JAVOBLAR
1. To‘xtovsiz maqtaladigan.Arab tilida fe’l (taf’iyl) bobida kelganda ko‘pincha bir ishning qayta-qayta, ko‘p marta qilinganini ifodalaydi. Masalan: (qata’a) - kesdi, (qatta’a) — qiymaladi, yoki - (hamida) - maqtadi, (hammada) - to‘xtovsiz maqtadi. (Qarang: "Janohut tolib" kitobi, 7-dars, "taf’iyl" bobi, 2-band, Toshkent, 2004.) Shunda (hammada) fe’lidan yasalgan - (Muhammad) ismi to‘xtovsiz maqtaladigan, degan ma’noni anglatadi.
Darhaqiqat, Rasulullohsollallohu alayhi vasallamning sha’nlariga maqtov o‘sha zamonlardan beri tinmay yog‘ilib turibdi - ismlari qiyomatgacha azonu iqomatlarda e’lon qilinadi, azondan keyin, namozlar ichida, suhbat-ma’ruzalarda, duolarda haqlariga salavotlar aytiladi.
"Muhammad" ismi maqtov, madh va sharaf ma’nolarini anglatuvchi "hamd" so‘zidan olingan. Agar bir kishining maqtashga loyiq fazilati bo‘lsa, unga "Mahmud" so‘zi ishlatiladi. Agar u kishi maqgovga munosib barcha yaxshi sifatlarga, go‘zal xulq-odoblarga va butun insoniy fazilatlarga ega bo‘lsa, bunday inson "Muhammad"dir.
Maqtov Payg‘ambarimizni har tomondan chulg‘agan: ismlari - Muhammad va Axmad, shafoat qiladigan maqomlarining nomi - "Mahmud" (maqtovli), Qiyomat ku-nidagi bayroqlarining nomi - "Livoul hamd" (maqtov bayrog‘i), ummatlari - "hammoduun" (hamdu sanoni qo‘p aytuvchilar)dir. (Alloma Muhammad Sulaymon Mansurfuriy, "Rahmatun lil olamiyn", 1-kitob.)
Dunyoda eng ko‘p tarqalgan ism Muhammaddir ("Musulmonlar taqvim kitobi", 2005 yil, 1-chorak.)
Allohga cheksiz hamdu sanolar va to‘xtovsiz maqtaladigan Payg‘ambarimizga salavotu salomlar bo‘lsin. Omiyn!
2. Alloh O’z Payg‘ambarini farishtalari huzurida maqtasin.Alloh taolo Payg‘ambarimizga aytadigan salavotga ulamolarimiz tomonidan bir qancha ta’riflar berilgan. Ularning eng yaxshisi va qamrovlisi ulug‘ tobe’in Abul Oliya aytgan mazkur ta’rifdir. "Sollallohu alayhi vasallam" degani "Alloh O’z Payg‘ambarini farishtalari huzurida maqtasin va salom yuborsin", deganidir (Imom Buxoriy rivoyati, "Al jome’us sahih", "Qur’on tafsiri" kitobi, Ahzob surasi, 10-bob ta’liqi, isnodi "hasan".) Alloh taoloning Payg‘ambarimizga aytadigan salavotini "Uning rahmatidir" deb, tafsir qilish zaifdir. Zero, Allohning rahmati har bir mo‘minga bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham ulamolarimiz: "Falonchiga Allohning rahmati bo‘lsin", deyishning joiz ekaniga ittifoq qilishgan. Ammo "falonchiga Allohning salavoti bo‘lsin", deyish haqida ixtilof qilishgan. Bu esa salavot boshqa, rahmat boshqa narsa ekanini bildiradi. Masalan: Alloh taolo Qur’oni karimning Baqara surasi,157-oyatida:
"Ana o‘sha (sabrli kishi)larga Parvardigorlari tomonidan salavot va rahmat bordir", deya salavot bilan rahmat orasini "harfi atf" - bog‘lovchi ila ajratgan. Ma’lumki, "harfi atf" "mug‘oyarat"ni, ya’ni, ajratib turuvchi belgini taqozo qiladi. Demak, Allohning salavoti rahmatidan ko‘ra xosroqdir. Bas, Alloh taoloning Payg‘ambariga nisbatan salavoti Payg‘ambarini farishtalari huzurida maqtashidir!
Ibn Qayyim Javziyya Payg‘ambarimizga salavot aytishning o‘ttiz to‘qqizta foydasini sanab o‘tgan ("Jala-ul afham fiy fazlissolati vassatam ‘ala Muhammadin xoyril anam" kitobi).