Imom Qurtubiy. Jannat vasfi ("Tazkira"dan)  ( 104469 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


IXLOS  21 Avgust 2009, 11:27:24

DAVOMI...

Abu Na’im va boshqalar Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: "Mulk egasining ikki o‘g‘li Nabiy sollallohu alayhi va sallam oldilariga kelib: "Onamiz erlarini hurmat qilar, bolalariga muloyim, mehmonlarni izzat qilar edi, lekin johiliyatda bolasini tiriklayin ko‘mgan", deyishdi. U zot: "Onangiz do‘zaxda", dedilar. Ular yuzlari bo‘zarib, ortlariga qaytishdi. Nabiy alayhissalom ularni chaqirib kelishni buyurdilar. Ular biror bir yangilik umidida xursand bo‘lib kelishdi.  Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Mening onam ham sizlarning onalaringiz bilan", dedilar.
   Abdulloh ibn Qays aytadi: "Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan musulmonlarning zurriyotlari haqida so‘radilar. U zot: "Ular otalari bilan", dedilar. Oisha: "Amal qilmasdan-a?" dedilar. "Nima qilishlarini  Alloh bilguvchiroq", dedilar. So‘ng Oisha mushriklarning zurriyotlari haqida so‘radilar. "Otalari bilan birga", dedilar.  Oisha roziyallohu anho: "Amal qilmasdan-a?" dedilar. "Nima qilishlarini Alloh bilguvchiroq", dedilar Nabiy alayhissalom.
   Abu Umar aytadi: "Abdulloh ibn Qays shomlik tobeinlardan, ishonchli. Ammo undan mazkur hadisni rivoyat qilgan   Baqiya ibn Valid zaif va ko‘p hadislari munkardir. Lekin bu hadis Oisha onamizdan boshqa yo‘l bilan ham rivoyat qilingan".
   Yana bir toifa ulamolar aytadilar: "Go‘daklar ham oxiratda imtihon qilinadi. Bunga dalil Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis: "Rasululloh sol-lallohu alayhi va sallam johiliyat davrida (ya’ni, Islom kelmasidan avchal) halok bo‘lgan inson, nodon-aqlsiz inson hamda go‘dak haqida shunday dedilar: "Johiliyat davrida halok bo‘lgan odam: "Menga kitob ham, Payg‘ambar ham kelmadi", deydi", dedilar, so‘ng ushbu oyatni o‘qidilar: "Agar biz ularni (Muhammad kelishidan va Qur’on nozil bo‘lishidan) ilgari biror azob bilan halok qilganimizda, ular albatta:  "Parvardigoro, bizlarga biror payg‘ambar yuborganingda edi, bizlar xor-zor va sharmanda bo‘lmay, Sening oyatlaringga ergashar-itoat etar edik", degan bo‘lur edilar" (Toho, 134). So‘ngra yana so‘zlarida davom etdilar: "Nodon inson: "Ey Rabbim, menga yaxshi va yomonni ajratishim uchun aql bermading", deydi. Go‘dak esa:  "Parvardigoro, men balog‘atga yetmadim", deydi. Ulardan olov ko‘tariladi va: "Ularni qaytarib, unga kirgizinglar", deyiladi. Bas, ularni qaytaradilar va Allohning azaliy va abadiy ishida kim amal qilib, baxtlilar qatorida bo‘lishi yozilgan bo‘lsa, shu jannatga kirgiziladi va Allohning ilmida kim baxtsiz bo‘lsa (ya’ni, Islomni tanib, aqli yetib, balog‘atga yetsa ham, itoatsiz bo‘lish mumkin edi), u ushlab qolinadi. Bas, Alloh taolo: "Menga osiylik qilyapsizku, Payg‘ambarlarga qanday itoat qilardingiz", deydi".
   Bu hadis ma’no jihatidan zaifdir. Chunki oxirat imtihon diyori emas, savob va gunohlarning jazosini beradigan joy.
   Sumra ibn Jundub roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan uzun hadisda shunday deyilgan: "Jannatda bo‘yi eng uzun kishi Ibrohim alay-hissalom. Atroflaridagi bolalar esa, barcha fitratga ko‘ra tug‘ilgan go‘daklardir". Shunda: "Ey Rasululloh, mushriklarning bolalarichi?" deb so‘rashdi. "Mushriklarning bolalari ham" dedilar" (Buxoriy rivoyati).
   Bir jamoalar ulamolar mana shu fikrdalar. Ayni paytda bu boblarda zikr qilingan fikrlarning to‘g‘rirog‘i ham shu, ya’ni, mushriklarning go‘daklari jannatdadirlar. (Mazhabimiz amomi Abu Hanifa mushriklarning bolalari kaerda bo‘lishi haqida sukut qilganlar. - Muh.) Ular fikrlariga Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisni hujjat qiladilar:  "Xadicha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan mushriklar bolalari haqida so‘radilar. U zot: "Ular otalari bilan birga", dedilar. So‘ng bundan keyin yana so‘radilar. U zot unda: "Ular nima qiluvchi ekanliklarini Alloh bil-guvchiroq", dedilar. So‘ng Islom qaror topib, "Hech bir ko‘targuvchi (ya’ni, gunohkor jon) o‘zga jonning yukini (ya’ni gunohini) ko‘tarmas" (An’om, 164, Isro 15, Fotir, 18), oyati nozil bo‘lganidan keyin yana so‘radilar. U zot ularning jannatda ekani xabarini berdilar" (Abu Umar "Tahmid" kitobida keltirgan).
   Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:  "Parvardigorimdan bashariyat zurriyotidan bo‘lgan yosh bolalarni azob-lamasligini so‘radim, bas, U so‘raganimni berdi".
   Yana bir toifa ulamo: "Mushriklarning bolalari jannat ahlining xizmatchilaridir", deydi. Ularning xujjatlari Anas  roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisdir: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Mushriklarning bolalari jannat ahlining xizmatchilaridir". Bu xabarni Abu Umar zikr qilgan, ammo isnodi quvvatli emas, biroq, ular jannatda yoki jannatda xizmatchi, degan ma’no sahihdir.


Qayd etilgan


IXLOS  21 Avgust 2009, 11:32:48

FARZANDI VAFOT QILGAN KISHINING MUKOFOTI HAQIDA.

   Muslim Abu Hassondan rivoyat qiladi: "Men Abu Hurayra roziyallohu anhuga ikki o‘g‘lim vafot qilganini aytib,  Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan u ikkovi tufayli nafsimizni shodlantiradigan hadisni so‘ylab berishini so‘radim.  U zot: "Ularning kichiklari jannatning daomislaridir (daomis — suvda yuradigan kichik hayvon), ulardan biri otasini yoki ota-onasini kutib oladi va kiyimidan yoki qo‘lidan, men sening mana bu kiyimingdan ushlaganim kabi, ushlaydi, so‘ng Alloh uni va ota-onasini jannatga kirgizadi", dedilar".
   Abu Dovud Tayolisiy Shu’ba Muoviya ibn Kurradan, u otasidan rivoyat qiladi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga ansorlardan bir kishi o‘g‘li bilan tez-tez kelib turar edi. Bir kuni Rasululloh   sollallohu alayhi vasallam u kishidan: "O’g‘lingni yaxshi ko‘rasanmi?" deb so‘radilar. U: "Ha", deb javob berdi. "Sen uni yaxshi ko‘rgandek, Alloh seni yaxshi ko‘rsin", dedilar shunda Nabiy (s.a.v.). So‘ng u kishi bir muddat ko‘rinmay qoldi. Uni surishtirgan edilar, o‘g‘ilchasi vafot qilganini aytishdi. (U kelgach) Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Jannat eshiklaridan biriga yetganingda, u yugurib kelib, eshikni senga ochishiga rozi bo‘lmaysanmi?!" dedilar. Atrofdagilar: "Ey Rasululloh (s.a.v.), bu faqat unga tegishlimi yoki hammamizgami?" deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Hammalaringizga", dedilar".
   Uboda ibn Somitdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Nifoslik ayollarning (ya’ni, yangi tuqqan ayolning hali nifosdan poklanmay turib vafot etgan) bolasi qiyomat kuni ularni shodlik bilan jannatga yetaklaydi" (Abu Dovud rivoyati).
   Bu hadis mo‘minlar bolalari jannatda ekaniga dalolat qiladi. Ilm ahlidan ko‘pchilikning so‘zi ham shu, Alloh taoloning ushbu: "O’zlari iymon keltirib, zurriyotlari ham ularga iymon bilan ergashgan zotlarga (o‘sha) zurriyotlarini qo‘shdik" (Vat-tur, 21), oyatining zohiri ham shu ma’noni taqozo qiladi.
   Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Kimning balog‘atga yetmagan uch farzandi vafot qilsa, unga do‘zaxdan to‘siq bo‘lishadi va u jannatga kiritiladi" (Buxoriy rivoyati).
   Ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Kim esini tanimagan bolasidan uchtasini berib qo‘ysa, ular ota-onasi uchun do‘zaxdan mustahkam qo‘rg‘on bo‘ladilar". Abu Zar shunda: "Ikkita bolasi o‘lgan bo‘lsachi?" deb so‘radi. U zot: "Ikkita bo‘lsa ham", dedilar. So‘ng qorilarning sayyidi Ubay ibn Ka’b: "Bitta bo‘lsa-chi?" dedi. "Bitta bo‘lsa ham. Lekin dastlabki lahzadayoq sabr qilgan bo‘lsa", dedilar (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).
   Bu hadislarning hammasida musulmonlarning go‘daklari jannatda bo‘lishiga dalil bor. Chunki bolalar rahmat qilin-ganlari tufayli otalari ham rahmat qilinyapti. Bolalar rahmat qilinmagan bo‘lsa, otalariga shafoatchi qilinishi mumkin bo‘lmagan ishdir.


Qayd etilgan


IXLOS  21 Avgust 2009, 11:39:03

JANNAT AHLINING JANNATGA KIRGAN PAYTLARIDAGI YEGULIK VA SOVG’ALARI HAQIDA.

   Abu Said Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladylar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Qiyomat kuni yer bitta non zuvalagi kabi bo‘ladi, sizlar xamir qorib, zuvala qilganingiz yanglig‘ Alloh taolo uni zuvala qilgay, so‘ng jannat ahliga taom qilib yo‘llagay", dedilar. Shu asnoda bir yahudiy kelib: "Ey Abulqosim, Alloh taolo sizga barakot ato qilsin! Qiyomat kuni jannat ahliga yuboriladigan yegulik haqida sizga aytib beraymi?" dedi. Janob Rasululloh (s.a.v.): "Ha, ayt!" dedilar. Yahudiy: "Ha, Nabiy aytganlaridek, qiyomat kuni yer bitta non zuvalasi kabi bo‘ladi", dedi. Shunda Nabiy sol-lallohu alayhi va sallam bizga bir kulib qarab qo‘ydilar, hatto qoziq tishlari ko‘rinib ketdi, so‘ng "Uni xushxo‘r qiluvchi xurushlari haqida ham aytib beraymi? U "lom" va "nun" bilan xushxo‘r bo‘ladi", dedilar. Sahobalar: "U nima?" deyishdi. Janob Rasululloh (s.a.v.): "Ho‘kiz va nahang bo‘lib, ularning jigaridan o‘sib chiqqan parchasini yetmish ming kishi yeydi", dedilar" (Buxoriy va Muslim rivoyati).
   Rasulullohning (s.a.v.) mavlolari Savbon rivoyat qiladi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlarida o‘tirgan edim, bir yahudiy ruhoniy kelib: "Assalomu alayka, ey Muhammad (s.a.v.)", dedi. Shunda men uni bir itarib yubordim, yiqilib tushishiga oz qoldi. U meng‘a: "Nega itarasan?" dedi. Men: "Rasululloh (s.a.v.), demaysanmi?" dedim. Yahudiy: "Biz uni ahli chaqiradigan nom bilan chaqiramiz", dedi. Rasululloh (s.a.v.): "Ahlim meni Muhammad (s.a.v.), deb chaqiradi", dedilar. Juhud: "Sendan ba’zi narsalarni so‘rash uchun keldim", dedi. Janob Rasululloh (s.a.v.) unga:  "Ayttanlarim senga foyda berarmikan?" dedilar. U: "Ikki qulog‘im bilan eshitaman", dedi. So‘ng Rasululloh (s.a.v.) qo‘llaridaga cho‘p bilan yerni chizdilar-da: "So‘ra", dedilar. Yahudiy: "Yer boshqa yerga, osmonlar boshqa osmonga aylanib qoladigan kunda insonlar qaerda bo‘ladi?" dedi. Janob Rasululloh (s.a.v.): "Ko‘priksiz zulmat-da", deb javob berdilar. Yahudiy: "Birinchi ijozat beriladigan insonlar kimlar?" dedi. Janob Rasululloh (s.a.v.): "Muhojirlarning faqirlari", deb javob berdilar. Yahudiy: "Ularning yeguliklari nima?" dedi keyin. Janobimiz: "Ular uchun jannatning ko‘katlaridan yeb yurgan jannat ho‘kizi so‘yiladi", deb javob berdilar. Yahudiy: "Uning ketidan ichadigan ichimliklari nima bo‘ladi?" dedi. Janob Rasululloh (s.a.v.): "U yerdagi salsabil chashmasidan ichadilar", dedilar. Shunda haligi juhud ruhoniy: "Rost aytding", dedi" (Muslim rivoyati).


Qayd etilgan


IXLOS  21 Avgust 2009, 11:46:20

JANNAT KALITI "LAA ILAHA ILLALLOH" KALIMASI HAMDA NAMOZ EKANI HAQIDA.

   Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Namozning kaliti - tahorat, jannatning kaliti - namoz" (Abu Dovud rivoyati).
   Muoz ibn Jabalni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Yamanga yuborayotganlarida unga shunday dedilar: "Tez kunlarda ahli kitoblar sendan jannat kaliti haqida so‘raydilar, ularga "Laa ilaha illalloh", deb guvohlik bermoq, degin" (Bayhaqiy rivoyati).
   "Sahihul Buxoriy"da kelishicha, Vahb ibn Munabbahga: "Jannatning kaliti "laa ilaha illalloh" emasmi?" deyildi. Vahb:  "Shundoq, lekin har qanday kalitning tishlari bo‘la-di. Agar kalit tishli bo‘lsa, eshik ochiladi, tishi bo‘lmasa, ochilmaydi", dedi.
   Tishlar Alloh taoloni yakka-yu yolg‘iz bilish va Ungagina ibodat qilishdan iborat.
   Alloh taolo dedi: "Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga xushxabar beringki, ular uchun ostlaridan daryolar oqib turuvchi bog‘lar bor" (Baqara, 25);
   "Albatta iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun firdavs bog‘lari manzil bo‘lur" (Qahf, 107).
   Iymon bilan amal haqidagi bunday misollar Qur’onda juda ko‘p. Yuqorida Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilingan birinchi hadisning taqozosi ham shu.
   Jannat kaliti faqat tavhid ekani haqida hadislar juda ko‘p. "Sahihayn"da Abu Zar va boshqalardan rivoyat qilinadi:  Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Kim Alloh ta-ologa biror narsani shirk keltirmasdan vafot qilsa, jannatga kiradi", dedilar. "Zino va o‘g‘rilik qilsa hammi?" deyishdi. "Zino va o‘g‘rilik qilsa ham", dedilar.
   Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Malakul mavt (O’lim farishtasi) bir kishining oldida hozir bo‘ldi. A’zolarining har birini qarab chiqdi va hech qanday yaxshilik topmadi. So‘ng qalbini yorib ko‘rdi, unda ham hech narsa topmadi. So‘ng jag‘ini ochdi va tili tanglayiga "laa ilaha illalloh" deb yopishib qolganini ko‘rdida; "Ixlos kalimasini aytganing evaziga senga jannat vojib bo‘ldi", dedi" (Tabaroniy rivoyati).







"Tazkira..."ning "Jannat bobi" tugadi

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Avgust 2009, 05:53:00

MUNDARIJA

Muqaddima
Jannat ne’matlari, sifatlari va u haqida kelgan xabarlar
Jannat ahlining bu dunyodagi sifatlari
Jannatlarning bir-biridan afzalligi bormi?
Jannat ne’matlari va jannat ahliga tayyorlab qo‘yilgan narsalarning sifati haqida
Jannat anhorlari va tog‘lari hamda ularning bir parchasi dunyoda mavjudligi haqida
Ya’juj ma’juj chiqib zamon oxirlashganda, bu davrlarning yo‘qolishi, Qur’on va ilmning ko‘tarilishi haqida
Jannat daryolari qaerdan oqib chiqadi?
Xamr jannat egalarining sharobi ekani, kim uni dunyoda ichsa, oxiratda ichmasligi, jannat egalarining libos va idishlari haqida
Jannat daraxtlari, ularning mevalari va dunyodagi mevalarga o‘xshashlari haqida
Jannat liboslari haqida
Jannatdagi barcha daraxtlarning tanasi oltindan ekani haqida
Jannatdagi ziroat (ekin-tikin) haqida
Jannat eshiklari, ularning soni, kimlar uchunligi, nomlari va kengligi haqida
Jannat darajalari va ulardan mo‘minga beriladiganlari haqida
Jannat bolaxonalari va ularning egalari haqida
Jannatdagi qasrlar, hovlilar, uylar va mo‘min banda erishadigan narsalar haqida
Alloh taoloning "Baland ko‘tarilgan ko‘rpachalar", degan oyati haqida
Jannat chodirlari, bozorlari, jannatiylarning dunyoda qilgan ishlari va ibodatlarini eslashlari
Hech kimning jannatga ruxsatsiz kirmasligi haqida
Jannatga birinchi kiradiganlar faqirlar ekani haqida
Jannat ahlining sifati, darajasi, yoshi, bo‘yi, yoshligi, teri, kiyimi, tarog‘i, tutatqisi, jufti va tili hamda jannatda bo‘ydoq  bo‘lmasligi haqida
Hurlar, ularning so‘zlari va odamiy ayollarning javoblari hamda xo‘jayinlari haqida
Yaxshi amallar hurlarning mahri ekani haqida
Hurlar nimadan yaralganligi haqida
Kishi dunyoda qaysi xotin bilan bo‘lsa, oxiratda ham u bilan bo‘lishi haqida
Jannatda yeyish, ichish va nikoh xaqiqatda borligi, ifloslik, kamchilik va uyquning yo‘qligi haqida
Mo‘min qachon jannatda bolani xoxlasa, bir lahzada homila bo‘lishi, tug‘ilishi va ulg‘ayishi haqida
Jannatdagi barcha narsa abadiy, eskirmaydi,  bo‘lmaydi, tugamaydi
Jannatdagi ayol-hurning dunyoda yurgan juftlarini ko‘rishi haqida
Jannatdagi qush, ot va tuyalar haqida
Hino jannat rayhonlarining sayyidi ekani va jannat rayhonlar bilan o‘ralgani haqida
Qo‘y va echki jannat hayvonlaridan ekani haqida
Jannatning atrofi, hidi va so‘zlashi haqida
Jannatga ekin daraxt ekish "Subhonallohi val hamdu lillahi..." kalimasi ekani haqida
Zikr jannatni bino qilishda mablag‘ ekani haqida
Jannat ahlining eng quyi va eng oliy darajasi haqida
Allohning roziligi jannatdan afzalligi haqida
Jannat ahlining Alloh taoloni ko‘rishi eng katta ne’mat ekani haqida
Alloh taoloni ko‘rish haqida
Jannat ahliga alloh taoloning salomi haqida
"œVa yana bizning huzurimizda qo‘shimcha (izzat-ikrom)lar ham bordir" oyati haqida
Jannat va do‘zax ahli haqida kelgan oyat va ulamolar tafsiri xususida ulamolarning so‘zlari
Musulmon va mushriklarning vafot etgan go‘daklari haqida
Farzandi vafot qilgan kishining mukofoti haqida
Jannat ahlining jannatga kirgan paytlaridagi yegulik va sovg‘alari haqida
Jannat kaliti "Laa ilaha illalloh" kalimasi hamda namoz ekani haqida

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Avgust 2009, 05:56:07

Jannat vasfi



Muallif: Imom Qurtubiy
Hajmi: 500 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan