddiq hazratlarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan vafodorligi naqadar buyuk. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

Qayd etilgan