Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi va sallam:
«Allohning to'qson to'qqizta ismi bor. Kim ularni yod olsa, jannatga kiradi. Albatta, Alloh toqdir va toqni yaxshi ko'radi», dedilar».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan.
Alloh toq bo'lgani va toqni yaxshi ko'rgani uchun ham Uning go'zal ismlari to'qson to'qqizta bo'lgan. Kim o'sha to'qson to'qqiz ismni yod olsa jannatga kiradi. Chunki bu go'zal ismlarni yod olgan kishi Alloh taoloning go'zal ismlarini doimo zikr qilib yuradigan banda bo'ladi.
Ammo bu Alloh taoloning to'qson to'qqizdan boshqa ismi yo'q degani emas. Albatta, Alloh taoloning ismlari ko'p.
Qo'yidagi hadisi sharifda Alloh taoloning go'zal ismlari sifatida mashhur bo'lgan to'qson to'qqiz ismni zikri keladi.
Yana o'sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Allohning to'qson to'qqizta ismi bor. Kim ularni to'liq bilib olsa, jannatga kiradi. U Undan o'zga ilohu ma'bud yo'q Allohdir. Rahmon, Rohiym, Malik, Quddus, Salom, Mo'min, Muhaymin, Aziz, Jabbor, Mutakabbir, Xoliq, Bari', Musavvir, G’affor, Qahhor, Vahhob, Razzoq, Fattoh, Aliym, Qobiz, Bosit, Xofiz, Rofe', Mu'izz, Muzill, Samiy', Basiyr, Hakam, Adl, Latiyf, Xabiyr, Haliym, Aziym, G’afur, Shakur, Aliy, Kabiyr, Hafiyz, Muqiyt, Hasiyb, Jaliyl, Kariym, Raqiyb, Mujiyb, Vose', Hakiym, Vadud, Majiyd, Bo'is, Shahiyd, Haq, Vakiyl, Qaviy, Matiyn, Valiy, Hamiyd, Muhsiy, Mubdi', Mu'iyd, Muh'yi, Mumiyt, Hayy, Qayyum, Vojid, Vohid, Somad, Qodir, Muqtadir, Muqaddim, Muaxxir, Avval, Oxir, Zohir, Botin, Voliy, Mutaoliy, Barr, Tavvob, Muntaqim, Afvvu, Ra'uf, Molikul Mulk, Zul Jalol val Ikrom, Muqsit, Jome', G’aniy, Mug'niy, Mone', Zorr, Nofe', Nur, Hodiy, Badiy', Boqiy, Voris, Rashiyd va Sabur», dedilar».