G’arblik xolis mutafakkirlarning Payg‘ambarimiz haqlaridagi tavsiflari
Bugungi kunimizda butun olam Muhammad alayhissalomning zotlariga, sifatlariga va ta’limotlariga qanchalik muhtoj ekanini o‘tgan asrning buyuk aql egalaridan biri, zabardast ingliz mutafakkiri va yozuvchisi Bernard Shou o‘zining: "Agar Muhammad payg‘ambar tirik bo‘lganida, zamonamiz muammolarini bir piyola choy ustida hal qilgan bo‘lar edi", degan so‘zlari bilan ifodalagan edi. Agar buyuk yozuvchining bu so‘zlari Bernard Shouga o‘xshash g‘arbliklar uchun shonu sharaf bo‘ladigan bo‘lsa, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatlikni da’vo qilib turib, u kishiga ergashmay yurgan sharqliklar uchun oru nomusdir. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Zikr ahlidan so‘rang", 3-son, 59-bet.)
Insoniyat tarixida Muhammad alayhissalomchalik qavmi tarafidan sevilgan va hurmatlangan inson o‘tmagan. Tarix kitoblarida bayon qilinadiki, Urva ismli mushrik Quraysh kofirlariga shunday hikoya qilgan ekan: "Men juda ko‘p hukmdorlarni ko‘rganman. Sezarning, Kisroning saroylarida bo‘lganman. Lekin qasam ichishim mumkinki, ashoblari Muhammadni hurmat qilganlari kabi hurmat-ehtirom kilingan hukmdorni ko‘rmadim. Allohga qasamki, agar u bir narsa buyursa, ular darhol uni bajarishga tashlanishadi, tahorat olsa, undan tushayotgan suvni talashib-tortishib olishga oshiqishadi, gapirsa, sukut qilib qotib qolishadi, shu darajadaki, hatto uning ko‘zlariga tik karashga botina olishmaydi". (Hidoyat", 2002 yil, 9-son, 10-bet.)
Payg‘ambarimizni G’arbning insofli kishilari ham ulug‘lashgan. Buyuk olmon shoiri Volfgang Gyote bunday deb yozgan: "Men dunyo tarixini o‘qib shunday xulosaga keldim: dunyo podshohlari to‘plagan jami saltanatu boylik, qasr-laru saroylar Muhammad alayhissalomning yamoq yaktaklariga ham arzimas ekan... Biz Ovrupa millatlari madaniy imkonimiz yuqori bo‘lishiga qaramay, Muhammad (alayhissalom) so‘nggi pog‘onasiga qadar chiqa olgan zinaning birinchi pillapoyasidamiz, xolos. Hech shubha yo‘qki, biron kimsa u zotdan yuqoriroqqa o‘ta olmaydi".
Bernard Shou: "Agar Muhammad (alayhissalom)dek bir odam hozirgi dunyoni boshqarganida edi, bu dunyoning mushkulotlarini hal qilishga muvaffaq bo‘lar edi, bu esa, o‘z navbatida, hozirgi dunyoga yetishmayotgan xotirjamlik va baxtni olib kelgan bo‘lardi", degan edi. ("Hidoyat", 2001 yil, 6-son, 14-bet.)
Tomas Karlayl tan olib aytishicha, Muhammad (alayhis-salom) shunday tuban xalq (arablar)ni "yorug‘lik va ilm tashuvchilar" darajasiga yuksaltirdi: "Arab xalqi uchun bu zulmatdan nurga chiqish edi. Bu bilan arablar ilk marotaba boshqalar nazarida jonlandilar. Dunyoning yaratilishidan buyon ko‘zga tashlanmay, o‘z sahrolarida izg‘ib yurgan qashshoq podachi xalq! Qarang, ko‘zga tashlanmagan xalq bugun dunyoga ko‘z-ko‘z bo‘ldi, kichik edi, olamiy ulug‘likka erishdi. Bor-yo‘g‘i yuz yil ichida arablar g‘arbda Granadagacha, sharqda Dehligacha yetishdi, jasorat va ulug‘vorlik nuri ila Arabiston olam kengliklarini yoritmoqda". ("Hidoyat", 2001 yil, 5-son, 10 - 11-betlar.)
Ingliz olimi Jon Davenport mana bu fikrlarni yozib qoldirgan: "Mashhur payg‘ambarlar va fotihlar orasida hayoti Muhammad (alayhissalom)ning tarixidek eng ko‘p va barcha nuqtalarigacha batafsil o‘rganilgan tarixiy shaxs yo‘q".
Atoqli faylasuf Shebol bunday deydi: "Muhammad (alayhissalom)ning odam bolasi bo‘lgani butun insoniyatga katta faxrdir. Chunki, u zot ummiy (o‘qish-yozishni bilmagan) bo‘lsa-da, o‘n to‘rt asr avval shunday qonun va asoslarni keltirdiki, biz ovrupaliklar ikki ming sanadan keyin ularning qiymati va haqiqatini anglab yetsak, eng baxtli, eng saodatli nasllar bo‘lamiz".
Frantsiyaning taniqli olimlaridan Lamartinning mana bunday so‘zlari bor: "Agar kishining buyukligi uning qilgan ishlariga, qozongan zafarlariga, imkoniyati oz bo‘lsa-da, ko‘p ish qilganiga qarab baholanadigan bo‘lsa, Muhammad (alayhissalom) insonlarning eng buyugidir. U kishi ham payg‘ambar, ham notiq, ham da’vatchi, siyosatchi, jangchi, qalblar himoyachisi, g‘oyalar targ‘ibotchisi, imom (ya’ni, rahbar), davlat arbobi, yer yuzining yigirmata mintaqasida islomiy saltanat qura olgan... Muhammad (alayh-issalom) ana shunday zot edi! Unga hech qaysi buyuk inson tenglasha olmaydi! Nahotki, u o‘lchovlarga sig‘sa?!"
Frantsiyaning mashhur arbobi va sarkardasi Napoleon Bonapart u zotga bunday baho beradi: "Alloh taoloning birligi va borligini Muso (alayhissalom) millatiga, Iyso (alayhissalom) ummatiga, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) esa butun insoniyatga bildirdi".
Amerikalik tarixchi olim Mishel Hart bunday deydi: "Dunyodagi ta’siri eng kuchli shaxslar ro‘yxatining boshiga Muhammad (alayhissalom)ni yozib qo‘ysam, ehtimol, ayrim muxlislarim taajjubga tushishar? Boshqalar, ehtimol, buni o‘zgacha tushunishar? Nima bo‘lganida ham, u zot dunyoviy va diniy sohalardagi samarali ishlari bilan tarix sahnasidagi ana shu mo‘‘tabar maqomga munosibdir".
Oksford dorilfununi professori Vilyam Montgomeri: "Muhammad (alayhissalom)ning zafar-yutuqlari uning buyukligiga dalildir. Bunday maqom-martabaga erishgan boshqa shaxs G’arbda ma’lum emas. U zotni sehrgarlikda ayblash o‘z maqsadiga erisholmay, noiloj qolgan odamning chiranishidir". ("Hidoyat", 2006 yil, 3-son, 6 — 7-betlar.)
1974 yil 15 iyulgi "Taym" haftalik jurnalida har turli tarixchilar, yozuvchilar, harbiylar, tijoratchi-biznesmenlar va boshqa kasb vakillarining "Tarixning buyuk dohiylari" mavzuidagi muhokama maqolalari o‘rin olgan. Ba’zilar shunday shaxs deb Gitlerni, boshqalar Gandini, Buddani, Linkolnni va hokazolarni hisoblashgan. Shu bilan birga, amerikalik psixoanalitik, Chikago universitetining professori, yahudiy millatiga mansub Jyul Masserman masalaga aniq mezon-o‘lchovlar bilan yondashishni taklif etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sardorlar uchta vazifani bajarishlari kerak:
1) o‘zlari boshqargan xalqni tinch va farovon hayot bilan ta’minlagan bo‘lishi;
2) odamlar o‘zini xavf-xatarsiz, xotirjam sezadigan jamiyat qurgan bo‘lishi;
3) odamlarga iymon (ishonch) va e’tiqod yo‘lini taqdim qilishi.
Jyul Masserman mazkur uch mezon asosida tarixni o‘rganib chiqadi, Gitler, Paster, Sezar, Muso (alayhissalom), Konfutsiy va boshqa ko‘plarning baholarini belgiladi va oxir-oqibat quyidagi xulosaga keldi:
"Paster va Salk kabi dohiylar birinchi mezonga javob beradi. Gandi va Konfutsiy kabilar bir tomondan, Aleksandr Makedonskiy, Sezar va Gitlerlar esa, boshqa tomondan ikkinchi yoki uchinchi talablarni qondiradi.
Iyso (alayhissalom) bilan Budda esa, faqat uchinchi toifaga mansubdirlar.
Barcha zamonlarning eng buyuk dohiy-yo‘lboshchisi Muhammad (alayhissalom) bo‘lsa kerak, chunki u uchala mezon bo‘yicha ham barcha talablarga javob beradi.
Muso (alayhissalom) bu borada Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)dan bir qancha past darajada qolgan" (Ahmad Diydot, "Chto Bibliya govorit o Muxammade", 20 - 21-betlar.)
Ulamolar kishi qalbida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sevgisi bor-yo‘qligining belgisi sifatida quyidagi o‘lchovni qo‘llashgan:
1) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ziyoratlari muyassar bo‘lganida uni boy berish dunyodagi bor narsani boy berishdan og‘ir bo‘lishi;
2) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amrlariga itoat etib, man qilgan narsalaridan saqlanish;
3) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish va shariatlarini himoya qilish ("Hidoyat", 2005 yil, 2-son, 13-bet).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siy-ratlari — muborak hayotlari, u zot tavallud topganlari-dan boshlab, to Rabbilariga muloqot bo‘lgunlaricha tarjimai hollari ham "Sunnat" turkumiga kiradi. "Sunnat" so‘zi muhaddislar istilohida quyidagicha ta’rif qilinadi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma’lumotlar "Sunnat" deyiladi". (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Iymon" kitobi, 334 — 336-betlar.)