Abdul Azim Ziyovuddin. Siz payg'ambarni ko'rganmisiz?  ( 93641 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 B


Hadija  02 Iyun 2009, 20:45:30

23. Bobolari Abdulmuttalib (Allohning ilhomi bilan).
Abdulmuttalibdan: "Nevarangga qanday ism qo‘yding?" deb so‘raganlarida, u: "Muhammad deb ism qo‘ydim", deydi. Ular: "Ota-bobolaringda bunaqa ism yo‘q-ku?" deyishganida, u: "Men bu nevaramning osmonlar-u, yerda doimo maqtalishini xohladim", degan. ("Ar-rahiyqul maxtum"; "Nurul yaqiyn"; "Nurul basar".)

24. Onalari Omina (3-7 kuncha).
Onalarining suti yetmagach, bir necha kun amakilari Abu Lahabning ozod qilgan cho‘risi Suvayba emizgan. So‘ng Bani sa’dlik Halima Abu Zuayb qizi eng ko‘p emizgan. ("Ar-rahiyqul maxtum"; "Nurul basar")

Qayd etilgan


Hadija  02 Iyun 2009, 20:46:54

25. Ummu Ayman.
Ummu Ayman (Baraka Sa’laba qizi) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning otalari Abdullohning joriyasi bo‘lib, Abdullohning vafotidan so‘ng Payg‘ambarimizning xonadonida qolgan. Abdullohdan bu joriyadan tashqari, yana beshta tuya va bir suruv qo‘y ham qolgan. ("Ar-rahiyqul maxtum".)

26. Ikki yil. (Ibn Ishoq rivoyati; "Ar-rahiyqul maxtum"; Ibn Hishom, "As-siyra-tun nabaviyya".)

Qayd etilgan


Hadija  02 Iyun 2009, 20:49:12

27. Bobolari Abdulmuttalib xatna qilgan (arablar odatiga ko‘ra, yetti kunligida).
("Ar-rahiyqul maxtum"; Shayx Muhammad Sha’roviy, "As-siyratun nabaviyya", 24-bet.)
Abdulmuttalib o‘g‘li Abdullohdan xotira-esdalik bo‘lib tug‘ilgan nabirasini Ka’baga olib borib, duo qilib qaytadi va Allohning ilhomi ila unga Muhammad deb ism qo‘yadi hamda yettinchi kuni chaqaloq nomidan qurbonlik so‘yib, xatna qilib, katta ziyofat beradi. (Ibnu Abdil Barr, "At-istiy’ob bi hoshiyatil isoba", 1-kitob; Shomiy, "Subulul huda var-rashod", 1-kitob.)
Ba’zilar Payg‘ambarimizni xatna qilingan holda tug‘ilganlar, deb aytishgan. Ammo imom Zahabiy: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetti kunlik bo‘lganlarida bobolari Abdulmuttalib xatna qilgan, Muhammad deb ism qo‘ygan va qurbonlik so‘yib ziyofat bergan", degan rivoyat "Xatna qilingan holda tug‘ilgan", degan rivoyatdan kuchliroq", degan. (Shayx Muhammad Sha’roviy, "As-siyratun nabaviyya", 24-bet; Ibn Qayyim Javziyya,"Zodul ma’od", 1-kitob.)
Umuman olganda, bu bahs etadigan mavzu emas. Qolaversa, ko‘plar o‘ylaganidek, xatna qilingan holda tug‘ilish fazilatmas.

28. To‘rt — besh yoshlar orasida.
Halimai Sa’diyya (eri Horis ibn Abdul Uzzo, laqabi Abu Kabsha) Muhammad alayhissalomni har olti oyda Makkaga mushtipar onalari Omina va qarindosh-urug‘larining oldlariga olib kelib turar edi. Payg‘ambarimiz ikki yoshga to‘lganlarida Halimai Sa’diyya u zotni sutdan chiqarib, tuqqan onalari Ominaning oldiga olib boradi va bu barakali boladan ajralmaslik uchun yalinib-yolvorib, yana Sa’d qabilasiga olib ketadi. Omina ham Makka havosining o‘sha vaqgda yaxshi emasligi, ya’ni, shaharda vabo tarqalgani uchun rozi bo‘lishdan boshqa chorasi qolmaydi. (Ibn Ishoq rivoyati; "Ar-rahiyqul maxtum"; "Nurul basar".)

Qayd etilgan


Hadija  02 Iyun 2009, 20:55:23

29. Ikkita. ("Nurul yaqiyn"; Ibn Hishom, "As-siyratun nabaviyya")
Mazkur farishtalarning ikkita bo‘lganini imom Hokim Ibn Ishoqdan rivoyat qilib, "Isnodi sahih", degan. Zahabiy uning fikriga qo‘shilgan. Ibn Hibbon ham, "Sahih" degan.
Imom Muslim rivoyatida o‘sha farishtalarning faqat bittasi zikr qilingan: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan o‘ynab yurganlarida, uning oldiga Jabroil alayhissalom kelib, uni yerga yetqizdi. Ko‘kragini yorib, yurakni oldi va ichidan quyuq qora qonni chiqarib tashlab: "Bu shaytonning sendagi nasibasi edi", dedi, so‘ngra yurakni tilla tog‘oradagi zamzam suvida yuvib, kesilgan yerlarini tikib, yana joyiga solib qo‘ydi...".
Shu sababli ham shayton Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni umuman vasvasa qila olmagan!
Nafs uch xil bo‘ladi:
1. "Nafsi ammora" — yomonlikka undovchi nafs.
"Men nafsimni oqlamayman. Chunki nafs — agar Parvardigorimning O’zi rahm qilmasa — albatta yomonlikka buyurguvchidir". (Yusuf surasi, 53-oyat.)
2. "Nafsi lavvoma" — malomatgo‘y nafs.
"Va Men malomatgo‘y nafsga qasam ichurman". (Qiyomat surasi, 2-oyat.) "Malomatgo‘y nafs" Alloh taologa ibodat qilishda qosirlik — beparvolik qilgan egasini malomat qiladigan nafsdir.
3. "Nafsi mutmainna" - xotirjam nafs.
"(Qiyomat Kunida hayoti dunyodan Alloh taoloning va’dasiga ishonib iymon va ezgu amallar bilan o‘tgan mo‘minlarga xitob qilinib, deyilur): "Ey (Allohning zikri bilan) xotirjam (bo‘lgan) nafs". (Fajr surasi, 27-oyat.)

30. Ikki marta.
Birinchisi: To‘rt — besh yoshlar orasida, Bani Sa’d qabilasida.
Ikkinchisi: Me’roj kechasi, Isro voqeasidan oldin, Ka’ba yonida. (Buxoriy va Muslimlar rivoyati; "Ar-rahiyqul maxtum"; Ibni Kasiyr, "Sahihus siyratin nabaviyya".)
Alloh taolo aytadi:
"(Ey Muhammad alayhissalom), Biz sizning ko‘ksingizni (qalbingizni) ochib qo‘ymadikmi?!" (Sharh surasi, 1-oyat.)
Bu oyatda Muhammad alayhissalomning yoshlik davrlaridagi "Shaqqi Sadr" voqeasiga ishora bor! (Alouddin Bag‘dodiy, "Tafsiri Xozin; Muhammad Ali Sobuniy, "Sofvatut-tafosiyr"; Shayx Muhammad Sha’roviy, "As-siyratun nabaviyya".)
Bu oyatda Isro kechasidagi "Shaqqi Sadr" voqeasiga ishora bor. ("Tafsiri Ibni Kasiyr".)

Qayd etilgan


Hadija  02 Iyun 2009, 20:58:42

31. Olti yoshga to‘lganlarida.
Payg‘ambarimiz olti yoshga to‘lganlarida onalari Omina eri Abdullohning qabrini ziyorat qilish maqsadida o‘g‘li Muhammad alayhissalom, xodimasi Ummu Ayman va qaynotasi Abdulmuttaliblar hamrohligida Yasribga boradi. U yerda bir oy turishadi. Qaytayotganlarida, yo‘lda betob bo‘lib, Yasrib yaqinidagi Abvo degan joyda vafot etadi. ("Ar-rahiyqul maxtum".)
Shunday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham otadan, ham onadan yetim qoladilar.
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yetimlikda o‘sishlariga Alloh taoloning hikmati deb qaraydilar. Agar u zot yetim o‘smaganlarida, bir qun kelib dushmanlari: "Ota-onasidan yoki bobosidan o‘rganib olgan narsalarni aytib, men payg‘ambar man, demoqda", deyishlari mumkin edi.
Alloh taolo Zuho surasining 6-oyatida:
"(Ey Muhammad alayhissalom, Parvardigoringiz) sizni yetim holda topib, boshpana bermadimi?!" deya, Payg‘ambar alayhissalomning yosh go‘daklik chog‘larida yetim bo‘lib qolganlarida, avval bobolari Abdulmuttalibning, so‘ngra amakilari Abu Tolibning qaramog‘ida tarbiya topganlariga ishora qilgan. ("Tafsirul-Jalolayn"; "Tafsiri Ibni Kasiyr"; "Tafsirun Nasafiy"; "Tafsiri Xozin"; "Sofvatut tafosiyr".)

32. Ahli fatrat.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning onalariga istig‘for aytishga izn so‘raganlari farzandlik burchlarini chuqur his qilganlaridandir. Izn berilmagani esa, u zotning onalari Omina binti Vahbning Islomdan oldin o‘tib ketganlaridir. Istig‘forning sharti Islomdir.
Ahli sunna va jamoa ulamolari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning onalari jannatiydir, chunki u kishi "ahli fatrat"dir, ahli fatrat jannatiy bo‘lishida shubha yo‘q, deyishadi. ("Hadis va Hayot", 7-juz, 338-bet.)
Alloh taolo aytadi:
"...Biz to biron Payg‘ambar yubormagunimizcha, azoblaguvchi bo‘lgan emasmiz". (Isro surasi, 15-oyat.)
Ya’ni, "insonga aql, farosat berganimizdan keyin, dunyodagi qudratimizga, xoliq, mudabbir va roziq ekanimizga dalolat etuvchi mo‘‘jizalarga qarab to‘g‘ri yo‘lni tanlab, Bizga iymon keltirib ibodat etishini farz qilib, bajarilmasa, jazolashni joriy qilsak, haqqimiz bor edi. Ammo bunday qilmadik. Bandalarimizga rahm etdik. Mazkur narsalar ustiga yana ogohlantiruvchi — eslatuvchi Payg‘ambar yuborishni ham iroda etdik. Payg‘ambar ogohlantirganidan keyin ham iymon va Islom yo‘lini tanlamaganlarni azoblashga ahd etdik. Payg‘ambar va uning da’vati yetmaganlarni esa, azoblamaslikka qaror qildik". ("Tafsiri Hilol", Isro surasi, 15-oyat tafsiridan.)

Qayd etilgan


Hadija  03 Iyun 2009, 19:55:45

33. Sakkiz yoshda (qo‘shimcha: ikki oy-u o‘n kun). ("Ar-rahiyqul maxtum"; "Nurul basar".) Abdulmuttalib shamsiy 82, qamariy 84 yoshida Makkada vafot etadi.

34. 12 yoshda.
Bahiyroning ismi Jirjiys (Georgiy)dir. Bayrutdagi "Katolik bosmaxonasi" tomonidan 1996 yilda chop etilgan "Al-munjid fil a’lom" (atoqli ismlarning izohli lug‘ati) kitobida quyidagi ma’lumotlar yozilgan: "Rohib (monax) Bahiyro milodiy VI asrda Arab jazirasida, karvonlar yo‘li ustida yashar, badaviy (ko‘chmanchi xalq)larni yakka xudolikka da’vat qilar edi. Muhammad (alayhissalom)ni Quraysh savdogarlari hamrohligida ko‘rib, amakisi Abu Tolibga: "Mana shu jiyaning (Muhammad) haqida ulug‘ xabar bor", deydi".
U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sifatlarini Tavrot va Injillardan ochiq-oydin o‘qib bilgan edi.
Bugungi Injillarda ham Payg‘ambarimiz haqlaridagi bashoratlarga ishoralar qolgan. Masalan: "Iso shogirdlariga dedi: "Agar meni sevsangizlar, amrlarimga amal qilinglar. Men otamga (aslida: Rabbimga) murojaat qilaman va U to abad (Qiyomatgacha) sizlar bilan qoladigan boshqa (ya’ni, mendan boshqa) Yupatuvchini yuboradi. Bu Yupatuvchi -Haqiqat Ruhidir"; ("Yuhanno Injili", 14-bob, 15 - 17-jumlalar. "Yuhanno Injili", 16-bob, 7 - 8- va 13-jumlalar. "Hidoyat", 2005 yil, 1-son.)
"Ammo sizlarga haqiqatni aytaman, mening ketishim siz uchun foydalidir. Agar men ketmasam, Yupatuvchi oldingizga kelmaydi. Agarda ketsam, uni oldin-gizga yuboraman (aslida: Rabbim yuboradi). U esa kelib, gunoh, adolat va hukm xususida dunyoning xato qilganini fosh etadi... Muqaddas Haqiqat Ruhi kelgach, U sizlarni butun haqiqat yo‘liga boshlaydi. U O’zicha gapirmaydi, neki eshitsa, o‘shani so‘zlab beradi. U kelajak haqida sizlarga xabar qiladi". ("Yuhanno Injili", 14-bob, 15 - 17-jumlalar. "Yuhanno Injili", 16-bob, 7-8- va 13-jumlalar. "Hidoyat", 2005 yil, 1-son.)
Izoh: "Yupatuvchi" so‘zi ibroniy (eski yunon) tilidagi "Parakletos" so‘zining tarjimasidir. "Parakletos" aslida, hamd, maqtov ma’nosidagi "Periklutos" bo‘lgan. "Muhammad" ismi ham so‘z sifatida "to‘xtovsiz maqtaladigan", "Ahmad" esa, "ko‘proq maqtovchi" ma’nosini beradi.
XVI asr boshida yashagan, avval katolik ruhoniyi bo‘lib, so‘ng Islomni qabul qilgan ispaniyalik Anselmo Turmedoning ustozi usquf (episkop) Nikola Martel shogirdiga: "Injildagi Parakdit ismi musulmonlarning payg‘ambari Muhammadning ismidir. Unga Jabroil farishta vositasida to‘rtinchi kitob — Qur’on nozil bo‘lgan", deb Injil sirini ochgan edi! ("Yuhanno Injili", 14-bob, 15 - 17-jumlalar. "Yuhanno Injili", 16-bob, 7 - 8- va 13-jumlalar. "Hidoyat", 2005 yil, 1-son.)
Zamondoshlarimizdan ustoz Ahmad Najjor g‘arb olimlaridan biri doktor Karlu Nilinudan: "Forqilat (Parakletos)ning ma’nosi nima?" deb so‘rasalar, u kishi: "Rohiblar "Mu’azziy" deb aytishadi", debdi. Shunda ustoz Najjor: "Men rohibdan emas, balki yunon tily fan doktori Karlu Nilinudan so‘rayapman", deb rad qilibdilar. Faqat shu gapdan keyingina ajnabiy doktor: "Bu so‘zning asl ma’nosi "maqtash, ko‘p shukr", debdi. So‘ngra, ustoz Najjor: "Arabcha "hamd" so‘zining "Ahmad" shaklida ishlatilishiga to‘g‘ri keladimi?"desalar, doktor Karlu: "Ha", debjavob kilgan ekan. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Sunniy aqiydalar", 353 -354-betlar; "Hadis va Hayot", 19-juz, 38-bet.)

35. Yigirma besh yoshlarigacha (Xadicha roziyalpohu anhoga uylangunlarigacha).

36. Ellik yoshlarigacha (Abu Tolibning vafotigacha).

Qayd etilgan


Hadija  03 Iyun 2009, 20:02:28

37. O’n besh yoki yigirma yoshda.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu jangda ishtirok etmaganlar, balki kamonchi amakilariga o‘q uzatib turganlar.
Ibn Hishomning ma’lumotiga asoslangan ulamolar: "O’shanda Rasulullohsollallohu alayhi vasallam 15 yoshda edilar", deyishadi. ("Ar-rahiyqul maxtum"; Ibn Hishom, "As-siyratun nabaviyya"; Shayx Muhammad Xuzariy, "Muhozarotu tarixil umamil islomiyya", 1-kitob; "Mavsu’atul musobaqotil islomiyya", "As-siyratun nabaviyya" qismi.)
Ibn Ishoqning ma’lumotiga asoslangan olimlar esa: "20 yoshda bo‘lganlar", deyishgan. ("Nurul yaqiyn"; Ibn Hishom, "As-siyratun nabaviyya".)
Shayx Muhammad Sodiq hazratlari Ibn Hishomning ma’lumotini olganlar! ("Hadis va Hayot", 19-juz, 71-bet.)

38. Hilful fuzul
(fazilatli kishilar shartnomasi).

39. Yigirma besh yoshlarida.


40. Erkak (yosh qul bo‘lgan).
"Maysara"ning ma’nosi - osonlik, yengillik, boylik, badavlatlilik, davlatmandlik. (Qarang: "Al-munjid fil-lug‘at"; Al-qomusul jadid"; Baqara surasi, 280-oyat ma’nolari tarjimalari.)
Demak, Maysara degan ism faqat ayollarniki emas ekan!

Qayd etilgan


Hadija  03 Iyun 2009, 20:08:41

41. Qirq yoshda.
Ibn Ishoq: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha roziyallohu anhoga uylangan vaqtda, Xadicha onamiz 28 yoshda bo‘lganlar", degan gapni aytgan. Lekin, bu rivoyatning isnodi yo‘q (Shayx Muhammad Sha’roviy, "As-siyratun nabaviyya", 82 — 83-betlar.)
Ibn Kasiyr "Al-bidoya van-nihoya" kitobida 35 yoshni zikr qilganlar. Bu ma’lumot ham sahih emas.
"Xadicha roziyallohu anho Payg‘ambarimizning birinchi ayollari bo‘lib, u zot Xadicha onamizga uylanganlarida yigirma besh yoshda, onamiz esa, qirq yoshda edilar.
Ko‘rinib turibdiki, bu nikohda shahvoniylik maqsad emas. Alloh taolo O’z hikmati ila Muhammad alayhissalomni payg‘ambarlikni qabul qilib olishga tayyorlar edi. Darhaqiqat, Xadicha onamiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom birinchi bor vahiy keltirib, u zot qo‘rqib ketganlarida, taskin berarkanlar, payg‘ambarlikka musharraf bo‘lganlarini tushunib, iymon keltirganlar. Keyinchalik ham Xadicha onamiz Payg‘ambarimizga eng og‘ir paytlarda ishonchli yordamchi bo‘ldilar. O’zlarining mol-mulklarini, jamiyatdagi obro‘larini va bor imkoniyatlarini Islom yo‘lida sarfladilar. O’sha paytda Xadicha onamizning o‘rinlarida tajribasiz yosh kelin bo‘lganida bundoq oqilona ishlarni qila olmas edi" ("Hadis va Hayot", 13-juz’, 35-bet.)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 50 yoshlarigacha — 25 yil Xadicha onamiz bilan mazmunli hayot kechiradilar va ustlariga boshqa xotin olmaydilar. Umuman olganda, Payg‘ambarimiz 53 yoshlarigacha, Madina hijratigacha bir ayol bilan yashaganlar.
Xadicha onamiz bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yoshlari o‘rtasidagi farqni ba’zi kimsalar hazm qilolmasliklari mumkin. Ammo kechayu kunduz Payg‘ambarimizning "kamchiliklari"ni qidirgan Quraysh mushriklari buni mutlaqo ayb sanamaganini esimizdan chiqarmasligimiz kerak!
Jabroil alayhissalom Payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga kelib: "Ey Rasululloh! ...Agar Xadicha huzuringizga kelsa, unga Parvardigori nomidan va mening nomimdan salom ayting hamda unga xushxabar beringki, jannatda uning uchunyo marvariddan keng bir qasr bunyod etilgan bo‘lib, u yerda shovqin-suron ham, mehnat-mashaqqat ham yo‘q", deydi. (" Buxoriy va Muslim rivoyati.)
Payg‘ambarimizning nasablari Xadicha onamizning nasabi bilan to‘qqizinchi bobolari Luayda birlashadi. ("Rahmatun lil olamiyn", 2-kitob.)

42. Yigirmata urg‘ochi bo‘taloq. ("Ar-rahiyqul maxtum"; Ibn Hishom, "As-siyratun nabaviyya"; "Nurul basar".)

43. Ikki o‘g‘il va to‘rt qiz. Tartib bilan:
1) Qosim. U Islomdan avval Makkada tug‘ilib, "asahh" (eng sahih) qavlga binoan o‘n yetti oy yashab, olamdan o‘tgan;
2) Zaynab. Ko‘pchilik olimlar: "Zaynab Payg‘ambarimizning katta qizlari bo‘lib, u zot 30 yoshga to‘lganlarida tug‘ilgan va hijratning 8-yili vafot etgan", deyishadi;
3) Ruqayya. U Payg‘ambarimiz 33 yoshga kirganlarida tug‘ilgan;
4) Ummu Gulsum. Hazrati Usmon roziyallohu anhu avval Ruqayyaga, uning vafotidan keyin Ummu Gulsumga uylanganlar va "Zunnurayn" (ikki nur egasi) laqabini olganlar;
5) Fotima. Fotimai zahro Payg‘ambarimiz 41 yoshga kirganlarida tug‘ilgan. Darvoqe’, Xadicha roziyallohu anhoning onalari ismi ham Fotima bo‘lgan. Payg‘ambarimizning ota tomondan buvilarining ismi ham Fotima bo‘lgan;
6) Abdulloh. Nasl-nasab bilan shug‘ullanuvchi ko‘pchilik olimlarning gaplariga qaraganda, Abdulloh toza va yoqimli bo‘lgani uchun, unga Tohir va Toyyib laqablari berilgan. Muhammad alayhissalomga payg‘ambarlik kelganidan keyin Makkada tug‘ilgan va o‘sha yerda go‘dakligidayoq olamdan o‘tgan. (Mazkur ma’lumotlarni Mulla Aliyyul Qori Hanafiy "Al-fiqhul ak-bar" sharhida va Alloma Muhammad Sulaymon Mansurfuriy "Rahmatun lil olamiyn" kitobi 2-juz’ "Payg‘ambarning avlodi" bobida chuqur tah-lil etib, xulosasini bayon qilganlar.)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘il farzandlari go‘daklik yoshlarida hayotdan ko‘z yumishgan. Qizlari esa, Islom davriga yetib, musulmon bo‘lishgan. Hijrat qilishgan, lekin Payg‘ambarimizning hayot paytlarida olamdan o‘tib ketishgan. Faqat eng sevimli qizlari Fotima roziyallohu anho Payg‘ambarimizdan olti oy keyin vafot etganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning avlodlari faqat Fotimaning Hasan va Husayn o‘g‘illaridan tarqagan.
Payg‘ambarimiz: "(Qizim) Fotima mening bir bo‘lagimdir, kim uni yomon ko‘rsa, meni ham yomon ko‘ribdi", deganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyatlari.)
Boshqa bir hadislarida: "(Ey Fotima), siz mo‘minlar ayollarining sayyidasi bo‘lganingizdan rozi emasmisiz?!" deganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyatlari.)

44. O’ttiz besh yoshda.
Ka’ba qayta qurilib bitganidan keyin balandligi 15 m, "Hajarul asvad" joylashgan tomon bilan qarshi tomon 10 m va eshik joylashgan tomon bilan qarshi tomon 12 m bo‘ldi. Hozir ham shunday! ("Ar-rahiyqul maxtum".)

45. Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalom bilan birga.
"Ibrohim"ning ma’nosi "Abul umam", ya’ni, barcha millatlar va xalqlarning otasi, degani. ("Rahmatun lil olamiyn", 1-kitob.)
Allohning amri bilan Ka’bani birinchi bo‘lib, Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalom bilan birga qurganlariga Qur’oni karim va sahih sunnatda ochiq dalillar bor.
Alloh taolo aytadi:
"(Ey Muhammad alayhissalom) eslang! Ibrohim (o‘z o‘g‘li) Ismoil bilan birgalikda Baytullohning poydevorlarini ko‘tarib (shunday duo qildilar): "Parvardigoro, bizdan (ushbu qilgan amalimizni) qabul ayla. Albatta, Sen Eshitguvchi, Bilguvchisan!"; (Baqara surasi, 127-oyat.)
"Albatta, odamlar (Yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishlari) uchun qurilgan birinchi uy - Makkadagi muborak va butun olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lgan (Ka’ba)dir. Unda (bu uyni Ibrohim alayhissalom qur-ganiga) aniq oyat (alomat)lar bor bo‘lib, (shulardan biri) maqomi Ibrohimdir (ya’ni, Ka’bani qurishda Ibrohim alayhissalom oyoqlari ostida bo‘lgan xarsang tosh. U toshdan hanuzgacha Ibrohim alayhissalomning oyoq izlari ketmagan)". (Oli Imron surasi, 96 - 97-oyatlar.)
Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy: "Ka’baning Ibrohim alayhissalomdan oldin qurilganiga doir barcha ma’lumotlarda yo zaiflik yo noaniqlik bor", deydi. ("Fiqhus siyratin nabaviyya", 58 - 59-betlar.)
Alloma Ibn Kasiyr: "Baytullohning Ibrohim alayhissalomdan ilgari qurilgani haqida birorta ham sahih (ishonchli) xabar kelmagan", deydi. ("Al-bidoya van-nihoya", 1-kitob, 153-bet; Shayx Muhammad Sha’roviy, "As-siyratun nabaviyya", 45-bet.)
Zamonlar o‘tishi bilan ilk bor Ka’bani qurgan zot haqida ko‘p rivoyatlar paydo bo‘ldi. Birida Odam alayhissalom deyilsa, boshqasida farishtalar, yana bir rivoyatda Shis alayhissalom yoki Idris alayhissalom, deyiladi. Haqiqati Ibrohim alayhissalom va Ismoil alayhissalom tomonidan qurilganidir. ("Hidoyat", 2001 yil, 1-son, 22-bet.)
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari "Hadis va Hayot" kitoblarining 6-juz’ 31-betida: "Rivoyatlarda kelishicha, Ka’bani Ibrohim va Ismoil alayhissalomlar qurishlaridan oldin u farishtalar va Odam ota tomonidan qurilgan", deb yozib, bu ma’lumotni "Rivoyatlarda kelishicha" deyish bilan, bu ma’lumotning zaif ekaniga ishora qilganlar!
"Bu Uy (Ka’ba)ning boni’i avvali (ya’ni, ilk quruvchisi) hazrati Ibrohimdurlar va hazrati Ismoil yordam bergandurlar". (Oltinxon to‘ra, "Qur’oni karimning turkiy tilda izohli tarjimasi", Oli Imron surasi, 97-oyat izohi. Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun qarang: "Rahmatun lil olamiyn", 1-kitob; Zakoi Ko‘nrapa, "Payg‘ambarimiz va asharai mubashshara", 1-kitob, 40-bet va 58-bet.)

Qayd etilgan


Hadija  03 Iyun 2009, 20:13:57

46. O’rta (o‘rta bo‘ydan bir oz bapandroq). (Imom Termiziy, "Shamoili Muhammadiyya".)( Imom Termiziy, "Shamoili Muhammadiyya".)
Payg‘ambarlar sultoni Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam xalq (yaratilish) va xulq jihatidan insonlarning eng go‘zali edilar. Ruh va qalb pokligiga erishgan minglarcha avliyolar, qalami sayqallangan minglarcha adiblar, vasf mulkining podshohiga aylangan minglarcha shoirlar to shu kungacha u zotning surat va siyratlarini, xulqu shamoillarini sifatlashga urinishadi, ammo bu ishni maromiga yetkazishdan ojiz ekanlarini e’tirof etishadi. Shunday bo‘lsada, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat va sog‘inch u zotning go‘zal surat va xulklariga qayta-qayta murojaat etishga unday beradi. ("Hidoyat", 2000 yil, 3-son, 19-bet.)

47. O’rta. ("Shamoili Muhammadiyya".)

48. Oq-bug‘doyrang.
Anas ibn Molik aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda oq ham, bug‘doyrang ham emasdilar". (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Molik va Bag‘aviylar rivoyati.)
Ranglari bir oz qizilga ham moyil bo‘lgan. (Mulla Aliyyul Qori Hanafiy, "Shamoili Muhammadiyya" sharhi.)

49. O’rtacha (dumaloq ham emas, cho‘zinchoq ham emas). ("Shamoili Muhammadiyya".)

50. Katta (o‘rtachadan kattaroq).("Hidoyat", 2000 yil, 3-son, 19-bet.)

Qayd etilgan


Hadija  03 Iyun 2009, 20:15:41

51. O’rtahol.
Hayotlari davomida muborak sochlari uzun bo‘lgan. Ba’zan ikki quloqlari yarmiga, ba’zan quloqlarining ostki yumshoq qismiga, ba’zan undan ham pastroqqa tushar edi.
Bu hol Payg‘ambarimizning o‘zlariga xos sunnatdir!
U zot hijratdan keyin sochlarini uch marta qirdirib oldirganlar.
1) Hudaybiyya sulhida (hijriy 6-yil);
2) Umratul qazoda (hijriy 7-yil);
3) Hajjatul vado’da (hijriy 10-yil oxiri). ("Shamoili Muhammadiyya".) Sochni qirish muboh ish, sochini parvarish qiladigan kishi sochini o‘stirish ham muboh. Ibn Umar rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz: "Sochning hammasini qiringlar yoki hammasini qo‘yinglar", deganlar (Muslim, Ahmad riyuyati). Yana bir rivoyatda: "Kimning sochi bo‘lsa, uni parvarish qilsin", deganlar (Abu Dovud rivoyati).

52. Qalin va uzun. ("Shamoili Muhammadiyya".)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "O’n narsa fitratdandir (ya’ni, Alloh taolo odamlarni yaratgandagi sof tabiat, sof dinidandir): mo‘ylabni qaychilash, soqolni o‘stirish..." dedilar. (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar rivoyati.)
Ya’ni, soqolni mo‘ylabga o‘xshatib qirqib turilmaydi, uning uzun bo‘lishiga qo‘yib beriladi. Ammo uzunligi qancha miqdorgachaligi haqida bir oz ixtilof bor. Payg‘ambarimiz: "Mushriklarga xilof qilinglar: soqollarni to‘liq qo‘yinglar, mo‘ylablarni qiringlar", deganlar.
"Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo haj yoki umra qilsa, soqolini tutamlab turib, ortig‘ini olar edi". (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar rivoyati.)
Sharh: Mushrik va majusiylar soqollarini qirib, mo‘ylablarini o‘stirar edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga bu holning aksini qilishni, mo‘ylabni qirib, soqolni o‘stirishni amr qilmoqdalar. Ushbu rivoyatdagi "mo‘ylablarni qiringlar" birikmasi ulamolar orasida "mo‘ylabni qirish afzalmi yoki qaychilab qisqartirishmi?" degan masalada ikki xil ijtihod kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Molikiylar ayni ushbu rivoyatni mahkam tutib, mo‘ylabni kirish mustahabdir, deydilar. Hanafiy, Shofe’iy va Hanbaliylar esa, mo‘ylabni qisqartirish yaxshi, uni labning qizg‘ish qismi ochilib turadigan qilib qisqartirish kerak, deydilar.
Jumhur (ko‘pchilik) ulamolar, jumladan, Hanafiy, Molikiy va Shofe’iy mazhabi ulamolari ushbu "Ibn Umar roziyallohu anhumo haj yoki umra qilsa, soqolini tutamlab turib, ortig‘ini olar edi", degan rivoyatni dalil qilib, soqol har odamning o‘z tutamida bir tutam bo‘lishi sunnatdir, undan ortig‘i qisqartiriladi, deydilar. ("Hadis va Hayot", 17-juz’, 337 - 343-betlar.)

53. Keng (elkador bo‘lganlar). ("Shamoili Muhammadiyya".)

54. Ikki yelkalari o‘rtasida (chap kuraklarining ustpki qismiga yaqinroq).
Payg‘ambarimizning "muhri nubuvvat"lari qizg‘ish go‘sht bo‘lib, kaklik va kabutar tuxumlariga o‘xshar, atrofida mayda so‘gallarga o‘xshash qizil xollar bo‘lib, ustini mo‘y qoplagan edi. ("Shamoili Muhammadiyya".)
Ko‘pchilik, xususan, avvalgi samoviy kitoblardagi oxir zamon payg‘ambari haqidagi ma’lumotlardan xabardor kishilar u zotning muhri nubuvvatlarini ko‘rib iymonga kelishgan.

55. Oz.

Ko‘kraklaridan kindiklarigacha uzun va ingichka mo‘y bo‘lgan, serjun emasdilar. ("Shamoili Muhammadiyya".)

Qayd etilgan