Imom Qurtubiy. Jannat vasfi ("Tazkira"dan)  ( 104467 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


IXLOS  19 Avgust 2009, 16:15:39

JANNAT AHLINING ENG QUYI VA ENG OLIY DARAJASI HAQIDA.

   Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhudan rivoyat: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Muso alayhissalom Parvardigordan: "Jannat ahlining eng quyi darajasi qanday?" deb so‘radi. Alloh dedi: "Bir kishi jannat ahli jannatga kirib bo‘lgach, kelib: "Ey Rabbim, qanday qilay? Insonlar joylarini egallab, oladiganlarini olib bo‘pti", deydi. Unga:   "Dunyoning mulkichalik mulk berilsa, rozi bo‘lasanmi?" deyiladi. U: "Roziman, ey Rabbim", deydi. Bas, unga: "Senga shu va yana shuncha, shuncha, shuncha", deyishadi va beshinchisida: "Roziman, ey Rabbim", deydi. Unga: "Senga shuncha va uning o‘n barobari, nafsing xohlagani va ko‘zingni quvontirgani hammasi senga", deyiladi. U: "Roziman", deydi". Muso alayhissalom: "Unday bo‘lsa, ey Parvardigor, eng oliy daraja qanday?" dedi. Alloh taolo: "Ular men tanlagan insonlardir. Ularning hurmatidan daraxtlarni o‘zim ekdim va unga muhr bosdim, uni ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va biror-bir mavjudotning xayoliga ham kelmagan", dedi". Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:  "Buning tasdig‘i ushbu oyatdir: "Ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, oxirat ne’matlarini oldindan) biror jon bilmas" (Sajda, 17) (Muslim rivoyati).
   Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatga oxiri kiradigan va do‘zaxdan oxirgi chiqadigan inson shunday kishiki, emaklab keladi. Alloh unga: "Jannatga kir!" deydi, U: "Jannat to‘la-ku", deydi. Unga uch marta aytiladi, u har safar: "Jannat to‘la-ku", deydi. Shunda Alloh taolo unga: "Senga dunyoning mislicha va yana o‘n barobar", deydi" (Buxoriy rivoyati).
   Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahlining eng quyi manzildagisi uchun yettita qasr bor: oltindan, kumushdan, durdan, zumraddan, yoqutdan, ko‘zlar idrok qila olmaydigan va Arshning rangidagi qasr. Har bir qasrda zebu ziynat va hurlar borki, ularni Alloh azza va jalladan boshqa hech kim bilmaydi". Buni Qitbiy "Uyunul axbor" nomli kitobida zikr qilgan.
   Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahlining eng quyi darajasidagisi ming-ming xizmatchilar qurshovida ulovga minadi...".
   Ibn Umardan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Jannat ahlining eng quyi darajadagisi bog‘lari-yu ne’matlari, xizmatchilari-yu so‘rilariga ming yillik masofadan qaraydi. Jannat ahlining Allohga eng mukarrami Alloh taoloning yuziga yertayu kech tikiladi", dedilar, so‘ng: "U kunda (mo‘minlarning) yuzlari yashnab, Parvardigorlariga boqib turguvchidir!" (Qiyomat, 22) oyatini o‘qidilar.
   Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahlining eng quyi manzildagisining sakson ming xizmatchisi va yetmish ikkita xotini bo‘ladi. Va uning uchun Jobiya bilan San’oning oralig‘ichalik dur, zabarjad va yoqutdan bo‘lgan qubba tiklanadi" (Ibn Muborak rivoyati).
   Mujohid aytadi: "Jannat ahlining eng quyi manzilidagi kishi o‘z mulkini ming yilda aylanib chiqadi, uning chetini oldini ko‘rib turgandek ko‘rib turadi. Jannatning eng yuqorisidagi kishi Parvardigorga ertayu kech qaraydi".


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 16:19:33

ALLOHNING ROZILIGI JANNATDAN AFZALLIGI HAQIDA.

   Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Alloh taolo jannat ahliga: "Ey ahli jannat!" deydi. Ular: "Labbay, Rabbimiz...hamma yaxshiliklar qo‘lida bo‘lgan Zot", deydilar. Alloh taolo: "Rozi bo‘ldingizmi?" deb so‘raydi. Ular: "Qanday qilib rozi bo‘lmaylik, Parvardigor?! Holbuki, bandalaringdan hech kimga bermagan narsangni bizga berding", deydilar. Alloh: "Sizlarga bundan ham afzalrog‘ini berayinmi?" deydi. Ular:   "Parvardigoro, bundan ham afzal narsa nima ekan?" deydilar. Shunda Alloh: "Sizlarga roziligimni halol qildim, bundan keyin sizlarga hech ham g‘azab qilmayman", deydi" (Buxoriy rivoyati).
   Shu ma’nodagi uzun hadisni Muslim ham keltirgan.

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 16:21:21

JANNAT AHLINING ALLOH TAOLONI KO’RISHI ENG KATTA NYE’MAT EKANI HAQIDA.

   Suhaybdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahli jannatga kirgach, Alloh taboraka va taolo: "Sizlarga yana bir narsani ziyoda qilishimni xohlaysizlarmi?" deb so‘raydi. Ular: "Yuzimizni yorug‘ qilmadingmi? Jannatga kirgizmadingmi? Bizga do‘zaxdan najot bermadingmi?" deyishadi. Shunda parda ochiladi, bas, ularga Parvardigorlari azza va jallani ko‘rishdan ham suyukliroq biror narsa berilmaydi". (Boshqa rivoyatda: "So‘ng ushbu: "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bordir" (Yunus, 26), oyatini o‘qidilar", deyiladi.) (Muslim rivoyati).
   Rasulullohdan (s.a.v.): "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bordir" oyati haqida so‘rashdi. Shunda u zot aytdilar: "Jannat ahli jannatga, do‘zax ahli do‘zaxga kirgach, nido qilguvchi: "Ey ahli jannat, sizlar uchun Allohning huzurida va’da bor, uni sizlarga to‘liq qilib bermoqchi", deb nido qiladi. Ular: "Yuzlarimizni yorug‘, mezonimizni og‘ir qilmadimi, do‘zaxdan bizga najot bermadimi?" deyishadi. Shunda parda ochiladi va Unga qarashadi". Allohga qasamki, Alloh taolo ularga O’zining yuziga qarashdan ham suyukliroq, ko‘zlariga quvonchliroq narsa bermadi" (Nasoiy rivoyati).
   Abu Dovud Tayolisiy ham bu hadisni taxrij qilgan: Suhayb roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bordir", oyatini tilovat qilib dedilar: "Jannat ahli jannatga kirsa, nido qilguvchi: "Ey ahli jannat, sizlar uchun Alloh taoloning huzurida va’da bor", deb nido qiladi. Ular: "U nima ekan? Darhaqiqat, yuzimizni yorug‘, mezonimizni og‘ir qilib, bizni jannatga kirgizdi-ku?" deyishadi. Bu ularga uch marta aytiladi. So‘ng Alloh taboraka va taolo ularga tajalliy qiladi, bas, ular Unga qaraydilar. Bu narsa ularning huzurida berilgan narsalarning eng ulug‘i bo‘ladi".
   Imom Ahmad va Muslim Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan:  "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bordir", oyati haqida so‘rashdi, bas, aytdilar:  "Dunyoda chiroyli amal qiltan zotlar uchun chiroyli oqibat — jannatdir, ziyoda ne’mat esa Alloh taoloning jamoliga qarash".
   Ibn Muborak zikr qiladi: Abu Bakr Hiloliy dedi: "Abu Muso Ash’ariydan Basrada ushbu xutbani eshitdim: "Alloh taolo qiyomat kuni jannat ahliga farishtalarini yuboradi. Ular: "Alloh sizlarga va’dasini to‘liq qilib berdimi?" deydi. Jannat ahli shunda qarashadi, ziynat, kiyim-kechak, mevalar, daryolaru go‘zal-pok ayollarni ko‘rib: "Ha, Alloh bizga va’dasini to‘liq qilib berdi",deydi. Farishtalar: "Va’da qilgan narsasini sizlarga to‘liq berdimi?" deya uch marta so‘raydi. Ular atroflariga qarab, va’da qilingan narsalardan biror narsa qolmaganini ko‘rib, har safar: "Ha", deydilar. Shunda farishtalar: "Sizlar uchun bir narsa qoldi, albatta, Alloh taolo aytganki: "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bor", deb. Ogoh bo‘linglar! Chiroyli oqibat — jannat, ziyoda ne’mat — Alloh taologa qarash".
   Yuqoridagi Nasoiy, Abu Dovud va Ibn Muborak zikr etgan hadislar Muslim rivoyat qilgan hadisni sharxlab kelgan.  "Alloh taolo aytdi", degani "Allohning farishtasi ay-tdi", degan ma’noda. "Sizlarga yana bir narsani ziyoda qilishimni xohlaysizlarmi?" degani farishtalarning: "Alloh sizlarga ziyoda qilishni xohlaysizlarmi?" deganidir. "Shunda parda ochiladi", degan so‘z: "Ko‘zlari yetishidan to‘sib turgan mone’lar ko‘tariladi va ular Alloh taoloni buyuklik, ulug‘lik, kamolot, qudrat, oliylik va jamol sifatlari bilan ko‘radi, Alloh taolo botil firqalar sifatlagan nuqsonlardan pokdir", degan ma’noda.
   Bu yerdagi parda maxluqlarga tegishli, Yaratuvchiga emas. Maxluqlar to‘silgandirlar. Alloh taolo to‘silishdan pok va ulug‘ zot. Zero, to‘silish hissiy narsalar bilan o‘rab oli-nishdir. U bizning sifatimiz. Lekin Alloh taoloning maxluqlar ko‘zi va idrokidan to‘silishi Alloh xohlagan narsa va xohlagan kayfiyatda bo‘ladi.
   Sahih hadislarda rivoyat qilinishicha, Alloh taolo agar bandalariga tajalliy etib, ko‘zlaridan pardalar ko‘tarilsa, Allohning jamolini ko‘rsalar, anhorlar quyiladi, daraxtlar tiziladi, so‘ri-yu bolaxonalar shovqin bilan ovoz beradi, buloqlar shildiraydi, hayajonlantiruvchi shamol esadi, hovli-yu qasrlardan yanada kuchliroq mushk va kofur taraladi, qushlar sayraydi va hurlardan yanada yorishadi. Bu xabarni Abul Ma’oliy "Ar-rad" kitobida keltirib, "Bularning barchasi Allohning qadari bilan", deydi.


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 16:24:25

ALLOH TAOLONI KO’RISH HAQIDA.

    Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "IKKI jannat bor, ularning idishlari-yu boshqa narsalari kumushdan yasalgan va yana ikki jannat bor, ularning idishlari-yu boshqa narsalari tillodan yasalgan. Adn jannatida qavm bilan  Parvardigorlari o‘rtasida unga nazar solmoqlariga ulug‘lik pardasigina mone’lik qilib turadi" (Muslim rivoyati).
   Jarir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: "Kechasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan o‘tirgan edik. Shunda u zot o‘n to‘rt kechalik oyga qarab dedilar: "Albatta, sizlar u dunyoda Rabbingizni xuddi mana shu oyni ko‘rgandek ko‘rasiz. Uni ko‘rishda bir-biringizga xalal bermaysiz. Agar quyosh chiqishidan va botishidan ilgarigi namozlarni shaytonga boy bermaslikka qodir bo‘lsangiz, o‘qingiz!" So‘ng: "Va quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Parvardigrringizga hamdu sano aytish bilan (U zotni) poklang — namoz o‘qing!" (Qof, 30) degan oyatni tilovat qildilar" (Buxoriy, Muslim rivoyati).
   Abu Dovud Uqayliydan rivoyat qiladi: "Men: "Ey Rasululloh(s.a.v.), har birimiz qiyomat kuni Allohni ochiq-ravshan ko‘ramizmi?" deb so‘radim. U zot: "Ha", dedilar. "Maxluklari ustida buning belgisi bormi?" deb savol qildim. "Ey Abu  Rozin, sizlarning har biringiz kechasi o‘n to‘rt kunlik oyni ochiq-ravshan ko‘rasizlarmi?" dedilar. Men: "Ha", deb javob qildim. u zot: "Alloh taolo buyukdir. Oy ham Allohning bir maxluqidir. Bas, Alloh buyukroq va ulug‘roqdir", dedilar".
   Muslim rivoyatidagi: "Ulug‘lik pardasigina mone’lik qilib turadi", so‘zidagi "parda" isti’ora bo‘lib, Allohning ulug‘ligi va buyukligidan kinoya qilib keltirilgan. Buni Abu Hurayra Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisi qudsiy ochiq bayon etadi: "Alloh aytdi: "Ulug‘lik izorimdir, kibriyo ridoimdir..." Bu bilan ikki sifatni bayon etdi. "Ulug‘lik pardasi" deganda ulug‘lik sifatini iroda qildi. U zot o‘zining ulug‘ligi va buyukligi bilan qiyomatdan oldin hech kim Uni ko‘rishini xohlamadi. Qachon qiyomat bo‘lib, jannat ahliga Adn jannatiga kirishga izn berilgachgina Uni ko‘rishlarini xohladi. Bas, ular Adn jannatida U zotni ko‘radilar. Bu ma’noni Bayhaqiy va boshqalar aytishgan.
Ulug‘lik va buyuklikdan isti’ora qilingan rido va izor his qilinadigan kiyim jinsidan emas, albatta. Bu faqatgina o‘xshatish, xolos. Chunki rido va izor inson uchun maxsus narsalardan bo‘lib, ularga tushunarli bo‘lishi uchun shunday ishlatildi. Ammo bu sifatlarda Alloh taologa hech kim sherik bo‘la olmaydi.
   Hadisning oxirida ham: "Kim u ikkisidan biri ustida Men bilan tortishsa, uni yonib turgan jahannamga kirgizaman", deyilgan.


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 16:26:48

JANNAT AHLIGA ALLOH TAOLONING SALOMI HAQIDA.

   Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahli o‘zlariga va’da qilingan noz-ne’matlar ichida rohat-farog‘atda ekanlar, banogoh, ustlarida bir nur paydo bo‘ladi. Shunda Alloh taolo: "Assalomu alaykum, ey ahli jannat", deydi. Bu hol Alloh taoloning: "(Ularga) mehribon Parvardigor tomonidan salom aytilur" (Yosin, 58), degan so‘zining tasdig‘idir.
   Uni ko‘rganlarida jannatning barcha ne’matlarini unutadilar, toki to‘silgunicha shunday bo‘ladi. Qachon Alloh ulardan to‘silsa, Uning nuri va barakoti ular bilan qoladi".
   "Banogoh ustilarida..." degan so‘zdan murod Allohning oliyligidir. Zero, Alloh taolo joy va manzildan iborat makon bilan sifatlanmaydi. U oliylik va ulug‘lik jihatidan sifatlanadi. "Uni ko‘rganlarida, jannatning barcha ne’matlarni unutadilar", deganida Allohning jamoliga qarash lazzati bilan mashg‘ul bo‘lib qolishlari tushuniladi. Chunki Uning jamolini ko‘rishdan afzal narsa yo‘q, Alloh taoloning tajallisiga hech narsa barobar bo‘la olmaydi. Agarda Alloh taolo ularni sobit va boqiy qilmaganida edi, ularga ham tog‘ bilan sodir bo‘lgan narsa voqe’ bo‘lur edi. Zero, Alloh taolo toqqa tajalliy qilgan paytda, u parcha-parcha bo‘lib, qumga aylanib ketgan edi.
   "Qachon Alloh ulardan to‘silsa", deganining ma’nosi, Alloh ularni unutib qo‘ygan jannat ne’matlariga qaytarsa va ular yana o‘zlariga va’da qilingan ne’matlar ichida bo‘lib, tayyorlab qo‘yilgan narsalardan orom olishda davom etsalar, deganidir. Biroq bu, ulardan g‘oyib bo‘lsa, ular Allohni yana unutadi va ko‘rishdan to‘silib, jannat ne’matlari bilangina kifoyalanadilar, degani emas. Alloh taolo ularni unutgan narsalariga qaytaradi, ayni paytda ularni boshqa ko‘rib bo‘lmaydigan qilib to‘smaydi. Bunga hadisdagi: "Uning nuri va barakoti ular bilan qoladi", degan jumla dalolat qiladi.
   Hikoya qilinishicha, Majnunga: "Laylini senga chaqirib beraylikmi?" deyishdi. "U mening yonimdamasmidi?" deya hayratlandi Majnun. Keyin undan: "Laylini yaxshi ko‘rasan-mi?" deb so‘rashdi. "Muhabbat visolning urug‘i. Menda esa, visol bo‘lib o‘tdi. Men Layliman, Layli menman", dedi u.


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 16:28:51

"œVA YANA BIZNING HUZURIMIZDA QO’SHIMCHA (IZZAT-IKROM)LAR HAM BORDIR" OYATI HAQIDA.

   Yahyo ibn Salom aytadi: "Bizga kufa ahlidan bir kishi Rasulullohning ushbu hadislarini aytib berdi: "Jannat ahli har juma kuni kofurdan bo‘lgan, chetlariga ko‘z yetmaydigan tepalik ustida turib, Parvardigorlariga qaraydi. U tepalikda qirg‘oqlari mushklik daryo oqadi. U yerda shunday joriyalar borki, avvalgilaru oxirgilar eshitgan ovozlarning eng go‘zali bilan Qur’on o‘qiydilar. Manzillariga qaytsalar, har bir kishi ulardan xohlaganining qo‘lidan ushlab makonlariga olib ketadi. So‘ng durdan bo‘lgan peshtoqlar oldidan o‘tadilar. Agar Alloh taolo ularni manzillariga to‘g‘rilab qo‘ymasa, har juma Alloh ularga yangi narsalar barpo qilgani sababli manzillarini topa olmas edilar".
   Ibn Vahb zikr qiladi: Ibn Mas’ud aytdilar: "Jumaga shoshilinglar, chunki Alloh jannat ahliga har juma ko‘rinadi. Ular oq kofurdan bo‘lgan tepalikda Allohga yaqin bo‘ladilar". Ibn Muborak aytadilar: "Dunyoda jumaga qanchalik shoshgan bo‘lsalar, qiyomatda Allohga shunchalik yaqin bo‘ladilar".
   Hasan Alloh taoloning mazkur oyati haqida shunday deydi: "Qo‘shimcha ne’mat Allohning jamoliga qarashdir.  Jannat ahliga juma kunidan ham sevimliroq kun yo‘q. Chunki ular u kunda Allohni ko‘radi".
   Ba’zilar: "Qo‘shimcha izzat-ikromdan murod hurlarning ularga nikohlab berilishidir", deydi. Kasir ibn Murradan zikr qilinadi: "Qo‘shimcha izzat-ikromlardan biri shuki,
jannat ahlining ustidan bulut o‘tadi va: "Sizlarga nima yog‘dirilishini xohlaysizlar?" deydi. Ular nimani xohlasalar, o‘sha zahoti shu narsa yog‘adi". Xolid aytdi: "Kasir: "Agar Alloh meni shu kunga yetkazsa, osmondan bizga ziynatli go‘zal joriyalarni yog‘dirishini so‘ragan bo‘lur edim", dedi".
   Ibn Amrdan rivoyat qilingan hadisda: "Allohga eng mukarram bo‘lgan kishi Allohga ertayu kech tikilib o‘tiradi", deyilgan. Bu xabar jannat ahli Alloh taoloni ko‘rishda turlicha bo‘lishlariga dalolat qiladi.
   Darhaqiqat, Abu Yazid Bastomiy: aytadiki: "Alloh taoloning shunday bandalari borki, agar jannatda Alloh taoloni bir lahza ko‘rmasalar, jannat va uning ne’matlaridan (qutilishga) yordam so‘raydilar, xuddi do‘zax ahli do‘zax azobidan (qutilishga) yordam so‘raganlaridek".


Qayd etilgan


IXLOS  21 Avgust 2009, 10:55:13

JANNAT VA DO’ZAX AHLI HAQIDA KELGAN OYAT VA ULAMOLAR TAFSIRI XUSUSIDA ULAMOLARNING SO’ZLARI.

   Alloh taoloning: "Ularning ko‘ngillaridan (bir-birlariga nisbatan bo‘lgan) g‘illu g‘ashliklarni tortib olurmiz" (A’rof, 43), oyati xususida Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: "Jannat ahli jannatga kirganda birinchi bo‘lib, ularga ikkita buloq ko‘rsa-tiladi. Uning bittasidan ichadilar, bas, Alloh taolo ularning qalbidagi barcha g‘illu g‘ashliklarni ketkazadi. So‘ng ikkinchi buloqqa tushib, unda cho‘miladilar, bas, ranglari yarqirab, yuzlari soflashadi va ularda ne’matlar jilvasi ko‘rinadi".
   Ali roziyallohu anhu Alloh taoloning: "Va Parvardigorlari ularni nihoyatda pokiza sharobla sug‘organdir" (Inson, 21), oyati haqida shunday deydilar: "Jannat ahli jan-natga yo‘l olganlarida, ostidan ikkita chashma oqib turgan daraxt oldidan o‘tadilar. U chashmaning biridan ichadilar, bas, ularda ne’mat jilvasi tovlanadi va bundan keyin hech qachon terilari o‘zgarmaydi, sochlari to‘zimaydi. So‘ng ikkinchisidan ichadilar, bas, ularning qorinlaridagi barcha aziyatdan iborat narsa chiqarib tashlanadi. Keyin ularnn jannat qo‘riqchilari: "Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga kirib, mangu qolingiz" deya kutib oladilar".
   Ibn Muborak zikr qilishicha, Ali roziyallohu anhu: "Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa, to‘p-to‘p holda (jannatga) kelib yetganlarida..." (Zumar, 73) oyatini uch marta tilovat qildilar va: "Yetganlarida jannat darvozasi oldida ostidan ikki chashma oqib turgan daraxtni ko‘radilar. Ularning biriga xuddi buyurilgandek boradilar va unda cho‘miladilar. Shundan so‘ng ularning sochlari hech qachon to‘zimaydi va terilari o‘zgarmaydi, xuddi yog‘ bilan yog‘langandek muloyim bo‘ladi. So‘ng ikkinchisiga boradilar, undan ichadilar va ularning qorinlari pok bo‘lib, ichkaridagi barcha iflosliklar yuvib tashlanadi. Ularni jannat darvozalarining har birida farishtalar: "Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga kirib, mangu qolingiz'', deb peshvoz chiqadilar. So‘ng ularni yosh xizmatchilar kutib olib, xuddi dunyoda uzoqdan kelgan mehmonlarni aylantirgani kabi, sayr ettirib: "Ey Falonchi!  Xursand bo‘l! Alloh senga mana bularni tayyorlab qo‘ydi", deydi. So‘ng ulardan bir bola xotinlarining oldiga borib:  "Dunyoda ismi falonchi bo‘lgan falonchi keldi", deydi. Xotini undan: "Uni ko‘rdingmi?" deb so‘raydi, hursandligidan hayajonlanib ketadi va eshik ostonasida kutib turadi. So‘ng keladi va uylar yashil, sariq, qizil va hokazo turli rangdaga dur toshlardan qurilganini ko‘radi. So‘ng o‘tirib tomosha qiladi, gilamlar to‘shalgan, buloq bo‘yida qadahlar terib qo‘yilgan, yostiqlar tizilgan bo‘ladi. So‘ng binoning shiftiga qaraydi, agar Alloh taolo taqdir qilmaganida, uning ko‘zi, albatta, ko‘r bo‘lardi, chunki shift chaqmoq misolidir. So‘ng Alloh taolo bizga xabar berganidek "Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan zot — Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida, hargiz yo‘l topa  olmas edik" (A’rof, 43), deydilar".
   Qitbiy "Uyunul axbor" nomli kitobida Ali roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan Alloh taoloning: "Biz taqvodor zotlarni otliq hollarida Rahmon dargohiga to‘playdigan kunni (eslang)" (Maryam, 85), oyatidagi "Otliq"dan murod nima?" deb so‘radim. U zot: "Otliq hollarida to‘planadilar", dedilar.   So‘ng "Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ular qabrdan chiqsalar, ustlarida oltindan bo‘lgan egarlar, turli-tuman gavharlardan bo‘lgan bezaklar tizilgan tuyaga minadilar, tuya ularni jannat darvozasi oldiga olib boradi. Jannat darvozasi oldida bir daraxt bor, uning tagidan ikki buloq chiqib turadi. Ularning biridan ichadilar. Ichganlari qorinlariga yetgach, Alloh ularni dunyodagi kirlik va axlatdan pok qiladi. Bu Alloh taoloning: "Parvardigorlari ularni nihoyatda pokiza sharobla sug‘organdir", degan so‘zidir. So‘ng ikkinchi buloqda cho‘miladilar, shundan keyin, ularning boshlari to‘zi-maydi, ranglari o‘zgarmaydi. So‘ng jannat darvozasining halqasini qoqadilar. Agar xaloyiq uning jarangini eshitsa, albatta, aqldan ozadi. So‘ng darhol Rizvon ismli farishta ularga eshikni ochadi. Ular uning go‘zal yuziga qarab, tiz cho‘kadilar. Rizvon ularga: "Ey Allohning do‘stlari, men sizlarga vakil qilinganman", deydi va ularni kumushdan bo‘lgan qasrlarga olib boradi, u qasrning ayvonlari oltindan bo‘lib, nurliligi, nozikligi va go‘zalligidan ichkarisi tashqarisidan, tashqarisi ichkarisidan ko‘rinib turadi. Shunda Alloh do‘stlari: "Ey Rizvon, bular kimniki?" deb so‘raydilar. Rizvon: "Sizlar uchun", deydi. Shunda, agar jannat ahlidan o‘lim ko‘tarilmaganida, ularning ko‘pchiligi shoddikdan o‘lgan bo‘lur edi. So‘ng ulardan biri qasrga kirishni xohlaydi. Rizvon unga: "Menga ergash, Alloh taolo sen uchun tayyorlab qo‘ygan narsalarni ko‘rsataman", deydi. Keyin unga qasrlarni, chodirlarni va boshqa narsalarni ko‘rsatadi. So‘ng uni yoqutdan bo‘lgan bolaxonaga keltiradi. U bolaxonaning pastidan yuqorisigacha yuz ziro’ bo‘lib, dur va yoqutlar turli-tuman ranglarda tovlanib turadi. Bolaxonada so‘ri bor, uzunligi va kengligi bir farsax, ustma-ust taxtlangan to‘shaklar uning ustida. Bu hol Alloh taoloning: "Baland ko‘tarilgan ko‘rpachalar (usti)dadirlar" (Voqea, 34), degan so‘zidir. To‘shaklar ham, so‘ri ham nurdan. Alloh do‘stining boshida toj bo‘ladi, unda yetmish bo‘lak bo‘lib, har bo‘lagida nur sochib turgan yetmishta yoqut bor. Darhaqiqat, Alloh uning yuzini to‘lin oydek qilgan.  Va unda nurdan yarqirab turgan uzun zanjirlar bor. Unda uchta — oltindan, kumushdan va durdan bo‘lgan bilaguzuk taqilgan. Bu Alloh taoloning: "Ular u joyda oltindan bo‘lgan bilaguzuklar va marvarid-marjonlar bilan bezalurlar, liboslari esa harir-ipak bo‘lur" (Haj, 23), degan oyatiga muvofiqdir", dedilar.
   Alloh taoloning: "(U diyor) abadiy turiladigan jannatlar bo‘lib..." (Ra’d, 23) oyati haqida Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: "Jannatlar yettita: dorul-jalol (ulug‘lik diyori); dorus-salom (tinchlik diyori); jannatu adn (mangu jannat); jannatul-ma’vo (ma’vo jannati); jannatul-xuld (abadiy jannat); jannatul-firdavs; jannatun-na’im".
   "Jannatlar to‘rtta", ham deyilgan. Chunki Alloh taolo: "Parvardigori (huzurida) turishdan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir" (Rahmon, 46), deb ortidan: "U ikki (jannatdan) quyiroqda ikki jannat bordir" (Rahmon, 62), dedi.
   Bu to‘rtta jannatdan boshqa beshinchi jannatni jannatul-ma’voni ham zikr qilganku, deyilsa: "Ma’vo jannati barcha jannatlarning umumiy nomidir", deyiladi. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zi dalolat qiladi:
   "Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun qilib o‘tgan amallari sababli jannat ma’volari manzil bo‘lur" (Sajda, 19).
   "Jannat" lafzi ismi jinsdir. Shuning uchun ba’zan "jannat", ba’zan "jannatlar", deb aytiladi. "Adn jannati" ham shunday. Chunki "adn" mangu degani, hamma jannat ham mangudir. Xuddi shuningdek, "ma’vo" ham, u boshpana, joy, degani, hamma jannatlar ham mo‘minlar uchun joydir. "Dorus-salom" va "dorul-xuld" ham shunday, barcha jannat tinchlik-omonlik va abadiylik diyoridir. Shuningdek,. "jannatun-na’im" ham, chunki hamma jannat turli ne’matlarga to‘la. Bu hakda Halimiy "Minhojuddin" kitobida zikr qilib aytganki: "Biz Adn, Ma’vo, Na’imlarni alohida-alohida jannat demaymiz, chunki Alloh uning nomlarini bir joyda bitta jannat uchun zikr qilgan bo‘lsa, boshqa joyda barcha jannatlarni shu nom bilan zikr qilgan. Shundan bilamizki, bu nomlar jannatlarni bir-biridan ajratish uchun emas, balki barcha jannatlar uchundir. Ayniqsa, Alloh taolo son bilan zikr qildi va uni to‘rttadan oshirmadi. Va bu jannatlarga darvozalar ham qildi va darvozalarni ochiq holda deb aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:  "Jannat darvozalari sakkiztadir", deganlar. Ehtimol, to‘rtta jannat-ning har birida ikkitadan darvozasi bordir.  Shuningdek, jannat ahlini sifatladi va sifatlayotganda ularni ikki sinfga ajratdi: biri — muqarrab-peshqadamlar; ikkinchisi — o‘ng tomon egalari. Va bizlarga bildirdiki, peshqadamlar yuqoridagi ikki oliy jannat egalari, o‘ng tomon egalari esa, u ikki jannatdan quyiroqdagi ikki jannat egalaridir". Bu haqda rivoyatlar kelgan.
   Said ibn Jubayr Ibn Abbos roziyallohu anhudan: "Parvardigor huzurida (turishdan) qo‘rqqan zotlar uchun ikki jannat bordir" (Rahmon, 42), oyatidan to "U ikki (jannat)dan quyiroqda ikki jannat bordir" (Rahmon, 62), oyatigacha bo‘lgan oyatlar haqida shunday rivoyat qiladi: "Avvalgi ikki jannat muqarrablar uchun, keyingi ikki jannat o‘ng tomon egalari uchundir". Abu Muso Ash’ariydan ham shunga o‘xshashi rivoyat qilingan.
   Alloh taoloning: "Ular u joyda oltindan bo‘lgan bilakuzuklar va marvarid-marjonlar bilan bezanurlar..." (Haj, 23), oyati haqida mufassirlar aytadilar: "Jannat ahlidan biror kimsa yo‘qki oltindan, marvariddan, kumushdan bo‘lgan uchta bilakuzuk bo‘lmasa. Bu yerda "oltindan va marvariddan" deyildi, boshqa oyatda: "...Ular kumush bilakuzuklar bilan bezangandirlar" (Inson, 21), deyilgan.
   Sahih hadislarning birida: "Mo‘minnning bezagi tahorat yetgan joygacha yetadi", deyilgan".
   Mufassirlar: "Podshohlar dunyoda bilakuzuk va tojlarni kiyar ekan, Alloh taolo jannat ahliga ham ularni kiydiradi, zero, ular jannatda podshohdirlar", deydilar.
   Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Mo‘minning jannatdagi hovlisi yaxlit durdan o‘yib yasalgan bo‘lib, unda qirqta uy mavjud, o‘rtasida daraxt bor, undan zeb-ziynatlar o‘sadi. U barmog‘i bilan marvarid, zabarjad va marjondan tizilgan kiyim-kechaklardan yetmishtasini oladi".
   Abu Hurayra rivoyat qiladilar: "Eshitishimcha, Allohning do‘sti ikki tarafli kiyim kiyadi. Kiyimning ikki tarafi chiroyli ovozda bir-birlari ila gaplashadi. Jasadga tegib turgan tarafi: "Allohning do‘stiga men mukarramroqman, chunki men uning badanini ushlayapman, sen esa tega olmaysan", deydi. Tashqarisi shunda aytadi: "Allohning do‘stiga men mukarramroqman, chunki men uning yuzini ko‘rib turibman, sen esa ko‘ra olmaysan", deydi".

Qayd etilgan


IXLOS  21 Avgust 2009, 11:14:01

DAVOMI...

   Yuqorida o‘tdiki, kim bu dunyoda ipak kiysa, oxiratda kiymaydi. Bu hadisni Abu Said Xudriy rivoyat qilganlar. Abu Amr rahimahulloh uni sahihligini aytib shunday deganlar: "Bu gap xuddi, mast qiluvchi ichimliklarni ichuvchi odam qachon jannatga kirsa, may ichmaydi ham, eslamaydi ham, uni ko‘rmaydi ham, nafsi ham xohlamaydi, deganga o‘xshashdir. Dunyoda ipakni kiygan odam ham, agar tavba qilmasa, shunday bo‘ladi". Tillo idishlarni ishlatib, tavba qilmaganlar ham shu hukmda. Ba’zilar: "Maydan, ipak libosdan, oltin idishda ichishdan mahrum qilinishlari do‘zaxda azoblanayotgan chog‘larida bo‘ladi. Do‘zaxdan shafoat yoki umumiy rahmat bilan chiqib, jannatga kiritilsalar, ular may, ipak kabi narsalardan mahrum bo‘lmaydilar. Chunki jannatda dunyo lazzatidan biror narsaning bo‘lmasligi jazolash va aziyatning bir turidir. Jannatda esa har qanday ko‘rinishdagi aziyat ham, jazo ham bo‘lmaydi", deydilar.
   Abu Said Xudriyning hadisi bu so‘zlarni rad qiladi. Chunki, quyi darajadagi banda o‘zidan yuqori darajani xohlay olmaydi. Bu unga jazo emas. Shu kabi jannat maylarini ham, ipaklarini ham nafsi xohlay olmaydi. Va bu unga aziyat bo‘lmaydi.
   Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahlidan bo‘lgan bir kishi bir oyda mingta hurga nikohlanadi.  Ularning har biri bilan dunyoda qancha yashagan bo‘lsa, shuncha muddat qo‘shiladi".
   Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: "Jannat ahlidan bo‘lgan bir kishi hur bilan yetmish yil qo‘shiladi. Bir-biriga hecham malol kelmaydi. Har qachon kelsa, uni bokira holida topadi va uning shahvati ham qaytadi, so‘ng uni yetmish kishining quvvati bilan jimo’ qiladi".
   Musayb ibn Shurayk aytadi: "Nabiy sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning:
   "Darvoqe’, biz ularni (ohu ko‘z hurlarni) daf’atan paydo qildik (ya’ni, ular onadan tug‘ilmadilar, balki Allohning qudrati bilan daf’atan paydo bo‘ldilar). So‘ng o‘ng tomon egalari uchun (yoshda ham husnu jamol va qaddu qomatda ham) bir-biriga teng, ehtirosli bokira qizlar qilib qo‘ydik" (Voqea, 35 — 36) oyati haqida shunday dedilar:  "Ular (ya’ni, ohu ko‘z hurlar) dunyo ojizalaridir. Alloh ularni yangidan paydo qildi. Har sayin erlari ularga kelsa, ularni bokira holda topadi". Oisha roziyallohu anho buni eshitgach: "Og‘riqdan qiynalmaydimi?" deb so‘radilar. U zot: "U yerda og‘riq bo‘lmaydi", dedilar.
   Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahlidan bo‘lgan kishi jufti bilan bir manzilda yetmish yil ne’matlanadi. So‘ng undan ham go‘zalroq va nurliroq boshqa bir hujradan: "Sen bizga olijanoblik qiladigan vaqt yetmadimi?" degan ovoz keladi. U: "Sen kimsan?" deydi. Hur: "Men  Alloh taolo: "Bizning huzurimizda qo‘shimcha (izzat-ikrom)lar ham bor", deb sifatlagan ayollardanman", deydi. So‘ng borib, u bilan yetmish yil bir manzilda ne’matlanadi. Keyin boshqa bir xonadan undanda go‘zalrog‘i va nurlirog‘i: "Sen bizga olijanoblik qiladigan vaqt kelmadimi?" deydi. U o‘girilib: "Sen kimsan?" deydi. U: "Men Alloh taolo: "Bas, ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot bo‘lsin, deb, ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini biror jon bilmas" (Sajda, 17), deb sifatlagan ayollardanman", deydi. Bas, u yerga borib, u hur bilan bir manzilda yetmish yil ne’matlanadi. Ular mana shunday aylanib yuradilar".
   "Shak-shubhasiz, jannat egalari bu Kunda (o‘zlari istagan — orzu qilgan) ish (lari) bilan shod-xurram bo‘lguvchidirlar" (Yosin, 55-oyati) haqida Qatoda dedi: "Oxiratda yosh juvonlarla hordiq chiqarish bilan mashg‘uldirlar".
   Alloh taolo: "U joyda ular uchun erta-yu kech rizqlar hozirdir" (Maryam, 62), oyati haqida ulamolar aytadilar: "Jannatda kecha ham, kunduz ham yo‘q. Ular doim nur ichida bo‘ladilar. Kecha kirganini pardalarning tushirilishi va darvozalarning yopilishi bilan, kunduz kirganini pardalarning ko‘tarilishi va darvozalarning ochilishi bilan biladilar". Buni Abulfaraj ibn Javziy zikr qilgan.
   Termiziy "Navodirul usul" kitobida Ubbon ibn Hasandan rivoyat qilingan hadisni taxrij qiladi: "Bir kishi: "Ey Rasululloh(s.a.v.), jannatda kecha bormi?" deb so‘radi. U zot: "Nega buni so‘rayapsan?" dedilar. U kishi: "Alloh taoloning: "U joyda ular uchun erta-yu kech rizqlar hozirdir", degan oyatini eshitdim", dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "U yerda kecha bo‘lmaydi. U faqat tongni ravohga (zavoldan kechagacha bo‘lgan muddat), ravohni choshta qaytarib turuvchi yorug‘lik va nur bo‘ladi. Ular salovotlar yo‘llaydigan va farishtalar salomlar aytadigan vaqtni bildirish uchun ularga turfa xil sovg‘alar keltiriladi", dedilar.
   Ibn Abbos: "Yana biz ularni ko‘ngillari istaydigan meva-cheva va go‘sht bilan quvvatlantirdik" (Vat-tur, 22), oyatini turfa xil mevalarni qurug‘i ham, ho‘li ham, deb tushuntirganlar.
   Mujohid: "(Jannat) soyalari ularga dalil va mevalara ham  (uzib tanovul qilish oson bo‘lsin uchun) egib qo‘yilgan bo‘lur" (Inson, 14), oyati haqida aytadi: "Ya’ni, mevalar osilib qo‘yiladi, qanday xohlasalar, shunday tanovul qiladilar, xohlasalar, tik turib, xohlasalar, o‘tirib, xohlasalar, yonboshlab, xohlasalar, yotib, qanday holatda bo‘lsalar, shunday tanovul qilishlari uchun mashaqqatsiz qilib qo‘yiladi".
   Ibn Muborak ham Barro roziyallohu anhudan shu ma’noni zikr qilgan.
   Zayd ibn Aslamdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahli jannatga kirsalar, bo‘ylari uzun xurmo kabi oltmish ziro’ bo‘ladi, jan-nat mevalaridan tik turgan hollarida tanovul qiladilar" (Ibn Muborak rivoyati).
   Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, jannat ahli mevalardan to‘shaklarida yas-tangan hollarida tanovul qiladilar, hali og‘izlariga olib bormasidan, o‘rnida yana boshqasi paydo bo‘ladi" (Yahyo ibn Salom rivoyati).
   "Ularga oltindan bo‘lgan laganlar(da taomlar va qadahlarda sharoblar) aylantirilur" (Zuhruf, 71), oyati haqida Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatning eng quyi manzili shundayki, uning (egasining) atrofida o‘n ming xizmatchi qoim bo‘ladi. Har bir xizmatchining qo‘lida ikki lagan bo‘lib, ularning biri oltindan, biri kumushdan, ularning har birida boshqasidan o‘zgacha nav bor". Buni Qitbiy "Uyunul axbor" kitobida zikr qilgan.
   Mufassirlar aytadi: "Eng quyi manzildagi kishini yetmish ming g‘ulom uni zavqlantirib, oltindan bo‘lgan yetmish ming lagan bilan aylanib yuradilar. U idishlarshshg har birida boshqasida bo‘lmagan taom bo‘ladi. Oxirgisidagi taomni birinchisidan yegandek ishtaha bilan yeydi. Oxirgisining ta’mini xuddi boshidagining ta’mini bilgandek biladi.  Jannatdagi eng yuqori manzilda bo‘ladigan kishini esa, har kuni yetti yuz ming g‘ulom har birida turli taomlar bo‘lgan yetti yuz ming idish bilan aylanib yuradilar. Laganning eng oxirgisidan birinchisidan yegan ishtaha bilan yeydi.  Oxirgisining ta’mini xuddi boshidagining ta’mini topgandek topadi. Shuningdek, qadahlarni ham aylantirib yuradilar.
   "Va o‘zi kumushdan (yasalgan bo‘lsada, nafisligidan) shisha-shisha bo‘lib ketgan qadahlar..." (Inson, 15—16). Ya’ni, shishaning sofligi kumushning oqligidan. Chunki har bir qavm o‘z yerining tuprog‘idan shisha oladi.  Jannatning tuprog‘i esa kumush, shuning uchun u yerdagi shishalar ham kumushdan yasalgan. Ibn Abbos roziyallohu anhumo bu haqda aytganlar: "U kumushning sofligidadir. Bunda jannatning yeri kumushdan ekaniga dalil bor. Chunki dunyoda idishlar tuproqdan olinadi. U idishlarning ichidan tashqi, tashqidan ichi ko‘rinib turadi. Xuddi may shisha idishda ko‘rinib turgani kabi. Birorta dunyo kumushida bunday bo‘lmaydi".
   "(U sharoblarni soqiylar) o‘lchab-belgilab qo‘ygandirlar" (Inson, 16), ya’ni, har kimning ehtiyojiga yarasha oz, ko‘p, o‘rtacha qilib o‘lchab qo‘yganlar. Bu gap Qatodaniki; Ibn Abbos va Mujohid: "Martaba-darajalariga ko‘ra belgilab qo‘yilgan, shunga yarasha keltiriladi", deydilar.   Soqiylardan murod farishtalardir.
   Shuningdek, farishtalar ularni may kosalarda sug‘orurlar. Boshqa oyatlarda keladiki:
   "Albatta, yaxshilar maykosalardan (may) ichurlar" (Inson, 5); "Ularga oqar chashmadan ichuvchilar uchun lazzat bo‘lgan oppoq (sharob) kosalari aylantirib turilur" (Saffot, 45). "Uning aralashmasi zanjabil bo‘lgan..." (Inson, 17). Arablar "zanjabil"ni juda yaxshi ko‘rar va unga zarbulmasallar keltirar edi, uni may bilan aralashtirib ichardi. Alloh taolo ularga yaxshi ko‘rgan narsalari bilan xitob qilib, go‘yo: "Agar iymon keltirsangiz, sizlarga oxiratda bu dunyoda yaxshi ko‘rgan narsalaringizga o‘xshashi bo‘ladi", demoqda.
   "Salsabil bilan sug‘orilur..." (Inson, 17). Salsabil ham chashmaning nomi bo‘lib, lug‘atda "o‘timli", deb, g‘oyatda muloyim bo‘lgani uchun shunday sifatlangan.
   Alloh taolo deydi: "Ular (jannatda) muhrlangan maydan sug‘orilurlarki, u mayning muhri mushk bo‘lur" (Mutaffifun, 25—26).
   Mujohid aytadi: "Oxirgi qultum mushk bilan muhrlanadi". Ba’zilar: "Bu mayni ichsa, oxiri mushk ta’mi bilan xotima topadi", deydi.
   

Qayd etilgan


IXLOS  21 Avgust 2009, 11:15:11

DAVOMI...

Abdulloh ibn Mas’ud muhri mushk bo‘lishi haqida "Muhrlangan emas, balki aralashgan bo‘ladi", deganlar.
   Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: "Kumush kabi oq mayning oxirgi qultumi mushk bilan nihoyalanadi. Agar dunyo ahlidan bir kishi qo‘lini unga bir botirib olsa, butun dunyo uning xush bo‘yini topadi".
   "Bas, bahslashguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida dunyoda solih amallar bilan) baxslashsinlar" (Muttaffifun, 26).                                                       
   "U mayning mizoji-aralashmasi tasnimdir. (Tasnim Allohning) muqarrab (yaqin) (banda)lari ichadigan bir chashmadir" (Mutaffifun, 27 — 28). Qatoda aytadi: "Undan muqarrab (yaqin) bandalar sof holda ichadilar va qolgan jannat ahllariga esa aralashtirib beriladi". Tasnim jannatdagi maylarning eng sharaflisi. U lug‘atda "baland" degan ma’noni bildiradi. Tasnim yuqoridan pastga qarab oqadigan chashmadir.
   Chashmalar muqarrablarga sharaf bo‘lish uchun yuqoriga ko‘tarib qo‘yilgan, hatto Arshning ostidan oqadi. Ali rivoyat qilgan hadis ham tasdiqlaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "œJannatda to‘rt chashma bor.  Ikkitasi Arshning ostidan oqadi. Alloh taolo shunday zikr qilgan: "Ular u (chashmani o‘zlari xohlagan joydan) chiqazib-oqizib olurlar" (Inson, 6). Ikkinchisi "tinmay otilib turguvchi ikki chashma"dir (Rahmon, 66). Yana ikki chashma Arshning yuqorisidan oqadi. Biri Alloh zikr qilgan "salsabil", ikkinchisi "tasnim"dir".
   Hakim Termiziy "Navodirul usul" kitobida aytadiki: "Tasnim — muqarrablar uchun; kofur —abrorlar uchun. Ularga kofurga tasnimdan aralashtirib beriladi. Jannat ahliga esa zanjabil va salsabil bo‘lgan maylar ichiriladi. Qur’on shunday zikr qilgan. Ya’ni, muqarrablarga tasnim, abrorlarga kofur, ahli jannatga zanjabil. Shuningdek abrorlarga aralashma bo‘lgani muqarrablarga sof holda, abrorlarga sof holda bo‘lgani ahli jannatga aralashma bo‘ladi.
Abrorlar — yaxshilar, sodiqlar, rostgo‘ylardir. Muqarrablar —yaqinlar, siddiqlar, o‘ta haqiqatgo‘ylar, Allohning yaqin bandalaridir.
   Hasan aytadilar: "Jannatning mayi sutdan oq, asaldan shirinroqdir".
   "Ularga oqar chashmadan ichuvchilar uchun lazzat bo‘lgan oppoq (sharob) kosalari aylantirilib turilur" (Vas-soffot, 45 — 46).
   "Yana ularning oldilarida ko‘zlarini (begonalarga qarashdan) tiyuvchi, go‘yo yashirib qo‘yilgan(oppoq) tuxumdek (pokiza, zahalanmagan) ohu ko‘zlar bo‘lur" (Vas-soffot, 48). Ya’ni, ko‘zlarini boshqalarga qarashdan tiyib, faqatgina erlariga qaraydilar.
   Ibn Zayd aytadi: "U ohu ko‘zlar erlariga: "Allohimning izzatiga qasamki, jannatda sendan go‘zalroq hech narsa ko‘rmayapman", deydi.
   Hasan va ibn Zayd aytadilar: "U ohu ko‘zlar tuyaqush o‘z patlari bilan shamol va g‘ubordan berkitib saqlab turgan tuxumiga o‘xshatildi. U tuxum oqlikda juda ham oppoq va bu ayollar ranglarining eng go‘zalidir".
   Ba’zilar: "Oqlikdan murod marvariddir, chunki Alloh taolo "Yana (ular uchun) xuddi yashirib qo‘yilgan marvarid misol ohu ko‘z hurlar bordir" (Voqea, 22), degan", deydilar.
   "U (jannat)larda xushxulq va go‘zal yuzli (ayol)lar bordir" (Rahmon, 70), oyati haqida Said ibn Abu  Omir aytadi: "Agar jannatdagi xushxulq go‘zallardan bittasi osmondan ko‘rinsa, osmonni yorishtirib yuboradi va yuzining nuri quyosh va oydan yunib keladi, uning yopinchig‘i dunyo va undagi barcha narsadan yaxshidir".
   Agarda Alloh taolo ularni xushxulq, go‘zal, deb sifatlayotgan ekan, kim yana ularni ta’riflab bera oladi, kim tasavvur qiloladi?! Hech kim.
   Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: "Chodir o‘yilgan durdir. Unda oltindan bo‘lgan to‘rt ming eshik tabaqasi bor".
   Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: "Chodir bitta yaxlit marvariddir. Unda yetmish mint eshik bor, barchasi  durdan". Ibn Muborak.
   Hakim Termiziy Alloh taoloning: "(Ular) chodirlarda asralgan hurlardir" (Rahmon, 72), oyati haqida shunday deydi: "Rivoyatlarda kelishicha, rahmat tomchilaridan yaralgan bulut Arshdan turib yomg‘ir yog‘adi. So‘ng har bir hurga anhorlar bo‘yida kengligi qirq mil bo‘lgan chodirlar quriladi. Bu chodirlarda birorta eshik bo‘lmaydi.   Qachon Allohning do‘sti jannatga kirsa, farishtalaru xizmatchilarning birortasining ko‘zi ularga tushmaganligi bildirishi uchun chodirlar uning ko‘zi o‘ngidan ochiladi. Darhaqiqat, ular maxluqlarning ko‘zlaridan berkitilgandirlar".
   Doruqutniy "Madih" nomli kitobida Mu’tamar ibn Sulaymondan zikr qiladi: "Jannatda bokira joriyalarni o‘stiradigan daryo bor".
   Hakim Termiziy "Rafraf" haqida aytadi: "Agar unga sohibi chiqsa, xuddi belanchak kabi o‘ngu chapga, pastu yuqoriga tebranadi. Sohibi ayollari bilan, ular bu bilan lazzat oladi. Qachon "rafraf"lariga minsalar, Isrofil alayhissalom zikr va madh bilan kuy qila boshlaydi. Xabarlarda rivoyat qilinishicha Allohning maxluqlari ichida Isrofildan ham ovozi chiroyliroq biror jonzot yo‘q. Agar u zikru madhni boshlasa, yetti osmon ahli salotu tasbehlaridan to‘xtaydi. Agar yana "rafraf"ga o‘tirsalar, Isrofil alayhissalom yana turli kuylar bilan Alloh taologa zikru tasbeh ayta boshlaydi.  Shunda jannatda birorta daraxt qolmay, barchasi gullaydi, birorta parda-yu eshik qolmay, hammasi tebranadi va ochiladi, birorta eshik halqasi qolmay, barchasi turli-tuman ovozlar bilan jaranglaydi, birorta hur joriya qolmay, barchasi kuyga jo‘r bo‘ladi, qushlar ham kuylari bilan qo‘shiladi. Alloh taboraka va taolo farishtalarga: "Ularga javob qaytaringlar va dunyoda shaytonning musiqalaridan quloqlarini saqlagan bandalarimga eshittiringlar", deb buyuradi.  Bas, farishtalar kuylari va ruhoniy-qorilarning ovozlari bilan javob beradilar. Shunda ikki tarafning ovozlari aralashib, bitta yaxlit larzaga aylanadi. So‘ng Alloh azza va jalla: "Ey Dovud, Arsh oldida turib meni ulug‘la", deydi. Dovud alayhissalom barcha ovozlarni jamlovchi va yana ravshanlantiruvchi ovoz bilan Parvardigorni ulug‘lay boshlaydilar, bu bilan lazzat yanada ziyoda bo‘laveradi":
   Yahyo ibn Abu Kasir "Bas, ular (jannat) bog‘ida shodlanurlar" (Rum, 15), oyati haqida: "Ular zikr va tasbeh bilan aytiladigan kuy ichida shodlanurlar", deydi.
   Yana ular" go‘zal gilamlar" (Rahmon, 76), "Tizib qo‘yilgan yostiqlar" (G’oshia, 15) ustida yastangan hollarida o‘ltirurlar.
   ."O’ng tomon egalari (bo‘lmoq) ne (saodat)dir" (Voqea, 27). Peshqadamlardan boshqa barcha jannat ahli o‘ng tomon egalaridir.
   Ular "tikansiz butazorlarda, tizilgan bananzorlarda" (Voqea, 28—29) ne’matlanadilar.
   Mufassirlar aytadilar: "Bu banan daraxtidir. Uni arablar rangi yashilligi uchun go‘zal daraxt hisoblashadi. Bu oyatda bananni aynan zikr qilib xoslagani shundaki, qurayshiliklar butazor va banan daraxtining soyasi ko‘pligi va ko‘kalamzorligi uchun juda ham qiziqishar va yaxshi ko‘rishar edi. Shuning uchun ularga yoqtirgan narsalariga o‘xshashi bilan xitob etildi va va’da qilindi. "Va ular uchun jannatda pokiza juftlar bordir. U zotlar jannatda abadiy qolajaklar" (Baqara, 25). Ya’ni, u juftlar bavl, balg‘am, tuflash, maniy va tug‘ishdan pokdir hamda ular u yerda abadiydirlar, u yerdan chiqish yo‘q. Bu gapni Mujohid aytgan.
   "So‘rilar ustida bir-birlariga ro‘rabo‘ o‘tirgan hollarida izzat-ikrom ko‘rguvchidirlar" (Vas-soffat, 44), oyati haqida Mujohid aytadi: "Ya’ni, biri birining orqasidan g‘araz bilan qaramaydi". Ba’zilar: "Oilasi bilan qanday xohlasalar, shunday aylanadilar, hech kim bir-birining orqasiga qaramaydi", deyishgan.
   Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: "So‘rilar" dur, yoqut va zabarjaddan bezalgan. U so‘rilarning har bittasi   San’odan Jobiyagacha va Adndan Aylagacha bo‘lgan oraliq ma-sofagacha".

Qayd etilgan


IXLOS  21 Avgust 2009, 11:26:52

MUSULMON VA MUSHRIKLARNING VAFOT ETGAN GO’DAKLARI HAQIDA.

   Abu Amr "At-tamhid bal istizkor" nomli kitobida, Abu Abdulloh Termiziy "Navodirul usul"da, shuningdek, mufassirlar  Alloh taoloning: "Har bir jon o‘zi (hayoti dunyoda) kasb qilgan amali sababli (do‘zaxda) ushlanguvchidir" (Mudlassir, 38) oyati haqida Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: "Ular musulmonlarning go‘daklaridir". Termiziy: Gunoh yoshiga yetmaganlar", deb ziyoda qilgan. Abu Amr aytadi: "Jumhur ulamolar musulmonlarning go‘daklari jannatda", deydilar. Ayrim ulamolar musulmon va mushriklarning go‘daklari jannat yoki do‘zaxdaligi haqida sukut qilganlar. Ular - Hammod ibn Zayd, Hammod ibn Salama, Ibn Muborak va Ishoq ibn  Rohavayhdirlar. Ular Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisga suyanadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan go‘daklar haqida so‘rashdi. Bas, aytdilarki: "Ularning nima qilganlarini Alloh bilguvchiroq".  Rasululloh (s.a.v.) "ular" (go‘daklar), deya umumiy aytdilar, musulmon yoki mushrik go‘dagi, deb ajratmadilar.
   Halimiy "Minhajuddin" nomli kitobida aytadi: "Mushriklar go‘daklari haqida sukut qilinadi. Musulmon go‘daklari haqida ham. Zero, Alloh taolo o‘zining azaliy va abadiy ilmi bilan ular balog‘atga yetganlarida, qanday amal qilishlariga qarab hukm etadi, bunga ushbu hadisni hujjat qilishadi: "Bir musulmon kishining yosh go‘dagi vafot qildi. Shunda  Payg‘ambar sollallohu adayhi va sallamning ayollaridan biri: "Jannat qushlaridan bo‘lgan qushga naqadar yaxshi", dedi. Shunda u zot: "Qaerdan bilasan? Albatta, Alloh jannatni yaratdi va uning ahlini ham yaratgan hamda do‘zaxni yaratdi va uning ahlini ham yaratgan", dedilar. Bu gap musulmonlarning go‘daklari haqida ham qatiy bir narsa deb bo‘lmasligiga dalolat qiladi".
   Halimiy aytadi: "Bu hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam go‘dakni jannatda deb qat’iy aytishni inkor qilganlari ehtimoldan xoli emas. Chunki bu narsadagi hukm ota-onasining iymoniga bog‘liq. Ota-onasi munofiq bo‘lishi mumkin. U holda go‘dak kofirlarning bolasi bilan qoladi. Bu fikr "Mushriklarning farzandi do‘zaxda bo‘lishi mumkin", deganlarning so‘ziga muvofiq.
   Balki bu inkor musulmonlarning bolalari haqida hali oyat tushmagan paytda aytilgan bo‘lishi mumkin. So‘ng Alloh taolo u zotga: "O’zlari iymon keltirib, zurriyotlari ham ularga iymon bilan ergashgan zotlarga (o‘sha) zurriyotlarini qo‘shdik" (Vat-tur, 21), oyatini nozil qildi. Alloh taolo bu oyatda hayoti dunyoda iymon keltirgan insonlarga zurriyotlarini e’tiqodda tobe’ etib, oxiratda ular bilan birga qilishi haqida xabar berdi. Bu bilan musulmonlarning zurriyotlari jannatdaligi bilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Rabbimdan menga jannat va do‘zax ahlini ko‘rsatishini so‘radim. Tushimda menga Jabroil va Mikoil alayhissalomlar kelib: "Yur, ey Abul Qosim!" dedilar. Men go‘daklarning shovqin-suronlarini eshitib: "Ey Jabroil, bular kimlar?" dedim. "Ular musulmonlarning otalaridan oldin vafot etgan zurriyotlari. Ular ota-onalariga qo‘shilgunga qadar Ibrohim alayhissalom qaramog‘ida bo‘ladi", dedi". Bu hadis musulmon go‘daklari jannatdaligiga dalolat qiladi".
   Halimiy hujjat qilgan mazkur hadisni Abu Dovud Tayolisiy Qays ibn Robi’dan, u Yahyo ibn Ishoqdan keltirgan.
   Oisha binti Talha Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamga janoza o‘qish uchun bir ansoriyning go‘dagi keltirildi. Men: "Hech qanday yomonlik qilmagan va yomonlik unga yetmagan", dedim. U zot:   "Ey Oisha, Alloh taboraka va taolo jannat ahlini ham, do‘zax ahlini ham ular otalarining bellarida paytidayoq yaratganini bilmaysanmi?" dedilar".
   Boshqa bir toifa ulamolar: "Musulmonlarning go‘daklari jannatda, mushriklarniki do‘zaxda", deb, Salama ibn Yazid  Ju’fiyning hadisini hujjat qiladilar: "Nabiy sollallohu alayhi va sallam oldlariga ukam bilan birga keldim va: "Ey  Rasululloh (s.a.v.), onamiz johiliyat davrida vafot etgan, lekin mehmonlarni hurmat qilar, silai rahmni o‘rniga qo‘yar, ro‘za tutar va falon, falon ishlarni qilar edi. Bu amallaridan birortasi unga naf beradimi?" dedik. U zot: "Yo‘q", dedilar.  Biz: "Onamiz johiliyatda hali esini tanimagan singlimizni tiriklayin ko‘mg‘an. Bu narsa singlimizga foyda beradimi?" dedik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Tiriklayin ko‘muvchi ham, ko‘milgan ham do‘zaxdadir, magar ko‘mgan odam keyin Islomni qabul etib, mag‘firat qilingan bo‘lsagina, najot topadi", dedilar".
   Boshqa bir rivoyat shunday deyiladi: "So‘ng u zot bizga yetgan narsani (ya’ni, xomush bo‘lganimizni) ko‘rib:  "Mening onam ham sizlarning onalaringiz bilan", dedilar".
   Bu hadisni Abu Dovud ham shunday rivoyat qilgan: "Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan: "Onam vafot etgan, u mehmonlarni hurmatini joyiga qo‘yar, qo‘shnilar haqqiga rioya qilar, ammo johiliyatda bir farzandini tiriklayin  ko‘mgan edi. Uning juda ko‘p molu davlati bor. Agar men uni onam uchun sadaqa qilsam, foydasi bo‘ladimi?" deb so‘radim. Shunda Rasululloh: (s.a.v.) "Islomni kim qabul etgan bo‘lsa, shundagina foyda beradi. Onang ham, tiriklayin ko‘milgan ham do‘zaxdadir", dedilar va bu narsa menga og‘ir botganini ko‘rgach: "Muhammadning onasi ham u bilan.  U ikkisida Muhammadning ixtiyori yo‘q", deb qo‘shib qo‘ydilar".
   

Qayd etilgan