Normurod Norqobilov. G'animlar (qissa)  ( 27806 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Ansora  04 Fevral 2010, 21:35:08

U Oqsiynaning zaif, o‘ta zaif isini birdan tanidi. Toqatsizlanib, beixtiyor g‘ingshib yubordi. Biroq bu hid dimog‘iga qanday chalingan bo‘lsa, shunday tez yo‘qoldi. Bundan uning yuragi allanechuk gupurib ketdi. Sovuq havoni yutaqib hidladi. Zaif hid yana o‘zidan darak bergach, u Oqsiynaning manzilini aniqlashga harakat qildi. Qarshisidagi tog‘ tizmalariga, chog‘roq vodiyga, archazorlarga ilhaq tikildi.

Oqsiynani ko‘rishga oshiqarkan, uning hamrohi Yassibosh haqida o‘ylab ham ko‘rmadi. Darvoqe, havoda uning isi sezilmas, demak, Oqsiyna bu tomonga yolg‘iz yo‘l tortgan. Yoldor urg‘ochi bo‘rining so‘nggi uchrashuvdagi araz, nafrat va mehrga to‘la g‘alati qarashini eslarkan, kelbatiga yarashmagan bir ohangda angillab yubordi. Ichki hisga buysunib, o‘sha tomonga qanot chiqarib uchgisi keldi. Biroq buning sira iloji yo‘qligini tezda anglab, bazo‘r o‘zini bosdi.

U ikki o‘t o‘rtasida qolgandi. Oqsiynaga peshvoz yuray desa, bu yoqda g‘anim to‘da. G‘anim to‘daga qarshi boray desa, u yoqda Oqsiyna. Nazarida, u beri kelishga botinolmay, archalar orasida o‘zini intiq kutayotgandek edi. Oxiri, g‘anim to‘daga nisbatan nafrati Oqsiynaga bo‘lgan intilishidan ustun chiqdi. U shu yerda qolib, to‘dani kutishga ahd qildi, ham Oqsiynaning ko‘z o‘ngida bo‘ladi, ham ortiqcha harakatlardan qutuladi. Saldan so‘ng, Oqsiynani yo‘q-bor narsalardan qizg‘ana boshladi. Bu endi uning uchun yangi va notanish tuyg‘u edi. Neligini hali to‘la idrok etolmagan bo‘lsa-da, azobi qattiqligini sezdi. Bir joyda tik turolmay, archani aylandi, harsangga borib suykaldi. So‘ng yerbag‘irlab yotib, tumshug‘ini qorga tiqdi. Qor tagidan bir nima topganday, dahshatli tarzda irilladi. O‘ng panjasi bilan qulog‘ini timdaladi. Keyin o‘rnidan sapchib turib, sayxonlik bo‘ylab quturib yugurgisi keldi.

Ammo bunga ulgurmadi. Qiyalik boshida to‘satdan paydo bo‘lgan Sarvar uning ichki to‘lg‘onishlariga xalal berdi. Ovchini ko‘rgan Yoldor Oqsiynani unutdi. Qorga uzala tushib yotgan holida unga noxush tikilib qoldi. Negaki, o‘zi tomon allaqanday to‘da emas, haqiqiy xavf yaqinlashib kelmoqda edi. Undan faqat qochib qutulmoq mumkin. Biroq u qochmadi. Oraliq masofa uzoq, qochishga esa bemalol ulguradi.

Ana odam bolasi qiyalikning yarmini bosib o‘tdi. Hademay sayhonlikka yetadi. Yoldor noiloj ketmoqqa taraddudlanarkan, ovchining xato yo‘ldan kelayotganini sezib qoldi.

Yaroq tutgan odam u qoldirgan izdan yurmay, yo‘lni qisqartirish niyatida qiyalik bilan sayhonlik o‘rtasidagi do‘nglikni kesib kelardi. Do‘nglik chetida to‘plangan qor hamisha ko‘zni aldaydi. Yovvoyi jonivorlar bu xil xatarni tez anglaydi. Ammo odam bolasi bu xususiyatdan yiroq. Ana u xavfli nishablikka tobora yaqinlashmoqda. Quyida esa vodiyga tutash qiyalikning tepa qismida o‘raga o‘xshash katta chuqurlik og‘iz ochib turibdi. Tushgan jonning chiqishi juda qiyin.

Ketmoq o‘yida bo‘lgan Yoldor qayta joyiga cho‘kib, ovchining xatti-harakatlarini jiddiy va sinovchan kuzata boshladi. Va xuddi u kutgan hodisa yuz berdi. Qor ko‘chib, odam bolasi chinqirgancha o‘ra tomon sho‘ng‘ib ketdi.
Yoldor yotgan joyidan turib, bahuzur cho‘nqayib o‘tirib oldi. "Qopqon" —o‘raga tushgan odam bolasiga ortiq qayrilib ham qaramadi. Zero, usiz ham tashvishi yetib ortardi...

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:43:37

* * *

Sarvar chap oyog‘i singanini keyin, qor ostidan bir amallab chiqib olganidan so‘ng sezdi. A’zoning sinishi qiziq bo‘larkan, do‘mbiraday shishib, izmingga buysunmay qo‘yarkan.

Boshda, qattiq qo‘rqqan emasmi, es-hushini jamlashi qiyin kechdi. Keyin o‘ziga kelib, o‘rasimon keng chuqurlikda yotganini angladi. Qor zarralaridan oqargan devorlari xiyla baland, arqonsiz chiqishning iloji yo‘qligi aniq edi. U yotgan joydan Yoldor cho‘nqayib o‘tirgan sayhonlikning bir qismi va nuragan qoya ko‘zga tashlanib turardi.

 Yoldorga nigohi tushishi bilan u birdan miltig‘ini eslab qoldi. Ammo yarog‘i hech qaerda ko‘rinmas, chamasi qor tagida qolib ketgandi. U qaddini rostlashga urindi, chap oyog‘i bunga izn bermay, og‘riqdan ingrab yubordi. Yigit og‘riqdan ham ko‘ra, alamdan ko‘proq ingramoqda edi. Nega deganda, garovda yutqizgani endi kunday ravshan. Singan oyoq bilan bir ish qilib bo‘lmaganidan so‘ng, ne hasratda yig‘nagan qo‘ylarini Shoyim yo‘g‘onga qo‘shqo‘llab topshirishga majbur-da.
U qorni changallab ingradi, so‘kinib ingradi, tutaqib ingradi. Bu iztirobli holati ko‘zi bot Yoldorga tushmaguncha davom etdi. Haybatli tarzda cho‘nqayib turgan yirtqichga g‘azab-la boqarkan, birdan joni omonatligini payqab qoldi. Suruvni bir zumga unutdi. Qish-qirovli kunlarda bo‘rilarga yem bo‘lgan kishilar haqidagi hikoyalar esiga tushib, dahshatdan qaltirab ketdi. Bu yetmagandek, miltig‘ini ham yo‘qotib o‘tiribdi.

U yordam so‘rab baqirmoqchi bo‘ldi. Biroq kimsasiz bu tog‘u toshlarda baqirishdan biron naf yo‘qligini anglab, o‘zini tiydi. Ketiga siljib, toshdevorga suyanarkan, yonidan pichog‘ini chiqardi. Negadir, uning u yoq-bu yog‘iga qarab qo‘ydi. Tig‘ini ko‘zdan kechirdi. Harnechuk, pichoq ancha dalda bo‘ldi. Yoldorga, qorningni yoraman seni, deganday boqdi. Yoldorning esa u bilan ishi yo‘q, xuddi ov oldidan sheriklarini kutayotgandek, sharqiy-shimoliy tomonga tikilib qolgan, bir-ikki bosh burganni hisobga olmaganda, Sarvar tarafga qiya ham boqmayotgandi. Bundan Sarvarning ko‘ngliga kelgani shu bo‘ldi: "Bular meni galalashib yemoqchi!" Shunda o‘zi uchun qopqonga aylangan "o‘ra" devorlari juda past tuyuldi. Nigohi bilan yo‘qolgan yarog‘ini yana qidira boshladi. Bu ishda G‘uchchi pakanani aybdor deb bildi. Yo‘l oldidan har xil noxush gaplar qilmaganida, bu falokat yo‘q edi, deya uning yetti pushtini qoldirmay, bir-bir so‘kib chiqdi. Iloyim, xotinsiz o‘tgin, deb ich-ichidan yandi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:45:23

Sarvar o‘lgudek irimchi edi. Ovga jo‘narkan, ortiga qayrilib qaramas, ayolining kuzatishiga esa sira izn bermasdi. Ayol kishining "Vaqtliroq qayting", "Shu buguncha bormay qo‘ya qoling", "Havoning avzoyi yomon-ku" deganga o‘xshash gaplari ovchiga faqat omadsizlik keltiradi deb o‘ylardi. Shuning uchun ham ovga hamisha imi-jimida jo‘nab qolardi.

Bugun esa buning imkoniyati bo‘lmadi. Ishchan bir qiyofada ovga hozirlik ko‘rarkan, qo‘rada timirskilanib yurgan G‘uchchi pakana kutilmaganda qoshida paydo bo‘ldi.

— Aka, negadir ko‘nglim notinch, — dedi engil-boshiga ilashgan xas-xashaklarni qoqib-suqib. — Sizga hamroh bo‘lsammi deyman...

Sarvar g‘azabdan dodlab yuborayozgandi: "Miyang qursin sen eshakni! Befarosat maxluq! Ov oldidan ham shunday deydimi kishi! E, noxushlangan o‘sha ko‘nglingga ming la’nat! Xudo farosat ulashayotganda, qaysi go‘rda lallayib yurgan eding? Basharang qursin, ahmoq! Pakana!"

Ammo tilida butunlay boshqa so‘zlarni aytdi.
— Siz ishingizni qiling, ukam, — dedi har bir so‘zni tishlari orasidan sitib. — Ishdan qolmang. Axir qo‘ylarga kimdir qarashi kerak-ku.

— Ishni qip bo‘ldim, aka, — dedi G‘uchchi pakana uning tusi o‘zgarib ketganidan ajablanib. — Bu havoda suruvni tashqariga haydamagan ma’qul. Yemishini berdim, suvini berdim. Qo‘lim bo‘sh endi.

— Yaxshisi, siz uyda qoling. — Sarvar uni jerkib tashlashdan bazo‘r o‘zini tiydi. — Birga yurganimizni ko‘rsa, Shoyim yo‘g‘onga Xudo beradi. G‘irromlik qilayapsanlar deb boshimizni qotiradi so‘ng.

— Ukasining qorniga uning, gapiraveradi-da!
— U shunchaki gapirib qo‘ymaydi...

— Siz ketsangiz, uyda o‘tirishim qiyin bo‘ladi-da, aka. — G‘uchchi pakana jahllandi. — Tog‘ havosi bilan o‘ynashganlarning holi ne kechganini yaxshi bilaman. Tog‘ yomon, u bilan hazillashib bo‘lmaydi. O‘tgan yili ikkitasining jasadini qor tagidan mana shu qo‘llarim bilan o‘zim kavlab olganman. Tarashaday qotib qolishgan ekan. Bunday havoda baland-pastni biladigan odam bilan yurganingiz ma’qul deyman-da.

Sarvar uning basharasiga miltiq qo‘ndog‘i bilan tushirishdan zo‘r-bazo‘r tiyilsa-da, tilini tishlamoqqa o‘zida ortiq kuch topmadi. Og‘zidan ko‘pik sachratib baqirishga tushdi:

— Ov oldidan shu gaplarni aytishingiz shartmidi! Qanaqa odamsiz o‘zi, a?! Irimim bor deb, sizga yuz marta aytganman-ku axir! Odam deganam shunchalik pandavaqi bo‘ladimi. E-e, odam bo‘lmay o‘ling!

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:48:26

— Ko‘nglim notinchlansa ne qilay,— G‘uchchi pakana yosh boladay qunishib oldi. — Bizdan xato o‘tgan bo‘lsa, kechiring, aka.

— E, akalamay keting!

— Baribir ko‘nglim notinch, aka.
— Yana gapirasiz-a!

— Mana, gapirmadik, — G‘uchchi pakana arazlab qo‘ra tomon ketdi.

Sarvar yelkasini toshdevorga tirab, G‘uchchi pakanani changitib so‘kishda davom etarkan, o‘z navbatida, uni o‘zi bilan ergashtirib chiqmaganidan o‘kina boshladi. Bu yog‘iga nima qilarini bilmay boshi garang edi. Yoldorning shundoqqina qarshisida, miltiq o‘qi yetar-etmas masofada g‘o‘ddayib turishi esa alamini qo‘zg‘amoqda edi. Qiziq, u na qochdi, na bekindi. Nega qochmadi ekan? Ilgari sharpasini ilg‘ashi bilan juftagini rostlab qolardi-ku. Yo nochor ahvoldaligini, endi qo‘lidan biror ish kelmasligini fahmlab yetdimikan? Unda bu bo‘ri emas, ins-jinslarning birodari ekan-da. Turishini qara! Bekorga turmaganligi aniq, sheriklarini kutayapti u. Ammo osonlikcha jon beradigan ahmoq yo‘q! Ustimga sakrashi bilan qorniga pichoq tiqaman! Tiqib-tiqib olaman!

Sarvar qo‘lidagi pichoqni havoda sirmab, yo‘q g‘animiga zarba bergan bo‘ldi. Ammo Yoldorning nechun sukutdaligini, sherigi ko‘magiga muhtoj jonivor bu tarzda jim turmay, uvlab ovoz berishi lozimligi haqida o‘ylab ham ko‘rmadi. Haqiqiy ovchi emasligi, bu borada ham pand bermoqda edi. U jonivorlarning hayoti va fe’l-xo‘yi xususida deyarli hech narsa bilmasdi. Bilishgayam urinmasdi. Jonivorlarga o‘lja sifatidagina qarardi. Bu illatni marhum amaldor jo‘rasidan yuqtirgandi. Jo‘rasi chatoq edi, osmondagini otib, yerdagini qoqib, suvdagini tutib yeyman, derdi, bu ishda menga hech kim monelik qilolmaydi, deya chiranardi.
Ammo uning amaliyu vajohatidan zig‘ircha cho‘chimay, qarshilik qiluvchilar hamisha topilardi. Shulardan biri qishdayam dashtda o‘tov tikib o‘tiradigan Boybo‘ri chol edi. Cho‘lda ularning mashinasi ko‘rinishi bilan otlanib chiqardi. Yo‘llariga ko‘ndalang bo‘lishga tirishardi.

— Shu odamni hech tushunmayman, — derdi jo‘rasi, to‘xta, deya qamchi silkib kelayotgan cholni osongina chetlab o‘tarkan. — Dashtni toptab tashlading, jondor zotining urug‘ini quritding deya, tirg‘algani tirg‘algan. Cho‘l keng bo‘lsa, qanaqasiga biz uni toptashimiz mumkin, a?

Sarvar tevarakka loqayd boqarkan, o‘zlari qoldirgan son-sanoqsiz mashina izlarini ko‘rsa-da, o‘zini ko‘rmaslikka oladi. Og‘aynisining ko‘ngli uchungina qaysar cholni so‘kkan bo‘ladi. Sirasini aytganda, cho‘lda itday izg‘ish unga umuman yoqmaydi. U pistirmada yotib, ov qilishni xush ko‘radi. Ammo bu haqda jo‘rasiga churq etmaydi. Og‘aynisi esa uning aksi, kenglikda bamisoli bo‘ronday quturadi. Mashina g‘ildiraklari ostida toptalgan giyohlarga ichi achigan odamlar ustidan oshkora kuladi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:49:18

— Bugungi kuning naqd, ertangi kuning esa omonat, — deydi yolg‘iz qolishgach. — Anovi ahmoqlar esa allaqanday kelajakning tashvishini qilishadi. Ertani o‘ylang emish, zamin toptalmasin deb ota-bobolarimiz duch kelgan yerda emas, ma’lum joyda ko‘pkari chopganmish. G‘alati-g‘alati gaplarni topishadi-ya ular. Qaysi go‘rlardan kavlab topisharkan bunaqa gaplarni, a? Qo‘yib bersang, butun cho‘lga xo‘jayinlik qilishmoqchi bo‘lishadi.

U qanchalik osmondan kelmasin, qaysar choldan xiyol bo‘lsa-da hayiqadi. Buni bildirmaslikka tirishadi. Tirishgan sayin hadiklanishi battar seziladi. Bunday paytlarda Sarvar uni maqtashga tushadi.

— Bu dashtning xo‘jayini ular emas, siz, — deydi gulxanga o‘tin tashlab. — Buning bari ko‘rolmaslikdan.

— Shuni ayting.

— Agar sezgan bo‘lsangiz, ulardan yer isi keladi, sizdan esa hayotning hidi gurkuraydi, — Sarvar tiliga kelgan bu tashbehdan ruhlanib ketadi. — Sizdan hatto o‘lim qrqadi. Bu kelbatingiz bilan, ming yil desam yolg‘on bo‘lar, ikki yuz yil yashashingiz aniq.

— Ikki yuz yil ko‘p, zerikib o‘laman, — deydi jo‘rasi tutundan achishgan ko‘zlarini ishqalab, maqtovdan mamnun bo‘lganini yashirmagan holda. — Zerikmasligim uchun qariganimdayam ovni kanda qilmasligim kerak. Bizga yuz yiliyam yetib ortadi.

Sarvar uning kelbatiga havaslanib boqadi. Ikki yuz yil bo‘lmasa-da, yuz ellik yil yashashi aniq buning, deb o‘ylaydi. Ammo keyinchalik bu bashorati noto‘g‘ri chiqqanida, u dovdirab qoldi. Inson hayoti kiprikdagi ko‘z yoshiday omonatligini anglab yetganday bo‘ldi. Ajal deganlari odamzodning na kelbatidan hayiqarkan, na amalidan. Lozim topgan kuni jonini olib qo‘yarkan.

Mana endi ajalning sovuq panjasi uning yoqasida. U yo bo‘rilarga yem bo‘ladi, yo sovuqdan tarashaday qotadi. Darvoqe, sovuq halitdan o‘z zaptiga olmoqda. Bu yoqda oyog‘i azob bermoqda. U bo‘rini o‘ylabdi-yu, sovuqni xayoliga ham keltirmabdi. Axir tog‘da tungi sovuq bo‘ridan dahshatliroq-ku. Oyog‘i sinmaganida bir navi edi, "qopqon"dan chiqishga urinib ko‘rardi. Aytgancha, Yoldor bir uni deb shu o‘raga tusharmikan? U devorlarga sinchkov boqdi. Yo‘q, tusholmasa kerak. Yana kim biladi. Qorni ochgan yirtqichlar hech balodan tap tortmaydi deyishadi-ku.
U o‘zi sezmagan holda ingrab yubordi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:50:53

Yoldor uning ovozini eshitganday, yalt etib qaradi-yu, yana oldingi holatiga qaytdi. Nimanidir kutayotganligi butun vujudidan aniq sezilib turardi. Buni o‘zicha anglagan Sarvar bot ingradi.

O‘limga yuzma-yuz kelish naqadar noxushligini u ilk bor his qilmoqda edi. Shu paytgacha dashtda qanchadan-qancha jonivorlarning joniga zomin bo‘lmadi. Quvlab otdi, poylab otdi, suyunib-suyunib, kulib-kulib otdi. Ovning zavqini obdon totdi. Toqqa kelib ham tek turmadi, kasalman deb o‘tirmadi. Yaroq ko‘tarib o‘rga chiqdi, qirga chiqdi. Keyin itimning xuni deya, Yoldorning ketidan tushdi. So‘ng esa, uning joni evaziga qo‘liga tegishi mumkin bo‘lgan qo‘ylarni deya, tinim nima, bilmadi. Oxiri yetgan manzili shu — o‘rasimon keng chuqurlik uni o‘z bag‘riga oldi. Ingrashdan boshqasiga yaramay o‘tiribdi.

U yaralangan jonivorlarning mungli nigohlariga ko‘p bor duch kelgan. Ularning jon talvasasida to‘lg‘onishlarini ko‘p kuzatgan. So‘ng o‘zicha rahm qilib, pichog‘ini ishga solgan, gohida bir o‘q bilan tinchitgan. Bunday paytlarda jo‘rasi uni maqtardi. U esa maqtovdan masrur tortardi. Usta ovchilardek tevarakka mag‘rur boqardi. Shunda butun cho‘l yolg‘iz o‘ziga daxldordek tuyulardi.

— Bolasi, lekin semizgina ekan, — derdi keyin, bundan zo‘r kabob chiqadi, degan ohangda.

— Onasining qochib qutulgani chin bo‘lsin, — derdi jo‘rasi mamnun qah-qah otib. — Lekin keyingi safar albatta jonini sug‘urib olamiz.

Ular jon olmoqqa mohir, lekin o‘sha jonning azoblanishini, uvolini his etmoqqa ojiz edilar. Bu to‘g‘ridagi gap-so‘zlar do‘stlar uchun cho‘pchak tuyulardi. Cho‘pchagingizni boshqa birovlarga borib ayting, deyishardi Boybo‘ri cholga o‘xshaganlarga. Ammo qaysar chol sira bo‘sh kelmasdi, shoshmay turlaring, uvoli tutadi hali bularning, derdi tutoqib.

O‘rtada olov, havoda kabob hidi anqigan, narida esa vaysaqi otliq chol. Jo‘rasi ko‘pda parvo qilmasdi. Lekin Sarvarning ichi tor edi. Osmonga ketma-ket o‘q uzib, otliq cholni haydab solardi. So‘ng ortidan so‘kib-so‘kib qolardi.

Endi o‘ylab ko‘rsa, Boybo‘ri chol haqqa o‘xshaydi. Jo‘rasi erta o‘lim topdi. O‘zi esa kimsasiz tog‘u toshda ajalga ro‘paro‘ kelib o‘tiribdi. Boqishlari mungli, ko‘zlari yoshli... Uyda bolalari kutayapti, xotinining fikr-xayoli unda. Hashamatli imoratning chap qanoti hali bitmagan, kichik o‘g‘li hali sunnat qilinmagan. Kelasi bahorda to‘y qilmoqchi edi. Qo‘shnisi Ziyod kaldan o‘tkazib ziyofat bermoqchi edi. Nahotki, endi hammasi sabil qolsa?! Hayotining intihosi bu qadar ayanchli-so‘nggi qo‘nim topgan manzili mana shu o‘rasimon chuqurlik bo‘lsa!
U ich-ichidan xuruj qilib kelayotgan yig‘ini bosish uchun, tishlarini mahkam siqdi. Yig‘isi ingrashga qorishib, xunuk bir sas kasb etdi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:54:55

* * *

Yoldorning esa u bilan mutlaqo ishi yo‘q edi.
"O‘ra"dagi odam bolasi sichqondek beziyon, ahvoli o‘ta xarobligini ingrashidanoq sezgandi.

Odatda, ziyrak jonivorlar sasga qaraboq, holat va vaziyatni tez ilg‘aydilar. Shuning uchun ham ovloq joyda bo‘riga ro‘paro‘ kelgan tog‘liklar ovoz chiqarmaslikka urinadilar. Nega deganda, bo‘ri zoti ovozingdanoq kimliging va nimalarga qodirligingni tez fahmlaydi. Tabiiy, bu xususiyat Yoldorga ham begona emasdi. U chuqurlikdagi odam bolasining ingrashinigina emas, bir chaqirim naridagi archa novdasidan to‘kilgan qor sasiniyam sezib, bilib turardi.
Hozir uning butun diqqati shimoliy-sharqiy tomondan bostirib kelayotgan g‘anim to‘dada edi. Oshiqmayroq ilgarilayotgan galaning jirkanch hidini baralla tuymoqda edi. O‘z navbatida, qarshisidagi chog‘roq vodiy tarafdan Oqsiynaning daragini sezmoqda edi. Yoldor goh yo‘qolib, goh paydo bo‘layotgan bu hiddan Oqsiynaning nozini payqab turardi. Biroq u bezbetlarcha bosib kelayotgan to‘da bilan ora ochdi qilmay, Oqsiynaga peshvoz yurolmasdi. Bir gap bilan aytganda, hududi xavf ostida turganda, ko‘ngliga "yor" sig‘armidi.
U yuz berishi muqarrar bo‘lgan to‘qnashuvga jiddiy hozirlik ko‘ra boshladi.
Xavf juda uzoq kuttirmadi.

Tog‘da achchiq izg‘irin kuchaygan bir pallada sayhonlikning narigi boshidagi xarsang ortidan besh-olti chog‘li bo‘ri, oshiqmay, birin-ketin chiqib kedi. To‘dani Sariqto‘sh degan arloni bo‘ri boshqarardi. Sariqto‘sh u qadar jussador bo‘lmasa-da, tabiatan ancha chayir jonivor edi. Tezob va bir oz tajangligi xatti-harakatidan sezilib turardi.

Uning ko‘zi Yoldorga tushgach, xarsangdan beridagi tekis maydonchaga kelib cho‘nqaydi. Sheriklari uni tevaraklashdi.
To‘da kengasha boshladi.

Agar galada ona bo‘ri Oqmanglay bo‘lmaganida, kengash uzoqqa cho‘zilmasdi. Qiziqqonlik qilayotgan yosh bo‘rilarni Sariqto‘sh emas, Oqmanglay bosdi. Ko‘p balolarni boshidan kechirgan bu keksa yirtqich qarshisida qanday jonivor turganini yaxshi bilardi. U Yoldorda bir vaqtlar bu tog‘larda dahshat solib yashagan Oqtishning timsolini ko‘rgandi. Ammo buni boshqalarga uqtirish befoyda edi. Bo‘ri zoti o‘tmish bilan emas, buguni bilan yashaydi. Ko‘z oldidagi narsalar bilan hisoblashadi. O‘tmishda yashab o‘tgan alaqanday Oqtish bilan ularning necha pulik ishlari bor. G‘o‘ddaygan manovi ahmoqning boplab adabini berish kerak-da, yo‘llarida davom etishlari kerak, tamom-vassalom.

Keksa bo‘ri yana bir narsani his qilgandi. Butun vujudidan kuch yog‘ilib turgan Yoldor har qanday urg‘ochi bo‘ri orzulaydigan jonivor edi. O‘zidan sog‘lom zurriyot qoldirishni istagan ona bo‘rilar unga bee’tibor qarayolmasdi. Aslida vodiy tomondan yaqinlashayotgan Oqsiynaning dardi ham shu edi. Yassibosh o‘qqa uchib o‘lgandan so‘ng, ko‘nglida allaqachon tug‘ilgan maylni amalga oshirish uchun Yoldorni istab qolgandi. Faqat yaqin kelmoqqa yuragi chopmay, archalar orasida sandiroqlab, o‘zicha nozlanib yurardi. U Yoldor o‘zini birpasda topib olishini yaxshi bilardi. O‘shanda qorga yotib erkalanmoqchi, qochgan bo‘lib, kuydirmoqchi edi. Ammo u kutgan daqiqa cho‘zilgandan cho‘zilib, Yoldor joyidan qo‘zg‘olay demas, go‘yo qoya poyida muzlab qolgandek edi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:56:24

Keksa ona bo‘ri Oqmanglay esa Yoldorga moyillik istab emas, qandaydir ichki bir mehr bilan boqarkan, go‘zal va navqiron bu vujudga ziyon yetkazishlarini xohlamadi. Shu lahzada murakkab, sirli, qudratli bir sezgi ona bo‘ri yuragida to‘lqin ura boshlagandi. U Yoldordagi o‘ziga xoslikni onalik tuyg‘usi bilan ilg‘ashga ulgurgandi. Yoldor kabi jonivorlar tabiatning ehsoni hisoblanadi. Bo‘rilar naslining davomiyligini ta’minlaydigan zurriyotlar asosan mana shu xil jonivorlardan tarqaladi. Aks holda zot maydalashib, xashakilashib, bora-bora yo‘qlikka yuz tutishi mumkin. Qisqasi, sog‘lom va kuchli vujud mudom tebranishda bo‘lgan hayotiy muvozanatni bir maromda tutib turishga xizmat qiladi. Tabiat esa bu haqiqatni ilg‘ay bilish tuyg‘usini deyarli barcha ona bo‘rilar idroki va yuragiga joylagan va bu sezgi favqulodda hollardagina yuzaga qalqiydi. Biroq arloni bo‘rilar bu hisdan yiroq, qaytamga ular "zo‘r"ni tezroq gumdon etish payida bo‘lishadi yoxud unga bir umr bo‘ysinib yurishadi. Har holda arloni bo‘rilar o‘zidan zo‘rroqlarni unchalik yoqtirishmaydi. Imkon tug‘ilishi bilan qarshi chiqishga urinishadi. Shuning uchun ham ko‘p hollarda jang taqdirini urg‘ochi bo‘rilar hal etadi. Ortiqcha va zaruratsiz ziyonu shikastdan to‘dani omon saqlashga tirishadilar. Ayrim hollarda buning aksi ham bo‘ladi. Bu endi ona bo‘rining kayfiyati va farosati, shuningdek, to‘dada tutgan o‘rniga bog‘liq.

Keksa bo‘rining to‘dadagi mavqei havas qilarli darajada emasdi. Bo‘zbo‘ri nobud bo‘lganidan so‘ng parokandalik yuzaga kelib, to‘da ikkiga bo‘linib ketgan. Sariqto‘sh shu kichik to‘dani zo‘rg‘a boshqarardi. Yosh bo‘rilar buysunishni istamagani tufayli o‘rtada tez-tez nizo chiqib turardi. Sariqto‘sh tezob va anchagina farosatsiz edi. Aks holda bir vaqtlar Bo‘zbo‘ridek kuchli bo‘rini osongina yenggan raqibiga nisbatan ozgina andisha saqlagan, to‘qnashmaslikning chorasini qidirgan bo‘lardi. U esa tezroq Yoldorni bir yoqlik qilib, yo‘lda davom etishni o‘ylardi. Qolganlariyam shu istakda yonardi. Yoldorning viqorli xezlanib turishi ularning yomon g‘ashiga tegmoqda edi. Ayniqsa, ikkita yosh bo‘rining toqat qilishlari juda qiyin kechmoqda edi. To‘daboshini sustkashlikda ayblab, irillab-irilab qo‘yishmoqda edi.

Aslida to‘da Yoldor bilan to‘qnashgani emas, uzoq, juda uzoqdagi dashtni qoralab yo‘lga chiqishgandi. Ular bu hudud orqali O‘rtatoqqa yetish va so‘ng Quratog‘ yoqalab borib, Burgutqo‘nmas qoyasi biqinidagi tor so‘qmoqdan Yalangqirga o‘tib, adirlik oralab dashtga tushishni mo‘ljallashgandi. Dasht bo‘rilari bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan olishuvlarni hisobga olmasa, u tomonlarda kunlari yomon o‘tmaydi.
Agar to‘daning izmi Oqmanglayning ixtiyorida bo‘lmaganida, Yoldorning avzoyini ko‘riboq, iziga qaytgan, galani Uzundaraga boshlab, Cho‘ngtog‘ni qora tortardi. Bu yo‘nalish uzoq bo‘lsa-da, xavfsiz edi. Biroq uni tinglovchi yo‘q, yosh bo‘rilar qonli jang xumorida tipirchilashardi. Bir hamla bilan Yoldorni mahv etish ishtiyoqida yonishardi. Odatda, yo‘lda uchragan har qanday g‘ov mana shu tarzda tez bartaraf etiladi. Ortiqcha pachakalashib o‘tirilmaydi. Ularning nazarida, kengash juda uzoq cho‘zilganday edi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:57:07

Oqmanglay to‘dadagi ozgina mavqeidan foydalanib, so‘nggi chorani ishga soldi. Ularni raqibga qarshi yakkama-yakka jangga chorladi. Sariqto‘shning gardaniga suykalib, qor to‘zg‘itib ketma-ket irilladi, ya’ni, qo‘rqsalaring o‘zim maydonga tushaman, degan bo‘ldi. Turgan gap, yakkama-yakka jang hamisha to‘daboshining zimmasiga tushadi. Bundan u bo‘yin tovlayolmaydi. Aks holda to‘da unga ortiq buysunmay qo‘yadi.

To‘daning kuchiga ishonib, o‘zicha zamzama qilayotgan Sariqto‘sh qiyin ahvolda qoldi. Yolg‘iz o‘zining raqibga qarshi turishi ancha mushkulga o‘xshaydi. Vaqt yo‘qotmay, issig‘ida hujumga o‘tishi zarur edi. U boshlab berardi, sheriklari esa oxiriga yetkazardi. Ko‘pchilik baribir ko‘pchilik-da. U bu usuldan hamisha ustalik bilan foydalanib kelardi. Agar keksa ona bo‘ri ishni buzmaganida, bir hamladayoq Yoldorni yo‘ldan olib tashlashgan bo‘lardi. Endi qaltis bu vazifa yolg‘iz uning zimmasiga tushib turibdi. U bir zum taraddudlanib qoldi. Ammo uzoq hayallab ham bo‘lmasdi. U yosh hamrohlarining o‘tkir va sinovchan nigohlarini butun vujudida his etarkan, noiloj jangga hozirlik ko‘ra boshladi.

U xo‘jako‘rsinga jag‘larini keng ochib esnadi. Belini bukib uzoq kerishdi. Va so‘ng vahshatli irillab, asta raqibi sari yura boshladi. Qolgan sheriklari eran-qaran unga ergashdilar.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:57:40

* * *

Sarvarni uyqu elita boshladi. Yoqimli bu mudroq muzlash alomati ekanini u yaxshi bilardi. Agar vaqtida es-hushini yig‘ib olmasa, bu uyqu mangulikka aylanishi mumkin. Buning uchun esa harakat zarur.

U avval qo‘llarini qimirlatdi. So‘ng tanasini. Kesakka aylangan chap oyog‘ida kuchli og‘riq qo‘zg‘alib, u dodlab yubordi. Joni azoblansa-da, har holda uyqusi aridi. Lekin qachongacha? Peshonasida muzlab o‘lish bor ekan, qochib qayoqqa ham boradi? Bundan ko‘ra anovi la’natiga yem bo‘lgani afzal emasmidi! Yoldor esa uni yeyishdan or qilganday, hatto qayrilib qaray demasdi. Xuddi muzlab qolganday, qilt etmasdi.

E g‘o‘ddaymay o‘l!

Aslida ular allaqachon bir-birlariga ko‘nikib bo‘lishgandi. Yoldor uchun u yo‘qdek, Sarvar ham unga ortiq g‘anim ko‘zi bilan qaramay qo‘ygandi. Boshdagi xayollar uni endi taajjubga solmoqda edi. Shu paytgacha u bo‘ri deganda yirtqich va tajovuzkor maxluqni ko‘z oldiga keltirardi. Uning irillab chuqur atrofini aylanishini va payt poylab, ustiga sakrashini kutgan edi. Axir u o‘z oyog‘i bilan "qopqon"ga tushgandi-da. Qopqondagi jonivorni inson birpasda saranjom qilganidek, u Yoldordan ham shuni kutgandi. Yoldor esa loaqal joyidan jilishni lozim topmadi. Vahimada qolgan Sarvar, sheriklarini kutayapti, degan o‘yga borgandi. Biroq hanuz sheriklaridan darak yo‘q, turibdi yolg‘iz o‘zi qo‘qqayib.

Nimani kutayapti o‘zi bu?
Biroq bu savolga javob topishga uning aqli ojizlik qilardi.

Qayd etilgan