JANNAT BOLAXONALARI VA ULARNING EGALARI HAQIDA.
Alloh taolo deydi:
"Lekin Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar uchun (jannatda) ustma-ust qurilgan xonalar bo‘lib..." (Zumar, 20); "Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar ana o‘shalar uchungina qilgan amallari sababli necha barobar mukofot bo‘lur va ular (jannatdagi) yuksak manzillarda tinch-omon bo‘lurlar" (Saba’, 37);"Ana o‘shalar sabr-qanoat qilganlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalari bilan mukofotlanurlar" (Furqon, 75). Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahllari afzalliklari tufayli ulardan tepada bo‘lganlarga, xuddi ufqlarda porlab turgan yulduzlarga qaragandek qarab turadilar". Sahobalar: "Ey Rasululloh (s.a.v.), u payg‘ambarlarning manzilimi? Unga boshqalar yeta olmaydimi?" deb so‘rashdi. U zot: "Yo‘q, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ular Allohga iymon keltirgan va payg‘ambarlarni tasdiqlagan kishilardir", dedilar (Muslim rivoyati).
Yana Sahl ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Ana o‘shalar sabr-qanoatlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalar (ba’zi tafsirlarda: "bo-laxonalar") bilan mukofotlanurlar" hamda "...va ular (jannatdagi) yuksak manzillarda tinch-omon bo‘lurlar", oyati haqida dedilar: "Ular qizil yoqutdan yoki yashil zabarjaddan yoki oppoq durdan bo‘lgan bolaxonalardir. Jannat ahli u bolaxonalarni xuddi ufqning sharqi yoki g‘arbidagi yulduzlarni ko‘rgandek ko‘rib, tomosha qilib o‘tiradilar. Albatta, Abu Bakr va Umar ne’matlangan hollarida o‘shalardandir" (Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Alloh yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rganlar qizil yoqutli ustunlar ustidagi yetmish ming bolaxonalarda bo‘ladilar. Ularning husni, dunyo ahliga quyosh qanday nur sochsa, jannat ahliga shunday nur sochib turadi. Jannat ahllari bir-biriga: "Yuringlar! Alloh yo‘lida do‘stlashganlarni tomosha qilib kelamiz", deydilar. Qachon ularni ko‘rsalar, husnlari jannat ahliga nur taratadi, xuddi dunyo ahliga quyosh nur sochganidek. Ularning ustlarida ipak-shoyilardan bo‘lgan yashnab turuvchi liboslar bor. Peshonalariga: "Bular Alloh azza va jalla yo‘lida bir-birlarini yaxshi ko‘rganlar", deb yozib qo‘yilgandir" (Termiziy rivoyati).
Abu Imron ibn Umarning hadisida keladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Illiyyindagilar ahli jannatga qaraydi. Agar ulardan birortasi jannatga tashrif buyursa, yuzining nuridan jannat yanada yorishib ketadi. Shunda jannat ahli: "Bu qanday nur?" deydi. Ularga: "Illiyyin ahlidan itoatli, rostgo‘y, yaxshi banda tashrif buyurdi", deyiladi".
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Bolaxonadagilar Illiyyin ahlini xuddi ufqda nur sochib turgan yulduzni ko‘rgandek ko‘rib turadi. Abu Bakr bilan Umar ne’matlangan hollarida o‘shalardandir" (Sa’labiy rivoyati).
Rasululloh sollallohualayhi va sallam aytdilar: "Jannatda bir bolaxona bor, uning tashqarisi ichkarisidan, ichkarisi tashqarisidan ko‘rinib turadi". Shunda bir a’robiy: "Bu kimniki, ey Rasululloh?" deb so‘radi. U zot: "So‘zi shirin, taom beruvchi, ro‘zada bardavom bo‘lg‘an, insonlar uxlab yotgan paytda, qoim bo‘lib, namoz o‘qiganlar uchun", dedilar (Termiziy rivoyati).
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kuni huzurimizga chiqib: "Sizlarga jannat boloxonalari haqida xabar beray-mi? U alvon-alvon javohirlardan bo‘lgan. Uning tashqarisi ichkarisidan, ichkarisi tashqarisidan ko‘rinib turadi. Unda quloq eshitmagan, ko‘z ko‘rmagan ne’matu karomatlar bor", dedilar. Biz: "Ota-onamiz sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh! Bu kimga?" deb so‘radik. "Salomni yoygan, ro‘zada bardavom bo‘lgan, taom bergan va insonlar uxlab yotganida, namoz o‘qiganlar uchun", dedilar. Biz: "Ota-onamiz sizga fido bo‘lsin ey, Rasululloh! Bunga kim toqat qila oladi?" dedik. U zot: "Mening ummatlarim toqat qila oladi. Toqat qiladiganlar haqida sizlarga xabar beraman: kim musulmon birodariga yo‘liqqanda salom bersa, darhaqiqat, u salomni yoygan bo‘ladi; kim ahli oilasiga taom berib, ularni to‘ydirsa, taom bergan bo‘ladi; kim ramazon ro‘zasini tutib, yana har oy uch kun tutsa, u ro‘zada bardavom bo‘lgan bo‘ladi; kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa, batahqiq, u insonlar (ya’ni, yahudiy, nasoro va majusiylar) uxlab yotganda namoz o‘qigan bo‘ladi", dedilar" (Abu Na’im rivoyati).
Bu bolaxonalar egalarining amallariga ko‘ra turli xildir. Ba’zilari ba’zilaridan yuqori bo‘ladi.
Hadisda: "Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ular (bolaxonalar) Allohga iymon keltirgan va payg‘ambarlarni tasdiqlagan kishilar uchun", deyildi, biroq iymon va tasdiqdan boshqa birorta amal zikr qilinmadi. Bu yerda Allohga bo‘lgan yetuk iymon va payg‘ambarlarni hech ikkilanmasdan, dovdiramasdan tasdiqlagan inson nazarda tutilyapti. Zero, oddiy umumiy bo‘lgan iymon bilan bu manzillarga erishib bo‘lmaydi. Alloh taolo:
"Ana o‘shalar sabr-qanoatlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalari bilan mukofotlandilar" (Furqon, 75), dedi. Sabr butun jonini Allohga ibodatga sarflashdir. Yana boshqa bir oyatda:
"Molu dunyolaringiz ham bolalaringiz ham sizlarni Bizning dargohimizga yaqin qilguvchi emasdir. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar — ana o‘shalar uchungina qilgan amallari sababli necha barobar mukofot bo‘lur va ular (jannatdagi) yuqsak manzillarda tinch-omon bo‘lurlar" (Saba’, 37), deb, yuksak manzilning darajasini zikr qildi. Bu bilan hadisda tilga olingan iymon barcha buyruqlaru hukmlarni, xabari kelgan barcha narsani qalban tasdiqlagan holda mukammal iymon keltirish ekani ma’lum bo‘ladi. Agar banda solih amal qilsa-yu, ziddini ham aralashtirsa, u fosiddir. Fasod aralashmagan solih amallar esa faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi va sallam keltirgan narsalarga taskin topgan holda haqiqiy iymon keltirish bilan bo‘ladi. Fasod aralashganda esa, iymon va amal u darajada bo‘lmaydi. Shuning uchun manzili ham boshqalarnikidan pastroq bo‘ladi.
Buni Hakim Termiziy rahmatullohi alayh ham: "Bu ochiq ravshan narsa", deb ushbu oyatlarni zikr qilgan:
"Albatta (hayoti dunyodan Alloh taoloning amru farmonlariga itoat qilib o‘tgan) yaxshilar (jannatda) mizoji-aralashmasi kofur - Allohning (yaxshi) bandalari ichadigan (jannatiy) chashma - bo‘lgan maykosalardan (may) ichurlar (Inson, 5);
"U mayning mizoji-aralashmasi tasnimdandir. (Tasnim Allohning) yaqin (banda)lari ichadigan bir chashmadir" (Mutaffifun, 27-28). Alloh taolo yaxshilar bilan yaqin muqarrablarning sharoblarini ana shunday bayon qildi. Ularning toatdagi g‘ayratlari bilan solih amallardagi tafovutlarga ko‘ra manzil va darajalarini ham bayon qilingan:
"Darhaqiqat, yaxshilarning nomai a’mollari, shak-shubhasiz, illiyyindadir" (Mutaffifun, 18). Bas, inson "illiyyin"ga kirishi uchun abror va muqarrablardan bo‘lishga g‘ayrat qilsin. Illiyyin egalari Allohning hamsuhbatlaridir. Ular Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda nurli minbarlar egalaridir.
Alloh taolo muqarrablardan so‘ng o‘ng tomon egalarini ham bayon qilib aytadi:
"Endi kitobi - nomai a’moli o‘ng qo‘lidan berilgan kishiga kelsak, bas, u: "Mana, mening kitobimni o‘qinglar. Darhaqiqat, men hisob-kitobimga (ya’ni, oxiratdagi ajr-mukofotga) ro‘baro‘ bo‘lishimni bilgan edim", der. So‘ng u ko‘ngilli hayotda, mevalari (ahli jannat uchun) yaqin bo‘lgan yuksak jannatda bo‘lur" (Al-Haqqa, 19-22). O’ng tomon egalari oliy jannatdadirlar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Jannatda bir bolaxona bor, uning tepasida ilgagi ham, ostida ustuni ham yo‘q", dedilar. "Ey Rasululloh(s.a.v.), uning egalari unga qanday qilib kiradi?" deyishdi. U zot: "Bamisoli qush kabi kiradilar", dedilar. "Ey Rasululloh(s.a.v.), u kimlar uchun?" deyishdn. "Kasal, azob-uqubat va sinov ahllari uchun", dedilar (Abulqosim Zohir ibn Tohir Shahomiy taxrij qilgan).
Yana Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Qiyomat kunida shunday kishilar keltiriladiki, ular payg‘ambar ham emas, shahid ham emas, lekin Alloh tarafidan ularga berilgan manzil-darajalari sababli payg‘ambarlar va shahidlar ularga havas qiladi. Ular nurli minbarlarda bo‘ladilar". Sahobalar: "Ular kimlar, Rasululloh?" deyishdi. "Allohni insonlarga, insonlarni Allohga yaxshi ko‘rdirgan kimsalar", dedilar. Sahobalar: "Allohni insonlarga yaxshi ko‘rdirishku, tushunarli, ammo insonlarni Allohga qanday yaxshi ko‘rdiradilar?", deyishdi so‘ng. U zot: "Yaxshilikka buyuradilar va yomonlikdan qaytaradilar, agar insonlar itoat qilsalar, ularni Alloh taolo yaxshi ko‘radi", dedilar (Lays ibn Sa’d rivoyati).