O’zimizdan uzoqlashmaylik yoki hissizlik buhronidagi inson...  ( 4877 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


Robiya  15 Iyun 2009, 16:23:19

     Bugun inson shoshyapti. Lekin hech narsaga ulgurolmayapti. Sababi — vaqt ziq. Vaqt yo’q. Taraqqiyotning halokatli ummonidan joni halak. Yeladi, yuguradi. Tong otadi — kun botadi. Lahzada umrning bir kuni ketadi. Sivilizatsiya go’yoki insonning og’irini yengil, uzog’ini yaqin qilayotganday. Ha, sivilizatsiya uzoqni yaqinimizga olib keldi — dunyoning narigi burchi ham biz odamlarga bir qadam bo’lib qoldi"¦ Nega unda biz hech narsa, ko’p narsa qilishga ulgurolmayapmiz? Vaqt qisqarmoqdami? Kun qisqarmoqdami? Taraqqiyot nahotki vaqtimiz qisqarishi evaziga tantana qilmoqda? Taraqqiyot vaqtimizni yemirib boryaptimi? Dunyo kashfiyotlari vaqtni tobora qisqartirish evaziga sodir bo’lyaptimikin? Nahotki nimadir yo’qolishi evaziga nimadir paydo bo’lsa?

Qo’chqor Norqobilning shu ma’noda yozilgan maqolalarini o’qib qoldim. Uni forum a’zolari bilan baham ko’rgim keldi"¦

Qayd etilgan


Robiya  15 Iyun 2009, 16:24:07

Biz nimani yo’qotyapmiz? Oddiygina odamgarchilikni yo’qotyapmiz! Ko’ngil xotirjamligini, qalb oromini, diydor zavqini yo’qotyapmiz. Mehr rishtalari mustahkam kunlar ming chaqirim yo’lga otlanganmiz. Yaqinlarimiz ruxsorini ko’rish, keksalarimiz duosini olishga oshiqqanmiz, hamma — hammasiga, to’y — ta’ziyaga ulgurganmiz. Bugunchi bugun? Qishloqdami — shahardami, cho’ldami — sahrodami qayerda bo’lmaylik sivilizatsiya olisni oyog’imiz ostiga olib kelib tashladi — mana, qo’l telefoni bor, onamizga qo’ng’iroq qilamiz, singlimizga sms jo’natamiz, opamizga internet orqali xat yo’llaymiz, ha shunday, olisning muammosi qolmadi. Biroq, shunday bo’lsa-da, nega vaqtimiz yetmayapti, o’ylayapsizmi, nega botinimizda allaqanday rishtalar uzilib borayotganga o’xshaydi? Axir biz yaqinlarimizning yoniq nigohiga ko’z tikib yuzma — yuz so’zlashish, ularning diydoriga to’yishdan ko’ra, yemirilayotgan vaqtimiz kasriga sivilizatsiya matohlariga tobora bog’lanib qolmayapmizmi? Sivilizatsiya vaqtimizni qo’shib o’zimizni ham yemirib bormayaptimikin?

   Odamga xos bo’lgan aziz tuyg’ular va hissiyotlarga chang soluvchi har qanday kashfiyot odamga sirtdan nechog’li xizmat qilmasin u baribir odamning dushmaniga aylanib qoladi. Bugun, ertaga, indin, qachon bo’lmasin odamni tamaddun (sibilizatsiya) mahsuli — internet ham, boshqa o’ta zamonaviy qurilmalar ham, hatto manovi qo’l telefonlari ham qutqarib qololmaydi — odamni odamga bo’lgan mehr, insonlar orasidagi samimiy iliq munosabatlar asrab qoladi. Agar yer yuzida kashf etilgan, maqsad — iddaosi insoniyatga zug’um va tahlika tug’dirib, ona sayyoramizning qoq yuragiga qaratilgan qurol — yarog’larni ham inobatga oladigan bo’lsak, XXI asr tamadduni allaqachon insoniyat izmiga bo’ysunmay qo’yganligini his qilamiz. Zaminni "œporox bochka"si ustiga o’tqazishga uringan sivilizatsiyaning sovuq kashfiyotlariga mukkasidan ketganlar emas, Leonardo da Vinchining bitta suvratiyu, Navoiyning "œXamsa"sini qarshi qo’yayotgan, qalbida yoniq tuyg’ular olovi o’chmagan insoniyat bu hayotni davom ettirishiga ishonaman.

   Insoniyat qalbi, ruhiyati kengliklari, tuyg’u va hissiyotlari inson bilimining mahsuli bo’lgan nimarsa (matoh)larga, sivilizatsiya unsurlariga hech qachon ko’chib o’tmaydi. Biroq, bu kashfiyotlar bizni o’z izmiga bo’ysundirib, o’z komiga ohanrabo yanglig’ tortib olarkan, XXI asrni kashfiyotlar asri deb emas, insoniyatning yo’qotish asri, insonning insoniylikdan uzoqlashish asri deb tushunaman. To’g’ri, bugun hamma narsa bor,"¦biroq vaqt yo’q"¦ Vaqtimizni sivilizatsiya yo’rig’iga moslashish uchun sarflayapmiz.

Qayd etilgan


Robiya  15 Iyun 2009, 16:25:06

Balki Siz sivilizatsiyani hozirgi globallashuv jarayoni — dunyoning yaxlitlashuvi mezoni deb o’ylarsiz. Fikringizga qo’shilaman. Bani — bashar baxt — iqboli, tinchlik — osoyishtalik, ezgulik yo’lidagi globallashuv uchun xayrixohmiz. Biroq hind xalqining sevimli farzandi Mahatma Gandi aytgani kabi tashqaridan sof havo, quyosh nuri kirsin deb uyimiz deraza — eshiklarini ochib qo’ysak, ichkariga o’rlab uymizi tomini uchirib, bizni xonavayron qilib ketadigan bo’ron yanglig’ to’s — to’polonli globallashuvning tarafdori emasmiz, aslo. Umuman olganda axloq, ma’naviyat va madaniyat bir xalq yoki millatga tegishli o’zlik tushunchasiga soya tashlaydigan jihatni globallashuv deb bo’lmaydi. Shuningdek, millatimizga xos ulug’ fazilat va mentalitet o’zga tasnifdagi madaniyat, ma’naviyat, o’zgacha urf — odat va g’ayri qarashlar chatishib ketmaydi ham. Bunga aslo yo’l qo’yib bo’lmaydi. Globallashuv hech qachon bir joydan bir joyga g’oya tashlamasligi kerak. O’zimiz qiyadigan to’nni birovga qarab, o’zgacha o’lchab bichganimiz ma’qul emas. Sivilizatsiya biznnig xonadonlarimizga yot mafkura urug’larini tashlab ketayotganini hammamiz ham anglab yetyapmizmi?

   Sivilizatsiya farzandimiz, nevaramiz — chevaramiz ongiga o’zgacha qarashlarni singdirayotganini fahmlayapmizmi? Yo’q. Chunki bu to’s — to’polonli asrda, globallashuv bo’roni ostida bu haqda o’ylash, mushohada qilib ko’rishga bizning vaqtimiz yo’q. Vaqtimiz ziq. Yuqorida aytganimiz kabi davr shiddati bizni vaqt charxpalagida chirpirak qilmoqda. Shunday ekan, bugun o’g’lingiz yo nabirangiz mening dadam yoki bobom sarkarda Jumong kabi zo’r desa parvo qilmaysiz. G’ururimiz qo’zg’almaydi. Shiddat, "œvaqtsizlik shiddati" Sizni karaxt qilib bormoqda.

   Nega endi Jumong kabi zo’r, bo’larkan, nega endi sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur Mirzo va hokazo qancha jasur bobolarimiz kabi zo’r bo’lmas ekan. Nima balo, o’g’lingiz yo nabirangizning qon — qondoshimi Jumong? G’oya tarqatuvchi sivilizatsiya o’g’lingiz yo nabirangizni o’z domiga tortib, TV qarshisiga mixlab qo’ydi. Bu Sizga alam qilmaydimi? O’g’lingiz yo nabirangizning vaqtini nima o’g’irladi, nima yemirdi? O’g’lingiz yo nabirangiz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur Mirzo bilan faxrlanmayapti, balki ularni bilmas ham, bu Sizga, bu bizga fojia bo’lib tuyulmayaptimi? Yo’q. Bu haqda o’ylashga vaqtingiz yo’q"¦ Vaqtingiz ziq! Qizingiz Tangemdan ulgu oladi. Tangem madaniyati, Tangem ma’naviyati uning ruhiyatida ildiz otmoqda. Nega? O’ylab ko’rganmisiz? Yo’q, vaqtingiz yo’q! Vaqtingiz ziq! O’g’lingiz yo nabirangiz "œQashqirlar makoni"dagi Po’lat Alemdarga havas qiladi. Murg’ak qalbiga mardlik va jasorat zo’ravonlikda degan fikr singyapti. Sezyapsizmi, g’oya tashigan sivilizatsiya nima qilyapti? Yo’q, o’ylab ko’rishga vaqtimiz yo’q. Vaqtimiz ziq. Nahotki o’z kelajagimizni millatparvar etib tarbiya qila olish, ular shuuriga millat tuyg’usini singdirish darajasiga yetmagan bo’lsak. Tafakkurni charog’on etish "œeskirmoqdami?" Bu borada bong uraverib matbuot holdan toydi. Sivilizatsiya qalb xohishi, tafakkurga soya tashlay boshladi. Biz millatni, odamiylikni ushlab turadigan ildizlarimiz zahm otishiga beparvo bo’lyapmiz.

Qayd etilgan


Robiya  15 Iyun 2009, 16:26:06

Kitob o’qish eskirmoqdami? Shu yo’lda sarflanmagan umr umrmi?

   Ha, beparvomiz. Chunki parvo qilishga arzimaydi, deb qo’l siltaymiz. Sababi, o’ylab ko’rishga vaqtimiz yo’q. Dunyoning qaysi bir burchagida bo’layotgan anjumanga, foydasi tegib — tegmaydigan yig’inga borishga vaqt topamiz. Bu dunyoda borligimizni bildirib qo’ygimiz keladi. Lekin mahallamizdagi betob Qulmat akani ko’rishga vaqt qayda? Allaqaysi davlatdagi anjumanga bir kun oldin yetib boramiz, bandalikni bajo keltirgan qishloqdoshimiz rahmatli Qumri xolaning fotihasiga borishga vaqt topolmaymiz. Vaqt qayda? Yo’l uzoq. O’g’il yo nabiradan yana o’sha telefon orqali hol so’rab qo’yishdan iymanmaymiz. Shu darajagacha borib yetyapmiz"¦

   Sezmayapmiz, shovqin asri, hissizlik buhroni ko’nglimizni mahv etyapti. Bu vaqtsizlik, vaqt yetishmaslik shovqini! Fransiyaning Strasburg shahrida bo’lib o’tgan dunyo shoirlari anjumanida farang shoirasi nolib qoldi: "œAsrimiz shiddatli. Vaqtimiz esa ziq. Biz hech narsaga ulgurmayapmiz"¦" Qozoq shoiri, "œAdashgan taraqqiyot" dostoni muallifi mashhur Muxtor Shoxonov miyig’ida kulib ohista shunday javob qaytardi: "œVaqt yugurmayapti. Faqat insoniyatning ko’ngli osoyish va xotirjam emas, ko’ngil xotirjamligi yetishmayapti insoniyatga"¦" Xonim taajjublandi: "œBu nima deganingiz?" Muxtor og’a muddaoga ko’chdi: "œDunyo alahsirayapti. Shuning uchun odamiyat ko’ngli sarosimaga tushib qoldi. Masalan, qo’lingizdagi qadahni ichib tugatsangiz kayfiyatingiz tetiklashadi. Ikkinchisi behuzur qiladi. Uchinchisi esa alahsitadi. Dunyo ham xuddi shunday. Keragidan ortiqcha, insonning yurak zarbiga qarshi, hissiyotlariga qarshi ortiqcha kashfiyotlar komida alahsib yotibdi. Shunday ekan, o’zini o’nglashga qiynalayotgan odamzot vaqtni qanday qilib o’z izmiga bo’ysundira olsin, odamzotning qayerdan ham bo’sha vaqti bo’lsin"¦" Xonim angrayib qoldi. Sharqona, kerak bo’lsa, faylasufona javob uni esankiratib qo’ydi.

Qayd etilgan


Robiya  15 Iyun 2009, 16:26:21

"œInsonni yengib bo’lmaydi" deydi ulug’ adib Ernst Xeminguey. Mening nazarimda insonni yengsa bo’ladi. Insonni yengish uchun uni o’zidan uzoqlashtirish kifoya. O’zidan uzoqlashgan osongina o’zgaga bo’ysunadi. Bugungi tamaddun bizga dunyoni yaqin qilib qo’ydi. Dunyo yaqinlashgani sayin esa biz o’zimizdan uzoqlashib borayotgandaymiz. Olislashayotgan o’zlikni qaytarishga vaqtimiz yetarmikin? Nahotki shunchalar vaqtimiz ziq bo’lsa?!


Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  16 Sentyabr 2009, 15:07:41

ARMONNING ARMONLI HIKOYaSI


Kuzda paxta terimi sabab mashinalar qatnovi kamayadi. Viloyat markaziga borish uchun kirakash mashinaga o‘tirdim. Maqsadim tezroq manzilga yetish edi. Ammo aksiga olib shaharga yetmasdan qishloqlardan birida mashina to‘xtab qoldi. Ortimizdan yetib kelgan mashinada uchta bo‘sh o‘rin bor ekan, menga notanish bo‘lgan uch hamrohim o‘sha mashinaga chiqishdi.
— Endi uka, buning «kasali» og‘ir ko‘rinadi. Texnika-da, siz ham manzilingizga kechikmang. Hozir mashinalar kam. Yaxshisi, siz anovi bekatga borib kuting, qishloqdan chiqqan birorta mashina uchrab qolar, — deya yuz metrlar naridagi qishloq bekatini ko‘rsatdi haydovchi.
U kishining aytganini qilib, bekatga bordim. Toshdan qad rostlagan qishloq bekatida bir erkak ham o‘tirardi. Biror ulov kelib qolgunicha o‘zimga suhbatdosh topilganidan xursand bo‘ldim.
— Assalomu alaykum aka, — salom berdim notanish kishiga.
— Salom, — qisqa javob berdi u.
Unga yaxshilab razm soldim. Yoshi 50 lar atrofida, sochlariga oq oralagan, yuzida ajin. Judayam g‘amgin, qizargan ko‘zlari uning yig‘laganidan darak berib turardi. Shunday erkakning yig‘lashiga nima sabab bo‘ldi ekan, qiziqishim ortdi. Uning ko‘nglidan kechayotganlarini bilish maqsadida sekin gap boshladim.
— Aka, shu qishloqdanmisiz?
— Ha, qachonlardir shu qishloqlik edim.
— Dam olish kunlari qarindoshlardan xabar olgani kelibsiz-da?
— Yo‘q, qarindoshlarnikiga borishga yuzim chidamaydi. Bu yerga har yakshanba qabristonga kelaman. Shu yerda qachonlardir qadriga yetmagan mehribon insonlarim mangu uyquda. Uka, hammasini bir boshdan gapirib beray, zora yengil tortsam. Bo‘lmasa, yuragim kuyib ketayapti.
Onam o‘qituvchi, dadam haydovchi edi. Har tong otam yuk mashinasida ishga otlanar, men onam bilan maktabga borardim. O’shanda 2-sinfda o‘qirdim. Bir kuni onam bizga dars berayotganida sinf eshigi taqilladi. Onam borib eshikni ochdi, tashqarida qo‘shnimiz turardi. «Kelin, o‘zingizni qo‘lga oling, akamizdan ajrab qoldik» degan so‘zlari hamon qulog‘imda qolib ketgan. Onam uvvos tortib yig‘lar, qo‘shnimiz yupatishga urinardi. Nima bo‘lganiga aqlim yetmay, men ham onamga qo‘shilib yig‘lay boshladim. Onam qo‘limdan yetaklagancha, goh qoqilib, goh sirpanib uyimiz tomon chopib borardik. Uyimizning oldiga yetganda boshida do‘ppi, chopon kiyib, belbog‘ bog‘lagan qo‘shnilar, qarindoshlar hovlimizga yig‘ilganini ko‘rdim. Shu payt bir yengil mashina uyimizning oldiga kelib to‘xtadi. Mashinadan otamni tushira boshlashdi. Otamni odamlar uyga ko‘tarib olib kirib ketishdi. Onam mening qo‘limni qo‘yib yuborib, dodlaganicha o‘zini otam tomon otdi. Ammalarim ham yig‘lashar, hovlimiz yig‘i ovoziga to‘lib ketgandi. Ancha vaqtdan so‘ng odamlar zambilga o‘xshash narsaga oqqa o‘ralgan nimanidir ortib jo‘nashdi. Yig‘i ovozi yanada kuchaydi. Behush onamni ammalarim suyagancha uyga olib kirib ketishdi. Tog‘am meni ko‘tarib, boyagi zambilni yelkalariga qo‘yib ketayotgan odamlar ortidan ergashdi. Bir tepalikka yetib, uyum-uyum tuproqlar oralab, yangi qazilgan chuqur atrofiga keldik. Odamlar oqqa o‘ralgan narsani chuqurga tushirishdi. Shunda kimdir «Yolg‘iz o‘g‘li ham tuproq tashlasin» dedi. Tog‘am jajji qo‘llarimga bir siqim tuproq soldi. O’sha tepalikda yana bitta yangi uyum tuproq paydo bo‘ldi. Nimalar bo‘layotganiga aqlim yetmasdi. O’sha voqeadan keyin hamma narsa o‘zgarib ketdi. Endi otam mashinasida uyga kelmas, onam chiroyli ko‘ylaklarini kiymay, faqat qora libosda yurar, men esa maktabga yolg‘iz borardim. Onam kechalari yig‘lab, «Sen mening himoyachimsan» deb boshimni silardi. Otamni sog‘inib yig‘lasam «Otang olis safarga ketgan» deya menga qo‘shilib yig‘lardi. Bolaligimdagi o‘sha manzaralar xotiramda muhrlanib qolgan.
Vaqt degani ortiga bir soniyaga ham boqmas, oldinga shitob bilan qadam bosar ekan. Men ham ulg‘ayib borardim. Onam bilan qabristonga tez-tez borib turardik. Uyum tuproqning bir chekkasida, silliq toshda dadamning surati turardi. Ulg‘aygach, bu yer qabristonligini, shu yerda olisga ketgan otam borligini tushunib yetdim. Onam esa bu yerga tez-tez kelib turishni, shunda otamning ruhi shod bo‘lishini ongimga singdirib borardi. Men katta bo‘lgunimcha onam sho‘rlik ne azoblarni tortmadi. Menga ham ota, ham ona bo‘lib, eldan kam qilmay o‘stirdi. Mening ertamni o‘ylab, o‘z ertasini barbod qildi. Boshqa turmush qurmay yosh umrini xazon qildi. Otasiz o‘ssam-da, o‘qituvchi onam shunday tarbiya berib voyaga yetkazdiki, menga butun qishloq havas qilardi. Maktabni a’lo bahoga bitirdim. Hamma sinfdoshlar shaharga o‘qishga otlanishdi. Meni onajonimni yolg‘iz tashlab ketgim kelmasdi. «O’g‘lim, sen albatta o‘qishing, katta odam bo‘lishing kerak, shunda otangning ruhi shod bo‘ladi» deya meni hol-jonimga qo‘ymasdi. Onajonimning orzulari sarob bo‘lmasin, deb o‘qishga otlandim. O’z bilimim bilan tibbiyot institutiga o‘qishga kirdim. Boshida onamni, qishloqni juda sog‘inar, har haftada uyga borib turardim. Onamning quvonchlari cheksiz. Asta-sekin shahar hayotiga ko‘nika boshladim. Ayni damda kursimizdagi eng lobar qiz Go‘zalga nisbatan qalbimda qandaydir hissiyotlar uyg‘ona boshlagandi. Go‘zal ham men kabi otasining yolg‘iz dilbandi ekan. Uning otasi shahardagi kazo-kazolardan biri bo‘lib, istagan joyiga qo‘li yetardi. Qishloqdan bo‘lsa-da, kelishgan, chiroyli yigitga Go‘zal ham befarq emasdi. Biz bir-birimizga ko‘ngil qo‘ydik. Muhabbat ko‘zimni ko‘r qildimi, Go‘zalga bog‘langanim sari o‘zim uchun qadrdon inson — onamdan uzoqlashib borardim. 4-kursda ta’til davrida uyga bordim. O’sha kuni onam hamma qarindoshlarimni uyga to‘pladi. Ko‘riladigan masala meni uylantirish edi. Hamma o‘z fikrini bildirdi, kelinlikka nomzodlar aytildi. Navbat menga kelganda sevgilim borligini aytdim. Ertasiga onam va ammam sovchilikka ketishdi. Men esa Go‘zal bilan bir umr birga bo‘lishdan baxtiyor edim. Onam sovchilikdan ma’yus bo‘lib qaytdi. Go‘zalning dadasi rozi bo‘lmagan deya yuragim shig‘ etib ketdi.
— Ish bitdimi? — sekin so‘radim onamdan.
— Ha bolam, qizning ham senda ko‘ngli bor ekan, ota-onasi rozi bo‘lishdi. Ammo... — onam gapini tugatmasdan yig‘lab yubordi.
— Nima bo‘ldi?
— U qiz oilada yolg‘iz ekan, kim unga uylansa o‘sha xonadonga ichkuyov bo‘larkan. Sen ham yolg‘iz o‘g‘lim bo‘lsang, ketsang, men nima qilaman? Mayli, sen nima desang shu, baxtli bo‘lsang bo‘lgani, — deya ko‘z yoshlarini artdi onam.
Xullas, o‘sha yili Go‘zal bilan to‘yimiz bo‘ldi. Qishloqda bir oygina yashab, onamni yolg‘iz tashlab, shaharga — qaynotamnikiga ko‘chib ketdik. Yillar o‘tib, institutni tamomladim va qaynotamning ko‘magi bilan shahar kasalxonalaridan biriga vrach bo‘lib ishga joylashdim. Bu orada ikki o‘g‘illi bo‘ldik. Oilada Go‘zalning aytgani aytgan edi. Men ham uning yo‘rig‘iga yurib kalondimog‘ bo‘lib qolgandim. Qishloqqa olti oyda bir borsam borardim-u, ortga qaytardim. Mehri daryo onam esa mehrimga to‘ymay qolaverardi.
Shu zaylda vaqt o‘tib, men nomdor jarrohga aylandim. Nomdor bo‘lgach esa albatta puldor bemorlarni davolashga harakat qilardim. Bir kuni kasalxonaga ko‘zga ko‘ringan boyvachchaning o‘g‘lini olib kelishdi. Zudlik bilan operatsiya qilish zarur edi. Demak, qo‘limga tushadigan pul ham naqd. Shu payt meni tashqarida so‘rashayotganini aytishdi. Qarasam, qishloqdagi qo‘shnimiz. Xushlamaygina salomlashdim. U onamning og‘irlashib qolganini, meni bir bor ko‘rishga intiqligini aytish uchun kelgan ekan. Shu topda ko‘zlarimga boyagi bemordan unadigan jaraq-jaraq pullar ko‘rindi. «Kechga boraman» deb qo‘shnimizni jo‘natib yubordim. Operatsiya yaxshi o‘tdi, ancha pulga ega bo‘ldim-u, bilmasdimki, u tomonda mehribonimdan bir umrga ayrilib qolayotganimni.
Ertalab mashinamda qishloqqa yo‘l oldim. Hovlimizga yaqinlashar ekanman, har galgidek meni quchoq ochib onam emas, yig‘i-sig‘i qilayotgan qishloq hali kutib oldi. Ammam kelib do‘ppi, chopon kiygizdi, belbog‘ bog‘ladi. Meni onam yotgan uyga olib kirishdi. Onam so‘nggi nafasigacha mening diydorimga zor bo‘lib, tong otarda joni uzilgan ekan. Yuzlarida sog‘inch hislari qotib qolgan edi. Diydor bir umrga qiyomatga qolgan edi. Onamni qabristonga qo‘yib keldik, ko‘zimdan bir tomchi ham yosh chiqmadi. Hamqishloqlar menga nafrat bilan qarashdi, men ularni hasad qilishyapti deb o‘yladim. Onam tirikligida bir hovuchgina mehrimni ayagandim, ma’rakalarini dabdaba bilan o‘tkazdim. Qirqi ham o‘tgach, bolaligim o‘tgan uyni ammamga hadya qilib, qishloqqa qaytib bormadim.
Bir kuni kasalxonada navbatchi edim. Bemor olib kelishdi, munisgina qizaloq. Uni zudlik bilan operatsiya qilish kerak edi. Qizaloq otasiz ekan, yolg‘iz onasi mendan bolasini saqlab qolishimni yig‘lab iltimos qilardi. Meni esa quruq iltimosdan ko‘ra uning beradigan pullari qiziqtirardi. Vaqtida ko‘rsatilmagan yordam tufayli qizaloq dunyodan o‘tdi. Mening nafsim qurboniga aylandi. Ona sho‘rlik esa «Mening yolg‘iz suyanchig‘im shu edi, yolg‘iz boshim bilan o‘stirgan edim, endi bu dunyoda yolg‘iz qoldim» deya nola qilardi. Bu so‘zlarni eshitib, ko‘z oldimda onamning siymosi gavdalandi. Axir u ham meni yolg‘iz o‘stirib, alaloqibat o‘zi yolg‘iz qolgan edi-ku. Onam o‘lganlarida ko‘zlarimdan chiqmagan yosh shu topda yuzlarimni yuvdi. Dunyoga to‘lmagan qizaloqning ko‘zlari esa «Siz mening qotilimsiz» deya ochiq turardi. O’shanda qalbimda nimadir g‘alayon qilayotganini payqadim. Bu mening shuncha vaqtdan buyon g‘aflatda yotgan vijdonim edi. Vijdon oldida qiynalishdan ko‘ra, qonun oldida javob berishni afzal bildim. Qaynotamning, xotinimning qarshiligiga qaramay bor aybni bo‘ynimga oldim. Agar xohlaganimda meni hech kim aybdor qilolmas, yana qancha bechoralarning umriga zomin bo‘lardim. Xotinim va bolalarimni qaynotamga qoldirdim. O’zim esa ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum etildim.
Yillar o‘tib, jazo muddatim tugadi. Oilam davrasiga shoshildim. Yo‘lda borayapman-u, diydor onlarini tasavvur qilib, o‘z-o‘zimga sig‘mayman. Qaynotamning, o‘zimning ichkuyovlik uyim darvozasini taqillatdim. Darvozani begona erkak ochib, kim kerakligini surishtirdi. Men o‘zimni tanishtirdim. U esa ichkariga taklif ham qilmay, xotinini chaqirdi. Darvoza tomon odimlayotgan ayol Go‘zal edi. Men hayron bo‘lib qoldim. U menga bor voqeani aytib berdi. Men qamalgach, qaynotam bu olamdan ko‘z yumibdi. Go‘zal esa yosh umrini xazon qilishni istamay, yana bir ichkuyovni o‘ziga er qilib olibdi. Yonimda turgan makkoradan nafratlanib ketdim. Axir onam ham beva qolganlarida Go‘zaldan yosh edi, lekin bir umr otamga sadoqat bilan o‘tgandi. Bu esa men tirik bo‘la turib, arzimagan bir necha yilga kuta olmabdi. Sho‘rlik onamning bir umrlik mehrini bir bevafoning bir lahzalik sadoqatiga almashibman. O’g‘illarim ham mendan voz kechishdi. Bu ko‘rguliklarni xudoning menga jazosi deb qabul qildim. Go‘zal bilan qonuniy ajrashdim. Boradigan joyim yo‘q, qishloqqa borishga yuzim chidamaydi. Bir tanishimnikida vaqtincha yashab, mardikorchilik qildim. Oldingi ishimni endi qilolmasdim, negaki, o‘sha qizaloqning ochiq ko‘zlari bir umr ko‘z oldimda muhrlanib qolgandi.
Tirikligida rozi qilolmagan onamning ruhini shod qilay, deb qishloqqa qabrlarini ziyorat qilgani bordim. Ishonsangiz, qorovul yordamida onamning qabrini topdim. O’shanda tosh qo‘yish ham yodimga kelmagan ekan. Balki tosh qo‘yganimda onam mendan norozi bo‘larmidi, u vaqtlarda halol pul topmasdim. Endi ota-onamning qabrlariga tez-tez kelib turayapman. Mardikorchilikdan topgan pulimga onamning qabriga tosh qo‘ydirdim. Bilaman, onam mendan ikki dunyoda ham norozi bo‘lmaydi, u kishining bag‘ri juda ham keng edi. Ammo mehribon onamning ruhi oldida bir umr kechirim so‘rab o‘taman.
Bu insonning o‘tmishini tinglab, xayolga toldim. Shu payt kirakash mashina kelib qoldi. Mashina tomon yo‘nalar ekanman, beixtiyor:
— Aka, ismingiz nima? — deb so‘radim.
— Ismim Armon, — dedi u.

Jasur ALIBOYeV.


Qayd etilgan