Abdurahmon Ra'fat al-Bosho. Sodiq sahobalar qissasi  ( 105651 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 B


Mahdiyah  22 Dekabr 2009, 20:45:52

Badr kuni Abu Ubaydaning dushmanlar safini parokanda etishlikda ko’rsatgan jangovar mahorati mushriklar qalbiga g’ulg’ula soldi. U xuddi o’limni pisand qilmayotganday jangning eng qonli tus olgan nuqtalarida hozir bo’lar, quraysh suvoriylari esa, unga yuzma-yuz kelishdan o’zlarini olib qochardilar...
Ammo ular orasida bir kishi Abu Ubaydani yakkama-yakka olishuvga chorlab, bot-bot oldidan kesib chiqar, Abu Ubayda esa har safar unga yo’liqqanida otining jilovini chetga burardi. Haligi odam xira pashshaday Abu Ubaydani ta’qib qilishdan charchamas, u bo’lsa yakkama-yakka jangdan chetlanishini qo’ymasdi. Nihoyat, taqib qiluvchi niyatiga yetdi. Abu Ubaydaning ro’parasiga ko’ndalang turib olib, Allohning dushmanlariga qarshi jihod qilishdan yo’lini to’sib qo’ydi. So’qishdan o’zga iloj topolmagan mujohid qilichining bir zarbi bilan raqibining kallasini qoq ikkiga bo’lib tashladi.
"O’ziga o’zi o’lim tilab olgan kishi kim bo’ldi ekan?" deb boshingizni qotirib o’tirmang, ey muhtaram o’quvchi. Avval boshdayoq bu imtihonni inson bolasi tasavvur qilishdan ojiz deb aytmaganmidim?! Тixirligi boshiga yetgan kishi Abdulloh ibn al-Jarroh, Abu Ubaydaning otasi bo’lsa nima deysiz?!

Qayd etilgan


Mahdiyah  22 Dekabr 2009, 20:48:04

Abu Ubayda otasini qatl qilgani yo’q, balki otasining shaxsidagi shirkni o’ldirdi. Shu bois Alloh subhonahu va taolo ota-bola o’rtasidagi mojaro haqida quyidagi oyatni nozil qildi:
"Allohga va qiyomat kuniga iymon keltiradigan qavmning Alloh va Uning payg’ambari chizgan chiziqdan chiqqan kimsalar bilan - garchi ular o’zlarining otalari yoki o’g’illari, yoki og’a-inilari, yoki qarindosh-urug’lari bo’lsalar-da — do’stlashayotganlarini topmassiz. Ana o’shalarning dillariga (Alloh) iymonni bitib qo’ygandir va ularni O’z tomonidan bo’lgan Ruh — Qur’on bilan quvvatlantirgandir. U zot ularni ostidan daryolar oqib turadigan, ular mangu qoladigan jannatlarga kiritur. Alloh ulardan rozi bo’ldi va ular ham (Allohdan — U zot bergan ajr-kukofotlardan) rozi bo’ldilar. Ana o’shalar Allohning xizbidirlar. Ogoh bo’lingizkim, albatta Allohning xizbi (bo’lgan zotlargina) najot topguvchidirlar!" ("Mujoda" surasi, 22-oyat).

Qayd etilgan


Mahdiyah  29 Dekabr 2009, 14:58:34

Abu Ubaydani bu og’ir imtihondan yorug’ yuz bilan o’tishi, aytarli, ajablanarli hol emas edi. Uning Allohga bo’lgan iymoni shu qadar baquvvat, o’zi dinga shunchalik sodiq va Muhammad alayhissalom ummati o’rtasida shu darajada ishonchga sazovor, omonatga vafodor ediki, hatto Alloh taoloning nazdida buyuk maqomga ega bo’lgan zotlar ham unga havas qilishardi.
Muhammad ibn Ja’far hikoya qiladi:
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga nasroniylar guruhi kelib:
- Yo Abul Qosim, biz o’rtamizdagi molni taqsimlay olmay, bir-birimiz bilan salkam jiqqamusht bo’layozdik. Siz, musulmonlar, to’g’riso’z, omonatdor odamlarsiz. Shuning uchun biz bilan o’zingiz ishongan odamni yuborsangiz, u bizga mollarimizni adolat bilan taqsimlab bersa, - deb iltimos qilishdi.
- Ertaga kelinglar, men siz bilan eng ishonchli odamimni yuboraman, - dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam.
Davomini Umar ibn Хattobdan eshiting:
- Ertasi kuni peshin namozini o’qishga masjidga keldim. Хudo haqqi, men umrim bino bo’lib, bironta masalada qozilik qilishni istamagandim, lekin o’sha kuni "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ishonchli kishisi" nomini olish uchun bu vazifani menga topshirilishini ich-ichimdan xohladim...
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga peshinni o’qib bergach, orqalariga o’girildilar. Ko’zlari bilan odamlar orasidan kimnidir izlay boshladilar. Men umid bilan bo’ynimni cho’zib qarab turardim. Rasulullohning nigohlari Abu Ubaydaga tushib, uni chaqirdilar. So’ng:
Mehmonlar bilan borib, ular kelisha olmayotgan masalani adolat bilan hal qilib ber, - deb tayinladilar.
Men "Uloqni Abu Ubayda ilib ketdi", deb qo’ydim.

Qayd etilgan


Mahdiyah  29 Dekabr 2009, 14:59:19

Abu Ubayda faqat omonatdor bo’libgina qolmay, jismonan ham nihoyatda baquvvat edi. Uning jismoniy quvvati bir necha musulmonlarga qo’l kelgan edi.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahoblaridan bir guruhini Quraysh qabilasiga tegishli karvonni qo’lga kiritish uchun yubordilar. Guruhga Abu Ubaydani amir qilib sayladilar va askarlarning ozuqasi uchun bir qop xurmo berdilar, Ochig’ini aytganda, o’sha paytda boshqa taomning o’zi ham yo’q edi. Abu Ubayda butun safar mobaynida kuniga har bir kishiga bittadan xurmo berib turar, ular esa kun bo’yi xurmoni shimib, ustidan suv ichib yurishardi. Bir kecha-kunduzlik tamaddi shundangina iborat edi va bu ashoblarga kifoya qilardi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  29 Dekabr 2009, 15:00:11

Musulmonlar qo’shini chekinib, vaqtinchalik muvaffaqiyatdan hovliqib ketgan bir zo’ravon mushrik:
Qani Muhammad? Menga Muhammadni ko’rsatib qo’yinglar, - deb tomoq yirtib qichqirgan Uhud jangini eslang.
Shunday qaltis holatda ham Abu Ubayda joyidan jilmagandi. 'Тo’qqiz nafar birodari bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni himoya qilish uchun mushriklarning nayzalariga ko’kragini qalqon qilgandi. Lekin bu ehtiyot choralari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni aziyatlardan asrab qololmadi. U zotning muborak qoziq tishlari sinib, peshonalari yorildi. Egnilaridagi titilib ketgan sovutning ikki simi lunjlariga kirib, chuqur botdi. Abu. Bakr Siddiq endi simlarni sug’urib tashlamoqchi bo’lganida Abu Ubayda:
Azbaroyi xudo, bu ishni menga qo’yib bering, - deb iltimos qiddi.
U qo’lini ishga solsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning jonlari og’rishidan cho’chib, sovutning simini mahkam tishlab tortdi. Sim sug’urildi, lekin jon-jahdi bilan tishlash natijasida Abu Ubaydaning kurak tishi sinib ketdi. So’ng u ikkinchi kurak tishini qurbon qilish badaliga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlaridan ikkinchi simni ham sug’urib tashladi.
Abu Bakr bu voqeani eslaganida "Abu Ubayda kurak tishi yo’q kishlnlarning eng chiroylisidir", deb qo’yardi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  29 Dekabr 2009, 15:04:51

Abu Ubayda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qatnashgan janglarning hammasida ishtirok etdi. So’nggi lahzalargacha Payg’ambar alayhissalomning eng yaqin mulozimlaridan bo’lib qoldi.
Saqifa kuni (Abu Bakr Siddiq xalifa etib saylangan kun) Umar ibn Хattob:
- Qo’lingni ber, men senga bay’at qilaman, chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam "Har bir ummatning o’z ishonchli kishisi bo’ladi, bu ummatning eng ishonchli kishisi sensan" degandilar, - deb Abu Ubaydaga xalifalik lavozimini taklif qilganda, u:
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozda imom bo’lishlikka buyurgan va to payg’ambarimiz vafot etgunlariga qadar imomgarchilik qilgan bir odam turgan joyda menga xalifalikka yo’l bo’lsin, - deb kamtarlik qilgandi.
Shundan keyin Abu Bakr Siddiqqa itoat izhor etilib, bayat qilindi. Abu Ubayda haq yo’l uzra uning xolis nasihatgo’yi, xayrli ishlarida yelkadosh yordamchisi bo’ldi. Abu Bakr xalifalikni o’zidan so’ng Umar al-Foruqqa vasiyat qilib ketdi. Abu Ubayda hazrati Umarga ham itoatda bo’ldi, sira o’zboshimchalik qilmadi. Тo’g’ri, bir marta u xalifaming buyrug’iga bo’ysunmadi.
Abu Ubayda musulmonlar amiriga itoat etishdan bosh tortgan farmon nima haqida edi?
Voqea Shom diyoriga yuborilgan Abu Ubayda ibn al-Jarroh sarkardaligi ostidagi musulmonlarning zafar yor qo’shini ketma-ket g’alabaga erishib, shomiy shaharlarni hammasini fath etib, sharqdan Frot daryosi yoqasiga, shimoldan Kichik Osiyo chegarasiga yetib kelgan paytda ro’y berdi. Shu vaqtda Shom bo’ylab dahshatli vabo tarqalib, kuniga minglab odamlarning yostig’ini qurita boshladi. Bu mudhish xabar hazrati Umarning qulog’iga chalinishi bilan Abu Ubaydaga quyidagi mazmunda maktub yo’lladi:
- "Biz mushkul ahvolga tushib qoldik. O’zing kelib yordam bermasang bo’lmaydi. Miktubim senga tunda yetib borsa, tong otishini kutib o’tirmay, yo’lga tush. Agar kunduzi yetib borsa, shu zaxoti oyog’ingni qo’lingga olib, shamolday yel".
Abu Ubayda xatni o’qib chiqib:
- Halifaning menda qanday ishi borligini sezib turibman. U bir insonning ajalini kechiktirishga behuda urinyapti, - dedi.
So’ng qo’liga qalam olib, javob xatini yozdi:
- "Amirul mo’minin janoblari, meni nima maqsadda chaqirtirganingizni his etib turibman. Men musulmonlar qo’shinining bir askariman. Ularning boshiga ne kun tushsa, mening ham taqdirim o’shadir. Boshga tushganni ko’z ko’radi. Alloh peshonamga yozib qo’ygan ish sodir bo’lguncha, lashkardan ajralmayman. Sizdan o’tinib so’rayman, avvalgi buyrug’ingizni bekor qilib, meni shu yerda qolishimga ijozat bersangiz".
Maktubni o’qigan hazrati Umarning ko’zlari jiqqa yoshga to’ldi. Buni ko’rib atrofdagilar xavotir ichra:
- Abu Ubayda halok bo’libdimi? -  deb so’rashdi.
- Yo’q, - dedi xalifa, - lekin u o’lim bilan yuzma-yuz turibdi.
Amirul mo’minnining gumoni to’g’ri chiqdi — mudhish vabo Abu Ubaydani ham o’z domiga tortdi. O’limi yaqinlashganini sezgan sarkarda qo’shinni to’plab, ularga qarata dedi:
- Vasiyatimni tinglang, birodarlar. Aytganlarimni qabul qilsangiz, o’zingizga yaxshi. Namozni doimo ado etib boring, Ramazon ro’zasini tuting, haqdorlarga zakotu sadaqasini bering, haj va umra qiling, bir-biringizni haqqa, yaxshilikka chorlang, rahbarlaringizdan samimiy maslahatingizni ayamang, sizlarni o’tkinchi dunyo aldab qo’ymasin. Chunki inson ming yil umr ko’rsa ham hozir meni changalida tutib turgan o’likdan qochib qutulolmaydi... Sizlarga Allohning salomi va rahmati bo’lsin.

So’ng Muoz ibn Jabalga yuzlandi:
- Ey Muoz, odamlarga imom bo’lib, namoz o’qib bering.
Namozga buyurishlik Abu Ubaydaning so’ngi so’zlari bo’ldi.
Janoza namozidan keyin Muoz to’planganlarga va’z qildi:
Musulmonlar, siz bir birodaringizdan judo bo’ldingiz. Хudo haqqi, men sofdillikda, yomonlikdan yiroq yurishda, oxiratga muhabbatda va musulmonlarga yordam berishda uning oldiga tushadigan kishini ko’rganimni eslay olmayman. Marhumning haqqiga duo qiling, ey Allohning rahmatiga sazovor bo’lgurlar!


Qayd etilgan


Mahdiyah  30 Dekabr 2009, 06:02:53

ABDULLOH ibn MAS’UD

Kimki Qur’onni huddi nozil
bo’lganiday qilib o’qishni istasa
Ummu Abd o’g’lidan o’rgansin.

Muhammad Rasululaoh


O’sha kezlarda u balog’at yoshiga ham yetmagan yigitcha edi. Makka vodiylarida quraysh zodagonlaridan biri Uqba ibn Muaytga tegishli qo’ylarni boqib yurardi. Odamlar uni "Ummu Abd o’g’li" deb chaqirishardi. Asl ismi esa Abdulloh bo’lib, Mas’udning o’g’li edi.

Qavmdoshlaridan biri payg’ambarlikni da’vo qilayotgani to’g’risidagi xabar Abdullohning ham qulog’iga chalingan, biroq u, bir tarafdan, yosh bolaligi uchun, boshqa tarafdan, Makka muhitidan yiroqligi sabab bu gaplarga unchalik ahamiyat bermagandi. U tong yorishar-yorishmas qo’ylarni haydab ketib, obdon qorong’u tushib bo’lgachgina qaytib kelishga odatlangandi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  30 Dekabr 2009, 06:04:12

Bir kuni qo’y boqib yurgan Abdulloh uzoqdan uning tarafiga qarab kelayotgan ikkita odamni ko’rdi. Ular yaqinlashishdi. Har ikkisi qattiq charchagan, azbaroyi tashnalikdan lablari quruqshab qolgandi. Yo’lovchilar Abdullohning oldida to’xtab, salom berishdi va:
Ey bola, biz nihoyatda chanqadik, qo’ylaringdan birini sog’ib bersang-chi, - deb iltimos qilishdi.
Cho’pon bola ko’nmadi.
- Yo’q, - dedi u, - men bunday qilolmayman. Bu qo’ylar meniki emas, birovning omonati...
Тaajjubki, sut talab qilganlar rad javobini eshitib, xuddi iltimoslari qondirilganday bolaga rozilik nazari bilan boqishdi. Bittalari:
- Menga hali qochmagan bironta qo’zini ko’rsatgin, - dedi.
Abdulloh shundoqqina yonida o’tlayotgan qo’zichoqqa ishora qildi. Haligi odam qo’zini tutib oldi-da, Allohning ismini zikr qilib, yelinini ohista silay boshladi. Yigitcha xayrat ichida o’zicha "Qachondan buyon qochmagan qo’zichoqlar sut beradigan bo’lib qoldi", deb o’yladi, ammo shu yerda mo’’jiza yuz berdi! Qo’zining yelini astalik bilan shishdi. Keyin undan quyuq sut oqa boshladi. Chetda turgan kishi yerdan chuqurchoqli toshni oldi. Unga sut to’ldirib, o’zi ham, sherigi ham ichdilar. Abdulloh ular uzatgan sutni qo’liga olar ekan, hanuz ko’zlariga ishonmasdi...
Uchchovlari obdon sutga qongach, mo’’jizakor kishi "Aslingga qayt", dedi. Yelin kichrayib, asl holiga qaytdi. Shunda Abdulloh bu odam oddiy inson emasligini tushundi. Yurak yutib:
- Boyagi aytgan so’zingizni menga ham o’rgatib qo’ying, - dedi.
U kishi:
- Albatta o’rgataman, - deb javob berdi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  30 Dekabr 2009, 06:05:11

Yuqoridagi hodisa Abdulloh ibn Mas’udning islom bilan birinchi uchrashuvi edi. Chunki ilohiy mo’’jiza sohibi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o’zginasi, hamrohlari esa sodiq sahoba Siddiq roziallohu anhu bo’lib, ular Quraysh tomonidan yetkazilayotgan to’xtovsiz ozorlardan qisqa muddat bo’lsa-da, tin olib, bemalolroq ibodat qilish uchun Makka daralariga xilvatroq joy qidirib chiqishgandi.
Хuddi Abdullohda ikki hamrohga nisbatan muhabbat uyg’onganiday, ular ham cho’pon bolani yoqtirib qolishdi. Undagi omonatni, qatiylikni ko’rib, olijanob yigitchaga yo’liqishganini bilishdi.
Ko’p o’tmay Abdulloh islomga kirdi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bironta vazifaga tayinlashlarini iltimos qildi. Nabiy alayhissalom uni xos xizmatlariga qo’ydilar. Shu kundan e’tiboran sobiq cho’pon bola butun xalqlar va ummatlar sayyidining sodiq xodimiga aylandi. U Payg’ambar alayhissalomning yonlaridan aslo jilmadi. Shaharda ham, safarda ham, uyda ham, ko’chada ham doimiy hamrohlari bo’ldi. Uxlasalar qo’riqlar, g’usl qilsalar to’sib turar, tashqariga chiqmoqchi bo’lsalar poyafzallarini kiydirar, ichkariga kirishni istasalar oyoq kiyimlarini yechib qo’yar, yonlarida hassa va misvoklarini ko’tarib yurar, hujralariga kirib ketsalar eshiklarining tagida turardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga xohlagan paytida hech xijolat chekmasdan huzurlariga kirishga ruxsat bergandilar. Ayrim sirlaridan voqif ham qilardilar. Shuning uchun unga "Rasululloh sirlarining sohibi", deya murojaat etishardi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  30 Dekabr 2009, 06:07:48

Abdulloh ibn Mas’ud Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xonadonlarida o’sib-ulg’aydi. U kishidan ta’sirlandi, o’rnak oldi, har bir xislatlarida ergashdi. Abdulloh haqida ko’plar "Хulq-atvor jihatidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga eng o’xshash inson", deyishadi.
Ibn Mas’ud Payg’ambar alayhissalominig madrasalarida ta’lim oldi. Sahobalar ichidagi eng kuchli qorilardan, oyatlar mazmunini to’liq biladigan tafsirchilardan, shariat ilmining donishmandlaridan bo’lib yetishdi. So’zimizga dalil qilib bir hikoyani keltiramiz.
Umar bnn Хattob haj mavsumida Arafot tog’ida turardi. Uning yoniga bir kishi kelib:
- Ey amirul mo’minin, men Ko’fadan, keldim. Bizning shahrimizda Qur’onni yoddan aytib, sahifalarga yozdiradigan bir kishi bor, - dedi. Хalifa nihoyatda qattiq g’azablandi. Хatodan xoli bo’lmagan xotirasiga ishonib, imlo qilish jarayonida ayrim Qur’oniy kalimalarni tushirib qoldirib yoinki begona so’zlarini qo’shib yuborib, Allohning kitobi xususida ixtilof va shubhalar tug’dirishi mumkin bo’lgan kishining ta’zirini berib qo’yish maqsadida:
- Kim ekan u sho’ring qurg’ur? - deb so’radi,
- Abdulloh ibn Mas’ud, - dedi haligi kishi.
Хazrati Umar javobni eshitishi bilan olovga suv sepilganday g’azabdan tushdi. So’ng:
- Ha, shunday demaysanmi? Хudo haqqi, Yer yuzida Qur’onni imlo qilib yozdirishga ibn Masuddan ko’ra loyiqroq odam borligini bilmayman. Men senga bir voqeani aytib beray, eshit,- dedi va qissasini boshladi:
- Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Bakr bilan musulmonlar hayoti xususida maslahatlashib o’tirgandilar. Men ham ularning suhbatida ishtirok etayotgandim. Vaqt allamahalga borganda biz hujradan chiqdik. Qarasak, masjidning bir burchagida kimdir namoz o’qiyapti. Тun qorong’usida kimligini darrov aniqlay olmadik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uch-to’rt qadam yurib to’xtadilar. Haligi odamning qiroatiga birpas quloq tutib turgach, bizga qarab:
- Kimki Qur’onni xuddi nozil bo’lganiday qilib o’qishni istasa, Ummu Abd o’g’lining qiroati bo’yicha o’qisin, - dedilar.
Abdulloh namozini tugatib, qo’lini duoga ochdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
- So’ra, Alloh so’raganingni beradi. Duo qil, duoing qabul, - deb turdilar.
Men ertaga albatta Abdullohning oldiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning duosiga "Omin" deb turganlarini aytib, suyunchilashni ko’nglimga tugib qo’ydim. Тong otgach, kechagi gaplarni egasiga yetkazish uchun jo’nadim, biroq Abu Bakr epchillik qilib, bor voqeani ipidan ignasigacha aytib bulgandi.
Хudo haqqi, qachon men Abu Bakr bilan biron-bir yaxshilik yo’lida musobaqalashsam, albatta, u g’olib chiqardi.

Qayd etilgan