Imom Qurtubiy. Jannat vasfi ("Tazkira"dan)  ( 103427 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


IXLOS  19 Avgust 2009, 14:46:29

JANNATDAGI QASRLAR, HOVLILAR, UYLAR VA MO’MIN BANDA ERISHADIGAN NARSALAR HAQIDA.

   Qasan aytadi: "Imron ibn Husayn va Abu Hurayradan "pokiza maskanlar" (Tavba, 72) oyatining tafsiri haqida so‘radim. Ular: "Eng biluvchidan so‘raymiz", deyishdi va so‘ng Rasululloh sollallohu alaihi va sallamdan so‘radik. U zot: "Jannatdagi durdan bo‘lgan qasrdir. U qasrda qizil yoqutlik yetmishta bino bor, har bir binoda toza zabarjadlik yetmishta uy bor, har bir uyda yetmishta so‘ri bor, har bir so‘rida turli-tuman yetmishta ko‘rpa-to‘shak bor, har bir to‘shakda hurlardan bo‘lgan yetmishta ayol bor va har bir uyda yetmishta dasturxon, har bir dasturxon ustida turli-tuman yetmish xil taom, har bir uyda yetmishta yosh o‘g‘il va qiz xizmatchilar bor. Alloh taboraka va taolo mo‘minga bir martada bularning barchasiga yetadigan quvvat ato etadi", dedilar.
   Ibn Zayd otasidan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Albatta, bir kishiga bir durdan yasalgan qasr beriladi. Bu qasrda yetmishta xona bor, har bir xonada hurlardan bo‘lgan bir ayol va har bir xonada yetmishta eshik bor, har bir eshikdan jannat hidlari kirib turadi. Bir eshikdan kirgan hid boshqa eshikdan kirgan hidga o‘xshamaydi", dedilar va Alloh taoloning: "Ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini biror jon bilmas" (Sajda, 17), oyatini o‘qidilar" (Ibn Vahb rivoyati).
   Burayda ibn Xosibdan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kuni tongda turdilar va Bilolni chaqirib: "Ey Bilol! Nima sababli jannatga mendan oldin kirding. Jannatga kirsam, oldimda oyog‘ing tovushini eshitdim. So‘ng to‘rt burchakli, oltindan tiklangan qasrni ko‘rdim va: "Bu qasr kimniki?" deb so‘radim. "Bir arabniki", deyishdi.  Men: "Men arabman, bu qasr kimniki?" dedim. "Muhammadning (s.a.v.) ummatidan bo‘lgan kishiniki", deyishdi. "Men  Muhammadman! Bu qasr kimniki?" dedim. "Umar ibn Xattobniki", deyishdi". Shunda Bilol roziyallohu anhu: "Ey Rasu-lulloh(s.a.v.), har qachon azon aytsam, darhol ikki rakat namoz o‘qiyman va qachon tahoratim ketsa, darhol tahorat olaman, zimmamda Alloh taolo uchun ikki rakat namoz bor deb bilaman" (ya’ni, ikki rakat namoz o‘qib olaman), dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Shu ikki (xislating) sababli ekan", dedilar" (Termiziy rivoyati).
   Tabaroniy Anas roziyallohu anhuning hadislaridan muxtasar keltiradi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatga kirgan edim, oltindan bo‘lgan qasrni ko‘rdim va: "Bu kimga?" deb so‘radim. "Umar ibn Xattobga", deyishdi".
   Dorimiy rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Kim "Qul huvallohu ahad"ni o‘n marta o‘qisa, uning uchun jannatda bir qasr bino qilinadi. Kim uni yigirma marta o‘qisa, ikkita qasr, kim o‘ttiz marta o‘qisa, uchta qasr bino qilinadi", dedilar. Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: "Unday bo‘lsa, qasrlarimizni ko‘paytirib olaylik", dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Alloh yanada ko‘paytirib berguvchi zotdir", dedilar.
   Hammod ibn Zayd Abu Sinondan rivoyat qiladi: "O’g‘lim Sinonni dafn qildim, Abu Talha Xavaloniy qabrning chekkasida turib dedi: "Menga Zahhok ibn Abdurahmon Abu Musodan hadis aytdi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Agar Alloh azza va jalla bandasining farzandini olsa, farishtalariga: "Bandam nima dedi?" deydi. Farishtalar: "Senga hamd va istirjo’ aytdi", deydilar. Alloh taolo: "Unga jannatda uy bino qilinglar va u uyni "hamd uyi" deb atanglar", deydi", dedilar" (Abu Dovud Tayolisiy chiqargan).


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 14:48:46

ALLOH TAOLONING "BALAND KO’TARILGAN KO’RPACHALAR", DEGAN OYATI HAQIDA

   Abu Said Xudriy aytadilar: "Nabiy sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning: (ya’ni, "Baland ko‘tarilgan ko‘rpachalar") (Voqea, 34), so‘zi xususida: "U (to‘shaklarning) balandligi osmon bilan yer orasicha, besh yuz yillik masofa kabi", dedilar (Termiziy rivoyati).
Ba’zi ahli ilmlar "ko‘rpacha"ni darajalar ma’nosida deb, har bir darajaning orasi osmon bilan yer oralig‘iga teng, deya, tafsir qilishgan.
   Ba’zilar esa: "Ko‘rpacha" jannatdagi ayollardan kinoya. Shunda undan husn va jamolda qadri baland bo‘lgan ayollar tushuniladi. Arablar ayolni to‘shak, kiyim, ishton, sovliq qo‘y, deb isti’ora qiladilar. Chunki to‘shak ayollar o‘rni, hadisda ham: "Farzand to‘shak sohibinikidir, fohisha esa boladan mahrum etiladi'', deyilgan. Shuningdek, Alloh taolo: "Ular (xotinlaringiz) sizlar uchun libosdir" (Baqara, 187);
   "(Da’vogarlardan biri dedi): Darvoqe’, mana bu mening birodarim bo‘lib, uning to‘qson to‘qqiz sovliq qo‘yi bor, mening esa birgana sovlig‘im bordir..." (Sod, 23), deb aytgan", deyishadi.

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 14:50:27

JANNAT CHODIRLARI, BOZORLARI, JANNATIYLARNING DUNYODA QILGAN ISHLARI VA IBODATLARINI ESLASHLARI.

   Abu Muso Ash’ariydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatda yaxlit durdan o‘yib yasalgan chodir bor, kengligi oltmish mil. Har burchagida mo‘min uchun ahllar bor. Ular bir-birlarini ko‘rmaydilar. Mo‘min ularni aylanib yuradi" (Muslim rivoyati).
   Boshqa bir rivoyatda: "Durdan ishlangan chodirning bo‘yi oltmish mil. Har bir burchagida mo‘min uchun ahllar bor, ular bir-birlarini ko‘rmaydilar", deyilgan.
   Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatda bir bozor bor. Har juma unga keladilar. So‘ng shamol esib, ularning yuzlari-yu kiyimlariga mushk sochadi va ularning husni jamoli ziyoda bo‘ladi. So‘ng husni va jamollari ziyoda bo‘lgan holda qaytadilar. Ahllari ularga: "Allohga qasamki, bizdan keyin husni jamolda yanada ziyoda bo‘libsiz", deydi" (Muslim rivoyati).
   Said ibn Musayyabga bir kuni Abu Hurayra: "Allohdan sen bilan meni jannat bozorida jamlanishini so‘rayman", dedilar. Said: "Jannatda bozor bormi?" deb so‘radi. Abu Hurayra roziyallohu anhu: "Ha", deb ushbulari aytib berdilar: "Farishtalar o‘rab turgan bozorga kelasan. Unda ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan, xayolga kelmagan narsalar bor. Xohlaganimiz beriladi, sotilmaydi ham, sotib olinmaydi ham. Va mana shu bozorda jannat ahllari bir-birlariga yo‘liqadilar. Yuqori manzil egalari quyirokdagilar bilan uchrashadilar — vaholanki, u yerda past darajaning o‘zi yo‘q uning ustidagi kiyimiga quyiroqdagining havasi keladi. U ham gapini tugatmasdanoq undan chiroylirog‘i unda gavdalanadi. Chunki biror kimsada jannatda xafalik bo‘lmaydi" (Termiziy rivoyati).
   Bu hadisni Abu Hurayradan mukammal tarzda Ibn Moja ham keltirgan. Unda bunday deyiladi: "Menga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xabar berdilar: "Jannat ahli jannatga kirsa, amallariga ko‘ra manzil-darajalarini egallaydi.  Ularga dunyodagi juma kuni miqdoricha muhlat beriladi, bas, ular Allohni ko‘radi. Alloh ularga Arshni va jannatning bir bog‘ida jamolini ko‘rsatadi. Ular uchun nurdan, durdan, yoqutdan, zabarjaddan, oltin va kumushdan bo‘lgan minbarlar qo‘yiladi. Ularning eng quyi manzildagisi — vaholangki, u yerda quyi darajaning o‘zi yo‘q — mushk va kofurdan bo‘lgan tepalikda o‘tiradi, ular minbarlardagi kursi egalarini o‘zlaridan afzal deb o‘ylamaydilar". Shunda men: "Ey  Rasululloh(s.a.v.), Parvardigorimizni ko‘ramizmi?" deb so‘radim. U zot: "Ha, havo ochiq kunda quyoshni va to‘lin oyni ko‘rishga biror narsa sizlarga to‘sqinlik qiladimi?" dedilar. "Yo‘q", deyishdi. "Xuddi shuningdek, Parvardigoringiz azza va jallani ko‘rishda ham to‘siq bo‘lmaydi. U majlisda Alloh taolo xitob qilmagan biror kimsa qolmaydi. Hatto ularning har biriga: "Ey falonchi, mana bunday, mana bunday qilgan kuningni eslay olasanmi?" deb dunyoda qilgan ishlarini eslatadi. U banda: "Ey Parvardigor, u ishimni kechirmaganmiding?" deydi. Parvardigor: "Ha, kechirganman! O’sha mag‘firatimning kengligi sababli sen shu manzylda o‘tiribsan", deydi", dedilar Nabiy alayhissalom".
   Parvardigor bilan bandalar bir-birlariga mana shunday xitob qilib turishgan chog‘da, bandalar ustini bulut qoplaydi va xushbo‘y yomg‘ir yog‘adi, uning bo‘yi boshqa biror narsada topilmaydi. So‘ng Parvardigor ularga: "Sizlarga saxiylik bilan tayyorlab qo‘ygan narsalarimga to‘yinglar va xohlagan narsalaringizni olinglar", deydi. So‘ng manzillariga qaytishadi va ularni juftlari kutib olishadi. Ular: "Xush keldingiz, marhabo, ketayotganingizda boshqacha edingiz, qaytganingizda jamolingiz va bo‘ylaringizdan yana ziyoda bo‘libdi", deyishadi. Ular esa: "Bugun biz Parvardigorimiz bilan hamsuhbat bo‘ldik va shu sababli ham biz bunday ko‘rinishda qaytishga haqlimiz", deydilar".
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatda bir bozor bor, unda sotish ham, sotib olish ham yo‘q. U yerda ayol-erkaklarning suvrat-qiyofalari bo‘ladi. Kim bir suvratga kirishni xohlasa, o‘sha qiyofaga kiradi" (Termiziy rivoyati).
   Anas ibn Molik aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Jannatda bozorlar bor, unda sotish ham, sotib olish ham yo‘q. Jannat ahli jannat xursandligiga muyassar bo‘lgach, tuproqlari mushk bo‘lgan mayin durlar ustida yastangan holda o‘tiradilar. Ular jannatlarda bir-birlari bilan dunyoda qanday bo‘lganlari, Allohga qanday ibodat qilganlari, qanday qilib kechalarni bedor, kunduzlarni qoim o‘tkazganlari, dunyodagi faqirlik va boylik qanday ekani, o‘lim qanday kechgani va shuncha sinovlardan keyin qanday qilib jannatga kirganlarini eslashib o‘tiradi".


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 14:51:27

HECH KIMNING JANNATGA RUXSATSIZ KIRMASLIGI HAQIDA.

   Salmon Forsiydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Jannatga biror-bir inson kiritilmaydi, faqat "Bismillahir. rohmanir rohiym, bu Alloh tarafidan falonchi o‘g‘li falonchiga bo‘lgan kitob, uni mevalari yaqin bo‘lgan oliy jannatga kirgizing!" degan ruxsat bilan kiradi" (Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
   Bu hadis jannatga hisob-kitob bilan kiritiladigan insonlar haqida bo‘lsa kerak.

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 14:55:45

JANNATGA BIRINCHI KIRADIGANLAR FAQIRLAR EKANI HAQIDA.

   Ibn Muborak aytadi: "Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallam oldlariga keldi va: "Ey Rasululloh (s.a.v.), qiyomat kunida Alloh taolo bilan hamsuhbat bo‘luvchilar haqida xabar bering", dedi. Rasululloh (s.a.v.): "Ular Allohdan qo‘rquvchilar, Allohga bo‘yinsunuvchilar, o‘zlarini kamtar oluvchilar, Alloh taoloni ko‘p zikr qiluvchilar", dedilar. U kishi: "Ey Rasululloh(s.a.v.), jannatga birinchi kiruvchilar ham o‘shalarmi?" deb so‘radi. U zot: "Yo‘q", dedilar. U keyin:   "Unda, jannatga birinchi kiradiganlar kimlar?" deya so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Faqirlar jannatga kirishda boshqalardan o‘zib ketadi. Shunda ularning oldidan farishtalar chiqib: "Hisob-kitobga qaytinglar!" deydi. Faqirlar: "Nimamizga hisob-kitob qilinamiz? Allohga qasamki, bizlarda mol-davlat bo‘lmagan bo‘lsa, uni ba’zilardan qiz-g‘anib, ba’zilarga isroflarcha sarf qilmagan bo‘lsak. Shuningdek, bizlar amir ham emas edikki, ba’zilarga adolat qilib, ba’zilarga zulm etgan bo‘lsak. Biroq bizlarga Alloh-ning amri keldi, biz Unga ibodat qildik va to huzuriga kelgunimizga qadar Unga toatda bo‘ldik", deydi. Shunda ularga: "Jannatga kiringlar, amal qiluvchilarning ajr-mukofoti naqadar yaxshi!" deyiladi".
   Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Faqirlar haqida Alloh taolodan qo‘rqinglar! Chunki Alloh taolo qiyomat kunida: "Bandalarim ichidan tanlaganlarim qani?" deydi. Farishtalar: "Ey Parvardigor, ular kimlar?" deb so‘raydi. Sho‘nda Alloh taolo aytadi: "Ular qadarimga rozi bo‘lgan, sabr qilgan faqirlardir, ularni jannatga kirgizinglar!" Bas, ular jannatga kiritiladi. Faqirlar yeb-ichib turganida, boylar hali hisob qilinayotgan bo‘ladi".
   Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Muhojirlarning faqirlari jannatga boylaridan besh yuz yil oldin kiradi" (Termiziy rivoyat).
   Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Faqirlar jannatga boylardan besh yuz yil oldin kiradilar, u yarim kundir". Roviylarning boshqa silsilasidan kelgan hadisda:  "Musulmonlarning faqirlari jannatga boylardan yarim kun, ya’ni, besh yuz yil oldin kiradi", deyilgan (Hasan sahih).
   Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: "Musulmonlarning faqirlari jannatga boylaridan yarim kun oldin kira-di", deganlarini eshitdim. Shunda: "Ey Rasululloh(s.a.v.), yarim kun qancha?" deb so‘rashdi. U zot: "Besh yuz yil", dedilar. "Bir yili necha oy?" deyishdi. "Besh yuz oy", dedilar: "Bir oy necha kun?" deyishdi so‘ng. "Besh yuz kun", dedilar. "Bir kuni qancha?" deb so‘rashgan edi, "Sizlar sanaydigan kundan besh yuztasi", dedilar Rasululloh".
   Jobir ibn Abdullohdan rivoyat: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Musulmonlarning faqirlari boylaridan qirq kuz (ya’ni, qirq yil) oldin jannatga kiradi" (Hasan sahih).
   Ibn Amr aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Muhojirlarning faqirlari qiyomat kuni jannatga  boylardan qirq kuz oldin kiradi" (Muslim rivoyati).
   Hadislardagi miqdorlarning turli xilligi faqirlarning holatlari turliligi bilan bog‘liq, shuningdek, boylarning ham.
   Shu bilan birga, faqirlarning jannatga birinchi kirganlari boylarning birinchi kirganlaridan qirq kuz, ya’ni, qirq yil, oxirgi kirganlaridan besh yuz yil oldin, deyish ham mumkin.
   Bu bobda kelgan hadislardan faqirlik boylikdan afzal ekani ham tushuniladi. Ammo ulamolar bu xususda bahs qilishgan. Hatto kitoblar, boblar bitilib, har bir fikr egasi o‘ziga yarasha hujjatlarni keltirishgan.
   Abu Ali Daqqoqdan: "Qaysi sifat afzal: boy-behojatlikmi yoki faqirlik?" deb so‘rashdi. U kishi: "Boy-behojatlik, chunki u Allohning sifati, faqirlik esa, bandaning. Allohning sifati bandaning sifatidan afzal, Alloh taolo: "Ey insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar. Allohning O’zi (barcha olamlardan) behojat va (barcha) maqtovga loyiq zotdir" (Fotir, 15), degan", dedi.
   Xullas, faqir — Allohning quli-bandasi. Garchi unda mol ko‘p bo‘lsa ham, u Allohning quli. U boydir, qachonki Alloh taologa suyansa va Undan boshqaga qaramasa. Aksincha, butun e’tibori dunyoga bog‘lanib qolsa va o‘zini molga muhtoj bilsa, u haqiqatda molning quli bo‘lgan faqirdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Dinorning quli nochor bo‘pti", deganlar. Bu hadisni Buxoriy va boshqalar keltirganlar.
   Bandaning sharafi esa, Allohga muhtojligi, Uni ulug‘lashi, Unga bo‘yinsunishi bilandir. Agar bo‘yin Allohga tavoze’ bilan egilsa, shu egilish uning azizligidir.
   Mol-davlatga bog‘lanib qolgan, unga haris va rag‘batli bo‘lgan boy haqiqatda bechoradir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Boylik mol-davlatning ko‘pligi bilan emas, balki nafsning boyligi bilandir", deganlar (Muslim rivoyati). Banda kifoya qiladigan narsaga qanoat etishi lozim. Chunki u tong otguncha yoki kech tushguncha bormi, yo‘qmi, bilmaydi.
   Boylik ham, faqirlik ham mol-davlatning ko‘p yoki kamligida emas. Bu yerda eng oliy uchinchi daraja ham bor. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallam so‘ragan "kaffof", ya’ni, insonlarga muhtoj bo‘lmaydigan darajadagi o‘rtacha rizkdir. U zot: "Ey Allohim, Muhammad oilasining rizqini yetarli qil", deb so‘raganlar. Ma’lumki, Rasululloh sol-lallohu alayhi va sallam hamisha holatlarning afzalini, daraja va amallarning oliyini so‘raganlar.
   Shuningdek, hamma olimlar o‘ta faqirlik ham, tug‘yonga olib boruvchi boylik ham yomonligiga ittifoq qilishgan.
   Ibn Mojaning "Sunan"ida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Qiyomat kuni faqir ham, boy ham, dunyoda menga yetarli darajada rizq berilganida edi, deb orzu qilib qoladi". Yetarli rizq esa, nochorlik bilan behojatlikning o‘rtasidir.
   Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir", deganlar. Chunki o‘rtahollik tug‘yonga olib boruvchi boylik ofatidan ham, Rasululloh sol-lallohu alayhi va sallam panoh so‘ragan o‘ta nochorlikdan ham salomat bo‘lishdir.
   Sohibi kaffof — o‘rtahol odam dunyo ne’matlari-yu shodliklarida dabdaba qilmaydi. Uning holati faqirnikiga yaqin.  Unga ham sabri uchun faqirga beriladigan savob beriladi. Shunga ko‘ra o‘rta hol kishilar ham, inshaalloh, jannatga faqirlar qatorida boylardan besh yuz yil oldin kiradi. Chunki ular o‘rtacha hayot kechiradilar, boy emaslar. O’rtachalik esa, ayni adolatdir. Alloh taolo:
   "Shuningdek, sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (adolatli) bir millat qildik" (Baqara, 143), degan.
   Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Umar roziyallohu anhu: "Jobiya degan joyda xutba qilib dedi: "Ey insonlar, men sizlarning orangizda qoim bo‘lib turibman, xuddi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oramizda qoim bo‘lganlaridek. U zot: "Sizlarga ashobimni va ulardan keyingilarni mahkam tutishingizni vasiyat qilaman. So‘ng yolg‘on yoyiladi, hatto qasam ichish talab qilinmasa ham, odamlar qasam ichadi, guvohlik so‘ralmasada, guvohlik beradi. Kishi nomahram ayol bilan xoli qolmasin, agar qolsa, uchinchisi shayton bo‘ladi", degan edilar. Jamoatni mahkam tutinglar, firqalanishdan saqlaninglar, chunki shayton yolg‘iz odam bilandir, ikki kishidan esa, uzoqdir. Kim jannat ne’matlarini xohlasa, jamoatni tutsin. Kim yaxshiliklardan xursand bo‘lsa va yomonlikni yomon ko‘rsa, ana o‘sha mo‘mindir" (Termiziy rivoyati).

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 15:01:22

JANNAT AHLINING SIFATI, DARAJASI, YOSHI, BO’YI, YOSHLIGI, TERI, KIYIMI, TAROG’I, TUTATQISI, JUFTI VA TILI HAMDA JANNATDA BO’YDOQ  BO’LMASLIGI HAQIDA.
   Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatga kiradigan birinchi guruh (boshqa bir rivoyatda: "Ummatimning bir guruhi", deyilgan) badr kechasidagi to‘lin oy yanglig‘ bo‘ladi. So‘ng ulardan keyingilari osmonda nur sochib turgan charaqlagan yulduz kabi bo‘ladi. (Yana bir rivoyatda: "So‘ng bundan keyin darajalar bo‘ladi", deyilgan.) Ular u yerda bavl qilmaydilar, axlat chiqarmaydilar, tuflamaydilar, burun qoqmaydilar.  Taroqlari oltin, tuproqlari mushk, juftlari hurlardir (boshqa rivoyatda: "Ulardan har birining ikkitadan jufti bor, go‘zal-liklaridan boldirlarining iligi ko‘rinib turadi. Ular o‘rtasida ixtilof, bir-birlarini yomon ko‘rish bo‘lmaydi. Ularning qalblari bir qalbdek, ertayu kech Allohga tasbeh aytadilar", deyilgan)" (Muslim rivoyati).
   Bir rivoyatda: "Ularning xulqlari bir kishining xulqidek, bo‘ylari otalarining bo‘yidek (ya’ni, Odam alayhissalomning bo‘ylaridek)", deyilgan. Yana bir rivoyatda: "Otalarining bo‘yidek oltmish ziro’ bo‘ladi", deyilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan: "Jannatda erkaklar ko‘pmi yo ayollar?" deb so‘rashganda: "Har bir kishi uchun ikkita ayol bo‘ladi, ularning boldirlari suyagidagi iliklari go‘shtining ustidan ko‘rinib turadi. Jannatda bo‘ydoq odam bo‘lmaydi", dedilar.
   Ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahlidan bo‘lgan ayol (shunchalik go‘zalki) boldirining oqligi yetmishta ziynat ortidan ham bilinib turadi, hatto iligi ham ko‘rinadi. Bu hol Alloh taolo aytganidekdir:"Ular (ya’ni, hurlar soflik va oqlikda) go‘yoki yoqut va marjonlardir" (Rahmon, 58). Chunki yoqut shunday toshki, agar uning orasidan ip o‘tkazsang, sofligidan u ip ko‘rinib turadi" (Termiziy rivoyati).
   Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Agar jannat ahlidan bo‘lgan bir ayol yer ahliga ko‘rinsa, yeru osmon o‘rtasi nurlanib, xush bo‘yga to‘lib-toshadi. Shubhasiz, uning boshidagi ro‘moli dunyo va undagi barcha narsadan yaxshidir" (Buxoriy rivoyati).
   Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahli soqolsiz, ko‘zlari tim qora bo‘ladi. Ularning yoshligi ketmaydi (ya’ni, qarimaydilar) va kiyimlari ham eskirmaydi" (Termiziy rivoyati).
   Muoz ibn Jabaldan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Jannat ahli jannatga soqolsiz, ko‘zlariga surma surtilgan holda yoshlari o‘ttiz yoki o‘ttiz uch bo‘lib kiradi".
   Jobir ibn Abdullohdan rivoyat: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahli soqolsizdir. Faqat Muso ibn Imronninggina kindigigacha soqoli bo‘ladi".
   Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu aytadilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Agar jannatdagi tirnoqchalik bir narsa dunyoga ko‘rinsa, butun yeru osmon o‘rta-sidagi narsalar ziynatlanib, yashnab ketadi. Agar jannat ahlidan bir kishi chiqib, yengini ko‘rsatsa, quyoshning nuri yo‘qoladi, xuddi yulduzning nurini quyosh yo‘qotganidek" (Ter-miziy rivoyati).
   Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Kishi yosh o‘ladimi, qari o‘ladimi, jannatda o‘ttiz yoshda bo‘ladi, undan oshmaydi, kamaymaydi ham. Do‘zax ahliniki ham shunday bo‘ladi".
   Yuqorida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda jannatda har bir kishi uchun ikkitadan ayol b-rilishi aytildi. Bu xabardan jannatda ayollar erkaklardan ko‘p bo‘lishi tushuniladi. Vaholanki, Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: "Ayollar jannatda kamchilikdir", deb ularning erkaklardan kamligi, aksincha, do‘zaxda ko‘pchilikni tashkil etishi aytilgan.
   Bu haqda ulamolarimiz turlicha fikrlar bildirishgan. Shulardan biri: mutlaq ayol zoti jannatda erkaklardan ko‘p bo‘ladi, bu to‘g‘ri. Ammo bu ko‘plik jannatda yaratilgan hurlarning hisobiga ko‘ra. Dunyoda yashab o‘tgan ayollar esa, jannatda erkaklardan oz bo‘ladi. Bu dunyo ayollari do‘zax ahlining ko‘pchiligidir.
   Jannatda dunyo ayollarining kamligi haqidagi hadis ayollar do‘zaxdalik paytlari nazarda tutib aytilgan bo‘lsa, ajabmas. Qachonki, do‘zaxdagi ayollar shafoat va Alloh taoloning rahmati tufayli do‘zaxdan chiqsa, hatto "Laa ilaha illalloh" degan birorta ayol qolmasdan jannatga kirsa, o‘shanda ayollar jannatda erkaklardan ko‘p bo‘lib, har bir erkakka dunyo ayollaridan ikkitasidan beriladi. Hurlar esa ko‘p-ko‘p ato etiladi.
   Xuddi shu ma’noda Abu Said Xudriydan rivoyat bor: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahlining eng quyi darajadagisi uchun sakson mingta xizmatchi va yetmish ikkita ayol (juft) bo‘ladi" (Termiziy rivoyati).
   Yana shu ma’nodagi hadisni Abu Muhammad Dorimiy ham Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
   "Taroqlari oltin, kumush, tutatqilari xushbo‘y bo‘ladi", degan so‘z xususida ba’zilarda shunday fikr tug‘ilishi mumkin: "Jannatda soch tarashga ne hojat, vaholanki, sochlari to‘zimasa, kir bo‘lmasa; tutatqiga ne hojat, o‘zlarining hidlari mushkdanda xushbo‘yroq bo‘lsa?"
   Ularga shunday javob beriladi: Jannat ahliga berilajak ne’matlar, kiyimlar ularning avratlarini yopishga muhtojliklari uchun emas, ularning yeb-ichish, taomlari ochlikdan emas, sharob, may kabilar chanqoq sababli emas, xushbo‘y tutatqilar tutatilishi ham ularning yoqimsiz hiddi bo‘lishidan emas. Balki bularning hammasi doimiy lazzat, uzluksiz ne’matdir. Alloh taolo Odam alayhissalomga aytgan so‘zni eslang: "Shubhasiz, sen u joyda (ya’ni, jannatda) och-yalang‘och qolmaysan. Va u joyda tashna ham bo‘lmaysan, issiqda ham (issiqdan qiynalib ham) qolmaysan" (Toho, 118—119).
   Buning hikmati shuki, Alloh taolo jannat egalarini jannatda dunyoda ne’matlantirmagan ne’matlar bilan ne’matlantiradi va ularga O’zidan boshqa hech kim bilmaydigan narsalarni ziyoda qilib beradi.
Xuddi shunday fikr do‘zax ahli haqida ham bo‘lishi mumkin. Alloh taolo: "O’shanda (ya’ni, do‘zaxga tashlanganlarida) ular bo‘yinlarida kishan va zanjirlar bilan qaynoq suv tomonga sudralurlar, so‘ngra olovda yondirilurlar" (G’ofir, 71);
   "Zero, Bizning dargohimizda (kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan) kishanlar va (ularni kuydirib ozor beruvchi) olov-do‘zax bordir" (Muzzamil, 12), degan. Bas, Alloh taolo ularni dunyoda azoblamagan azoblari bilan azoblaydi. Sha’biy aytadi: "Alloh taolo do‘zaxiylarni qochib ketmasin uchun kishanlaydi, deb o‘ylaysanmi? Yo‘q, Allohga qasamki, unday emas! Ular ko‘tarilishni xohlasalar, bu kishanlar ularga og‘irlik qilib, bosadi va bo‘sh holatda azoblangandan ko‘ra qattiqroq azoblanadi".
   Ibn Muborak aytadilar: "Bizga Said ibn Abu Ayyub Uqayl ibn Shihobdan ushbu hadisni aytdi: "Jannat ahlining tili arabcha, qabrdan chiqqanlarida suryoniy bo‘ladi".
   Sufyon aytadi: "Bizlarga yetdiki, insonlar qiyomat kuni jannatga kirishlaridan oldin suryoniy tilida gapiradi. Jannatga kirganlaridan keyin arab tilida so‘zlashadilar".

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 15:02:50

HURLAR, ULARNING SO’ZLARI VA ODAMIY AYOLLARNING JAVOBLARI HAMDA XO’JAYINLARI HAQIDA.

   Jannatda Odam alayhissalom qizlari bir xil yoshda bo‘lishlari va ammo hurlar turlicha ekani, jannat ahlining nafslari qanday xohlasa, shunday — kichik yoki katta bo‘lishlari haqida xabarlar bor.
   Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Albatta, jannatda hurlar yig‘ilib, ovozlarini baland ko‘tarib aytadilar — u ovozga o‘xshashini xaloyiq eshitmagan: "Biz abadiymiz, halok bo‘lmaymiz, huzur-halovatdamiz, mahrum bo‘lmaymiz, rozi bo‘luvchimiz, g‘azablanmaymiz. U bizniki va biz uniki bo‘lgan kimsa naqadar yaxshi!" deydilar.
   Oisha roziyallohu anho aytadilar: "Qachon hurlar mana shu so‘zlarni aytsalar, dunyo ahlidan bo‘lgan mo‘mina ayollar ularga: "Biz namoz o‘qiganmiz, sizlar o‘qimagansizlar, biz ro‘za tutganmiz, sizlar tutmagansizlar, biz tahorat olganmiz, sizlar olmagansizlar, biz sadaqa qilganmiz, sizlar qilmagansizlar", deb javob qaytaradilar. Va dunyo ayollari ulardan g‘olib keladi". Alloh bilguvchiroq.
   Muhammad ibn Ka’b Quraziy aytadi: "Allohga qasamki, agar hurlardan biri Arshdan o‘z bilakuzugini ko‘rsatsa, bilakuzugining nuri quyosh va oyning nurini, albatta, o‘chiradi. Shunday ekan, uni taqqan hurning o‘zi qanday bo‘ldi?! Alloh taolo hurga qanday kiyim va ziynatlar yaratsa, uning egasiga ham shundayini yaratadi".
   Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdilar: "Jannatda "iyno" degan bir hur bor. Yursa, atrofida, o‘ng va so‘l tarafida yetmish ming xizmatchi bo‘ladi. U: "Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarganlar qaerda?" deb aylanib yuradi".
   Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytdilar: "Jannatda "la’ba" deb ataluvchi hur bor. Agar u dengizga tuflasa, suvi shirin bo‘lib ketadi. Uning dudog‘iga: "Kim meni xohlasa, Parvardigorimga itoat qilsin", deb yozib qo‘yilgan".
   Nabiy sollallohu alayhi va sallam "Isro" kechasidagi hurlarning vasfini shunday keltirganlar: "Ularning boshida yuzta soch o‘rimi, har bir soch o‘rimining orasida oltmish mingta kokil bor, har kokil to‘lin oydan ham nurliroq, boshlariga dur va sof gavhardan toj kiydirilgan. Uning peshonasiga duru gavhar bilan birinchi satrda: "bismillahir rohmanir rohim" deb, ikkinchi satrda: "Kim meni xohlasa, Rabbimning toatida bo‘lsin", deb yozilgan. Jabroil alayhissalom menga: "Ey   Muhammad(s.a.v.), bu va bunga o‘xshaganlar sening ummating uchun. Xursand bo‘l, ey Muhammad(s.a.v.), va ummatingga xushxabar ber hamda ularni g‘ayrat qilishga buyur", dedi".
   Abulqosim Xataliy aytadi: Ato Salmiy Moliq ibn Dinorga: "Bizni shavklantiring", dedi. Molik: "Ey Ato, albatta, jannatda bir hur bor, uning go‘zalligi bilan jannat ahli bir-birlariga faxrlanadilar. Agar Alloh taolo jannat ahliga o‘lmaslikni yozmaganida (ya’ni, jannatda o‘lim bo‘lganida) uning go‘zalligidan hamma o‘lib qolar edi", dedi.
   Muhammad ibn Solih deydi: "Ato Molikning bu so‘zidan keyin (o‘sha hurning ishqida) qirq yil mahzun holda yurdi".
   Ibn Muborak aytadi: Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytdilar: "Hurlarning ikki boldir suyagining iligi go‘shti, suyagi va yetmishta bezagi ortidan, xuddi qizil may oq shishaning ichida ko‘rinib turgandek ko‘rinib turadi".
Habbon ibn Abu Jabala aytadi: "Dunyo ayollaridan jannatga kirganlari dunyoda qilgan amallari sababli hurlardan afzal bo‘ladi".
   Yana bir rivoyatda: "Odam ayollari hurlardan yetmish ming barobar afzalroqdir", deyilgan.


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 15:04:47

YAXSHI AMALLAR HURLARNING MAHRI EKANI HAQIDA.

   "Iymon keltirib yaxshi amallar qilgan zotlarga xushxabar beringki, ular uchun ostlaridan daryolar oqib turuvchi bog‘lar bor. Qachon o‘sha bog‘larning biror mevasidan bahramand bo‘lsalar, "ilgari totib ko‘rgan narsamizku", deyishadi. Zero, ularga surati bir-biriga o‘xshash mevalar beriladi. Va ular uchun jannatda pokiza juftlar bordir. U zotlar jannatda abadiy qolajaklar" (Baqara, 25).
   Hakim Termiziy "Navodirul usul"da keltiradi: AbuMas’-ud G’iforiy aytdi: "Alloh taolo: "Chodirlarda asralgan hurlar", deya sifatlagani yaxlit durdan o‘yib ishlangan chodirlardagi hurlardir. Ulardan har birining yetmish xil ziynati bor, u ziynatlarning biridagi rang boshqasida takrorlanmaydi. Ularga yetmish xil hid beriladi, bir hid boshqasida takrorlanmaydi. Ularda har bir ayol uchun dur va yoqutdan o‘yilgan yetmishta so‘ri bo‘ladi. Har bir so‘rida yetmishta to‘shak, har bir to‘shakda bolishlar bor. Har bir ayolga yetmish ming qiz va bola xizmat qiladi, ularning qo‘lida turli xil taomlar solingan oltin likopchalar bor. Taomlarning lazzati ham bir-birinikidan o‘zgacha. Uning juftiga ham shuning misli beriladi. Qizil yoqutdan bo‘lgan so‘ri ustida yoqutdan ishlov berilgan ikkita bilakuzuk bor. Bu ne’matlar ramazon oyida tutilgan ro‘zaning har bir kuni uchundir".
   Miqdam ibn Ma’dikaribdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Allohning huzurida shahid uchun olti xislat bor... Unga hurlardan yetmish ikkitasi nikohlab beriladi" (Termiziy rivoyati).
   Bu xabarlar Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisdagi har bir jannatiyga beriladigan ikkita ayol dunyo ayollaridan ekanini quvvatlaydi.
   Yahyo ibn Muoz aytadi: "Dunyoni tark qilish qattiqdir, lekin jannatni yo‘qotish undanda qattiq. Oxiratning mahri dunyoni tark qilishdir".
   Huri iynlarning mahri masjidlarni supirib-tozalash ekani ham aytilgan. Bu haqda Anas rozyyallohu anhuning hadislarida keladi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam ayt-dilar: "Hurlarning mahri masjidlarni supirishdir".
   Abu Qarsofa ham: "Nabiy sollallohu alayhi va sallamning: "Masjiddan axlatni chiqarib tashlash huri iynlarning mahridir", deganlarini eshitdim", deydi.
   Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Hurlarning mahri bir necha hovuch xurmo va bir necha burda nondir" (Buni Sa’labiy ham zikr qilgan).
   Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Odam bolasining qiziga juda ko‘p mol evaziga uylanasizlar, vaholangki, hurlarni bir luqma taom, bir dona xurmo va bitta kiyim evaziga tark qilasizlar (ya’ni, hurga erishish uchun sadaqa qilib turmaysizlar)".
   Sahnundan rivoyat qilinadi: "Misrda Said ismli kishi bor edi. Uning onasi obida ayol edi. Said agar kechasi namozda qoim bo‘lsa, onasi ham orqasidan turardi. Agar uyqusi kelib, mudroq bossa, onasi: "Ey Said, do‘zaxdan qo‘rqadigan, go‘zal hurlarga uylanadigan inson uxlamaydi", der, shunda Said yana tetik holda ibodatini davom ettirar edi".
   Sobitdan rivoyat qilinadi: "Otam yarim kechasi juda ko‘p ibodat qilardi, aytardiki: "Bir kuni kechasi tushimda dunyo ayollariga o‘xshamaydigan o‘ta go‘zal qizni ko‘rdim va unga: "Sen kimsan?" dedim. U: "Hurman" dedi. "Menga xotin bo‘l", dedim. U: "Alloh tomonidan meni o‘zingga nikohlab ol va mahrimni ber", dedi. "Mahring nima?" deb so‘radim. U: "Ko‘p tahajjud", dedi".
   Shoirlar: "Ey hurlarga go‘shangada nikohlanuvchi, ey qadri baland hurlarni talab qiluvchi, beparvo bo‘lma, g‘ayratingni susaytirma, unga yetishishda sabrli bo‘l. Insonlarni tark qil, ular bilan aldanib qolma. Kechalari namozda qoim tur, kunduzlari tong otganda soim bo‘l, mana shular hurlarning mahridir. Chunki agar ko‘zing ularning kutib olishini, ko‘kraklari-yu nozlanib qarashlarini, dudoqlari-yu qomatlarini ko‘rsa, shubhasiz, bu dunyodagi ko‘rayotgan barcha xursandligu o‘yin-kulgularing, rohatu farog‘atlaring arzimas ekanini bilib qolasan", degan ma’noda juda chiroyli she’rlar bitishgan.
   Qori Muzar aytadi: "Bir kuni kechasi Qur’on o‘qiyotganimda meni uyqu bosdi. So‘ng uxlab qoldim. Shunda tushimda bir joriyani ko‘rdim, uning yuzi to‘lin oydek go‘zal, qo‘lida bir qog‘oz bor edi. Menga: "Qur’on o‘qiyapsanmi, ey shayx?" dedi. "Ha", dedim. U: "Mana buni o‘qi", dedi. Qog‘ozni olib ochdim, unda nimadir yozilgan edi. Allohga qasamki, shu zahoti uyg‘onib ketdim, unda nima yozilganini hech eslay olmadim".
   Molik ibn Dinor aytadi: "Men kechasi Qur’on o‘qir edim. Bir kuni o‘qiyotib, uxlab qoldim va tushimda husnu jamolda tengsiz joriyani ko‘rdim. Uning qo‘lida bir parcha qog‘oz bor edi. U menga: "Qur’on o‘qishni yaxshi ko‘rasanmi?" dedi.   Men: "Ha", dedim. Shunda u menga o‘sha qog‘ozni berdi. Unda ushbu baytlar bitilgan edi: "Uyqu seni jannatdagi osoyishtalik va go‘zallardan mashg‘ul qilib qo‘ydi. U yerda abadiy yashaysan, o‘lim yo‘q va chodirlarda go‘zallar bilan o‘yin-kulgu qilasan. Uyqudan voz kech, albatta, kechasi Qur’on o‘qish uyqudan yaxshidir".


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 15:06:18

HURLAR NIMADAN YARALGANLIGI HAQIDA.

   Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan hurlar nimadan yaratilgani haqida so‘rashdi. Aytdilar: "Uchta narsadan: pastroqdagilari mushkdan, o‘rtadagilari anbardan, oliylari kofurdan. Sochlari va qoshlariga nurdan bo‘lgan qoralik chizilgan" (Termiziy rivoyati).
   Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: "Alloh taolo huri iynlarni oyoq barmoqlaridan tizzasigacha za’farondan, tizzasidan ko‘kragigacha mushkdan, ko‘kragidan bo‘ynigacha anbardan, bo‘ynidan boshigacha oq kofurdan yaratdi. Ularning egnida riongul (juda go‘zal gul) kabi yetmish ming bezak bor. Agar qarasa, yuzidan xuddi quyosh dunyo ahliga nur sochganidek porloq nur taraladi. Agar unga qaralsa, kiyimlari va terisining nozikligidan jigari ko‘rinadi.  Boshida xushbo‘y mushkdan bo‘lgan yetmish ming kokil sollanib turadi. Har bir kokilning etagida bir xizmatchi qiz ko‘tarib yuradi va: "Alloh-ning do‘stlari uchun qilgan amallari evaziga mukofotdir", deb nido qiladi".


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 15:07:50

KISHI DUNYODA QAYSI XOTIN BILAN BO’LSA, OXIRATDA HAM U BILAN BO’LISHI HAQIDA.

   Ibn Vahb Molikdan zikr qiladi: Abu Bakrning qizi Asmo eri Zubayr ibn Avvomga qarshi chiqib, gap talashib qolishdi.  Eri unga ham, kundoshlariga ham g‘azab qilib, sochlaridan ushlab olib qattiq urdi. Kundoshlari qo‘rqar, Asmo esa unchalik hayiqmas edi. Zarb qattiq tekkani sababli otasi Abu Bakr roziyallohu anhuga shikoyat qildi. Shunda u zot:   "Ey qizginam, sabr qil! Zubayr yaxshi odam. Va u jannatda ham sening ering bo‘lishi mumkin. Kishi bir ayolni xotin tutsa, jannatda ham unga uylanishini eshitganmiz", dedilar.
   Agar ayollar birdan ortiq er ko‘rgan bo‘lsa, oxirgisi bilan bo‘ladi.
   Huzayfa roziyallohu anhu ayollariga aytdilar: "Agar Alloh taolo bizlarni jannatda jamlasa, kim mening xotinim bo‘lishni xohlasa, mendan keyin erga tegmasin. Chunki ayol dunyodagi oxirgi eri bilan bo‘ladi".
   Muoviya ibn Abu Sufyon Ummu Dardoga sovchi qo‘ydi. Ummu Dardo bosh tortib aytdiki: "Abu Dardo menga  Rasulullohning(s.a.v.): "Ayol jannatda oxirgi eri bilan bo‘ladi", degan hadislarini aytib: "Agar jannatda mening xotinim bo‘lishni xohlasang, mendan keyin turmushga chiqma", degan".
   Abu Bakr Najjod zikr qiladi: Anas roziyallohu anhu aytdilar: "Payg‘ambar alayhissalom ayollari Ummu Habiba aytdi:  "Ey Rasululloh(s.a.v.), dunyoda bir ayolning ikki eri bo‘lgan bo‘lsa, vafot qilganlaridan keyin Alloh ularni jannatda jamlasa, qaysi biriga bo‘ladi: birinchisigami yo ikkinchisiga?" U zot: "Xulqi go‘zalrog‘iga", dedilar.
   Yana boshqa rivoyatlarda, ayolning erlari ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, tanlaydi, deyilgan.


Qayd etilgan