Imom Qurtubiy. Jannat vasfi ("Tazkira"dan)  ( 104472 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:48:41

XAMR JANNAT EGALARINING SHAROBI EKANI, KIM UNI DUNYODA ICHSA, OXIRATDA ICHMASLIGI, JANNAT EGALARINING LIBOS VA IDISHLARI HAQIDA.
   Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam: "Kim dunyoda ipak kiysa, oxiratda kiymaydi, kim dunyoda xamr ichsa, oxiratda ichmaydi, kim tilla va kumush idishlarda ichsa, oxiratda tilla va kumushda ichmaydi", dedilar. So‘ng: "Ular jannat egalarining liboslari, jannat egalarining sharoblari va jannat egalarining idishlaridir", dedilar (Nasoiy rivoyati).
   Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu uchta narsaning oxirat ne’matlaridan ekani, kim bu dunyoda undan tavba qilmasa, jannatga kirgan taqdirda ham, u narsalardan mahrum bo‘lishini bayon etdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: "Kim dunyoda xamr ichsa, so‘ng tavba qilmasa, oxiratda undan mahrum bo‘ladi". Bu hadisni Imom Molik rivoyat qilganlar. Ipak mato kiyuvchi ham, oltin va kumush idishda ichuvchi ham xuddi shunday.  Chunki banda Alloh taolo uchun oxiratga olib qo‘ygan narsani shoshib, bu dunyoda kiydi, Allox, bu dunyoda harom narsani istomol qildi.
   Abu Dovud Tayolisiy "Musnad"ida rivoyat qiladi: "Bizga Hishom Qatodadan, u Dovud Sirojdan, u Abu Said  Xudriydan hadis aytdi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Kim dunyoda ipak kiysa, oxiratda kiymaydi. Agar jannatga kirsa, jannat egalari kiyadilar, ammo u kiymaydi". Ushbu sahih sanadli hadis so‘zimizga ochiq hujjatdir.

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:55:39

JANNAT DARAXTLARI, ULARNING MEVALARI VA DUNYODAGI MEVALARGA O’XSHASHLARI HAQIDA.

   Abu Hurayra rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Alloh taolo: "Men solih bandalarim uchun ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va hech bir in-sonning xayoliga kelmagan narsalarni tayyorlab qo‘ydim", deyapti. Agar xohlasangiz: "Ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, jannat.ne’matlarini oldindan) biror jon bilmas", oyatini o‘qingiz. Jannatda bir daraxt borki, suvoriy uning soyasida yuz yil yursa. ham, kesib o‘ta olmaydi. Agar xohlasangiz: "(Ular) yoyilgan soya (osti)da..." (Voqea, 30) oyatini o‘qingiz. Jannatdagi qamchidek joy dunyo va undagi bor narsalardan yaxshidir. Agar xohlasangiz: "Bas, kim do‘zaxdan chetlatilib, jannatga kiritilsa, muhaqqaq (baxt-saodatga) erishgay. Bu dunyo hayoti esa aldaguvchi matodir" (Oli Imron, 185), oyatini o‘qingiz" (Termiziy rivoyati).
   Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatda bir daraxt bor, suvoriy uning soyasida yetmish (yoki yuz yil) yuradi. U "xuld" (abadiyat) daraxtidir" (Ibn Muborak rivoyati).
   Ibn Muborak aytadi: "Bizga Ibn Abu Xalda Bani Maxzum ozod etgan Zayyoddan, u Abu Hurayradan rivoyat qilib aytdi: "Jannatda bir daraxt bor, chopar uning soyasida yuz yil yuradi.
   Agar xohlasangiz: "(Ular) yoyilgan soya (osti)da..." oyatini o‘qingiz", dedilar. Bu gap Ka’bga yetib borgach, u aytdi: "To‘g‘ri, Muso ibn Imronga Tavrotni, Muhammad sollallohu alayhi va sallamga Qur’onni nozil qilgan Zotga qasamki, agar bir kishi tuyaga minib, bu daraxtning tubini aylansa, tuya charchokdan o‘tiradi-yu, aylanib chiqa olmaydi. Albatta, Alloh taolo uni eqdi va ruhidan unga pufladi. Uning shoxlari jannat so‘rilarining orqasida. Jannatning hamma daryolari shu daraxtning tagidan oqib chiqadi".
   Asmo binti Abu Bakr aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Sidratul muntaho"ni zikr qilib, dedilar:  "Suvoriy uning bitta shoxi soyasida yuz yil sayr qiladi (roviylardan Yahyo: "Yo, yuzta suvoriy uning soyasida dam oladi, dedilar", deydi), u yerda oltin to‘shaklar bor, mevalari ko‘zaday" (Termiziy rivoyati).
   Abdurazzoq zikr etadi: Ma’mar Qatodadan, u Anasdan xabar qildi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar:  "Menga yettinchi osmonda "Sidratul muntaho" daraxti ko‘rsa-tildi. O’ning mevalari Hajrning ko‘zalariday, yaproqlari filning qulog‘iday. Uning tagidan ikkita zohiriy (ya’ni, ko‘rinib turgan) va ikkita botiniy (ya’ni, ko‘rinmaydigan) daryo oqib chiqadi. "Bular nima?" deb Jabroildan so‘raganimda, "Ikkita botiniyi jannatda, ikkita zohiriyi esa, Nil bilan Furotdir", dedi".
   Buxoriy Molik ibn Sa’so’adan hadis aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Menga "Sidratul muntaho" ko‘rsatildi. Uning mevasi Hajrning ko‘zalaridek, barglari filning quloqlaridek edi. Uning aslidan to‘rtta daryo oqar, ikkitasi oshkora va ikkitasi maxfiy edi...".Yuqoridagi hadisni to‘la zikr qilingan.                                  
   Ibn Mas’udning hadisida "Sidratul muntaho" jannatning eng yuqorisi, deyilgan.



Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:56:27

DAVOMI...

   Ibn Muborak aytadi: Safvon Salim ibn Omirdan rivoyat qildi: Sahobalar: "A’robiylar va ularning asl masalalari bizlarga juda foyda berdi", deyishardi. (Chunki ular ko‘p savol berishardi.) Bir kuni bir a’robiy kelib: "Ey Rasululloh (s.a.v.), darhaqiqat, Alloh Qur’onda aziyat beruvchi daraxtni zikr qildi, vaholanki, men jannatda aziyat beruvchi daraxt bo‘lmasa kerak, deb o‘ylagan edim?" dedi. Rasululloh sollalohu alayhi va sallam: "U nima ekan?" deb so‘radilar. A’robiy: "Sidr (lug‘aviy ma’nosi "buta"), unda aziyat yetkazuvchi tikanlar bo‘ladi", dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Alloh taolo: "Tikansiz butazorlarda..." (Voqea, 28) demaganmi? Alloh taolo har bir tikanining o‘rniga bittadan meva qildi. U meva bo‘lib o‘sadi. Har bir meva yetmish ikki rangda tovlanadi, ta’mi bir-biriga o‘xshamaydi", dedilar".  Abdurazzoq zikr qiladi: "Bir a’robiy Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldlariga kelib, jannat xususida so‘radi.  Rasululloh sollallohu alayhi va sallam  unga hovuz haqida gapirdilar. U: "Jannatda mevalar bormi?" dedi. "Ha, u yerda  Tubo degan daraxt bor", dedilar. U: "Ey Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, yerdagi qaysi daraxt unga o‘xshaydi?" deb so‘radi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: "Sening yeringda unga o‘xshaydigan daraxt yo‘q. Shomga borganmisan? U yerda Javzo degan daraxt bor, novdalari pastidan o‘sib, yuqorisida quyuq bo‘lib yoyilgan", dedilar.  A’robiy: "Ey Rasululloh(s.a.v.), uning (ya’ni, jannatdagi Tubo daraxtining) qalinligi qanday?" dedi. Aytdilar: "Agar besh yoshli baquvvat tuya uni aylanish uchun yursa, oxiriga yetmay, charchokdan sillasi quriydi". Keyin: "U yerda uzum bormi?" deb so‘radi. U zot: "Ha", dedilar. U: "Bir bosh uzumning kattaligi qanday?" dedi. Nabiy (s.a.v.) aytdilar: "Uchqur chavandozning tinmay yuradigan bir oylik masofasicha".
   Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan kusuf (quyosh tutilishi) to‘g‘risidagi hadisda shunday keladi:  Sahobalar: "Ey Rasululloh(s.a.v.), biz sizni turgan joyingizda bir narsani olgandek qo‘l uzatganingizni, so‘ng yana orqaga chekinganingizni ko‘rdik", deyishdi. Rasululloh (s.a.v.): "Men jannatni ko‘rdim va undan uzum olmoqchi bo‘ldim, agar olganimda, dunyo turguncha undan yer edinglar", dedilar (Muslim rivoyati).
   Abu Ubayda aytadilar: "Jannatning xurmosi tanasidan shox-shabbalarigacha (ya’ni, tagidan uchigacha) ustma-ust terilgandir. Har mevasi ko‘zaday. Undan bir dona uzib olinsa, o‘rniga yana boshqasi paydo bo‘ladi. Jannatning suvlari o‘zansiz oqadi, uning uzumlari o‘n ikki ziro’ keladi" (Ibn Mu-borak rivoyati).
   Ibn Vahb Shahr ibn Havshadan, u Abu Umoma Bohiliydan rivoyat qiladi: "Tubo jannatdagi daraxtdir. Birorta hovli yo‘qki, uning shoxi yetgan bo‘lmasa, birorta chiroyli qush yo‘qki, uning shoxida bo‘lmasa, birorta meva yo‘qki, uning shoxida pishmasa".
   Molik ibn Anas aytadi: "Banandan boshqa birorta meva jannat mevalariga o‘xshamaydi. Chunki Alloh taolo jannat mevalari va soyalarini doimiy degan (Ra’d, 34). Faqat banangina qishin-yozin pishib yotadi".
   Abu Zardan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bir lagan anjir hadya etildi. Undan yedilar, so‘ng ashobga: "Olinglar, yenglar! Agar osmondan meva nozil bo‘lgan desam, shu mevani aytgan bo‘lar edim. Chunki jannat mevalari danaksiz bo‘ladi. Bundan yenglar, u bavosilni kesadi va bo‘g‘imlar og‘rishida foyda beradi", dedilar (Sa’labiy Avzo-iydan rivoyat qilgan).

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 12:00:18

JANNAT LIBOSLARI HAQIDA

   Alloh taolo deydi:
"(Ular jannatlarda) ipak shoyilardan bo‘lgan, yashnab turuvchi liboslar kiyib..." (Qahf, 31);
"Liboslari esa harir (ipak bo‘lur)" (Haj, 23).
   Barro ibn Ozib aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bir harir kiyim hadya qilindi. Ashob qo‘lma-qo‘l tomosha qila boshladi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): "Shundan ajablanyapsizlarmi?" dedilar. Ular: "Ha", deyishdi. U zot: "Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Sa’d ibn Muozning jannatdagi dastro‘moli bundan yaxshidir", dedilar.
   Sa’d ibn Muoz aytadi: "Atorad ibn Hojibga Kisro ipak kiyim kiygizgan edi, uni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga hadya qildi. Shunda odamlar to‘planib, u kiyimni ushlab ko‘rib hayratlanishdi va: "Ey Rasululloh (s.a.v.), sizga bu osmondan nozil bo‘ldimi?" deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Ajablanmanglar! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Sa’d ibn Muozning jannatdagi dastro‘moli bundan yaxshirokdir", dedilar".


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 12:01:10

JANNATDAGI BARCHA DARAXTLARNING TANASI OLTINDAN EKANI HAQIDA.
   
   Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatdagi barcha daraxtlarning tanasi oltindandir" (Termiziy rivoyati).
   Jannatdagi xurmo daraxti, uning mevasi va yaxshisi haqida Ibn Abbos aytadilar: "Jannat xurmosining tanasi zumraddan, novdasi qizil oltindandir, barg-yaproqlari jannat ahli uchun yopinchiq, ularning zeb-ziynatu bezaklari ham xurmoning novda va barglaridan. Mevasi ko‘zaday, chelaqday bo‘lib, sutdan oq, asaldan shirin va yog‘dan muloyimdir, unda danak bo‘lmaydi" (Ibn Muborak rivoyati).
   Ibn Zayd hadis aytadi: Bir kishi: "Ey Rasululloh (s.a.v.), jannatda xurmo bormi, chunki men xurmoni yaxshi ko‘raman?" dedi. "Ha, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, undagi xurmoning tanasi oltindan, pastki qismi ham oltindan, shoxlari ham oltindan, yaproqlari butun olam bezaklaridan go‘zal, g‘ujumlari ham oltindan, poyalari ham oltindan, mevalari ko‘zadan katta, yog‘dan yumshoq va asaldan lazzatliroqdir", dedilar u zot (Ibn Vahb rivoyati).
   Abul Faraj ibn Javziy Jarir ibn Abdullohdan rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam mening qo‘limdan o‘rtasi kovak taxtani olib: "Ey Jarir, agar jannatda bu kabi taxtani qidirsang ham, topa olmaysan", dedilar. "Men: "U yerda xurmo va daraxt yo‘qmi?" dedim. U zot: "Bor, uning tanasi dur va oltindan, yuqorisida mevasi bor", dedilar".

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 12:01:56

JANNATDAGI ZIROAT (EKIN-TIKIN) HAQIDA.

   Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kuni gapirayotgan edilar, huzurlarida qishloqdan kelgan kishi ham bor edi: "Jannat ahlidan bir kishi Parvardigordan ekin ekishga izn so‘radi, — dedilar Nabiy (s.a.v.), — Alloh unga: "Senga xohlagan narsang muhayyo emasmi?!" dedi. U: "Ha, barcha narsa muhayyo, lekin men ekin ekishni, u tezda unib, o‘sib, meva berib yetilishini, uni yig‘ib olishni va tog‘day-tog‘day xirmon qilishni yaxshi ko‘raman", dedi. Alloh taolo unga: "Ma, ola qol! Seni hech narsa to‘ydirmaydi", dedi". Shunda haligi qishloqlik: "Ey Rasululloh(s.a.v.), o‘sha odam qurayshiy yoki ansoriy bo‘lsa kerak, chunki ular dehqonchilik qiladi. Lekin biz dehqon emasmiz", dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kulib qo‘ydilar" (Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 12:04:22

JANNAT ESHIKLARI, ULARNING SONI, KIMLAR UCHUNLIGI, NOMLARI VA KENGLIGI HAQIDA.

   Alloh taolo deydi:
"To qachon ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida..." (Zumar, 73).
Ilm ahlining ba’zilari jannat eshiklari sakkizta ekanini aytib, dalil sifatida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu hadislarini keltiradilar: "Sizlardan kim tahorat olsa va tahoratini mukammal qilsa, tahoratdan forig‘ bo‘lgach, "ashhadu allaa ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh", desa, unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi va u xohlaganidan kiradi" (Muslim rivoyati).
   Ba’zi ulamolar "Muvatto", "Sahihul Buxoriy" va "Sahihul Muslim"da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu: "Kim Alloh yo‘lida, ikki juft narsani infoq qilsa, jannatda: "Ey Allohning bandasi! Bu yaxshidir", deb nido qilinadi. Kim namoz ahlidan bo‘lsa, namoz eshigidan, kim jihod ahlidan bo‘lsa, jihod eshigidan, kim sadaqa ahlidan bo‘lsa, sadaqa eshigidan, kim ro‘za ahlidan bo‘lsa, Rayyon eshigidan chaqiriladi". Abu Bakr roziyallohu anhu: "Ey  Rasululloh(s.a.v.), bir kishi bu eshiklarning barchasidan chaqirilishi mumkinmi?" deb so‘radilar. U zot: "Ha! Sen o‘shalardan bo‘lishingai umid qilaman", dedilar", hadisiga binoan, u eshiklardan kimlar kirishini tayin qilganlar.
Qozi Iyoz aytadi: "Muslim bu hadisda jannat eshiklarining to‘rttasini zikr qilib turib, qolgan yana to‘rttasini qo‘shgan. Ular: tavba eshigi, g‘azablarini ichiga yutuvchilar eshigi, rozi bo‘lganlar eshigi va hisob-kitobsiz kiradiganlar uchun o‘ng tomon eshigi".
   Hakim Termiziy "Navodirul usul"da jannat eshiklari haqida aytadi: "Muhammad sollallohu alayhi va sallamning eshiklari hamda rahmat va tavba eshiklari borki, Alloh ularni yaratganidan beri ochiq turadi. Qachon quyosh g‘arbdan chiqsa, yopiladi va qiyomat kunigacha ochilmaydi. Boshqa eshiklar esa ezgu amallarga ko‘ra taqsimlangan: namoz eshigi, zakot eshigi, sadaqa eshigi, jihod eshigi, silai rahm eshigi va umra eshigi. Shunga ko‘ra, jannat eshiklari o‘n bittadir".
   Abulhasan Ojiriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan keltirgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytganlar: "Jannatda bir eshik bor "zuho" (choshgoh) deb nomlanadi. Qiyomat kuni nido qilguvchi: "Zuho namozini o‘qishda bardavom bo‘lganlar qani? Bu sizlarning eshigingiz, bas, undan kiringlar!" deb nido qiladi".
Bu bilan o‘n ikkita bo‘ldi.
   Abu Iso Termiziy Solim ibn Abdullohdan, u otasidan rivoyat qilgan hadisga binoan jannat eshiklari o‘n uchta bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar; "Mening ummatim kiradigan eshikning kengligi uchqur choparning uch kunlik masofasidek. Ular undan shunday siqilib kiradilarki, hatto tizzalari uzilib tushay deydi".
   Termiziy aytadi: "Bu hadisni Buxoriydan so‘ragan edim, bilmadi. "Solim ibn Abdullohdan Xolid ibn Abu Bakrning rivoyat qilishi munkardir", dedi".
   "Ummatim kiradigan eshik..." degandagi "ummat" shunday odamlarki, ular eshikdan chaqirilishiga loyiq amallar qila olmagan. Ya’ni, ularning amallari eshikdan nido qilinishga loyiq darajaga yetmagan. Shuning uchun ular maxsus eshikdan siqilib kiradi. Shu bilan eshiklar soni o‘n uchtaga yetdi.
   Eshiklarning sakkiztadan ko‘p ekaniga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis ham dalolat qiladi:   Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Kim tahorat olsa va tahoratini mukammal qilsa, so‘ng "ashhadu allaa ilaha illalloh"ni qalbida tasdiq qilgan holda aytsa, uning uchun jannat eshiklaridan sakkiztasi ochiladi. Qiyomat kuni xohlaganidan kiradi" (Termiziy chiqargan). Abu Umar ibn Abdulbir "Tahmid" kitobida: "Hadisda: "jannat eshiklaridan sakkiztasi", deyilgan". Bu gapdan sakkiztadan boshqa eshiklar ham borligi tushuniladi", deyiladi.
   Abu Dovud va Nasoiylar rivoyatida: "Unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi", deyilgan. Unda "jannat eshiklaridan..." deb aytilmagan. Shunga ko‘ra, ko‘pchilik aytganidek, jannat eshigi sakkizta bo‘ladi.
   Xolid ibn Umayr aytadi: "Utba ibn G’azvon (u Basra amiri edi) bizga xutba qildi. Xutbasida Allohga hamdu sano aytib, "Unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi", degan hadisni esladi, so‘ng: "Darhaqiqat, bizga zikr qilindiki, jannat eshiklarining har ikki tabaqasi orasi qirq yillik masofadir. Hali shunday kun keladiki, u izdihomdan to‘ladi", dedi" (Muslim rivoyati).


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 12:05:02

DAVOMI...

   Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan shafoat to‘g‘risidagi hadisda: "Muhammadning(s.a.v.) joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, jannat eshiklarining ikki tabaqasi orasi Makka bilan Hajr (yoki Busro) orasidagi masofa kabidir", deyilgan.
   Sahl ibn Sa’d aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Jannatga ummatimdan yetmish ming nafari (yoki yetti yuz mingtasi — roviy Abu Hozim qaysi biriligi1ni eslay olmadi) bir-birlarining qo‘llaridan tutganlaricha kirib boradi, oxiridagi kirmaguncha boshidagi kirmaydi. Ularning yuzlari to‘lin oy kabidir".
   Bu hadislar o‘zining sahihligi bilan birga, jannat eshiklari sakkiztadan ortiq ekaniga ham dalolat qiladi.
Imom Abulqosim Abdulkarim Qushayriy "Tahbir" nomli kitobida keltiradi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Chiroyli xulq kishi bo‘ynidagi Alloh roziligidan bo‘lgan halqadir. U halqa rahmat zanjirlariga ulangan. Zanjirlar esa, jannat eshigi halqasiga tutashgan. Chiroyli xulq qaysi tarafga yursa ham, zanjir uni o‘ziga tortib turadi va o‘sha eshikdan uni jannatga olib kiradi. Yomon xulq esa, kishining bo‘ynidagi Alloh g‘azabidan bo‘lgan halqadir. U halqa azob zanjiriga bog‘langan. Zanjir esa, do‘zax eshigiga tutashgan. Yomon xulq egasi qayoqqa yurmasin, zanjir uni o‘ziga tortib turadi va o‘sha eshikdan do‘zaxga olib kiradi".
   "Firdavs" kitobida Nabiydan (s.a.v.) ushbu hadis keltiriladi: "Jannatda "farah" {xushnudlik) otli bir eshik borki, undan faqat bolalarni xushnud etgan odamlargina kiradi".
   Hadisdagi "Kim bir juft narsani Alloh yo‘lida infoq qilsa..." jumlasidagi bir juft narsani Hasan Basriy: "Har bir narsadan ikkitadan", deb tushuntirgan, ya’ni, ikki dir-ham yoki ikki dinor, yoxud ikkita ko‘ylak yo ikkita mahsi va hokazo, deb aytishadi.
   Ba’zilar alohida-alohida narsalardan, ya’ni, dinor va dirham yoki dirham va kiyim, yoki mahsi va kalish yoki pul va mahsi va hokazo.
   Bojiy aytadi: "Bundan amal murod qilingan bo‘lishi ham mumkin, masalan, ikki kun ro‘za tutish, ikki rakat namoz va hokazo".
   Lekin birinchi tafsir haqiqatga yaqinroq. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadis shu ma’noda. Ojiriy Abu Zardan zikr qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Kim Alloh yo‘lida ikki narsa infoq qilsa, jannat qo‘riqchilari uni jannatga shoshiltiradi", dedilar, so‘ng: "Ikki tuya, ikki dirham, ikkita kamon, ikkita kovush", deb qo‘shib qo‘ydilar.
   Jannat eshiklarining kengligi haqida kelgan hadislarda bir-biriga zidlik yo‘q. Chunki bir eshikning kengligi ikkinchisidan boshqacha bo‘lishi mumkin.
   Sahl ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatda Rayyon degan eshik bor, undan ro‘zadorlar kiradi. Ro‘zadorlarning oxiri kirgach, u eshik berkitiladi, so‘ng undan boshqa hech kim kirmaydi" (Buxoriy va Muslim rivoyati).
   Amallarga ko‘ra hos bo‘lgan boshqa eshiklar ham shunday.
   Abu Hurayraning hadisida barcha eshiklardan chaqiriladigan insonlar ham bo‘lishi zikr qilindi. Bu chaqiriq, ba’zi olimlarning fikriga ko‘ra, amal qilgan insonni ulug‘lash, hurmatlash, e’zozlash chaqirig‘i bo‘lib, amallarining savobi buyuk ekanini bildirish uchundir. Zero, banda barcha amallarni qilar ekan, barcha eshiklardan chaqirilish baxtiga muyassar bo‘la oladi. Ammo banda, qaysi amali g‘olib, kelsa, o‘sha amalning eshigidan kiradi.
   Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat dilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Bugun sizlardan kim ro‘za tutdi?" deb so‘radilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: "Men", dedilar. U zot: "Bugun sizlardan kim janozaga bordi?" deb savol qildilar. Abu Bakr: "Men", dedilar. "Bugun kim miskinga taom berdi?" deb so‘radilar keyin. Yana Abu Bakr roziyallohu anhu: "Men", dedilar. "Bugun sizlardan kim kasalni ziyorat qildi?" degan edilar, Abu Bakr: "Men", dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunda: "Kimda bu xislatlar jamlansa, u, albatta, jannatga kiradi", dedilar (Muslim rivoyati).
   Abu Dovud Tayolisiy "Musnad"ida keltiradi: Abu Umoma Rasulullohdan(s.a.v.) ushbu hadisni aytdi: "Bir kishi jannat eshigi oddiga keltirildi, boshini ko‘targan edi, jannat eshigida: "Sadaqaga o‘n barobar, qarzga o‘n sakkiz barobar", degan yozuvni ko‘rdi. Chunki qarz so‘ragan odam muhtojligi uchun sizga keladi, sadaqa esa goho muhtoj bo‘lmaganning qo‘liga ham tushishi mumkin".
   Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Isro kechasi jannat eshigida "Sadaqaga o‘n barobar, qarzga o‘n sakkiz barobar", degan yozuvni ko‘rdim. So‘ng Jabroilga nima uchun qarzga sadaqadan ko‘proq?" dedim. Jabroil alayhissalom: "Chunki tilanchi o‘zida bor bo‘lsa ham, so‘rayveradi, qarz so‘rovchi esa, faqat hojati tufayli so‘raydi", dedi" (Ibn Moja rivoyati).

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 12:05:59

JANNAT DARAJALARI VA ULARDAN MO’MINGA BERILADIGANLARI HAQIDA.

   Termiziy rahimahulloh Ato ibn Yasordan, u Muoz ibn Jabaldan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatda yuzta daraja bordir. Har bir daraja osmon bilan yer orasicha. Eng balandi Firdavsdir. Firdavsning ustida Arsh bor. Jannat daryolari o‘sha yerdan oqib chiqadi. Bas, agar Allohdan so‘rasanglar, Firdavsni so‘ranglar".
   Ibn Vahb aytadi: "Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning oldlariga kelib: "Ey Rasululloh(s.a.v.), jannatda nechta daraja bor?" dedi. "Yuzta daraja, — dedilar u zot, — har bir darajaning orasi osmon bilan yer orasicha keladi. Birinchi darajaning hovlilari, uylari, eshiklari, so‘rilari va kalitlari kumushdan; ikkinchi darajaning hovlilari, uylari, eshiklari, so‘rilari va kalitlari oltindan; uchinchi darajaniki yoqut, dur va zabarjaddan. Qolgan to‘qson yetti darajaning qanday ekanini faqatgina Alloh biladi".
   Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat yuz darajadir. Agar butun olamlar uning bittasiga joylapggirilsa, bemalol sig‘adi" (Termiziy rivoyati).
   Abu Said Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Sohibi Qur’on jannatga kirganda, "o‘qi va ko‘taril!" deyiladi. U o‘qiydi va har bir oyatda bir daraja ko‘tarilib boraveradi, hatto o‘zi bilgan oyatning oxirgisini o‘qiguncha (ko‘tarilaveradi)" (Ibn Moja rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Sohibi Qur’onga, o‘qi, ko‘taril va dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil (tartil — tajvid bilan dona-dona o‘qish). Sening manziling oxirgi oyatni o‘qigan joyingdadir", deyiladi" (Abu Dovud rivoyati).
   Abu Hafs Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatning darajalari Qur’on oyatlarining soniga teng, har bir oyatga bir daraja beriladi. Bu olti ming ikki yuz o‘n olti (6216) oyatdir. Har ikki darajaning oralig‘i osmon bilan yercha keladi. U darajalar "illiyyin"ning eng yuqorisida nihoya topadi. Uning yetmish ming ustuni bor, ular yoqutdan bo‘lib, bir necha kecha-kunduzlik masofadan nur sochib turadi".
Oisha roziyallohu anho aytdilar: "Jannat darajalari Qur’on oyatlarining adadicha. Jannatda Qur’on o‘quvchi kimsadan ham afzalroq darajada biror kimsa bo‘lmaydi".
   Ulamolar (ularga Allohning rahmati bo‘lsin) aytadilar: "Hofizul Qur’on, hamalatul Qur’on va qorilar hukmlarni, halol va haromlarni biluvchilar va undagi narsalarga amal qiluvchilardir".
   Shuningdek, Qur’onni maqtanish va riyo uchun o‘qigan kimsalar haqida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisda yetarlicha ogohlik bor: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Kim Qur’onni o‘rgansa va o‘rgatsa-yu, undagi narsa (buyruq va qaytariq)larni olmasa va buzsa, jahannamga kirishi uchun Qur’on unga qarshi hujjat va guvoh bo‘ladi. Kim Qur’onni ta’lim olsa va ta’lim bersa hamda undagi narsalarni olsa, jannatga kirishi uchun Qur’on uning foydasiga hujjat va guvoh bo‘ladi".
   "Sahihul Buxoriy"da kelgan hadisda: "Qur’on o‘quvchi va unga amal qiluvchi mo‘minning misoli utrujja (apelsin) kabi, uning ta’mi ham, hidi ham shirin. Qur’on o‘qimaydi-gan mo‘minning misoli xurmo kabi, uning ta’mi shirin, lekin hidi yo‘q. Qur’on o‘qiydigan fojirning misoli rayhon kabidir. Uning mazasi achchiq, biroq hidi shirin. O’zi fojir, buning ustiga Qur’on o‘qimaydigan kishining misoli qalampir kabi, uning hidi ham yo‘q, mazasi ham achchiq", deyiladi.
   Xullas, ma’lum bo‘lyaptiki, jannatda yuzta daraja bor, uni Alloh yo‘lida yuruvchilarga tayyorlab qo‘ygan. Qur’on o‘qish esa, jami darajalarni hosil qiladi. Alloh taolo marhamati ila ixlosli qilsin.

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 12:11:54

JANNAT BOLAXONALARI VA ULARNING EGALARI HAQIDA.

   Alloh taolo deydi:
"Lekin Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar uchun (jannatda) ustma-ust qurilgan xonalar bo‘lib..." (Zumar, 20);
   "Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar ana o‘shalar uchungina qilgan amallari sababli necha barobar mukofot bo‘lur va ular (jannatdagi) yuksak manzillarda tinch-omon bo‘lurlar" (Saba’, 37);
"Ana o‘shalar sabr-qanoat qilganlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalari bilan mukofotlanurlar" (Furqon, 75).
   Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahllari afzalliklari tufayli ulardan tepada bo‘lganlarga, xuddi ufqlarda porlab turgan yulduzlarga qaragandek qarab turadilar".    Sahobalar: "Ey Rasululloh (s.a.v.), u payg‘ambarlarning manzilimi? Unga boshqalar yeta olmaydimi?" deb so‘rashdi. U zot: "Yo‘q, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ular Allohga iymon keltirgan va payg‘ambarlarni tasdiqlagan kishilardir", dedilar (Muslim rivoyati).
   Yana Sahl ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Ana o‘shalar sabr-qanoatlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalar (ba’zi tafsirlarda: "bo-laxonalar") bilan mukofotlanurlar" hamda "...va ular (jannatdagi) yuksak manzillarda tinch-omon bo‘lurlar", oyati haqida dedilar: "Ular qizil yoqutdan yoki yashil zabarjaddan yoki oppoq durdan bo‘lgan bolaxonalardir. Jannat ahli u bolaxonalarni xuddi ufqning sharqi yoki g‘arbidagi yulduzlarni ko‘rgandek ko‘rib, tomosha qilib o‘tiradilar. Albatta, Abu Bakr va Umar ne’matlangan hollarida o‘shalardandir" (Termiziy rivoyati).
   Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Alloh yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rganlar qizil yoqutli ustunlar ustidagi yetmish ming bolaxonalarda bo‘ladilar. Ularning husni, dunyo ahliga quyosh qanday nur sochsa, jannat ahliga shunday nur sochib turadi. Jannat ahllari bir-biriga: "Yuringlar! Alloh yo‘lida do‘stlashganlarni tomosha qilib kelamiz", deydilar. Qachon ularni ko‘rsalar, husnlari jannat ahliga nur taratadi, xuddi dunyo ahliga quyosh nur sochganidek. Ularning ustlarida ipak-shoyilardan bo‘lgan yashnab turuvchi liboslar bor. Peshonalariga: "Bular Alloh azza va jalla yo‘lida bir-birlarini yaxshi ko‘rganlar", deb yozib qo‘yilgandir" (Termiziy rivoyati).
   Abu Imron ibn Umarning hadisida keladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Illiyyindagilar ahli jannatga qaraydi. Agar ulardan birortasi jannatga tashrif buyursa, yuzining nuridan jannat yanada yorishib ketadi. Shunda jannat ahli: "Bu qanday nur?" deydi. Ularga: "Illiyyin ahlidan itoatli, rostgo‘y, yaxshi banda tashrif buyurdi", deyiladi".
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Bolaxonadagilar Illiyyin ahlini xuddi ufqda nur sochib turgan yulduzni ko‘rgandek ko‘rib turadi. Abu Bakr bilan Umar ne’matlangan hollarida o‘shalardandir" (Sa’labiy rivoyati).
   Rasululloh sollallohualayhi va sallam aytdilar: "Jannatda bir bolaxona bor, uning tashqarisi ichkarisidan, ichkarisi tashqarisidan ko‘rinib turadi". Shunda bir a’robiy: "Bu kimniki, ey Rasululloh?" deb so‘radi. U zot: "So‘zi shirin, taom beruvchi, ro‘zada bardavom bo‘lg‘an, insonlar uxlab yotgan paytda, qoim bo‘lib, namoz o‘qiganlar uchun", dedilar (Termiziy rivoyati).
   Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kuni huzurimizga chiqib: "Sizlarga jannat boloxonalari haqida xabar beray-mi? U alvon-alvon javohirlardan bo‘lgan. Uning tashqarisi ichkarisidan, ichkarisi tashqarisidan ko‘rinib turadi. Unda quloq eshitmagan, ko‘z ko‘rmagan ne’matu karomatlar bor", dedilar. Biz: "Ota-onamiz sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh! Bu kimga?" deb so‘radik. "Salomni yoygan, ro‘zada bardavom bo‘lgan, taom bergan va insonlar uxlab yotganida, namoz o‘qiganlar uchun", dedilar. Biz: "Ota-onamiz sizga fido bo‘lsin ey, Rasululloh! Bunga kim toqat qila oladi?" dedik. U zot: "Mening ummatlarim toqat qila oladi. Toqat qiladiganlar haqida sizlarga xabar beraman: kim musulmon birodariga yo‘liqqanda salom bersa, darhaqiqat, u salomni yoygan bo‘ladi; kim ahli oilasiga taom berib, ularni to‘ydirsa, taom bergan bo‘ladi; kim ramazon ro‘zasini tutib, yana har oy uch kun tutsa, u ro‘zada bardavom bo‘lgan bo‘ladi; kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa, batahqiq, u insonlar (ya’ni, yahudiy, nasoro va majusiylar) uxlab yotganda namoz o‘qigan bo‘ladi", dedilar" (Abu Na’im rivoyati).
   Bu bolaxonalar egalarining amallariga ko‘ra turli xildir. Ba’zilari ba’zilaridan yuqori bo‘ladi.
Hadisda: "Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ular (bolaxonalar) Allohga iymon keltirgan va payg‘ambarlarni tasdiqlagan kishilar uchun", deyildi, biroq iymon va tasdiqdan boshqa birorta amal zikr qilinmadi. Bu yerda Allohga bo‘lgan yetuk iymon va payg‘ambarlarni hech ikkilanmasdan, dovdiramasdan tasdiqlagan inson nazarda tutilyapti. Zero, oddiy umumiy bo‘lgan iymon bilan bu manzillarga erishib bo‘lmaydi. Alloh taolo: "Ana o‘shalar sabr-qanoatlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalari bilan mukofotlandilar" (Furqon, 75), dedi. Sabr butun jonini Allohga ibodatga sarflashdir. Yana boshqa bir oyatda: "Molu dunyolaringiz ham bolalaringiz ham sizlarni Bizning dargohimizga yaqin qilguvchi emasdir. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar — ana o‘shalar uchungina qilgan amallari sababli necha barobar mukofot bo‘lur va ular (jannatdagi) yuqsak manzillarda tinch-omon bo‘lurlar" (Saba’, 37), deb, yuksak manzilning darajasini zikr qildi. Bu bilan hadisda tilga olingan iymon barcha buyruqlaru hukmlarni, xabari kelgan barcha narsani qalban tasdiqlagan holda mukammal iymon keltirish ekani ma’lum bo‘ladi. Agar banda solih amal qilsa-yu, ziddini ham aralashtirsa, u fosiddir. Fasod aralashmagan solih amallar esa faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi va sallam keltirgan narsalarga taskin topgan holda haqiqiy iymon keltirish bilan bo‘ladi. Fasod aralashganda esa, iymon va amal u darajada bo‘lmaydi. Shuning uchun manzili ham boshqalarnikidan pastroq bo‘ladi.
   Buni Hakim Termiziy rahmatullohi alayh ham: "Bu ochiq ravshan narsa", deb ushbu oyatlarni zikr qilgan: "Albatta (hayoti dunyodan Alloh taoloning amru farmonlariga itoat qilib o‘tgan) yaxshilar (jannatda) mizoji-aralashmasi kofur  - Allohning (yaxshi) bandalari ichadigan (jannatiy) chashma - bo‘lgan maykosalardan (may) ichurlar (Inson, 5);
   "U mayning mizoji-aralashmasi tasnimdandir. (Tasnim Allohning) yaqin (banda)lari ichadigan bir chashmadir"
(Mutaffifun, 27-28).
   Alloh taolo yaxshilar bilan yaqin muqarrablarning sharoblarini ana shunday bayon qildi. Ularning toatdagi g‘ayratlari bilan solih amallardagi tafovutlarga ko‘ra manzil va darajalarini ham bayon qilingan: "Darhaqiqat, yaxshilarning nomai a’mollari, shak-shubhasiz, illiyyindadir" (Mutaffifun, 18). Bas, inson "illiyyin"ga kirishi uchun abror va muqarrablardan bo‘lishga g‘ayrat qilsin. Illiyyin egalari Allohning hamsuhbatlaridir. Ular Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda nurli minbarlar egalaridir.
   Alloh taolo muqarrablardan so‘ng o‘ng tomon egalarini ham bayon qilib aytadi:
"Endi kitobi - nomai a’moli o‘ng qo‘lidan berilgan kishiga kelsak, bas, u: "Mana, mening kitobimni o‘qinglar. Darhaqiqat, men hisob-kitobimga (ya’ni, oxiratdagi ajr-mukofotga) ro‘baro‘ bo‘lishimni bilgan edim", der. So‘ng u ko‘ngilli hayotda, mevalari (ahli jannat uchun) yaqin bo‘lgan yuksak jannatda bo‘lur" (Al-Haqqa, 19-22).   O’ng tomon egalari oliy jannatdadirlar.
   Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Jannatda bir bolaxona bor, uning tepasida ilgagi ham, ostida ustuni ham yo‘q", dedilar. "Ey Rasululloh(s.a.v.), uning egalari unga qanday qilib kiradi?" deyishdi. U zot: "Bamisoli qush kabi kiradilar", dedilar. "Ey Rasululloh(s.a.v.), u kimlar uchun?" deyishdn. "Kasal, azob-uqubat va sinov ahllari uchun", dedilar (Abulqosim Zohir ibn Tohir Shahomiy taxrij qilgan).
   Yana Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Qiyomat kunida shunday kishilar keltiriladiki, ular payg‘ambar ham emas, shahid ham emas, lekin Alloh tarafidan ularga berilgan manzil-darajalari sababli payg‘ambarlar va shahidlar ularga havas qiladi. Ular nurli minbarlarda bo‘ladilar". Sahobalar: "Ular kimlar, Rasululloh?" deyishdi. "Allohni insonlarga, insonlarni Allohga yaxshi ko‘rdirgan kimsalar", dedilar. Sahobalar: "Allohni insonlarga yaxshi ko‘rdirishku, tushunarli, ammo insonlarni Allohga qanday yaxshi ko‘rdiradilar?", deyishdi so‘ng. U zot: "Yaxshilikka buyuradilar va yomonlikdan qaytaradilar, agar insonlar itoat qilsalar, ularni Alloh taolo yaxshi ko‘radi", dedilar (Lays ibn Sa’d rivoyati).


Qayd etilgan