JANNATLARNING BIR-BIRIDAN AFZALLIGI BORMI?
Alloh taolo aytadi:
"Parvardigori (huzurida) turishdan (ya’ni, Parvardigori oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir" (Rahmon, 46). So‘ngra: "U ikki (jannatdan) quyiroqda yana ikki jannat bordir" (Rahmon, 62), dedi.
Abdulloh ibn Abbos "Parvardigori (huzurida) turishdan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir", oyati haqida: "Farzlarni (Allohning buyruq va qaytariqlarini) ado qilganlar uchun ikki jannat bo‘ladi", deganlar. Ba’zi mufassirlar: "Allohdan qo‘rqqan har bir banda uchun ikkitadan jannat bor", desa, ba’zilari: "Hamma Allohdan qo‘rqqan bandalar uchun ikki jannat bor", deydilar.
Allohdan qo‘rqqan har bir banda uchun ikkitadan jannat bor, degan so‘z kuchliroq.
Muhammad ibn Ali Termiziy aytadi: "Jannatning biri Allohdan qo‘rqqani va buyruqlarini bajargani, ikkinchisi qaytariqlaridan qaytgani uchun".
Albatta, Alloh har bir jonni amali ustida kuzatib turuvchi zotdir.
Mujohid va Naxa’iy Alloh huzurida turishdan qo‘rqqan inson haqida deydilar: "U shunday kishiki, bir gunoh ishni qilmoqchi bo‘ladi, yodiga Alloh tushadi, shu zahoti Allohdan qo‘rqib, u ishni tark etadi".
Ikki jannat haqida ham turli fikrlar mavjud. Abdulloh ibn Abbos Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: "Ikki jannat — jannat kengli-gidagi ikki bog‘-bo‘ston. Har bir bo‘stonning kengligi yuz yillik masofadir. Har bir bo‘stonning o‘rtasida ustma-ust nur yog‘ilib turadigan hovli bor, undagi har bir narsa ne’mat va ko‘kalamzordan iborat. Uning turishi abadiy va daraxtlari o‘suvchidir" (Buni Haraviy va Sa’labiylar Abu Hurayradan ham rivoyat qilishgan).
Ba’zilar: "Ikki jannatning biri qasrlarning quyi qismi, ikkinchisi yuqorisi"; deydilar.
Muqotil: "U ikki jannat "jannatun-na’im"dir", degan. "U ikki (jannatdan) quyiroqda yana ikki jannat bordir", oyati xususida ham turli fikrlar bildirilgan. Ibn Abbos aytadilar: "Avvalgi ikki jannatdan darajasi pastroq yana ikki jannat bor. Bu jannatlar Allohdan qo‘rqqan bandalar uchun. Avvalgi ikki jannatda xurmo va mevali daraxtlar o‘sadi. Keyingi ikki jannatda esa ekinzor va nabototlar, yoyilib to‘shalgan narsalar bor".
Mavridiy: "Ehtimol, quyiroqdagi ikki jannat — jannat egalaridan martabasi pastroq bo‘lgan mangu yosh xizmatkor bolalar uchundir. Shunda erkak va ayol xizmatchilar alohida bo‘ladilar", deydi.
Ibn Jurayj: "Yuqoridagi ikki jannat peshqadam, muqarrab bandalar uchun, u yerda har bir mevadan ikki nav bor va ostlaridan buloqlar oqib turadi. Quyidagi ikki jannat o‘ng tomon egalari uchun, u yerda meva, xurmo, anorlar va otilib turuvchi buloqlar bor", deydi.
Ibn Zayd aytadi: "Yuqoridagi ikki jannat oltindan bo‘lib, muqarrab bandalar uchun, quyidagi ikki jannat kumushdan bo‘lib, o‘ng tomon egalari uchun". Said ibn Jubayr ham Abdulloh ibn Abbosdan shunga o‘xshash fikrni rivoyat qilgan, Abu Muso Ash’ariy ham shu fikrda. Alloh taolo bu to‘rt jannatni sifatlagach, ular o‘rtasidagi farqqa ham ishora qilgan. Avvalgi ikkisi haqida:
"U ikkisida ikki oqar chashma bordir" (Rahmon, 50) degan; keyingi ikkisi haqida:
"U ikkisida tinmay otilib turuvchi ikki chashma bordir" (Rahmon, 66), deydi. Otilish oqib turishdan pastroqdir. Yana avvalgisi haqida:
"U ikkisida barcha mevadan ikki nav bordir" (Rahmon, 52), deydi, ya’ni, biz bilgan va bilmagan yoki ho‘l va quruq. Buni Alloh umumiy tarzda aytdi, xoslagani yo‘q. Ikkinchisi haqida:
"U ikkisida meva, xurmo va anorlar bordir" (Rahmon, 68), degan. "Barcha mevadan" deb umumiy qilmasdan, xoslab aytdi. Yana avvalgi ikkisi haqida aytadi:
"(Ahli jannat) astarlari shoyidan bo‘lgan ko‘rpachalar ustida yastangan hollarida (o‘ltirurlar)" (Rahmon, 54). Ikkinchisi haqida: "
(Jannat ahli u jannatlarda) yashil bolishlar va go‘zal gilamlar ustida yastangan hollarida (o‘ltirurlar)" (Rahmon, 76), deydi. Aniqki, ipak-shoyi ko‘rpachalar gilamdan yaxshiroq.
Avvalgi ikkisidagi hurlar haqida:
"Ular go‘yoki yoqut va marjondirlar" (Rahmon, 58), deb; ikkinchisidagi hurlar haqida:
"U (jannat)larda xushhulq va go‘zal yuzli (ayol)lar bordir" (Rahmon, 70), deydi. Har qanday go‘zallik yoqut va marjonning go‘zalligi kabi emas. Avvalgi ikkisi haqida:
"(U ikki jannat son-sanoqsiz) shox-novdalar egasidirlar (ya’ni, sermeva va soya-salqindirlar)" (Rahmon, 48), deydi. Pastdagi ikki jannat haqida:
"(Ular sersuv va seryaproqlikdan) qoramtirdirlar" (Rahmon, 64), deb aytadi.
Bu izohlar, avvalgi ikki jannatning darajasi yuqori, degan insonlarning nisbiy qarashlari. Aslida pastdagi jannat ham ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan ne’matlarga ega. Balki Alloh taolo zikr qilmagan farqlari yana ham ko‘prokdir.
"Nima uchun avvalgi ikki jannat egalarining sifatlari keltirildi-yu keyingi ikkitasiniki keltirilmadi?" deyilsa, "Jannatlarning umumiy soni to‘rtta, Allohdan qo‘rquvchi insonlarning darajalari ham har xil. Avvalgi ikkisi ko‘proq qo‘rquvchi taqvodorlarga, keyingi ikkisi ulardan pastroq darajadagi insonlarga", deb javob qilinadi.
Aslida bu gaplar ham mufassirlarning fikrlari, lekin bu yerda boshqa bir fikr ham bor, u "keyin zikr qilingan ikki jannat avvalgi zikr qilingan ikki jannatdan oliy va afzal", degan fikrdir. Zahhok ham shuni ma’qullagan. Chunki avvalgi ikki jannat oltin va kumushdan, keyingi ikki jannat yoqut va zumraddandir.
"U ikki jannatdan quyiroqda yana ikki jannat bor", oyatiga kelsak, "quyiroqda" so‘zi arab tilida "duun" kalimasi bilan ifodalangan. Bu so‘z "oldida, yaqinida, old tarafida", degan ma’nolarni ham beradi. Xuddi shu ma’noni Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy ixtiyor qilib, "Navodirul usul" kitobida aytadi: "U ikki jannatning old tarafida arshga yaqinroqda yana ikki jannat bor".
Muqotil: "Avvalgi ikki jannat "Adn" va "Na’im" jannatlari, keyingi ikkitasi "Firdavs" va "Ma’vo" jannatlari", degan. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: "Agar so‘rsangiz, Firdavs jannatini so‘rangiz..." degan hadislari dalolat qiladi. Bu haqda hali so‘z keladi, inshaalloh.
Keyingi ikki jannatni avvalgi ikkitasidan afzalroq, deb tushungan mufassir ulamolar, jumladan, Termiziy aytadi: "Keyingi ikki jannat haqida:
"U ikkisida tinmay otilib turguvchi ikki chashma bordir" (Rahmon, 66), deyilgan. U har xil mushk, anbar, kofur kabi xush bo‘ylar bilan Allohning do‘stlariga sachrab-otilib turadi. Otilish oqishdan yax-shiroq".